Bosh sahifa Blog Sahifa 26

Ayrimlar muvaffaqiyat qozonadi, boshqalar esa yo‘q. Nega?

0

Bu masala insoniyat hali g‘orlarda yashash joniga tegib, hayotini shinam qilish uchun yo‘l izlagan ko‘hna davrdan buyon odamlarni qiynab keladi. Balki muvaffaqiyat qozongan hamda omadsizlarning tavsiflarini taqqoslab, bu savolga javob izlab ko‘rarmiz…

Hamma gap shundaki, muvaffaqiyatli kishi nimani istayotganini aniq biladi, uning o‘zi xohlagan rejaga ega bo‘lish qobiliyati bo‘ladi. Vaqtining ko‘p qismini maqsadini amalga oshirishga sarflaydi. Muvaffaqiyatsiz odam esa hayotda aniq maqsadga ega emas, u har qanday muvaffaqiyat haqiqiy yutuq tufayli yuzaga keladi, deb ishonadi va bu ishni bajarishga majbur bo‘lgan vaqtidagina tashabbus ko‘rsatadi.

Muvaffaqiyatli kishi abjir savdo xodimi sifatida hamkorlikdagi maqsadlarini yuzaga chiqarish uchun do‘stona tarzda boshqalarga ta’sir etish san’atini egallagan bo‘ladi. Muvaffaqiyatsiz inson esa, odamlar bilan munosabat o‘rnatishda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, maqsadi yo‘lida adashadi va buni tanqidiy yondashyapman, deb tushuntirmoqchi bo‘ladi.

Hayotda muvaffaqiyat qozongan odam gapirishdan oldin yaxshilab o‘ylaydi. So‘zlarini go‘yo tarozida tortib ko‘radi. Odamlarni yaxshi ko‘rishini alohida belgilaydi, ularga nisbatan salbiy munosabatini (antipatiyasini) kam darajada bildiradi yoki umuman namoyon etmaydi. Omadi yurishmagan kishi esa mutlaqo qarama-qarshi tarzda harakat qiladi. U oldin gapiradi, keyin o‘ylaydi. So‘zlari faqat xalaqit beradi yoki afsuslarga sabab bo‘ladi, natijada xuddi shu tufayli keladigan qahr-g‘azab tuzatilmas kamchilikka duchor qiladi.

Muvaffaqiyatli kishilar o‘z fikr-mulohazasini qandaydir axborotga tayangan vaqtda bildiradi, shu bois ularning aytganlari g‘oyat ongli darajada bo‘ladi. Omadsizlar esa o‘zlari kam bilgan yoki hech qanday tushunchaga ega bo‘lmagan narsalar to‘g‘risida gapiradilar, xolos.

Muvaffaqiyat qozongan insonlar vaqtlari, kirim va chiqimlarini hisob-kitob qiladilar. Ular o‘ylab, so‘ng sarflab yashaydilar. Muvaffaqiyatsiz kishilar esa vaqtini behuda sarflab, pullarni ham qiymatiga qaramay, bo‘lar-bo‘lmasga isrof qilaveradi.

Omadli kishi odamlarga katta qiziqish bilan yondashadi, ayniqsa umumiy jihatlari o‘ziga o‘xshash kishilarga nisbatan do‘stona munosabat o‘rnatishga harakat qiladi. Muvaffaqiyatsiz odam esa nimadir kerak bo‘lgan odam bilan do‘stlashadi, xolos.

Muvaffaqiyatli inson har qanday voqea-hodisa hamda barcha odamlarga ochiq-oydin fikrlash va sabr-qanoat bilan yondashadi. Omadsiz kishi esa do‘stona hamkorlik va qulay imkoniyatlarni baholashda xalaqit berayotgan odamlarga nisbatan chegaralash hamda toqatsizlik holatlarini namoyon etadi.

