Bosh sahifa Blog Sahifa 70

2025 yilda “Yashil bino” sertifikati joriy etiladi

0

2025 yilda yangi quriladigan bino-inshootlar va uy-joylar energiya samaradorligidan kelib chiqib, “Yashil bino” sertifikati joriy etilishi ta’minlanadi.

Prezidentning “O‘zbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ustuvor yondashuvlar resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish orqali 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, inflatsiyani 5 foiz, budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishishga asos bo‘ladi.

Bunda 2025 yilda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy qilish, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish borasida:

  • Parij bitimining talablaridan kelib chiqib, O‘zbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilishi;
  • iqlim o‘zgarishiga moslashish, “yashil texnologiya”lar transfertini inobatga olgan holda global miqyosda mamlakatimizni kelgusi 5 yilda issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha Milliy miqyosda belgilangan hissa (NDC) e’lon qilinishi;
  • metan emissiyasini qisqartirish majburiyati doirasida tabiiy gaz, chiqindilar va chorvachilik sohalarida metan emissiyasining bazaviy holati aniqlanishi;
  • umumiy quvvati 3,5 Gigavatt bo‘lgan 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyacini ishga tushirish, umumiy quvvati 160 megavattli yirik gidroelektrostansiyalarni barpo etish orqali jami elektr energiyasi generatsiyasidagi ulushini 26 foizga yetkazilishi;
  • qisqartirilgan issiqxona gazlari savdosidan kamida 10 million dollar miqdoridagi xorijiy mablag‘lar jalb qilinishi;
  • Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon kabi turistik shaharlarni kompleks “yashil rivojlantirish”ga qaratilgan dastur ishlab chiqilib, amalga oshirilishi;
  • Mirishkor, G‘ijduvon, Romitan, Chimboy va Amudaryo tumanlarining kompleks iqtisodiy rivojlanish master rejalari tajriba-sinov tariqasida “yashil tamoyil”lar asosida ishlab chiqilishi;
  • 2025 yilda yangi quriladigan bino-inshootlar va uy-joylar energiya samaradorligidan kelib chiqib, “Yashil bino” sertifikati joriy etilishi ta’minlanadi.

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari kamayishda davom etmoqda

0

Dekabr oyida oltin zaxiralarining kamayishi ortidan xalqaro aktivlar deyarli $300 mlngacha qisqardi. Biroq, valyuta zaxiralari $414 mlnga oshdi.

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi ketma-ket ikkinchi oy qisqarishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

1-yanvar holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $41,18 mlrdni tashkil etdi. Bu undan oldingi oyga nisbatan $297,2 mlnga yoki 0,7%ga kamdir.

Shunga qaramay, ularning hajmi maksimal qiymatlarga yaqin darajada qolmoqda va o‘tgan yil davomida 19,1%ga yoki $6,6 mlrddan ortiqqa oshdi. Oltin zaxiralari qiymati $704,4 mlnga — $32,7 mlrddan $32,03 mlrdgacha pasaydi. Uning fizik hajmi esa 12,3 mln troy unsiya (382,57 tonna) darajasida o‘zgarishsiz qoldi.

Dekabr oyida O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $414 mlnga oshdi. Ularning hajmi $8,59 mlrdni, shu jumladan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlarida $351 mlnni hamda xorijiy banklarda $8,14 mlrdni tashkil etdi.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati biroz — $101,7 mlngacha oshdi. 2024-yilning oktabr oyida regulyator $65 mlnlik xorijiy obligatsiyalar sotib olinganini e’lon qildi, bu esa ularning hajmini deyarli uch baravarga oshirgandi.

Noyabr oyida O‘zbekiston dunyodagi oltinning ikkinchi yirik xaridoriga aylandi. Markaziy bank AQShdagi prezidentlik saylovlari fonida narxlarning pasayishidan foydalanib, 9 tonna oltin sotib oldi.

O‘zbekiston jahon pasportlari reytingida ikki pog‘onaga yuqoriladi

0

Yil davomida o‘zbekistonliklar vizasiz borishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 24tadan 29taga ko‘paydi.

Kanadaning “Arton Capital” konsalting kompaniyasi tomonidan tuzilgan “Pasport Index” xalqaro pasport mustahkamligi reytingida O‘zbekiston 96 davlat orasida 68-o‘rinni egalladi.

