O‘zbekistondagi 10 ta OTM milliy tadqiqot universiteti maqomini oladi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda oliy taʼlim qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, tizimdagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilm-fanni iqtisodiyot bilan uzviy bogʻlash, taʼlim va tadqiqot integratsiyasini chuqurlashtirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

Shu munosabat bilan taqdimotda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.

Jumladan, “U10 – Oʻzbekistonning global darajadagi ilgʻor universitetlari” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy taʼlim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.

Mazkur tanlov professor-oʻqituvchi va olimlar salohiyati, ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi oʻrni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyalashtirishdagi ulushi kabi koʻrsatkichlar asosida oʻtkaziladi.

Tashkil etiladigan ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi.

Milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan universitetga ilmiy klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 150 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.

Shuningdek, oliy taʼlim tizimida natijaga yoʻnaltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Xususan, 2027-yildan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga koʻra moliyaviy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda universitetlar taʼlim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.

Davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablagʻlar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda taʼlim yoʻnalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirish kabi koʻrsatkichlar inobatga olinadi.

Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi koʻzda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi ustuvor yoʻnalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Shuningdek, oliy taʼlim va tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi.

Jumladan, oliygohlarning “spin-off” korxonalarini tashkil etish orqali “tarmoq – korxona – oliy taʼlim tashkiloti – ilmiy tashkilot” zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilmoqda.

Bu orqali ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish, texnologik transferni kuchaytirish va universitetlarning tadbirkorlik faolligini oshirish maqsad qilingan.

Oʻzbekistonni mintaqaviy taʼlim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish boʻyicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, har yili respublika davlat oliy taʼlim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga oliy taʼlim olish uchun grant ajratishni nazarda tutuvchi “Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi” dasturini amalga oshirish belgilanmoqda.

Taqdimotda sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish, yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshqa muhim tashabbuslar ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy taʼlim va ilm-fan tizimini yangi darajaga olib chiqish muhimligini taʼkidladi. Masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

O‘zbekistonliklar bir yilda yarim tonnadan ko‘proq oltin quymalar sotib oldi

0

O‘zbekistonliklar bir yilda yarim tonnadan ortiq oltin quymalar xarid qilgan. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘lchovli oltin quymalar bozori sharhida keltirilgan.

Oxirgi olti yilda o‘lchovli oltin quymalarni sotuvchi va qayta sotib oluvchi banklar soni 12 tadan 19 taga, shoxobchalar soni esa 34 tadan 170 taga yetdi.

Ular tomonidan 2020-yil noyabr oyidan beri umumiy og‘irligi 1,2 tonna bo‘lgan jami 65 150 dona oltin sotilgan. Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yil oxiriga kelib 14 baravarga oshdi.

Birgina 2025-yilda aholi tomonidan og‘irligi 661 kg bo‘lgan 33 939 dona oltin quymalar xarid qilingan bo‘lib, bu jami hajmning 52% dan ortig‘ini tashkil etdi. Shu bilan birga, bu 2020−2024-yillarda sotilgan jami quymalar sonidan (31 211 dona) 8,7% ga ko‘p bo‘ldi.

So‘nggi ikki yilda oltin quymalarga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi: 2024-yilda bu avvalgi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichga (81 kg) nisbatan qariyb 3 baravarga, 2025-yilda esa 8 baravarga o‘sgan.

Markaziy bank buni 2024−2025-yillarda jahon bozorida oltin narxining tarixiy maksimum darajalarga yaqinlashgani bilan izohladi. Oltin narxining oshishi fonida aholining jamg‘arish va investitsiya maqsadlarida o‘lchovli oltin quymalariga bo‘lgan talabi ham ortmoqda.

Nisbatan kichik hajmdagi quymalarga talab yuqori bo‘lib, fuqarolar tomonidan 2020−2025-yillarda eng ko‘p 5 (20 525 ta) va 10 (19 552 ta) gramm og‘irlikdagi oltin quymalar sotib olingan. Bu jami sotuv hajmining 60% dan ortig‘ini tashkil qildi.

Shuningdek, banklar tomonidan og‘irligi 20 gramm bo‘lgan 14 343 ta, 50 grammlik 8 970 ta o‘lchovli oltin quymalar sotilgan, 100 grammli quyma jami hajmning atigi 3%ini (1 870 ta) egalladi.

markaziy bank, oltin, oltin quymalar

Bundan tashqari, bu davrda banklar umumiy og‘irligi 201 kg bo‘lgan jami 11 828 dona oltinni aholidan qaytarib sotib oldi. Bunda 5 (3 975 ta) va 10 (3 546 ta) grammlik quymalar jami hajmning qariyb 65% ini egallagan.

