Dunyoda minimal ish haqi eng yuqori boʻlgan davlatlar maʼlum qilindi

0

Tahlil uchun Xalqaro mehnat tashkilotining 2024-yilgi maʼlumotlaridan foydalanilgan. Bunda ish haqining oddiy nominal miqdori emas, balki xarid qobiliyati pariteti – yaʼni turli davlatlarda tovar va xizmatlar narxi qanchalik farq qilishi ham inobatga olingan.

Bu usul bir xil miqdordagi pul turli mamlakatlarda qancha tovar yoki xizmat xarid qilish imkonini berishini hisobga olishga yordam beradi. Shu sababli xarid qobiliyati pariteti boʻyicha taqqoslash aholining minimal ish haqi evaziga amalda qanday turmush darajasini taʼminlay olishini nisbatan aniqroq koʻrsatadi.

Reytingda eng yuqori koʻrsatkich Shveysariyada qayd etilgan. Mamlakatda xarid qobiliyati pariteti hisobga olingan minimal ish haqi oyiga 3 804 dollarga teng deb baholangan.

Shu bilan birga, Shveysariyada butun mamlakat uchun yagona qonun bilan belgilab qoʻyilgan minimal ish haqi mavjud emas. Eng kam mehnat haqini belgilash masalasi ayrim kantonlar darajasida tartibga solinadi.

Ikkinchi oʻrinni Germaniya egallagan – mamlakatda minimal oylik ish haqi xarid qobiliyati hisobida 2 928 dollarga teng boʻlgan. Uchinchi oʻrinda Buyuk Britaniya 2 902 dollarlik koʻrsatkich bilan qayd etilgan.

Eng yuqori minimal ish haqiga ega davlatlar oʻnligida asosan Yevropa mamlakatlari oʻrin olgan. Roʻyxatdagi Yevropa tashqarisidagi davlatlar qatorida Yangi Zelandiya ham bor. Avstriya esa reytingda beshinchi, Yangi Zelandiya sakkizinchi oʻrinni egallagan.

Reytingning eng quyi pogʻonasida Gambiya qayd etilgan. Bu mamlakatda xarid qobiliyati pariteti hisobida minimal oylik ish haqi atigi 67 dollarga teng boʻlgan.

Minimal ish haqi 150 dollardan kam boʻlgan yana bir qator davlatlar ham bor. Jumladan, Gvineya-Bisauda bu koʻrsatkich 83 dollar, Qirgʻizistonda 91 dollar, Ganada 100 dollar, Serra-Leoneda 121 dollar va Markaziy Afrika Respublikasida 133 dollarni tashkil etgan.

Sobiq SSSR mamlakatlari orasida ham sezilarli farq kuzatilgan. Rossiyada 2024-yilda minimal ish haqi xarid qobiliyati pariteti hisobida 662 dollarni tashkil qilgan. Belarusda bu koʻrsatkich yuqoriroq – 766 dollar boʻlgan.

Qozogʻistonda minimal ish haqi 483 dollar, Armanistonda esa 476 dollar darajasida qayd etilgan. Qirgʻizistondagi 91 dollarlik koʻrsatkich esa reytingdagi eng past natijalardan biri boʻlgan.

Shunday qilib, hatto xarid qobiliyati va mamlakatlardagi narx-navo farqi hisobga olinganda ham, dunyo davlatlarida minimal ish haqi darajasi oʻrtasida bir necha oʻn barobarlik tafovut saqlanib qolmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlar yangicha tashkil etiladi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda kambagʻallikni qisqartirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va mahalla darajasida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu maqsadlar uchun hududlarga katta vakolat, moliyaviy resurs va infratuzilmaviy imkoniyatlar berildi, har bir oila bilan manzilli ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Natijada yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambagʻallik darajasi bugungi kunga kelib 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafardan 1,5 million nafarga kamaydi. Ishlar toʻgʻri tashkil etilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylanib bormoqda.

Shu bilan birga, hududlar kesimida natijalar bir xil emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalari uchun 314 trillion soʻm resurs ajratildi. Lekin bir xil miqdorda mablagʻ olgan hududlarda kambagʻallikni qisqartirish samaradorligi keskin farq qilayotgani tahlillar orqali koʻrsatildi.

Masalan, Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga 2 trillion 300 milliard soʻmdan kredit resursi berilgan. Sharof Rashidov tumanida mazkur mablagʻlar hisobiga 30 ming nafar aholi kambagʻallikdan chiqarilgan boʻlsa, Qarshi tumanida 13 ming nafar ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan.

Shu bois, kredit ajratishning oʻzi yakuniy natija sifatida qaralmasligi, har bir loyiha qancha doimiy ish oʻrni yaratgani va qancha oilaning barqaror daromad manbaiga ega boʻlgani bilan baholanishi belgilandi.

Yigʻilishda joylarda natijaga erishishga toʻsqinlik qilayotgan omillar ham tahlil qilindi. Xususan, hokim yordamchilari va mahalla bankirlarining barchasi ham biznes loyihalarini shakllantirish, moliyaviy instrumentlarni toʻgʻri tanlash va tadbirkor bilan uning gʻoyasidan tayyor biznesgacha ishlash koʻnikmasiga ega emasligi qayd etildi.

