Bosh sahifa Blog Sahifa 108

Xususiy ta’lim sohasi vakillari uchun davra suhbati o‘tkaziladi

0

Uchrashuv Savdo-sanoat palatasi tomonidan prezidentning avgust oyida biznes vakillari bilan muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilmoqda.

6-iyul kuni Toshkentda xususiy ta’lim sohasi vakillari uchun davra suhbati bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi Savdo-sanoat palatasi.

Tadbir avgust oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilmoqda.

Uchrashuvda sohasidagi mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni shakllantirish maqsadida davra suhbati o‘tkaziladi. Davra suhbati “Yangi O‘zbekiston” universitetida soat 10:00da boshlanadi. Ishtirok etish uchun Savdo-sanoat palatasining (+998) 78 150−60−06 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Joriy yilda Qoraqalpog‘istonda ochiq muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tayyorgarlik doirasida korxonalar muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha hududiy guruhlar, shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha yanada chuqurroq tahlil qilish uchun ekspert guruhlari tuzilmoqda.

6-iyuldan Tashabbusli budjetning ikkinchi mavsumi boshlanadi

0

Mazkur mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

“Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yilgi ikkinchi mavsumiga 6-iyuldan start beriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Bunda loyihalarni kiritish 6−26-iyul kunlari amalga oshiriladi. Undan keyin, 26-iyuldan 15-avgustgacha loyihalarni saralash o‘tkaziladi.

Shuningdek, 15−22-avgust kunlari loyihalar targ‘iboti o‘tkazilib, ovoz berish jarayoni 22-avgustdan 1-sentabrgacha davom etadi.

Mazkur mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Joriy yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1,36 mlrd so‘mni tashkil etadi.

2024-yilning 1-fevralidan “Tashabbusli budjet” jarayonining birinchi mavsumi boshlangandi. Aprel oyiga kelib, “Ochiq budjet” portalida 1-mavsum g‘olib loyihalari e’lon qilindi.

Unda mamlakat bo‘ylab 2 254ta mahalla bo‘yicha jami 2 770ta loyiha g‘olib deb topildi.

Avvalroq “Mening bog‘im” loyihasining joriy yilgi birinchi mavsumi uchun ovoz berish jarayoni boshlangani haqida xabar berilgandi.

Haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi

0

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Buning uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi.

Yangi haydovchilik guvohnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O‘rinbayeva xabar berdi.

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin va buning uchun hech qanday hujjatlar talab qilinmaydi. Barcha ma’lumotlar tizimda mavjud.

Ariza beruvchi portalda ro‘yxatdan yoki avtorizatsiyadan o‘tadi va ariza yuboradi. Murojaat holatini ham real vaqtda kuzatib borish mumkin.

Bunda foydalanuvchining ID-karta yoki biometrik pasportidagi rasmdan foydalanishga rozilik bildiradi, rasmdan foydalanishdan rad etgan taqdirda yangi rasmga tushish uchun DXM yoki Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalariga tashrif buyuradi.

Kompyuter yoki mobil telefon yordamida shakllangan yangi haydovchilik guvohnomasiga imzo chekadi. Xizmat pullik asosda ko‘rsatilib, Yagona portal orqali to‘lov miqdori 238 ming so‘mni tashkil etadi.

To‘lovlarni amalga oshiradi va arizada belgilangan davlat xizmatlari markaziga tashrif buyuradi yoki qo‘shimcha to‘lov evaziga pochta xizmati orqali 2 ish kunida haydovchilik guvohnomasini arizachi bergan manziliga yetkazib beriladi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.

2023-yilning yanvar oyidan eski haydovchilik guvohnomalarini onlayn almashtirish imkoniyati yaratilgandi. Aprel oyida portal orqali guvohnomani onlayn olish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq avtomobilni tasarruf etish uchun ishonchnomani onlayn olish imkoniyati yaratildi. Avtomototrnasport vositasini tasarruf etish (sotish, hadya, qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish va boshqa turdagi tasarruf qilish) ishonchnomasini ham onlayn rasmiylashtirish mumkin.

Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlari sovrindorlariga qancha mukofot puli berilishi ma’lum bo‘ldi.

0

Unga ko‘ra, Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchiga 200 ming dollar, kumush medali egasiga 100 ming, bronza sohibiga esa 50 ming dollar va’da qilindi.

Shuningdek, murabbiylar ham mos ravishda 50 ming, 25 ming va 12,5 ming dollardan mukofot pullari olishi aytildi.

Eslatib o‘tamiz Parij—2024 Olimpiadasi 26-iyuldan 11-avgustga qadar davom etadi.

O‘zbekistonda yoshlarni STEM sohasiga jalb qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi

0

OTM, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratilib, laboratoriyalar haqida ma’lumotlar berib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi hamda yoshlar bilan muloqot o‘tkazilmoqda.

Unda o‘tgan to‘rt yilda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 13,5 trln so‘m kredit ajratilib, 1 mln yosh band bo‘lgani, “Yoshlar daftari»dan 107 ming o‘g‘il-qizlarga 338 mlrd so‘m subsidiya berilgani qayd etildi.

Bundan tashqari, 205ta “Yoshlar sanoat zonasi»da 2,5 trln so‘mlik 1,2 ming loyiha ishga tushdi. Yaratilgan sharoitlar hisobiga, biznesini “nol»dan boshlab, hozirda aylanmasini million dollardan oshirgan 1,5 ming nafar yoshlar bor.

Mamlakat jadal rivojlanishi uchun “to‘rtinchi sanoat inqilobi” kasblari juda muhimligi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, yoshlarning fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim joriy qilinadi. Yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

Yoshlar xorijiy oliygohlarda o‘qish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo‘yicha “SAT” imtihonini topshirmoqda.

Bu testlarda 75%dan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar nufuzli xorijiy oliygohlarga grant qo‘lga kiritmoqda. Endi bunday yoshlar mamlakat oliygohlariga ham grantga qabul qilinishini qayd etdi prezident.

Nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tilidan imtihon topshirish yengillashadi. Jumladan, chet tili bo‘yicha milliy sertifikat (CEFR) olishda qo‘lda yozish imkoniyati bo‘lmaganlarga kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi.

Prezident maktablari agentligi qoshida “Olimpiadalarga tayyorlash markazi” ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida bu markazda tayyorgarlik ko‘radi. Endilikda oliygohlarning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uyg‘unlashadi. Texnikumning birinchi va ikkinchi yilini yaxshi o‘qigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi.

Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursidan o‘qishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi.

Kasbi bo‘yicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan oliygohlarga kontrakt asosida qabul qilinadi.

Endi oliygoh, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi: qaysi laboratoriyada qanday uskuna bor, ular qanday sinovlar qila oladi va qanday quvvatlarda ishlayapti, degan savolga javob bo‘ladi.

Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.

IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uch yilga soliqlardan ozod etiladi

0

Ularga IT Park rezidenti maqomi berilib, tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishlari uchun ijtimoiy karta bilan ta’minlanadi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi hamda yoshlar bilan muloqot o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda bugungi kunda IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar — frilanserlar soni 50 mingdan oshgani ma’lum qilindi.

Bunday yoshlar yiliga $50 ming, $100 ming, hatto $200 minggacha eksport qilmoqda. Biroq, mamlakatda ularni birlashtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qo‘shilgan qiymat yaratib, uni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish zarurligi ta’kidlandi. Endilikda IT-sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga “IT Park” rezidenti maqomi beriladi.

Bundan tashqari, mazkur yoshlar 3 yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi. “IT Park” tomonidan IT-kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi.

Shuningdek, yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

May oyi oxirida “IT Park” rezidentlari uchun minimal eksport talablari belgilangandi. Joriy yilning 1-oktabridan eksport yirik rezidentlar umumiy daromadining kamida 10%ini tashkil etishi zarur. Bu miqdor bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Texnopark 101ta kompaniyani rezident maqomidan mahrum qildi. Bunga ularning o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi sabab bo‘lgan.

“IT Park” rezidentlarining yagona reyestriga ko‘ra, ayni paytda bu maqomga ega 2187ta kompaniya mavjud.