Bosh sahifa Blog Sahifa 2

Professionallar va biznesni endi boshlayotganlar uchun top 6 kitob (2-qism)

0

4. Spetsnas usullari bilan biznesni boshqarish. Bosh direktorga aylangan snayperning maslahatlari. Muallif: Brendon Uebb

Muallif o’z kitobida harbiy va biznes-tajribasidan kelib chiqib, har qanday vaziyatlarga moslashish va muammolarni nostandart yo‘l bilan yechish bo‘yicha maslahatlar beradi. Bu yerda “muvaffaqiyatli biznesmenlarning yetti tamoyillari” va ko‘plab tadbirkorlarning tajribasi to‘plangan.

5. “Avval barcha qoidalarni buzib tashlang: dunyoning eng yaxshi menejerlari boshqacha yoʻl tutishadi”. Muallif: Markus Bakingem, Kurt Koffman

Ushbu kitobda mahsulotni sotish va oʻz qoʻl ostidagilarning yashirin potensialini amalga oshirishni istovchi menejer va marketologlar uchun kerakli tavsiyalar oʻrin olgan.

6. Bitimlar tuzish san’ati. Muallif: Donald Tramp

Bestseller nafaqat muvaffaqiyatli bitimlarning ko’plab jonli misollarini topadigan tadbirkorlar uchun , balki bizning zamonamizning taniqli shaxslari bilan qiziqadigan odamlar uchun ham qiziqarli bo’ladi.

Ben Fransis: Oddiy garajda boshlangan milliard dollarlik biznes

0

Ben Fransis — Buyuk Britaniyalik tadbirkor va Gymshark sport kiyimlari kompaniyasining asoschisi. Uning muvaffaqiyat tarixi yoshlar orasida tadbirkorlikka qiziqishni oshiradigan yorqin misollardan biridir.

Ben Fransis 2012-yilda, hali universitet talabasi bo‘lgan paytida do‘sti Lewis Morgan bilan birgalikda Gymshark kompaniyasiga asos soldi. Dastlab ular ota-onasining garajida faoliyat yuritishgan. Ben o‘sha davrda qo‘shimcha daromad topish uchun pitssa yetkazib berish xizmatida ham ishlagan.

Kompaniyaning dastlabki faoliyati sport qo‘shimchalarini sotish bilan boshlangan. Keyinchalik asoschilar sport kiyimlari ishlab chiqarishga e’tibor qaratishdi. Ular oddiy tikuv mashinasi va bosma uskunalar yordamida o‘z mahsulotlarini tayyorlashni boshlashdi.

Gymsharkning muvaffaqiyatida ijtimoiy tarmoqlar muhim rol o‘ynadi. Kompaniya mashhur sportchilar bilan emas, balki oddiy sport zaliga qatnaydigan insonlar va fitnes blogerlari bilan hamkorlik qilishga e’tibor qaratdi. Natijada brend qisqa vaqt ichida yoshlar orasida mashhur bo‘ldi.

2021–2026-yillar davomida Gymshark xalqaro bozordagi faoliyatini kengaytirdi. Kompaniya internet savdosidan tashqari an’anaviy chakana savdo yo‘nalishini ham rivojlantirdi. 2022-yilda Londondagi mashhur Regent Street ko‘chasida o‘zining birinchi yirik do‘konini ochdi.

2025-yilda kompaniya Buyuk Britaniya bozoridagi faoliyatini kengaytirishda davom etdi. Ben Fransis esa brendning xalqaro rivojlanishi, mahsulot sifati va mijozlar bilan munosabatlarni mustahkamlashga e’tibor qaratdi.

Gymsharkning muvaffaqiyati kuchli marketing, sport hamjamiyati bilan yaqin aloqalar va iste’molchilar ehtiyojiga mos mahsulot yaratish bilan bog‘liq.

Muvaffaqiyat sabog‘i: Katta biznes yaratish uchun doimo katta ofis yoki ishlab chiqarish korxonasi kerak emas. Ba’zan kichik jamoa, oddiy sharoit va kuchli g‘oya xalqaro kompaniyaning shakllanishiga asos bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda dronlar uchun yagona raqamli tizim yaratilishi mumkin

0

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va uni tartibga solish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Dronlar yordamida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish istiqbollari qayd etildi. Xususan, qishloq xo‘jaligida ulardan ekin maydonlarini kuzatish va ularga ishlov berishda, sanoatda ishlab chiqarish jarayonlari va infratuzilmani nazorat qilishda, shaharlarda esa monitoring va yo‘l harakatini tashkil etishda foydalanish mumkin.

