Bosh sahifa Blog Sahifa 115

Tadbirkorlar reyting darajasi asosida subsidiya va soliq imtiyozlarini olishlari mumkin bo‘ladi

0

Qo‘llab-quvvatlash choralari B va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga 100%gacha miqdorlarda taqdim etiladi.

24-may kuni tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (qo‘llab-quvvatlash choralari) ularning reyting darajasi asosida belgilangan tartibda joriy etiladi.

Qo‘llab-quvvatlash choralari “B” va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:

  • “AAA” toifa — amaldagi miqdorning 100%i;
  • “AA” toifa — amaldagi miqdorning 90%i;
  • “A” toifa — amaldagi miqdorning 80%i;
  • “BBB” toifa — amaldagi miqdorning 70%i;
  • “BB” toifa — amaldagi miqdorning 60%i;
  • “B” toifa — amaldagi miqdorning 50%i.

Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan hamda prezident farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi. Tadbirkorlarning reyting darajasi pasaysa, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish 3 oy davomida saqlab qolinadi.

Yuqorilaganda esa, qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi

2025-yildan subsidiya.mf.uz platformasida alohida reyestr yuritiladi. U o‘z ichiga tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini qamrab oladi.

Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni mamlakatda tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 23-yanvarga kelib, mazkur reytingni joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolandi.

Hukumatning 30-yanvardagi qarori bilan reytingni aniqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xususan, barqarorlik reytingini aniqlashda 23ta mezon, 9ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.

2024-yilning 1-aprelidan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etilishi belgilangan.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID usuli joriy qilinadi

0

Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish uchun pul undirilmaydi.

Avvalroq adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida yangi tartib o‘rnatiladi. Joriy yilning 1-iyulidan Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini DXM orqali rasmiylashtirishda kompozit shaklda amalga oshiriladi.

Avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yo‘li bilan tasdiqlangan) va hozir amaldagi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn davlat reyestriga kiritish va bu haqida ko‘chirma berish bepul amalga oshiriladi

Noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi. Rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi. 2024-yil yakunigacha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinadi. Bunda fuqarolardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi.

Fuqarolar tomonidan davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralar orqali Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish bepul asosda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlari chuqurlashtirilib, o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab — litsey — texnikum — universitet” tizimini joriy etiladi. Namangan va Samarqand viloyatlari yuridik texnikumlari negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylari tashkil etiladi. Bitiruvchilar “yurisprudensiya” yo‘nalishidagi OTMlarga suhbat asosida test sinovlarisiz qabul qilinadi.

Adliya vazirligi huzurida Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti tashkil etiladi.

Avvalroq vazirlik tomonidan Personallashtirish agentligining ma’lumotlar bazasida jismoniy shaxsni Face-IDdan identifikatsiya qilish tizimi joriy etildi.

Uber kompaniyasi dasturchisi Ozodbek Kamolov hikoyasi

0

Bolaligidan dasturlashga bo‘lgan qiziqishi Ozodbekni Uber’gacha olib keldi. U faoliyatidagi xatolaridan olgan xulosalari, Uber’ga qanday kelgani va shahar hayoti haqida Spot’ga so‘zlab berdi.

 

Ozodbek Kamolov Buxoro viloyati Jondor tumanida tug‘ilgan. Dastlab Qorako‘l akademik litseyida aniq fanlar yo‘nalishida ta’lim olgan. O‘sha paytlari ko‘pgina olimpiadalarda ishtirok etgan Ozodbek, Toshkent shahridagi Inha universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bakalavrni dasturlash yo‘nalishi bo‘yicha uch yil davomida Toshkentda, oxirgi yilini Koreyada o‘qigan.

Oliygohni tugatgach, Navoiy kon metallurgiya kombinatida, Xalq ta’limi vazirligida hamda mahalliy va xalqaro startaplarda ishlagan. So‘ng, faoliyatini xorijiy kompaniyalarda davom ettirish maqsadida “Uber«ga hujjat topshirgan. Hozirda kompaniyaning Amsterdamdagi filialida software engineer II bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

Dasturlashga tog‘am orqali qiziqqanman

Hali maktabga chiqmagan paytlarimda tog‘amning uylariga tez-tez borardim. Ularda texnikalar ko‘p edi, tabiiyki hali yosh bola sifatida bular menga juda qiziq tuyilgan. O‘shanda dasturchilar har doim texnologiyalarning eng so‘nggi modelini ishlatishadi va boshqalarga nisbatan bir qadam oldinda bo‘lishadi, deb o‘ylaganman.