Muvaffaqiyat qozongan kishi hamisha davr bilan hamqadam, u atrofda ro‘y berayotgan hamma narsani, faqat shaxsiy biznesi doirasi va mutaxassisligi yoki hammaslaklari safida emas, balki o‘zi yashayotgan, shu bilan birga butun dunyoda ro‘y berayotgan voqealarni bilishga majburman, deb hisoblaydi. Muvaffaqiyatsiz odamni esa faqat o‘zining bevosita ehtiyojlari qiziqtiradi, ana shunday turli vositalarni qo‘lga kiritib, qoniqish hosil qiladi, ular to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, bu bilan ishi yo‘q.

Muvaffaqiyatli odam o‘zini hamisha hayot tajribalariga moslab boradi. O‘zining egallagan o‘rnini anglaydi. Boshqa odamlarga ko‘rsatadigan xizmat miqdori va sifatiga qarab, bunday muvaffaqiyatdan qoniqish hosil qiladi. U va’da qilingandan ko‘proq xizmat ko‘rsatishni o‘ziga qoida sifatida oladi. Muvaffaqiyatsiz kishi esa doimo nimanidir bepul qo‘lga kiritish payida bo‘ladi. Agar bunga muyassar bo‘lmasa, boshqalarni xasislikda ayblay boshlaydi.

Omadli kishi e’tiqod bilan yashaydi va buni toat-ibodatlari, kishilar manfaati uchun qiladigan ishlarida ifodalaydi. Omadsiz kishi esa hech narsaga ishonmaydi, u faqat o‘zining qorni, boshpanasini o‘ylaydi va har qanday sharoitda bularni boshqalar hisobiga undirish payida bo‘ladi.

Xullasi kalom, muvaffaqiyat qozongan va muvaffaqiyatsiz kishilarning so‘zlari va ishlari o‘rtasida katta farq bor. O‘zligini saqlay olgan odam muvaffaqiyatlidir, shunday bo‘lib qoling.

Napoleon Xill kitobidan.

Shahid Xon: Oddiy ishchidan global biznesmen darajasigacha…

0

Shahid Xon — pokistonlik-amerikalik mashhur milliarder tadbirkor bo‘lib, u o‘z hayot yo‘li bilan “noldan muvaffaqiyatga erishish”ning yorqin namunasiga aylangan.

Milliarder 1950-yil 18-iyulda Pokistonning Lahor shahrida tug‘ilgan va 16 yoshida ta’lim olish maqsadida AQSHga ko‘chib o‘tgan. Dastlab juda oddiy sharoitda yashab, hatto idish yuvuvchi bo‘lib ishlagan va soatiga atigi 1,2 dollar maosh olgan. Shunga qaramay, o‘qishni davom ettirib, muhandislik sohasida bilim olgan va asta-sekin biznesga kirib kelgan.

Keyinchalik Shahid Xon avtomobil sanoatida ishlay boshlaydi va Flex-N-Gate kompaniyasiga asos soladi. Ushbu kompaniya avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida yirik korporatsiyaga aylanadi va Toyota kabi global kompaniyalar bilan hamkorlik qila boshlaydi. Aynan shu biznes orqali Shahid Xon katta moliyaviy muvaffaqiyatga erishadi va dunyoning eng boy tadbirkorlari qatoriga kiradi.

U faqat biznes bilan cheklanib qolmay, sport sohasida ham katta investitsiyalar kiritgan. Jumladan, u Jacksonville Jaguars amerika futboli jamoasi hamda Angliyaning Fulham FC futbol klubining egasi hisoblanadi. Bu esa uning nafaqat iqtisodiy, balki sport industriyasida ham katta ta’sirga ega ekanini ko‘rsatadi.

Shahid Khanning hayot yo‘li muvaffaqiyat sabr, mehnat va to‘g‘ri qarorlar natijasi ekanligini isbotlab beradi. U oddiy ishchilikdan boshlab, bugungi kunda milliardlab aktivlarga ega bo‘lgan darajagacha yetib kelgan va ko‘plab yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Kecha omadsiz — bugun muvaffaqiyat qozongan savdogar…»

0

Ushbu kitob hayotda qay tarzda muvaffaqiyat qozonish mumkinligi haqida hikoya qiladi.

