25 may kuni soat 19:00 da Xalqlar do‘stligi sanʼat saroyi maydonida Toshkent shahar hokimligi tomonidan yoshlar uchun mo‘ljallangan «Bitiruvchi va talaba – 2024» loyihalar dasturi yakuniga bag‘ishlangan katta gala kontsert bo‘lib o‘tadi. Dasturda kontsertdan tashqari dronlar shousi va retro namoyishlar ham o‘rin egallagan.
Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi
Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasini Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining budjetidan moliyalashtirish to‘xtatiladi.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan “Navbahor” sanatoriysi dam olish maskani “Aloqabank”dan olingan kreditning qolgan qismini to‘lash majburiyati bilan birgalikda uyushmaga bepul beriladi.
Ikki oy mobaynida uyushmaga mahallalar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan aholi murojaatlarini qabul qilish uchun Sall-markazni ochish topshirildi.
Uyushma huzurida media-markazi, press-klub hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tizimi xodimlari uchun o‘quv-uslubiy markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Uni shakllantirish manbalari:
- har yili o‘tkaziladigan umumxalq xayriya hasharidan tushadigan tushumlarning 10 foizi;
- mahalla tizimi tashkilotlari sof foydasining 10 foizi;
- jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
- xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari va boshqalar.
Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
- mahallalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish;
- obod va xavfsiz qo‘shnichilik tamoyilini amalga oshirish;
- “Mahalla yettiligi” a’zolarini rag‘batlantirish va ularning malakasini oshirish va boshqalar.
Toshkentdan Samarqandga qo‘shimcha «Afrosiyob» poyezdlari harakati yo‘lga qo‘yiladi
31 may, 1−2 iyun kunlari Samarqand – Toshkent – Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha «Afrosiyob» elektropoyezdi harakati yo‘lga qo‘yiladi.
1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Samarqand — Toshkent — Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi.
«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» xabariga ko‘ra, qo‘shimcha «Afrosiyob» elektropoyezdi 31 may, 1−2 iyun kunlari harakatlanadi.
Ularning jadvali quyidagicha:
- 775-sonli Samarqand — Toshkent yo‘nalishi: Samarqand 11:11 — Toshkent 13:26.
- 776-sonli Toshkent — Samarqand yo‘nalishi: Toshkent 13:51 — Samarqand 16:05.
- Qo‘shimcha ma’lumotni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temiryo‘l chiptaxonalari hamda ma’lumotlar byurosidan olish mumkin.
Prezident banklarning investitsiya loyihalari bilan tanishdi
Joriy yilda O‘zmilliybank $6 mlrdlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. O‘zsanoatqurilishbank xalqaro moliya bozorlaridan $3,1 mlrdlik mablag‘ jalb qiladi.
Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda banklarning ishtirokiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.
So‘nggi 5 yilda banklarning kapitali 2 barobarga, kredit portfeli 2,3 barobarga hamda yillik kredit ajratish hajmi 1,8 barobarga ko‘paydi.
To‘rtta bank ilk bor yevrobond chiqarib, chetdan $1,3 mlrd resurs jalb etdi. O‘tgan yili banklar $3,8 mlrdlik hamda ularning mijozlari hukumat kafolatisiz $6 mlrdlik xorijiy kreditlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelgan. Joriy yilda “O‘zmilliybank” tomonidan $6 mlrdlik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Zargarlik tarmog‘ida 2,1 trln so‘mlik 526ta, xizmatlar sohasida 41,8 trln so‘mlik kreditlar hisobidan 40 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirish va 2,5 mln nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, “O‘zmilliybank” 967ta, “O‘zsanoatqurilishbank” esa 727ta mahallada ishsiz aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashmoqda. Banklar quyi bo‘g‘inga tushib ishlayotgani uchun ko‘plab biznes tuzilmalar “soya»dan chiqmoqda.
Taqdimotda mijozlarning investitsiya loyihalarini tizimli monitoring qilib, muammolarni tezkorlik bilan hal etib borish zarurligi qayd etildi.
Tadbirkorlarga tuman darajasidan respublika miqyosigacha har tomonlama yordam berish, ularning moliyaviy bilimlarini oshirish va innovatsiyalar bilan tanishtirish muhimligi ta’kidlandi.
