Bosh sahifa Blog Sahifa 3

OTMga qabulda 6-yo‘nalishni tanlash imkoniyati ochiladi

0

2026/27 o‘quv yilidan abituriyentlarga oltinchi ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati ham beriladi. Bu amaliyotni keyingi haftadan boshlash rejalashtirilgan.

Oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalari e’lon qilindi. 18-avgust kuni Oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida qabul natijalari, o‘tish ballari, sertifikat va imtiyozlar, yotoqxona masalasi hamda kelgusidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. Kun.uz anjumanda yangragan eng muhim raqam va yangiliklarni keltirib o‘tadi.

Joriy yilda davlat granti bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt asosida esa 93,7 ballni tashkil etdi. O‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan.

Qabul jarayonida sertifikatga ega abituriyentlar soni ham sezilarli bo‘lgan. Joriy yilda 193 ming nafar abituriyent umumta’lim fanlari, yana 125 ming nafari chet tillari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan.

Vazirlik vakili kelgusida sertifikatga ega abituriyentlarga maksimal ball berish tartibi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirdi.

Oltinchi yo‘nalish ochiladi

2026/27 o‘quv yilidan abituriyentlarga oltinchi ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati ham beriladi. Ushbu amaliyotni avgust oyining keyingi haftasidan boshlash rejalashtirilgan.

“Oltinchi yo‘nalishda qayerda vakant qolgan bo‘lsa va bu yo‘nalish abituriyentning fanlar majmuasiga mos bo‘lsa – tanlash imkoniyati ochib beriladi. Buni keyingi haftaga reja qilyapmiz”, – dedi vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov.

Abituriyentlar bilimi oshdi

Joriy o‘quv yilida minimal o‘tish balli (maksimal ballning 30 foizi) – 56,7 balldan kam natija to‘plagan abituriyentlar 233 935 nafarni, ya’ni jami abituriyentlarning 37,54 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda izchil pasayib bormoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda OTMga hujjat topshirayotganlar soni ham sezilarli qisqargan.

O‘qishdan chetlashtirish ko‘paydi

Vazirlik matbuot anjumanida talabalarning o‘qishdan chetlashtirilishi bilan bog‘liq masalaga ham to‘xtaldi. Vazirlik vakiliga ko‘ra, kelgusida o‘qishdan chetlashtirilgan talabalar statistikasi yuritilishi, shuningdek, “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali ta’lim tizimi samaradorligini baholash rejalashtirilmoqda.

Yotoqxonada yashaydigan talabalar yaxshiroq o‘qishi aniqlandi

Vazirlik o‘tkazgan tahlilda talabalar turar joyida yashaydigan talabalar o‘z uyida yoki ijarada yashaydiganlarga nisbatan yaxshiroq o‘zlashtirishi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, sertifikat bilan o‘qishga kirgan talabalarning o‘zlashtirishi ham tahlil qilingan. Unga ko‘ra, ularning 60 foizga yaqini a’lo baholarga, 40 foizga yaqini yaxshi baholarga o‘qiyotgani ma’lum bo‘lgan.

Imtiyoz asosida qabul qilingan talabalar orasida esa xotin-qizlarga berilgan imtiyozlar asosida o‘qishga kirganlar yuqori natija ko‘rsatayotgani aytildi.

OTMlarga berilgan akademik va moliyaviy mustaqillik tufayli joriy yilda kontrakt va superkontrakt miqdorlarini oliy ta’lim muassasalarining o‘zi belgilaydi.

Superkontrakt asosida o‘qishni rejalashtirayotgan abituriyentlar o‘quv yili boshlanishi bilanoq darslarda ishtirok etishlari mumkinligi ma’lum qilindi.

1-kurs talabalari uchun darslar 7 sentyabrdan, yuqori kurslar uchun 14 sentyabrdan boshlanadi

0

Oliy ta’lim vazirligi yangi o‘quv yilining boshlanish sanasini e’lon qildi.

2026/27 o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2 sentyabrdan boshlanadi.

Oliy ta’lim tashkilotlarida esa 1-bosqich talabalari uchun 7 sentyabrdan boshlab, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun 14 sentyabrdan boshlab o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

Anjumanda mamlakatimizning barcha hududlaridan, shu jumladan, tuman studiyalaridan 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.

Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazish anʼanasi yoʻlga qoʻyilganidan buyon biznes rivojiga toʻsiq boʻlgan minglab masalalarga yechim topildi. Bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi.

– Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining oʻzida daromadli qilish uchun! – dedi Prezident.

Oʻtgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion soʻmga yetdi. Korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi ham 3 karra koʻpaydi.

Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga, xizmatlar hajmi 1 trillion soʻmdan oshgan tumanlar 41 tadan 152 taga koʻpaydi. Milliy brendini yaratgan, mamlakat boʻylab filiallar ochgan tadbirkorlar safi kengaydi.

Prezidentimiz soʻnggi yillarda Xorazmda ham tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi. Qisqa davrda viloyatga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi. Bugun viloyat iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda, eksportda uning ulushi 81 foizga yetdi.

Jahondagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga oʻsdi. Xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren kredit reytingini yaxshiladi.

Davlatimiz rahbari bu natijalar, eng avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini qayd etdi.

Muloqotda tadbirkorlar koʻtargan masalalar asosida beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha yangi tashabbuslar eʼlon qilindi.

Birinchi yoʻnalish – tadbirkorlik uchun barqaror oʻsish trayektoriyasini taʼminlash.

Kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirishning yangi tizimi yaratiladi. “Kredit xizmatlari yagona raqamli portali” orqali tadbirkor bitta ariza bilan banklarning takliflarini olishi, biznesni endi boshlayotganlar esa 5 milliard soʻmgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin boʻladi.

Biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratilib, yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganlar uchun “Biznes lift”, yangi oʻsish bosqichiga oʻtayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.

“Biznes start” doirasida tadbirkorlarga sunʼiy intellekt yordamida loyiha va kredit hujjatlarini tayyorlash, hisobot yuritish oʻrgatiladi. Tayyor biznes-reja va 200 million soʻmgacha garovsiz kredit berish yoʻlga qoʻyiladi.

– Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qoʻllab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Kichik biznes uchun garov masalasini yengillashtirish maqsadida “kontr-kafolat” tizimi joriy qilinadi. 10 milliard soʻmgacha kreditda tadbirkorning oʻziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.

Ikkinchi yoʻnalish – hududlarda biznes imkoniyatlarini kengaytirish.

Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Qiymatning yarmini toʻlagan tadbirkor qolgan qismini 7 yilda foizsiz boʻlib toʻlashi mumkin boʻladi.

Auksionga chiqariladigan yer uchastkalari qurilish uchun zarur hujjatlar bilan “tayyor paket” shaklida savdoga qoʻyiladi.

Banklar balansidagi 9 trillion soʻmlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlangʻich toʻlovsiz va foizsiz boʻlib toʻlash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.

Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalarining bir qismida “Bond sanoat zonalari” tashkil etiladi. Ularda mahalliylashtirish, R&D, laboratoriya va muhandislik xizmatlari yagona zanjirda yoʻlga qoʻyiladi.

Energiya va gaz uchun 100 foiz oldindan toʻlov talabi ham qayta koʻrib chiqiladi. ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, toʻlov intizomiga rioya qilayotgan korxonalar uchun avans 15 foiz etib belgilanadi.

Uchinchi yoʻnalish – “sunʼiy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish.

– Bugun qaysi tadbirkor qoʻshilgan qiymatni koʻpaytirsa, sunʼiy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx boʻyicha izlansa, ertangi bozor uniki, – dedi Prezidentimiz.

“10 ming korxona uchun – sunʼiy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi. Korxonalarning sunʼiy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Yangi mahsulot uchun model yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoni beriladi.

Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi.

Mahalliy korxonalarni kapital bozoriga olib chiqish uchun akseleratsiya dasturi yoʻlga qoʻyilib, har yili 50 ta yirik korxona IPOga tayyorlanadi.

Yirik investitsiya loyihalarida kadr tayyorlash komponenti majburiy boʻladi. Urganchda yoʻlga qoʻyilgan kasbga tayyorlash tajribasi barcha hududlarga tatbiq etilib, 1 million yoshni zamonaviy kasblarga oʻrgatish maqsad qilingan.

Toʻrtinchi yoʻnalish – eksport salohiyatini oshirish va milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish.

Tashqi bozorga chiqishning barcha bosqichlarida kompleks xizmat koʻrsatadigan “Eksport navigator” tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Xorijda talab yuqori boʻlgan 100 ta mahsulot roʻyxati shakllantirilib, har biri boʻyicha bozor, tarif va logistika yechimlari ishlab chiqiladi.

Ikki mingta korxonaning ishlab chiqarish jarayoni tashqi bozor talablariga moslashtiriladi. Tadbirkorlarga xorijiy brendmeyker jalb qilish, milliy brendni tashqi bozorda targʻib qilish, marketpleys va xalqaro tenderlarda ishtirok etish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Eksportchilarni qoʻllab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yoʻnaltiriladi.

– Bugun dunyoda bozor uchun kurash kun sayin kuchayib boryapti. Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon oʻzini yolgʻiz his qilmasligi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Asosiy va istiqbolli tashqi bozorlarda “eksport elchilari” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Eksportda valyuta tushumi muddatlari uzaytirilib, ayrim cheklovlar bekor qilinadi.

Beshinchi yoʻnalish – biznesga maʼmuriy bosimni keskin kamaytirish.

– Iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yoʻl koʻrsatib, toʻgʻri ishlashga oʻrgatish orqali boʻlishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Kichik biznesda inson sogʻligʻi va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy eʼlon qilinadi.

Ixtiyoriy profilaktik auditdan oʻtgan oʻrta va yirik biznesda kamchiliklar bartaraf etilsa, jarima qoʻllanmaydi. Barcha turdagi jarimalar miqdori oʻrtacha 2 barobar kamaytiriladi.

Kelasi yildan tadbirkor va davlat oʻrtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” hamda “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi.

Tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining yarmi “sukut – rozilik” tamoyiliga oʻtkaziladi. 30 dan ziyod faoliyat turi boʻyicha litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, yana 35 tasini berish muddati qisqartiriladi.

Oziq-ovqat eksporti uchun talab etiladigan bir nechta ruxsatnoma oʻrniga yagona “Salomatlik sertifikati” joriy etiladi.

Muloqotda turizm sohasidagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari ham belgilandi.

Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million dollar resurs ajratiladi. Uch, toʻrt va besh yulduzli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga, yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlar 2030-yilgacha uzaytiriladi.

Turoperatorlarning xorijlik sayyohlarga koʻrsatgan xizmati eksportga tenglashtiriladi. Turistik avtobus va elektrobuslarni olib kelish boʻyicha imtiyozlar ham davom ettiriladi.

Muloqot yakunida iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha asosiy marralar belgilab berildi.

– Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yanada yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy oʻsishni saqlab qolishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yil yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish vazifasi qoʻyildi.

Har bir hududning salohiyatidan kelib chiqib yangi oʻsish nuqtalari belgilab berildi. Toshkentda eksportga yoʻnaltirilgan biznes, Fargʻona vodiysida toʻliq zanjirli sanoat, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlarini rivojlantirish vazifasi qoʻyildi.

Navoiy va Toshkent viloyatida togʻ-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosi, Qoraqalpogʻistonda “yashil” energetika, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt, Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari asosiy oʻsish nuqtalari etib belgilandi.

Ochiq muloqot davomida Prezidentimiz tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini tingladi.

– Yurtimizda zamonaviy fikrlaydigan, oʻz biznesini kengaytirish uchun yangilikka intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda.

Hech qachon oldinga intilishdan, oʻsishdan, rivojlanishdan, yangilik qilishdan toʻxtamang! Sizlarning ortingizda doimo qoʻllab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni roʻyobga chiqarishda yelkadosh boʻlgan Prezident bor! – dedi davlatimiz rahbari uchrashuv yakunida.

O‘zbekistonda go‘zallik salonini ochish qanchaga tushadi? O‘zbechka asoschisi bilan suhbat

0

Anastasiya Shirokova sartaroshlik faoliyatini 16 yoshida boshlagan. Bugun esa u Toshkent markazida joylashgan, 60 kishilik jamoani birlashtirgan O‘zbechka go‘zallik saloniga rahbarlik qiladi.