Tahlillarga ko‘ra, jahon dron bozori yiliga 10−15% ga o‘smoqda. Taqdimotda ta’kidlanishicha, uchuvchisiz texnologiyalarni joriy etish iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishi, malakali mutaxassislarga talabni rag‘batlantirishi va yangi texnologik yo‘nalishlarning rivojlanishiga turtki berishi mumkin.

Dronlardan fuqarolik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu yo‘nalishda biznes va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, parvozlar xavfsizligi va fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlaydigan zamonaviy tartibga solish mexanizmlarining ahamiyati ta’kidlandi.

Dronlardan foydalanishning yagona qoidalari, ularni hisobga olish, parvozlarni muvofiqlashtirish, sug‘urtalash va yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlarini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona raqamli axborot tizimini yaratish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi. Shuningdek, dronlar uchun parvoz hududlarini belgilash va ulardan foydalanish tartibini joriy etish taklif qilindi.

Bundan tashqari, uchuvchisiz aviatsiya yo‘nalishi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Operatorlarni o‘qitish bo‘yicha innovatsion ekotizimni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

2027−2028-o‘quv yilidan Transport universitetida dronlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashni boshlash, ta’limni amaliyot bilan bog‘lash va yangi aviatsiya texnologiyalariga qiziqishni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi rejalashtirilgan.

Mirziyoyev uchuvchisiz aviatsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqishni topshirdi. Kutilishicha, ular iqtisodiyotda dronlardan foydalanishni kengaytirish va ularning ishlab chiqarilishini rivojlantirishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2029-yilgacha qanday rivojlanadi?

0

Markaziy bank boshqaruvi 4-noyabrdagi yig‘ilishida pul-kredit siyosatining 2027-yil va 2028−2029-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasini tasdiqladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi. Hujjatda iqtisodiy o‘sish prognozlari, inflyatsiyani pasaytirish choralari va pul-kredit siyosatini takomillashtirish rejalari belgilangan.

Markaziy bank pul-kredit siyosatini 2027-yil yakunida inflyatsiyani 5% lik maqsadli ko‘rsatkichgacha tushirish va keyingi yillarda ushbu darajada barqaror saqlashga qaratadi. Asosiy stavka bo‘yicha qarorlar inflyatsiya prognozi, aholi va biznesning kutilmalari, ichki talab va taklif nisbati hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar asosida qabul qilinadi.

Asosiy ssenariy

Asosiy ssenariy tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich muvozanatlashuviga asoslangan. Xususan, geosiyosiy mojarolarning passiv bosqichga o‘tishi, neft narxlarining pasayishi va asosiy savdo hamkorlarida iqtisodiy o‘sishning mo‘tadil davom etishi nazarda tutilgan.

Ichki sharoitlarda esa umumiy fiskal taqchillikning YIMga nisbatan 3% atrofida saqlanishi, kreditlash va ichki talab o‘sishining muvozanatlashuvi, tartibga solinadigan narxlar islohotlarining yakunlanishi hamda O‘zbekistonning prognoz davrida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi faraz qilingan.

Agar ushbu shartlar amalga oshsa, 2027-yilda iqtisodiy o‘sish 7−7,5%, 2028−2029-yillarda esa 6,5−7,5% atrofida shakllanishi va iqtisodiy faollikning potensial o‘sishiga yaqinlashishi kutilmoqda.

Markaziy bank prognozlariga ko‘ra, umumiy inflyatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida 5% lik targetgacha pasayadi va 2028−2029-yillarda ushbu darajada barqarorlashadi. Bazaviy inflyatsiyaning esa 2027-yilda 4−5% gacha tushishi kutilmoqda.

Bunga avvalgi yillarda energiya resurslari va kommunal xizmatlar tariflari oshishining bevosita ta’siri tugashi, qat’iy pul-kredit sharoitlari, tashqi narx bosimining yumshashi va ichki taklif imkoniyatlarining kengayishi yordam beradi.

Qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanadi

Asosiy ssenariyga ko‘ra, 2026−2027-yillarda pul-kredit sharoitlari qat’iy darajada saqlanadi. 2027-yilda pul bozoridagi UZONIA stavkasining real hisobda 6−7% atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Bu ichki talab o‘sishini muvozanatlashtirish, inflyatsion kutilmalarni pasaytirish, milliy valyutada jamg‘arish jozibadorligini saqlash hamda narxlar o‘sishining ikkilamchi ta’sirini jilovlashga xizmat qiladi.

Inflyatsiya maqsadli ko‘rsatkich atrofida barqarorlashib, inflyatsion bosimi pasayishi uchun yetarli sharoit yuzaga kelgan taqdirda, pul-kredit siyosatini bosqichma-bosqich neytral darajaga yaqinlashtirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Aksincha, inflyatsion bosim kuchaysa yoki ikkilamchi ta’sirlar kutilganidan yuqori bo‘lsa, qat’iy sharoitlar uzoqroq muddat saqlanishi mumkin.

Muqobil ssenariylar

Markaziy bank asosiy ssenariydan chetlanishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashqi va ichki xatarlarni ham alohida baholadi. Ular qatoriga asosiy savdo hamkorlari valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi, jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi hamda banklar o‘rtasidagi raqobat kuchayishi hisobiga kreditlashning jadallashuvi kiritilgan.

Ushbu omillar yuzaga kelgan taqdirda, inflyatsiya asosiy ssenariyga nisbatan yuqori bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda pul-kredit siyosati qayta ko‘rib chiqilib, inflyatsiyani o‘rta muddatli istiqbolda 5% lik maqsadli darajaga qaytarishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Pul-kredit siyosatini takomillashtirish rejalari

2027−2029-yillarda Markaziy bank pul-kredit siyosati transmissiyasini kuchaytirish va uning institutsional asoslarini mustahkamlashga e’tibor qaratadi. Jumladan, uzoq muddatli tamoyillar va ustuvor vazifalarni belgilash uchun Pul-kredit siyosati strategiyasi ishlab chiqiladi. Uni amaliyotga joriy etish bo‘yicha alohida yo‘l xaritasi shakllantirilib, ijrosi muntazam kuzatib boriladi.

Shuningdek, bank tizimi likvidligini boshqarish va operatsion mexanizmni takomillashtirish, foiz koridorini qayta ko‘rib chiqish, garov aktivlariga yagona mezonlarni joriy etish hamda UZONIAning pul bozoridagi benchmark rolini kuchaytirish rejalashtirilgan.

Islomiy banklar uchun shariat tamoyillariga muvofiq likvidlikni jalb qilish va taqdim etish instrumentlarini ishlab chiqish hamda joriy etish ishlari ham davom ettiriladi.

Bundan tashqari, Markaziy bank makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimini, jumladan, choraklik prognoz modelini modernizatsiya qiladi. Muqobil ssenariylar va ehtimoliy prognozlash usullaridan foydalanish kengaytiriladi. Bu noaniqliklarni chuqurroq hisobga olish va pul-kredit siyosati qarorlarini asosli qabul qilish imkonini beradi.

Pul va moliya bozori infratuzilmasini rivojlantirish, derivativlar bozorini kengaytirish, foiz va valyuta xatarlarini xedjirlash instrumentlarini kengaytirish hamda ichki valyuta bozori likvidligi va samaradorligini oshirish ham ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan.

Markaziy bank pul-kredit siyosati bo‘yicha qarorlar, inflyatsiya prognozlari va mavjud xatarlarni jamoatchilikka tushunarliroq yetkazish maqsadida kommunikatsiya strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ham ishlab chiqadi.

O‘zbekistonda $5 mln lik xalqaro startaplar tanlovi o‘tkaziladi

0

O‘zbekistonda umumiy mukofot jamg‘armasi $5 mln bo‘lgan xalqaro startaplar tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Tanlov 2027-yil aprel oyidan boshlab har yili beshta yo‘nalishda o‘tkaziladi. G‘olib deb topilgan 25 ta jamoaning har biriga “chuqur o‘rganish” (due diligence) jarayonidan so‘ng $200 minggacha investitsiya ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktabrdagi 593-son qarori bilan “Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovi joriy etildi. Tanlovning umumiy mukofot jamg‘armasi $5 mln ni tashkil etadi.