Reytingni tuzishda kompaniya pasportlarni ularning egalari qancha davlatga vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda viza olish orqali nechta mamlakatga bora olishiga qarab baholagan. O‘zbekiston fuqarolari 29ta davlatga vizasiz borishlari, 46ta davlatga borganda viza rasmiylashtirish kerak bo‘ladi, uchta davlat uchun esa mamlakatga kutilayotgan kelish vaqti talab qilinadi. 120ta davlatga tashrif buyurish uchun umumiy belgilangan tartibda kirish vizasi talab qilinadi.

Shunday qilib, so‘nggi bir yil ichida O‘zbekiston pasporti jahon reytingida ikki pog‘onaga ko‘tarildi, umumiy ko‘rsatkich esa 73tadan 78taga yetdi. Xususan, 2024-yilda BAATailandO‘monPokiston bilan vizasiz rejim joriy etildi, shuningdek, Xitoy bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Dunyodagi eng kuchli pasport egalari Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari bo‘ldi. Ular uchun 133ta davlatda vizasiz rejim mavjud, yana 47ta davlatga kelganida vizani olish mumkin.

Suriya oxirgi o‘rinda — 9 davlat o‘z fuqarolariga vizasiz sayohat qilishni taklif qiladi, yana 31 davlatda esa viza yetib kelganida beriladi.

MDH mintaqasida Ukraina yetakchi bo‘ldi — 150 mamlakat ko‘rsatkichi bilan 21-o‘rin: 98 — vizasiz rejimda, 52 — kelish vizasi bilan. Hamdo‘stlikdagi eng zaif pasport Turkmanistonda (76-o‘rin; indeks — 68).

2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6%ga o‘sishi kutilmoqda

0

Davlat budjetining prognoz qilinayotgan taqchilligi YIMning 2%ini, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi esa 3%ni tashkil etadi.

3-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevga 2025-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilda mamlakat YIMi 6% o‘sishi kutilmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 480,5 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda, YIMga nisbatan 3% miqdoridagi taqchillik bilan tasdiqlandi. Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari balansi YIMga nisbatan 2% miqdorida taqchillik bilan shakllantirildi. Bunda davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 344,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirildi.

2025-yilda Qoraqalpog‘iston budjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlarining daromadlari prognozi 65,8 trln so‘m, xarajatlari prognozi 84,3 trln so‘m miqdorida bo‘lishi inobatga olingan.

Shuningdek, respublika budjetidan mahalliy budjetlarga 18,5 trln so‘m miqdorida tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar o‘tkazib berilishi nazarda tutilgan.

Qonunga ko‘ra, bu yil ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolindi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi tadbirlar uchun jami davlat budjeti xarajatlarining 52%i yo‘naltiriladi.

Mahalliy budjetlar daromadini ko‘paytirish va mustaqilligini oshirish maqsadida quyidagi soliq turlari qo‘shimcha tarzda tuman va shaharlar budjetlarida qoldiriladi:

  • aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning yer va mol-mulk soliqlari to‘liqligicha (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno);
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50%i (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno);
  • davlat mulkini xususiylashtirishdan mahalliy budjetlarga tushadigan tushumlarning 50%i.

Shuningdek, tuman va shaharlar mahalliy kengashlariga ayrim soliq turlari bo‘yicha koeffitsient qo‘llash vakolatlar berilgan.

Davlat budjeti joriy yilda ham iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni manzilli hal etib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

“Bizga hech kim ishonmagandi”: “Pipls” asoschilari 900 mln so‘m aylanmaga ega tarmoqni qanday ochishgan?

0

“Pipls” muassasalari tarmog‘i asoschilari Amir Usmanxodjayev va Kirill Saydahmedov “Spot»ga nima sababdan franshiza asosida ish boshlash g‘oyasidan voz kechganlari, loyiha o‘zini ikki haftada qoplagani va marketing kampaniyalari mahsulotga bo‘lgan qiziqishni qanday saqlab turishga yordam berishi haqida so‘zlab berishdi.

“Bubble tea” — bu choy asosidagi ichimlik bo‘lib, unga an’anaga ko‘ra “marvaridlar” deb ataladigantapiokajeleli sharchalari qo‘shiladi. Tapioka jigarrang shakar mazasi hamda yoqimli saqichli tuzilishga ega. Bunday ichimliklar Osiyoda trendga aylanib, hozirda babl-choylar butun dunyo bo‘ylab tarqalib, mashhurlikka erishishda davom etmoqda.

