Pensiya va nafaqalar miqdori 15%ga oshiriladi
Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 428 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 834 ming so‘m hamda nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori 920 ming so‘mni tashkil etadi.
Shu bilan birga, 1-sentabrdan fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar quyidagicha to‘lanadi:
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 920 ming so‘m;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — 920 ming so‘m;
- 1941 — 1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — 4 mln 56 ming so‘m;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdori (834 ming so‘m)dan 920 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari — 920 ming so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — 745 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 745 ming so‘m;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 745 ming so‘m;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — 745 ming so‘m, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 244 ming so‘mdan qo‘shiladi;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — 745 ming so‘m, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 244 ming so‘m.
Til sertifikatini olishdagi o‘qish xarajatlari qoplab beriladi
Xorijiy tillarni bilishning xalqaro imtihon tizimlaridan kamida C1 va unga tenglashtirilgan daraja olgan yoshlarning 6 oygacha bo‘lgan o‘qish xarajatlari qoplab beriladi. Ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan olingan ayrim sertifikatlar uchun o‘qish to‘lovlariga BHMning 3 baravari — 1,02 mln so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar ajratiladi. Bu sertifikatlar qatorida IELTS, Test DAF, Goethe-Zertifikat, DELF/DALF, TCF, TOPIK I-II, JLPT hamda NSK bor.
1-sentabrdan 2027-yilgacha mazkur tillar bo‘yicha imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali qabul qilinadi.
Yo‘llarni qurish ishlari faqat ruxsatnoma olinganch amalga oshiriladi
Jismoniy shaxslar va mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday yuridik shaxs tomonidan yo‘llar, trotuarlar va boshqa yo‘l infratuzilmasi obyektlarida qurilish ishlarini olib borish, yo‘lni har qanday ko‘rinishda ta’mirlash, buzish, qazish, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish faqat tegishli ruxsatnoma olingandan so‘ng amalga oshiriladi.
Ruxsatnomani rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali 5 kun muddatda ko‘rsatiladi.
Xususan, ruxsatnoma yo‘l balansida saqlovchi viloyat yoki tuman (shahar) hokimliklari yoxud boshqa tashkilotlar tomonidan, kommunikatsiya tarmoqlaridagi avariya bilan bog‘liq yoki boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda esa tuman (shahar) hokimligi tomonidan beriladi.
Qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish vaqtida ruxsatnoma hamma uchun ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilishi yoki har qanday shaxsning birinchi talabiga ko‘ra taqdim etilishi shart.
Asossiz jarimalar ustidan onlayn shikoyat qilish mumkin bo‘ladi
Yagona portalda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ustidan shikoyat qilish imkoniyati yaratiladi. Ya’ni, asossiz tuzilgan bayonnoma yuzasidan IIV YHXXga dalillar bilan onlayn ariza yuborish mumkin.
Shikoyat arizalari 10 kuni ichida ko‘rib chiqiladi va bu vaqtda jarima uchun belgilangan chegirma muddati to‘xtatib turilmaydi. Agar shikoyat o‘rinli deb topilsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish tugatiladi.
1-sentabridan tadbirkorlar tomonidan markirovkalanadigan mahsulotlarni markirovkani o‘qish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda ularga nisbatan choralar ko‘riladi. Mazkur tadbirkorlar shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi. Bunda, ikki marta ogohlantirishdan so‘ng qonun buzilishi bir oy ichida qayta takrorlansa, huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Qonun buzilishi soliq tekshiruvidan bir oydan keyin qayta takrorlansa, tadbirkorlarni xabardor qilmasdan, Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Tamaki va pivo mahsulotlari chakana savdosi uchun oylik yig‘im joriy etiladi
1-sentabridan pivo mahsulotlarining chakana savdosi faoliyati vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Shuningdek, tamaki va pivo mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun har oylik yig‘im joriy etiladi. Buning uchun oyiga BHMning 10%i (34 ming so‘m) miqdorida to‘lovlar undiriladi.
Sholi yetishtiruvchilar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi
1-sentabrdan fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga sholi yetishtirish va xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Bunda sholi xarid qilish bo‘yicha shartnomalar sholichilik klasterlari bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimi orqali tuziladi.
AGTKShlar “Uzinfocom»ning gazni hisobga olish tizimini o‘rnatishi kerak bo‘ladi
Neft, gaz (shu jumladan siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi) va gaz kondensatini qazib olish va qayta ishlash uchun litsenziya olishda ko‘rsatiladigan texnologik jarayonlar va texnologik uskunalarning holati texnik jihatdan tartibga solinadi.
Yangi AGTKShlar qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat hukumat bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga muvofiq beriladi.
AGTKSh orqali sotiladigan siqilgan gaz sarfi hisobini bevosita gaz tarqatish ustunlaridagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish imkonini beruvchi “Uzinfocom” yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan tizim o‘rnatilganligini tasdiqlovchi sertifikat taqdim etilishi kerak.
Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish
Hujjat bilan 1-sentabrgacha Soliq qo‘mitasi alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning “Asl belgisi” tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi hamda raqamli markirovkalash talablariga rioya etishini nazoratga oladi.
Joriy yilning 1-sentabridan “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan affinaj korxonalariga “Olmaliq KMK” va “Navoiy KMK” aksiyadorlik jamiyatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida 100% oldindan to‘lov bilan qimmatbaho metallarni sotib olish va keyinchalik ularni qulay bo‘lgan shakl va miqdorlarga keltirib, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga sotish huquqi beriladi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga o‘zlari yasagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.
Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar xarajatlari qoplanadi
Elektron do‘kon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng bo‘lgan hollarda, belgilangan mezonlarning biri asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlagan kichik tadbirkorlarning takliflari ustunlikka ega bo‘ladi.
Joriy yilning sentabridan 2025-yilning oxirigacha kichik biznesga ko‘maklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar xarajatlari qoplab beriladi.
Bunda import qilinadigan asbob-uskunalarni sug‘urtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50%gacha qismiga BHMning 30 baravaridan (10,2 mln so‘m) oshmagan miqdorda kompensatsiya qilinadi.
Toshkent va Navoiyda nogironlikni belgilashning yangi tartibi joriy etiladi
1-sentabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida nogironlikni belgilashning yangi tartibi joriy etiladi. 2025-yilning 1-sentabrigacha mamlakatning qolgan hududlarida ham yo‘lga qo‘yiladi. Uning doirasida fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha Yagona portal, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yo‘llash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron amalga oshiriladi.
Hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yiladi
Prezident qaroriga muvofiq, tuman va shaharlarda sanoat korxonalari bilan ishlash bo‘yicha “respublika — viloyat — tuman” tamoyiliga asosida vertikal tizim yaratiladi.
Hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash uchun tuman va shaharlarda hokimning birinchi o‘rinbosari boshchiligida hududiy shtablar tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida 5ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish yig‘ma bo‘limlari ish boshlaydi.
Sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini u orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi.
Barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish bekor qilinadi. Ularni yagona avtomatlashtirilgan tizim orqali rasmiylashtirmaslik haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi, litsenziya talab va shartlarini bir marta qo‘pol buzish hisoblanadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urta xizmatlari sifati bo‘yicha sug‘urtalovchilar reytingini yuritadi.
Majburiy sug‘urta shartnomalari endi onlayn tarzda tuziladi
Sug‘urta xizmatlarining barcha turlari bo‘yicha sug‘urta va qayta sug‘urta qilish shartnomalari faqat Yagona axborot tizimi orqali ro‘yxatga olinadi. U orqali sug‘urta polislari elektron shaklda ham chiqariladi.
Barcha yuridik va jismoniy shaxslar elektron raqamli tizimdan foydalangan holda avtorizatsiya qilinganidan keyin xizmatlardan foydalanishlari mumkin. 25ta sug‘urta tashkilotida sug‘urtani onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari olib borildi.
Markaziy bank har hafta davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik egri chizig‘ini e’lon qiladi
Xususan, DQQning daromadlilik egri chizig‘i har hafta Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.
Davlat qimmatli qog‘ozlari daromadlilik egri chizig‘ini hisoblashning nazariy metodologiyasi regulyator veb-saytiga joylashtiriladi, bozor ishtirokchilari esa mavjud ma’lumotlar asosida daromadlilik egri chizig‘ini mustaqil hisoblashlari mumkin bo‘ladi.
Safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari beriladi
Ovchilik xo‘jaligini tashkil etishning yangi tartibi o‘rnatilib, ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va mazkur hududdan tashqarida ov qilish taqiqlanadi.
Ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etishga yer yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi. Ijara huquqi asosida 49 yilga beriladi. Dastlabki ijara shartnomasi 10 yilga mo‘ljallangan. Agar sarmoya va boshqa majburiyatlar bajarilsa, yana 10 yilga, keyin esa 29 yilga uzaytiriladi.
Yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari 3 yil mobaynida mol-mulk va yer solig‘ini 50%ga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, aylanmadan olinadigan soliqni 1% miqdorida to‘laydi.
OTMlarda yangi o‘quv yili 9-sentabrdan boshlanadi
Akademik litseylarda, kasb-hunar maktablarida, shuningdek, kollej va texnikumlarning 2- va undan yuqori kurslari uchun 4-sentabr kunidan boshlanadi.
Kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun yangi o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
“Silk Avia” Buxoro va Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni boslaydi
Aviaqatnov 7-sentabrdan boshlanib, “ATR 72−600” samolyotlarida haftada bir marta — shanba kunlari amalga oshiriladi.
Parvoz jadvali:
- Buxorodan jo‘nab ketish — 09:40, Urganchga yetib kelish — 10:55;
- Urganchdan uchish — 11:35, Buxoroga yetib kelish — 12:40.
Bir tomonlama aviachiptalar narxi 308 ming so‘mdan, Buxoro-Urganch-Buxoro yo‘nalishida esa 616 ming so‘mdan boshlanadi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlarni tiklaydi
Toshkentdan yo‘lovchi 505-sonli poyezd 19:55da harakatlanib, soat 23:12da Moskvaga yetib boradi. 506-sonli poyezd harakati esa Moskvadan 5:40da harakatlanib, Toshkentga 8:23da yetib keladi.
Mazkur yo‘nalishga yo‘lovchilar chiptalarni chegirma asosida xarid qilishlari mumkin. Ya’ni reys sanasidan qancha ko‘p kun oldin chipta xarid qilinsa, chegirma foizi shuncha yuqoriroq bo‘ladi.
Masalan yo‘lga chiqishdan 45 kun oldin xarid qilinganda platskart chiptasi narxi 2 456 360 so‘m, kupe uchun esa 3 328 370 so‘mni tashkil etadi.