Bosh sahifa Blog Sahifa 66

Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyasi boshqaruvida yangi maxsus iqtisodiy zona tashkil etiladi

0

O‘zbekiston va Malayziya imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolash, shuningdek, innovatsion sohalarda sheriklikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni Kuala-Lumpurda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yetakchilar ikki tomonlama sheriklikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. 2024-yilda O‘zbekiston-Malayziya hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi, Ishbilarmonlar kengashi tuzilishi qayd etildi. Mirziyoyev va Ibrohim tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida imtiyozli savdo bitimini ishlab chiqishga, shuningdek, sanoat hamkorligi dasturini qabul qilishga va o‘zaro sanoat ko‘rgazmalarini tashkil etishga kelishib oldilar.

Malayziya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasida qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bundan tashqari, tomonlar 2025−2026 yillarni ikki mamlakat hamkorligidagi innovatsion rivojlanish davri deb e’lon qildilar.

Iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Bular — neft-kimyo va kimyo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika, ziyorat turizmi va boshqalar. Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.

Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar. Joriy yilda O‘zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o‘tkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev va Anvar Ibrohim tomonidan Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolandi.

Shuningdek, quyidagi hujjatlar qabul qilindi:

  • Mahsulotlarning “halol” standartlariga muvofiqligini baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Bojxona ishida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida bitim;
  • Oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Sud-ekspertlik faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Akademik-diplomatik hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • “Aqlli” shaharlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • 2025−2026-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma reja.

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi

0

Unga ko‘ra, 2025-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘mni tashkil etdi.

O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati oshirildi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi. 2024-yil dekabr oyida may oyiga nisbatan hisoblangan iste’mol narxlari indeksidan kelib chiqib, 2025-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘mni tashkil etdi.

2024-yilda energiya narxlari oshishi sabab minimal iste’mol xarajatlari 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mga oshirilib, qayta ko‘rib chiqilgandi. 2025-yilda 1-apreldan elektr va gaz tariflarini oshirish rejalashtirilgan.

Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibiga asosan, kelgusi yil uchun minimal iste’mol xarajatlari oziq-ovqat, nooziq-ovqat, mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Avvalroq 2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaygani haqida xabar berilgandi.

Kambag‘al aholi soni 719 ming nafarga kamayib, 3,3 mlnni tashkil etdi. Aholining real daromadi 10,7% ga o‘sib, jon boshiga oyiga o‘rtacha 2,1 mln so‘mdan to‘g‘ri keldi.

Ular tarkibining asosiy qismi ish haqi, tadbirkorlikdan olingan mablag‘lar hamda pensiya va subsidiyalardan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Malayziyaga jo‘nab ketdi

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4 fevral kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Kuala-Lumpur shahrida oliy darajadagi muzokaralar, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva tavsiya qilgan 5ta kitob va birinchisi

0

Umida Teshaboyeva kitob mutolaasi orqali hayot zinapoyasidan ko‘tarilib, muvaffaqiyatga erishishga xizmat qiladigan va o‘qib-izlanishga undaydigan kitoblar haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

1996-yilda Umida Teshaboyeva Toshkent davlat madaniyat institutida kutubxonachilik bo‘yicha ta’lim olgan. Keyinchalik shu yo‘nalish bo‘yicha faoliyatini davom ettirib, 2000-yillarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida kutubxonachi bo‘lib faoliyatini boshlagan va bir necha yillardan so‘ng direktor lavozimigacha ko‘tarilgan.

Kitob mutolaa qilish uning oilasidan boshlanib, ota-onasining alohida shaxsiy kitob javoni bo‘lgan. Uning kitoblar olamiga kirib kelishiga esa volidasi turtki bo‘lgan. Umida Teshaboyeva buni shunday eslaydi: “Onamning kitob javoni badiiy adabiyot va tilshunoslikka oid kitoblar, izohli lug‘atlar, ensiklopediyalar bilan to‘lgan bo‘lsa, dadamning javonlari biologiya sohasiga oid: ko‘proq paxtachilik, uzum va meva sabzavotchilikka oid ilmiy nashrlar va ilmiy-ommabop kitob va jurnallardan iborat bo‘lgan. Har kuni ularning mutolaa qilib o‘tirganlarini ko‘rardim”.

Kitob tavsiya qilishida Teshaboyeva har bir insonning qiziqishlari — kimgadir tabiat manzaralarining tasvirlari, kimgadir insonlarning fe’l-atvor ifodalari, yana kimlargadir voqealar rivojining jo‘shqinligi va boshqa ko‘plab jihatlarini inobatga olish lozimligini ta’kidlaydi.

Tavsiya qilgan 5 kitobim, o‘zim maza qilib o‘qiydigan kitoblar. Undan tashqari, Xolid Husayniy va Guzel Yaxinaning asarlari, xalq ertaklari hamda memuar asarlarni mutolaa qilishni barchaga tavsiya etgan bo‘lardim, deydi Teshaboyeva.

“Boburnoma”, Zahiriddin Muhammad Bobur

“Boburnoma” — adabiy va tarixiy ahamiyatga molik asar hisoblandi. Kitobda Osiyoning ko‘plab tog‘lari, daryolari, o‘rmon va cho‘llari, iqlimi, aholisi, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy ahvoli haqidagi maʼlumotlar, Boburning kechinmalari o‘rin olgan.

