Bosh sahifa Blog Sahifa 82

Thompson school asoschisi Shahzod Bahodirov tavsiya qilgan 5ta kitob

0

Shahzod Bahodirov 1997-yil 12-dekabrda Buxoroning G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan. “Thompson school” nodavlat ta’lim muassasasi asoschisi va direktori ta’limdagi tadbirkorlik faoliyatini 2018-yilda boshlagan. Bugungi kunga qadar u “Thompson school” o‘quv markazining 12ta, “Thompson” xususiy maktabining 2ta va “Thompson Land” xususiy bog‘chasining 3ta filialini yo‘lga qo‘ygan.

Shahzodning yoshligidan kitobga mehr qo‘yishiga tog‘asi sababchi bo‘lgan — maktabda o‘qib yurgan paytlarida poytaxtdan turli xil ensiklopediyalar, hayvonot olamiga oid kitoblar yuborgan. Shu sababdan, uyida doimo qiziqarli kitoblar ko‘p bo‘lgan. Otasi ham kitob sotib olishga doimo yordam bergan.

Yosh tadbirkor bugungi kunda detektiv, badiiy asarlardan tortib, boshqa ko‘plab janrlardagi kitoblarni o‘qib turadi. So‘nggi paytlarda, biznes va shaxsiy rivojlanish mavzusidagi asarlarni mutolaa qilmoqda. “Bugungi kunda insonlar investitsiyalarning ko‘plab turlarini bilishadi. Men uchun eng yaxshi sarmoya bu kitob o‘qishdir. Vaqt evaziga tikiladigan bu sarmoya hech qachon sizga zarar keltirmaydi” — deydi u.

Bahodirov har kuni 20−30 daqiqa vaqtini o‘z sohasiga oid kitoblarni o‘qishga ajratadi. Oldiga yillik maqsad qo‘yib, shu vaqt oralig‘ida taxminan 30−36ta kitob o‘qiydi.

“Vaqtingizni o‘zlashtiring, hayotingizni boshqaring”, Brayan Treysi

Ushbu kitob bugungi band va chalg‘ituvchi narsalar bilan to‘lgan hayotimizga balans ulashadi. Vaqt sarfining eng kerakli 10 bo‘limga tartib bilan belgilanishiga, hayotda to‘g‘ri maqsad qo‘yishdan tortib, ruhiyat sokinligigacha vaqtni to‘g‘ri taqsimlashda yordam beradi.

Kitob ikki qismga bo‘lingan: birinchisi vaqtni boshqarish usullariga, ikkinchisi esa shaxsiy rivojlanishga qaratilgan. Birinchi qismida kun tartibini tuzish, ustuvorliklarni belgilash va vaqtni behuda sarflashning oldini olish kabi amaliy maslahatlar berilgan. Muallif, shuningdek, kechiktirishni yengish va diqqatni jamlashni yaxshilash usullarini taqdim etadi.

Kitobning ikkinchi qismi shaxsiy rivojlanishga qaratilgan bo‘lib, muallif ijobiy va g‘alabali fikrlashni rivojlantirish strategiyalarini bergan. U aniq va erishilishi mumkin bo‘lgan maqsadlarni qo‘yish, o‘ziga ishonch va o‘z-o‘zini tarbiyalash, shubha va salbiy fikrlashni yengish muhimligini ta’kidlaydi.

Agarda siz ishlayotgan joyingizda ko‘p vaqt o‘tkazayotganingizga qaramay samaradorlik darajasi past bo‘lsa, hali ham natijalarda emas jarayonlarda gapirsangiz hamda oila va ish balansini yo‘qotgan bo‘lsangiz ushbu kitobni aynan sizga tavsiya qilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school


“Mukammal rahbar”, Isxak Kalderon Adizes

Mukammal boshqaruvchi kim o‘zi va u haqiqatdan ham mavjudmi? Kompaniyamiz kattalashib borar ekan, undagi e’tibor qilinishi kerakli nuqta bu menejment! Tartibli boshqaruvsiz katta natijalar orzuligicha qolaveradi. Ushbu kitob menejmentga bo‘lgan odatiy qarashlarni o‘zgartiradi, rivojlantiradi va amalda tatbiq etishni osonlashtiradi.

Adizesning fikricha, har qanday tashkilot menejmenti to‘rtta funksiyani bajarishi kerak: ishlab chiqarish, ma’muriyat, tadbirkorlik va integratsiya. Ularni bir vaqtning o‘zida amalga oshirish uchun rahbar ko‘pgina, ba’zan bir-birini istisno qiladigan fazilatlarga ega bo‘lishi lozim. U “menejment — bu bir kishi uddalay olishi uchun juda murakkab jarayon”, degan xulosaga keladi.