Shuningdek, tog‘am ish yuzasidan tez-tez xorij davlatlariga grantni yutar, malaka oshirishlarga borib turardilar. O‘sha paytlari atrofimda bunday insonlar kamligi uchunmi, ularga havas qilardim. Bunday imkoniyatlar faqat dasturchilarda bo‘ladi deb, shu sohani tanlashga qaror qilganman.

Litseyni tugatib universitetga kirgach, bu yerdagi fanlarni o‘qisam 100% hamma narsani biladigan dasturchi bo‘lib yetishaman, qo‘shimcha darslarga hojat qolmaydi, deb tushunganman. Ammo, birinchi semestr oralig‘idan keyin ma’ruza boshqa, amaliyot boshqa ekanligini angladim. Shundan so‘ng, kuniga 5−6 soatlab kitoblar o‘qish, internetdan kurslar ko‘rish orqali dastlab backend yo‘nalishini mustaqil o‘rgandim.

amsterdam, ozodbek kamolov, uber, xorijdagi o'zimiznikilarTalabalik davri. Foto: Ozodbek Kamolovning shaxsiy arxividan

O‘qish paytida android dasturlash bo‘yicha kichik buyurtmalar oldim. Ammo, universitetni tugatgach, yana backend yo‘nalishiga qaytganim uchun hamma narsani noldan o‘rgandim. Bunga esa 1,5−2 oy vaqtim ketdi. Bu paytda ma’lum bir ish topish ham qiyin kechdi.

Asosiy faoliyatimni 2018-yil Navoiy kon metallurgiya kombinatida boshladim. Ko‘pchilik tashqaridan shunday yaxshi joyda ishlashimga havas qilardi, ammo bu yerda birinchi maoshim 1 mln so‘m bo‘lgan. Kombinatda 10 oy ishlab, 2019-yil ketdim. Keyingi ish manzilim Xalq ta’limi vazirligi bo‘ldi. U yerda IT-loyihalar ustida ishlaydigan jamoaga qo‘shildim. Ko‘proq tajriba orttirishimga, murakkab loyihalar ustida ishlashimda va jamoa bilan kirishib keta olish qobiliyatim shakllanishiga aynan shu joydagi faoliyatim katta hissa qo‘shgan.

Maoshim ham 3 mln so‘m atrofida bo‘lgan. Eng yoqqan jihati bilimli jamoa shakllangani, aksariyat xodimlar xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib, ularning tajribasi bilan o‘rtoqlashgan.

“Niderlandiyada ishlash umuman rejamda bo‘lmagan”

Hammasi qanday boshlandi: 2020-yillari “Amazon” kompaniyasida ishlaydigan tanishim Miradham aka bilan tez-tez suhbatlashib, maslahatlashib turardik. O‘sha payti hali tajribam kam bo‘lishiga qaramay, “Amazon»ga ishga topshirib ko‘rdim, lekin intervyularning oxirgi bosqichidan o‘ta olmadim. Bu bilan to‘xtab qolmay, boshqa xalqaro kompaniyalarga ham qiziqishib bildirib yurdim. Shu orada qirg‘izistonlik, “Google»da 7 yil faoliyat yuritgan Tilek Mamutovning “Outtalent” startapiga qiziqib qoldim. Bu loyiha vazifasi O‘rta Osiyoda iqtidorli yoshlarga nufuzli kompaniyalarga ishga joylashishlariga yo‘l-yo‘riqlar berib boradi.

Men ham shu startapga qo‘shilib, dastlab 10ta kompaniyani tanlab, intervyuga tayyorgarlik ko‘rishni boshladim. Lekin tanlagan kompaniyalarimning ko‘pchiligi ishchilarini bo‘shatayotgani va yangi xodim qabul qilmayotgani sababli, “Uber»ga topshirib ko‘rishimni maslahat berishdi.

Shu shu kompaniyaning Daniyadagi ofisiga hujjat topshirib, intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tdim. Ammo, “Uber” men bilan birga intervyuda qatnashganlar orasidan boshqa nomzodni tanlab olgani sababli, bu pozitsiya to‘ldi.

