Bosh sahifa Blog Sahifa 107

O‘zbekistonda tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik qilganlarning reyestri yuritiladi

0

O‘zbekistonda tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning reyestri yuritiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Prezident qarori bilan, tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shoshilinch qabul bo‘limlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi:

  • 2024-yil 1-iyundan Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida;
  • 2024-yil 1-oktyabrdan respublikaning qolgan barcha hududlarida.

Birlamchi ko‘mak xonalarida:

  • jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash uchun tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari uch sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtiriladi;
  • shoshilinch birinchi yordam, shu jumladan, ruhiy, psixoterapevtik yordam ko‘rsatiladi, yuqumli kasalliklar mavjudligi to‘g‘risida tahlillar o‘tkaziladi.
  • 2024-yil 1-oktyabrdan himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
  • 2025-yil 1-yanvardan ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi;
  • 2024-yil 1-dekabrdan bir kalendar yili davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.

Jeff Bezos muhim qarorlarni qanday qabul qiladi?

0
COLORADO SPRINGS, CO - APRIL 12: Founder of space company Blue Origin, Jeff Bezos, speaks about the future of commercial space travel during the 32nd Space Symposium on April 12, 2016 in Colorado Springs, Colorado. Bezos, founder and CEO of Amazon, spoke to the crowd about the business and future of commercial space travel and how his new company, Blue Origin, is looking to make that more accessible to the general public. (Photo by Brent Lewis/The Denver Post via Getty Images)

Sakkiz soatlik uyqu, oilaviy nonushta, ertalabki muhim uchrashuvlar. Jeff Bezos haqidagi asar Amazon asoschisining biznes yuritish uslubi haqidagi tasavvurlaringizni o‘zgartiradi.

Ertalabki dangasalik haqida

“Men ertalab dangasalik qilishni yoqtiraman. Erta yotaman. Erta turaman. Gazeta o‘qishni, qahva ichishni va bolalarim maktabga ketishidan oldin ular bilan nonushta qilishni yaxshi ko‘raman. Bo‘sh vaqt men uchun juda muhim”. Buni dunyodagi eng boy biznesmenlardan biri Jeff Bezos aytmoqda. Jeff Bezos ertalabki vaqtini tadqiqot va eng qiyin masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish bilan o‘tkazadi. Ruhiy kuch talab qiladigan uchrashuvlarni, uning fikricha, eng yaxshisi soat 10ga belgilagan ma’qul. Kechga yaqin soat 5ga kelib, ong murakkab tahlillarni amalga oshirishga qodir bo‘lmay qoladi, shuning uchun, agar shu paytgacha yechim topishning iloji bo‘lmasa, vazifani ertasi kuni ertalabga qoldirgan yaxshiroqdir.

Garchi bunga amal qilish biroz qiyin bo‘lsa-da, uchrashuvlar o‘rtasida albatta sakkiz soatlik uyqu bo‘lishi kerak. Yuqori lavozimdagi rahbar kuniga minglab muntazam qarorlar qabul qilishi uchun emas, balki oz sonli sifatli qarorlar qabul qilishi uchun maosh oladi, deya ta’kidlaydi Bezos.

Uning qoidasi quruq hisob-kitoblarga asoslanadi: “Men kuniga olti soat uxlayman, yoki shu qadar aqldan ozganmanki, to‘rt soat uxlayman deylik. Qo‘shimcha to‘rt soat ish vaqtiga ega bo‘laman.

Demak, ilgari, aytaylik, kun davomida o‘n ikki soat ish vaqtiga ega bo‘lgan bo‘lsam, endi to‘satdan menda 12+4 soat, ya’ni 16 soat ish vaqti paydo bo‘ldi. Ya’ni, qaror qabul qilish uchun 33% ko‘proq vaqt. Agar men oldin 100ta qaror qabul qilgan bo‘lsam, endi yana 33ta qaror qabul qilishga vaqtim bor. Agar sizda charchoq, g‘azablanish va hokazolar tufayli qarorlar sifati pasayib ketsa, bu shunga arziydimi?