Muallif ibratli misollar keltiradi va birinchi toifali savdogarga xos uslub, idrok, mahoratni rivojlantirish borasida mufassal yo‘llanma beradi. Kitob har qanday sohada sermahsul ishlashni xohlovchi va muloqotda ko‘tarinkilik istovchi kishilarga mo‘ljallangan.

Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari sport nafaqat musobaqa, balki sogʻlom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon etadigan katta kuch ekanini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, soʻnggi toʻqqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etildi. Hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inshooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klubi ish boshladi. Sport bilan professional shugʻullanuvchi yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalari sportchilari 2 barobar, paralimpiya boʻyicha esa 3 barobar koʻpaydi.

Birgina oʻtgan yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.

Yigʻilishda sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklar ham chuqur tahlil qilindi.

Bugun olimpiada sport turlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan 26 ta federatsiya rahbarlari va hokimlar joylardagi mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solmagani tanqid qilindi. Xususan, 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatining imkoniyatlaridan samarali foydalanilganda, chempion tayyorlash va musobaqalarga litsenziya qoʻlga kiritish borasida natijalar yanada yuqori boʻlishi mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada ijobiy tajribalar ham qayd etildi. Masalan, Zarbdor tumanida oʻtgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etilgan. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashtirilgan. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni va fitness klub tashkil qilingan. Natijada Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi boʻyicha joriy yilgi Oʻzbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.

Mutasaddilarga Zarbdor tajribasini oʻrganib, uni barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.

Ayrim maktablarda toʻgaraklar faqat nomiga tashkil etilgani, shu bois, ularga 3-4 nafardangina bola qatnashib kelayotgani koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, oʻtgan yili Jizzax, Qashqadaryo va Fargʻonadagi maktab oʻquvchilarining toʻrtdan biri jismoniy tayyorgarlik boʻyicha minimal talabni ham bajara olmagan.

Hokimlar oldiga har bir maktabda sport toʻgaraklari uchun zarur sharoit yaratish, qamrovni oshirish va bolalarni sportga keng jalb etish vazifasi qoʻyildi.

Bugun ayrim ixtisoslashgan sport maktablarining natijasi oddiy sport maktablaridan farq qilmay qolgan. Masalan, Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktabning natijasi Jarqoʻrgʻondagi bitta sport maktabichalik emas. Jarqoʻrgʻon sport maktabi oʻtgan yili Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta sovrin olgan boʻlsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabda jami 1 ta medal bor, xolos.

Shu munosabat bilan har bir ixtisoslashgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarining ish uslubini oʻzgartirish, oʻsish nuqtalarini aniq belgilash, ularning oylik maoshini tarbiyalanuvchilar natijasiga bogʻlash zarurligi taʼkidlandi.

Qolaversa, yuqori natijaga erishgan sport maktablarini amaldagi ragʻbatlantirishdan tashqari yana 500 million soʻmdan alohida mukofotlash tizimi joriy etiladi.

Oliy taʼlim muassasalarida sportni rivojlantirish ishlari ham tanqidiy koʻrib chiqildi. Federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabalarga individual murabbiy biriktirish ishlari yetarli emasligi qayd etildi. Jizzax politexnika instituti, Toshkent tibbiyot universitetining Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti va Buxoro davlat universitetida talabalarning 70 foizi jismoniy normativlarni topshira olmagan. Bu esa mazkur oliygohlarda sport klublari yetarli darajada ishlamayotganini anglatadi.

Shu munosabat bilan 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining bu boradagi ijobiy tajribasini oʻrganish, sportni rivojlantirish boʻyicha bir yillik aniq reja ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda alohida sport turlari kesimida ham natijalar va muammolar tahlil qilindi. Xususan, oʻq otish bazasida zarur sharoitlar yaratilgani tufayli ushbu sport turida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Futbol, sport kurashlari, velosport, yengil atletika va suzishda ham ijobiy siljishlar borligi eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, Jizzaxdagi 6 ta qilichbozlik bazasida shugʻullanuvchilar soni 100 nafarga ham yetmasligi, batut va akrobatika boʻyicha salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotgani, tennis va ot sportida natijalar yetarli emasligi tanqid qilindi.