Yaxshi natija ko‘rsatganim uchun esa menga mavjud pozitsiyalarni taklif qilishdi va men Amsterdamdagi hozirgi jamoamni tanladim — 8 oydan beri mana shu yerda ishlab kelmoqdaman.

“Uber»dagi jamoamiz 8 kishidan tashkil topgan va ular 8ta davlatdan: Braziliya, Rossiya, Belarus, Misr, Xitoy, Hindiston, Shveysariya va O‘zbekiston.

“Uber»dagi jamoa. Foto: shaxsiy arxiv

Viza olish jarayoni. Ishga qabul qilinganimdan so‘ng, ko‘pgina hujjatlarni kompaniyaning o‘zi tayyorlagan. Ya’ni, viza olish jarayonlari ham “Uber” tomonidan qoplangan. Kompaniyada bu ishlarning har birini alohida bajaradigan kichik konsaltinglar mavjud. Faqat Niderlandiyaga viza uchun O‘zbekistonda vakolatxona yo‘qligi sababli, Qozog‘istonga borib olib kelganmiz.

Uber intervyulariga tayyorgarlik

Boshqa katta kompaniyalarda bo‘lgani kabi “Uber»da ham intervyular bir nechta bosqichda o‘tkaziladi:

Ariza topshirish. Dastlab kompaniya veb-saytidan o‘zingizga to‘g‘ri keladigan pozitsiyani tanlab, unga onlayn shaklda rezyume topshirasiz. So‘ng, hamma nomzodlar arizalari ko‘rib chiqiladi va qisqartirilgan ro‘yxat (shortlist) tuziladi. Keyin, shu kompaniyada ishlaydigan xodimdan referal olish (u sizni kompaniyaga tavsiya qiladi) kerak, bu bosqichdan o‘tish ehtimolini oshirishi ham mumkin.

Dastlabki skrining. Bunda onlayn platformada bir qancha savollarga javob berish, algoritmik masalani yechish so‘raladi.

Video-intervyu. Kompaniya turiga qarab intervyuning bu shakli bo‘lish yoki bo‘lmasligi aniqlanadi. Bu intervyuda asosan tajriba va oldingi ish joyingizdagi qilgan loyihalaringiz haqida so‘raladi, shuningdek kompaniya madaniyati (culture)ga qanchalik mosligingiz tekshiriladi.

Texnik intervyu. Tanlangan pozitsiyadan kelib chiqib, 1−2 ta texnik intervyular ham bo‘lishi mumkin. Bunda algoritmik yoki tizim dizayni borasida savollar beriladi. Suhbat ikkala tarafning o‘zini tanishtirishi bilan boshlanadi va 1 soatgacha davom etadi. Odatda intervyu oluvchi birinchi o‘zini tanishtiradi va keyin TMAY (tell me about yourself) shaklida savol beradi. Men quyidagi shablondan foydalanganman:

  • Thank you for taking the time to talk to me!
  • My name is X, I am from Y and I have Z years of experience as a software developer.
  • For most of my career, I worked for companies that built products for the X industry.
  • I began my professional journey as a software developer at X company, where I gained valuable experience in Y.
  • After that, I joined a X company that builds services for Y.
  • In my current position, I’m working on X.
  • When I’m not at work, I like to do X, Y and Z.
  • Happy to be here!

Tanishib olgandan so‘ng ishlagan loyihalaringiz, jamoada necha kishi bo‘lgani va sizning loyihadagi vazifalaringiz, ish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch kelganingiz yoki hamkasblaringiz bilan qandaydir raqobatdosh holatlar yuzaga kelgani, uni qanday hal qilishingiz haqida savollar berishi mumkin. Masalan:

  1. Tell me about your current project.
  2. Could you describe the most challenging or interesting task you’ve ever completed?
  3. What’s good and bad about your current company?
  4. Tell me about a time you had a difficult manager. Why was it difficult? How did you handle that situation?
  5. What are you most proud of? Shu kabi savollarga javoblarni oldindan tayyorlab qo‘yish maqsadga muvofiq, chunki bundan tejab qolingan soniyalarni masala yechish paytida ishlatish mumkin. Shuningdek, “behavioral” savollarga STAR-metodi orqali javob berish tavsiya qilinadi.