Soʻnggi bir yilda hududlarda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi faoliyatini toʻxtatgan. Bankdan kredit olib, biznesini kutilgan darajada yoʻlga qoʻya olmagan 62 ming nafar fuqaro kreditlarni qaytarishda qiynalmoqda.

Shu munosabat bilan aholi va tadbirkorlarga faqat moliyaviy resurs taklif etish emas, balki bozor, texnologiya, kasb, biznes reja va sotuv zanjirini ham qamrab olgan kompleks yechim berish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada Xorazm viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar misol qilib keltirildi. Prezident topshirigʻiga muvofiq, iqtisodiy kompleks rahbarlari ikki hafta davomida viloyatdagi 81 ming nafar kambagʻal aholi, yaʼni 19 ming oilaning sharoitini oʻrgandi. Ushbu oilalarda 12 ming nafar ishsiz va 10 ming nafar daromadi past aholi borligi aniqlandi.

Ayni paytda Xorazmdagi tadbirkorlar qurilish sohasiga 4 ming, xizmatlar sohasiga 3 ming va sanoatga 2,5 ming nafar ishchi izlamoqda. Mavjud boʻsh ish oʻrinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlarini oʻzaro bogʻlash orqali kambagʻal oilalardagi 10-15 ming nafar aholi daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, oʻrganilgan ehtiyojmand oilalarda 48 ming nafar bola borligi, ularni hozirdan kasb-hunar va zamonaviy koʻnikmalarga yoʻnaltirish muhimligi taʼkidlandi. Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktablar, texnikumlar va oʻquv markazlarida bunday oilalar farzandlari uchun qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil etish vazifasi belgilandi.

Xorazmda kambagʻal oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol farzand parvarishi bilan band. Shu bois, bola parvarishlayotgan ota-onalar uchun uyida yoki mahallaning oʻzida daromadli mehnat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, farzandlarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish orqali ularning mehnat bozoriga qaytishiga sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Xorazm misolidagi tahlillar barcha hududlarga taalluqli ekani taʼkidlanib, kambagʻallik bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishi belgilandi.

Endilikda har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida maxsus shtablar tashkil etiladi. Banklar, bandlik idoralari va iqtisodiy kompleksning boshqa tashkilotlari ushbu shtablar bilan birgalikda aholi bandligi va daromadini oshirish masalalarini joyning oʻzida hal qiladi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari iqtisodiy kompleks bilan birgalikda haftaning uch kunini bevosita kambagʻallik va bandlik masalalariga bagʻishlaydi.

Yangi tizimning eng muhim jihati esa moliyaviy resurslar va qaror qabul qilish vakolatlarining katta qismi tuman darajasiga tushirilishi boʻladi. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi boʻyicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga oʻtkaziladi.

Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trillion 370 milliard soʻm, yoshlar tadbirkorligi uchun 450 milliard soʻm resurs mavjud. Tuman shtablari mahalliy sharoit va loyihaning xususiyatidan kelib chiqib, kimga qancha kredit berish, uning muddati va toʻlov grafigini biznes turiga moslashtirish masalalarini hal qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Kredit, lizing, faktoring, kafolat, sugʻurta, aylanma mablagʻ va boshqa moliyaviy instrumentlar tadbirkorlik loyihasining oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib qoʻllanadi. Dehqonchilik, savdo, xizmatlar va boshqa yoʻnalishlarda daromadning shakllanish muddati turlicha boʻlgani uchun moliyalashtirish shartlari ham shunga mos boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Kooperatsiyaga asoslangan loyihalarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 million soʻmgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻysa, 5 milliard soʻmgacha garovsiz kredit olishi mumkin boʻladi.

Kredit tarixida kechikish boʻlgan ehtiyojmand aholining tashabbuslari ham individual baholanadi. Istiqbolli loyihalarni imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.

Kambagʻallik jamgʻarmasidagi 240 milliard soʻm, Bandlik jamgʻarmasidagi 100 milliard soʻm va uchta “daftar”dagi 760 milliard soʻm mablagʻ tuman shtablari ixtiyoriga beriladi. Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakuniga qadar nazarda tutilgan 300 milliard soʻmlik resursi ham shtablar orqali yoʻnaltiriladi.

Shu tariqa tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard soʻm resurs berilib, mablagʻlarning aniq natija berishi asosiy mezon etib belgilanadi.

Moliyalashtirish mexanizmlarini iqtisodiyotdagi tez oʻzgarishlarga moslashtirish uchun ham yangi yondashuv joriy etiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Markaziy bank hududlar salohiyati, biznes muhiti va bozor talabidan kelib chiqib, kredit, subsidiya va kompensatsiya mexanizmlarini har chorakda takomillashtirib boradi.

Shu bilan birga, mahalladagi hokim yordamchilari va bankirlarning salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati natijadorlik va tashabbuskorlik mezonlari asosida qayta baholanadi.