Shirokova salon nomini bejizga tanlamagan: “o‘zbek qizi” deganda u millatni emas, balki kelib chiqishidan qat’i nazar, O‘zbekistonda yashaydigan, o‘ziga ishongan va o‘ziga oro berishni qadrlaydigan zamonaviy ayol obrazini ifodalaydi.

Birinchi salon Abdulla Qodiriy ko‘chasida ochilgan, 2025-yil avgust oyida esa loyihaning ikkinchi filiali Mirabad Avenue’da ish boshlagan. Ayni paytda O‘zbechka yanada kattaroq filial ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Salonda turli yo‘nalishdagi ustalar faoliyat yuritadi va soch kesish hamda bo‘yashdan tortib, manikyur va pardozgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlar taklif etiladi.

Spot’ga Anastasiya qanday qilib investorlarsiz biznes qurgani, jarayonlarni tizimlashtirish hamda 60 kishilik jamoani boshqarish sirlari haqida so‘zlab berdi.


Sohaga ilk qadam

O‘shanda 16 yoshda edim. Maktabni bitirgach, yozgi ta’tilni o‘tkazish uchun Sankt-Peterburgdagi buvimnikiga bordim. Bo‘sh vaqtim ko‘p bo‘lgani uchun biror ijodiy kasbni o‘rganishni xohlardim. Dastlab gulchilik bo‘yicha o‘qimoqchi bo‘ldim. Har doim gullar bilan ishlash, guldastalar yasash va chiroyli narsalar yaratish yoqardi. Ammo kurslarda bo‘sh joy qolmagan ekan.

Shunda sartaroshlikni o‘rganib, o‘zimni bu yo‘nalishda sinab ko‘rishga qaror qildim.

Buvim buni qo‘llab-quvvatlaganlar. Ularning fikricha, bu yosh qiz uchun har qanday holatda ham foydali ko‘nikma bo‘ladi: sochni parvarish qilishni o‘rganaman, chiroyli turmaklar qilaman va yozni qiziqarli o‘tkazaman. Hech kim bu mashg‘ulot keyinchalik kasbim va bir umrlik ishimga aylanishini xayoliga ham keltirmagandi.

Kursga qatnay boshlaganimda, bu menga juda yoqishini tezda tushundim. O‘qishni yakunlayotganimda ustozimning bir gapi xotiramga muhrlanib qoldi: “16 yoshdan ish boshlasang, 20 yoshda 4 yillik tajribaga ega, mijozlari ko‘p yosh mutaxassisga aylanasan”. Bu gap katta motivatsiya berib, ko‘zlarimda haqiqiy ishtiyoq o‘tini yoqqan. Shundan beri sartaroshlik sanʼatida uzluksiz rivojlanish asosiy maqsadimga aylangan.

Kurslardan so‘ng Sankt-Peterburgda qolishga qaror qildim. O‘zbekistonda 9-sinfdan keyin kollejda o‘qish majburiy bo‘lgani uchun sirtqi ta’limga o‘tib, darhol ish qidirishga tushdim. Ammo bu oson kechmadi: 16 yoshli tajribasiz qizni hech kim ishga olgisi kelmasdi.

Lekin, omadim keldi, deb aytishim mumkin. Uyimizning yonginasida tanishlarimizning kichkina saloni bo‘lardi, meni o‘sha joyga olishdi. Hatto menga atab maxsus aksiya o‘ylab topishdi: tushgacha pensionerlarning sochini bepul kesardim. Shu tariqa mahoratimni oshirib, bebaho tajriba orttirdim.

O‘shanda sartaroshlik naqadar murakkab hunar ekanini anglab yetdim. Bu sohada shunchaki qaychi ushlashni o‘rganishning o‘zi kifoya qilmas ekan. Bunda siz soch tuzilishini tushunishingiz, uning shakl va geometriyasini, har bir odamning o‘ziga xos xususiyatlarini his qilishingiz kerak. Qolaversa, barcha insonlar bir-biridan tubdan ajralib, har biriga o‘zgacha yondashish kerak. Buni faqat darsliklar orqali o‘rganib bo‘lmaydi — buning uchun doimiy amaliyot kerak.

Shu bilan birga o‘qishni ham davom ettirdim. O‘sha yillari Rossiyada go‘zallik industriyasi juda faol rivojlanib, omadim kelgandi. Doimiy ravishda yangi kurslar va mahorat darslariga qatnab, malakamni oshirib bordim va asta-sekin mutaxassis sifatida o‘sib bordim.

Vaqt o‘tishi bilan salonlarni o‘zgartira boshladim. Kasbiy o‘sishim bilan birga ishlagan joylarim ham o‘zgarib bordi. Doim rivojlanishni xohlaganim uchun yanada yuqori toifadagi salonlarga o‘tdim. Topgan-tutganimning deyarli barchasini o‘qishimga sarflardim. Italiya, Turkiya, Germaniyaga ham o‘qishga bordim. Menimcha, dunyoning deyarli barcha mashhur sartaroshlaridan ta’lim olganman. Bu men uchun shunchaki kurslar bo‘lmagan. Har bir yangi ko‘nikma usta sifatida meni kuchliroq qilishini tushunardim.

Biznesdagi birinchi qadamlar

Keyinchalik O‘zbekistonga qaytib, go‘zallik saloniga ishga kirdim. Ko‘p o‘tmay katta mijozlar bazasiga ega bo‘ldim. Ish jadvalim juda tig‘iz edi, asta-sekin yosh ustalar menga murojaat qilib, kasb o‘rgatishimni so‘ray boshlashdi. Avval bir qizga, keyin esa ikkinchisiga hunar o‘rgatdim.

O‘sha paytda go‘zallik salonida kichik xonani ijaraga olgandim. Aynan o‘sha yerda ilk bor tadbirkorlik qobiliyatim namoyon bo‘ldi. O‘qitishni yakunlagach, birinchi o‘quvchimga birga ishlashni taklif qildim. Mijozlarim ko‘payib ketgani uchun unga: “Mijozlarimning bir qismini senga beraman, sen esa menga ma’lum foiz to‘laysan”, — dedim. U rozi bo‘ldi.

