Bosh sahifa Blog Sahifa 81

Vazirlar Mahkamasining a’zolari tayinlandi. Ro‘yxat

0

Prezident farmoni bilan hukumat a’zoligiga nomzodlar tasdiqlandi.

Prezident farmoni bilan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 21-noyabrdagi tegishli qarorlari bilan Vazirlar Mahkamasining a’zoligiga nomzodlar ma’qullandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 109-moddasi bilan quyidagi tayinlovlar amalga oshirildi:

  • Ochilboy Jumaniyazovich Ramatov — Bosh vazir o‘rinbosari;
  • Jamshid Anvarovich Qo‘chqorov — Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri;
  • Jamshid Abduhakimovich Xo‘jayev — Bosh vazir o‘rinbosari;
  • Zulayho Bahriddinovna Mahkamova — Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;
  • Laziz Shavkatovich Qudratov — Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri;
  • Botir Erkinovich Zohidov — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri;
  • Ibrohim Yulchiyevich Abdurahmonov — Qishloq xo‘jaligi vaziri;
  • Shavkat Raximovich Hamroyev — Suv xo‘jaligi vaziri;
  • Sherzod Saidjanovich Xidoyatov — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri;
  • Ilhom Rustamovich Mahkamov — Transport vaziri;
  • Jo‘rabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov — Energetika vaziri;
  • Bobur Farhodovich Islomov — Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri;
  • Sherzod Xotamovich Shermatov — Raqamli texnologiyalar vaziri;
  • Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov — Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri;
  • Asilbek Anvarovich Xudayarov — Sog‘liqni saqlash vaziri;
  • Hilola O‘ktamovna Umarova — Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri;
  • Kongratbay Avezimbetovich Sharipov — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri;
  • Adxam Ilxamovich Ikramov — Sport vaziri;
  • Ozodbek Ahmadovich Nazarbekov — Madaniyat vaziri;
  • Akbar Jo‘raboyevich Toshqulov — Adliya vaziri;
  • Baxtiyor Odilovich Saidov — Tashqi ishlar vaziri;
  • Abdulla Xamidullayevich Qo‘ldashev — Favqulodda vaziyatlar vaziri;
  • Po‘lat Razzaqovich Bobojonov — Ichki ishlar vaziri;
  • Bahodir Nizamovich Qurbonov — Mudofaa vaziri.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 114-moddasiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston hukumatining boshlig‘i O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

 

Shavkat Mirziyoyev bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini ko‘rsatdi

0

Davlat rahbari O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tyapti.

Prezident Yangi O‘zbekiston yangi parlamenti bilan birga o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi. Bu yangi davrda kechagi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab bo‘lmasligi qayd etildi.

Shu bois hukumat o‘z faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, ya’ni, bosh vazir zarur.

Davlat rahbari bu masalani atroflicha o‘ylab, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.

Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, mas’uliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar ekani ta’kidlandi.

Ushbu nomzod bugun hukumat oldiga qo‘yilgan, ko‘lami va miqyosi benihoya katta bo‘lgan muhim vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil qilishi, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlarini birlashtirib, yagona maqsad sari safarbar eta olishiga ishonch bildirildi.

Prezident Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi.

O‘n oyda O‘zbekistonga 6,5 mln nafar turist tashrif buyurdi

0

Yetakchilikni 1,88 mln nafar sayyoh bilan Tojikiston egalladi. Qirg‘iziston va Qozog‘iston undan keyingi o‘rinlarda joylashdi.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el fuqarolari soni 6,5 mln nafarni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 951,3 ming nafarga yoki 17,2%ga oshgan. Bir oyda esa 763,9 ming nafar turist mamlakatga kelgan. Tojikiston 1,88 mln nafar sayyoh bilan yetakchilik qilmoqda. Oktabr oyida mamlakatdan 210,9 ming nafar fuqaro turistik maqsadda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

Qirg‘iziston 1,87 mln nafar turist bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Bir oyda bu mamlakatdan kelgan sayyohlar soni 222 ming nafardan ortiqni tashkil etdi. Qozog‘istondan bir oyda tashrif buyurgan turistlar soni 138,2 ming nafar, o‘n oyda esa 1,26 mln nafar bo‘lgan.

Shuningdek, o‘tgan davrda Rossiyadan 686,7 ming nafar (oktabr oyida 77 ming nafar), Turkmaniston — 145 ming nafar (24,6 ming nafar), Turkiya — 95,7 ming nafar (11,4 ming nafar) hamda Xitoydan 57,7 ming nafar (7,3 ming nafar) sayyoh kelgan.

Bundan tashqari, yanvar-oktabr oylarida Hindiston (55,9 ming nafar), Janubiy Koreya (36,5 ming nafar), Italiya (36,3 ming nafar) hamda boshqa davlatlardan (366,6 ming nafar) ham turistlar tashrif buyurdi.

Endi yuqori reytingga ega tadbirkorlar soliq tekshiruvlaridan ozod etiladi

0

Yuqori reytingga ega kompaniyalarga nisbatan ortiqcha hisoblangan soliq summasi 3 kunda qaytarib beriladi.