Mazkur kitobda muallif: kompaniya samaradorligi uchun bir-birini to‘ldiruvchi boshqaruv uslublariga ega menejerlarni tanlash tamoyili, ular sifatli qarorlar qabul qilishda hatto ziddiyatlardan foydalanishlari uchun aloqani qanday qurishlari kerak, degan ko‘plab savollarga javob beradi.

Boshqaruv sohasida ta’lim olayotgan, ishlayotgan va o‘z biznesida haqiqiy lider bo‘lish ishtiyoqidagi har bir inson o‘qishi shart bo‘lgan kitoblardan biri deb bilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school

“Bir varaqli marketing reja”, Allan Dib

Ba’zida tadbirkorlar biznesining eng e’tiborga muhtoj joyini yo e’tiborsiz qoldiradi yoki me’yoridan ortiq e’tibor bilan unga zarar yetkazadi. Ushbu nuqta nomi marketing bo‘lib, unga diqqatli bo‘lish kompaniya taqdiri uchun muhim hisoblanadi. Bunga to‘g‘ri yondashuvda esa kitob qo‘llanma vazifasini bajara oladi. Tadbirkor va marketolog Allan Dib marketing rejasini qanday qilib oson va tez bitkazishni o‘rgatadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, murakkab marketing rejani tuzib, boshlovchidan soha ustasiga aylanishga yordam beradi.

Marketing sohasiga qiziqadigan va biznesida ushbu bo‘limni rivojlantirishga harakat qilayotgan har bir inson uchun tavsiya qilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school

“Qanday qilib do‘st orttirish va odamlarga ta’sir qilish mumkin?”, Deyl Karnegi

Jamiyatda iz qoldirish uchun o‘z yo‘lini topishda insonga eng kerakli omillardan biri atrofdagilar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnata olish qobiliyatidir. Garchand aqlli va qobiliyatli bo‘la turib, boshqalar bilan aloqa o‘rnatishda zaif bo‘lsa muvaffaqiyatga erishish ham ortga surilib boraveradi.

Deyl Karnegi ushbu munosabatlarga alohida e’tibor qaratib, insonlar o‘zaro muomala madaniyati, o‘zini tutish va boshqalarni hurmat qilish kabilar orqali obro‘-e’tibor topishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shuningdek, omma oldida so‘zlashda tinglovchini qiziqtirish, yaxshi ma’ruza o‘qish va boshqa mavzularda ham qimmatli maslahatlar bilan bo‘lishadi.

Ba’zida bu asarga nisbatan undagi davrlar hozir yo‘q, reallikka yaqin emas, degan tariflar berishadi. Lekin mening fikrimcha ushbu kitob hech qachon “outdated”, ya’ni eskirganlar qatoriga kirib qolmaydi.

Umuman olganda, kitobni muomala san’atini yuqori pallada o‘rganib bunda muvaffaqiyatga erishaman, degan har bir inson uchun tavsiya qilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school


“Men. Bas qil, ey nafs”, Fotih Duman

Har bir inson dunyoga kelibdiki, unda u doimo kurashib yuradigan bir his — nafs bor. Bu kitob har birimizni birozgina o‘ylantirib, qayerda ekanligimizga bir nazar solishga majbur qiladi. Voqealarni so‘zlarda o‘qir ekansiz beixtiyor ularni ko‘z oldingizdan o‘tkazasiz.

Asar insoniy qarashlarni yaxshilikka yo‘naltirib, jamiyatda kuchli shaxsiyat qiyofasini yaratishda yordam beradi. Kitobning 230−231-betlarida yozilgan she’r meni kuchli tafakkur qilishga majbur qilgan. “Instagram” va shunga o‘xshash ijtimoiy tarmoqlarda foydasiz kontentlardan charchagan va ruhiyat sokinligini his qilishni istagan barchaga tavsiya qilaman.

kitob tavsiya, shahzod bahodirov, thompson school

2024-yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi 5,3%ni tashkil etadi — Jahon banki

0

Bankning iqtisodiy tahlilida qayd etilishicha, joriy yilda kambag‘allik darajasi 4,3%gacha qisqarishi kutilmoqda.

Jahon banki “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari sharhi” nomli navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Hisobotda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023-yilda 6%ga o‘sgani, 2024-yilda prognoz qilinayotgan YaIM o‘sishi 5,3%ni tashkil etishi qayd etilgan.

