Bosh sahifa Blog Sahifa 69

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar 4,4 mln nafardan oshdi

0

Qayd etilishicha, fuqarolar eng ko‘p maishiy xizmatlar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hamda axborot-kommunikatsiya sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan.

2025-yil 1-yanvar holatiga — o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 4,4 mln nafardan oshdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 76,5% ga (1,9 mln nafarga) oshgan.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar umumiy sonining 58%ini erkaklar, 42%ini ayollar tashkil qiladi.

o'zini o'zi band qilgan shaxslar

O‘sish ko‘rsatkichi eng yuqori sohalar:

  • maishiy xizmatlar — 104,3% (976 mingta);
  • ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish — 94,6% (203,1 mingta);
  • axborot-kommunikatsiya — 87% (55,7 mingta).

Hududlar kesimida eng ko‘p Samarqand viloyatida (508,1 ming) fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent (447,2 ming) va Qashqadaryo viloyatlari (442,5 ming) turibdi.

2024-yilda 450,5 ming fuqaro yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan.

Ayrim tadbirkor va yuridik shaxslar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi

0

Ma’muriy-hududiy birliklar tuzilgani yoki tugatilgani, ular chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgargani natijasida tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa yuridik shaxslar joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda ular qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritildi.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ma’muriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgartirilganligi natijasida tadbirkorlik sub’yektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda ular qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, sug‘urta qildiruvchilar majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bunda sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda va Iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Prezident maktabi o‘quvchilari Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi mukofotni qo‘lga kiritdi

0

Abu-Dabidagi taqdirlash marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Davlat rahbari maktab vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan tabrikladi.

Toshkent shahridagi Prezident maktabi barqaror rivojlanish bo‘yicha Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning «Global o‘rta maktablar» nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

 Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.

Abu-Dabidagi taqdirlash marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Davlat rahbari maktab vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan tabrikladi.

Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga ega elektrotexnika korxonalariga soliq imtiyozlari berilishi mumkin

0

Ijtimoiy obyektlar uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini mahalliy korxonalardan xarid qilish tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni elektrotexnika sohasidagi natijalar va keyingi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu sohaning sanoatdagi ulushi 3,5%, tovarlar eksportida 10%ni tashkil etadi. O‘tgan yili 31 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, $1,3 mlrd eksport qilingan. Shuningdek, $516 mln investitsiya o‘zlashtirilib, 85ta yangi korxona ishga tushgan. Sohada 27 mingdan ziyod fuqarolar ishlamoqda.

Taqdimotda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov prezidentga joriy yilgi rejalarni ma’lum qildi. Bu yil hududlarda $4 mlrdlik 290ta yangi loyihani boshlab, $600 mln investitsiya o‘zlashtirish, misni qayta ishlash darajasini 75%ga yetkazish rejalashtirilgan.

2025-yilda mamlakatda $75 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Shuning $28 mlrdni mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplash mumkin. Elektrotexnika klasterini kengaytirish uchun Ohangaronda qo‘shimcha 200 gektar, Farg‘onada 10 gektar, Urganchda 4 gektar yer ajratildi. 181 mlrd so‘m evaziga infratuzilma qurildi. Tadbirkorlarga texnoparklar hududida tayyor bino qurib, elektrotexnika va turdosh soha korxonalariga sotishga ruxsat berish mo‘ljallanmoqda. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarni 3 yilga foyda va mol-mulk solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda.

Bu Ohangaron mis klasterida $68 mlnlik, Qashqadaryo, Farg‘ona va Urganchda $30 mlnlik yangi loyihalarga imkoniyat ochadi.