Shu bilan birga, elektron metall hisobvaraq ochish orqali oltinni kichik hajmlarda — 0,1 grammdan boshlab xarid qilish mumkin. 2025-yilda banklar egasizlantirilgan hisobvaraqlari orqali umumiy qiymati 311,7 mlrd so‘m bo‘lgan jami 169,74 kg oltin depozitini shakllantirgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 5 gramm og‘irlikdagi oltin quymalari narxi 9,53 mln so‘mni tashkil etadi. Ularni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but bo‘lsa 9,16 mln, qadog‘i buzilgan bo‘lsa 9,06 mln so‘mdan hisoblanadi.

2026-yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

0

Shavkat Mirziyoyev Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2026-yili “Men ham ko‘chat ekaman” tashabbusi doirasida 75 mln tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chati ekilgani taʼkidlandi.

O‘tgan hafta imzolagan yangi farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030-yilga qadar umumiy yashillik darajasini 30% ga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish belgilandi.

Buning uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda yashil makon, Sirdaryoda 84 kilometrli yashil devor barpo etiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 mln gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratiladi.

Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil qilishga mas‘ul bo‘ladi.

Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir vaqtda hududga mos daraxtni tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyasi ham juda muhim ekani qayd etildi.

Joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlarning faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dual ta‘lim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi.

Botanika va dendrologiya bog‘lari ushbu texnikum o‘quvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlari uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.

Prezident hududlarda yashil bog‘lar yaratish bo‘yicha aholi va deputatlar ishtirokini yana-da kengaytirishni taklif qildi.

Ilgari Mening bog‘im dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 mln so‘mgacha mablag‘ berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 400 mln so‘mdan oshiriladi.

Har bir yashil bog‘ va jamoat parki uchun aholi o‘zi tanlagan, yashash hududlariga yaqin, eng muhimi, suv ta‘minoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi.

Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham o‘z okrugida yashil hudud, yashil bog‘ yaratishi uchun 412 mln so‘mdan mablag‘ beriladi.

Moliya olamining «Temir xonimi»: Ebigeil Jonson va Fidelity imperiyasi

0
Fidelity Chairman and CEO Abigail Johnson interviews former New York City Mayor and founder of Bloomberg L.P. Michael Bloomberg about innovation at the Boston-based HubWeek in Boston, Massachusetts, U.S., October 13, 2017. REUTERS/Brian Snyder - RC1CAD718AB0

Moliya olamining eng nufuzli va qat’iyatli yetakchilaridan biri, «Fidelity Investments» korporatsiyasi rahbari Ebigeil Jonsonning hayot yo‘li va boshqaruv falsafasi zamonaviy biznes olamida o‘ziga xos maktab hisoblanadi. Garchi u milliarderlar sulolasida dunyoga kelgan bo‘lsa-da, uning muvaffaqiyati tayyor merosni shunchaki qabul qilib olish emas, balki tizimli mehnat va innovatsion jasorat mahsulidir.

Ebigeil o‘z faoliyatini 1988-yilda oilaviy kompaniyada oddiy tahlilchi lavozimidan boshlagan bo‘lib, rahbarlik kursisiga qadar biznesning barcha quyi bosqichlarini bosib o‘tgan. Bu tajriba unga moliya bozorining eng mayda mexanizmlarini ham ichkaridan his qilish va kelajakdagi inqilobiy qarorlarni qabul qilish uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tagan.

Ebigeil Jonsonning boshqaruv davri «Fidelity» uchun chinakam transformatsiya davri bo‘ldi. U Uoll-stritning konservativ rahbarlaridan farqli o‘laroq, raqamli iqtisodiyot va kriptovalyutalar kelajagiga birinchilardan bo‘lib ishonadi. Ko‘plab moliyaviy gigantlar blokcheyn texnologiyalariga shubha bilan qaragan bir paytda, Jonson xonim kompaniya tarkibida raqamli aktivlar bilan ishlovchi alohida bo‘lim ochib, an’anaviy moliya bilan innovatsiyalar o‘rtasida oltin ko‘prik o‘rnatadi. Uning «komissiyasiz savdo» tizimini joriy qilishi esa investitsiya bozorida o‘ziga xos demokratlashuvni boshlab beradi va kompaniyani nafaqat yirik sarmoyadorlar, balki oddiy omonatchilar uchun ham eng jozibador maskanga aylantiradi.