Joriy yilda mamlakat Tojikiston (6,5%), Armaniston (5,5%), Gruziya (5,2%) va Qirg‘iziston (4,5%) bilan bir qatorda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar beshligidan joy olishi kutilmoqda.

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, YaIM o‘sishiga kutilayotgan fiskal konsolidatsiya choralari hamda mamlakatning asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Xitoyga eksport o‘sishi sur’atlarining sekinlashishi ta’sir ko‘rsatadi.

Xususan, bunga davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish, shuningdek, energetika sohasini rivojlantirishga yirik sarmoyalar kiritish ta’sir ko‘rsatadi.

Energetika sohasida tariflarni isloh qilish bilan bog‘liq bo‘lgan ichki energiya bozorida narxlarning nisbatan keskin oshishi hisobiga 2024-yilda inflyatsiyaning oshishi kutilmoqda.

Bu to‘laqonli inflyatsion targetlashga o‘tishni yakunlayotgan O‘zbekiston Markaziy bankining (MB) qat’iy pul-kredit siyosati bilan qisman qoplanadi.

O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya 8%gacha sekinlashishi kutilmoqda, bu esa Markaziy bankning 5%lik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqori.

2024-yilda import o‘sishi sur’atlari mo‘tadil bo‘lishi kutilmoqda. Biroq ayrim tovarlar importi iqtisodiyotning turli tarmoqlarini modernizatsiya qilish va aholining o‘sib borayotgan iste’molini qondirish uchun foydalanilishini hisobga olsak, import o‘sishi sur’ati barqaror bo‘lib qoladi.

Prognozlarga ko‘ra, 2024-yilda pul o‘tkazmalari hajmi asosan Rossiyaga boradigan mehnat muhojirlari sonining qisqarishi kutilayotgani hisobiga kamayadi.

Pul o‘tkazmalarining kamayishi va importning ko‘payishi bilan joriy hisob taqchilligi biroz oshadi, lekin barqaror bo‘lib qoladi, chunki O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh qilish jarayoni xorijiy moliyalashtirishni jalb qiladi. Ushbu mablag‘lar joriy hisob taqchilligini qoplashga yo‘naltiriladi. 2024-yilda kambag‘allik darajasi 4,3% gacha qisqarishi kutilmoqda (daromadi o‘rtadan past bo‘lgan mamlakatlar uchun 2017-yil narxlaridagi xarid qobiliyati paritetiga ko‘ra kuniga $3,65 miqdoridag xalqaro kambag‘allik chegarasi bo‘yicha baholanadi).

2024-yilda budjet taqchilligi YaIMning 4,2%igacha, 2026-yilda esa 3%igacha kamayishi kutilmoqda.

Ushbu ko‘rsatkichlarga yirik energetika subsidiyalarini va davlat korxonalarini rag‘batlantirish bo‘yicha samarasiz chora-tadbirlarni bekor qilish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirishda davom etish orqali budjet daromadlarini ko‘paytirish hisobiga erishish rejalashtirilgan.

 

O‘zbekiston temir yo‘llari yangi elektropoyezd dizaynini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qildi

0

Chizmalar Hyundai Rotem tezyurar poyezdi uchun qabul qilinadi hamda tanlov g‘olibi 100 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi “Hyundai Rotem” tezyurar poyezdi dizayn loyihasi bo‘yicha tanlov e’lon qiladi. Bu haqda kopmaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha doirasida dizaynerlardan “Hyundai Rotem” kompaniyasining 7ta yo‘lovchi vagondan iborat elektropoyezdi tashqi ko‘rinishi uchun dizaynerlik ishlari qabul qilinadi. Vagonlarning 5tasi ekonom-klass, 1tasi ekonom-klass va bistro o‘rindiqlari bilan birlashtirilgan, qolgan 1tasi esa VIP o‘rindiqlardan iborat. Elektropoyezdning umumiy uzunligi — 175 metr.

Yuqori tezlikdagi elektropoyezdlar dizaynida O‘zbekiston milliyligi maksimal darajada aks etib, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ramzlaridan keng foydalaniladi.

Dizaynni ishlab chiqishda, iqlimiy mavsumiy sharoitlarini va badiiy va konstruktor hujjatlariga mos kelishi kerak bo‘lgan qoplama rangini hisobga olish kerak.

