Bosh sahifa Blog Sahifa 106

Toshkentda Botir Zokirov memorial muzeyi barpo etiladi

0

Toshkent shahrida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi.

Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, san’at muxlislarini qizg‘in tabrikladi.

– Bugun o‘ziga xos san’at va madaniyat bayrami. Ushbu quvonchli voqea bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari va muxlislarini, butun xalqimizni samimiy muborakbod etaman, – dedi prezident.

Botir Zokirov 1936 yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021 yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy san’atimiz tarixida butun bir davrni tashkil etishi ta’kidlandi. Uning boy merosini chuqur o‘rganish va xalqqa yetkazish ishlarini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga alohida qaror tayyorlash topshirildi.

Unda Toshkent shahrida san’atkorning memorial muzeyini barpo etish, estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik-tanlov va talabalar uchun davlat stipendiyasi joriy etish, badiiy film yaratish, Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ko‘zda tutiladi.

O‘zbekistonda oltin narxi yana bir gramm uchun 1 mln so‘mdan oshdi

0

Qimmatbaho metall narxi bir kunda 1,8 foizga, joriy yil boshidan esa deyarli 19 foizga oshdi.

Oltin quyma va esdalik tangalar narxi 16 may, payshanba kuni yangi maksimal darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Og‘irligi 5 gramm bo‘lgan oltin quyma hozirda 5,04 million so‘mga baholanmoqda. Bir grammning narxi 1 008 040 so‘m yoki o‘tgan kunga nisbatan 1,8 foizga qimmat.

Qimmatbaho metallning bir grammi bundan salkam bir oy avval — 17 aprelda 1 million so‘mdan oshib ketgandi. O‘zbekistonda yil boshidan buyon oltin narxi 18,9 foizga oshdi.

Markaziy bank 2018 yilda aholiga oltin tangalarni sotishni boshladi, ikki yildan so‘ng esa ularga oltin quymalari ham qo‘shildi. Yakka tartibdagi xaridorlarga ma’lum shartlar asosida ularni O‘zbekistondan olib chiqishga ruxsat berildi.

Bu qadamlar O‘zbekiston iqtisodiyotining xorijiy valutaga qaramligini kamaytirish istagi bilan izohlandi. Bundan tashqari, ekspertlarning fikricha, oltin investitsiya imkoniyatlarini kengaytiradi va jamg‘armalarni ta’minlashga yordam beradi.

Toshkentdagi chorraha va ko‘chalar ta’mirlanadi

0

Ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarining asosiy qismi joriy yilning sentabrigacha amalga oshiriladi.

Toshkent shahridagi qator chorraha va ko‘chalarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ishlarning asosiy qismi joriy yilning may oyidan sentabrigacha — maktablar va oliy o‘quv yurtlaridagi ta’til davrida amalga oshiriladi. “Ishlar asosan tungi vaqtda bajariladi. Poytaxtimizdagi piyodalar va haydovchilar bu ishlarning og‘irligini his qilmasliklari uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, deyiladi xabarda.

Ish birinchi marta keng ko‘lamda, yangi qoplama (SHMA — chaqiqtosh-mastikali asfaltbeton) turlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yer osti kommunikatsiyalari ham tekshiriladi.

Hokimlik ish jarayonida haydovchilar va piyodalar uchun noqulayliklar tug‘ilishi mumkinligini ta’kidladi.

Fuqarolardan vaziyatni tushunishlari so‘ralmoqda, “chunki bu qisqa muddatli qiyinchiliklar uzoq muddatli qulaylik uchun xizmat qiladi”, deya yakunlangan xabar.

Mart oyi boshida prezident poytaxtdagi gavjum chorrahalar va ko‘chalarni tartibga solish, bu orqali tirbandliklarni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi.

Ishlarni kengaytirish, “shahar — piyodalar uchun” tamoyilini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Joriy yilning 1-martidan Toshkentda tig‘iz vaqtlarda yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati taqiqlandi.

O‘zbekistonda top-20 yirik soliq to‘lovchilar ma’lum qilindi

0

2024 yil yanvar-aprel oylarida 2187 ta yirik soliq to‘lovchi tomonidan 32,9 trillion so‘mdan ortiq soliq tushumlari amalga oshirildi.

O‘zbekistonda top-20 yirik soliq to‘lovchilar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Fiskal tahlillar Telegram-kanaliga ko‘ra, 2024 yil yanvar-aprel oylarida 2187 ta yirik soliq to‘lovchi tomonidan 32,9 trillion so‘mdan ortiq soliq tushumlari amalga oshirildi.