Ikki oy muddatda maxsus oʻquv markazi tashkil etilib, unga xorijdan mutaxassislar jalb qilinadi. Hokim yordamchilari va mahalla bankirlari loyiha tayyorlash, biznes modelini hisoblash, moliyalashtirish vositalarini tanlash va tadbirkor bilan ishlashga oʻqitiladi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan mutaxassislarni Xitoy, Yaponiya va Turkiyada malaka oshirishga yuborish, namunali xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish choralari belgilandi.

Yigʻilishda tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish tizimi ham koʻrib chiqildi. Endilikda tumanlar tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarining bevosita buyurtmachisiga aylanadi va zarur mablagʻlar toʻgʻridan-toʻgʻri joylarga yoʻnaltiriladi. Tuman shtablariga loyihalash, qurilish va sifat nazoratini xususiy sektorga berish huquqi ham beriladi.

Kambagʻallikni qisqartirishda ijtimoiy himoya mexanizmlari ham yangicha yondashuv asosida takomillashtiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini qayta koʻrib chiqish topshirildi.

Bunda faqat oila daromadi emas, balki surunkali kasallik, nogironlik, koʻp bolalilik, oila aʼzolarining xorijda ishlayotgani va boshqa ijtimoiy omillarni hisobga oladigan koʻp oʻlchovli baholash tizimiga oʻtiladi.

Mamlakat boʻyicha kambagʻallik darajasi 3,9 foizga tushgan boʻlsa-da, uch yoshgacha farzandi bor oilalarda bu koʻrsatkich oʻrtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda. Shu bois, bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallaning oʻzida ishli va daromadli qiladigan tizim yoʻlga qoʻyiladi.

Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga toʻlguniga qadar Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasidan nafaqa toʻlanadi. Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalar uchun esa barqaror daromad manbai yaratadigan ijtimoiy paketlar amaliyoti davom ettiriladi. Joriy yil ushbu maqsadlarga 300 milliard soʻm ajratilgan boʻlib, bunday koʻmak olgan 11 ming oilaning qariyb yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi.

Kelgusi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bogʻcha toʻlovlari, oʻquv markazlarida taʼlim olish xarajatlari, yoʻlkirasi hamda oliy taʼlim muassasasi yotoqxonasi uchun toʻlovlar vaucher asosida qoplab beriladi. Vaucher 12 oy muddatga berilib, oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham belgilangan muddat oxirigacha amal qiladi.

Yigʻilishda hudud rahbarlari oldiga yil yakuniga qadar 350 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, yana 1 million nafar aholining daromadini oshirish va 230 mingta oilani kambagʻallikdan chiqarish vazifalari qoʻyildi.

Har bir yoʻnalish boʻyicha aniq mexanizm va harakatlar algoritmini ishlab chiqish, mahalla darajasigacha masʼullarni belgilash vazifasi qoʻyildi. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha katta amaliy tajriba toʻplagan mamlakatlar, jumladan, Xitoy yondashuvi asosida aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun aniq koʻrsatmalar tayyorlanadi.

Yangi tizimda asosiy masʼuliyat va resurslar joylarga tushirilib, mahalladagi har bir imkoniyatni ish oʻrni hamda daromad manbaiga aylantirish, har bir ehtiyojmand oila bilan uning sharoiti va salohiyatidan kelib chiqib ishlash ustuvor vazifa boʻladi.

Yigʻilish yakunida mutasaddilar va hududlar rahbarlarining axboroti tinglanib, belgilangan vazifalarni tizimli va natijador qilib tashkil etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

O‘zbekistonda oktabr-noyabr oylarida biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi

0

Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hozir O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23% ni yoki 246 trln so‘mni tashkil etmoqda. Qishloq xo‘jaligida esa uning ulushi umumiy aylanmaning 60%iga teng.

Mamlakatda mehnat bilan band bo‘lgan 15,2 mln kishining 6,5 mln nafari yoki 42%ining daromadlari rasmiy statistikada to‘liq aks etmayapti. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes subyektlari amalda faoliyat yuritmayapti yoki ishini to‘xtatgan.

“Har 4−5 so‘mlik iqtisodiy aylanmaning 1 so‘mi rasmiy statistika e’tiboridan chetda qolmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bu holat soliq majburiyatlarini to‘liq bajarayotgan halol korxonalar uchun noteng raqobat sharoitini yuzaga keltirmoqda.

Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu faoliyatni tartibga solish budjetga qo‘shimcha o‘nlab trillion so‘m tushum keltirishi va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.

Shu sababli 15-oktabrdan 30-noyabrgacha biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Unda mamlakatdagi barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkazilib, korxona va tashkilotlarning statistik registrlari yangilanadi.

Shuningdek, korxona va tashkilotlarning statistik registrlari yangilanib, tanlanma kuzatuvlar o‘tkazish uchun asos yaratiladi.

Mehmonxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘i imtiyozlari 2030-yilgacha saqlanadi

0

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

27-avgustdagi farmonda turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Jumladan, uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurilishi uchun subsidiyalar ajratish muddati 2029-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.

Subsidiyalar olish uchun mehmonxonaning “yulduzli” toifasini tasdiqlashda xorijiy kompaniyaning xulosasi talab etilmaydi.