Asarni o‘qib borar ekansiz, tarixga bo‘lgan qiziqishingiz ham oshib boradi. O‘sha davrdagi jonli muhitga tushib qolgandek bo‘lasiz. Asardagi voqealar ketma-ketligi aniq, hayotiy va ta’sirchan yozilgan. Memuar asarlarni o‘qiyotgan odam o‘sha shaxsning bosib o‘tgan yo‘lini ham o‘rganadi. Ular bu asarlarni yozguniga qadar gulli bog‘lardan yurishmagan, balki oyoqlari ostidagi tikanlar ham bo‘lgan. Bunday asarlarni o‘qigan odam o‘ziga katta hayotiy tajriba oladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, yengil o‘qiladigan kitoblarni bo‘lsa ham o‘qing, bu yaxshi. Lekin, kitobxonning didini, saviyasini ko‘rsatadigan narsa murakkab matnlarga ega kitoblar mutolaasidir. Bunday asarlarni bir yilda, yarim yilda o‘qisangiz ham sizga katta foyda keltiradi. Murakkab asarlar sizni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishingizni ortishiga sababchi bo‘ldi.

kitoblar tavsiyasi, o‘zbekiston milliy kutubxonasi, umida teshaboyeva

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaydi

0

2024-yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 11% dan 8,9% ga yoki 719 ming nafar aholiga kamaydi.

2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 9% dan pasaydi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Jahon banki bilan olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, o‘tgan yil kambag‘allik darajasi 11% dan 8,9% ga yoki 719 ming nafarga kamayib, 3,3 mln nafar kishini tashkil etdi.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori pasayish Buxoroda 11,8%dan 8,7%ga, Samarqandda — 10,5% dan 7,5% ga, Namanganda — 10,4% dan 7,6% ga hamda Qoraqalpog‘istonda 13,6% dan 10,8% gacha qayd etildi. Toshkent shahrida kambag‘allik darajasi deyarli o‘zgarishsiz qoldi — 7,9% dan 7,3% gacha.

Kambag‘allik darajasini pasaytirishga aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, tomorqa va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlardan foydalanishni oshirish choralari ta’sir qilgani ta’kidlandi.

2024-yilda aholining real daromadi 10,7% ga o‘sib, jon boshiga oyiga o‘rtacha 2,1 mln so‘mdan to‘g‘ri keldi. Yil boshida bu 1,7 mln so‘m bo‘lgan.

Aholi daromadlari tarkibida:

  • ish haqi — 42,6% (2023-yilda — 41,9%);
  • tadbirkorlikdan daromadlar — 22,9% (21,4%);
  • pensiya, ijtimoiy yordam va subsidiyalar — 18,2% (18,9%);
  • qishloq xo‘jaligi va tomorqadan daromadlar — 10,7% (9,8%);
  • xorijdan pul o‘tkazmalar — 2% (3,1%);
  • boshqa daromadlar — 3,6% (4,9%)ni tashkil etdi.

Aholining ish haqidan daromadlari esa 2023-yilga nisbatan 12,9%ga ko‘paydi.

Kelgusi uch yilda mamlakatda kambag‘allik darajasini 7% gacha qisqartirish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda qaysi kasb egalari eng ko‘p ish haqi olmoqda?

0

Statistika agentligi respublikadagi sohalar kesimida o‘rtacha ish haqi miqdorlarini maʼlum qildi.

2024-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 5 million 357 ming so‘mni tashkil etgan. Ayrim sohalarga mazkur ko‘rsatkichdan ancha yuqori oylik to‘langan. Jumladan, kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar sohasi vakillari respublika miqdyosida eng yuqori darajadagi o‘rtacha ish haqi — 18,3 million so‘m olgan. Shu bilan birga, quyidagi tarmoqlarda o‘rtacha oyliklar eng ko‘p miqdorlar to‘langan:

  • Qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari — 17,8 million so‘m;
  • Axborot xizmati ko‘rsatish — 16,9 million so‘m;
  • Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish va sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi — 16,8 million so‘m;
  • Aloqa sohasi —10,9 million so‘m;
  • Ombor xo‘jaligi va yordamchi transport faoliyati — 9,6 million so‘m;
  • Tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash — 9,1 million so‘m;
  • Oliy taʼlim — 8,5 million so‘m;
  • Avtomobil va mototsikllarning ulgurji va chakana savdosi hamda ularni taʼmirlash—7,8 million so‘m.

Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi maktab, maktabgacha hamda texnik va professional taʼlim sohalarida (3,6 million so‘m) to‘langanyu Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,4 million) sohasi vakillari eng kam o‘rtacha ish haqi olgan. Bu miqdorlar umumiy o‘rtacha oylik ish haqidan sezilarli kam.

Qayd etilishicha, 2024-yilda hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri kuzatilgan — 9,1 mln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (6,7 mln so‘m), Toshkent (5,1 mln so‘m), Andijon (4,6 mln so‘m) hamda Buxoro (4, 3 mln so‘m) viloyatlari qayd etilgan.

Eng kam o‘rtacha ish haqi Qashqadaryo (3,8 mln so‘m), Surxondaryo (3,8 mln so‘m) va Namangan (3,9 mln so‘m) viloyatlarida kuzatilgan.