Hali shaxsiy salonim bo‘lmasa-da, shu kichik xonada o‘z biznesimni yo‘lga qo‘ygandim. Avvaliga ikkovimiz ishladik, keyin saflarimizga yana bir o‘quvchim — Mila qo‘shildi. Aytgancha, u bilan hamon birga ishlaymiz. Oradan shuncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, hamkorligimiz uzatilgani yo‘q. Shu tariqa asta-sekin atrofimda do‘stona va ahil jamoa shakllana bordi.

Foto: O‘zbechka

Birinchi shaxsiy salon

2023-yilda ilk salonimizni ochdik va bularning barchasi mutlaqo tasodifiy bo‘ldi. Bir kuni bir tanishim Abdulla Qodiriy ko‘chasidan joy taklif qildi. O‘shanda bu salon qachondir shunchalik kattalashib ketishini tasavvur ham qilmagandim. To‘g‘risini aytsam, avvaliga bu joy yoqmadi. Bungacha doim mijozlarim bo‘lgan shaharning markaziy hududlarida ishlaganman.

Nihoyat, tavakkal qilib, bu joyni ijaraga olishga qaror qildim, chunki odamlar joylashuvga emas, balki o‘zlari ishongan ustaga borishiga to‘liq ishondim. Nazarimda, bu hech qanday katta rejalar bo‘lmagan uy yonidagi kichik go‘zallik saloni bo‘ladi.

Bu yerga birinchi marta kirganimda, devorlar quruq va g‘ishtdan bo‘lak hech narsa yo‘q edi. Ta’mirlash ishlarini o‘zim tashkillashtirdim. Avvaliga birinchi qavatning faqat yarmini ijaraga olishga qaror qilganman.

Xonaning bir tomonini taʼmirlab, ishni yo‘lga qo‘yaman, keyin u yog‘iga bir gap bo‘lar, deb o‘yladim. Taʼmirlash ishlari ketayotgan paytda xonaning ikkinchi qismi ham bo‘sh turganini bilib qoldim — egalari u joyni nima qilishni bilishmasdi. Shunda u qismni ham menga berishlarini so‘radim, faqat biroz keyinroq — moliyaviy imkoniyatim yetganida.

Aynan shuning uchun ham salonni ochish boshida birdaniga katta mablag‘ talab qilmadi. Avvaliga salonning bir qismini ishga tushirib, ishlay boshladim. Topgan ilk daromadlarimizni esa darhol ikkinchi qismni taʼmirlashga sarflardim. Xullas, salon tom maʼnoda o‘z daromadi hisobiga qurib bitkazilgan, desam bo‘ladi.

Qurilishning o‘ziga $15 mingga yaqin sarmoya kiritdim. Ta’mirlash, mebel va asosiy texnikani sotib olishni hisobga olgan holda investitsiyalar $100 mingdan ortiqni tashkil etgan. Lekin bu mablag‘ bir kunda to‘planib qolmagan. Ishni to‘xtatmasdan, hamma narsani bosqichma-bosqich bajara olganimdan xursand edim.

Ko‘p jihatdan omadimiz chopgan, chunki, salon ochilgan paytda mijozlarim soni juda ko‘p edi. O‘sha paytga kelib, 8−9 yillik tajribam bor, qabulimga deyarli 6 oy oldin yozilish kerak edi. Shuning uchun ham salon tezda o‘zini-o‘zi oqlagan. Ta’mirlash haqida gapiradigan bo‘lsak, sarflangan mablag‘ taxminan 6 oy ichida o‘zini oqlagan.

Biznesimizda mavsumiylik bor. Odatda yozda, ayniqsa iyul oyida tashrif buyuruvchilar biroz kamayadi. Issiq, to‘ylar kamroq, ko‘pchilik dam olishga chiqib ketadi. Yil davomida talab qanday o‘zgarishini tahlil qilamiz, ko‘rsatkichlarni ko‘rib chiqamiz va oldindan bilib olamiz.

Asosiy daromadimizni avvalgidek soch kesish va pardozlash olib keladi. Hozirda manikyur yo‘nalishi ham asta-sekin ommalashib bormoqda, ammo u hali rivojlanish bosqichida.

Hozirgi kunda eng katta xarajat ijaradir. Menimcha, bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ikkita asosiy qiyinchilik mavjud — ijara narxining yuqoriligi va kadrlar yetishmasligi. Gap faqat ustalar haqida borayotgani yo‘q. Ba’zida hatto administratorlarga ham oddiy dasturlar, masalan, Excel bilan ishlash bo‘yicha asosiy ko‘nikmalar yetishmaydi.

Birinchi salonni endigina ochganimda, ijaraga beruvchi bilan barcha kelishuvlarni rasmiylashtirmagandik. Bu men o‘rgangan eng katta dars bo‘ldi. Ijaraga beruvchi boshqa shartlarni, men boshqa shartlarni kutgandim. Natijada tushunmovchilik yuzaga keldi, ammo keyinchalik uni hal qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Ushbu voqeadan so‘ng oddiy bir haqiqatni tushundim: barcha kelishuvlar muhokama qilinishi va ish boshida qayd etilishi kerak. Hamma narsa shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lsa, turli talqinlar va ortiqcha nizolarga o‘rin qolmaydi.

O‘zbechka qanday paydo bo‘lgan?

Dastlab to‘liq xizmat ko‘rsatish salonini ochishni o‘ylamagandim. Faqat sochlar uchun joy bo‘lishini xohlagandim. Shuning uchun boshida salonni Soch deb nomlamoqchi bo‘ldim. Ammo keyin o‘ylay boshladim: bir kun kelib yanada rivojlanishni xohlasak nima bo‘ladi? Agar boshqa yo‘nalishlar paydo bo‘lsa, bu nom o‘zini oqlamasligi mumkin.

Natijada aniq bir xizmat turini emas, balki g‘oyani aks ettiradigan chuqurroq nom o‘ylab topishga qaror qildim. Shunday qilib, O‘zbechka brendi paydo bo‘ldi. Men uchun bu nom hech qachon qaysidir millat haqida bo‘lmagan. U O‘zbekistonda yashayotgan ayol obrazidir. Aynan shuni butun bo’y-basti bilan ko‘rsatishni istagandim.

