Bosh sahifa Blog Sahifa 89

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor faxriy unvoni ta’sis etiladi

0

Mazkur unvon bilan yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillari taqdirlanadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.

Loyiha bilan turli sohalarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini taqdirlash tizimini joriy etish maqsadida alohida davlat mukofotini ta’sis etishni nazarda tutadi.

Xususan, mazkur unvonni ta’sis etish va qonun hujjatlarida buning huquqiy asoslarini mustahkamlash, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida»gi va “Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda. Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, eksport qilish va yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchaga namuna bo‘luvchi hamda jamiyat hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini tizimli taqdirlash imkonini beradi.

Shu bilan birga, bu unvonni ta’sis etish orqali yutuqlarga erishgan va jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal etishda faol ishtirok etayotgan tadbirkorlarni aniqlash hamda ularni taqdirlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va biznesga qiziqishni yuksaltirish maqsadiga erishiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi. Hujjat yana Senat tomonidan ma’qullanishi kerak, shundan so‘ng, hujjat prezident tomonidan imzolanadi.

2022-yilning avgustida prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida davlat rahbari biznes vakillari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvonini ta’sis etish taklifini bildirgandi.

Shuningdek, o‘sha yildan O‘zbekistonda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. 2024-yilda ham prezident farmoyishi bilan jami 104 nafar biznes vakili mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.

Ular qatorida “Ermak” savdo belgisi asoschisi Validjan Salixov, “Feed Up” direktori Umid Irgashev hamda “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i tijorat direktori Sherzod Maxmudov kabilar bor.

O‘zbekistonda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi

0

Aksiyadorlik jamiyati shaklidagi jamg‘armaning yagona aksiyadori Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi.

O‘zbekistonda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu bo‘yicha 27-avgust kuni prezident qarori qabul qilindi. Jamg‘arma aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilib, aksiyalari ommaviy joylashtirilgungacha, uning yagona aksiyadori Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi.

Unga ko‘ra, jamg‘arma sof aktivlarining bozor qiymatini oshirish, aksiyalarini yetakchi xorijiy fond birjasida joylashtirish kabilar jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shu bilan birga, jamg‘arma aktivlariga investitsiyalarni jalb qilish hamda ularni xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish uchun yetakchi xalqaro institutsional investorlarni jalb qiladi.

Jamg‘arma investitsiya aktivlarida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tish, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) standartlarini joriy etishda ishtirok etadi. Shuningdek, jamg‘arma ustav kapitalini shakllantirish uchun davlat ulushi o‘tkaziladigan korxona va tijorat banklarining ro‘yxati tasdiqlandi.

2030-yilgacha jamg‘arma investitsiya aktivlari sof foydasining kamida 50%i tegishli yil yakunlariga ko‘ra dividendlar to‘lashga yo‘naltiriladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etishi ma’lum qilingandi.

Energetika, transport va logistika, metallurgiya hamda qishloq xo‘jaligi kabi sohalar bo‘yicha umumiy qiymati $7 mlrdlik bitim va shartnomalar portfeli ishlab chiqildi.

Signora by Shateni: Toshkentda $100 bilan qanday qilib brend yaratish mumkin?

0

Brend asoschisi Farangiz (Shateni) qanday qilib $100 bilan biznes boshlagani, bu sohasga otasi qarshilik qilgani, mijozlar bilan ishlashda qiyin vaziyatga tushgani va biznesni huquqiy himoya qilish yo‘llari haqida  so‘zlab berdi.

Bugungi kunda brend yaratish va ish jarayonini yo‘lga qo‘yish uchun bir qancha bosqichlarni bosib o‘tish lozim. Ayniqsa, barchaga birdek manzur bo‘ladigan kiyimlarni ishlab chiqarish uchun nafaqat sarmoya, balki ulkan sabr va tajriba ham kerak.

18 yoshida o‘z biznesini $100 bilan boshlagan Farangiz Po‘latova (Shateni) ham 73mingdan ortiq mijozlarga erishguncha ko‘pgina qiyinchiliklarga duch kelgan.

Otasi dizaynerlik bilan shug‘ullanishiga qarshilik qilishiga qaramay, hozirda huquqshunos mutaxassisligida bakalavr darajasiga ega, o‘zining orzusidagi “Signora by Shateni” brendini ham yo‘lga qo‘ygan.

Hammasi $100 bilan boshlangan

Brend yaratishga va dizaynerlikka bo‘lgan qiziqishim bolaligimdan paydo bo‘lgan. Odamlarni asosan kiygam kiyimlariga qarab eslab qolardim. Natijada har xil fasonlardan ilhomlanib o‘zim ham ijod qilishga kirishib ketganman. 1-sinf paytimda chizish bo‘yicha to‘garaklarga borishni xohlardim.

Otamga bu qizishimni aytganimda boshidanoq qarshilik qilganlar. Ular meni huquqshunos bo‘lishimni xohlaganliklari sababli 2019-yilda litseyni tugatib, Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga topshirdim. Shu yili bitta tadbirda uch kun ingliz, rus va o‘zbek tillarida tarjimonlik qilib, $100 ishlab topdim. Bu pul brendimni yaratishim uchun dastlabki moliyaviy poydevor bo‘ldi. Avvaliga qo‘rqdim, lekin menda nimadandir qo‘rquv bo‘lsa shu ishni albatta bajarib ko‘rish odati bor.

Shu sababdan, ishni gazlamalarni sotib olishdan boshladim — 4ta ko‘ylakka yetadigan mato, qadoqlash uchun sumkalar va boshqa kerakli narsalarni tayyorlagach, o‘z dizaynim asosida tikuvchiga gazlamalarni topshirdim.