Yechimlar haqida

“Amazon” asoschisi kelajakka asoslanib qaror chiqarish ma’qul, deb hisoblaydi. Bezos har doim yilning joriy choragiga (kvartal) emas, balki oldindagi ko‘plab choraklarga e’tibor qaratgan. “Odamlar meni to‘xtatib, kvartal muvaffaqiyatli bo‘lgani bilan tabriklayman, deyishadi.

Men esa ularga: rahmat, lekin aslida men ushbu chorakning muvaffaqiyatini uch yil oldin ta’minlaganman deb aytaman», — tushuntiradi tadbirkor. Agar qarorlar ikki yoki uch yildan keyin qayerga olib borishini hisobga olgan holda qabul qilinsa, kuniga uchta shunday qaror haqiqatan ham yetarli bo‘ladi. Vaziyatlarning ikki turi qaror qabul qilishda bir-biridan tubdan farq qiladigan yondashuvlarni talab qiladi. Bezos ba’zi hollarda muhokama jarayonini sekinlashtirish va hamma narsa haqida qayta-qayta o‘ylab ko‘rishni asosli deb hisoblaydi. Agar sizning qaroringiz o‘zgartirib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladigan bo‘lsa, bu mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo aksariyat holatlar bunday emas, deydi u.

Ular bo‘yicha qarorlar qabul qilish oson, ya’ni uzoq davom etadigan tahlil va muhokamani talab qilmaydi. Agar siz masala turini to‘g‘ri aniqlay olsangiz, xatoni tuzatish mumkin bo‘lgan masala bo‘yicha ishni tezlashtirishingiz va haqiqatan ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan masalalarda qaror qabul qilishni biroz sekinlashtirishingiz mumkin.

Bahsli holatlar haqida

Yana bir muhim ko‘nikma — fikrni ma’qullamaslik, ammo mas’uliyatni bo‘lisha olish qobiliyati qaror qabul qilishni tezlashtirishi mumkin. Menejerlar munozarani o‘zaro kurashga aylantirib yuborishganda, ular orasida eng qaysarrog‘i g‘alaba qozonadi, qolganlari esa taslim bo‘ladi. Bu qaror qabul qilishning eng yomon usuli, deydi “Amazon” asoschisi.

Bunday yondashuv jamoani ruhiy tushkunlikka soladi va natija tasodifiy bo‘lishi mumkin. Bahsli masalalar va qizg‘in munozaralarni tezda yuqorida turadigan rahbarga olib chiqish kerak.

Uning vazifasi barcha nuqtai nazarlarni tinglash va: “hech birimiz aynan qaysi qaror to‘g‘ri bo‘lishini aniq bilmaymiz, lekin men bilan birga tavakkal qilishingizni xohlayman”; biz shunday harakat qilamiz»; “men fikrimni ma’qullashingizni emas, shunchaki mas’uliyatni bo‘lishishingizni xohlayman”, deyishdan iborat. Ko‘pincha rahbar va unga bo‘ysunuvchi xodimlar o‘rtasida ziddiyat yuzaga keladi va bu vaziyatda yuqori lavozimdagi shaxs nizoni to‘xtata olishi va qaror qabul qilishda javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak.

“Men doim ham fikrlarni ma’qullamayan, lekin men mas’uliyatni baham ko‘raman. Biror narsa haqida bir soat, bir kun yoki bir hafta bahslashishim mumkin. Ammo keyin shunday deyman: “Bilasanmi? Men, albatta, fikringga qo‘shilmayman, lekin senda argumentlar ko‘proq. Biz buni sen aytgandek qilamiz. Va senga va’da beramanki: men senga aytgandim, deb hech qachon yuzinga solmayman”, — deydi Bezos.

Ixcham issiqxona o‘rnatishga beriladigan subsidiyalar miqdori o‘zgartirildi

0

Hukumatning Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqidagi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun subsidiya faqat tomorqa yer egasiga ajratilishi haqidagi talab bekor qilindi.

Mazkur turdagi issiqxonalarni o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalarini xarid qilishga beriladigan subsidiyalar miqdori bekor qilindi.

Ilgari mazkur turdagi xarajatlar uchun BHMning 3 baravaridan 30 baravarigacha miqdorida subsidiyalar berilardi. Endilikda subsidiya miqdori agentlikning hududiy boshqarmasi, yetkazib beruvchi tashkilot va talabgor o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnoma shartlariga bog‘liq bo‘ladi.