Shundan 16,2 trillion so‘mi davlat ulushi mavjud top-10 ta yirik soliq to‘lovchi hisobiga to‘g‘i keladi.

Ushbu o‘nlikda soliq to‘lovlari bo‘yicha “Navoiy kon metallurgiya kombinati” yetakchilik qilmoqda – 7,7 trillion so‘mdan ziyod.

2,5 trillion so‘mdan ziyodrog‘i xususiy sektordagi top-10 yirik soliq to‘lovchilar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur reytingda “Uz BAT” – 843 milliard so‘m soliq tushumlarini amalga oshirgan holda eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan.

Avvalroq qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 33 090 ta yuridik shaxs tomonidan 2024 yil yanvar-mart oylarida 2,1 trln so‘mdan ortiq soliq to‘lagani haqida xabar berilgandi.

Biznes g‘oya: vafli biznesini qanday boshlash va qancha daromad topish mumkin?

0

Sanjarbek Ashirmukhamedov 1999-yil Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent shahridagi I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali akademik litseyini tamomlagan.

Bu soha bilimlarini mustaqil o‘rganib, 24 yoshigacha yetarlicha tajriba orttirgan. U 2015-yildan boshlab ushbu loyiha ustida ishlagan.

5 marta yopilishiga qaramasdan, bugungi kunda 60 kishiga mo‘ljallangan joyda “Waffly” qahvaxonasini yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga, “Sanny Group” tadbirkorlar uchun maslahat markazi ham faoliyat olib bormoqda.

Birinchi biznesim “maska” sotishdan boshlangan

Bolaligimda katta bo‘lganimda “Biznesmen bo‘laman” derdim. Birinchi ishimni 3-sinfda boshladim, sinfdoshlarimga bir martalik niqoblar va ruchkalar sotib, shu orqali birinchi pulimni ishlab topgandim.

Qahvaxona ochishimga 2018-yil avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlab yurgan paytimdagi bir voqea sabab bo‘lgan. Bir gal ustozim Sergey Tsoy meni tadbirkorlar tadbiriga olib bordi va u yerda ilk marta kofe ichib ko‘rdim. Shundan so‘ng, men ham o‘z binesimni boshlashga qaror qildim.

Ish boshlash uchun investor ham topilgandi, lekin hamma narsa kelishilib, tayyor holatga kelganida u inson hamkorlik qilmasligini aytib qoldi, ammo men bu ishni davom ettirishni xohladim. Keyin uydagilardan 1 mln so‘m qarz olib, bozordan taxtalar xarid qildim. Otam bilan birga undan bar yasab, do‘stimning qahvaxonasida “Sanny drinks” nomli qahva va limonadlar tayyorlanadigan kichikroq joy ochganman.

sanjarbek ashirmukhamedov, shirinlik biznesi, vafli19 yoshimda litseyni tugatib, buxgalteriya kompaniyasida yordamchilikdan tortib, direktor o‘rinbosariligigacha faoliyat yuritdim. Bu ish yuqoriga o‘sish uchun hamda ish vaqti va maoshi tomonlama ham qulay bo‘lgan. Ammo, 2020-yilda ishdan ketishga qaror qildim, sababi mening oldimda ikkita yo‘l bor edi: shu yo‘nalishda davom etish, yokida o‘zim qiziqqan biznesni yana davom ettirish va men ikkinchi variantni tanladim.

Ketma-ket yopilishlar meni to‘xtatmadi

Shu yili karantindan keyin ota-onamdan $4 ming qarz olib, o‘zimga kerak bo‘lgan kofe mashinasi xarid qildim. Qolgan pulga Qorasuv (Mirzo Ulug‘bek tumani)dan kichikroq joyning ijaraga olib ish boshladim. O‘sha paytlari 2 kg kofe va 200 ta stakandan boshqa mahsulotim bo‘lmagan. Kofega ishlatiladigan sutni ham o‘rtog‘im sovg‘a qilgan. 2021-yilgi karantinda ko‘pgina restoranlar cheklov sababli yopilib ketishdi va afsuski, bizning qahvaxona ham bu ro‘yxatga kirdi. Bu yopilish bizga jami $14 ming zarar keltirdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, yana qarz bilan ikkinchi marotaba harakat boshladik, ammo bu gal ham men kutgan natija bo‘lmadi. Yiqilgan kurashga to‘ymaganidek, “Ekobozor»dan boshqa filialni ochdik. Ammo, u yerda ham bizni muammolar chetlab o‘tmadi.

