Bosh sahifa Blog Sahifa 28

Amerikalik milliarder Kenni Trutt: Oddiy talabalikdan elita ot sporti cho‘qqisigacha

0

Kenni Trutt — zamonaviy Amerika biznesi tarixidagi eng yorqin va muvaffaqiyatli shaxslardan biri bo‘lib, u telekommunikatsiya sohasidagi inqilobiy yutuqlari hamda ot sporti olamidagi ulkan zafarlari bilan tanilgan. Illinoys shtatidagi oddiy ishchi oilasida ulg‘aygan Trutt yoshligidanoq yuqori maqsadlar sari intilgan. Janubiy Illinoys universitetida tahsil olish jarayonida nafaqat bilim olgan, balki o‘qish xarajatlarini qoplash uchun sug‘urta sotish bilan ham shug‘ullangan.Shu davrda ilk tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirgan. Ushbu tirishqoqlik va mehnatsevarlik kelajakda uning ko‘p milliardlik imperiyasiga asos bo‘lgan.

Truttning hayotidagi eng katta burilish 1988-yilda, u Texasda «Excel Communications» telekommunikatsiya kompaniyasiga asos solganida yuz bergan. O‘sha davrda AQShda uzoq masofali telefon aloqasi bozori juda tez rivojlanayotgan edi va Trutt tarmoqli marketing modelidan oqilona foydalanib, o‘z xizmatlarini keng ommaga taklif qilgan. Kompaniya nihoyatda qisqa muddat ichida mislsiz darajada o‘sib, 1996-yilda o‘z aksiyalarini fond birjasiga joylashtirgan. 1998-yilga kelib esa ushbu telekommunikatsiya giganti «Teleglobe» korporatsiyasi tomonidan 3,5 milliard dollarga sotib olingan. Ushbu tarixiy kelishuv Kenni Truttni rasman Amerikaning eng boy insonlari qatoriga olib chiqqan va unga o‘zining azaliy orzularini amalga oshirish uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochgan.

Milliarderga aylangach, Trutt o‘z sarmoyalarini diversifikatsiya qilgan va bolalikdagi sevimli xobbisi — nasldor otlar yetishtirishga butun e’tiborini qaratgan. U Kentukki shtatida joylashgan elita toifasidagi «WinStar Farm» otchilik fermasiga asos solgan. Tez orada ushbu ferma professional ot poygalari olamida haqiqiy brendga aylangan. Kenni Truttning ushbu sohadagi eng oliy yutug’i 2018-yilda, uning «Justify» nomli afsonaviy oti AQSh ot sportining eng nufuzli mukofoti — «Triple Crown» (Uchlik toj) unvonini qo‘lga kiritganda yuz bergan. Bugungi kunda ham uning fermasida yetishtirilgan otlar nufuzli xalqaro musobaqalarda yetakchilikni qo‘ldan boy bermay kelmoqda.

Biznes va ot sportidan tashqari, Kenni Trutt saxovatpeshalik va yoshlar sportini qo‘llab-quvvatlash ishlariga ham katta hissa qo‘shib keladi. U yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish maqsadida «Texas Titans» yoshlar basketbol jamoasiga asos solgan va uning barcha xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan. Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda uning boyligi qariyb 1,7 milliard dollarni tashkil etadi. Ayni paytda Dallasda istiqomat qilayotgan va «Mt. Vernon Investments» kompaniyasi orqali yirik loyihalarni boshqarayotgan Kenni Trutt — o‘z mehnati va strategik tafakkuri tufayli ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan haqiqiy self-made (o‘z-o‘zini yaratgan) milliarder namunasidir.

Mortimer Adler: Kitob qanday o‘qiladi?

0

Mortimer Adler. How to read a book (Kitob qanday o‘qiladi?)

Kitobxon bo‘lishni istagan har bir odam bu kitobni o‘qishi shart. Kitob prosto super qo‘llanma. Undan chiqargan ikkita xulosam:

1) yaxshi kitobni kamida uch marta o‘qish kerak;

2) odam o‘zining intellektual darajasidan yuqoriroq kitoblarni o‘qishi kerak, ya’ni bu kitobga tishim o‘tmadi deb tashlab qo‘ymaslik kerak, aks holda odamda o‘sish bo‘lmaydi.

Bu ko‘nikma esa turnikda tortinishni ko‘paytirish uchun har kuni mashq qilinganidek asta-sekin mashq bilan shakllantiriladi.

 

Charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar koʻrib chiqildi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev charm-poyabzal sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda soha korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportni koʻpaytirish boʻyicha qator choralar koʻrildi. Joriy yil birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 milliard soʻmni tashkil etib, oʻsish 25 foizdan oshdi. 2030-yilga qadar charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trillion soʻmga, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 12 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, sohada ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Respublikada katta hajmda teri va jun xomashyosi hosil boʻlayotgan boʻlsa-da, ularni chuqur qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, qoʻy va echki terisini qayta ishlash darajasi 30 foiz atrofida. Yiliga tayyorlanadigan 40 ming tonna jun xomashyosining esa atigi 6 ming tonnasi, yaʼni 15 foizi qayta ishlanmoqda.

Taqdimotda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu zonalarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Sanoat zonalari boshqaruvi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi huzurida tashkil etiladigan maxsus direksiyaga yuklatiladi.

Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga javob beradigan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi. Respublikadagi 32 ta terini qayta ishlash korxonasida suv tozalash inshootlarining 70 foizi eskirgan, yagona markazlashgan tizim mavjud emas. Shu bois, yangi zonada markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha tozalangan suvni texnologik jarayonlarda qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.

Xomashyo bazasini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Qoʻshni davlatlardan mol terisini markazlashgan holda import qilish, bu jarayonda tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida koʻmaklashish, transport xarajatlarini kompensatsiya qilish va qayta ishlovchi korxonalarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlash taklif etildi.

Mayda shoxli mol terilarini yigʻish va birlamchi qayta ishlash tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yigʻish va birlamchi ishlov berish punktlarini tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini ragʻbatlantirish choralari koʻrib chiqildi.

Jun xomashyosini qayta ishlashni kengaytirish boʻyicha Sirdaryo viloyatida yangi kompleks tashkil etish taklif qilindi. Uning quvvati 30 ming tonna junni qayta ishlashga moʻljallanadi. Loyiha ishga tushsa, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qoʻshilgan qiymat bir necha barobarga oshadi, eksport va ish oʻrinlari koʻpayadi.

Poyabzal, shu jumladan, maxsus poyabzal ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlar bilan kooperatsiya va qoʻshma loyihalarni koʻpaytirish rejalari koʻrib chiqildi.

Taqdimotda sunʼiy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Jahon bozorida yirik brendlar ekologik talablar, narx va texnologik qulayliklar nuqtayi nazaridan sunʼiy charmdan foydalanishni kengaytirmoqda.

Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida 50 million pogon metr mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ichki talabning katta qismi qoplanadi, eksport oshadi.

Davlatimiz rahbari sohaga berilgan imtiyozlar oʻz-oʻzidan natija bermasligini, har bir korxona, loyiha va bozor boʻyicha aniq hisob-kitob va amaliy harakat zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilar va hududlar rahbarlariga korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, quvvatlardan toʻliq foydalanish, import oʻrnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqaro sertifikatlar olishda tadbirkorlarga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Korxonalarning barqaror faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoatda mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, avval ishga tushirilgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash, ularning mahsulot ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish esa muhim vazifa boʻlib qolmoqda.

Taqdimotda turli sabablarga ko‘ra to‘liq quvvatda ishlamayotgan va tushumi kamaygan korxonalar faoliyatini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi. Bunday holatlar asosan toʻqimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, neft-kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda kuzatilmoqda.

Ushbu toifadagi korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar orasida aylanma mablagʻ yetishmovchiligi, kommunal infratuzilma bilan bogʻliq masalalar, loyihalarning kechikishi, uskunalarning eskirgani, xomashyo zanjiridagi uzilishlar, mahsulotga talabning pasayishi kabi muammolar koʻrsatib oʻtildi.

Bu muammolarni hal qilish orqali korxonalarda ishlab chiqarishni tiklash va mavjud quvvatlarni toʻliq ishga solib, qoʻshimcha 65,6 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati borligi aniqlandi.

Shu bois, har bir korxona holatini alohida oʻrganib, ularni toʻliq quvvatga olib chiqish boʻyicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Buning uchun mutasaddi idoralar va banklar ishtirokida Respublika shtabi tashkil etiladi. Shtab vakillari joylarga chiqib, ikki hafta muddatda korxonalar faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan masalalarni aniqlaydi va ularni joyida hal etish choralarini koʻradi.

Faoliyatini tiklash imkoniyati mavjud korxonalarga zarur kredit mablagʻlarini ajratish, aylanma mablagʻ bilan taʼminlash, infratuzilma va xomashyo masalalarini hal etish boʻyicha banklar va masʼul idoralar birgalikda ishlaydi.

Taqdimotda tijorat banklari balansidagi yirik mol-mulklar masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda banklar balansida qiymati 10 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan 70 ta mol-mulk mavjud. Mazkur aktivlarni iqtisodiyotga qayta jalb qilish, ularga investor topish va ishlab chiqarish maydonlariga aylantirish boʻyicha alohida mexanizmlar ishlab chiqilishi belgilandi.

Taqdimotda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalar faoliyatini hisobga olish va ularning natijadorligini baholash masalasiga toʻxtalib oʻtildi. 2021-2025-yillarda amalga oshirilgan qariyb 17 mingta loyiha natijasida ishga tushgan korxonalarning ayrimlari oʻz faoliyatini soliq va statistika hisobotlarida toʻliq aks ettirmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga har bir loyihani oʻrganib, ularni soliqqa tortish va statistika hisobotlarida toʻgʻri aks ettirishni taʼminlash topshirildi.

Ishbilarmonlik muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan hamda aholi va tadbirkorlik subyektlarining eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan ayrim masalalar hamda ularning yechimi boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Xususan, tadbirkorlik subyektlarining peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish, umumiy ovqatlanish va savdo obyektlari uchun ayrim maʼmuriy talablar, mehnat munosabatlaridagi tartib-taomillar, naqd pulsiz toʻlovlar, soliq imtiyozlarini qoʻllash, moliyaviy jarimalar, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi hujjatbozlik kabi masalalar muhokama qilindi.

Masalan, amaldagi tartibga koʻra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va toʻlovlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun qoʻshimcha maʼmuriy yuk boʻlishi bilan birga savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi toʻgʻrisida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun tegishli pasportlarni rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi. Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga oʻz savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish, ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish obyektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya toʻlovlari bilan bogʻliq tartiblarni yengillashtirish taklif etildi. Shuningdek, mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish taklif qilindi.

Raqamlashtirish va naqd pulsiz toʻlovlar yoʻnalishida aholi va biznes uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi. Xususan, ayrim tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish amaliyoti kengayib borayotgani bois, bank infratuzilmasi, komissiyalar va isteʼmolchilarga qaytariladigan keshbek tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Jismoniy shaxslarning oʻz bank kartalari oʻrtasidagi pul oʻtkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, naqdsiz toʻlovlarni aholi uchun qulay boʻlgan shakllarini koʻpaytirish, umumiy ovqatlanish, alkogol, tamaki va yoqilgʻi sotish sohalarida xarid cheki boʻyicha hisoblangan keshbekni tezkor qaytarish imkoniyatini yaratish taklif etildi. Shu bilan birga, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida joriy etilgan antifrod SMS-xabarnomalar boʻyicha xarajatlarni qayta koʻrib chiqish, mobil ilovalardagi xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiya kabi muqobil yechimlardan foydalanish taklif qilindi.

Soliq maʼmurchiligi va moliyaviy jarimalar yoʻnalishida soliq imtiyozlarini qoʻllashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish, soliq qarzdorligi boʻyicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi boʻyicha normani joriy etish, chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish, QQS guvohnomasini toʻxtatish tartibini takomillashtirish ilgari surildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish maqsadida import jarayonida bir-birini takrorlovchi hujjatlarni qisqartirish, tadbirkorlarga xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish uchun qulayroq tartib yaratish, “Oʻzekspomarkaz” imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda keng targʻib qilish boʻyicha takliflar bildirildi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha toʻsiqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznesga qoʻshimcha yuk emas, qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini toʻliq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

“Oʻzbekistonga investitsiya qilishga boʻlgan qiziqishimiz sezilarli darajada oshdi” — Osiyo taraqqiyot banki vakili

0

Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) Oʻzbekistonga investitsiya kiritishga boʻlgan qiziqishi sezilarli darajada ortmoqda. Bu haqda bank departament rahbari Izabel Chatterton 4-may kuni Samarqand shahrida oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

“Oʻzbekiston iqtisodiyoti toʻgʻri yoʻlda”

“Daryo” muxbiri xabariga koʻra, OTB vakili jurnalistlar bilan suhbatda Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrni yuqorilab borayotganini eʼtirof etgan. Qator iqtisodiy islohotlar yaxshi samara berayotganiga toʻxtalgan.

“Oʻzbekiston hukumati mamlakat boʻylab juda taʼsirli transformatsiya dasturini amalga oshirmoqda. Bu dastur keng qamrovli boʻlib, xususiy sektor samaraliroq boshqara oladigan investitsiyalarni aynan shu sektorga oʻtkazishni maqsad qilgan. Biz uchun bu ulkan dasturda hamkorlik qilish katta sharaf. Amalga oshirilgan ishlar allaqachon sezilarli natijalar berdi. Masalan, mamlakatning suveren kredit reytingi yaxshilandi. Bu mintaqadagi boshqa davlatlar eʼtiborini ham tortdi. Ular Oʻzbekiston dasturni qanday amalga oshirayotganini oʻrganishga qiziqmoqda. Hukumat iqtisodiyotni toʻgʻri yoʻnalishlarda rivojlantirishga muvaffaq boʻlyapti. Bu esa aholiga katta foyda keltiradi va koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratadi”, dedi Izabel Chatterton.

OTB vakilining aytishicha, investitsiya ajratishdan oldin bir nechta risklar (xatarlar) hisobga olinadi. Bunda asosan davlat, investor va loyiha risklariga qaraladi. Keyin mazkur xatarlarni kamaytirishga yordam beradigan moliyaviy tuzilma ishlab chiqiladi. Baʼzi hollarda esa riskni tushungan holda investitsiya qilinadi.

“Oʻzbekistonga qiziqishimiz ortmoqda”

Izabel Chatterton fikrini Oʻzbekiston misolida davom ettirdi. Uning aytishicha, mamlakat hukumati juda kuchli transformatsiya jarayonini olib borgan. Natija esa reyting agentliklari baholarida ham aks etgan.

“Shu sababli Oʻzbekistonga investitsiya qilishga boʻlgan qiziqishimiz sezilarli darajada oshdi. Endi loyiha risklariga kelsak — bu faqat Oʻzbekistonga xos emas. Bu biz ishlayotgan deyarli barcha davlatlarga xos muammo”, dedi OTB departament rahbari.

Uning aytishicha, asosiy muammo — loyiha gʻoyasini amalda bajariladigan rejaga aylantirish va keyin uni muvaffaqiyatli amalga oshirishdir. Yaʼni ijro asosiy masala hisoblanadi. Izabel Chatterton quyidagi risklarni oldindan aniqlash qiyin kechishini taʼkidladi:

  • investor va kompaniyaning shu sohadagi tajribasi;loyiha jamoasining kuchi;
  • boshqaruv sifati;
  • hukumat siyosatining uzoq muddatli barqarorligi;
  • investorlar pulini qaytarib olish uchun aniq sharoit mavjudligi.

“Shu omillar biz Oʻzbekistonda eʼtibor beradigan asosiy risklardir. Lekin umumiy baho juda ijobiy. Biz Oʻzbekistonga investitsiya qilishga katta qiziqishni saqlab qolganmiz va bu davom etadi”, dedi u.

Oʻzbekiston dengizdan uzoqligi, xususiy sektorga xatarmi?

Izabel Chatterton bu savolga “yoʻq”, deya javob berdi. Mutaxassisning taʼkidlashicha, shaxsiy kompyuterlar, internet va Wi-Fi kabi texnologiyalar paydo boʻlishidan oldin geografik joylashuv muhim omil boʻlgan. Lekin bugungi kunda bu omil avvalgidek hal qiluvchi emas. Chunki davlatlar endi virtual tarzda ham bir-biri bilan bogʻlana oladi.

“Bugungi kunda biz buni jiddiy muammo deb koʻrmaymiz. Albatta, dengizga chiqish imkoniyati yoʻq davlatlar uchun ayrim tabiiy cheklovlar mavjud. Masalan, portlardan foydalanishda boshqa davlatlarga bogʻliqlik, samolyotda tashish qimmat boʻlgani uchun ogʻir yuklarni dengiz orqali yuborish zarurati boʻladi. Ogʻir yuklar odatda kemalar orqali tashiladi, chunki bu kompaniyalar uchun ancha arzon. Lekin agar davlatlar temir va avtomobil yoʻllarini, boshqa davlatlar portlari orqali eksport qilish imkoniyatlarini rivojlantira olsa, jiddiy muammo boʻlmasligi kerak”, dedi ekspert.

Maʼlumot uchun, 3-6-may kunlari Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishi oʻtkazilmoqda. Tadbirga xalqaro moliya institutiga aʼzo boʻlgan 69 ta davlatdan vakillar, xususiy sektor hamda qator sohalar mutaxassislari kelgan. Bugun, 4-may kuni tashkil etilgan ochilish marosimida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda OTB prezidenti Masato Kanda ishtirok etdi.

Sammit doirasida O‘zbekiston prezidenti va  OTB rahbari sheriklik shartnomasini imzoladi. Hujjatga asosan, bank mamlakatda 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi dastur loyihalari uchun jami 12,5 milliard dollar ajratadi.

Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratishni taklif etdi

0

Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yig‘ilishida “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Prezident dunyodagi notinchlik tufayli millionlab sayyohlar xavfsiz yo‘nalishlarni qidirayotganini, Markaziy Osiyo ziyorat, madaniy, gastronomik, etno, ekstremal, tibbiyot kabi turizm yo‘nalishlarida katta salohiyatga egaligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston mazkur sohaga alohida eʼtibor qaratib, zarur infratuzilma, servis, viza va transport, eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirdi. Buning hisobiga 10 yil ichida O‘zbekistonga xorijiy turistlar oqimi 6 karra oshib, 12 million nafarga yetdi.

Shavkat Mirziyoyev yaqinda Toshkent shahrida ochilgan Markaziy Osiyoning ilm-fan va maʼnaviy xazinasi sifatida eʼtirof etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda barpo etilgan buyuk alloma Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi O‘zbekistonning yangi durdonalariga aylanganini, bunday majmualar qo‘shni mamlakatlarda ham bunyod etilayotganini aytdi. Shu bois, prezident mintaqa davlatlarini birlashtiradigan turistik makon — “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbari qo‘shni davlatlar, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarni turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, birgalikda moliyalashtirishga chaqirdi.