Talabgor subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab, doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yoki “Onlayn mahalla” platformasi orqali murojaat qilishi mumkin.

Arizada talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (identifikatsiyalovchi ID-karta raqami), ishsiz, kam ta’minlangan yoki kambag‘al oila a’zosi ekanligi hamda so‘ralayotgan subsidiyaning turi ko‘rsatiladi.

Hokim yordamchisi quyidagi ma’lumotlarni o‘rganadi:

  • talabgorni issiqxona, sug‘orish vositalarini o‘rnatish, urug‘lik, ko‘chatlar ekish imkoniyati mavjudligi;
  • ishsiz, kam ta’minlangan yoki kambag‘al oilaning a’zolaridan biri ekanligi;
  • so‘ralayotgan subsidiya turidan ilgari foydalanmaganligi;
  • tomorqa yerining mavjudligi va boshqalar.
  • O‘rganish natijalari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiradi. Tavsiya va dalolatnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga hokim yordamchisi javobgar hisoblanadi.

Yil boshida prezident issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Ixcham issiqxonalar qurishga garovsiz kreditlar ajratilishi belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev Moskvada Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etadi

0

O‘zbekiston prezidenti Moskvada Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 79 yilligiga bag‘ishlangan paradning faxriy mehmonlari qatorida bo‘ladi. Paradda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Kuba, Laos va Gvineya-Bisau davlatlari rahbarlari ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-9 may kunlari amaliy tashrif bilan Moskva shahrida bo‘ladi.

«Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan mamlakatimiz yetakchisi kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida hamda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tashrif doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan paradda quyidagi davlatlar rahbarlari ham qatnashadi: Aleksandr Lukashenko (Belarus), Qosim-Jo‘mart To‘qayev (Qozog‘iston), Sadir Japarov (Qirg‘iziston), Imomali Rahmon (Tojikiston), Serdar Berdimuhamedov (Turkmaniston), Migel Dias-Kanel Bermudes (Kuba), Tongloun Sisulit (Laos) va Umaru Sissoku Embalo (Gvineya-Bisau).

Prezidentlar Vladimir Putin bilan birga Noma’lum askar qabriga gul qo‘yish marosimida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 20 mln so‘mdan mukofot puli beriladi

0

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 20 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofot beriladi.

Prezident “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Mamlakatda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlar xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safda turib, vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 20 000 000 (yigirma million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi.

Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofoti tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlaydi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilda O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilgandi.

Markaziy bank iqtisodiy o‘sish prognozini 5,2-5,7 foizgacha pasaytirdi

0

Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, joriy yilda pul o‘tkazmalari miqdori 12-12,5 mlrd dollar atrofida shakllanishi mumkin. Regulyator aholi uchun energiya resurslari narxi oshirilishining umumiy inflatsiyaga birlamchi ta’sirini 2,4 foiz bandga baholadi va yillik inflatsiya 9-11 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.

Yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha joriy yildagi umumiy inflatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirildi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan «2024 yilning I choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi»da ma’lum qilindi.

Makroiqtisodiy prognozlar

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2024 yilda iqtisodiy o‘sish 5,2-5,7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich joriy yil yanvardagi hisob-kitoblarga (5,5-6 foiz) nisbatan pasaygan. Bu aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining xarajatlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobiga kelgusida iste’mol talabining ma’lum ma’noda maqbullashishi bilan ifodalangan.

Tashqi savdo

Joriy yilning I choragida eksportning (oltinsiz) o‘sish dinamikasi asosiy ssenariy prognozlari doirasida shakllangan. Jahonda atom energetikasining roli ortib borayotganligi sababli uran qimmatlashishi va Xitoy ishlab chiqarish sektoridagi ijobiy tendensiyalar tufayli mis narxining o‘sishi joriy yilda oltinsiz eksport dinamikasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Shu bilan birga, paxta narxi chorakning dastlabki oylaridagi keskin o‘sishidan so‘ng o‘tgan yilgi qiymatlarga qaytgan bo‘lsa, narxning keyingi trayektoriyasida yuqori noaniqlik saqlanib qolmoqda. Yuqoridagi omillar hisobiga jami eksport o‘sishi 9-12 foizni, oltinsiz eksport o‘sishi esa 12-14 foizni tashkil etishi prognoz qilingan.

