Bosh sahifa Blog Sahifa 84

O‘zbekistonda kambag‘al oilalar reyestri yuritiladi

0

2025-yildan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam berishning talablari o‘zgartiriladi.

23-sentabr kuni “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 mln nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi. Kambag‘allikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va to‘plangan milliy tajriba hamda xalqaro amaliyot asosida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi hamda bu bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Dastur har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan. U 2024-yilning 1-noyabridan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi:

  • barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish;
  • ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish;
  • kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish;
  • ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;
  • yashash sharoitlarini yaxshilash;
  • davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish;
  • davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish.
  • 1-dekabrdan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi. Reyestr “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish orqali tuziladi.

2025-yildan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashsa, o‘zini o‘zi band qilsa yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ysa, bu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagungacha, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1% stavkada to‘lanadi.

Kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari quyidagi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi:

  • ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash;
  • o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish);
  • oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi;
  • uy-joyini ozoda tutishi kabilar.

11-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish tizimini yaxshilashga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. Unda Bosh prokurorga kambag‘al oilalarni o‘rganish uchun alohida o‘rinbosar tayinlanishi qayd etilgandi. Prokuratura kambag‘allikni qisqartirishda qonunchilik ijrosini nazorat qiladi.

Mamlakatda kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11%dan 7%ga qisqartirish rejalashtirilgan. Tizimda kambag‘al oilani tanlashda aniqlik, mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmasligi aytilgandi.

O‘zbekistonda uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi

0

Endi uy-joy olmoqchi bo‘lgan fuqarolar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri bankka topshiradi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda prezident har bir viloyatda tashkil qilingan Shaharsozlik kengashlari faoliyati bo‘yicha ham e’tirozlar ko‘pligini ta’kidladi.

Kengashga kiritilgan loyihalarni ko‘rib chiqish va kelishish 6 oygacha cho‘zilmoqda. Loyihalar Shaharsozlik kengashiga kiritilishdan oldin tumandagi Sanepidnazorat va yong‘in xavfsizligi bilan kelishiladi. Vaholanki, ularning rahbarlari kengash tarkibida o‘tiribdi.

Kengashda rad qilingan loyihani qayta kiritish uchun “SES” va yong‘in xavfsizligi bilan boshqatdan kelishish majburiy. Oqibatda quruvchi va loyihachilar bunga 2 karra pul to‘lab, yana 2−3 oy yo‘qotayapti. Endilikda Shaharsozlik kengashlari faoliyati bilan bog‘liq jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Bunda barcha loyihalar kengashga “Shaffof qurilish” platformasi orqali elektron kiritiladi.

Shuningdek, loyiha hujjatlari bo‘yicha “SES” va yong‘in xavfsizligi tuman bo‘limidan alohida xulosa olish bekor qilinadi.

Kengash a’zolari loyihani quyi tizimi bilan shu platformada elektron kelishadi, loyihani ko‘rib chiqish muddati 15 kundan oshmasligi zarurligi ta’kidlandi.

Ushbu tartibni 1-dekabrdan Toshkent shahrida, kelgusi yilning 1-aprelidan qolgan viloyatlarda joriy qilish topshirildi.

Yig‘ilishda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va bunga pul tikkan aholi o‘rtasida nizolar ko‘payib borayotgani qayd etildi.

Bunday noinsof quruvchilarga aldanib, odamlar ham uysiz, ham pulsiz qolmoqda. Shu bois prezident topshirig‘iga asosan qurilish vaziri boshchiligidagi ishchi guruhi xorijiy tajribani o‘rgandi. Endilikda uy-joy sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy qilinadi. Bunda developerlar o‘zlari qurayotgan uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri bankka topshiradi.

Banklar esa yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Shunda banklar quruvchi va xaridor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, uy-joyni o‘z vaqtida va sifatli qurib, egasiga topshirishga kafil bo‘ladi.

Yangi tizim Samarqand shahri, Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan o‘tkazilishi belgilandi.

O‘zbekistonda elektron tijorat bo‘yicha onlayn-maktab ishga tushirildi

0

Maktab kurslarida istalgan kishi, bepul o‘qishi mumkin bo‘lib, mashg‘ulotlar o‘zbek va rus tillarida olib boriladi.

O‘zbekistonda bepul elektron tijorat maktabi ish boshladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi. Elektron tijorat maktabi kichik va o‘rta biznes vakillariga digital-vositalar bilan ishlashni o‘rgatadi.

Maktab — kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ishga tushirilgan notijorat loyihasi hisoblanadi.