O‘tgan yili 23 yoshli ikki do‘st — Amir Usmonxo‘jayev va Kirill Saydaxmedov Toshkentda xuddi shunday muassasani ochishdi. Ularning “Pipls” choylari tezda ommalashdi, bu yosh tadbirkorlarning bizneslarini qisqa muddatda kengaytirishlariga sabab bo‘ldi. Bir yildan ko‘proq vaqt oralig‘ida sheriklar to‘rtta filial ochishga ulgurishdi. Bu bilan cheklanib qolishni istamagan do‘stlar tez orada yana 12ta savdo nuqtasi ishga tushirilishi rejalashtirishmoqda.

Amir va Kirill “Spot»ga bergan intervyusida nima uchun franshiza g‘oyasidan voz kechishgani, ichimliklar retseptlarini ishlab chiqish uchun qancha vaqt sarflangani va marketing kampaniyalari mahsulotga qiziqishni qanday saqlab qolishga yordam berishi haqida so‘zlab berishdi.

Maktab paytidan boshlangan bines-hamkorlik

11 yildan beri do‘stmiz. Hamkorlikdagi birinchi biznesimiz maktab paytlari paydo bo‘lgan. Ko‘plab o‘smirlar singari bizda ham istaklarimizni amalga oshirish uchun pul yetmasdi. Ota-onamizdan pul so‘rashni xohlamasdik, shuning uchun o‘zimiz pul topishga qaror qildik. Cho‘ntak pulimizga supermarketdan konfet va sendvichlar sotib olib, hammasini portfelimizga joylashtirardik va sinfdoshlarimizga donalab sotardik.

Maktabni tugatib, Moskvada turli universitetlarga o‘qishga kirib, u yerda ham daromad olishning har xil usullarini sinab ko‘rdik. Masalan, Xitoydan tovarlar sotib olib, “Instagram»dagi sahifada sotardik. Kunlarning birida “Adidas” omboridan $8000ga krossovkalar xarid qilib, uni olti oy ichida sotganmiz. Sheriklarning har biri oyiga $500−$1500dan daromad topishgan. O‘sha paytda bu kichik miqdor emasdi, ayniqsa, 17−18 yoshli o‘smirlar uchun. To‘g‘ri, o‘shanda pul bilan muomala qilishni bilmasdik: hammasi tirikchilikka va mayda xaridlarga ketardi. Olingan daromadni ko‘proq sevimli mashg‘ulot sifatida qabul qilardik.

Qiziqishlarimizdan kelib chiqib, bizda yo‘nalishni tanlashda aniq strategiya bo‘lmagan. Qaysidir soniyalarda oflaynda ham boshlab ko‘rish kerak degan qarorga keldik va yoshlar orasida nimalar ommalashayotganini kuzata boshladik. Aynan shu payti choy va mevalar asosidagi ichimliklar nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda mashhurlikka erishgandi. O‘qishga e’tiborimizni qaratganimiz tufayli bu g‘oyani biroz orqaga surishga to‘g‘ri keldi. Toshkentga qaytgach bu biznes g‘oyani qanday amalga oshirish ustida bosh qotira boshladik.

Bizga hech kim ishonmadi. Qulog‘imiz ostida esa bot-bot: “Jiddiy, normal biznes bilan shug‘ullaning”, degan gap takrorlanardi. Taslim bo‘lish o‘rniga, shunchaki qiziqish uchun ham sinab ko‘rib, buni eplay olish yoki olmasligimizni tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldik. Tavakkal qilishdan cho‘chimasdik, chunki yo‘qotish mumkin bo‘lgan eng katta narsa — bu pul. Uni esa har doim qaytadan ishlab topish mumkin.

“Hammasi insonlar uchun”

Avvaliga franshiza asosida muassasa ochishga kirishdik, ammo tanlagan brendimiz O‘zbekistonda istiqbolni ko‘rmadi. Bu bizga tegib ketdi, shuning uchun mustaqil harakat qilishga qaror qildik.