Turizm sohasi vakillari 2028-yil boshigacha avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni bojxona bojisiz import qilishi mumkin. Shuningdek, mehmonxonalar uchun mol-mulk va yer solig‘i stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent 2030-yil 1-yanvargacha saqlanib qoladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi (TRK) banklar tomonidan mehmonxona biznesiga 10 yilgacha muddatga beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplab beradi.

Yangi mehmonxona qurilishi uchun imtiyoz qo‘llaniladigan kreditning maksimal miqdori 50 mlrd so‘m, rekonstruksiya va jihozlash uchun esa 20 mlrd so‘m etib belgilangan.

Milliy valyutadagi kreditlarda yillik 16% dan oshgan foiz to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi. Valyuta kreditlarida esa kompensatsiya AQSH dollarida SOFR, yevroda EURIBOR, yuanda esa SHIBOR stavkalariga nisbatan qo‘llanadi.

O‘zbekistonda rezident bo‘lgan turoperatorlarning xorijiy sayyohlarga ko‘rsatadigan xizmatlari 0 foizlik QQS stavkasida soliqqa tortiladi.

Kompaniya tarkibidagi “TRK Invest” kompaniyasi xorijiy sayyohlarni jalb qilish maqsadida turistik majmualar, sanatoriylar, tibbiyot va sog‘lomlashtirish markazlarini qurish uchun 30 mlrd so‘mgacha maqsadli kreditlar ajratadi.

Mablag‘lar 10 yilgacha muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 2 foiz band past — 12% stavkada beriladi.


Yangi Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi

0

Yangi Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni ulugʻ ayyom bilan samimiy tabrikladi.

Davlatimiz rahbari eng ulugʻ bayramimiz Yangi Toshkentda oʻtkazilayotgani bayram shukuhini yanada oshirayotganini taʼkidladi. Yangi Toshkent poytaxtimizning koʻrkiga koʻrk qoʻshib, Yangi Oʻzbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz xalqimiz 1991-yilda oʻz xohish-irodasi va qatʼiyati bilan davlat mustaqilligini qoʻlga kiritganini qayd etdi. Buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik anʼanalarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqalishi taʼkidlandi.

Mustaqillik xalqimizga shon-u sharafini, muqaddas dinini, ona tilini va unutilayotgan milliy qadriyatlarini qaytardi. Marosimda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimiz va jadidlar xotirasiga taʼzim bajo keltirilib, mustaqilligimizni mustahkamlashga hissa qoʻshgan barcha marhum yurtdoshlarimizning mehnati va jasorati eʼtirof etildi.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etildi.

Davlatimiz rahbari mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon boʻlishini taʼkidladi.

Islohotlarning dastlabki kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish, aholining dardiga darmon boʻlish ustuvor maqsad etib belgilandi va “Inson qadri uchun!” gʻoyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi.

Eng muhimi, fuqarolar yuragidagi qoʻrquv va hadik oʻrnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Katta siyosiy iroda bilan Oʻzbekiston dunyoga keng ochildi, chegara muammolari hal qilinib, qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik va hamkorlik mustahkamlandi.

Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatidagi tub oʻzgarishlar natijasida mamlakatimizning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi oʻrni 80 pogʻona yaxshilandi. Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlsa, hozir mazkur koʻrsatkich 40-50 milliard dollarni tashkil etmoqda. Investitsiyalar bilan birga yurtimizga ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham kirib kelmoqda.

Uch yil oldin 2030-yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi. Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, ushbu marra joriy yilning oʻzida ortigʻi bilan bajarilishi va Oʻzbekiston daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirishi qayd etildi.

Bunday natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati, millat va davlat birdamligi tufayli erishilayotgani alohida taʼkidlandi.

Yangi davrda 650 mingdan ziyod oila zamonaviy uy-joyga ega boʻldi, minglab mahallalarga Yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib bormoqda. Kambagʻallik masalasi ochiq tan olinib, ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining taʼlimi va yashash sharoitini yaxshilash boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Izchil saʼy-harakatlar tufayli kambagʻallik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirildi. Bu raqamlar zamirida roʻzgʻoriga baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuygʻulari mujassam ekani taʼkidlandi. Shu tariqa ijtimoiy siyosatning asosiy oʻlchovi raqamlar emas, inson va oila hayotidagi aniq oʻzgarish boʻlishi mustahkam qaror topdi.

Prezidentimiz dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallash uchun bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan va mustaqil fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislari zarurligini taʼkidladi. Shu bois, taʼlimga sifat va mazmun olib kirilib, muallimning obroʻ-eʼtibori tiklanmoqda, daromadi oshirib borilmoqda.

Oʻtgan oʻn yilda aholi 8 millionga koʻpaygan sharoitda ham maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetkazildi, maktablarda 1,5 million qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar, shuningdek, xorijiy tillar va kasb-hunar oʻrganish uchun yaratilgan imkoniyatlar taʼlim tizimiga yangi mazmun olib kirdi.

Oliygohlardagi talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Ota-onalar uchun farzandini oliy maʼlumotli qilish faqat orzu emas, erishsa boʻladigan maqsadga aylandi.