Oilamizda ijtimoiy tarmoqlarni yuritishga ruxsat berilmagandi. 7-sinf paytimda “Instagram»da yopiq profilimni kundalik faoliyatimni ko‘rsatgan holda yuritganman. So‘ng, biznesimni yo‘lga qo‘ygach, uni ommaviylashtirib, kiyimlar rasmlarini joylaganimda birinchi mijozlarim aloqaga chiqishni boshlashdi.
Hammasi yaxshi boshlandi, to kiyimlar sifatsiz holatda tayyor bo‘lguniga qadar. Hatto etiketkasi ham bo‘lmagan bu ko‘ylaklarni kimdir sotib olishiga ishonmasdim. Ishni qaytadan boshlab, sifatli mahsulot tayyorlashga esa mablag‘im yo‘q edi.

brend yaratish, farangiz po'latova, signora by shateni

Shunda ularga bu ko‘ylaklar sifatsiz ekanligini ochiq-oydin aytganman, lekin mijozlar kiyimning fasoni yoqqanligi uchun ham sotib olishmoqchi edilar. O‘sha payti ko‘ylaklarning narxini 165ming so‘mdan qo‘yganman. Tannarxi 130mingni tashkil qilgan, sifati sababli atigi 35 ming so‘m qo‘shimcha qilganman, xolos.

Ish faoliyatimizning birinchi yilida faqatgina ko‘ylaklar ishlab chiqarganmiz. 2022-yilga qadar savdoni onlayn shaklda olib bordik va shu yili Toshkent city’dan do‘kon ochishga qaror qildik. O‘sha paytlari “Boulevard” turar-joy kompleksidagi kafe va do‘konlar ochilmagan, aholi ham deyarli tashrif buyurmasdi. Biz esa 3 yillik mijozlarimiz ishonchi bilan tavakkal qildik. “Boulevard»da do‘konlar beton holatida topshiriladi. Ijarasi kvadratiga $35-$40ni tashkil etadi. Ta’mirlash, gaz, elektr va suv bilan o‘zimiz ta’minlaganmiz. Butunlay tayyor holatga keltirgunga qadar $50ming atrofida sarmoya qilganman.

Butun ta’mirlash bir kechada yo‘qqa chiqqan, ya’ni do‘konga suv toshib, devordagi bo‘yoqlar ham oqib ketgan. Shunda ham maqsadimdan qaytganim yo‘q, ma’lum bir vaqtdan keyin yana mablag‘ to‘plab do‘konni qayta yo‘lga qo‘ydik.

Taxallusim brendni rivojlantirgan. Brend uchun “Signora by Shateni” nomini kechki payt soat 3da o‘ylab topganman. “Signora” italyancha “lady” degan ma’noni anglatadi. Bu so‘zni qo‘llashimizdan maqsad, bizning mahsulotlarimiz asosan ayollik jozibasini ifodalab bergan. “Shateni” esa “Instagram»-sahifamdagi taxallusim va u brendni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mijozlar bilan yuzma-yuz ishlaganman

Brend yaratilganida dastlab barcha ishni o‘zim bajarganman, hatto mijozlar bilan ishlashni ham. Har bitta buyurtmachining mahsulotdan mamnun bo‘lishi men uchun muhim edi. Barcha biznesda bo‘lgani singari men ham ko‘pgina qiyinchiliklarga duch kelganman.

Bitta voqeani kechagidek eslayman. Mijozimiz bizning mahsulotni xarid qilgach, yoqmaganini aytib murojaat qilgan. Boshqa libosga almashtirib bersak ham bizdan norozi bo‘ldi. Keyin u “uyimga kelib ko‘ylagingizni ko‘ring qanaqa sifatsiz ekanligini, shaxsan o‘zingiz olib keting”, — deb men bilan uzoq tortishdi. Avvaliga qo‘rqqan bo‘lsam-da, borishga majbur bo‘ldim, chunki mijoz fikri men uchun muhim edi.

Uyiga kirganimda brendimiz mahsulotini olib chiqdi, keyin mavzu umuman o‘zgarib ketdi. U ayolning katta o‘g‘li ham biznesga, fashion sohasiga qiziqar ekan. Uni ishga joylab qo‘yishimni so‘rab, aks holda ommaga brend haqida yomon izoh berishini aytgan. Harakat qilib ko‘rishimni aytganimdan so‘ng u ayol ikkinchi o‘g‘liniyam ko‘rsatib, uni blogerlikka qiziqishini va reklama qilib berishimni aytgan.

Brend nomini himoyalash shart. Brend yaratayotganda birinchi navbatda uning nomini huquqiy tomondan himoyalash, ya’ni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Sababi mahsulotlar ommalashgani sari boshqa ishlab chiqaruvchilar ham dizaynni nusxalashni boshlaydi. So‘ng sizning nomingizni ham o‘zlashtirib, ma’lum vaqtdan keyin uni sizga qimmat bahoda sotishlari ham mumkin. “Signora by Shateni” xalqaro va mahalliy brend shaklida ro‘yxatga olingan. Ish boshlaganimizdan so‘ng bir yilgacha nomimizni rasmiylashtirmaganmiz. Ammo, xalqaro va milliy ishlab chiqaruvchilar bizning to‘plamimizni minglab nusxada tayyorlay boshlagani uchun ro‘yxatga olishga qaror qildik.

brend yaratish, farangiz po'latova, signora by shateniTikuv sexi va xodimlar

Ishni faqat ko‘ylaklar tayyorlash bilan boshlagan bo‘lsak, bugunga kelib mahsulotlarimiz turi ko‘paygan, masalan shimlar, klassik uslubdagi koftalar, kostyumlar, yubkalar, jinsilar va sport kiyimlari ham ishlab chiqariladi. Hozirda kiyimlarimiz uchun gazlamalarni nafaqat milliy bozordan, balki Turkiya, Xitoy va Dubay mamlakatlaridan olib kelamiz.