Ish boshlanganimizning ikkinchi oyida elektr-energiyasida uzilish bo‘lib bizga yaxshigina zarar keltirdi, ya’ni $1500 ga kuydik. Keyin esa qayta oyoqqa turib shu joyda yana ishimizda davom etdik. Aynan hozirgi manzilimizga kelishimizga, o‘sha filialga tashrif buyurgan katta brend egalari sababchi bo‘lishgan. Bu yerda ham ikki oy sinov muddati asosida kelishib ish boshlaganmiz. Bu darajaga yetib kelgunicha biznesimga taxminan 300 mln so‘m atrofida sarmoya qilganman.

Boshida bitta o‘zim ishlaganman

2020-yilda bitta o‘zim ish boshlaganman. Hozirda esa umumiy 17 nafar xodimimiz faoliyat yuritadi. Vafli pishirish uchun kadrlar ishga olingach, biroz muddat o‘qitiladi. Ammo, bizda kofe tayyorlashga tayyor mutaxassis kerak. Ish vaqti ertalabki 10:00 dan tungi 01:00 gacha, haftaning barcha kunlarida olib boriladi. Bu biznes bozorida ishchilarning o‘rtacha maoshi kunlik 200 ming so‘mdan boshlanadi. Mahsulotlarni tayyorlashni o‘zim mustaqil ravishda, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘rganganman. Vaflilarning retsepti bizning oilaviy retseptimiz hisoblanadi. Dastlab ish boshlaganimda 5−6 turdagi vaflilarni tayyorlardim. Hozirda ularning soni 13−15 tani, kofelar esa 20 tani tashkil qiladi.

Oddiy vaflilar 25 ming so‘mdan 65 ming so‘mgacha baholanadi. Agar ustiga muzqaymoq yoki shokolad qo‘shilsa, shunga qarab narxi o‘zgarib boradi. Shuningdek, “Waffly»ning alohida ajralib turadigan “Fondyu” nomli to‘plam vaflisi bor va uning narxi 250 ming so‘mni tashkil etadi.

Vafli pishiradigan mashinada 1 ta vafli 3 minut 30 sekund davomida pishiriladi. Har bitta mahsulot o‘lchami belgilab berilgan va xodimlar shu asosida tayyorlashadi. Oshxona shunday joyki, e’tiborsiz qoldirilsa, tezda tartibsizlik yuzaga keladi.

1 yil oldin buyurtmalar 40 daqiqada tayyorlab berilardi, hozir esa yangi yapon texnologiyasini o‘rnatganimizdan so‘ng bu kutishlar vaqti yarim barobarga kamaydi. Mahsulotlarni “Uzum Tezkor” orqali yetkazib berish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Buyurtmalar har mavsumda har xil bo‘ladi. Ba’zida kuniga 2 ta ham sotishimiz, ba’zida esa 250−300 tagacha ham savdo bo‘lishi mumkin. Albatta bu kunning ob-havosiga, dam olish va bayram kunlariga bog‘liq.

Jihozlar narxi

Ushbu joy 60 kishiga mo‘ljallangan. Bu yerdagi jihozlar va texnikalar narxi taxminan quyidagicha:

Nomi Narxi
1 Stol-stullar (1 ta to’plam uchun) 4 mln so‘m
2 Idish-tovoqlar 10 mln so‘m
3 Texnikalar 126 mln so‘m
4 Salfetka qutisi (donaga) 49 ming so‘m
5 “Casadio” kofe mashinasi 38 mln so‘m
6 Qahva maydalagich 12,5−19 mln so’m
7 Vafli qolipi 11−13,5 mln so‘m
8 Muzlatgichlar 9−19 mln so’m
9 Filtr 4 mln so‘m
10 Konteyner 25 mln so‘m
11 Ijara narxi 19 mln so‘m
12 Umumiy xarajatlar (shu ko‘rinishdagi joyni tashkil etish uchun) 500 mln so‘m