Virtual intervyu. Texnik intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, virtual intervyuga taklif qilinasiz, ya’ni texnik intervyuga o‘xshash bo‘ladi. Faqat bu safar ketma-ket 4tadan 6tagacha intervyular bo‘lib, sizda ularni bir necha kunga bo‘lish imkoniyati bor.

COVID’dan oldin bu suhbatlar uchun nomzodlar kompaniya ofislariga taklif qilingan va barcha xarajatlar qoplab berilgan, lekin COVID sababli hammasi o‘zgardi. Bu suhbatda yana “coding”, “system design” va “behavioral” savollar ham so‘raladi.

Taklif xati. Uzoq va mashaqqatli intervyulardan keyin va nihoyat kompaniya sizga ish taklif qiladi va odatda HR-xodimi siz bilan oylik va bonuslar haqida taxminiy raqamlarni bo‘lishadi.

Kompaniya beradigan maosh va bonuslar

“Google”, “Apple”, “Amazon” va “Meta” kabi kompaniyalar xodimlari uchun juda “saxiy” shartnomalar taklif qilishlari bilan mashhur. Gap aniq raqamlar haqida ketganda bu juda ko‘plab faktorlarga bog‘liq: ish tajribangiz, intervyulardagi ko‘rsatkichlaringiz va boshqalar. Bundan tashqari siz taklif olganingizdan keyin muzokaralar orqali bu raqamlarni yana ham yaxshilab olishingiz mumkin.

Kompaniyalardagi maoshlar quyidagilarga qarab belgilanadi:

1. Base Salary — bu asosiy ish haqi, odatda shartnomada soliq to‘lashdan oldingi yillik summa ko‘rsatiladi. Aynan shu summani 12ga bo‘lish orqali har oy qancha to‘lanishini bilib olish mumkin. Masalan, levels.fyi‘ga ko‘ra “Uber»ning Amsterdamdagi L4 — mening pozitsiyam uchun yiliga $102747 to‘laydi.

2. Equity — bu ishga kirayotgan kompaniya aksiyalaridan olinadigan ulush. Bu xodimlarni o‘z ishi va kompaniya kelajagi haqida biroz ko‘proq qayg‘urishga undaydi, ya’ni quyidagi formula: yaxshi ishlang, natijada kompaniyaning qiymati oshadi va sizning daromadingiz o‘sadi.

Shuningdek, “Uber” xodimlariga bir qancha bonuslar ham taqdim etadi:

  • eng so‘nggi MacBook, qo‘l telefoni va ularni har yili yangisiga almashtirish imkoniyati, agarda qo‘shimcha qurilmalar zarur bo‘lsa, kiritib o‘tish kerak;
  • agarda kompaniya telefonidan foydalanishni xohlamasangiz, unda sizga oyiga $60 qo‘shimcha berishadi, bu pulga bemalol bo‘lib to‘lashga yangi telefon sotib olish mumkin;
  • mobil aloqa, sport va ishga qatnash (jamoat transporti va shaxsiy avtomobilda) xarajatlari qoplab beriladi. Sport va fitnesga qatnamaydiganlar uchun har oy taxminan $70dan “Uber” hisobingizda yig‘ilib boradi va uni uydagi ofisingiz uchun texnikaga yoki uyda shug‘ullanish uchun trenajyor, hatto kommunal to‘lovlar uchun ham sarflasangiz bo‘ladi;
  • ofisda tekin nonushta va tushlik;
  • Sietl (Seattle, US)ga yiliga 1 marotaba xizmat safari;
  • 1,5 yildan so‘ng Amerikadagi ofisga ko‘chish imkoniyati;
  • siz va oila a’zolaringiz uchun tibbiy, sayohat va hayot sug‘urtasi;
  • 30 kunlik ta’til;
  • moslashuvchan ish vaqti va 50% uydan ishlash mumkinligi. Hech kim sizdan 09:00dan 18:00gacha ofisda bo‘lishni talab qilmaydi, faqatgina tegishli ishni bajarish so‘raladi va vaqtini ham o‘zingiz tanlaysiz;
  • kasallik ta’tillari;
  • “Uber»dan har oy taksi va ovqat buyurtma berish uchun 350 yevro, servislari uchun 17% chegirma;
  • yiliga 4 hafta davomida dunyoning xohlagan joyidan turib ishlash imkoniyati;
  • 18 haftalik otalik yoki onalik ta’tili;
  • shu bilan birga, eng boshida ishga kelishingiz oldidan, boshqa davlatdan ko‘chib kelishga bonus beradi. Menga $13 ming berilgandi.