Har bitta mavsum uchun to‘plamlar kamida 3 oy oldin boshlanadi. Ularning dizayni bilan eng boshidan beri o‘zim shug‘ullanaman. Har bitta kiyim ishlab chiqarilishidan oldin sinovdan o‘tkaziladi. Bir mavsumda tayyorlangan to‘plam keyingi yili takrorlanmaydi va ularning soni chegaralangan miqdorda ishlab chiqariladi. Eng quyi narx 100mingdan boshlanib, eng baland narx 850minggacha boradi.

Ayrim to‘plamlar tez-tez tayyorlanadi. Misol uchun, birinchi ishlab chiqargan qizil “goroshka»li va duxobadan tikilgan qora ko‘ylaklarimiz 5 yildan buyon mashhur bo‘lib kelmoqda.

Birinchi ochgan sexim 25 kvadrat metrda joylashgan edi. Ishlab chiqarish hajmi ko‘paygani sari bizga katta joy kerak bo‘la boshladi. Shundan so‘ng, sanoat zonasidan joy olib hozirgi seximizni qurganmiz va buning uchun $20ming atrofida sarmoya ketgan. Bir oyda seximiz tomonidan o‘zimizning brend uchun ishlab chiqarilgan kiyimlar hajmi 1000taga yetadi. Ishlab chiqarishda bir narsani ishonch bilan aytamanki, sex ochgandan ko‘ra mahsulotlarni tayyorlashni autsorsing qilgan yaxshiroq. Sababi, sex faoliyati ham alohida katta biznes hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi buyurtmani autsorsing qilsa, uning asosiy ish faoliyati to‘plam yaratishga ajratiladi.

O‘z seximni ochishimning sababi esa ko‘proq ish o‘rinlarini yaratishdan iborat. Bugunga kelib “Signora by Shateni” sexida 15 nafar va do‘konda 5 nafar xodim faoliyat yuritadi.

brend yaratish, farangiz po'latova, signora by shateniBuyurtmalarga oldindan to‘lov olinmaydi

Butun dunyo bo‘ylab katta brendlarda bo‘lgani singari bizda ham buyurtmalar uchun eng katta savdolar bahor va yoz mavsumida amalga oshiriladi. Mijozlarimizga asosan onlayn shaklida xaridlarni amalga oshirish qulay hisoblanadi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra onlayn xaridlarimiz ham nisbatan ko‘p.

Mijozlarimiz buyurtmalari uchun to‘lovni mahsulot uyiga yetib borgach, ma’qul kelsa amalga oshirishadi. Faqatgina, cheklangan miqdorda tayyorlanadigan to‘plamimiz uchun oldindan to‘lov qilinib, navbatga yozilish kerak.

Yana bir voqeani yaxshi eslayman, mijozimiz yangi chiqqan to‘plam kiyimini buyurtma qiladi. Kiyib ko‘rgach, kiyimning uzunligi yoqmasdan qirqib tashlaydi. Keyin ham ma’qul kelmagani uchun ortga qaytarib yuboradi. Bunday vaziyatlarda ham mijozlar bilan iloji boricha iliq munosabatda bo‘lishga harakat qilamiz. Bugungi kunda brendimiz faoliyati kengayib bormoqda. Mahsulotlarimiz ko‘plab xorijiy davlatlargacha yetib borgan. Mijozlarimiz soni esa 73mingdan ortiq. Brendimiz daromadi oyiga $10mingni tashkil etadi.

Kelajakdagi rejalar va tavsiyalar. O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan qizlarga shuni tavsiya qilamanki, birinchi navbatda o‘qish kerak. O‘zbek oilalarida qizlarga yaxshi oilaga turmushga chiqishi, ona va uy bekasi bo‘lishi kerakligini yoshligidan uqtirishadi. Qiz bola dastavval o‘zini rivojlantirishi, o‘qishi va o‘rganishi, shaxsiy ish faoliyatiga ega bo‘lishi kerak.

Kelajakdagi rejalarim haqida gapiradigan bo‘lsam, brend faoliyatini va mahsulotlar safini yanada kengaytirib, filiallarni ochishni maqsad qilganman.

Biznes tarixi: Prada brendi qanday paydo bo‘lgan?

0

Har qanday biznes loyihalar va turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

Bu safar hashamatli kiyimlari, sumka va aksesuarlari bilan tanilgan “Prada” kompaniyasining yaratilish va muvaffaqiyat tarixiga nazar tashlaymiz. Maqolada kompaniyaning bugungi kungacha qanday shakllangani hamda uning kengayish jarayonlari haqida so‘z boradi.

“Prada»ning yaratilishi

1913-yilda Mario va uning ukasi Martino bilan Milanda “Fratelli Prada” nomli charm buyumlar do‘konini ochadi. Bu do‘kon shahardagi nufuzli “Galleria Vittorio Emanuele II»da ochilgan (hozir ham faoliyat ko‘rsatmoqda) bo‘lib, u yerda sumkalar, sandiqlar va sayohat aksessuarlari sotilgan.

1919-yilda mahsulot sifati Italiya Qirollik uyining e’tiborini tortadi va brend rasmiy yetkazib beruvchiga aylanadi. Bu e’tirof brendga “Savoy uyi” gerbi va bog‘langan arqon dizaynini o‘zining savdo belgisi bo‘lgan uchburchak logotipida aks ettirishga imkon berdi.

Asoschisi Mario nafaqaga yaqinlashar ekan, oilaviy biznesini o‘g‘liga topshirmoqchi bo‘ladi. Biroq, u brendni boshqarishga qiziqmaganligi uchun boshqaruv qizi Luisaga o‘tadi. Luisa 1950-yildan boshlab qariyb 20 yil davomida bu biznesda faoliyat yuritadi. Uning qizi Miuchcha Prada ham kompaniyada bosh dizayner sifatida ishlab, brend uchun hashamatli sumkalar yaratish loyihalarini yo‘lga qo‘ygan.