Ishni brendga nom tanlashdan boshladik. U qandaydir zamonaviy, g‘ayrioddiy va oson esda qoladigan bo‘lishi kerak edi. Dastlab, “For People”, ya’ni “Hammasi insonlar uchun” degan g‘oya paydo bo‘ldi. Lekin bu juda oddiy eshitilardi. Shundan keyin, “People’s»ga o‘zgartirishga qaror qildik, ammo bu ham zerikarli tuyuldi. O‘ylab ko‘rib, biroz kreativlikni qo‘shgan holda xato bilan “Pipls”, deb nomlashga qaror qildik.

Keyingi bosqich retseptni ishlab chiqish bo‘ldi. Bu jarayonga eng ko‘p vaqt — 7−8 oy sarflandi. Barmen va bar-menejerlarni qidirardik, boisi ichimliklar bilan ishlash tajribamiz bo‘lmagan. Retsept ustida ish boshlaganimizda bar-menejerlar bilan shartlarni kelisha olmay, ishni o‘zimiz davom ettirdik. Bir yil o‘tgach o‘sha bar-menejerlar bizning qiziqish va ilhomimizni ko‘rib, barcha g‘oya va vositalarimizdan foydalanmoqchi bo‘lishganini bildik. Ular ishlab chiqqan konsepsiyamizdan foydalangan holda ular o‘z muassasalarini tashkil etishgandi. Bu juda yoqimsiz edi, negaki, o‘sha paytda ko‘plar hatto, tapiokali ichimlik nimaligini ham bilishmasdi.

Retsept tayyor bo‘lgach, brend va uslubimizni ishlab chiqishni boshladik. Brending uchun $1000dan ortiq mablag‘ sarflandi: barcha g‘oyalar bizniki, faqat amalga oshirish qolgandi.

“Pipls»da yorqinlikka e’tibor qaratgandik: meva va rezavorlar tufayli ichimliklar o‘z-o‘zidan rang-barang ko‘rinardi. Dizayn va bezak g‘oyalarini sayohatlardan oldik. Ko‘p joylarda bo‘lganligimiz uchun hududning qanday bo‘lishi, uslubi va jihozlari qay tarzda joylashtirilishi kerakligini aniq tasavvur qila olardik.

Hududlarga pul tikamiz

Biznes uchun bino topib, xodimlarni tanlab olish biz uchun eng qiyin vazifa bo‘ldi, sababi bu borada tajribamiz yetarli emasdi. Joy tanlashda o‘tkazuvchanlikka va qo‘shni muassasalarga e’tibor qaratdik. Birinchi nuqtani “S1″da ochdik. “Pipls” rasmiy ishga tushirilishidan oldin uzoq vaqt davomida faqat test rejimida ishlagan. Tanishlarimiz uchun degustatsiyalar o‘tkazib, ularning fikr-mulohazalar to‘plab mahsulotlarimizni takomillashtirib borardik. Muassasa ochilgach, do‘stlarimiz birinchi mijozlarimiz bo‘lishdi. Ular o‘zlarining taassurotlari va fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida bo‘lishishdi. Bunday qilishlarini hech kim so‘ramagandi — bu ularga shunchaki yoqgandi.  Muassasani ochishga bizda bor $10 mingni sarfladik. Bu o‘zini oqlagan o‘ta qaltis qadam bo‘ldi. Ikki haftadan keyin sarflangan mablag‘larning deyarli barchasi qoplandi. Birinchi kuni qariyb 3 mln so‘m ishlab topdik. Kunlik tushum esa kun sayin ortib, tez orada 7−10 mln so‘mga yetdi. Ichimliklar narxi 40−50 ming so‘m atrofida o‘zgarib turadi.

Loyihani targ‘ib qilishga pul sarflamagan bo‘lsak-da, “Pipls” haqidagi gap-so‘zlar tez tarqaldi. Muassasa shu qadar mashhur bo‘lib ketdiki, hatto navbatlar paydo bo‘lishni boshladi. Bu bizni quvontirdi, demak, haqiqatan ham yangi va qiziqarli narsani olib kirdik. Ayniqsa, blogerlar va mashhurlar ichimliklarimizni tatib ko‘rish uchun yarim soatlab navbatda turganini ko‘rish juda yoqimli edi.

Bunday qiziqish yangi filiallarni ochishga undadi. 6−7 oydan keyin “Tashkent City»da ikkinchi filial, bir necha kundan keyin esa “Buyuk ipak yo‘li»da yana bir nuqta ishga tushirildi. Keyin Yangi Moskva ko‘chasi va Buxoroda ochildik.

