Bosh sahifa Blog Sahifa 83

Ayrim talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati 1-dekabrgacha uzaytirildi

0

Bu bazaviy, super-kontrakt, shuningdek, qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilingan qoraqalpog‘istonlik yoshlar hamda o‘qishi ko‘chirilgan talabalar uchun amal qiladi.

Ayrim talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbot xizmati xabar bermoqda. Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan 2024/2025-o‘quv yilida OTMlarining bakalavriat va magistratura talabalari uchun to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati joriy yilning 1-dekabrigacha (shu kuni ham) uzaytirildi.

Bu quyidagi talabalar uchun amal qiladi:

  • bazaviy yoki super-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar (1-bosqich);
  • qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilganlar (1-bosqich);
  • o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) talabalar.

Bunda qabul parametri doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 25%ini to‘lashi kerak.

Shu bilan birga, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super) asosida o‘qish istagini bildirganlar belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50%i miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Sentabr oyi boshida joriy yilgi qabul jarayonida ikkinchi-beshinchi yo‘nalishga grant yoki kontrakt asosida kirgan talabalar uchun o‘z xohishlari bilan ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi yo‘nalishida super-kontraktda o‘qish imkoni yaratildi. Kira olmagan abituriyentlar ham super-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Undan keyin kontrakt pulini to‘lash muddatlari belgilandi. 1-kursga qabul qilinganlar 15-sentabrgacha to‘lovlarni amalga oshirishlari kerak edi.

Hukumat qarori bilan autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi

0

Bunda ish beruvchi qabul qiluvchi tashkilot bilan shartnoma tuzish orqali o‘z xodimlarini vaqtincha ishga jo‘natishi mumkin.

Hukumat qarori bilan autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat bilan ish beruvchi va xodimlarni vaqtincha ishga qabul qiluvchi tashkilotlarga qo‘yilayotgan majburiyatlar, bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ishlar belgilianmoqda. Autstaffing xizmati autstaffer tomonidan o‘z xodimlarini ularning roziligi bilan boshqa tashkilotga mazkur xodimlarni vaqtincha yuborish yo‘li bilan ko‘rsatiladigan xizmat turi. Bu ish beruvchi va uning xodimi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari hamda jamoa kelishuvlarida belgilangan mehnat vazifalarini bajarishni nazarda tutadi.

Autstafferlarga o‘z xodimlarini O‘zbekistondan tashqarida xizmatlarni ko‘rsatish uchun yuborishga ruxsat berilmaydi. Ish beruvchi qabul qiluvchi tashkilot bilan autstaffing shartnomasini tuzishi kerak. Unda zarur miqdordagi xodimlar soni va pulli xizmatlar ko‘rsatilishi aniq belgilanadi.

O‘z navbatida autstaffer qabul qiluvchi tashkilotlarga tegishli malakaga ega xodimlarni yuborishi, ularning ish joylariga o‘z vaqtida kelishini, ish haqining vaqtida to‘lanishini ta’minlashi zarur. Xodimlar ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtalanadi. Majburiyatlar qatorida yuborilgan xodimlarni qonunchilikda belgilangan kafolatlar, imtiyozlar va boshqa to‘lovlar bilan ta’minlash, shuningdek, dam olishini ta’minlash belgilangan.

Qabul qiluvchi tashkilot yuborilgan xodimlarni ish bilan ta’minlashi va ish vaqti rejimiga rioya qilishi hamda mehnat me’yorlariga rioya qilishi kerak.

Tomonlar qabul qiluvchi tashkilotga yuborilgan xodimning yashash joyi bilan bog‘liq xarajatlarini bartaraf etishi, farzandlarining maktab va bog‘chaga qamrab olinishi kabi majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.

To‘lov autstafferga qabul qiluvchi tashkilot tomonidan to‘lanadi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • xodimlar ish haqi, unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar va nafaqalarni to‘lash uchun autstaffer xarajatlari;
  • qo‘shimcha xarajatlar;
  • autstafferning ko‘rsatilgan xizmat uchun tadbirkorlik daromadlari.
  • Autstaffing shartnomasi bo‘yicha yuqori xavfli obyekt va uskunalar, jumladan, portlash va yong‘in xavfi bor, agressiv (tajovuzkor) va radioaktiv xavfli asbob-uskunalar bo‘yicha ishlarni bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, qabul qiluvchi tashkilot to‘lovga qobiliyatsiz, ish joylarini saqlab qolishga to‘liq bo‘lmagan ish vaqtini kiritsa va xodimlarni ommaviy ishdan ozod qilish xavfi mavjud bo‘lsa, xodimlar jalb qilinmaydi.