Shu tariqa, brend tarixining tasodifiy burilishi va rivojlanishi qachonlardir modaga kirishini hech kim bashorat qila olmagan, moda va dizayn emas, balki Milan universitetida siyosatshunoslik, Pikkolo teatrida pantomimani o‘rgangan Miuchcha bilan boshlanadi. Shunday qilib, u dizaynni mustaqil o‘rgangan mashhurlardan biri hisoblanadi.

biznes tarixi, prada

Miuchcha Prada. Foto: whatmiuccia/Instagram sahifasi

Biroq, Miuchcha bu sohada ish boshlash unchalik oson bo‘lmagan. 1970-yillarda u Italiya kommunistik partiyasi a’zosi bo‘lib, ayollar huquqlarini himoya qilish harakatida ishtirok etgan. Moda sohasida ishlashga qaror qilganida, ba’zi odamlar buni ma’qullamagani aytiladi, chunki bu harakat feministdan kutiladigan narsa emasdi.

1978-yili Miuchcha o‘zining turmush o‘rtog‘i va biznes sherigi, 2014-yildan boshlab esa “Prada” kompaniyasining bosh ijrochi direktori bo‘lgan Patrisio Bertelli bilan tanishadi. Shundan so‘ng, 1979-yili er-xotin birgalikda premium turdagi poyafzallarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi va bu odamlar tomonidan iliq qabul qilinadi.

Brend butun dunyo bo‘ylab katta do‘konlar tarmog‘iga aylandi. “Prada Green” nomi bilan mashhur bo‘lgan, yashil rangda ifodalangan brendning birinchi do‘koni Milanda “Via della Spiga»da ochilgan. Londondagi Harrodsda yaqinda ochilgan brend kafesi Prada Caffé ham shu rangga bo‘yalgan.

“Prada»ning birinchi kiyimlar to‘plami

Dastlab Italiya uyida faqat charm buyumlar ishlab chiqariladi, ammo Patrisio Bertellining qo‘llab-quvvatlovi bilan Miuchcha 1988-yilda Milan moda haftaligida kuz-qish to‘plam kiyimlarni taqdim etib, kompaniyada yuqori inqilobni amalga oshirdi. To‘plamda qora va jigarrang ranglarning ustunligi ajralib turgan. Bu uyg‘unlashuv 80-yillarning trenddagi yorqin ranglar bilan nizoga kirishdi. Kiyimlar bel qismining pasaytirilishi va tor belbog‘lar bilan ajarlib turardi. Bu nafis va sodda uslub Miuchchaning moda va ayollikka noan’anaviy yondashuvini tasvirlab bergan. “Siz nima kiysangiz, o‘zingizni dunyoga shunday ko‘rsatasiz, ayniqsa bugungi kunda odamlar bilan aloqalar juda tez rivojlanayotgan bir paytda. Moda — bu tezkor til”, — deydi dizayner.

biznes tarixi, pradaFoto: Prada group

Shuningdek, brend o‘zining birinchi erkaklar kiyimlari to‘plamini 1998-yil bahor-yoz mavsumida sotuvga chiqargan va birinchi marta “monoxrom ko‘rinish»ni taqdim etgan. Ayollar to‘plami singari, erkaklar kiyimlari ham 80-yillar talabiga javoban minimalizm va neytral ranglar palitrasi bilan ajralib turardi.

1997-yilda brendning “Prada Linea Rossa” nomi bilan sport kiyimlari ishlab chiqarila boshlaydi. Bu jarayon brend va butun sanoat tarixida hal qiluvchi lahza bo‘ldi, sababi u ko‘cha kiyimlarini hashamat bilan birlashtirdi. Bu minimalistik uslubning avangard materiallari bilan kombinatsiyasi edi. “Linea Rossa»da neylon kabi materiallardan foydalanilgan bo‘lib, bu mashhur “Prada Nylon” sumkasining yaratilishiga olib kelgan.

“Prada Linea Rossa” 2018-yilda qayta sotuvga chiqarilib, brend kiyimlar, poyabzal, aksessuarlar, quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak va chang‘i kiyimlarini o‘z ichiga olgan to‘plamni taqdim etdi. Miuchcha “The New York Times” gazetasiga to‘plam haqida quyidagi so‘zlarni aytgan: “Bizning g‘oyamiz texnologiyani oddiy kiyim bilan aralashtirishdir. Sport bilan shug‘ullanish uchun chempion qiyofasiga kirish shart emas. Uzoq muddat davomida maxsus holatlar uchun rasmiy kiyinish va deyarli kun bo‘yi sport kiyimlarini kiygan odamlar soni ortib borayotganini ko‘rmoqdaman”.

2020-yilda kompaniya 2000−2005-yillardagi “Re-neylon Reedition” sumkalarini taqdim etdi. To‘plamda qora rangga qo‘shimcha ravishda bir nechta rangdagi mini, kamarli sumkalar va ryukzaklardan iborat edi. 2022-yilda bu mini sumkalar qidiruvlar tizimida 131%ga o‘sganidan so‘ng Lyst tomonidan “Yilning eng yaxshi qo‘l sumkasi” deb topildi, TikTok’dagi #pradanylonbag heshtegi ostidagi videolarning ko‘rishlar soni esa 4,2mlndan ortiqni tashkil qildi. Bugungi kunda u brendning eng taniqli flagman mahsulotlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Logotip yaratilishi

“Prada” logotipi 1919-yildan beri nisbatan o‘zgarmagan, ammo brendda turli xil nusxalar mavjud. Dizayn barcha davrlarning eng yaxshi hashamatli logotiplaridan biri bo‘lgan. Kompaniya 1900-yillarning boshidanoq qirol oilasi bilan aloqalarni o‘rnatgani tufayli qirollik jihatlarini o‘zlarining dizaynlaridan biriga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi.