Filiallar o‘rtasidagi foydada farq uncha katta emas — o‘rtacha 20−30%, ba’zan 50%gacha yetgan. Yilning iliq fasllarida sotuvlar rekord darajaga yetib, qish oylarida ham daromad kelib turdi. Eng qizg‘in mavsumda filiallarning umumiy oylik aylanmasi 900 mln so‘mdan oshadi.

O‘rtacha bitta nuqtani ochish $15−30 mingga tushadi. Summa binoning maydoni, formati, ta’mirtalabligi va joylashuviga bog‘liq.

Hozir strategiyamizni biroz o‘zgartirib, viloyatlarga ahamiyat qaratyapmiz. Avvallari viloyatlarda to‘lov imkoniyati yuqori emas, deb hisoblardik, ammo Buxoro filialidagi yuqori sotuvlar buning aksini isbotladi. Olingan foydalarni doimiy ravishda qayta investitsiya qilamiz. Ayni paytda Farg‘ona, Andijon, Qo‘qon, Namangan va Samarqand shaharlaridagi 12ta punkt ta’mirlanib, ochilishga tayyorlanmoqda. Shu bilan birga Toshkentda “Seoul Mun”, “Tashkent City Mall” va oliy o‘quv yurtlaridan birida ham ochilamiz.

bubble tea, pipls

Targ‘ib qilish

Ishga tushirilishdan oldin maqsadli auditoriyani aniqlagan bo‘lsak-da, hozirda mahsulotimiz maktab o‘quvchilari va o‘smirlardan tortib, jamoa bo‘lib to‘planadigan katta yoshdagi erkaklargacha barchani birdek jalb qilmoqda. Asosiy auditoriyamiz yangi narsalarni sinab ko‘rishni yaxshi ko‘radigan faol “Instagram” tarmog‘i foydalanuvchilari hisoblanadi.

Har ikki-uch haftada g‘oyalar yaratib, yangi ta’mlarni kashf qilishga intilamiz, bir joyda muqim turmaslikka harakat qilamiz. Misol uchun, yaqinda “Dunyoda begona asablar ko‘p. O‘zingnikini buzib nima qilasan?” kabi kulgili jumlalar yozilgan kartochkalarni kiritdik. Bu odamlarning e’tiborini tortdi: ular kartochkalarni yoqtirib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida bo‘lishishdi. Bu esa biz uchun ajoyib bepul reklamaga aylandi. Hozir marketing xarajatlari hajmini sezilarli darajada oshirib, oyiga $1000dan ajratyapmiz. Hatto oddiy roliklarni yaratish uchun biz professional suratga olish jamoasini taklif etamiz, ijodkorlar esa g‘oyalar va vizual konsepsiya ustida ishlaydilar.

Blogerlardan kamdan-kam hollarda — ularning uslubi chindan ham yoqqandagina reklama sotib olamiz. Asosiy e’tiborni sifat va o‘ziga xoslikka yo‘naltirib, ijtimoiy tarmoqlar uchun kontentni o‘zimiz ishlab chiqarishga qaratayapmiz.

Mijozlar bilan o‘zaro aloqa qilish va doimiy xaridorlar bazasini shakllantirish uchun biz “Sodiqlik” dasturini ishga tushirdik. Tizimda ro‘yxatdan o‘tgach, har bir mehmon 5% keshbek oladi. Xaridlarning umumiy summasi 1 mln so‘mga yetishi bilan keshbek 10%gacha ko‘tariladi.

Raqobatchilarga ijobiy munosabatdamiz. Biz bozorga raqobat maydoni sifatida emas, balki hamkorlik va mahsulotni umumiy ommalashtirish maydoni sifatida yondashamiz. Ishni boshlaganimizda choy tushunchalari deyarli rivojlanmagandi: bor-yo‘g‘i bir nechta restoran babl-choyni taklif qilardi. Bugungi kunda ushbu ichimlik mashhur bo‘ldi va uning tarqalishiga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan xursandmiz.

bubble tea, pipls

“Pipls»qalbi

Bizning fe’l-atvorimiz va ishdagi yondashuvlarimiz bir-biridan farq qiladi. Amir hisobot, tahlil va to‘siqlarni qidirishga e’tibor qaratsa, Kirill ko‘proq kadrlar va moliya bilan shug‘ullanadi.