Raqobatchilarni o‘ylab ish qilmagan ma’qul

Har bir inson o‘z ustida ishlab, ko‘nikmaga ega bo‘lgach biznes boshlashi kerak deb o‘ylayman. Boshqalar mendan kuchliku, degan fikr bilan bu bozorga kirib bo‘lmaydi. Masalan, “McDonald’s»ga o‘xshash joy ochmoqchisiz, uni yirik kompaniya ekanligi va raqobatlasha olmasligingizni o‘ylasangiz, ichingizdagi shasht so‘nadi. Nima qilasiz uni o‘ylab? Har kimni o‘ziga yarasha rizqi, nasibasi va mijozlari bor. Asosiysi gap mahsulotda va biz shuning uchun ham katta e’tiborni sifatga qaratamiz.

sanjarbek ashirmukhamedov, shirinlik biznesi, vafli

Yopilishlar menga katta dars bo‘lgan

Ishimni ketma-ket qarzga boshlagan bo‘lsam ham, qo‘rqib, to‘xtab qolganim yo‘q. Chunki, bu pullarni qaytarish ma’suliyati, xodimlarning maoshi, meni hammasidan voz kechishdan to‘xtatib turardi. “Bo‘ldi, men qila olmadim” degan gap ham menga to‘g‘ri kelmasdi. 5 marotaba yopilish natijasida barcha xatolarni qilib ko‘rdim. Ammo, bularning barchasi menga foydali bo‘lgan deb bilaman. Chunki, har qanday ish, qayta-qayta kuygani sari qattiqlashib, mustahkamlashib boraveradi.

Shoshilganim va sog‘lig‘imga e’tibor bermaganim eng katta xatoyim bo‘ldi. Har bitta ishni o‘ylab bajarish lozim, ammo uzoq o‘ylamasangiz barcha imkoniyatlardan ortda qolib ketish mumkin. Agar vaqtni ortga qaytarish imkoni bo‘lganida, men bu ishlarni hech birini bajarmagan bo‘lardim deb o‘ylayman. Sababi, oldin bu sohada yetarli bilimim bo‘lmagan va qiziqqonlik bilan faqat to‘g‘riga harakat qilganman.

Eng katta omadim ota-onamning har qanday vaziyatda yonimda turib, qo‘llab-quvvatlashganida deb bilaman. Birinchi ishimdan ketmoqchi bo‘lganimda, yaqinlarim qarshilik qilishsa ham, ota-bu qarorimni ma’qullashgan.

Kelajakdagi rejalar. Keyingi rejalarimda “Sanny Group” maslahat markazi faoliyatini yanada rivojlantirmoqchiman. Odamlarga kerakli bilim va tajribalarni o‘rgatish, bugungi kunda muhim jarayon ekanligi o‘z isbotini topmoqda. Shuningdek, kofe va vaflidan iborat o‘zgacha to‘plam tashkil qilish niyatimiz bor.

8ta kommunal xizmatlar uchun yagona to‘lov platformasi ishlab chiqilmoqda

0

IT-ta’lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan startaplar tanlovi IT Park tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev mamlakatda IT-sohasini rivojlantirish, yoshlar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Mamlakatda startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Shaffoflikni oshirish, loyihalarga natijadorlik asosida grant ajratish zarurati mavjudligi qayd etildi. IT-ta’lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan startaplar tanlovini “IT Park” orqali o‘tkazish taklif etilmoqda.

Davlat rahbari bu tanlovda ham, xuddi “President Tech Award” tanlovidagi kabi, xalqaro kompaniyalar tomonidan baholashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Sun’iy intellekt dasturlarini yaratish va qo‘llash bo‘yicha muvaffaqiyatli ish olib borilmoqda. Biometrik identifikatsiyalash uchun “My ID” tizimi rivojlantirildi. 28ta bank va 5ta davlat tashkiloti mazkur tizimga ulandi. U orqali 8,2 mlndan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi.

Muxlisa” nomli o‘zbek tilidagi ovozli yordamchi ishlab chiqilmoqda. Uni turli texnika vositalariga o‘rnatish mo‘ljallangan.

Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun’iy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasini joriy etish bo‘yicha axborot berildi. Onlayn platforma orqali iste’molchilar 8ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Unda 14tadan ortiq idoralar ma’lumotlarini bir nuqtada jamlash hamda avtomatlashtirilgan ravishda taqsimlash imkoniyati yaratiladi.

Yanvar oyida davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha yagona billing hisob-raqamni joriy qilish kerakligini bildirgandi.

Joriy yilgi davlat dasturida Navoiy viloyatida sinov tarzida kommunal to‘lovlarning yagona tizimini joriy etish belgilangan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov tizim ishlab chiqilib, hozirda uni elektr tarmoqlariga integratsiyalash jarayoni ketayotganini ma’lum qildi.