Taʼlim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili sifatida belgilandi. AT, sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot rivojiga yangi ruh berilib, 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsad qilindi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilgʻor tashabbuslarni taklif etadigan markazga aylanishi, oʻzbek tili esa raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

Aholi salomatligini muhofaza qilishga ajratilayotgan mablagʻ soʻnggi yillarda 8 karradan ziyod oshirildi. Sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati markazda ham, hududlarda ham kengayib, 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etildi va xususiy sektorga keng imkoniyat berildi.

Natijada tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi, ilgari xorijda bajarilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari yurtimizda yoʻlga qoʻyildi. Aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetdi, goʻdaklar va onalar oʻlimi 4 barobar kamaydi.

Xalqimizning bebaho maʼnaviy merosiga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Margʻinoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-maʼrifiy dargohlar barpo etildi. Ushbu maskanlar yurtimiz va islom olamida, butun jahonda katta eʼtirofga sazovor boʻlayotgani qayd etildi. Ulugʻ ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va dunyoga keng targʻib etishga qaratilgan bunday bunyodkorlik ishlari izchil davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekiston yoshlarini mamlakatimizning eng katta boyligi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi deb atadi.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya oʻyinlaridagi tarixiy yutuqlar, futbolchilarimizning ilk bor jahon chempionatida ishtirok etgani, yoshlarning xalqaro fan olimpiadalari, tanlov va festivallardagi gʻalabalari xalqimizga katta iftixor bagʻishlamoqda. Samarqandda oʻtadigan Jahon shaxmat olimpiadasi va grossmeyster Javohir Sindorovning jahon shaxmat toji uchun kurashi oldidan yoshlarimizga ulkan zafarlar tilab qolindi. Oʻgʻil-qizlarimiz oldinga intilish va doimiy izlanishdan hech qachon toʻxtamaslikka daʼvat etildi.

Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻyayotganini taʼkidladi. “Kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari va bu maqsadga xalqimizning aql-zakovati, mehnati hamda birdamligi orqali erishilishini qayd etdi.

Shu maqsadda kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltiradigan yettita milliy dastur amalga oshiriladi. Ular taʼlim va tibbiyotdan tortib, yuqori texnologiyali iqtisodiyot, ekologiya, adolat, mahalla va tashqi siyosatgacha boʻlgan ustuvor yoʻnalishlarni yagona maqsad atrofida birlashtiradi.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sogʻlom boʻlishi va uzoq umr koʻrishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga oʻtkazishga qaratilgan.

Toʻrtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan oʻzgartirishga yoʻnaltiriladi.

Beshinchi milliy dastur sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratiladi.

Oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiradi.

Yettinchi milliy dastur Oʻzbekistonning tinchlik va doʻstlik diyori, bagʻrikeng oʻlka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan.

Yurtimizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosati uzoq muddatli taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Markaziy Osiyoda ahil qoʻshnichilik, strategik sheriklik va doʻstlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishilib, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlar mustahkamlandi.

Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yoʻnalishlari ochildi, Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabat oʻrnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi. Koʻp qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosat hamda iqtisodiy diplomatiya izchil davom ettiriladi.

Mamlakatimiz 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi va 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi. Afgʻoniston boʻyicha konstruktiv siyosat qatʼiy davom ettirilishi qayd etildi.

Prezidentimiz tantanada ishtirok etgan diplomatik korpus vakillari, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda AQSh, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarga samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimiz yetakchisi nutqining yakunida xalqimizga ishonch bilan murojaat qildi: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz. Oʻttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli bir haqiqatni koʻrsatdi: xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq”.

Prezidentimiz yagona Vatan va yagona xalq boʻlib, yangi hayot va buyuk kelajakni birgalikda barpo etishga chaqirdi. Vatanimizning oltin davri va yangi buyuk tarixi xalqimizning matonati, mehnati va birdamligi bilan yaratilishiga qatʼiy ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan yana bir bor tabriklab, yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon boʻlishini tiladi. Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori boʻlgan xalqimizga shon-sharaflar tilab, “Yashasin Oʻzbekiston Respublikasi! Yashasin Oʻzbekiston xalqi!” deya murojaatini yakunladi.

YTT, MChJ yoki o‘z-o‘zini band qilish? Farqlar, afzalliklar va kamchiliklar haqida

0

O‘zbekistonda biznes yuritish uchun bir nechta tashkiliy-huquqiy shakllar mavjud. Ular orasida eng keng tarqalganlari — o‘zini o‘zi band qilish, yakka tartibdagi tadbirkorlik (YTT) va mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) hisoblanadi.

O‘zini o‘zi band qilish biznes faoliyatini qonuniy boshlashning eng sodda shakllaridan biri bo‘lib, ayniqsa yangi g‘oyani sinab ko‘rish yoki kichik hajmdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik esa biznesni tez va nisbatan sodda tartibda boshlash imkonini beradi. MChJ esa tadbirkorlikning eng ommaviy shakllaridan biri bo‘lib, kichik savdo faoliyatidan tortib ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish yoki IT sohasidagi loyihalargacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar uchun mos keladi.