Ishlar uchun qo‘yiladigan asosiy talablar:

  • tashqi dizayn ekstereri milliy, madaniy va tarixiy qiyofaga mos elementlardan foydalangan holda ishlab chiqilishi;
  • bo‘yoq qoplamasining rangi xalqaro “Ral” rang kartatekasiga va dizayn loyihasiga muvofiq tanlanishi;
  • lokomotiv bilan vagonlar bitta butunlay naqshga ega bo‘lishi va yorug‘lik-iqlim xususiyatlari darajasiga qarab tartibga solinishi;
  • elektropoyezd yilning istalgan vaqtida, kam yorug‘lik sharoitda ham uzoq masofadan aniq ko‘rinishi, yilning turli vaqtlarida va barcha ob-havo sharoitida samarali ishlashi;
  • tomning dizayn ko‘rinishi quyosh nurlarini ko‘proq to‘suvchi engilroq ranglardan (och kulrang) foydalanish
  • bo‘yoq qoplamlari fors-major holatlarida tezda tiklanishi va boshqalar.

Dizayn takliflari kamida 5ta variantda taqdim etiladi. Elektr poyezdining tuzilishi va tashqi ko‘rinishi bu yerda keltirilgan. Tanlov g‘olibi 100 mln so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Poyezdda o‘z dizaynidan tashqari g‘olibning bosh harflari ham tasvirlanadi.

Ishtirokchilar ishlanmalarni joriy yilning 12-mayigacha dizayn-nsr@uzrailway.uz elektron manziliga jo‘natishlari mumkin.

Mavzu satrida “Hyundai Rotem poezd dizayni tanlovi” matni hamda ishtirokchining aloqa ma’lumotlari ko‘rsatilishi kerak.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni +998 71 299 92 66 telefon raqami orqali olish mumkin. Tanlov shartlari bu yerda.

Qayd etilishicha, asosan, sotib olingan harakatlanuvchi tarkib Toshkent shahridan Urganch, Xiva va Nukus shaharlariga yoki ular o‘rtasidagi yo‘nalishdagi elektrlashtirilgan va elektrlashtirilayotgan temir yo‘l liniyalarida harakatlanadi.

Avvalroq Toshkent-Xiva yo‘nalishi uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi ma’lum qilingandi. 7 vagondan iborat elektropoyezd 351ta o‘rindiqqa ega bo‘ladi va soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi.

Yoshlarga auksion orqali yer ajratilib, 100 mln so‘mgacha kredit beriladi

0

Shuningdek, ular mini-texnika, urug‘ va ko‘chat xaridi uchun 5 mln so‘mdan subsidiya hamda 33 mln so‘mgacha kredit olishlari mumkin.

Joriy yilning fevral oyida prezident ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlarga yer ajratish bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi ma’lum qilingandi.

5-aprel kuni yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, hamda yangi yer maydonlarini o‘zlashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi. Yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha onlayn auksion “E-auksion” platformasi orqali talabgorlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Bunda nomzodlar “mahalla yettiligi»ning tavsiyasi asosida ro‘yxatga kiritilgan bo‘lishi kerak.

Onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Zakalat puli BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida belgilanadi.

Talabgorlarga 30 yil muddatgacha kichik lotlarda “bir massiv — bir mahsulot” tamoyili asosida quyidagilar ijaraga beriladi:

  • sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga sug‘oriladigan ekin maydonlari;
  • bog‘dorchilik-uzumchilik yo‘nalishlari uchun ko‘p yillik daraxtzorlar yoki samarasiz bog‘lar yer maydonlari;
  • dorivor o‘simliklar, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan, lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari.

Talabgorlarga ajratiladigan yer maydonlari o‘lchamlari “mahalla yettiligi” taklifiga ko‘ra aniqlanadi.

Yoshlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari»dan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar saqlab qolinadi.

Yer maydonlarida yetishtiriladigan ekin turlari va ular miqdorining doimiy monitoringi Yoshlar ishlari agentligining “Yosh fermerlar” platformasi orqali amalga oshiriladi.

Talabgorlarga banklar tomonidan 7 yilgacha muddatga 100 mln so‘mgacha kredit ajratiladi. Barcha turdagi kreditlarni “mahalla yettiligi»ning kafilligi asosida ajratishga ruxsat berilib, ular kreditlarning natijadorligi uchun teng javobgar bo‘ladi. Mini-texnika, urug‘ va ko‘chat xaridiga “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 5 mln so‘mdan subsidiya, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 33 mln so‘mgacha kredit beriladi.

joylardagi 167 ta “Agromarkazlar” orqali xususiy sektorni jalb etgan holda urug‘, ko‘chat yetkazish, mineral o‘g‘it berish, mini-texnika va agronom xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi hamda yetishtirilgan mahsulotni xarid qilishga qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilar biriktiriladi.