Mahsulotlar sotilishi uchun vazirlik va sanoat tarmoqlari kesimida 15 trln so‘mlik kafolatli bozor tashkil qilinmoqda. Ijtimoiy obyektlar uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini mahalliy korxonalardan xarid qilish tartibi ishlab chiqilmoqda.

elektrotexnika, o‘zeltexsanoat, prezident, shavkat mirziyoyev, soliqlar, imtiyozlar

“O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Mirziyod Yunusov “tanqidiy” kechgan taqdimotda prezident elektrotexnika sohasida JST talablari asosida yangi bozor va imkoniyatlaridan foydalanib, mahsulotlar ishlab chiqarish topshirig‘ini berganini qayd etdi. “Elektrotexnika sohasida yangi yo‘nalishlar, ya’ni uskunasozlik yoki tibbiyot uskunalari kabi keng qamrovli yo‘nalishlarni [o‘zlashtirish imkoniyati] bor. To‘g‘risini aytsak, hali bu yo‘nalishlarga kirib bormaganmiz. Energetika sohasida import mahsulotlarini mahalliylashtirish va ularni kooperatsiya asosida ishlab chiqarish evaziga bu topshiriqlarni bajarish imkoniyati juda keng. Qo‘shimcha investitsiya loyihalarini shakllantirib, import tahlili asosida ko‘rsatkichlarga chiqish yuzasidan tegishli dasturlarimizni qabul qilamiz”, — dedi u.

Davlat rahbari bu soha “yashil” iqtisodiyot uchun, barqaror rivojlanish uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois joylardagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, tadbirkorlarga infratuzilma, moliya va xomashyo jihatidan qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilar eksportni yiliga $3 mlrdga, ishlab chiqarish hajmini 50 trln so‘mga yetkazish imkoniyati borligini qayd etdi. Shuningdek, taqdimotda innovatsiyalarni o‘rganib, bozorbop mahsulotlar yaratish, malakali muhandis, texnolog va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Bill Geytsdan qishki ta’tilda o‘qish uchun 4 ta kitob va ikkinchisi

0

“Xavotirli avlod”, Jonatan Haydt

Mazkur kitob bugungi kunda yoshlarni tarbiyalayotgan, ular bilan ishlayotgan yoki ta’lim berayotgan har bir kishi uchun o‘qilishi shart bo‘lgan kitobdir. U mening ko‘pincha ota-onam nazoratisiz ko‘chalarda yugurib, ba’zan muammolarga duch kelgan yoshlik yillarim bugungi shaxsiyatimni shakllantirishga qanchalik hissa qo‘shganini o‘ylashimga undagan.

Haydt o‘yinga asoslangan bolalikdan telefonlarga asoslangan bolalikka o‘tish bolalarning his-tuyg‘ularini rivojlantirishi va idrok etishini qanday o‘zgartirayotganini tushuntiradi. U muammoni ko‘rsatibgina qolmasdan, balki e’tiborga loyiq haqiqiy yechimlarni ham taklif qilishini qadrlayman.

1-iyuldan pasport va ID-karta kabi 17 turdagi hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinadi

0

Banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida ularning qog‘oz nusxalari talab etilmaydi.

2025-yilning 1-iyulidan O‘zbekistonda fuqarolik pasporti va boshqa hujjatlarning elektron nusxasi ham rasmiy kuchga ega bo‘ladi. Bu haqda hukumatning 2024-yilning 27-dekabridagi qarorida nazarda tutilgan.

Hujjat bilan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida belgilangan hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi. Yagona portal (my.gov.uz) va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasida raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratilib, ular O‘zbekiston hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.

Bu ro‘yxatda quyidagi hujjatlar mavjud:

  • Biometrik pasport;
  • ID-karta;
  • Haydovchilik guvohnomasi;
  • Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
  • Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma;
  • Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
  • Avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
  • Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
  • Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID-kartasi);
  • Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Avtomobilning majburiy sug‘urtasi (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
  • Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risidagi rasmiy hujjat;
  • Talabalik guvohnomasi;
  • YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Turar joy obyektlarining kadastr pasporti;
  • Avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma
  • Bunda mazkur hujjatlarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda talab etilmaydi.

Shu bilan birga, davlat, korporativ va boshqa xizmatlar, jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ularni so‘rashga yo‘l qo‘yilmaydi.

2024-yilning may oyida Personallashtirish agentligining ma’lumotlar bazasida jismoniy shaxsni “Face ID” orqali identifikatsiya qilish tizimi joriy etildi. Davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralarda Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish bepul amalga oshiriladi.

Joriy yildan Aholining yagona elektron reyestri joriy etilishi belgilangan. U o‘z ichiga jismoniy shaxslarning fuqarolik holati va shaxsiga doir ma’lumotlarni oladi.