Autstaffing shartnomasi orqali xodimlarni qabul qiluvchi tashkilotga yuborish muddati bir yil davomida 9 oydan oshmasligi kerak.

Bandlik vazirligida qayd etilishicha, yangi joriy etilgan xizmat turi norasmiy bandlikni kamaytirishga va aholini ish bilan ta’minlashning progressiv shakllarini rivojlantirish orqali bandlikni kengaytirishga, shuningdek, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Avvalroq Senat Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishni maʼqullagani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, mazkur konvensiya har bir xodim har yili kamida 3 hafta ta’til olish huquqiga ega bo‘lishini nazarda tutadi.

O‘zbekiston Prezidenti Tataristonning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi

0

Qozon shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tatariston Respublikasining davlat mukofoti – «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga Tatariston Raisi Rustam Minnixanov tantanali ravishda topshirdi.

Prezidentimiz ushbu orden bilan O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun mukofotlandi.

Mamlakatimiz yetakchisi Tatariston rahbariga mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikda yuqori natijalarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda Tatariston xalqiga ezgu tilaklarini bildirdi.

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar 4 mln nafardan oshdi

0

Qayd etilishicha, fuqarolar eng ko‘p maishiy xizmatlar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hamda axborot-kommunikatsiya sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan.

2024-yil 1-oktabr holatiga — o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 4 mln nafardan oshdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86,8% ga (1,9 mln nafarga) oshgan.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar umumiy sonining 57%ini erkaklar, 43%ini ayollar tashkil qiladi.

o'zini o'zi band qilgan shaxslar

O‘sish ko‘rsatkichi eng yuqori sohalar:

  • maishiy xizmatlar — 133,6% (987,4 mingta);
  • ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish — 113,5% (203,5 mingta);
  • axborot-kommunikatsiya — 96,7% (51,6 mingta).

Hududlar kesimida eng ko‘p Samarqand viloyatida (470,1 ming) fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo (413,6 ming) va Toshkent viloyatlari (378,3 ming) turibdi.

Joriy yilda 344,7 ming fuqaro yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonda 4 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarildi

0

Bu hajmning asosiy qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan energiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rsatkich 20-oktabr kuni soat 12:00 holatiga qayd etilgan bo‘lib, elektr energiyasining 3,49 mlrd kVt/soati quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 506,4 mln kVt/soati esa shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasining umumiy hajmi 2 mln xonadonning 10 oylik iste’moliga yoki 1,66 mln xonadonning yillik ehtiyojlariga teng.

Shuningdek, 1,2 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 1,68 mln tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.

“Yashil” elektr stansiyalar tomonidan 31-may kuni 1 mlrd kVt/soat, birinchi yarim yillikda 1,6 mlrd kVt/soat, 17-iyul holatiga 2 mlrd kVt/soat miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. 30-avgustga kelib bu ko‘rsatkich 3 mlrd kVt/soatni qayd etgan.

O‘zbekistonda hozirda to‘qqizta fotoelektr stansiyasi va umumiy quvvati 2,7 GVt bo‘lgan bitta shamol stansiyasi mavjud. Ulardan oltitasi 2023-yil dekabr oyi oxirida ish boshlagan. Investorlar yana bir nechta yashil energiya obyektlarini qurishni rejalashtirmoqda.

Prezident bilan fevral oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2027-yilgacha umumiy quvvati 8 GVt bo‘lgan 28ta muqobil energetika obyektini qurish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng JizzaxNavoiyBuxoro va Toshkent viloyatlarida yana bir qancha loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Nimalar belgilanmoqda?

0

2030-yilgacha sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda

14-oktabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, SI texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha keyingi besh yilda erishish lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish belgilanmoqda.

Yagona portal (my.gov.uz) da sun’iy intellekt asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushi 10%ga yetkaziladi. Mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga oshirilib, yuqori quvvatli hisoblash serverlari ishga tushiriladi.

Strategiyada hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (“Government AI Readiness Index”) O‘zbekistonni birinchi 50ta o‘rindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish belgilandi.

Shuningdek, 2025-yilning 1-sentabrigacha qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq barcha axborot xavfsizligi choralarini ko‘rgan holda “katta ma’lumotlar” bazasi yaratiladi. Bunda loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsad qilinmoqda. 2026-yilning 1-mayigacha SI texnologiyalarini joriy etish loyihalari doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan hisoblash quvvatlari ishga tushiriladi.

Joriy yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va IT-sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishgandi. Unda prezident sun’iy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqishni topshirdi.

Mamlakatdagi barcha sohada sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi. Shuningdek, “IT Park»da sun’iy intellekt markazi ochiladi.

Avvalroq sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida pedagoglar bilimini sinovdan o‘tkazish joriy etilishi haqida xabar berilgandi.