Avvalroq Markaziy bank 9ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagani haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, 16ta bank va 2ta mikromoliya tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
O‘zbekiston Malayziya bilan sanoat zonasini tashkil qilishi mumkin
Shuningdek, yashil energiya, elektronika va boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Malayziya hukumati rahbarining O‘zbekistonga tashrifi so‘nggi 16 yildagi birinchi tashrif bo‘ldi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni, xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yashil energetika, neft-kimyo, elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qo‘shma matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, bo‘lajak sanoat zonasida yuqori texnologiyali tashabbuslarga e’tibor qaratiladi.
Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik ham muhokama qilindi. Suvni tejash, meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash barobarida halol mahsulotlarni sertifikatlash masalasi ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar IT, transport va qashshoqlikni qisqartirish sohalaridagi o‘zaro hamkorlik masalalariga to‘xtaldi.
Ikki tomonlama savdo qo‘mitasini hukumatlararo komissiyaga aylantirish zarurligi qayd etildi.
Avvalroq»Spot» Malayziyaning “UpStream BPO” kompaniyasi Sirdaryo viloyatida o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Biznes tarixi: Tesla elektromobillar brendi qanday paydo bo‘lgan?
Mazkur maqolada “Tesla” brendi qanday tashkil etilgani va asoschilari, rivojlanish tarixi, zavodlari hamda nuqson sabab qaytarib olingan avtomobillari haqida ma’lumotlar berilgan.
Har qanday biznes loyihalar va turli brendlarning o‘z yaratilish tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, keskin burilishlari hamda muvaffaqiyatli qadamlari ko‘pchilikni qiziqtirishi mumkin.
Bu gal o‘zining zamonaviy elektromobillari bilan tanilgan “Tesla»ning 21 yillik tarixiga nazar tashlaymiz. Maqolada kompaniyaning bugungi kungacha qanday shakllangani hamda uning kengayish jarayonlari, zavodlari hamda avtomobillari haqida so‘z boradi.
Tesla: kechadan bugungacha
Amerikalik injenerlar Mark Tarpen va Martin Eberxard 2003-yil 1-iyunda Silikon vodiysida yuqori tezlikda haydasa bo‘ladigan, qiziqarli elektromobillar ishlab chiqaruvchi “Tesla” kompaniyasini tashkil etishadi. Uni induksion motor ixtirochisi Nikola Tesla sharafiga “Tesla Motors” deb nomlashadi.
Kompaniya sarmoyadorlari orasida “Google” asoschilari Larri Peyj va Sergey Brin, “eBay” asoschisi va prezidenti Jeffri Skoll, “Daimler AG”, “Toyota” kompaniyalari va Ilon Mask bor edi.

Mark Tarpen (chapda) va Martin Eberxard (o‘ngda). Foto: Pol Sakuma
2004-yilda kompaniyaga $7,5 mln miqdorida investitsiya jalb qilishadi va bu pulning $6,5 mlnini Ilon Mask qoplaydi. Natijada u direktorlar kengashi raisiga aylanadi. Eberxard bosh direktor, Tarpen esa vitse-prezidet bo‘lib ishlaydilar. 2007−2008 yillar oralig’ida ular “Tesla»ni tark etishadi.
“Tesla»ning asosiy maqsadi ishni premium toifadagi sport avtomobilidan boshlab, keyinchalik ommaboplariga o‘tish edi. Birinchi “Roadster” modeli 2008-yilda taqdim etilib, u 384 km masofani quvvatlanmasdan bosib o‘tishga qodir va ko‘p jihatdan ichki yonuv dvigateliga ega sport avtomobillaridan kam bo‘lmagan. Uning yagona kamchiligi yuqori narxda, ya’ni taxminan $109 ming turishida edi.

2010-yil may oyida “Tesla” Fremont (Kaliforniya)dagi zavodini $42 mlnga sotib olib, uni “Model S” ishlab chiqarishga yo‘naltiradi. 29-iyun kuni “Tesla” NASDAQ (Qimmatli qog‘ozlar dilerlari milliy assotsiatsiyasining avtomatlashtirilgan kotirovka xizmati)da $226 mln yig‘ib, birlamchi ommaviy joylashtirishni (IPO) o‘tkazadi. Tesla 1956-yilda IPO’ga chiqqan “Ford Motor»dan keyin birinchi Amerika avtomobil kompaniyasi bo‘ldi.