Xorijda kurslarda o‘qiganimda, mendan qayerdan kelganimni ko‘p so‘rashardi. “O‘zbekistondan”, deb javob berganimda esa, odamlar ko‘pincha taajjublanib: “Qayerda u? Afg‘onistonmi? Pokiston? Tojikiston?” — deb so‘rashardi. Shunda ularga mijozlarimning suratlarini ko‘rsata boshlardim.

Va har safar reaksiya bir xil bo‘lardi. Ular ayollarimizning go‘zalligiga qoyil qolib, maqtovlar aytishardi. O‘shanda men o‘z loyiham orqali butun dunyoga O‘zbekistondagi ayollar aslida qanday ekanligini ko‘rsatishni xohladim. Uning qaysi millatga mansubligi muhim emas. Eng muhimi u zamonaviy, o‘ziga ishongan, orasta va go‘zal.

Menimcha, bu g‘oyani haqiqatan ham amalga oshirishga erishdik. Bugun odamlar salonimizga tashrif buyurganlarida, aynan men doimo ko‘rsatishni istagan ayollarni ko‘rishadi: zamonaviy, tartibli, o‘ziga ishongan. Men uchun bu O‘zbekistonda yashayotgan ayolning haqiqiy aksidir.

Foto: O‘zbechka

Qanday xizmatlar mavjud va ular qancha turadi?

Salon asta-sekin rivojlanib bordi. Dastlab faqat soch xizmatini ko‘rsatdik. Keyin pardozni qo‘shdik, chunki, ko‘p qizlar uchun hamma narsani bir joyda qilish qulayligini tushundik, bu ayniqsa kelinlar uchun katta ahamiyatga ega edi.

Bugungi kunda O‘zbechka soch olish, bo‘yash, pardozlash, tirnoq xizmati, pardoz va qoshlarni qilish xizmatlarini taklif etadi.

Shuningdek, salonimizda quyidagi kategoriyalar mavjud: junior-master, master, top-master va ekspert. Ko‘pchilik junior toifasidagi ustalar sochni yomonroq kesadi, deb o‘ylaydi. Aslida bunday emas. Bu darajalanish avvalo ish tajribasini aks ettiradi. Agar junior bir yilga yaqin ishlasa, ekspert esa 10 yildan beri ishlayotgan bo‘lsa, albatta, ularning xizmatlari narxi farq qiladi. Ammo ish sifati toifasidan qat’i nazar, bizning standartlarimizga javob berishi kerak.

Har xil imkoniyatga ega mijozlar uchun sifatli xizmat ko‘rsatish qulay bo‘lsin deb, maxsus shunday tizim yaratganmiz. Shunda salonimizga talabalar ham, yosh mutaxassislar ham, yuqori toifali ustalarni tanlashni xohlaydiganlar ham bemalol kela oladi. Salonimiz eshiklari hamma uchun ochiq bo‘lishi biz uchun juda muhim.

Soch kesish narxi junior-masterda 250 ming so‘mdan boshlanib, ekspertda 900 ming so‘mga boradi. Soch turmaklash narxi junior-ustada 200 ming so‘mdan, ustada 300−400 ming so‘mdan va art-direktorda 500−600 ming so‘mdan boshlanadi. Manikyur esa 500 mingdan 700 ming so‘mgacha.

Salonimiz 3 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, manikyur va pedikyur yo‘nalishi yaqindagina ishga tushirildi. Ko‘pchilik nega bu xizmatni uzoq vaqt yo‘lga qo‘ymaganimizga qiziqadi. Gap shundaki, yangi yo‘nalishni ochishda shunchaki shartli mutaxassislarni yollash bilan cheklana olmaymiz. Barcha jarayonlarni shaxsan o‘zim tushunib yetishim, hammasi qanday yo‘lga qo‘yilishini, qanday qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkinligini va sifat nimaning hisobiga ta’minlanishini to‘liq anglab olishim kerak edi.

Ilgari menga manikyur shunchaki tirnoqlarni chiroyli boyashdek tuyulardi. Lekin bunga chuqurroq kirisha boshlagach, bu qanchalik murakkab soha ekanligini tushundim. Aslida, hamma narsa katta ahamiyatga ega ekan: materiallar, qoplamalar, baza, chiroqlar, texnologiyalar, sterillikka rioya qilish. Hozirda manikyur va pedikyur yo‘nalishi ishlayapti va biz ular haqida asta-sekin fikr-mulohazalar olyapmiz. Albatta, agar qandaydir e’tirozlar paydo bo‘lsa, biz har doim ularni jamoa bilan birgalikda ko‘rib chiqamiz, xatolarni tuzatamiz va xizmatni yanada yaxshilashga harakat qilamiz.

Deyarli har bir xizmat uchun bizda reglament mavjud va buni shaxsan o‘zim tekshiraman. Bu faqat soch olish yoki manikyurga taalluqli emas. Pardozchilarimiz qanday kosmetika bilan ishlashlarini, qanday bo‘yoqlardan foydalanishlarini, ular tabiiymi yoki sintetikmi, bo‘yoqlarga nima bilan ishlov berishlarini, makiyaj uchun gubkalarni qanday vosita bilan yuvishlarini bilaman. Ko‘pchilik buni arzimagan narsa deb o‘ylaydi. Biroq, aslida, aynan shunday tafsilotlardan umumiy tushuncha va xizmat ko‘rsatish darajasi shakllanadi.

Tabiiyki, xizmatlar turi ko‘paygani sari bunday biznesni boshqarish murakkablashgandek tuyuladi. Ammo hozir bu men uchun aniq yo‘lga qo‘yilgan tizimga aylangan. Barcha jarayonlar tartiblashtirilgani bois, har bir xodim o‘z mas’uliyat doirasini yaxshi biladi.

Eng ko‘p talab qilinadigan xizmatimiz har doim soch kesish bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. O‘zim ham sochni shakllantirishni juda yaxshi ko‘raman. Men uchun mukammal soch turmagi — bu hattoki alohida turmaklanmaganda ham chiroyli va tartibli ko‘rinadigan sochdir. Agar usta o‘z ishini haqiqatan ham sifatli bajargan bo‘lsa, sochlar yuvilgandan keyin ham o‘z-o‘zidan to‘g‘ri yotadi. Men ta’lim olgan kuchli xalqaro maktablarda bizga aynan shuni o‘rgatishgan.