Logotip royaltining mukammal ifodasidir (so‘zma-so‘z va majoziy ma’noda). Brendning ildizlari Italiya qirollik oilasida bo‘lganligi sababli, dastlab dizaynda aristokratiya timsolini kiritdi. “Prada»ning norasmiy shiori bor: “Ko‘ring, eshiting.” Hozirgi asoschi Miuccia Prada brend shiorini odamlarga olomondan ajralib turishga va o‘z ovozi hamda o‘ziga xosligini yuqori moda orqali ifodalab bergan.

biznes tarixi, prada

“Prada” qariyb bir asr davomida ayollar, erkaklar va bolalar uchun yuqori sifatli, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqargan. Brend3 logotipi shrifti “Engry” bo‘lib, kompaniyaning brend ranglari qora va oq hisoblanadi. Maxsus chizilgan zamonaviy “serif” brendni eslab qolishga yordam beradi.

Izoh: Royalti — bu O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 44-moddasiga muvofiq, har qanday nomoddiy aktivdan foydalanganlik yoki foydalanish huquqi uchun to‘lovlar hisoblanadi.

“Prada” bugun

Hozirda brend Miuchcha va Patrisio Bertelliga tegishli bo‘lgan “Prada Group” tarkibiga kiradi. Bu kompaniyada “Miu Miu”, “Church’s”, “Car Shoe”, “Marchesi 1824” va “Luna Rossa” brendlari ham jamlangan.

Prada va Bertelli zamonaviy san’at va madaniyatga bag‘ishlangan institut bo‘lgan “Fondazione Prada” hamraislari sanaladi. 2018-yil 10-dekabr kuni Miuchcha Britaniya Moda Kengashi tomonidan jahon moda sanoatiga qo‘shgan ulkan hissasi, o‘ziga xos va shashshof yondashuvi hamda qarashlari uchun mukofot olgan. 2020-yilda belgiyalik dizayner Raf Simons “Prada»ga qo‘shma ijodiy direktor sifatida qo‘shildi va Prada bilan hamkorlikda ishlay boshladi, ijodiy hissa va qarorlar qabul qilishda teng mas’uliyatga ega bo‘ldi.

Ular 2021-yil bahor-yoz mavsumida o‘zlarining birinchi qo‘shma to‘plamlarini taqdim etdilar, bu “Prada” mohiyatini o‘rganish va qayta ta’riflash» bo‘yicha yangi uniformasi bo‘ldi.

2023-yilgi kuz-qish moda namoyishi 2-jahon urushi davrida turli kasb egalari uchun kiyiladigan kiyimlarga o‘xshash ko‘rinishdagi brendning o‘ziga xos liboslarini qaytardi. “Hozir meni qiziqtirayotgan jihat — bu kamtarona narsalarga ahamiyat berish, nafaqat o‘ta go‘zallik va joziba, balki oddiy ishlarni ham qadrlash”, — dedi Miuchcha.

Brend daromadi

Kompaniyaning 2023-yildagi daromadi 4,7 mlrd yevroni (sof daromad esa 671 mln yevroni) tashkil etdi, shundan 89%i chakana savdodan, 9%i ulgurji savdodan, 2%i royaltidan tushgan. Mintaqalar bo‘yicha daromad taqsimoti quyidagicha:

  • Osiyo-Tinch okeani — 35%;
  • Yevropa — 31%;
  • Amerika — 18%;
  • Yaponiya — 12%;
  • Yaqin Sharq — 4%;

Mahsulot toifalari orasida esa asosiylari charm buyumlar (sotishning 46%i), kiyim-kechak (32%) va poyabzal (19%) bo‘ldi.

2023-yil holatiga ko‘ra, kompaniyaning chakana savdo tarmog‘i 606ta do‘kondan iborat bo‘lib, ulardan 200tasi Yevropada, 102tasi Amerikada, 196tasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, 85tasi Yaponiyada, 23tasi Yaqin Sharqda joylashgan. Ishlab chiqarish quvvatlari 26ta zavoddan iborat bo‘lib, ulardan 23tasi Italiyada, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ruminiyada joylashgan.

Shuningdek, brend Ispaniyaning Puig kompaniyasi bilan hamkorlikda parfyumeriya mahsulotlarini tijoratlashtiradi. 2024-yilda Forbes Global 2000 dunyodagi eng yirik davlat kompaniyalari ro‘yxatida “Prada” 1492-o‘rinni egalladi.

Testo chuchvaraxonalari tarmog‘i asoschisi Zamira Rahmanova tavsiya qilgan 5 ta kitob

0

Tadbirkor strategik fikrlashga, hayotda jarayonlarni qurishga, muhim narsalarni majburlanganlaridan ajratishga va o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishga yordam beradigan kitoblarni biz bilan bo‘lishdi.

Zamira uzoq vaqt “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ida marketing kommunikatsiyalari bo‘yicha menejer bo‘lib ishlagan. Ammo u xodim sifatida ishlashni xohlamaydi va investorning ijtimoiy tarmoqlarda hazil va memlar bilan boshlangan biznesni boshlash taklifini qabul qiladi.

Shunday qilib, Zamira va uning do‘sti tomonidan “Testo by Zamira&Co” chuchvaraxonasi ochildi. “Spot” avvalroq chuchvaraxona qanday yaratilgani va shaxsiy brend biznes rivojiga qanday ta’sir qilishi haqida yozgandi.

Shu bilan birga, Zamira “ISHONCH” maishiy texnika do‘konlari tarmog‘ida ijodiy direktor hisoblanadi. Ko‘pincha biznesga ijodiy aloqalar bo‘yicha maslahat beradi.

Bo‘sh vaqtlarida u kitob o‘qishni va onlayn kurslar o‘tashni yoqtiradi. “Biznesda men aloqa, PR va marketing sohalari uchun javobgarman. Agar bilimingizni yangilamasangiz, tendensiyalarni, jumladan, kitoblar yordamida tushunmasangiz, bu sohada yaxshi mutaxassis bo‘lib bo‘lmaydi”, — deydi Zamira.

