Bosh sahifa Blog Sahifa 90

O‘zbekistonliklar Mustaqillik bayramida ketma-ket to‘rt kun dam oladi

0

Bayram kunlari fuqarolar 31-avgustdan 3-sentabrgacha dam olishadi.

O‘zbekistonliklar Mustaqillik bayrami munosabati bilan ketma-ket 4 kun dam olishadi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Dam olish kunlari prezidentning “2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmoni bilan belgilangan.

Shundan kelib chiqib, bayram kunlari ketma-ket 4 kun dam olish kuni bo‘ladi:

  • 31-avgust — olti kun ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 1-sentabr — Mustaqillik bayrami kuni;
  • 2-sentabr — ko‘chirilgan dam olish kuni;
  • 3-sentabr — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni. Bunda, 1-sentabr — O‘zbekiston mustaqilligi kuni 2024-yilda yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan bu dam olish kuni 2-sentabr, dushanba kuniga ko‘chiriladi.

Avvalroq 2024/2025-o‘quv yili oliy ta’lim muassasalarida 9-sentabrdan boshlanishi ma’lum qilingandi. Akademik litseylarda, kasb-hunar maktablarida esa ta’lim jarayonlari 4-sentabrdan boshlanishi belgilandi

Shuningdek, kollej va texnikumlarning 2- va undan yuqori kurslari uchun 4-sentabr kunidan boshlanadi. Kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun 2024/2025-o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

OTMlarda yangi o‘quv yili 9-sentabrdan boshlanadi

0

Akademik litseylar, kasb-hunar maktablarida esa 4-sentabrdan boshlanishi belgilangan.

Yangi o‘quv yilining boshlanish sanalari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Vazirlikning tegishli buyrug‘iga ko‘ra 2024/2025-o‘quv yili oliy ta’lim muassasalarida 9-sentabrdan boshlanadi.

Akademik litseylarda, kasb-hunar maktablarida esa ta’lim jarayonlari 4-sentabrdan boshlanishi belgilandi.

Shuningdek, kollej va texnikumlarning 2- va undan yuqori kurslari uchun 4-sentabr kunidan boshlanadi.

Kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun 2024/2025-o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Avvalroq 2024/2025-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining yakuniy natijalari e’lon qilingandi. Undan keyin 1-kurs talabalaridan yotoqxonaga arizalar qabuli boshlandi.

Shu bilan birga, to‘lov-shartnomasini olish uchun onlayn arizalar qabul qilinmoqda. Arizalarni kontrakt.edu.uz tizimi hamda mobil ilova orqali jo‘natish mumkin.

Tashabbusli budjetning ikkinchi mavsumi doirasida ovoz berish boshlandi

0

Ovoz berish jarayoni 22-avgustdan 1-sentabrgacha davom etadi.

“Tashabbusli budjet»ning 2024-yilgi 2-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Bunda ovoz berish jarayonlari joriy yilning 31-avgust kuni soat 23:59ga qadar davom etadi.

Fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan usullardan biri orqali ovoz berishlari mumkin.

Xususan, “Ochiq budjet” portalining veb-sahifasi, Telegramdagi rasmiy bot yordamida ovozlar qabul qilinadi.

Shu bilan birga, portalning Android va iOS uchun mobil ilovasini yuklab olish mumkin.

“Tashabbusli budjet” jarayonining joriy yilgi ikkinchi mavsumiga 6-iyuldan start berildi.

Mazkur mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Joriy yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1,36 mlrd so‘mni tashkil etadi.

2025-yildan O‘zbekistonda milliy vaqt shkalasi joriy etiladi

0

Davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq vaqt pullik xizmat asosida uzatiladi. Aniq vaqtni muntazam translyatsiya qilib boruvchi veb-sayt va mobil ilova ishga tushiriladi.

O‘zbekiston milliy vaqt shkalasini hosil qilish, uni saqlash va uzatishni amalga oshirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, 2025-yildan O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC (UZ) joriy etiladi va undan mamlakatning aniq vaqti sifatida foydalaniladi.