Hujjat prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijiy startap loyihalari va ularning ta’sischilarini O‘zbekistonga keng jalb etish, texnologiyalar transferini faollashtirish hamda respublikani mintaqaning startaplar xabiga aylantirishdan iborat.

Tanlov 2027-yil aprel oyidan boshlab har yili quyidagi beshta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi:

  • sun’iy intellekt texnologiyalari;
  • ijtimoiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalar — ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlari;
  • moliyaviy texnologiyalar;
  • kreativ industriya hamda kompyuter va mobil o‘yin dasturlari;
  • B2B va industriya yo‘nalishidagi yechimlar.

Qaror bilan IT Park faoliyatini tartibga soluvchi nizomga ham o‘zgartirishlar kiritildi. IT Park rezidentlarining avtomatlashtirish yo‘nalishida ishlab chiqilgan hisobga olish o‘lchov vositalarini soliq organlari tizimlariga majburiy integratsiya qilish talabi bekor qilinadi.

Shuningdek, rezidentlar IT Park direksiyasiga soliq va statistik hisobotlar hamda IT kurslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.

Shu bilan birga, IT Park rezidentlari faoliyat turlari ro‘yxatiga yangi yo‘nalishlar kiritiladi. Ular qatoriga IoT va sun’iy intellekt qurilmalari, mikro- va nanoelektronika, intellektual robotlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, shuningdek, biznes-farishtalar klublari faoliyati kiradi.

Mazkur o‘zgarishlar startaplar ekotizimini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonga xorijiy texnologik kompaniyalarni jalb etishga qaratilgan.

O‘zbekistonda 1-noyabrdan nimalar o‘zgardi?

0

Spot noyabr oyidan boshlab kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar hamda muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.

Poytaxtda isitish va issiq suv tariflari 30% ga oshirilishi mumkin

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ishlab chiqqan qaror loyihasi bilan Toshkentda isitish va issiq suv tariflarini qariyb 30% ga oshirish taklif etildi. Bu bo‘yicha muhokamalar 28-oktabr kuni yakunlangan. Uni hukumat tasdiqlashi kerak.

Loyihaga ko‘ra, markaziy isitish tarifi kuniga 1 kvadrat metr uchun 241,44 so‘mdan 314 so‘mga, hisoblagichli issiq suv narxi esa 1 kub metr uchun 8 928,67 so‘mdan 11 607 so‘mga ko‘tarilishi mumkin.

Aholi uchun 1 Gkal issiqlik energiyasi narxini 156 643 so‘mdan 203 636 so‘mga oshirish taklif etilgan. Biroq hisoblagichsiz issiq suv uchun oylik to‘lov bir kishi uchun 52 303 so‘mdan 45 330 so‘mga kamayishi mumkin.

Bundan tashqari, aholi uchun isitish tariflarini har yili 10% ga oshirib borish ko‘zda tutilgan. 2028-yildan boshlab aholi uchun markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini har yili 1-maydan inflyatsiyaga qarab indeksatsiya qilish taklif etildi.


Aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravarga oshishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi suyultirilgan gazning aholi uchun chakana narxini 1-noyabrdan bir kilogramm uchun 2 000 so‘mdan 5 000 so‘mga oshirishni taklif qildi. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, jarayon 28-oktabr kuni yakunlandi.

Loyihaga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarga xarid qilingan gazning har kilogrammi uchun 3 000 so‘m kompensatsiya beriladi. To‘lov oyiga ko‘pi bilan 20 kg gaz uchun, ya’ni 60 ming so‘mgacha bo‘ladi. Yordam Ijtimoiy reyestrdagi oilalar va belgilangan mezonlarga mos boshqa ehtiyojmand oilalarni qamrab oladi.

Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, kompensatsiya taxminan 220 ming abonentga berilishi, buning uchun 158 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2027-yil 1-maygacha gaz narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha takliflar kiritilishi ko‘zda tutilgan.


Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam beriladi

Noyabr oyida isitish mavsumida aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.

Yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, shuningdek, Mahalla yettiligi xulosasi va elektron tekshiruv asosida ehtiyojmand deb topilgan xonadonlarga beriladi. Bunda oilaning daromadi, mol-mulki va avtomobili mavjudligi hisobga olinadi. Yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yetim bolalar yashaydigan oilalar ham yordam oluvchilar qatoriga kiradi.

Qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilganda boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan a’zosi yoki uzoq muddatli davolanishga muhtoj shaxsi bor, shuningdek, bir xonadonda uch va undan ortiq oila yashaydigan oilalarga ustuvor e’tibor qaratiladi.

Mablag‘lar 2026-yil 30-noyabrgacha Baraka ijtimoiy kartalariga o‘tkaziladi. Yordam olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini yoki tuman Inson ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilish mumkin.


Pensionerlarga bank kartasi Face ID orqali ochiladi

Markaziy bank joriy yilning 1-noyabridan pensionerlarga bank kartasi ochish bilan bog‘liq xizmatlarni fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) orqali amalga oshirish tartibini joriy etadi.


Ayrim fuqarolarga pensiya avtomatik tayinlanadi

Yoshga doir pensiya umumiy belgilangan pensiya yoshidan ikki yil oldin avtomatik tayinlanadi. Buning uchun fuqaroning murojaat qilishi talab etilmaydi. Ushbu chora korxona qisqartirilishi yoki yopilishi sababli ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarga taalluqli.

Bunday holatda ishdan bo‘shatilgan erkaklarga 58 yoshdan, ayollarga esa 53 yoshdan pensiya tayinlanadi. Shu bilan birga, fuqaro pensiyani avtomatik tayinlashdan bosh tortish huquqiga ega.

Bundan tashqari, zararli ishlab chiqarishlarda ishlagan xodimlar va muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqiga ega boshqa fuqarolar imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkin.


Biznes uchun elektr va gazga oldindan to‘lov 15% gacha kamaytiriladi

1-noyabrdan boshlab Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) hamda Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga (TGNHAT) ulangan, masofadan o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega hisoblagichlari bo‘lgan tadbirkorlar uchun yangi tartib joriy etiladi.

Unga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun oldindan to‘lov miqdori amaldagi 100% o‘rniga 15% etib belgilanadi. Oxirgi ikki oyda to‘lov intizomini buzgan tadbirkorlarga bu tartib tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, elektr energiyasi va gaz sarfi to‘g‘risidagi yozma hisobotlarni hududiy elektr va gaz ta’minoti korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi.

Bundan tashqari, elektr va gaz bilan ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomalarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish tartibi bekor qilinib, ular elektron shaklda tuziladi.


Chet eldan keladigan jo‘natmalar uchun bojxona yig‘imi 20% ga kamaytiriladi

Xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun yig‘im har bir kilogramm og‘irlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2% idan 1,6% igacha kamaytiriladi. Ya’ni bu bir kilogramm uchun 8 800 so‘mdan 7 040 so‘mga pasayadi.

Masalan, 5 kg og‘irlikdagi posilka uchun yig‘im 44 ming so‘mdan 35,2 ming so‘mga, 10 kg jo‘natma uchun esa 70 ming so‘mga kamayadi.

Ushbu to‘lov xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxonada rasmiylashtirish uchun undiriladi. U shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish limitidan ortiq qismiga to‘lanadigan yig‘imlarga aloqador emas.


Yashil issiqxonalarga elektr energiyasi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha issiqxona xo‘jaliklari elektr energiyasi xarajatlarining 50% i miqdorida kompensatsiya olishi mumkin. To‘lovlar oktabrdan martgacha bo‘lgan davr uchun beriladi.

Imtiyoz issiqlik nasoslari, geotermal va quyosh energiyasida ishlaydigan isitish tizimlari, shuningdek, yuqori samarali elektr uskunalaridan foydalanadigan issiqxonalarga tatbiq etiladi.

Toshkent viloyatining beshta — Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqorichirchiq tumanlaridagi issiqxona xo‘jaliklariga energiya tejovchi uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 40% i ham qoplab beriladi. Bunday kompensatsiya miqdori 100 mln so‘mdan oshmaydi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha jami daromadining kamida 60% ini issiqxona faoliyatidan oladigan tadbirkorlar uchun yer va mol-mulk soliqlari ikki baravar kamaytiriladi, aylanmadan olinadigan soliq esa bekor qilinadi.