Notijorat loyihasi “Mastercard” kompaniyasi tomonidan, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Ta’lim tadbirkorlarga digital-vositalar yordamida biznesni kengaytirish va o‘z ishlarida ko‘proq pul topish imkonini beradi. Elektron tijorat onlayn-maktabi doirasida tadbirkorlar targetlangan reklamani ishga tushirish, ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritish, internet-do‘kon ochish, xalqaro onlayn-maydonchalarda tovar sotish, onlayn-to‘lovlarni ulash va kiberxavfsizlikni ta’minlash kabi ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.

Maktab kurslarida istalgan kishi, mutlaqo bepul o‘qishi mumkin bo‘lib, mashg‘ulotlar o‘zbek va rus tillarida olib boriladi.

Ushbu havola orqali elektron tijorat maktabi dasturi bilan tanishish va o‘qishni boshlash mumkin.

Kichik biznes uchun ofis binosini qanday tanlash kerak?

0

Kichik biznes uchun ofis maydonini tanlash kompaniyaning o‘sishiga, jamoa samaradorligiga va mijozlar qulayligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan muhim qadamdir. Toshkentda ko‘plab tijorat maydonlari mavjud, ammo sizning ehtiyojlaringiz uchun idealini qanday topish mumkin?

Ushbu maqolada “Spot” “CMWP” mutaxassisi Nasima Axmatova bilan birgalikda ofis uchun bino tanlashda asosiy omillarni hisobga olishga yordam beradigan joylashuv va infratuzilmadan tortib xodimlar uchun qulaylikkacha ahamiyat berish kerak bo‘lgan ro‘yxatni tuzdi.

Maqolaning video varianti:

Joylashuvi

Joyni tanlashda kompaniyaning vazifalariga nazar solish kerak. Agar kompaniya xizmat ko‘rsatish sohasi kabilarda faolyat yuritadigan bo‘lib, u yerga ko‘plab mehnonlar/mijozlar tashrif buyursa, u holda shaharning markaziy qismida joylashgan ofislarga afzallik berish kerak. Bu tashrif buyuruvchilarga barcha tumanlardan qulayroq kelish imkonini beradi.

Bundan tashqari, agar kompaniya xodimlari jamoat transportida ofisga boradigan bo‘lsa, unda rivojlangan transport infratuzilmasi bo‘lgan joylarda, ya’ni yurish masofasida metro yoki avtobus bekatiga yetib olish mumkin bo‘lgan ofislarni tanlash kerak.

Binoning yonida mijozlar uchun “stixiyali” avtoturargohning majudligi ham ofis maydonini tanlashda muhim omil hisoblanadi.

Shuningdek, ko‘pincha kompaniyalar oziq-ovqat do‘konlari va kichik kafelar majudligiga qarashadi. Bundan xodimlarning ovqatlanishi, kofe-tanaffuslari, mijozlar va jamoa bilan qisqa uchrashuvlar uchun joy ko‘zlanadi.

Lekin balansni izlash kerak, chunki markazdagi binolar ancha qimmat.

Maydoni va holati

Potensial ijarachilar kamdan-kam hollarda butun binoning umumiy maydoniga e’tibor qaratishadi. Aksincha, ular obyektning formatiga (masalan, katta biznes-markaz yoki ijarachilar soni kam bo‘lgan kichik bino) va uning massivligiga qarashadi.

Ko‘rib chiqilayotgan har bir obyektning tuzilishini so‘rash kerak, chunki uning asosida xodimlarni qanday joylashtirish mumkinligi haqida tushuncha paydo bo‘ladi. Masalan, 200 kv metrli ko‘p bo‘limlar va devorlarga ega bo‘lgan ofisga qaraganda shunday maydonli open-speys ofisida ancha ko‘proq xodimlarni joylashtirsa bo‘ladi.

Yangi boshlovchi tadbirkorlarga ijara haqini muntazam to‘lash uchun ortiqcha pul talab qilmaydigan kichik ofis kerak. Shuningdek, kichik biznes binolarni ta’mirlangan holda olgani ma’qul, chunki aks holda bu katta moliyaviy va vaqt xarajatlarini keltirib chiqaradi.

Binoning qurilish, muhandislik va yong‘inga garshi tizimlarini tekshirish har bir kompaniya uchun muhim omil hisoblanadi. Chunki bu xodimlarning xavfsizligi haqida.

Shamollatish va konditsioner tizimlariga alohida e’tibor berish kerak. Toza havo xodimlarning ishlashi va ularning umumiy holatiga ta’sir qilib, optimal haroratni saglashga yordam beradi. Shuningdek, muqobil elektr ta’minoti mavjudligiga ham e’tibor qaratish lozim.

Qulaylik va sharoitlar

Aksariyat kompaniyalar oshxonaga unchalik ahamiyat berishmaydi, biroq uning mavjudligi ofis maydonida oziq-ovqat hidi bo‘lmasligini ta’minlaydi. Vа albatta, hojatxonaga navbat to‘planmasligi uchun kabinalar soni yetarli bo‘lishi kerak.