15-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjat bilan, mazkur o‘zgarishlar yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun rag‘batlantirish choralari joriy etilishini nazarda tutadi. Endilikda yuqori reytingga ega kompaniya va tadbirkorlarga nisbatan soliqlar bo‘yicha (QQSdan tashqari) ortiqcha to‘langan summani qaytarish 3 kunlik muddatda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, reyting bo‘yicha “AAA” toifadagi biznes egalariga nisbatan soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Biroq bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno.

Shu bilan birga, mazkur toifadagi tadbirkorlarga QQS summasi o‘rnini qoplash tekshiruvlar o‘tkazilmasdan 1 kunlik muddatda amalga oshiriladi.

Barqarorlik reytingi

Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni mamlakatda tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 23-yanvarga kelib esa mazkur reytingni joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolandi.

Hukumatning 30-yanvardagi qarori bilan reytingni aniqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Xususan, barqarorlik reytingini aniqlashda 23ta mezon, 9ta jarima va 4ta rag‘batlantirish qo‘llaniladi.

2024-yilning 1-aprelidan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etilishi belgilandi.

Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan hamda prezident farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida xaridlar markazi tashkil qilinadi

0

Markazga 2025-yildan boshlab, dori vositalari va laboratoriya uskunalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.

Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni o‘n besh oylik talab asosida xarid qilish tizimi taklif etilmoqda. Bunda kelgusi yillar uchun ehtiyojlar 1-avgustdan kechikmasdan, davlat budjeti parametrlari bilan bir vaqtda shakllantiriladi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida “Xaridlar markazi” va uning 13ta hududiy filiali tashkil qilinadi. Markazga 2025-yil 1-yanvardan boshlab, dori vositalari va yopiq turdagi laborator uskunalar uchun sarflov vositalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.

Yana bir taklifga ko‘ra, donorlarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni olganlarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorini 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi.

Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu yangi tizim kelgusi yil 1-yanvardan joriy qilinishi belgilandi.

Mamlakatda sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Jahon savdo tashkilotini xabardor qilish tartibini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Ipoteka subsidiyalarini olish uchun arizalarni baholash mezonlari o‘zgardi

0

Unga ko‘ra, jarayon 14 ish kunidan 5 ish kunigacha tezlashtiriladi. Foizlarning kompensatsiya qilinadigan qismi qayta ko‘rib chiqildi.

11-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan fuqarolarga imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish tizimiga o‘zgartirishlar kiritildi. Qaror Lex.uz’da e’lon qilindi .

Arizalarni ko‘rib chiqish endi subsidiya.idm.uz maxsus platformasida amalga oshiriladi. Yagona portal orqali murojaat qilinganda arizalar avtomatik ravishda unga yo‘naltiriladi, davlat xizmatlari markazlari esa murojaat qilingandan keyin bir soat ichida ularni tizimga kiritishi kerak. Ularni baholashda ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i (eri)ning daromadlari bilan bir qatorda endi kafillik qiluvchilarning yaqin qarindoshlari daromadlari ham hisobga olinadi. Baholash uchun 12 oygacha bo‘lgan davr uchun o‘rtacha daromaddan foydalaniladi.

Arizalarni baholashda foydalaniladigan ijtimoiy mezonlarning yangi tizimi tasdiqlanmoqda va ular quyida keltirilgan:

Mezon Ball
I. Ariza beruvchining va/yoki uning oilasining daromadi
Toshkent shahrida
MHTEKMning 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (3 105 000 — 9 200 000 so‘m) 10
MHTEKMning 8 baravaridan 9,2 baravarigacha (9 200 000 — 10 580 000 so‘m) 5
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda
MHTEKMning 2,7 baravaridan 7 baravarigacha (3 105 000 — 8 050 000 so‘m) 10
MHTEKMning 7 baravaridan 8 baravarigacha (8 050 000 — 9 200 000 so‘m) 5
II. Hozirgi uy-joy ta’minoti
Ariza beruvchining yoki uning turmush o‘rtog‘ining o‘z uy-joyining mavjud emasligi 20
III. Ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga mansub
Labor-migration tizimida mehnat migranti 10
Olis hududlarda ishlaydigan tibbiyot xodimi yoki oliy ma’lumotli mutaxassis 5
Muhandislik, qurilish, qayta ishlash tarmoqlari yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar texnikumlarida ishlab chiqarish ta’limi o‘qituvchilari va ustalari 5
30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 5
Ajrashgan ayollar, bevalar, yolg‘iz onalar 5
IV. Ariza beruvchining yoki oila a’zolarining ma’lum bir toifaga mansubligi
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar 5

 

Subsidiyalar olish uchun arizalarning mezonlarga muvofiqligini baholash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tarkibi ham o‘zgaradi va jarayon 14 ish kunidan 5 ish kunigacha tezlashtiriladi. Tibbiyot muassasalari va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limlari jarayondan chetlashtirildi.

Arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi Soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Bandlik vazirligi, Kadastr agentligi va Ijtimoiy ta’minot agentligi tizimlari tomonidan avtomatik tarzda tasdiqlanadi. Baholash soliq organlari hamda iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi. Subsidiyalar bilan qoplanadigan foiz to‘lovlari miqdori o‘zgaradi. Yangi kreditlar uchun yillik 12%dan yuqori qismi, 2025-yildan boshlab esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan ortiq qismi qoplanadi.

Boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan besh ish kuni ichida to‘lanadi. Ilgari to‘lovlar hisobot oyining 25-sanasigacha amalga oshirilgan edi.