Bosh sahifa Blog Sahifa 117

Ertaga O‘zbekistondagi barcha muzeylarga kirish bepul bo‘ladi

0

18-may kuni Xalqaro muzeylar kuni nishonlanadi va shu kuni O‘zbekiston muzeylarida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tadi, yaʼni kirish tekin bo‘ladi. Muzeylarda o‘nlab bayram dasturlari, yangi ko‘rgazmalar ochilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va Xitoy yoshlari o‘rtasida sayyohlik almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi

0

Ikki mamlakat o‘quvchi yoshlarining qishki va yozgi ta’til mavsumini mazmunli o‘tkazish, ularga O‘zbekiston va Xitoyni yaqindan tanishtirish maqsadida ikki mamlakat bo‘ylab sayohatlar tashkil etishga kelishib olindi.

O‘zbekiston elchixonasida Xitoyning madaniyat va sayyohlik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, unda Beijing Yunchi International Consulting Co., Ltd. kompaniyasi bosh menejeri Van Deyan, Cultural and Educational Exchange Center of Beijing Yunchi International Consulting Co., Ltd., Diplomatic Service Bureau direktori Tsuy Tsin, Diplomatic Youth Program at Beijing Yunchi International Consulting Co., Ltd kompaniyasi direktori Lyu Syaotsin qatnashdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston salohiyatini xitoylik yosh sayyohlar orasida keng targ‘ibot qilish masalalari xususida fikr almashildi.

Tadbir doirasida Xitoy sayyohlik va madaniy kompaniyalar vakillari bilan ikki mamlakat o‘quvchi yoshlarining qishki va yozgi ta’til mavsumini mazmunli o‘tkazish, shuningdek, ularga O‘zbekiston va Xitoyni yaqindan tanishtirish maqsadida ikki mamlakat bo‘ylab sayohatlar tashkil etishga kelishib olindi.

Xitoy vakillariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘quvchilarining o‘zaro sayohatlarini uyushtirish, ular o‘rtasida madaniy festivallar, forumlar o‘tkazish orqali  yoshlarga o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashish, birgalikda qo‘shma loyihalar yaratishga imkoniyat beriladi.

Toshkentda Botir Zokirov memorial muzeyi barpo etiladi

0

Toshkent shahrida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi.

Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, san’at muxlislarini qizg‘in tabrikladi.

– Bugun o‘ziga xos san’at va madaniyat bayrami. Ushbu quvonchli voqea bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari va muxlislarini, butun xalqimizni samimiy muborakbod etaman, – dedi prezident.

Botir Zokirov 1936 yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021 yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy san’atimiz tarixida butun bir davrni tashkil etishi ta’kidlandi. Uning boy merosini chuqur o‘rganish va xalqqa yetkazish ishlarini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga alohida qaror tayyorlash topshirildi.

Unda Toshkent shahrida san’atkorning memorial muzeyini barpo etish, estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik-tanlov va talabalar uchun davlat stipendiyasi joriy etish, badiiy film yaratish, Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ko‘zda tutiladi.

O‘zbekistonda oltin narxi yana bir gramm uchun 1 mln so‘mdan oshdi

0

Qimmatbaho metall narxi bir kunda 1,8 foizga, joriy yil boshidan esa deyarli 19 foizga oshdi.

Oltin quyma va esdalik tangalar narxi 16 may, payshanba kuni yangi maksimal darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Og‘irligi 5 gramm bo‘lgan oltin quyma hozirda 5,04 million so‘mga baholanmoqda. Bir grammning narxi 1 008 040 so‘m yoki o‘tgan kunga nisbatan 1,8 foizga qimmat.

Qimmatbaho metallning bir grammi bundan salkam bir oy avval — 17 aprelda 1 million so‘mdan oshib ketgandi. O‘zbekistonda yil boshidan buyon oltin narxi 18,9 foizga oshdi.

Markaziy bank 2018 yilda aholiga oltin tangalarni sotishni boshladi, ikki yildan so‘ng esa ularga oltin quymalari ham qo‘shildi. Yakka tartibdagi xaridorlarga ma’lum shartlar asosida ularni O‘zbekistondan olib chiqishga ruxsat berildi.

Bu qadamlar O‘zbekiston iqtisodiyotining xorijiy valutaga qaramligini kamaytirish istagi bilan izohlandi. Bundan tashqari, ekspertlarning fikricha, oltin investitsiya imkoniyatlarini kengaytiradi va jamg‘armalarni ta’minlashga yordam beradi.

Toshkentdagi chorraha va ko‘chalar ta’mirlanadi

0

Ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarining asosiy qismi joriy yilning sentabrigacha amalga oshiriladi.

Toshkent shahridagi qator chorraha va ko‘chalarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ishlarning asosiy qismi joriy yilning may oyidan sentabrigacha — maktablar va oliy o‘quv yurtlaridagi ta’til davrida amalga oshiriladi. “Ishlar asosan tungi vaqtda bajariladi. Poytaxtimizdagi piyodalar va haydovchilar bu ishlarning og‘irligini his qilmasliklari uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, deyiladi xabarda.

Ish birinchi marta keng ko‘lamda, yangi qoplama (SHMA — chaqiqtosh-mastikali asfaltbeton) turlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yer osti kommunikatsiyalari ham tekshiriladi.

Hokimlik ish jarayonida haydovchilar va piyodalar uchun noqulayliklar tug‘ilishi mumkinligini ta’kidladi.

Fuqarolardan vaziyatni tushunishlari so‘ralmoqda, “chunki bu qisqa muddatli qiyinchiliklar uzoq muddatli qulaylik uchun xizmat qiladi”, deya yakunlangan xabar.

Mart oyi boshida prezident poytaxtdagi gavjum chorrahalar va ko‘chalarni tartibga solish, bu orqali tirbandliklarni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi.

Ishlarni kengaytirish, “shahar — piyodalar uchun” tamoyilini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Joriy yilning 1-martidan Toshkentda tig‘iz vaqtlarda yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati taqiqlandi.

O‘zbekistonda top-20 yirik soliq to‘lovchilar ma’lum qilindi

0

2024 yil yanvar-aprel oylarida 2187 ta yirik soliq to‘lovchi tomonidan 32,9 trillion so‘mdan ortiq soliq tushumlari amalga oshirildi.

O‘zbekistonda top-20 yirik soliq to‘lovchilar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Fiskal tahlillar Telegram-kanaliga ko‘ra, 2024 yil yanvar-aprel oylarida 2187 ta yirik soliq to‘lovchi tomonidan 32,9 trillion so‘mdan ortiq soliq tushumlari amalga oshirildi.

Shundan 16,2 trillion so‘mi davlat ulushi mavjud top-10 ta yirik soliq to‘lovchi hisobiga to‘g‘i keladi.

Ushbu o‘nlikda soliq to‘lovlari bo‘yicha “Navoiy kon metallurgiya kombinati” yetakchilik qilmoqda – 7,7 trillion so‘mdan ziyod.

2,5 trillion so‘mdan ziyodrog‘i xususiy sektordagi top-10 yirik soliq to‘lovchilar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur reytingda “Uz BAT” – 843 milliard so‘m soliq tushumlarini amalga oshirgan holda eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan.

Avvalroq qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 33 090 ta yuridik shaxs tomonidan 2024 yil yanvar-mart oylarida 2,1 trln so‘mdan ortiq soliq to‘lagani haqida xabar berilgandi.