Hisobot davrida importning o‘sish sur’ati biroz pastroq shakllanib, ushbu pasayish o‘tgan yilgi transport vositalari importi fonida yuzaga kelgan yuqori baza bilan izohlangan. I chorakda mashina va asbob-uskunalarsiz importning o‘sishi dinamikasi qariyb 8 foizni tashkil etgan. Joriy tendensiyalarni hisobga olgan holda import o‘sish prognozi 10-12 foiz darajasida saqlanib qolishi kutilmoqda.

Pul o‘tkazmalari va mehnat bozori

Valuta kurslarida sezilarli tebranishlar kuzatilmagan taqdirda, pul o‘tkazmalari prognozi 2024 yil oxirigacha 12-12,5 mlrd dollar atrofida shakllanishi prognoz qilinyapti. Yanvar-mart oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizga oshib, 2,5 mlrd dollarga yetgan.

Shu bilan birga, ayrim tartibga solinadigan narxlar va tariflarning erkinlashtirilishi va natijada inflatsiyaning tezlashishi hisobga olinganda, aholi tasarrufidagi real daromadlar biroz pasayishi, ularning tarkibiy o‘zgarishi va bunga mos ravishda shaxsiy iste’mol ma’lum darajada maqbullashishi mumkin.

Inflatsiya

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aholi uchun energiya resurslarining ijtimoiy me’yor bo‘yicha narxlari oshirilishining umumiy inflatsiyaga birlamchi ta’siri 2,4 foiz bandni (xususan, elektr energiyasi – 1,2 foiz band, tarmoqli tabiiy gaz – 1 foiz band, suyultirilgan gaz – 0,2) tashkil etishi taxmin qilinmoqda. Yuridik shaxslar uchun energiya tariflari o‘tgan yili oshirib bo‘lingani va bu o‘zgarishlar faqat uy-xo‘jaliklariga nisbatan amalga oshirilayotgani hisobiga uning ikkilamchi ta’siri yuqori bo‘lmasligi kutilmoqda. Ushbu ikkilamchi ta’sir asosan inflyatsion kutilmalarning o‘zgarish darajasi bilan bog‘liq bo‘ladi.

O‘rta muddatli davrda bazaviy inflatsiyaning barqaror pasayib borishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning aprel oyidan tibbiy xizmatlar, dori-darmonlar va ayrim kommunal xizmatlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etilishi qisqa muddatli istiqbolda bazaviy inflatsiyaning pasayuvchi tendensiyasini sekinlashtirishi mumkin.

Qayd etilishicha, avvalgi yillardagi budjet xarajatlarining yuqori sur’atda o‘sishi ta’sirlari kamayib borishi bilan bir qatorda kelgusida fiskal intizomga rioya qilinishi va budjet xarajatlarining yil boshida belgilangan darajalari doirasida amalga oshirilishi inflatsiyaga talab tomondan qo‘shimcha bosim shakllanishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib, yangilangan makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, 2024 yil II choragida bir martalik ta’sirlar hisobiga umumiy inflatsiya ko‘rsatkichi oshishi va nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari davom ettirilishi natijasida yil yakuniga umumiy inflatsiya 9-11 foiz doirasida bo‘lishi kutilmoqda.

Fiskal holat

Davlat budjeti taqchilligi I chorakda 19,8 trln so‘mni yoki YaIMga nisbatan 8,2 foizni tashkil etgan. Mazkur yuqori taqchillik iqtisodiyotning moliyaviy holatiga potensial bosimni shakllantirib, davlat xarajatlari va daromadlari o‘rtasidagi sezilarli nomutanosiblikni aks ettiradi.

So‘nggi davrlarda (2023 yilning III choragini hisobga olmaganda) kuzatilgan musbat fiskal impuls tendensiyasi iqtisodiyotda rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat davom etayotganligini ko‘rsatadi.

Yuqori fiskal taqchillik qisqa muddatli iqtisodiy faollikni oshirsa-da, o‘rta muddatda potensial o‘sishga hamda narxlar barqarorligiga salbiy ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Barqaror budjet-soliq siyosatini saqlab qolish va uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun ushbu tafovutning bartaraf etilishi muhim hisoblanadi.