Shu yilning o‘zida “Tesla” AQSh va Yevropada “Superchargers” quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini yaratadi. 2014-yildan esa kompaniya avtomobillari “Tesla Autopilot” haydovchiga yordam tizimini qo‘shdi.
Bir yildan so‘ng “Model X” krossoveri taqdim etildi. 2017-yilning iyul oyida “Tesla” dunyodagi eng mashhur elektromobilga aylangan “Model 3” sedanini $35 ming narxda sotuvga qo‘yadi va uning muvaffaqiyatli xaridi sezilarli daromad olishga sababchi bo‘ladi.
Shu yili faoliyat doirasining kengayishi tufayli “Tesla Motors” nomi “Tesla Inc»ga o‘zgardi. So‘ng Mask kompaniya aksiyalarini sotib olish orqali uni xususiylashtirmoqchiligi haqida bayonot beradi.
2017-yilning sentabr oyida Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi Maskni firibgarlikda va investorlarni chalg‘itganlikda ayblab, uni va “Tesla»ni $20 mln jarimaga tortadi, natijada Mask direktorlar kengashi raisi lavozimini tark etishga majbur bo‘ladi.

2020-yil noyabr oyida “Tesla”, “Uber” va yana 26 ta kompaniya AQShda elektromobillar sonini ko‘paytirish uchun lobbichilik qiladigan “Zero Emission Transport Association»ni tuzadilar. Assotsiatsiya 2030-yilgacha sanoatning yengil, o‘rta va og‘ir yuk tashish sohalarini elektr transport vositalariga to‘liq o‘tkazishga undaydigan milliy siyosat o‘zgarishlarini qo‘llab-quvvatlagan.
2021-yil 24-martda Elon Mask “Tesla” elektromobillarini endi bitcoin bilan sotib olish mumkinligini e’lon qildi. 21-iyulda u “Twitter»da “Tesla»ning tez zaryadlovchi stansiyalar tarmog‘ini boshqa ishlab chiqaruvchilarning elektromobillari uchun ham foydalansa bo‘ladigan shaklga o‘tkazish niyati borligini yozadi. Oktabr oyi oxirida “Tesla” kapitallashuvi birinchi marta $1 trlndan oshadi, bundan oldin faqat Amerikaning 4ta kompaniyasi (“Apple”, “Microsoft”, “Amazon” va “Alphabet”) bu ko‘rsatkichga yetgan.
Shu yilning oxirida Texasdagi zavodda ham elektromobillar ishlab chiqarish boshlanadi va kompaniyaning shtab-kvartirasi u yerga ko‘chiriladi (ilgari u Kaliforniyada joylashgan edi).
2022-yil mart oyida “Tesla»ning Germaniyadagi ikkinchi xorijiy zavodi “Giga Berlin” ochildi. Uning qurilishi 2020-yilning may oyida boshlangan bo‘lib, qurilishiga 5 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ sarflangan. Dastlabki bosqichlarda kompaniya batareyalar ishlab chiqarishni va Yevropa bozori uchun “Model Y” krossoverlarini yig‘ishni boshlaydi.
2023-yil aprel oyida kompaniya Xitoyda Kaliforniyadagiga o‘xshash, yangi “Megapack” akkumulyator zavodi qurilishini e’lon qildi. Kelajakdagi “Megafactory»ning rejalashtirilgan ishlab chiqarish quvvati yiliga 10 ming dona avtomobil bo‘ladi. Iyul oyida Ilon Mask uchinchi chorakda kompaniya o‘zining “Full Self-Driving” avtopilot tizimini boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga litsenziyalashini e’lon qilgandi.
Tesla zavodlari
| Asos solingan yili | Nomi | Joylashgan hududi | Xodimlar soni |
| 2010 | Fremontdagi “Tesla” zavodi | Fremont, Kaliforniya | 10 ming |
| 2016 | Giga Nevada | Nevada | 7 ming |
| 2017 | Giga Nyu-York | Nyu-York | 1,5 ming |
| 2019 | Giga Shanxay | Shanxay | 15 ming |
| 2022 | Giga Berlin | Brandenburg | 10 ming |
| 2022 | Giga Texas | Texas | 10 ming |
Modellar haqida
Model S — 2009-yil 26-martda Kaliforniyaning Xotorn shahrida taqdim etilgan. Besh eshikli xetchbek kompaniyaning Detroytdagi sho‘ba korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan. Dizayn ishlari tugallangach, zavod Kaliforniyada dastlab 10 ming dona, keyinroq 25 ming dona avtomobil ishlab chiqargan.