Hozirgi vaqtda Ebigeil Jonson nafaqat merosxo‘r, balki global moliya arxitekturasini o‘zgartirayotgan shaxs sifatida e’tirof etiladi. 2026-yil boshiga kelib, uning rahbarligidagi «Fidelity Investments» boshqaruvi ostidagi aktivlar miqdori rekord darajadagi 5 trillion dollardan oshib ketgan. U Forbes talqiniga ko‘ra dunyoning eng qudratli ayollari kuchli beshligidan muqim joy olgan bo‘lib, shaxsiy boyligi 30 milliard dollardan ziyodroqni tashkil etmoqda. Bugungi kunda u o‘z e’tiborini sun’iy intellektni aktivlarni boshqarishga integratsiya qilish va «yashil» investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratgan.

Islomiy bankchilik O‘zbekiston moliya tizimiga nimalarni olib kiradi?

0

Hozirda mamlakatimizda moliya bozorini xalqaro standartlarga moslashtirish va aholi hamda biznes egalari uchun muqobil moliyaviy xizmatlarni kengaytirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonda islomiy moliya tizimini joriy etish masalasi muhim ahamiyat kasb etdi.

2026-yil 27-martda qabul qilingan O‘RQ–1126-sonli qonun aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi. Mazkur hujjat nafaqat yangi moliyaviy tizimlarni joriy etadi, balki foizsiz moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi yondashuvni milliy qonunchilikka olib kirdi.

Bu islohotning dolzarbligini bir nechta omillar bilan izohlash mumkin. Aholining ma’lum qismi an’anaviy foizli bank xizmatlaridan foydalanishni istamaydi. Global miqyosda islomiy moliya bozori jadal o‘sib borayotgan bo‘lib, undagi investitsiya hajmi trillionlab dollarga yetgan. Shu nuqtai nazardan, yangi Qonun O‘zbekiston moliya tizimini o‘zgartirishga qaratilgan muhim huquqiy qadam sifatida baholash mumkin.

Qonunga muvofiq, islomiya moliya operatsiyalari qator yangi moliyalashtirish shakllarini o‘z ichiga oladi. Bular foydani taqsimlash, sherikchilik, nasiya savdo, oldindan to‘lov, ijara va vakillik asosidagi bitimlardam iborat.

Litsenziyalash tizimining joriy etilishi va uning qat’iy talablari bozor ishtirokchilari uchun teng va shaffof sharoit yaratadi. Shu bilan birga, Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashining tashkil etilishi tizimning shariat talablariga muvofiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Soliq siyosatidagi yengilliklar esa bozor ishtirokchilarini rag‘batlantirishga qaratilgan. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar, ayrim hollarda soliqdan ozod qilish kabi choralar islomiy moliya xizmatlarini iqtisodiy jihatdan raqobatbardosh qiladi.

Umuman olganda, qonun O‘zbekiston iqtisodiyotida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Bu orqali mamlakat moliya tizimida muqobil va innovatsion yo‘nalish hisoblangan islomiy bankchilik instituti shakllanmoqda.

Kelgusida mazkur tizimning to‘liq ishga tushishi bir qator ijobiy natijalarni ta’minlashi kutilmoqda: moliyaviy xizmatlar qamrovining kengayishi, xorijiy investitsiyalar oqimining ortishi, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashning kuchayishi hamda moliya bozorida raqobat muhitining yanada rivojlanishi.

Shu bilan birga, islomiy moliyani samarali joriy etish uchun amaliy mexanizmlarni takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va aholi o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA

O‘zbekiston AQSHdagi mavsumiy ishlar bo‘yicha dastlabki talabnomalarni oldi

0

Migratsiya agentligi va AQSHning USA Farm Labor tashkiloti o‘rtasidagi dastur bo‘yicha dastlabki talabnomalar olindi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, hozirda jarayonlar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ish beruvchining maʼlumotiga ko‘ra, ayrim o‘zbekistonlik fuqarolar tomonidan hamkor tashkilot saytlarga yoki tarkibidagi fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish holatlari kuzatilmoqda.

Agentlik ish beruvchining talabnomasi asosida tanlov eʼlon qilganidan so‘ng belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tilishini eslatib o‘tdi.

Qayd etilishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat natija bermaydi, mustaqil ro‘yxatdan o‘tish esa foydasiz bo‘ladi.

Migratsiya agentligi fuqarolarni vositachilar va pulli “taklif»larga aldanmaslikka chaqirmoqda.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqovga mamlakatni mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni topshirgan edi.

Mart oyida Migratsiya agentligi O‘zbekiston fuqarolarini AQSHga mavsumiy ishlarga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Dastur ishtirokchilari AQSH fermalari va rancholarida 9−10 oy davomida oyiga taxminan $3500 maosh bilan ishlashlari mumkin bo‘ladi.