Kichik masaladek ko‘rinadigan yuqoridagi ikkala omil ham kompaniya imidjiga ta’sir qilishi mumkin. Siz mijoz/sherigingizni oziq-ovqat hidi keladigan va hojatxonaga borish qiyin bo‘lgan ofisga taklif qilishni xohlamaysiz, albatta.

Bugungi kunda ofisda agile-maydonining mavjudligi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Aksariyat xodimlar ularning salomatligi va farovonligini yaxshilashga ko‘proq e’tibor qaratadigan ish beruvchilarni qadrlashadi.

Shuningdek, binoning ish vaqti ham muhim ahamiyat kasb etadi, negaki xorij bilan autsorsga ishlaydigan kompaniyalarning ish rejimi tungi vaqtda bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, IT-kompaniyalarning xodimlari odatda ofisda kechgacha qolishadi, bunda binoga kirish va muhandislik tizimlarining ishlashi muhimdir.

Huquqiy jihatlar

Birinchi navbatda, tegishli hujjatlar mavjudligi, barchasi qonuniy ekanligini tekshirish kerak. Kadastrsiz ijara shartnomasini imzolash va ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin emas, bu ijarachini noqulay va xavfsiz holatga olib kelishi mumkin.

Yodda tuting: ijara shartnomasi jiddiy huquqiy hujjat bo‘lib, faqat unda ko‘rsatilgan shartlarda bekor qilinishi mumkin. Shunday ekan ijara shartlarini diqqat bilan muhokama qiling. Ularni huquqshunos yordamida shartnomada kafolatlang.

Yaxshi tuzilgan shartnoma kelajakda biznes duch kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirishga yordam beradi.

Nukus shahrida «Biznes marafon»ning 5-mavsumi bo’lib o’tdi

0

Yoshlarni tadbirkorlikka faol jalb qilish, ularning biznes g‘oyalari va loyihalarini hayotga tadbiq etishlariga ko‘mak berish maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan «Biznes marafon»ning 5-mavsumiga star berildi. Ilk manzil  Xorazm viloyati, navbatdagisi esa Nukus shahridagi «Oqqush» meʼmorchilik kompleksida joylashgan Oʻtov bo’ldi.

Dastlab, tajribali tadbirkorlar tomonidan yoshlarga biznes rejalarni tayyorlash hamda tadbirkorlikni boshlash uchun nimalar qilish kerakligi haqida tushunchalar berildi. Biznesni rivojlantirishda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan tanishtirildi.

Marafon davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiynab kelayotgan xatarlarni qanday boshqarish, raqobat muhitida bozorda oʻz oʻrnini topish, xodimlar bilan ishlashdagi usullar, ruhiy va iqtisodiy bankrotlik, biznesdagi barqarorlikka erishish, biznesga investitsiya kiritish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi savollarga javoblar olishdi.

Ta’lim krediti ajratishning yangi tartibi tasdiqladi

0

Bunda ta’lim krediti uchun arizalarni Yagona portal hamda Ta’lim krediti tizimi orqali jo‘natish mumkin bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining 16-sentabrda qabul qilingan qarori bilan ta’lim krediti berish tartibiga o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda “Ta’lim nazorati” “Telegram” kanali xabar berdi.

Hujjat bilan, oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi. 2024/2025 o‘quv yilidan ta’lim krediti ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA) “3” dan past bo‘lsa, to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80%i miqdorida ajratiladi. Bunda kredit to‘lov-kontrakt summasining dastlabki 20%i talaba tomonidan to‘langandan keyin beriladi.

Talaba baholari “3” va undan yuqori yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oila a’zosi bo‘lsa, ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.

Talabaning “GPA” ko‘rsatkichi va tegishli ma’lumotlari “HEMIS” axborot tizimi orqali olinadi. To‘lov-kontrakt to‘g‘risidagi ma’lumotlari esa kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi. Ta’lim krediti olish uchun belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan banklarga Yagona portal (my.gov.uz), “Ta’lim krediti” (talim-krediti.mf.uz) axborot tizimi yoki to‘g‘ridan- to‘g‘ri murojaat qilish mumkin.

Kredit oluvchi tomonidan ta’lim kreditini olish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri bankga murojaat qilinganda, bank ular uchun ochilgan “Ta’lim krediti” (talim-krediti.mf.uz) axborot tizimidagi shaxsiy kabinet orqali ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi arizani shakllantiradi.

Joriy yilning may oyida ta’lim kreditini ajratish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi. Unda “Ta’lim krediti” axborot tizimi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi belgilangan.