Tadbirkor strategik fikrlashga, hayotdagi jarayonlarni qurishga, muhim narsalarni majburlanganlaridan ajratishga va o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishga yordam beradigan kitoblarni “Spot” bilan bo‘lishdi.

“Go strategiyasi”, Pavel Avraamov

Go — bu strategik fikrlashni rivojlantirishga yordam beradigan qadimiy o‘yin. Kitobda “Apple”, “Coca-Cola”, “IKEA” va boshqalar kabi kompaniyalarning haqiqiy hikoyalari bilan qo‘llab-quvvatlanadigan 30 ta tushuncha tasvirlangan.

Men bu kitobni tasodifan uchratdim va bir necha kun ichida o‘qib chiqdim. U sodda tilda yozilgan bo‘lib, hatto men kabi strategiyadan juda uzoq odam uchun ham tushunarli edi. O‘qish paytida har bir bobni tahlil qilish va uni o‘qib bo‘lgach, o‘zingiz uchun savolga javob berish muhimdir: “Men buni o‘z sohamga qanday qo‘llashim mumkin?” Men ishimda Go o‘yinidan ba’zi yechimlarni qo‘llashni boshladim.

Kitob biznes egalari yoki menejerlar uchun foydali bo‘ladi.

testo, testo by zamira&co, zamira rahmanova“Megatrendlar. Kelgusi tendensiyalarni qanday bashorat qilish mumkin”, Rohit Bhargava

Kitob strateglar, marketologlar, ijodkorlar va biznes egalari uchun foydali bo‘ladi. Kitob ichida o‘quvchini bashorat qilish va tendensiyalarni belgilash, qaysi g‘oyaning “otishi” va nimaga pul tikish kerakligini aniqlash uchun tasdiqlangan usullar kutmoqda. Kitobni o‘qiganimdan so‘ng, men kundalik hayotga qanchalik sho‘ng‘ib ketganimizni hamda hayot va atrof-muhitdagi muhim va katta o‘zgarishlar uchun zaruriy shartlarni yo‘qotganimizni angladim.

Kitob biz sezmaydigan narsalarga ko‘zimizni juda yaxshi ochadi va boshqalar ko‘rmaydigan narsalarni ko‘rishga imkon beradi.

Bu sodir bo‘layotgan voqealarning global kontekstiga qarashga yordam beradi, shu bilan birga tendensiyalar tafsilotlarini sezadi.

O‘qish davomida ular istiqbolli xabar tufayli o‘z biznesi yoki loyihasini yanada rivojlantirish bo‘yicha g‘oyalarni olishlari va raqobatdan bir qadam oldinda bo‘lishlari mumkin.

testo, testo by zamira&co, zamira rahmanova“Kaizen. Yaponiya kompaniyalari muvaffaqiyatining kaliti”, Maasaki Imai

Kaizen tizimi aniq maqsadlarga erishishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyani yaratishni o‘z ichiga oladi. Muallif konsepsiya nima ekanligini, u qanday ishlaydi va nimaga erishishga imkon berishini batafsil aytib beradi.

Katta ehtimol bilan, bu kitob ko‘pchilik uchun kashfiyot bo‘lmaydi, chunki kaizen mavzusi uzoq vaqtdan beri o‘rta, top-menejerlar va biznesmenlar orasida mashhur bo‘lib kelgan. Ammo men ushbu kitobda hayotim jarayonlarini qurish imkoniyatini ko‘rdim.

Kaizen rejalashtirish tizimi ish, oila, do‘stlar va sevimli mashg‘ulotlarni muvozanatlash, hayotingizdagi muhim narsalarni ajratish va resurslarni siz uchun muhim bo‘lgan narsalarga yo‘naltirish uchun juda yaxshi.

testo, testo by zamira&co, zamira rahmanova“Onaning sevgisi”, Anatoliy Nekrasov

Men ushbu kitobni hammaga umumiy rivojlanish uchun tavsiya qilaman.

Chunki u tarbiyaning ko‘p qirralarini ochib beradi, unda ona va bola o‘rtasidagi munosabatlar psixologiyasi juda tushunarli tilda yozilgan. Muallif “ildizda ko‘rish»ni bir necha bor takrorlaydi — bizning xatolarimiz ildizlarimizda yotadi. Agar biz ota-onalar bilan munosabatlar muammolarini chuqur o‘rganmasak va hal qilmasak, unda ular bizning orqamizga tortiladi va bolalarimizga yetkaziladi.

Bolalar bizning ko‘zgumizdir, ongsiz yoshda ular ona va ota o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘zdan kechiradilar, boshqa misol va tajribani ko‘rmaydilar, xatolarini takrorlaydilar.

Kitob onalarning xatolarini ochib berishga, bolaga nisbatan haqiqiy his-tuyg‘ularni, samimiy sevgi yoki mehr, qaramlikni anglashga yordam beradi.

testo, testo by zamira&co, zamira rahmanova“O‘zingga mehr ila”, Olga Primachenko

Bu shaxsiyat inqirozini boshdan kechirayotgan yoki ruhiy tushkunlik holatiga yaqin bo‘lgan ko‘pchilik uchun ma’lumotnomaga aylangan pop adabiyot.

Men bu kitobni tavsiya qilaman, chunki u o‘qish uchun juda oson va o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish nuqtayi nazaridan sodir bo‘layotgan voqealarning ma’nosini ko‘rsatadi. Ko‘pincha biz resurslarimiz cheksiz emasligini unutib qo‘yamiz, o‘zimizni qoralashga tushamiz va ba’zan esa o‘zimizga ishonmaymiz. Kitob to‘xtashga va his-tuyg‘ularingizni, istaklaringizni sezishni boshlashga yordam beradi.

Oxirida o‘quvchini 31 kunlik amaliyotni kutmoqda. Ushbu kitob bilan o‘tkazgan vaqtingiz o‘zingizni tinglash va ahvolingizni tushunishga imkon beradi.