Dastlab ikkita versiya taklif qilindi: 60 va 85 kVt / soat, orqa aksda joylashgan bitta elektr motor bilan jihozlangan. Keyin, 2014-yil 9-oktyabrda har bir o‘qda elektr motorlari bo‘lgan variant paydo bo‘ldi. 2015-yil 8-apreldan boshlab kompaniya bitta dvigatelli konfiguratsiyadan va 60 kVt soatlik versiyadan butunlay voz kechdi.
Foto: Wikipedia
Tesla Cybertruck
2019-yil 21-noyabrda kompaniya “Tesla Cybertruck” elektr pikapini namoyish etdi. Taqdimotdan besh kun o‘tib, mashina uchun oldindan 250 mingta buyurtmani kelib tushadi. U 400−800 km quvvat zaxirasiga, shuningdek, yukga moslashuvchi pnevmatik suspenziyaga ega edi.
Ishlab chiqarish 2022-yil oxiriga rejalashtirilgandi. 20-iyulda Ilon Mask “Cybertruck” ishlab chiqarishni 2023-yilning yozida boshlanishini e’lon qildi. Mashinaning birinchi nusxasi 2023-yil iyul oyida chiqarilgan.

Foto: Tesla.com
Logotip haqida
“RO Studio” tomonidan yaratilgan logotip dastlab qalqon ichiga joylashtirilgan, biroq keyinchalik soddalashtirilgan “T” harfiga aylangan. Tesla bosh direktorining yaqinda yozgan tvitiga ko‘ra, oddiy ko‘rinadigan “T” brend mahsulotlarining ramzi bo‘lib xizmat qiladi.
Maskning ta’kidlashicha, vertikal chiziq motor rotoridan cho‘zilgan qutblardan birini, gorizontal chiziq esa stator qismini ifodalaydi.

Foto: Medium
Avtomobillardagi texnik muammolar
2015-yilning noyabr oyida S modeldagi old yo‘lovchi xavfsizlik kamarining qisqichi mustahkam emasligini aniqlagandan so‘ng, sinovdan o‘tkazilgan 3000ta mashinada nuqson bo‘lsa-da, 90 mingta mashinasini qaytarib oldi.
Oradan bir yil o‘tgach, aprel oyida kompaniya o‘rindiqlarning uchinchi qatorini sinovdan o‘tkazilganda aniqlangan nuqson tufayli 2700 ta “Model X” avtomobilini qayta oldi, bu esa oldingi to‘qnashuvda o‘rindiqlar o‘z yo‘lovchilari bilan ag‘darilib ketishiga olib kelishi mumkin edi.
2022-yil fevralida “Tesla” avtopilot xatolari tufayli 53 mingdan ortiq avtomobilni mijozlardan qaytardi. Qaytarib olishlar 2016−2022 yilgi “Model S” va X, 2017−2022 yilgi “Model 3” va 2020−2022 yilgi “Model Y»ni o‘z ichiga oladi. Milliy yong‘indan himoya qilish assotsiatsiyasi va AQSh transport departamenti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2012-yildan 2018-yilgacha har 170 mln milga “Tesla»ning bitta elektr transport vositasida yong‘in sodir bo‘lgan.
2023-yilda “Tesla” avtopilotdan foydalanishdagi xavfsizlik muammolari tufayli AQShda 2 mln avtomobilni qaytarib oldi. Qaytarib olish 2015-yilda avtopilot ishga tushirilgandan beri AQShda sotilgan deyarli barcha Tesla avtomobillariga ta’sir qildi.
Shuningdek, kompaniya bu yil gaz pedalidagi nosozlik tufayli 3,9 mingga yaqin “Cybertruck” elektr pikaplarini qaytarib olishini xabar qilgan.
Tesla raqamlarda. Kompaniya 2022-yilda 1,37 mln avtomobil ishlab chiqardi. O‘tgan yilgi hisobga xodimlar soni 140 473 nafarni tashkil etgan. 2023-yilda sof foydasi qariyb $15 mlrd bo‘lgan.