Abonent roziligisiz reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlar yuborish taqiqlanadi

Mobil aloqa orqali reklama tarqatishning yangi tartibi joriy etiladi. Endilikda tovar va xizmatlarni taklif yoki reklama qiluvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar SMS-xabar yoki reklama qo‘ng‘iroqlarini faqat abonentning yozma yoki elektron roziligini olgandan keyingina yuborishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini yuborish xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina tegishli xizmatlarni ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yiladi.

Bundan tashqari, telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18:00 dan 09:00 gacha reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarini tarqatish taqiqlanadi. Mobil aloqa operatorlari esa abonent talabiga ko‘ra o‘zlari yuboradigan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarni to‘liq yoki qisman bloklash imkoniyatini ta’minlashi shart bo‘ladi.

Mazkur talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.


Banklar kredit reklamalari va shartnomalarida xavflar haqida ogohlantiradi

Markaziy bank banklar uchun yangi talablarni tasdiqladi. Noyabrdan boshlab ular reklama materiallari va kredit shartnomalarida kreditni to‘lay olmaslik xavfi haqida ogohlantirish joylashtirishi kerak bo‘ladi.

Bosma va elektron vizual reklamalarda ogohlantirish reklama maydonining kamida 10% ini egallashi lozim. Audio va videoreklamalarda esa ogohlantirish uchun tegishli vaqt ajratiladi. Kredit shartnomasida ogohlantirish asosiy matndan oldin, birinchi sahifada joylashtiriladi va sahifa maydonining kamida 30% ini egallashi kerak.

Ogohlantirishda kredit to‘lovi kechiktirilishining mumkin bo‘lgan oqibatlari, jumladan, qarz miqdorining oshishi, qarzni majburiy undirish, mol-mulkka undiruv qaratilishi, hisobvaraqlardagi mablag‘larning xatlanishi, sud yoki davlat ijrochisi qarori bilan O‘zbekistondan chiqishga cheklov qo‘yilishi hamda kredit tarixining yomonlashishi qayd etiladi.

Bundan tashqari, taklif etilayotgan kredit mahsuloti iste’molchini chalg‘ituvchi deb topilsa, bu moliyaviy tashkilotlarga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llash uchun asos bo‘ladi.


Ko‘chat ekish mavsumi boshlanadi

O‘zbekistonda noyabr oyida Yashil makon dasturi doirasida daraxt ekish mavsumi boshlanadi. Oktabr oyida hududlarda yashil zonalar tashkil etish uchun joylar tanlandi, yerlar tayyorlandi hamda ko‘chat va butalar zaxirasi shakllantirildi.

Daraxt ekish muddatlari hududlarga qarab farq qiladi: Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ishlar 1-noyabrdan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 5-noyabrdan, Toshkent va qator boshqa hududlarda 10-noyabrdan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida esa 20-noyabrdan boshlanadi.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2027-yildan boshlab mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish uchun har yili 100 mlrd so‘m ajratiladi. Mablag‘lar ko‘chatlar xarid qilish, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, o‘g‘itlar hamda sug‘orish uskunalariga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, ekologik qoidabuzarliklar uchun undiriladigan jarimalarning 90% i mahallalarga beriladi.


Rieltorlar faoliyati to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kiradi

8-noyabrdan riyeltorlik faoliyati to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kiradi.

Endilikda riyeltorlar malaka sertifikatiga ega bo‘lishi kerak. Sertifikatni o‘qishni tamomlab, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga professional birlashmalar beradi.

Rieltor faqat riyeltorlik tashkiloti tarkibida va sertifikatga ega bo‘lgan taqdirdagina ishlashi mumkin. Tashkilot ham, riyeltor ham yagona reyestrga kiritilishi shart. Reyestrga kiritilmagan holda faoliyat yuritishga ruxsat berilmaydi.

Rieltorlar ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarda vositachilik qilishi, savdolarni tashkil etishi va ko‘chmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarishi mumkin. Ushbu sohani Davlat aktivlarini boshqarish agentligi nazorat qiladi.