Siz o‘zingizni qanday qadrlash va himoya qilishni tushunasiz, hech kimning ichkaridan eshitganlaringizni to‘xtatishiga yoki qadrsizlantirishiga yo‘l qo‘ymaysiz.

Bu hozirda o‘zimizni “Instagram” olamidagi boshqalar bilan taqqoslab, xayoliy muvaffaqiyatga erishayotganimizda juda dolzarbdir.

testo, testo by zamira&co, zamira rahmanova

O‘zbekistonda 1-sentabrdan nimalar o‘zgaradi?

0

Pensiya va nafaqalar miqdori 15%ga oshiriladi

Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 428 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 834 ming so‘m hamda nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori 920 ming so‘mni tashkil etadi.

Shu bilan birga, 1-sentabrdan fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar quyidagicha to‘lanadi:

  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 920 ming so‘m;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — 920 ming so‘m;
  • 1941 — 1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — 4 mln 56 ming so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdori (834 ming so‘m)dan 920 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari — 920 ming so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — 745 000 so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 745 ming so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 745 ming so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — 745 ming so‘m, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 244 ming so‘mdan qo‘shiladi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — 745 ming so‘m, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 244 ming so‘m.

Til sertifikatini olishdagi o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

Xorijiy tillarni bilishning xalqaro imtihon tizimlaridan kamida C1 va unga tenglashtirilgan daraja olgan yoshlarning 6 oygacha bo‘lgan o‘qish xarajatlari qoplab beriladi. Ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan olingan ayrim sertifikatlar uchun o‘qish to‘lovlariga BHMning 3 baravari — 1,02 mln so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar ajratiladi. Bu sertifikatlar qatorida IELTS, Test DAF, Goethe-Zertifikat, DELF/DALF, TCF, TOPIK I-II, JLPT hamda NSK bor.

1-sentabrdan 2027-yilgacha mazkur tillar bo‘yicha imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.

Arizalar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali qabul qilinadi.

Yo‘llarni qurish ishlari faqat ruxsatnoma olinganch amalga oshiriladi

Jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obyektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘lni har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqat tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi.

Ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali 5 kun muddatda ko‘rsatiladi.

Xususan, ruxsatnoma yo‘l balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bog‘liq yoki boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi.

Qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga ko‘ra taqdim etilishi shart.

Asossiz jarimalar ustidan onlayn shikoyat qilish mumkin bo‘ladi

Yagona portalda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ustidan shikoyat qilish imkoniyati yaratiladi. Ya’ni, asossiz tuzilgan bayonnoma yuzasidan IIV YHXXga dalillar bilan onlayn ariza yuborish mumkin.

o'zgarishlar, qonunchilik

Shikoyat arizalari 10 kuni ichida ko‘rib chiqiladi va bu vaqtda jarima uchun belgilangan chegirma muddati to‘xtatib turilmaydi. Agar shikoyat o‘rinli deb topilsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish tugatiladi.

1-sentabridan tadbirkorlar tomonidan markirovkalanadigan mahsulotlarni markirovkani o‘qish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda ularga nisbatan choralar ko‘riladi. Mazkur tadbirkorlar shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi. Bunda, ikki marta ogohlantirishdan so‘ng qonun buzilishi bir oy ichida qayta takrorlansa, huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi.

Qonun buzilishi soliq tekshiruvidan bir oydan keyin qayta takrorlansa, tadbirkorlarni xabardor qilmasdan, Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi.

Tamaki va pivo mahsulotlari chakana savdosi uchun oylik yig‘im joriy etiladi

1-sentabridan pivo mahsulotlarining chakana savdosi faoliyati vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Shuningdek, tamaki va pivo mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun har oylik yig‘im joriy etiladi. Buning uchun oyiga BHMning 10%i (34 ming so‘m) miqdorida to‘lovlar undiriladi.

Sholi yetishtiruvchilar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi

1-sentabrdan fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga sholi yetishtirish va xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Sholi ekinlarni yetishtirish uchun mablag‘lar hosil qiymatining 50%igacha yillik 14% (shundan 2%i bank marjasi) stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga beriladi.

Bunda sholi xarid qilish bo‘yicha shartnomalar sholichilik klasterlari bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimi orqali tuziladi.

AGTKShlar “Uzinfocom»ning gazni hisobga olish tizimini o‘rnatishi kerak bo‘ladi

Neft, gaz (shu jumladan siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi) va gaz kondensatini qazib olish va qayta ishlash uchun litsenziya olishda ko‘rsatiladigan texnologik jarayonlar va texnologik uskunalarning holati texnik jihatdan tartibga solinadi.

Yangi AGTKShlar qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat hukumat bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga muvofiq beriladi.

AGTKSh orqali sotiladigan siqilgan gaz sarfi hisobini bevosita gaz tarqatish ustunlaridagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish imkonini beruvchi “Uzinfocom” yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan tizim o‘rnatilganligini tasdiqlovchi sertifikat taqdim etilishi kerak.

Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish

Hujjat bilan 1-sentabrgacha Soliq qo‘mitasi alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning “Asl belgisi” tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi hamda raqamli markirovkalash talablariga rioya etishini nazoratga oladi.

Raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘z faoliyatini to‘xtatmoqchi bo‘lsa, soliq inspeksiyasini bir oy oldin xabardor qilishi kerak. Uch ish kunida yig‘imlarning to‘liq to‘langanligi hamda mahsulotlarning ombordagi qoldiqlari xatlovdan o‘tkaziladi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar yarim tayyor mahsulotlarni boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotishadi

Joriy yilning 1-sentabridan “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan affinaj korxonalariga “Olmaliq KMK” va “Navoiy KMK” aksiyadorlik jamiyatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida 100% oldindan to‘lov bilan qimmatbaho metallarni sotib olish va keyinchalik ularni qulay bo‘lgan shakl va miqdorlarga keltirib, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqi beriladi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga o‘zlari yasagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.

Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar xarajatlari qoplanadi

Elektron do‘kon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng bo‘lgan hollarda, belgilangan mezonlarning biri asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlarning takliflari ustunlikka ega bo‘ladi.

Joriy yilning sentabridan 2025-yilning oxirigacha kichik biznesga ko‘maklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar xarajatlari qoplab beriladi.

Bunda import qilinadigan asbob-uskunalarni sug‘urtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50%gacha qismiga BHMning 30 baravaridan (10,2 mln so‘m) oshmagan miqdorda kompensatsiya qilinadi.

o'zgarishlar, qonunchilikToshkent va Navoiyda nogironlikni belgilashning yangi tartibi joriy etiladi

1-sentabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida nogironlikni belgilashning yangi tartibi joriy etiladi. 2025-yilning 1-sentabrigacha mamlakatning qolgan hududlarida ham yo‘lga qo‘yiladi. Uning doirasida fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha Yagona portal, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yo‘llash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron amalga oshiriladi.

Hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yiladi

Prezident qaroriga muvofiq, tuman va shaharlarda sanoat korxonalari bilan ishlash bo‘yicha “respublika — viloyat — tuman” tamoyiliga asosida vertikal tizim yaratiladi.

Hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash uchun tuman va shaharlarda hokimning birinchi o‘rinbosari boshchiligida hududiy shtablar tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida 5ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish yig‘ma bo‘limlari ish boshlaydi.

Sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini u orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi.

Barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish bekor qilinadi. Ularni yagona avtomatlashtirilgan tizim orqali rasmiylashtirmaslik haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi, litsenziya talab va shartlarini bir marta qo‘pol buzish hisoblanadi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urta xizmatlari sifati bo‘yicha sug‘urtalovchilar reytingini yuritadi.

Majburiy sug‘urta shartnomalari endi onlayn tarzda tuziladi

Sug‘urta xizmatlarining barcha turlari bo‘yicha sug‘urta va qayta sug‘urta qilish shartnomalari faqat Yagona axborot tizimi orqali ro‘yxatga olinadi. U orqali sug‘urta polislari elektron shaklda ham chiqariladi.

Barcha yuridik va jismoniy shaxslar elektron raqamli tizimdan foydalangan holda avtorizatsiya qilinganidan keyin xizmatlardan foydalanishlari mumkin. 25ta sug‘urta tashkilotida sug‘urtani onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari olib borildi.

Markaziy bank har hafta davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik egri chizig‘ini e’lon qiladi

Daromadlilik egri chizig‘ini Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar va Makaziy bankning likvidlikni boshqarishda qo‘llaniladigan obligatsiyalari daromadliligi bo‘yicha ma’lumotlar asosida hisoblash rejalashtirilgan.

Xususan, DQQning daromadlilik egri chizig‘i har hafta Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.

Davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik egri chizig‘ini hisoblashning nazariy metodologiyasi regulyator veb-saytiga joylashtiriladi, bozor ishtirokchilari esa mavjud ma’lumotlar asosida daromadlilik egri chizig‘ini mustaqil hisoblashlari mumkin bo‘ladi.

Safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari beriladi

Ovchilik xo‘jaligini tashkil etishning yangi tartibi o‘rnatilib, ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va mazkur hududdan tashqarida ov qilish taqiqlanadi.

Ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etishga yer yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi. Ijara huquqi asosida 49 yilga beriladi. Dastlabki ijara shartnomasi 10 yilga mo‘ljallangan. Agar sarmoya va boshqa majburiyatlar bajarilsa, yana 10 yilga, keyin esa 29 yilga uzaytiriladi.

Yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari 3 yil mobaynida mol-mulk va yer solig‘ini 50%ga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, aylanmadan olinadigan soliqni 1% miqdorida to‘laydi.


OTMlarda yangi o‘quv yili 9-sentabrdan boshlanadi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘i bilan 2024/2025-o‘quv yili oliy ta’lim muassasalarida 9-sentabrdan boshlanadi.

Akademik litseylarda, kasb-hunar maktablarida, shuningdek, kollej va texnikumlarning 2- va undan yuqori kurslari uchun 4-sentabr kunidan boshlanadi.

Kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun yangi o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.


“Silk Avia” Buxoro va Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni boslaydi

Aviaqatnov 7-sentabrdan boshlanib, “ATR 72−600” samolyotlarida haftada bir marta — shanba kunlari amalga oshiriladi.

Parvoz jadvali:

  • Buxorodan jo‘nab ketish — 09:40, Urganchga yetib kelish — 10:55;
  • Urganchdan uchish — 11:35, Buxoroga yetib kelish — 12:40.

Bir tomonlama aviachiptalar narxi 308 ming so‘mdan, Buxoro-Urganch-Buxoro yo‘nalishida esa 616 ming so‘mdan boshlanadi.


“O‘zbekiston temir yo‘llari” Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlarni tiklaydi

Joriy yilning 24-sentabridan Toshkent-Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi poyezd qatnovlari amalga oshirila boshlanadi.

Toshkentdan yo‘lovchi 505-sonli poyezd 19:55da harakatlanib, soat 23:12da Moskvaga yetib boradi. 506-sonli poyezd harakati esa Moskvadan 5:40da harakatlanib, Toshkentga 8:23da yetib keladi.

Mazkur yo‘nalishga yo‘lovchilar chiptalarni chegirma asosida xarid qilishlari mumkin. Ya’ni reys sanasidan qancha ko‘p kun oldin chipta xarid qilinsa, chegirma foizi shuncha yuqoriroq bo‘ladi.

o'zgarishlar, qonunchilikMasalan yo‘lga chiqishdan 45 kun oldin xarid qilinganda platskart chiptasi narxi 2 456 360 so‘m, kupe uchun esa 3 328 370 so‘mni tashkil etadi.