Asosiy tamoyilimiz shunchaki g‘oyalardan nusxa ko‘chirish emas, balki yangi va ijodiy narsalarni yaratishdan iborat. O‘zimiz uchun muvaffaqiyatning ikkita muhim omilini ajratib oldik: birinchi navbatda, e’tiborni tortadigan hamda odamlarga yoqadigan ajoyib mahsulot kerak. Ikkinchidan, joy har doim ko‘zga tashlanib, tashrif buyuruvchilarni o‘ziga jalb qilishi uchun qulay hududda joylashishi lozim.

bubble tea, pipls

Hamkorligimiz mustahkam poydevor asosiga qurilgan. Do‘st bilan biznes yuritish yomon g‘oya, degan stereotip bizga ta’sir qilmadi. Bir-birimizga to‘liq ishonch bilan qaraymiz va loyiha do‘stligimizni yanada mustahkamladi. Maqsadlarimiz bir, eng muhimi, ishdan tashqarida bizni umumiy manfaatlar birlashtiradi. Albatta, kelishmovchiliklar bo‘ladi: loyihani muhokama qilamiz, turli g‘oyalarni bir-birimiz bilan baham ko‘ramiz, bahslashamiz, lekin doimo murosaga kelib, umumiy reja ishlab chiqamiz. Bu muhokamalar biznesimizni faqat kuchaytiradi.

Ish kunimiz 10dan 6gacha cheklanib qolmaydi, kerak bo‘lsa ishni kechasi ham muhokama qilamiz, bu doimiy jarayon. Shaxsiy hayotimiz va ishimiz bir-biriga chambarchas bog‘liq. Uzoq vaqt dam olmay yurganimizdan keyin ba’zan charchab ketardik, lekin tanaffusdan keyin yana ishga sho‘ng‘irdik. Bu biz uchun shunchaki ish emas, haqiqiy ishtiyoqdir.

Bill Geytsdan qishki ta’tilda o‘qish uchun 4ta kitob va birinchisi

0

Microsoft asoschisi o‘z blogida yangi yil bayramida mutolaa qilish uchun o‘zi o‘qigan kitoblari ro‘yxatini taqdim etdi.

“Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts o‘z blogida 2024-yilda o‘qigan eng yaxshi 4ta kitobi ro‘yxatini e’lon qildi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, kitoblar jamlanmasi bizni o‘rab turgan dunyoni anglashga yordam beradi. Masalan, ro‘yxatdagi ikkita kitobda kelajak, jumladan, sun’iy intellekt rivoji va ulkan texnologik yutuqlar odamlarning yashash, o‘rganish va sevish hissini qanday o‘zgartirayotgani haqida so‘z boradi. “Yana bir kitob javoblarni o‘tmishdan axtaradi — ilgari yetakchilar qiyin davrlarni qanday yengib o‘tganliklari haqidagi tarix saboqlari ham tasalli beruvchi, ham qiziqtiruvchi. Ro‘yxatimdagi to‘rtinchi kitob esa bugungi kun haqida. U sizga har kuni bizni o‘rab turgan jamiyatning ajoyib, ko‘zga ko‘rinmas asosini qadrlashga undaydi”, — deb yozadi Geyts.

Shuningdek, u yilning mazkur mavsumi qancha kitob bo‘lsa-da ortiqcha qilmasligidan kelib chiqib, o‘quvchilarga bonus sifatida yana bitta kitobni tavsiya qildi.

“Tugallanmagan muhabbat qissasi”, Doris Kearns Gudvin

Men Doris kitoblarining katta muxlisiman, lekin uning yangi tarjimai holini o‘qimagunimcha shaxsiy hayoti haqida ko‘p narsa bilmasdim.

Kitob AQSh tarixidagi eng notinch davrlardan birida prezidentlar Kennedi va Jonsonga siyosat bo‘yicha maslahatchi va nutq yozuvchi bo‘lib ishlagan marhum eri va o‘zining hayotiga bag‘ishlangan. Doris shunday iste’dodli yozuvchiki, uning sevgi tarixi haqidagi boblari Kennedining o‘ldirilishi va Vetnam urushi haqidagi boblar kabi qiziqarli va ma’rifiydir.

bill geyts, kitoblar, kitoblar tavsiyasi