Spot Yevgeniya Son bilan birgalikda O‘zbekistonda mavjud biznes shakllari, ularning o‘zaro farqlari hamda tadbirkorlik faoliyati uchun eng maqbul variantni tanlashda e’tibor berish lozim bo‘lgan jihatlarni ko‘rib chiqdi.


mchj, o‘z-o‘zini band qilish, tadbirkorlik, ytt

Yevgeniya Son,

auditor, Yaran Consulting buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda eng muhim masalalardan biri uning tashkiliy-huquqiy shaklini to‘g‘ri tanlashdir. Chunki, bu tanlov biznesni qanday yuritishingizga, kelajakda uni kengaytirish, investor jalb qilish va javobgarlik masalalariga bevosita ta’sir qiladi. O‘zbekistonda buning bir nechta tashkiliy-huquqiy shakllar mavjud. Ularga:

  • o‘zini o‘zi band qilish;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlik;
  • oilaviy tadbirkorlik;
  • xususiy korxona;
  • mas’uliyati cheklangan jamiyat;
  • aksiyadorlik jamiyati kiradi.

O‘zini o‘zi band qilish

Bu biznes qilishning eng yangi usuli.

Odatda tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan shaxslarga avvalo o‘zini o‘zi band qilish shaklidan foydalanishni tavsiya qilamiz. Agar biznes rivojlanib, faoliyat ko‘lami kengaysa, keyinchalik yanada murakkabroq tashkiliy-huquqiy shakllarga o‘tish mumkin.

Afzalliklari:

  • ro‘yxatdan o‘tish oson, yuridik shaxs tashkil etish shart emas;
  • mutaxassislarga to‘g‘ri keladi;
  • ilk biznesni boshlash uchun mos.

Kamchiliklari:

  • faqat ruxsat etilgan faoliyat turlari bilangina shug‘ullanish mumkin;
  • sheriklar bilan to‘laqonli biznes yuritib bo‘lmaydi;
  • investor jalb qilish imkonsiz;
  • biznesning bir qismini sotish mumkin emas;
  • faoliyat to‘lig‘icha ijrochining shaxsi bilan bog‘liq bo‘ladi;
  • faqat ayrim hollardagina asosiy ish bilan birga olib borish mumkin.

Shu sababli, o‘zini o‘zi band qilish biznesni boshlash va g‘oyani sinab ko‘rish uchun qulay shakl hisoblanadi. Biroq biznes rivojlanib, faoliyat ko‘lami kengaygani sari ko‘pincha yanada barqaror va keng imkoniyat beradigan shaklga o‘tish zarurati yuzaga keladi.

Yakka tartibdagi tadbirkor

Yakka tartibdagi tadbirkor bu shaxsiy mulkka asoslangan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxs.

Shu narsaga alohida e’tibor qaratmoqchimanki, yakka tartibdagi tadbirkor o‘z majburiyatlari bo‘yicha to‘liq shaxsiy moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Ya’ni, agar biznes o‘xshamasa, qarzlar paydo bo‘ladi — YTT ularni shaxsiy mulki bilan to‘laydi.

YTTning afzalliklarini sarhisob qilamiz:

  • oddiy ro‘yxatdan o‘tish, yuridik shaxs tashkil etish talab etilmaydi;
  • tadbirkor barcha qarorlarni mustaqil ravishda qabul qiladi;
  • 5 nafargacha xodimni ishga olishi mumkin;
  • ko‘proq ruxsat etilgan faoliyat turlari.

Kamchiliklari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • hamkorlar bilan biznes yuritishning iloji bo‘lmaydi;
  • investor ulushni sotib ololmaydi;
  • tadbirkor majburiyatlar bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulk bilan javob beradi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat

Bugungi kunda MChJ biznes yuritishning eng ommaviy va universal shakllaridan biri hisoblanadi. U tadbirkorlik faoliyatining turli yo‘nalishlari uchun mos kelib, biznesni rivojlantirish, hamkorlar va hatto xorijiy investorlarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Afzalliklari:

  • ta’sischilar soni 1 nafardan 50 nafargacha bo‘lishi;
  • ulushlarni teng yoki turli nisbatlarda taqsimlash imkoniyati;
  • investorlarni jalb qilish;
  • boshqaruv uchun xodimlar yollash imkoniyati;
  • deyarli barcha faoliyat yo‘nalishlari uchun mos keladi.

Kamchiliklari:

  • boshqaruv jarayonida ko‘proq hujjatlar va belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish talab etiladi;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish bilan solishtirganda, yuritish xarajatlari yuqoriroq bo‘ladi;
  • dividendlarni taqsimlash odatda har chorakda bir marta amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun esa bunday cheklov mavjud emas.

Xususiy korxona

Xususiy korxona ko‘p jihatdan yagona ta’sischiga ega bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga o‘xshaydi. Uning asosiy afzalliklari — yagona mulkdor tomonidan boshqarilishi va boshqaruv jarayonining nisbatan sodda ekanidir.

mchj, o‘z-o‘zini band qilish, tadbirkorlik, ytt

Bundan tashqari, ushbu shaklda biznesga yangi hamkor yoki investor jalb qilish, shuningdek, korxonadagi ulushni boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyatlari cheklangan. Aynan shu omillar sababli so‘nggi yillarda xususiy korxona shakli tadbirkorlar orasida avvalgidek keng qo‘llanilmayapti.