Shuningdek, xizmat turlarini muntazam ravishda kengaytirish va yangi yo‘nalishlarni joriy etishga harakat qilamiz. Masalan, yaqindagina rivojlanish bo‘yicha direktor bilan birga Gonkongga borib, u yerdan bosh terisini diagnostika qilish uchun apparat olib kelgandik. Hozir Yaponiyadagi uskunalarni ham ko‘rib chiqyapmiz, chunki u yerda sifat darajasi juda yuqori.

Bosh terisi tashxisi nafaqat soch holatini baholash, balki bosh terisi muammolarini — qazg‘oq, quruqlik, yuqori ta’sirchanlik yoki soch to‘kilishi sabablarini aniqlash imkonini beradi. Shundangina biz har bir mijozga individual tartibda mos keluvchi parvarish vositalarini tanlaymiz. Menga hammaning o‘ziga bir xil narsani tavsiya qiladigan yondashuv hech qachon yoqmagan. Avval kishiga aslida nima kerakligini tushunish, so‘ngra mahsulotlarni maslahat berish to‘g‘riroq. Shuning uchun bizda tashxisning o‘zi bepul, uning natijalariga ko‘ra esa haqiqatan ham samara beradigan parvarish muolajalarini tanlab beramiz.

Asosiy qadriyat — odamlar

Salon ochilgach, men uchun shunchaki jamoa yig‘ib, ishni boshlashning o‘zi yetarli emasdi. Maskanimizning o‘z g‘oyasi va qadriyatlari bo‘lishini xohlagandim.

Asosiy maqsadim shunchaki sochni yaxshi kesish ham emasdi. Odamlar haqiqatan ham sifatli soch kesimi nima ekanligini tushunishni boshlashlarini istagandim. Soch hatto turmaklanmaganda ham nega chiroyli tushib turishini, buning ortida tasodif emas, balki ustaning professional mehnati yotganini his qilishlarini va anglashlarini xohlagandim.

Bugun jamoamizda 60 ga yaqin kishi bor. Bular administratorlar, operatorlar, texnik xodimlar va ustalardir. Ustalarning o‘zi 30 nafarga yaqin. Ularning taxminan yarmi o‘z shogirdlarim ekanligi, ayniqsa, yoqimli.

Hali ham yangi ustalarni o‘qitishda davom etyapman. Vaqt o‘tib shuni tushundimki, o‘z odatlari shakllanib bo‘lgan odamni qayta o‘qitgandan ko‘ra, mutaxassisni noldan yetishtirish ancha oson. Shuning uchun tez-tez mutlaqo har xil joylardan odamlarni qidiraman. Do‘konda, ko‘chada tanishib qolishim mumkin yoki kimdir salonimizga o‘zi kelib, aynan bizda ishlashni xohlashini aytadi.

Men uchun eng muhimi tajriba emas, balki insonning o‘zi. Uning maqsadli, mas’uliyatli, rivojlanishga ochiq va haqiqatan ham o‘rganishni xohlaydigan bo‘lishi men uchun muhim. Soch kesishni o‘zim ham o‘rgata olaman. Odatda shunchaki insonning qo‘liga qaychi va taroq beraman-da, asboblarni qanday his qilayotgani, qanchalik tez ilib olayotgani va qobiliyati bor-yo‘qligiga qarayman. Qoida tariqasida, aynan shu bosqichdayoq undan usta chiqadimi-yo‘qmi, tushunib yetaman. Agar bu umuman uning sohasi emasligini ko‘rsam, buni ochiq-oydin aytaman. Lekin insonda o‘rganish va o‘sish xohishi bo‘lsa, qolgan barcha narsani o‘rgatsa bo‘ladi.

Umuman har doim yaxshi insonni topish yaxshi ustani topishdan ko‘ra ancha qiyinroq deb aytaman. Professional ko‘nikmalarni egallash mumkin, ammo insonni qayta tarbiyalash, uning ishga, odamlarga va hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishning deyarli iloji yo‘q.

3 yillik faoliyatimiz davomida bizdan faqat ikki kishi ketdi. Bir qiz boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tdi, ikkinchisi esa mustaqil ishlashga qaror qildi. Qolganlarning barchasi jamoamizda ishlashda davom etmoqda.

Menimcha, odamlarni yaxshi sharoitlar ushlab turadi. Bizda tushunarli KPI tizimi, shaffof to‘lov tizimi, korporativ madaniyat va juda samimiy muhit mavjud. Haqiqatan ham katta bir oila bo‘lishga harakat qilamiz va o‘ylaymanki, xodimlar buni his qilishadi hamda qadrlashadi.

Bizda ustalarning ish haqi foiz tizimiga asoslangan. Shu bilan birga, salon ularni ish uchun zarur bo‘lgan barcha narsa bilan to‘liq ta’minlaydi. Barcha materiallar, asbob-uskunalar va kosmetikani yetkazib beramiz. Ustaga o‘z yonidan hech narsa sotib olishning hojati yo‘q. U kelib, mijozlar bilan ishlaydi va xotirjam uyiga ketadi, qolgan barcha narsa haqida esa salon g‘amxo‘rlik qiladi.

Salonni ochayotganimda, odamlar faqat mening oldimga kelmasligi juda muhim edi. Ha, boshida aynan men bu yerga birinchi mijozlarni olib kelgan o‘sha “yulduzli usta” edim. Ammo hech qachon salon faqat Anastasiya Shirokova bilan bog‘liq bo‘lishini xohlamaganman.

Aksincha, Elnora, Madina, Mohinur, Ra’no va boshqa ustalarimizga yozilishlarini istardim. Men uchun har bir xodimning yulduz bo‘lishi juda muhim. Albatta, bizda yetakchi ustalar, top-masterlar, ekspertlar bor. Kimningdir qabuliga bir necha oy oldin yozilishadi. Ammo umuman olganda, bitta odam emas, butun jamoa kuchli bo‘lishini xohlayman.

Dastlab odamlar menga kelishsa ham, asta-sekin ularni jamoamiz bilan tanishtirardim. Ko‘pincha: “Keling, sizni shogirdim bo‘yaydi, men bo‘yoqni o‘zim tanlayman va aralashtiraman”, derdim. Natijada, men dirijyor sifatida ustalar o‘rtasida ishni taqsimladim, umumiy zalni nazorat qildim va hamma band edi.