YPXga jamoat tartibini saqlash, PPXga yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha yangi vakolatlar beriladi

Ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi ish tizimiga o‘tkaziladi. Jumladan, gastronomik ko‘chalarda jamoat tartibini tun-u kun patrul-post xizmati bo‘linmalari hokimliklar bilan tuzilgan shartnomalar asosida ta’minlaydi. Shuningdek, ular 112 tizimi orqali kelib tushgan turar joylardagi jinoyat va hodisalar haqidagi xabarlarga tezkor javob qaytaradi.

Bundan tashqari, ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini buzgan shaxslarning kelgusidagi tadbirlarga kirishi vaqtincha cheklanadi.

Patrul-post va qo‘riqlash xizmati xodimlari chorrahalar, markaziy ko‘chalar, bozorlar, savdo majmualari, maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinidagi tirbandliklarni bartaraf etishi, shuningdek, yo‘llardagi huquqbuzarliklarga munosabat bildirishi mumkin bo‘ladi.

O‘z navbatida, YPX xodimlariga ko‘chalar va jamoat joylarida jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olish, huquqbuzarlarni ushlash hamda belgilanmagan joylarga maishiy va qurilish chiqindilarini tashlash, suyuq maishiy chiqindilarni oqizish va jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste’mol qilish uchun jarima solish vakolati beriladi.


Kamar taqmagan haydovchilarni xususiy kameralar ham aniqlay boshlaydi

Endi tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan radar va kameralar ham xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni qayd etishi mumkin.

Buning uchun kameralar haydovchining yuzini hamda xavfsizlik kamarini taqmaganini aniq ko‘rsatadigan sifatli suratga olishi kerak. Olingan suratlar esa avtomatik ravishda tegishli bazaga yuboriladi.


Chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida chiziqni bosgan haydovchilar jarimaga tortilmaydi

Chorrahagacha 50 metr, qayrilib olish joylarigacha 20 metr masofada 1.1 (bir yaxlit) va 1.3 (ikkita yaxlit) yo‘l yotiq chiziqlarini bosib harakatlanish uchun yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmaydi.

Biroq qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimlarini ajratib turuvchi 1.1 va 1.3 chiziqlarini bosib o‘tish holatlari bundan mustasno. Bunday holatlarda inspektorlar qoidabuzarlikni rasmiylashtirishi mumkin.


Qozog‘istonga borish uchun elektron ruxsatnoma talab qilina boshlaydi

Qozog‘iston vizasiz kiradigan xorijiy fuqarolar uchun QazETA elektron ruxsatnoma tizimini bosqichma-bosqich joriy etmoqda.

1-noyabrdan ruxsatnomalar Aqtau aeroporti va to‘rtta avtomobil o‘tkazish punktida tekshiriladi.

2027-yildan Ostona va Olmaota aeroportlarida ham tekshiruv boshlanadi, mart oyidan esa barcha boshqa chegara punktlariga tatbiq etiladi.

Kelasi yil 1-iyulgacha ruxsatnomasiz ham mamlakatga kirishga ruxsat beriladi. Bu davrda chegarachilar faqat yangi talablarni tushuntiradi. Ushbu sanadan keyin esa elektron ruxsatnoma majburiy bo‘ladi.

Hujjatni safardan kamida 72 soat oldin onlayn rasmiylashtirish kerak. Buning uchun raqamli identifikatsiyadan o‘tish talab etiladi. Ruxsatnoma bepul beriladi.


Tibbiyot sohasida Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi tashkil etiladi

15-noyabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi “Tibbiy ta’limda o‘quv resurslarini yaratish va rivojlantirish markazi” davlat muassasasi faoliyati tugatiladi.

Uning o‘rnida davlat muassasasi shaklidagi Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi tashkil etiladi. Yangi markaz tibbiyot sohasida uzluksiz kasbiy ta’lim bo‘yicha mahalliy akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi.


Ro‘yxatdan o‘tmagan master-rejalar asosida qurilish qilish taqiqlanadi

1-noyabrdan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi master-rejalarning yagona elektron reyestrini yuritadi. Ularning raqamlashtirilgan nusxalari ham qo‘mitada saqlanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, reyestrdan o‘tkazilmagan master-rejalarni amalga oshirish, shuningdek, ular asosida shaharsozlik, qurilish, investitsiya va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydi.