Bosh sahifa Blog Sahifa 27

Fermerlarga dizel xarajatlarining 2 mln so‘mgacha qismi qoplab beriladi

0

Prezidentning 8-may kuni qabul qilingan farmoni (PF-82-son) bilan paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilandi.

Unga ko‘ra, 2026-yil hosilidan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining kredit foiz xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.

Xususan, paxta xomashyosi yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga to‘langan foizning 2,5 foizlik punkti, hosil yilining yakuniga qadar — 31-dekabrgacha qaytargan xo‘jaliklarga esa foiz to‘lovlarining 5 foizlik punkti qoplab beriladi.

Shuningdek, bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustigacha to‘liq qaytargan xo‘jaliklarga kredit foizining 4 foizlik punkti kompensatsiya qilinadi.

Paxta xomashyosini xarid qilish uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining 8 foiz punktidan yuqori, biroq 16 foiz punktidan oshmagan qismi ham qoplab beriladi.

Bundan tashqari, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash uchun 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja orqali xarid qilingan har bir tonna dizel qiymatining 13 mln so‘mdan oshgan qismiga, biroq 2 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi.

1-sentabrdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining xo‘jaliklarga quyidagi subsidiyalarni ajratish vakolati Agrar sohada to‘lovlar agentligiga o‘tkaziladi:

  • qishloq xo‘jaliklariga o‘z mablag‘lari hamda bank kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotganda rasmiylashtirilgan EHF qiymatining bir qismini qoplab berish;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilingan paxta xomashyosi qiymatining bir qismini qoplab berish.

5 yillik stajga ega xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma berish boshlandi

0

Xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali rasmiy kanalida ma’lum qilindi.

Tavsiyanoma mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga davlat OTMlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga beriladi. Ular alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etishlari mumkin.

Asosiy talablar:

  • o‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi diplomiga;
  • mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik mehnat stajiga ega;
  • oliy ta’lim olmagan (bakalavr diplomi yo‘q) bo‘lish.
  • Tavsiyanomalar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taqdim etilib, unga ega bo‘lganlar uchun davlat OTMlariga alohida 500 ta kvota ajratiladi. Bunda nomzodlar imtihon topshirib, ballar ketma-ketligi bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan 500 nafar xotin-qiz talabalikka qabul qilinadi.

Shuningdek, berilgan tavsiyanoma 3 yil muddatga amal qiladi va faqat bir marta o‘qishga kirish uchun foydalanish mumkin. Ya’ni bu yilgi qabulda nomzod o‘qishga kira olmasa, kelasi yilgi qabulda ham undan foydalana oladi.

Arizalar 1-iyunga qadar Yagona portal orqali qabul qilinadi. Xizmatdan havola orqali bepul foydalanish mumkin.

Imtiyoz xorijiy, nodavlat va harbiy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.

O‘zbekiston kompaniyalari Gonkong fond birjasiga chiqishi mumkin

0
epa09956935 An electronic board displays the latest stock transactions outside Exchange Square, the building housing the bourse, in Hong Kong, China, 19 May 2022. The Hong Kong stock market fell the most in two weeks following the biggest declines in US equities in two years. EPA/JEROME FAVRE

Gonkong fond birjasi (HKEX) O‘zbekiston kompaniyalari aksiyalarini xorijda joylashtirishni tashkil etishi mumkin, deya xabar bermoqda Toshkent Respublika fond birjasi matbuot xizmati.

Maydon boshqaruvi 8-may kuni Xitoyning moliyaviy xizmatlar va g‘aznachilik bo‘yicha kotibi Kristofer Xuey boshchiligidagi maxsus hudud delegatsiyasini qabul qildi.

Tomonlar Gonkong moliya institutlarining mahalliy kapital bozorini rivojlantirishda ishtirok etish istiqbollarini muhokama qildilar.

Mahalliy emitentlarning xalqaro IPOlarga chiqishi va HKEX orqali ikki tomonlama joylashtirishni tashkil etish imkoniyatlari, shuningdek, Gonkong moliyaviy vositalarini O‘zbekistonda joylashtirish ustuvor mavzular qatorida bo‘ldi.

Gonkong tomoni O‘zbekiston kompaniyalariga jahon kapital bozorlariga chiqish masalasida ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Zamonaviy kapital bozori uchun investorlarning ehtiyojlariga mos keladigan moliyaviy vositalarni rivojlantirishning ahamiyati ta’kidlandi.

Bundan tashqari, uchrashuvda HKEX va Toshkent birjasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Ular orasida obligatsiyalar, birja fondlari (ETF), tokenlashtirilgan aktivlar, hosilaviy vositalar bozorini rivojlantirish rejalari, shuningdek, platformalarning texnologik integratsiyasi mavjud.

Tadbirkorlar ishga qancha vaqt sarflaydi?

0

Spot bu haqida tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Murodilla Alimbayev haftasiga bir kunini oilasiga bag‘ishlasa, Alina Isayeva ish sabab hayotdan uzilib qolgan davrlarini esladi. Ramziddin Azizov til o‘rganishga vaqt ajratadi, Navbahor Boudot esa kuniga 3 soat ishlaydi.

hammasiga ulgurish, ish vaqti, tadbirkor

Murodilla Alimbayev,

Iman chocolate and fruits asoschisi.

Kunim ertalab soat 7 da boshlanadi: birinchi navbatda mashg‘ulotlarga shoshilaman. Soat 09:00 dan ishga kirishaman, biroq kun davomida bir joyda muqim o‘tirmayman. Soat 12:00 larda ikkinchi ishxonamga yo‘l olaman, u yerda soat 14:00—15:00 gacha bo‘laman. Shundan so‘ng, yana boshqa ish joyiga borishim kerak. Xullas, kechki soat 19:00 gacha mana shunday tinimsiz yugur-yugur va harakat ichida yuraman.

Asosiy ish joyimda o‘z jamoam bor. Ular bilan masalalarni birgalikda muhokama qilib, vazifalarni taqsimlaymiz, so‘ng jamoa ijroga kirishadi. Boshqa loyihalarda esa ish jarayoni asosan, Telegram orqali boshqariladi. Strategik va vazifalarni masofaviy tarzda birgalikda hal qilamiz, kundalik mayda ishlarni esa xodimlar o‘z mas’uliyatlari ostida mustaqil bajarishadi.

Ayni damdagi tig‘iz ish tartibini vaqtinchalik zarurat, deb bilaman. Yoshlikdagi kuch-g‘ayratdan foydalanib, hozir qattiq ishlashimiz kerak. Maqsadim, kelajakda barcha jarayonlarni tizimlashtirib, o‘z-o‘zidan ishlaydigan darajaga keltirish.

Haftada bir kunni albatta, oilamga bag‘ishlayman, o‘g‘illarim bilan birga vaqt o‘tkazamiz. Shuningdek, an’anaga ko‘ra, yilda bir marotaba ularni chet elga sayohatga olib chiqaman. Dam olish kunlarimizning ajralmas qismi oilaviy futbol o‘yinlarimizdir. Shundan so‘ng, birgalikda toqqa chiqishimiz yoki shahar ichida aylanib, hordiq chiqarishimiz mumkin.

Tadbirkorlikning oltin qoidasi sifatida shuni aytishim mumkinki, boshida inson tinim bilmasligi kerak. To‘g‘ri, biznesning ilk bosqichida jamoa shakllanmagani va mablag‘ tejash zarurati sababli ko‘p vazifalarni tadbirkorning o‘zi bajarishiga to‘g‘ri keladi. Biroq, aynan shu jarayonda u barcha mas’uliyatni faqat o‘z zimmasiga kishan qilib olmasdan, bosqichma-bosqich ishni delegatsiya qilishni o‘rganishi shart.

Menejment, marketing va SMM kabi yo‘nalishlarni avval, o‘zi chuqur tahlil qilib, tizimni tushunib olishi, so‘ngra aniq strategiya asosida bu vazifalarni professional jamoaga topshirishi lozim. Shundagina tadbirkor kundalik mayda ishlardan xalos bo‘lib, biznesni kengaytirishga e’tibor qaratishi mumkin.

Kengayish va o‘sish yo‘lida ba’zida uyqusiz tunlarni o‘tkazishga ham to‘g‘ri keladi. Biz ham o‘z vaqtida shunday bosqichlardan o‘tganmiz, tinimsiz mehnat qilganmiz. Bir narsani unutmaslik kerak, har bir inson o‘z kelajagi uchun o‘zi kurashishi lozim, hech kimdan yordam kutish kerak emas. Tadbirkorning bilimi doimo o‘tkir bo‘lishi kerak, buning uchun esa kitob o‘qish, tinimsiz o‘z ustida ishlash hamda xalqaro tajribani o‘rganish hayotiy zarurat hisoblanadi.


hammasiga ulgurish, ish vaqti, tadbirkor

Alina Isayeva,

MAlin hammuassisi.

Tadbirkor sifatidagi dastlabki uch yil men uchun qiyin bo‘lgan: o‘shanda tom ma’noda hayotdan uzilib qolib, deyarli butun vaqtimni ishga bag‘ishlardim. Biznesni oyoqqa turg‘azish to‘liq sho‘ng‘ishni talab qilgan. Hozir esa, xayriyatki, dam olishga va hayot bilan ish o‘rtasida sog‘lom muvozanat qurishga imkonim bor. Hali ham har kuni ishlayman, lekin bu jarayon hozirda o‘rtacha 4−6 soatni tashkil etadi. Qolgan vaqtimni esa yaqinlarimga, shaxsiy rivojlanishimga sarflashga harakat qilaman.

Ishdagi kunimning asosiy jarayonlarni tekshirishdan boshlayman: do‘kon, ishlab chiqarish, buyurtmalar holati va jamoaning joriy vazifalarini ko‘rib chiqaman. Shundan so‘ng asosiy e’tiborimni g‘oyalar, brend rivoji, vizual uslub, yangi modellar va kontent yaratish kabi ijodiy masalalarga qarataman. Kun davomida muhim masalalarni tezkor hal qilish uchun jamoa bilan doimiy aloqada bo‘lib turaman. Avvallari kunim tartibsiz va butunlay biznesga bo‘ysungandi, hozir esa uni ancha tizimli tashkil etishga o‘rgandim.

Biznesni oyoqqa turg‘izishda fidoyilik bu tanlov emas, balki zarurat. Ish birinchi o‘ringa chiqib, shaxsiy hayot va uyqu ikkinchi darajaga tushib qoladigan paytlardan hamma o‘tadi. Bu bosqichda yaqinlarning daldasi juda muhim. Lekin doimiy ravishda “yonib” ishlashni norma, deb bilmayman. Men uchun tadbirkor sifatidagi haqiqiy mahorat biznesni shunday tizimlashtirishki, u sizni hayotdan uzib qo‘ymasligi kerak.

Rostini aytsam, tadbirkor uchun ishdan butunlay “uzilib” ketish har doim ham oson emas. Biznes haqidagi o‘ylar, yangi rejalar yoki joriy masalalar baribir xayolning bir chekkasida aylanib turaveradi. Biroq, aynan mana shu qisqa tanaffuslar uzoq masofaga charchamay yugurish va ishga yangi energiya bilan qaytish uchun juda zarur.

Ishni endi boshlayotgan tadbirkorlarga avvalo, shoshilinch va muhim vazifalarni bir-biridan ajratishni o‘rganishni maslahat bergan bo‘lardim. Hamma narsani o‘z yelkangizga olishga urinmang bu juda tez toliqishga va burnoutga olib kelishi mumkin.

Dastlab, go‘yo hamma ishni faqat o‘zingiz mukammal bajara oladigandek tuyulishi mumkin. Biroq shuni tushunish kerakki, haqiqiy o‘sish vazifalarni ishonib topshirish delegatsiya qilishni o‘rganganingizda boshlanadi. Yana bir muhim jihat: o‘zingizni qayta tiklash uchun albatta vaqt ajrating. Unutmang, tadbirkorlik qisqa masofaga yugurish emas, balki uzoq davom etadigan marafondir. Bu yo‘lda muvaffaqiyatga erishish uchun esa kuchni to‘g‘ri taqsimlash va “nafasni rostlab olish” juda zarur.


hammasiga ulgurish, ish vaqti, tadbirkor

Ramziddin Azizov,

Ramz Jewel asoschisi.

Kuniga taxminan to‘rt-besh soat vaqtimni ishga sarflayman. Kun tartibim odatda quyidagicha: ertalab nonushtadan so‘ng, birinchi navbatda ayolimni ishga tashlayman. So‘ngra, kunora soat 10:00 dan 12:00 gacha ingliz tili darslariga boraman. O‘qishdan keyin ishxonaga kelib, nazorat jarayonlarini amalga oshiraman: mavjud muammolar bilan tanishaman, buyurtmalarni va bajarilayotgan ishlarni ko‘rib chiqaman. Kunning ikkinchi yarmi, odatda, ko‘proq mijozlar bilan uchrashuvlarga bag‘ishlanadi. Ish vaqtimiz soat 19:00 gacha davom etadi. Shu vaqtgacha ishlarni yakunlab, keyin uyga qaytamiz.

Sotuv jarayonlari, kontent yaratish va allaqachon avtomatlashgan, mahsulotlarimizni ishlab chiqarishni esa to‘liq jamoaga topshirganman. Jamoa mahsulotni boshidan oxirigacha tayyor holga kelguncha bo‘lgan jarayonni mustaqil amalga oshiradi.

O‘zim bevosita nazorat qiladigan va asosiy e’tiborimni qaratadigan jihatlar: asosiy mijozlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, buyurtmalar olish va yangi loyihalarni amalga oshirish hisoblanadi. Yangi qilinayotgan ishlarning tepasida o‘zim turaman, jarayonni to‘liq nazorat qilaman, hatto ayrimlarini aynan o‘zim bajaraman. Bunday yangi jarayonlar, mahsulotlar to‘liq mening nazoratimda bo‘ladi.

Ishga ko‘proq vaqt ajratishni, qaysidir ma’noda buni tadbirkorlik qismati, deb atash mumkin. Dam olmasdan ishlash va barcha rejimlardan chiqib ketgan holda ishxonada qolib ketish tadbirkorlikning ajralmas qismi bo‘lsa kerak. Hozirda o‘zimizga vaqt ajratishga va haftada hech bo‘lmaganda bir kunni to‘liq oila davrasida o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Bor e’tiborimizni mana shu muvozanatni tiklashga qaratganmiz.

Dam olish kunlarimni, odatda, oilam davrasida o‘tkazishga harakat qilaman. Ko‘proq tabiat qo‘yniga, ayniqsa, tog‘li hududlarga chiqishni xush ko‘raman. Shuningdek, baliq oviga juda qiziqqanim uchun, imkon qadar bo‘sh vaqtimni mana shu mashg‘ulotga bag‘ishlashga intilaman.

Tadbirkorlarga bor e’tiborni faqat ishga qaratishni maslahat bergan bo‘lardim.


hammasiga ulgurish, ish vaqti, tadbirkor

Navbahor Boudot,

Bahor France asoschisi.

Kuniga roppa-rosa 3 soat bor e’tiborimni faqat ishga qarata olaman. Bir kunlik ish tartibim odatda har xil kechadi, chunki ko‘p tarmoqli biznesni boshqaraman. Lekin har doim eng muhim vazifalarni belgilab olib, ularni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilaman.

Ishlarning qariyb 80% ini sinchkovlik bilan o‘zim tekshiraman. Hisobot ishlarini jamoaga topshirgan bo‘lsam-da, mijozlar bilan aloqalar va servislarimiz sifatini shaxsan nazorat qilaman.

Biznesdagi yutuq hali inson baxtli degani emas. Lekin ishni mehr bilan qilsangiz, u baxtli bo‘lishingizga katta hissa qo‘shadi. Inson o‘zi sevgan ishi bilan shug‘ullansa, charchoqni ham sezmaydi, buni esa atrofidagilar ham his qilib turadi.

Ish sabab oilaviy vaqtdan voz kechish masalasi sharoitga bog‘liq. Mening holatimda, bizneslarim poydevorini qurish uchun juda ko‘p vaqt sarflashimga to‘g‘ri kelgan. Chunki, hammasini hech qanday moliyaviy yordamsiz, noldan, faqatgina g‘oyalar bilan boshlaganman.

Odatda, har kuni oila a’zolarimni ish va o‘qishga kuzatganimdan so‘ng, o‘zim uchun kunlik uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha reja tuzib olaman:

  1. Prioritet.
  2. Raqamli ishlar.
  3. O‘z ustimda ishlash.

Hayot insonga doim tajriba o‘rgatadi. Shuning uchun, avvalo, o‘zligingizni anglash va o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang. Yangi bilimlarni izlash va ularni amalda qo‘llash uchun vaqtingizni ayamang. Shuningdek, ruhiy barqarorlik va intizomni hayotingizga reja asosida kiritishni maslahat beraman.

Harbiy taʼlim va armiyani raqamlashtirish yangi bosqichga olib chiqiladi

0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va armiyani raqamlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda dunyoda yuz berayotgan qurolli mojarolarda uchuvchisiz uchadigan apparatlar, robotlashgan tizimlar, radioelektron kurash vositalari va zamonaviy boshqaruv texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa nafaqat qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni yangilash, balki yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni ham taqozo etmoqda.

Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Qoʻshinlarda dronlarni jangovar qoʻllash va ularga qarshi kurashuvchi yangi boʻlinmalar tashkil etilib, uchuvchisiz uchadigan apparatlar operatorlari, muhandislar va robototexnika mutaxassislarini tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Taqdimotda davlatimiz rahbariga mazkur mobil boʻlinmalar faoliyati hamda ushbu yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlash tizimi yuzasidan hisobot berildi.

Harbiy taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. 2025-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur sohani rivojlantirish, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega harbiy kadrlarni tayyorlash choralari koʻrildi. Natijada barcha oliy harbiy taʼlim muassasalariga institut maqomi berilib, yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratildi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Zamonaviy jangovar harakatlar, qoʻshinlardagi real ehtiyoj va ilgʻor oliy taʼlim muassasalari tajribasi asosida yangi malaka talablari, oʻquv reja va dasturlari joriy etilmoqda. Tayyorgarlik nazariya va amaliyotni uygʻunlashtirish tamoyili asosida tashkil etilib, boʻlajak ofitserlar oʻquv jarayonining oʻzida dolzarb vaziyatdan kelib chiqib xizmat oʻtashlari uchun zarur koʻnikmalarni egallashi koʻzda tutilgan.

Bakalavr darajasida harbiy kadrlar tayyorlashning mutlaqo yangi modeli doirasida kursantlarga xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt chuqur oʻrgatiladi.

Qoʻmondonlik-shtab ofitserlari uchun ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy qurolli toʻqnashuvlarni oʻrganish asosida ilk bor uch bosqichli yangi oʻqitish tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, serjantlar tarkibini tayyorlash koʻlami ham kengaytiriladi. Asosiy yangiliklardan biri – oliy harbiy taʼlim muassasalarida serjantlar uchun bakalavriatning oltita fuqarolik mutaxassisligi boʻyicha masofaviy taʼlim yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, aviatsiya va uchuvchisiz uchadigan apparatlar mutaxassislarini tayyorlash tizimi yanada takomillashtirilib, mazkur yoʻnalishda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarini oʻqitish va ularga yagona sertifikat berish tartibi joriy etiladi.

Taqdimotda armiyani raqamlashtirish va kiberxavfsizlikni taʼminlash masalalari ham koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda Mudofaa vazirligi tizimida aloqa infratuzilmasi modernizatsiya qilindi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda, himoyalangan maʼlumot almashinuvi kanallari rivojlantirilmoqda.

Harbiy dasturchilar tomonidan qoʻshinlar faoliyatining turli yoʻnalishlari boʻyicha 50 ga yaqin axborot tizimlari ishlab chiqildi. Xususan, mudofaa ishlari organlarida “Chaqiruv” elektron axborot tizimi yaratilib, 19 ta vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilindi. Bu 39 turdagi maʼlumotnomani onlayn shaklda olish va ilk bor chaqiruv tadbirlarini toʻliq elektron shaklda oʻtkazish imkonini berdi.

Harbiy tibbiyot sohasida yagona tibbiy axborot tizimi va telemeditsina joriy etilib, Sogʻliqni saqlash vazirligining “D-MED” tizimi bilan integratsiya taʼminlandi.

Zamonaviy xavf va tahdidlardan kelib chiqib, Mudofaa vazirligida kibertahdidlarni oʻz vaqtida aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan Axborot xavfsizligi monitoring markazi tashkil etildi.

Taqdimotda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini yanada rivojlantirish, robotlashgan va avtonom majmualardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sunʼiy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasini tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Respublikaning barcha hududlarida uzluksiz va barqaror aloqani taʼminlash maqsadida Sunʼiy yoʻldosh aloqa markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Mudofaa sohasida yagona raqamli siyosatni yuritish maqsadida mudofaa vazirining raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. Harbiy okruglarda esa qoʻmondonlarning raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik boʻyicha oʻrinbosarlari lavozimlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Taqdimot yakunida Oliy Bosh Qoʻmondon bildirilgan takliflarni maʼqullab, armiyani yanada raqamlashtirish, qoʻshinlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlari va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan hujjatlarni imzoladi.

Mutasaddilar oldiga mudofaa sohasini toʻliq raqamlashtirish, milliy sunʼiy intellekt modellarini yaratish va malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar qoʻyildi.

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonining borishi koʻrib chiqildi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha 2026-yildagi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Oʻtgan yilda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni doirasida koʻp va ikki tomonlama muzokaralarda salmoqli natijalarga erishildi.

Xususan, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruhning ikkita yigʻilishi oʻtkazildi. Ularda 200 dan ortiq savollarga javoblar, 30 dan ziyod tashqi savdoga oid hujjatlar JST aʼzolariga taqdim etildi.

Shu bilan birga, ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq muzokaralar raundi olib borildi. 2025-yilning oʻzida 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlanib, bunday davlatlarning umumiy soni 33 taga yetdi.

JST aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyotiga oʻtish bilan bogʻliq jadal islohotlar amalga oshirilayotgani ijobiy eʼtirof etilmoqda. Xususan, oʻtgan yilda 68 ta qonunchilik hujjati JST va xalqaro meʼyorlariga uygʻunlashtirildi.

Jumladan, JST qoidalariga uygʻunlashtirish doirasida intellektual mulkni roʻyxatga olish jarayonlari soddalashtirilib, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi, eksport cheklovlari bekor qilindi va shaffof mexanizmga ega eksport bojlari joriy etildi, ayrim mahsulotlar uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilingani taʼkidlandi.

Shuningdek, savdodagi texnik toʻsiqlar, sanitariya va fitosanitariya sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarni majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazishning byurokratik tartibi oʻrniga sertifikatlashtirish joriy etildi, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustidan nazorat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasiga oʻtkazildi va 14 ta oziq-ovqat texnik reglamenti bekor qilindi, 747 ta tovar pozitsiyasi boʻyicha majburiy sertifikatlashtirish talablari tugatildi va roʻyxat 27 foizga qisqartirildi.

Taqdimotda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi va savdoni himoya qilish choralari toʻgʻrisidagi yangi qonunlarni qabul qilish, sanitariya, veterinariya va karantin sohasiga xavfni tahlil qilish, kuzatuvchanlik hamda ilmiy asoslanganlik tartibotlarini joriy etish holati koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari joriy yilda Oʻzbekistonning JSTga toʻlaqonli aʼzoligini rasmiylashtirish boʻyicha kompleks ishlarni sifatli amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilikni JST qoidalari va xalqaro savdo standartlariga toʻliq muvofiqlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish, JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha ikki va koʻp tomonlama muzokaralarni yakunlash hamda aʼzolikni rasmiylashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.