Foto: O‘zbechka

Ustozdan ham ko‘proq

Endilikda usta sifatida ancha kam ishlayman, odatda haftasiga uch-to‘rt kun. Ammo doimiy mijozlarim bor, ular ko‘p yillardan beri faqat menga yozilishni xohlashadi. Ularni juda yaxshi ko‘raman, qadrlayman va rad eta olmayman. Aynan shu odamlar tufayli qachonlardir biznesim yo‘lga qo‘yilgan va men buning uchun ulardan doimo minnatdorman.

Lekin qaysidir vaqtda bir muhim narsani anglab yetdim. Agar bor e’tiborim faqat o‘z mijozlarim bilan ishlashda qolib ketsa, u holda salonning o‘ziga yetarlicha vaqt ajratolmay qolar ekanman. Bunga esa endi yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi.

Kompaniyada 60 dan ortiq xodim ishlaydi. Ularni jamoaga taklif qilganimda, mijozlar, munosib daromad va rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini va’da qilganman. Men haqiqatan ham ularning har biri uchun mas’uliyatni his qilaman. Hatto ularga o‘z farzandlarimdek munosabatda bo‘lsam kerak. Shuning uchun hozir asosiy vazifam nafaqat sochni yaxshi kesish, balki barcha biznes-jarayonlarni shunday tashkil etishki, butun jamoa barqaror ishlashi va o‘sishi mumkin bo‘lsin.

Asta-sekin shunchaki usta emas, balki rahbar sifatida ham shakllanib bormoqdaman. Ilgari juda hissiyotlarga beriluvchan edim, qarorlarni emotsiyalar ta’sirida qabul qilishim mumkin edi. Hozir esa ancha tartibli va tizimli bo‘lib qoldim, chunki tushunaman: boshqacha yo‘l bilan katta biznesni rivojlantirib bo‘lmaydi.

Bugun kompaniyani endi bir o‘zim boshqarmayman. Men bilan birga operatsion direktor hamda rivojlantirish bo‘yicha tijorat direktori ishlayapti. Va barcha jarayonlarni birgalikda tizimlashtirmoqdamiz.

Biz ustalarning ta’limiga uzluksiz sarmoya kiritamiz, chunki mijozlar nafaqat menga, balki butun jamoamizga to‘liq ishonishlarini xohlayman. Ustalarimiz ham, o‘z vaqtida men qilganimdek, xorijga borib malaka oshirishmoqda, xalqaro darajadagi kuchli mutaxassislardan saboq olib, yangi bilim va tajribalar bilan qaytishmoqda.

Mijozlar va ular qanday o‘zgardi

Kompaniyamizning eng asosiy qadriyati bu odamlar. Bunga nafaqat xodimlarimiz, balki mijozlarimiz ham kiradi. Biz har ikkala taraf uchun ham manfaat keltirishni istaymiz. Nazarimda, salonimizning butun falsafasi aynan shu g‘oya atrofiga qurilgan.

Bugun mijoz uchun eng muhimi sifat. Undan keyin esa darhol servis turadi. Bu ikki narsa har doim yonma-yon ishlashi kerak.

Xuddi shu tamoyil loyihani rivojlantirishda biz uchun samarali natija bergan. Albatta, mening shaxsiy brendim va “og‘izdan og‘izga” tarqalgan tavsiyalar ham o‘ziga xos muhim rol o‘ynagan. Ammo hech qanday marketing sifatsiz uzoq vaqt ishlay olmaydi. Marketing odamni birinchi marta jalb qilishi mumkin. U reklamani ko‘rib, qiziqib qoladi va keladi. Lekin xizmati yomon chiqsa, ikkinchi marta qaytib kelmaydi.

So‘nggi bir necha yil ichida mijozlar juda o‘zgarib ketganini payqadim. Ular ancha talabchan bo‘lib qolishyapti, bu menga yoqayapti. Odamlar nima uchun pul to‘layotganini tushuna boshladilar, o‘z vaqtlarini ko‘proq qadrlay boshladilar va xizmatlar sifatiga e’tiborliroq bo‘la boshladilar. Aslida, bu bozor rivojlanayotganining ko‘rsatkichidir.

Ayollar salomatlik, ovqatlanish, turmush tarziga ko‘proq e’tibor bera boshladilar. O‘zimga bu falsafa juda yaqin. Men o‘z ratsionimga e’tibor bilan qarayman va tashqi ko‘rinishimiz nima yeyayotganimiz bilan bevosita bog‘liq deb hisoblayman.

O‘zbekistonda go‘zallik bozorining o‘zi ham o‘zgardi. Mamlakat tom ma’noda ko‘z o‘ngimizda o‘sib bormoqda. Ko‘plab salonlar ochilmoqda, kuchli tadbirkorlar paydo bo‘lmoqda, raqobat kuchaymoqda. Lekin bu narsa menga ma’qul. Atrofingda munosib o‘yinchilar bo‘lsa, bir joyda to‘xtab turmaysan. Siz doimo yana nimani o‘rganishingiz, qayerda o‘sishingiz, nimani yaxshilashingiz mumkinligini ko‘rasiz. Men uchun raqobat raqobat emas, balki doimiy rivojlanishdir.

anastasiya shirokova, go‘zallik saloni, o‘zbechka

Foto: O‘zbechka

Kelgusidagi rejalar

Hozirda biz yangi, kengroq filial ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz, u kelajakda Mirabad Avenue’dagi mavjud filialning o‘rnini egallaydi. Loyiha kutganimizdan ko‘ra qimmatroq bo‘lib chiqdi: bugungi kunga kelib xarajatlar dastlabki rejalashtirilgan budjetdan taxminan 30% ga oshib ketdi. Investitsiyalarning aniq miqdorini hozircha oshkor qila olmayman.

Yangi joyni loyihalashda biz avvalgi salonlarning ish tajribasini hisobga oldik. Bu yerda avtoturargoh masalalari hal qilinadi, to‘liq garderob, soch bo‘yog‘ini aralashtirish uchun alohida laboratoriya, yanada puxta o‘ylangan ventilyatsiya va konditsioner tizimlari bo‘ladi. Yangi salonda tashrif buyuruvchilar uchun alohida bar ham ishlaydi. Biz ko‘plab yangi tafsilotlarni qo‘shdik, bu esa, umid qilamanki, mijozlarning vaqtini yanada qulayroq qiladi.