Oilaviy korxona

Oilaviy korxona yaqin qarindoshlar tomonidan birgalikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan tashkiliy-huquqiy shakldir. Bunday korxona er-xotin, ularning farzandlari va nabiralari, ota-onalari, shuningdek qonunchilikda belgilangan boshqa yaqin qarindoshlar tomonidan tashkil etilishi mumkin.

Ushbu shaklning asosiy afzalligi — oila a’zolarining biznesdagi ishtirokini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish imkonini berishi hisoblanadi. Shuningdek, agar tadbirkorlik faoliyati shaxsiy turar joyda amalga oshirilsa, ushbu joyni noturar joy toifasiga o‘tkazish talab etilmaydi.

Biroq ushbu shaklning ayrim cheklovlari ham mavjud. Jumladan, oilaviy korxonada faqat oila a’zolari ishtirok etishi mumkin, shu sababli tashqi investor yoki boshqa hamkorlarni jalb qilish imkoniyati mavjud emas.

Bundan tashqari, korxonaning mol-mulki majburiyatlarni qoplash uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, mulkdorlar o‘zlariga tegishli shaxsiy mol-mulk bilan javob beradilar.

Aksiyadorlik jamiyati

Aksiyadorlik jamiyati (AJ), asosan, yirik biznes va katta investitsiya talab qiladigan loyihalar uchun tanlanadi. Uning asosiy afzalligi, ko‘plab investorlarni jalb qilish, kapitalni samarali shakllantirish va biznesni keng ko‘lamda rivojlantirish imkoniyatidir.

Afzalliklari:

  • investorlarni jalb qilish;
  • ustav kapitali aksiyalarga bo‘lingani sababli ulushlarni sotish va sotib olish qulayligi;
  • qo‘shimcha kapital jalb qilish va biznesni kengaytirish imkoniyatining yuqoriligi;
  • yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mosligi;
  • aksiyadorlar manfaatlarini himoya qiluvchi nisbatan shaffof korporativ boshqaruv tizimining mavjudligi.

Kamchiliklari:

  • boshqaruvning murakkabligi;
  • korporativ qonunchilik talablari yuqori;
  • korporativ boshqaruv va hisobot yuritish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarning mavjudligi;
  • tashkil etish, boshqarish va yuritish murakkabligi sababli kichik va o‘rta biznes uchun har doim ham maqbul emas.
  • Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, tadbirkorlar biznesini rivojlantirar ekan, odatda tashkiliy-huquqiy shaklni ham bosqichma-bosqich o‘zgartirib boradilar. Shartli ravishda bu jarayonni quyidagicha tasvirlash mumkin: o‘zini o‘zi band qilgan — YTT — MChJ — AJ.

Har bir keyingi bosqich biznes hajmining o‘sishi, boshqaruvning murakkablashishi va ko‘proq kapital jalb qilish ehtiyojining ortib borishini anglatadi.

Nimalarga e’tibor berish kerak?

Biznes shaklini tanlashda quyidagi mezonlar asosiy ahamiyatga ega:

  • faoliyat turi;
  • ta’sischilar soni;
  • biznesning kutilayotgan ko‘lami;
  • investitsiyalarni jalb qilish zarurati;
  • mulkdorlarning javobgarligi;
  • kengaytirish rejalari;
  • yirik kompaniyalar va davlat tashkilotlari bilan ishlash istiqbollari.
  • “Qaysi biznes shakli yaxshiroq?”, degan savolga yagona javob yo‘q. Bir loyiha uchun eng maqbul bo‘lgan shakl boshqasi uchun mutlaqo mos kelmasligi mumkin. Shuning uchun tanlovni biznesning bugungi holatiga emas, balki uni 3−5 yildan keyin qanday tasavvur qilayotganingizga qarab amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Faoliyat turi — biznes shaklini tanlashda, avvalo, amalga oshiriladigan faoliyat turini baholash lozim.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) faqat qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin. Shu sababli, avval tanlangan faoliyat ushbu shakllar uchun ruxsat etilganmi yoki yo‘qligini aniqlash zarur.

Bundan tashqari, ayrim faoliyat turlari litsenziya, ruxsatnoma yoki boshqa maxsus hujjatlarni talab qilishini ham oldindan hisobga olish kerak.

Agar biznesning egasi bitta bo‘lsa va kelajakda sheriklarni jalb qilish rejalashtirilmagan bo‘lsa, o‘zini o‘zi band qilish, YTT yoki yagona ishtirokchiga ega MChJni tanlash mumkin. Agar biznes ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan tashkil etilayotgan bo‘lsa, odatda MChJ eng maqbul variant hisoblanadi.

Ko‘p sonli investorlar yoki aksiyadorlarni jalb qilish rejalashtirilgan yirik loyihalar uchun esa aksiyadorlik jamiyati ko‘proq mos keladi.

Uni keyinchalik o‘zgartirish mumkinmi?

Ha, bo‘ladi. Amaliyotda biznesning rivojlanishi va ehtiyojlari o‘zgarishi bilan tashkiliy-huquqiy shaklni almashtirish zarurati yuzaga kelishi mumkin. Masalan:

  • yangi hamkor paydo bo‘lsa yoki ta’sischilar tarkibi o‘zgarsa;
  • investor jalb etish rejalashtirilsa;
  • biznes sezilarli darajada o‘sib, hozirgi shakli mos kelmay qolsa;
  • biznesni birlashtirish, bo‘lish, ajratib chiqarish yoki o‘zgartirish zarur bo‘lsa;
  • qonunchilik talablari yoki faoliyat yuritish shartlari o‘zgargan bo‘lsa.
  • Agar kompaniya faoliyat yuritayotgan, xodimlari, amaldagi shartnomalari va litsenziyalari mavjud bo‘lsa, tashkiliy-huquqiy shaklni o‘zgartirish muayyan vaqt va puxta tayyorgarlikni talab qiladi. Biroq bu odatiy yuridik jarayon bo‘lib, to‘g‘ri tashkil etilgan taqdirda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmaydi.

Shuning uchun tashkiliy-huquqiy shaklni o‘zgarmas tanlov deb qaramaslik kerak. Biznes rivojlanishi bilan ehtiyojlar ham o‘zgaradi va zarurat tug‘ilganda boshqa shaklga o‘tish mumkin. Eng muhimi hozirgi bosqich uchun eng mos variantni tanlashdir.

Qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik kerak?

Ko‘plab tadbirkorlar biznes g‘oyasini yetarlicha sinovdan o‘tkazmasdan turib, kompaniya tashkil etishga shoshiladilar. Natijada eng muhim savollarga javob topilmasdan qolishi mumkin: mahsulot yoki xizmatga bozorda talab bormi, uni yo‘lga qo‘yish uchun qancha mablag‘ va vaqt kerak bo‘ladi, biznes barqaror daromad keltira oladimi?

Biznes modeli hali o‘zini oqlamagan bo‘lsa ham, ro‘yxatdan o‘tish, buxgalteriya hisobi va hisobot yuritish bilan bog‘liq doimiy xarajatlar yuzaga keladi. Agar bu yangi loyiha bo‘lsa, avvalo g‘oyani sinovdan o‘tkazish, biznes modelini hisoblash va shundan keyingina mos tashkiliy-huquqiy shaklni tanlash maqsadga muvofiq.

Ba’zi tadbirkorlar biznes shakli qanchalik murakkab yoki kompaniya qanchalik yirik ko‘rinsa, shunchalik yaxshi deb hisoblaydilar. Biroq amaliyotda bu har doim ham to‘g‘ri emas.

Yangi tashkil etilayotgan yoki hali sinov bosqichidagi biznes uchun faoliyat ko‘lamiga mos, sodda va qulay shaklni tanlash ma’qul. Biznes rivojlanib, yangi ehtiyojlar paydo bo‘lgani sari tashkiliy-huquqiy shaklni o‘zgartirish mumkin.

mchj, o‘z-o‘zini band qilish, tadbirkorlik, ytt

Tashkiliy-huquqiy shakl faqat biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan cheklanmaydi. Har bir shakl biznesni yuritish bo‘yicha o‘ziga xos talab va majburiyatlarga ega. Ular qatoriga buxgalteriya hisobini yuritish, hisobotlarni topshirish, korporativ hujjatlarni rasmiylashtirish, bank xizmatlaridan foydalanish, ayrim hollarda esa auditdan o‘tish va boshqa qonuniy talablarni bajarish kiradi.

Shu sababli, biznes shaklini faqat uning nufuzi yoki tashqi ko‘rinishiga qarab emas, balki biznes ko‘lami, faoliyat ehtiyojlari va uni yuritish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash imkoniyatidan kelib chiqib tanlash kerak.

Hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni oldindan rasmiylashtirmaslik amaliyotda eng ko‘p muammolarga sabab bo‘ladigan xatolardan biridir.

Do‘stlar yoki qarindoshlar bilan biznes boshlaganda ko‘pchilik yozma kelishuvlarni ortiqcha deb hisoblab, faqat og‘zaki kelishuv bilan cheklanadi. Biroq nizolar ko‘pincha biznes rivojlanib, daromad keltira boshlaganda yoki aksincha, qiyinchiliklar yuzaga kelganda paydo bo‘ladi. Chunki har bir hamkor o‘z hissasi, kiritgan mablag‘i va qilgan mehnatini turlicha baholashi mumkin.

Bunday holatlarning oldini olish uchun biznesni boshlashdan oldin quyidagi masalalarni yozma ravishda kelishib olish tavsiya etiladi:

  • kim va qancha mablag‘ kiritadi;
  • biznesdagi ulushlar qanday taqsimlanadi;
  • har bir hamkorning vazifalari va mas’uliyati qanday bo‘ladi;
  • muhim qarorlar qanday qabul qilinadi;
  • foyda qanday taqsimlanadi;
  • hamkorlardan biri biznesdan chiqmoqchi bo‘lsa, qanday tartib qo‘llaniladi.

Agar biznes MCHJ shaklida tashkil etilsa, ushbu masalalarning aksariyatini ustav bilan bir qatorda ta’sis shartnomasi orqali ham tartibga solish mumkin.