Vaqt xizmatining faoliyatini tashkil etishga Texnik jihatdan tartibga solish agentligining “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” mas’ul bo‘ladi. Institut Muvofiqlashtirilgan universal vaqtni (UTC) shakllantirishda ishtirok etib, milliy vaqt shkalasini hosil qilishga vakolatli etib belgilanadi.

Agentlik ikki oy ichida Metrologiya instituti tarkibida yuridik shaxs tashkil etmasdan vaqt va chastota xizmatini, shuningdek, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi nizomni tasdiqlaishi kerak. Bunga “O‘zbektelekom” kompaniyasi jalb qilinadi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining aniq vaqtni xizmatdan olish hamda uni davlat organlari va boshqa tashkilotlarga uzatishni DXSh asosida amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi. Davlat-xususiy sheriklik bitimiga muvofiq davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq vaqt pulli xizmat asosida uzatiladi. Bitimning amal qilish muddati — 5 yil.

Bunda kelib tushgan mablag‘ning 90%i xususiy sherikka, qolgan qismi esa davlat sherigi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Metrologiya instituti vaqt va chastota sohasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlaydi, O‘zbekiston milliy vaqt shkalasini (UTC (UZ) hosil qilish, saqlash va xususiy sherikka uzatishni amalga oshiradi. “O‘zbektelekom” davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq vaqtni uzatadi.

Aniq vaqtni muntazam translyatsiya qilib boruvchi veb-sayt va mobil ilova ishga tushiriladi. Ikki oy muddatda aniq vaqt signallarini qabul qiluvchi abonentlar ro‘yxati shakllantiriladi. Zaruratga qarab, bu ro‘yxat har yili kamida bir marta yangilab borilishi mumkin.

Tadbirkorlar uchun elektr va gaz iste’molining 20%gacha oshgan qismiga bazaviy tarif saqlanib qoladi

0

Tadbirkorlik reytingida yuqori va o‘rta toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Unda barcha sanoat korxonalari elektr va gazga o‘rnatilgan limit oshib ketsa, to‘lov ikki barobar ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layotgani qayd etildi. Muloqotda sanoatning o‘sishiga ta’sir qiladigan bunday cheklovlar qisqartirilishi belgilandi. Endilikda biznes uchun elektr va gaz iste’moli limitdan 20%gacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar iste’mol 20%dan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov 20%ga qimmatlashadi.

Tadbirkorlik reytingida “yuqori”, “o‘rta” toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Budjet, kredit va boshqalardan qarzi bor tadbirkorlarni hisob raqamiga “inkasso” qo‘yilgani uchun, ular elektr, gaz va suvga to‘lov qila olmayotgani qayd etildi.

Endilikda “inkasso” bo‘lganda ham, kommunal xizmatlarga to‘lovlar to‘xtatilmaydi. Bu esa ishlab chiqarishni to‘xtatmasdan, qarzdorlikni tezroq uzish imkonini beradi.

Senat ayrim keksalarga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqini beruvchi qonunni ma’qulladi

0

O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lganlardan ID-karta yoki biometrik pasportni almashtirishda to‘lov undirilmaydi.

Senatning 55-yalpi majlisida “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Bu haqda Senat matbout xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklash, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etish bilan bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

O‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmaydi. Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqi berilmoqda.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi va nogironligi bo‘lganlar yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan fuqarolik ID-kartasi yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, ularga homiylik qilish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritiladi.

Joriy yilning iyun oyida Qonunchilik palatasi bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilgandi.

Avvalroq ko‘p qavatli uylar nogironligi bo‘lganlar uchun moslashtirilishi haqida xabar berilgandi. Ular uchun bank, avtomaktab, oliy ta’lim hamda tibbiyot muassasalarida qulayliklar yaratilishi majburiy qilib belgilandi.