Deyarli barcha foydani biznesni rivojlantirishga qayta investitsiya qilishni davom ettiramiz. Biz Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi mavjud filialni ham doimiy ravishda takomillashtirib boramiz: interyerni yangilaymiz, devorlarni qayta bo‘yaymiz, uskunalar va santexnika vositalarini almashtiramiz. Men uchun makonning ochilish kunidagidek qolmasligi, balki kompaniya bilan birga rivojlanishi muhim.

Kelajakda, albatta, O‘zbechka’ni O‘zbekistondan tashqariga ham olib chiqmoqchiman. Bizga xorijda salon ochish bo‘yicha takliflar kelib tushdi, lekin hozircha bunga tayyor emasman. Hozir men uchun barcha ichki jarayonlarni yo‘lga qo‘yish, operatsion modelni yakunlash va biznesning doimiy ishtirokimsiz barqaror ishlashiga erishish muhimroq. Shundan keyingina yanada kengaytirish haqida o‘ylash mumkin.

Ammo investorlarni jalb qilish yoki franshizani sotish niyatim yo‘q. Men uchun qilayotgan barcha ishlarimiz sifati uchun shaxsan javob berish muhim. Kompaniya unchalik tez emas, balki izchil va o‘z kuchi bilan o‘sib borsin.

Yoshlar zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitiladi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda mehnat bozori talablariga mos, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada kasbiy taʼlimni ish beruvchilar ehtiyoji bilan uygʻunlashtirish, ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish va dual taʼlimni kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Urganch shahrida tashkil etilgan Xorazm ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Muassasani barpo etish uchun davlat budjetidan 72,4 milliard soʻm ajratilgan. 5,2 gektar maydonda 1 ming 100 oʻringa moʻljallangan ikkita oʻquv binosi, 300 oʻrinli yotoqxona, sport zali, 200 oʻrinli oshxona hamda zamonaviy jihozlangan ikkita oʻquv ustaxonasi qurilgan.

Texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilgʻor taʼlim dasturlari asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Dual taʼlim tizimi nazariy bilimlarni bevosita ishlab chiqarish amaliyoti bilan bogʻlash imkonini beradi.

2026-2027-oʻquv yili uchun 11 ta kasb yoʻnalishi boʻyicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Taʼlim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarning egallagan kasbi boʻyicha ish bilan taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Texnikum Xorazm viloyatidagi boshqa kasbiy taʼlim muassasalari uchun ham zamonaviy amaliy baza vazifasini oʻtaydi. Hududdagi taʼlim muassasalarining qariyb 4 ming 300 nafar oʻquvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot oʻtaydi. Bunday ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari muassasa hududidagi Kasblar shaharchasini ham koʻzdan kechirdi. Bu yerda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, ularni muayyan kasblarga yoʻnaltirish uchun sharoit yaratilgan.

Kasblar shaharchasida “Oʻzing yasab koʻr” tamoyili asosida oʻquvchilar turli zamonaviy uskunalar bilan bevosita ishlab, amaliy koʻnikmalar hosil qiladi. Transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xoʻjaligi hamda “yashil” energetika kabi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar qamrab olingan.

Majmua yirik ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bu yoshlarni kasbga yoʻnaltirishdan tortib, ularga amaliy koʻnikma berish va kelgusida bandligini taʼminlashgacha boʻlgan yagona tizimni shakllantirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli oʻqitish, taʼlim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirib borish va bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev Xorazmda 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirdi

0

Xiva shahridagi «Farovon Khiva Hotel» mehmonxonasida prezident ishtirokida Xorazm viloyatidagi yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli tashabbuslar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

– Yangi O‘zbekistondagi islohotlarimizning ilk kunlaridan yangi ish o‘rinlarini yaratish va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni asosiy yo‘nalish sifatida belgilab olganmiz. Shu maqsadda Xorazm viloyati bo‘yicha ham alohida dastur va qarorlarni tasdiqlab, mablag‘ini ham, mas’ullarini ham aniq belgilab, ishlarni tashkil qilyapmiz, – dedi davlat rahbari.

Agar 2016-yilda Xorazm viloyatiga bor-yo‘g‘i 30 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshmoqda.

Mustaqillik bayrami arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xivagacha elektrlashgan temiryo‘l liniyasi foydalanishga topshirildi. Urganch–Xiva pulli avtomobil yo‘li ham ishga tushirilmoqda. Bu mamlakatdagi birinchi pulli avtomobil yo‘li bo‘ladi. U orqali Urganchdan Xivaga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqaga qisqaradi.

– Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz, – dedi prezident.

Jumladan, Tuproqqal’a tumanida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan umumiy qiymati 6 milliard dollarlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga Xitoyning Sinopec kompaniyasi jalb etilgan bo‘lib, yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan.

Slovakiyalik hamkorlar bilan 5 ming gektar qumli yerni o‘zlashtirish va 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirning o‘zida 1,5 ming gektar maydonda amaliy ishlar boshlangan.

Urganch shahrida yaponiyalik hamkorlar bilan 30 million dollarlik 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmuasi barpo etilmoqda. Uni 2027-yilda to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

 

Saudiyalik hamkor bilan viloyat markazida zamonaviy qozonxona qurilib, 183 ta ko‘p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy ob’yektni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash quvvatlari yaratiladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologiya klinikasi tashkil etiladi.

Urganch tumanida koreyalik investorlar ishtirokida respublikada ilk bor chiqindilarni yopiq sikl asosida qayta ishlab, 71 megavatt «yashil» energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Unga 100 million dollar investitsiya kiritiladi.

Shuningdek, Xiva shahriga tutash 26 gektar maydonda 120 million dollarlik «Sahro yulduzi» zamonaviy turistik majmuasi, Urganch tumanida 26 million dollarlik mis sanoati klasteri va 60 million dollarlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.

Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan zamonaviy universitet, mehmonxona, dam olish va savdo majmualari, Urganch shahrida esa «Investorlar uyi» binosi quriladi. Umuman, ushbu loyihalar natijasida 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari mazkur loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar va jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirdi. Prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va qurilish ishlariga start berdi. Investorlar va faollar bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.