Amsterdamdagi hayot

Bu shaharga kelganimiz (oilaviy)ga 8 oy bo‘lgan bo‘lsa, moslashish jarayonida qiyinchilikka deyarli duch kelmadik. Bu yerning odamlari muhojirlarni yaxshi qabul qilishadi, shuningdek, tinch, yashash uchun qulay hamda xavfsiz shahar hisoblanadi.

Shuningdek, odamlar asosan yo‘l qatnoviga velosipeddan foydalanishadi va bu ularda odatiy hol hisoblanadi. Tezda moslashib keta olishning yana bir sababi, aholining 90%i ingliz tilida muloqot qiladi. Ayrim davlatlardagi singari o‘z ona tilida gapirishni talab qilmaydi.

Oylik xarajatlar. Amsterdam boshqa shaharlarga “Uber»dagi “TakeYourKidToWorkDay2024″da oilaviy ishtirok. Foto: shaxsiy arxivqaraganda ancha qimmat. Bu yerda uy sotib olish, ijara masalasi dolzarb va asosiy xarajat turiga kiradi. Hozirda yashayotgan 3 xonali, to‘liq jihozlangan uyni oyiga 2000 yevrodan ijaraga olganman. Fikrimcha, bu yerda uy biznesi bilan savdo qiladiganlar yuqori daromadga ega bo‘lishsa kerak.

Oziq-ovqatga esa oyiga taxminan 500 yevrodan boshlab sarflayman. Shuningdek, transportda harakatlanish ham qimmat turadi. Boshida kelganimda 3−4 oy ishga velosipedda qatnaganman.

Hozirda transportda borib kelishimga oyiga 80 yevro ketadi. Madaniy hordiq olish uchun shaharda muzeylar juda ko‘p. Ularga kirish uchun muzey karta sini xarid qilish kerak va uning narxi 1 yillik obuna uchun 75 yevroni tashkil etadi.

amsterdam, ozodbek kamolov, uber, xorijdagi o'zimiznikilar

Xatolar va xulosalar. Bugungacha bo‘lgan faoliyatimda ishga kirganim uchun afsuslangan kompaniyalarim ham bo‘lgan. Bundan chiqargan xulosam shu bo‘ldiki, kompaniyalar bizga faqatgina qilayotgan ishimiz uchun maosh to‘laydi, bundan ortig‘i emas.

Eng boshida yaxshiroq kompaniyadan ish taklifi tushganda, hozirgi joyimni tashlab ketishga ikkilanardim. Bu yerni yaratib bergan sharoitlarini o‘ylab ularga yon bosardim va bu mening xatoyim bo‘lgan.

Agar qaysidir nufuzli kompaniyadan ish taklifi kelsa uzoq o‘ylab o‘tirmaslik kerak, chunki ular ham siz haqingizda o‘ylab o‘tirmaydi. Ya’ni, vaqti kelib loyihangizda muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz, sizni oldingi ijobiy harakatlaringizga qaramasdan ishdan bo‘shatib yuborishlari mumkin, bu jarayon faoliyatimda bo‘lgan. Shu bilan birga ingliz tilini ertaroq o‘rganmaganim ham ba’zi paytlarda pand bergan. Til bilish har bitta sohaning bir qanoti sanaladi.

Kelajakdagi rejalar. Kelgusi rejalarim o‘z ustimda ishlab, karyeramda yaxshi natijalar ko‘rsatish, “Uber»da yagi loyihalarda faol ishtirok etishdan iborat. Shuningdek, imkoni boricha ko‘proq Yevropa davlatlariga sayohat qilishni ham maqsad qildim.

Fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etiladi

0

Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

“Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar adliya organlarining qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib borish;
  • joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;
  • fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish;
  • davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimiyat hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatish.

Adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini oshirish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlariga ayrim qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Masalan, joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkaziladi. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish belgilandi. Aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

Yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, tadbirkorlarni belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilinadi.

davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish

2024-yil 1-iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

  • Adliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda mamlakatning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;
  • huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshirilib, loyiha doirasida organ raislarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirishga qaratilgan qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Maktablarda 2024/2025 o‘quv yilidan vazirlikning maxsus elektron platformasi orqali huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

maktab o‘quvchilarining huquqiy bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishiga qaratilgan ko‘rgazmali o‘quv qo‘llanmalari, videoroliklar, kompyuter o‘yinlari va mobil ilovalar yaratiladi.

Tovar va xizmatlarning bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi belgilanmoqda

0

Yangi tartib 1-avgustdan ko‘chmas mulk obyektlari, birja va davlat xaridlari uchun elektron platformalarda sotiladigan tovarlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.

Soliq qo‘mitasi tovarlar va xizmatlarning bozor narxlaridan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash orqali teng raqobat muhitini yaratishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Mazkur qaror loyihasi insofli soliq to‘lovchilar va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan.

Hujjat bilan tovar va xizmatlarning bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi. Tovarlarning (xizmatlarning) bozor narxini aniqlashda foydalaniladigan usullar hamda ularni qo‘llash, QQS, foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bazasini aniqlash tartiblari belgilanmoqda.

Talablar tajriba tariqasida quyidagi tovarlarga nisbatan tatbiq etiladi:

2024-yilning 1-avgustidan — ko‘chmas mulk obyektlari, birja va davlat xaridlari uchun elektron platformalarda sotiladigan tovarlarga;

1-oktabrdan — raqamli identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovka qilinishi lozim bo‘lgan tovarlarga.

Soliq qo‘mitasi 2025-yilgacha mazkur tajriba natijalaridan kelib chiqib, tartibni barcha tovarlarga (xizmatlarga) qo‘llash yuzasidan hukumatga taklif kiritadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Respublikasi tovar-xomashyo birjasi 1-iyulgacha quyidagilarni yo‘lga qo‘yadi:

  • davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari tomonidan tuzilgan shartnoma ma’lumotlarini (har bir lot va tovarlar nomenklaturasi kesimida);
  • tuzilgan shartnomalarning ijrosi bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura ma’lumotlarini axborot tizimlarini integratsiya qilib, o‘zaro real vaqt rejimida almashishni.

Nizom talablari soliq to‘lovchilar tomonidan realizatsiya qilingan tovarlarning (xizmatlarning) hisob hujjatlarida aks ettirilgan narxi xuddi shu tovar (xizmat) bo‘yicha aniqlangan bozor narxidan 25%dan past yoki yuqori bo‘lsa qo‘llaniladi.

Bunda, tovarlarning (xizmatlarning) hisob hujjatlarida aks ettirilgan narxi aniqlangan bozor narxidan 25%dan yuqori bo‘lsa, bozor narxi faqat import qilingan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan foyda solig‘i bazasiga tuzatish kiritishda qo‘llaniladi. Agar tovar va xizmatlarning narxi ko‘rsatib o‘tilgan manbalarda turlicha bo‘lsa, soliq solish maqsadlarida ularning o‘rtacha tortilgan qiymati inobatga olinadi.

Tegishli manba ma’lumotlari orqali aniqlanadigan ulgurji va birja savdolaridagi narxlar ulgurji savdo va ishlab chiqaruvchilar uchun, chakana va davlat xaridlari narxlari chakana savdo uchun qo‘llaniladi.

Tovar va xizmatlarning ulgurji narxini aniqlashda birja narxlari va kotirovkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ustunlik beriladi.

Qaror loyihasi bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 6-iyungacha qabul qilinadi.

Avvalroq soliq organlariga tadbirkorlar hududiga kirishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Deklaratsiyada import qilinadigan tovarlar qiymatini kam ko‘rsatganlik uchun jarimalar joriy etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda farmatsevtika tarmog‘ida narxni kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkinligi aytildi

0

Sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 may kuni farmatsevtika tarmog‘ida erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu yil 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyiha boshlanib, shundan 28 tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish mo‘ljallangan.

Davlat rahbari bu imkoniyatlardan foydalanib, mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali narxni kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkinligi qayd etildi.

Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.