Joriy yilning 1-martidan yoshlarga xalqaro IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplab berish miqdori oshirildi. Endi IT-sertifikat xarajatlarining 60%gacha qismi, agar ingliz tilidan sertifikat mavjud bo‘lsa, 100%i qoplab beriladi.

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $2 mlrdga oshdi

0

Jahondagi rekord narxlar fonida Markaziy bank 12 tonnadan ortiq qimmatbaho metal sotdi.

Martda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ikki oylik pasayishdan keyin ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Joriy yilning 1-mart holatiga ko‘ra, mamlakat oltin-valyuta zaxiralari hajmi $34,19 mlrdni tashkil etdi. O‘tgan oyda xalqaro aktivlar hajmi $1,99 mlrdga oshib, joriy yilning dastlabki ikki oyidagi pasayishni deyarli qopladi.

Xorijiy valyutadagi aktivlar miqdori $8,26 mlrdni tashkil etib, so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan birida saqlanib qoldi. O‘tgan oyda ularning miqdori $710,7 mlnga oshdi. Ko‘rsatkich ketma-ket 11 oy davomida $10 mlrddan past darajada qolmoqda.

O‘zbekiston Markaziy bankining boshqa mamlakatlar markaziy banklari, shuningdek, XVJdagi depozitlari hajmi sezilarli — $338,8 mlngacha pasaydi.

Bundan tashqari, boshqa xorijiy moliya institutlaridagi hisobvaraqlaridagi mablag‘lar miqdori $760,6 mlnga oshganiga qaramay, $8 mlrddan pastda qolmoqda. Mamlakat oltin zaxiralari sezilarli darajada oshib, aprel oyi boshida $25,37 mlrdni tashkil etdi. Fevralga nisbatan uning qiymati jahondagi rekord darajadagi narxlar sabab $1,27 mlrdga oshdi.

Shuningdek, zaxiradagi oltinning fizik hajmi sezilarli darajada — bir oy oldingi 11,9 mln troy unsiyadan (370 tonna) 11,5 mln troy unsiya (357,69 tonna) kamaydi.

O‘zbekiston fevral oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘ldi. Mamlakat bu oyda xorijga eng ko‘p — 12 tonna oltin sotgan.

Fevral oyida oltin yetkazib berish eksportning yarmini ta’minladi. Oltin savdosi o‘tgan yilgi $1,18 mlrddan $1,31 mlrdni tashkil etdi.

Chet elga ishlashga boruvchilarning imtihon, viza va yo‘l chiptasi xarajatlari qoplab beriladi

0

Prezident farmonida xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini olib borish uchun jo‘nab ketayotgan yoki xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolarga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy, konsullik xizmatlarini ko‘rsatish masalalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Prezidentning «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Farmondan maqsad mehnat migratsiyasi jarayonlarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan ularning bandligini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish hisoblanadi.

Farmonga asosan xorijga vaqtincha ishlash uchun ketayotgan yurtdoshlarning imtihon, viza hamda yo‘l chiptasi xarajatlari qoplab beriladi.

Xususan, 2024 yil 1 iyundan boshlab «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

  • xorijiy tillar va kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravarigacha;
  • «Ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun BHMning 5 baravarigacha;
  • Yo‘l chiptasi uchun BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.

2024 yil 1 sentabrga qadar xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarga yordam ko‘rsatish uchun tun-u kun ishlaydigan Call-markaz tashkil etiladi. Chet eldan chiquvchi abonentlar uchun qo‘ng‘iroqlarni bepul amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Xorijda vaqtincha ishlayotgan va og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarga moddiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari yanada kengayadi

2024-2025 yillarda Buyuk Britaniyada (London), Germaniyada (Berlin), Turkiyada (Istanbul) va Saudiya Arabistonida (Ar-Riyod) agentlikning vakolatxonlarini ochish rejalashtirilmoqda. Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi kiritiladi.

Xususiy bandlik agentliklari faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanadi

2024 yil 1 iyuldan boshlab xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan shaxslarga chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq undirishga ruxsat beriladi. Bunda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan mablag‘lar tijorat banklarida ochilgan maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Xususiy bandlik agentligi shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajarganidan so‘ng uning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

2024 yil 1 iyundan boshlab xorijda ishlab qaytgan shaxslarni ishga olgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlar uchun mobil ilova yaratiladi

2025 yil 1 iyulga qadar O‘zbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Shuningdek, xorijda vaqtincha ishlovchilar uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova yaratiladi.