Bugun sportchilarni jarohatdan tiklash, mushak holatini tekshirish va funksional tahlil qilish ishlari asosan xorijda amalga oshirilayotgani, federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va diyetologlarni chetdan jalb qilishga majbur boʻlayotgani ta’kidlandi.

Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazi tegishli sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Ular har oy terma jamoa aʼzolarining sogʻligʻini diagnostika qiladi, jarohat olish xavfini baholaydi, jismoniy yuklamani ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.

Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.

Endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik koʻrsatkichlari boʻyicha ham baholanadi. Har bir viloyatda bittadan tumanda “salomatlik balansi” shakllantiriladi. Sport bilan faol shugʻullanuvchi aholi orasidan “sogʻlom hayot volontyorlari” korpusi tashkil qilinadi. Ular mahallalarda sport va sogʻlom turmush tamoyillarini targʻib qiladi.

Har bir tumanda ushbu tizimda eng namunaviy boʻlgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlari berib boriladi. Qaysi mahallada sportga qamrov oshsa, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir va diabet kasalliklari kamaysa, yil yakuni bilan volontyor va mahalla raisiga 15 million soʻmgacha mukofot beriladi. Ushbu mahallada ommaviy sportga masʼul trenerga esa 200 foizgacha oylik ustama toʻlanadi.

Dunyoda maxsus jihoz va katta infratuzilmani talab qilmaydigan intensiv mashgʻulotlar, jumladan, kross-fit ommalashayotgani qayd etildi. Shu bois, 1-maygacha barcha maktab va texnikumlarda bu boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish topshirildi. Kelgusi yildan kross-fit “Besh tashabbus” tizimiga kiritiladi.

Yigʻilishda davlat organlari va tashkilotlarida ham sportni ommalashtirish boʻyicha yangi tartib belgilandi. Endi har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat va tuman hokimi oʻz xodimlarining sport bilan shugʻullanishi uchun namuna boʻlishi va sharoitlarni kengaytirishi shart.

Shu maqsadda haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanadi. Bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar oʻrtasida respublika birinchiliklari oʻtkaziladi.

Xususiy sektor mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, tadbirkorlar oʻz ishchi-xizmatchilari uchun sport zali va maydoncha qurish hamda jihozlashga qilgan xarajatlarini foyda soligʻi bazasidan chegira oladi. Jalb qilingan murabbiylar uchun daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Yigʻilishda aholini sportga jalb qilish va seleksiya ishlarida “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi maʼlum qilindi.

Endi oliygoh rektori, federatsiya rahbari va hokim oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unga koʻra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari vaqtda sport toʻgaraklari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.

Shuningdek, sport yoʻnalishidagi oliygohlar talabalarini dual taʼlim bilan qamrab olib, ularni murabbiylik qilish uchun toʻgaraklarga yuborish muhimligi qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati beriladi. Toʻgaraklardan tushgan daromadning 50 foizi murabbiy talaba ixtiyorida qoladi. Dual taʼlim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikati ham beriladi.

Yigʻilishda joriy yilda yangi tizim orqali doimiy sport bilan shugʻullanuvchilar sonini 2 karra oshirib, 1 million nafarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida sportchi va murabbiylar natijalarini tahlil qilish, mashgʻulotlar rejasini tuzish imkonini beradigan yagona platforma yaratish topshirildi.

Sport sohasidagi ilmiy ishlar esa bundan buyon faqat dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan boʻlishi, natijasi toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotga joriy qilinishi shartligi koʻrsatib oʻtildi. Agar olimlarning ilmiy ishi natija berib, sportchilarning yutuqlari va xalqaro musobaqalardagi medallari koʻpaysa, bunday olimlar 100 million soʻmdan mukofotlanadi.

Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yildan Prezident olimpiadasi doirasida musobaqa oʻtkaziladigan sport turlari 2 karra koʻpaytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur musobaqalar parasport boʻyicha ham tashkil etiladi. Har bir tuman va viloyat hokimi oʻz hududida Hokim olimpiadasini oʻtkazadi. Ularning gʻoliblari Prezident olimpiadasiga yoʻllanma oladi.

Adaptiv sport turlari boʻyicha kadr tayyorlash va malaka oshirish tizimi ham tubdan yangilanadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport boʻyicha tayanch oliygohga aylanadi.

Prezidentimiz parasportchilarimiz erishayotgan natijalarda ularga tun-u kun hamrohlik qilayotgan fidoyi insonlarning hissasi katta ekanini taʼkidladi. Endi oʻquv-yigʻinlar, respublika va xalqaro musobaqalarda parasportchiga hamrohlik qilgan shaxslarning transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Ularga har oy sport maktabi trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh toʻlanadi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda sport inson salomatligi va yuqori natijalar garovi boʻlish bilan birga daromad keltiradigan sohaga ham aylanishi zarurligini taʼkidladi.

Shu nuqtayi nazardan, futbol boʻyicha milliy chempionat oʻyinlarini tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Ayrim oʻyinlar ish vaqtida oʻtkazilayotgani sababli muxlislar tashrifi kutilgan darajada emasligi aytildi.

Oʻyinlar vaqtini dam olish kunlari yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilash, stadionlar atrofida qoʻshimcha xizmatlar, musiqiy va koʻngilochar tadbirlar tashkil etish, muxlislar uchun qulay transport qatnovini yoʻlga qoʻyish, arzon futbol turpaketlarini taklif etish orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda joylardagi sport infratuzilmasi holati ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, hududlarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti taʼmirtalab ahvolda boʻlgani sababli toʻliq ishlatilmayapti. Mutasaddilarga bunday obyektlarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari boʻyicha ham seksiyalar tashkil etish, Oʻzbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tuzish taklifi maʼqullandi.

Yigʻilish davomida davlatimiz rahbari soha rahbarlari va hokimlarning hisobotlarini tingladi, tadbirkor va sportchilar bilan muloqot qildi.

Muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yanada kengaytiriladi

0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashini hamda bandligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, joriy yil 13-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish hamda yoshlarni jamiyatda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida bugun muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni kasbga oʻrgatish va sifatli taʼlim olishlari uchun sharoit yaratish hamda armiyada kitobxonlikni ommalashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Endilikda muddatli harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga oʻqishga kirib, masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratilmoqda. Bu jarayonda askarlar uchun taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy qismlarda abituriyentlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, oliygohlarning kirish imtihonlariga tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shartnoma asosida oʻqishga qabul qilingan askarlarga esa foizsiz imtiyozli kreditlar ajratiladi. Eng muhimi, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy fakultetlar talabalariga tenglashtirilib, oʻqishni tamomlagandan soʻng ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

Shu bilan birga, namunali xizmat oʻtagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi oʻrinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Joriy etilayotgan imtiyozlardan yana biri – askarlar uchun harbiy xizmat davomida “Bitta askar – bitta kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik oʻquv kurslari tashkil etilib, ularga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

Muddatli harbiy xizmatdan qaytib, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi boʻlgan yoshlarning kasb-hunarga oʻqish xarajatlari vaucher asosida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.

Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarga esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qoʻshib beriladi.

Yigʻilishda harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka qiziqishini yanada oshirish, bu borada ularni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar ham koʻrib chiqildi.

Xususan, joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari oʻrtasida toʻrt bosqichli “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va harbiy taʼlim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qoʻshilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda oʻtkaziladi. Yakuniy respublika bosqichida saralash bosqichlarining gʻolibi boʻlgan harbiy xizmatchilar oʻzaro bellashadi. Yakuniy bosqichning 4 nafar gʻolibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Sovrinli oʻrinlarni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofotlari va diplomlar bilan ragʻbatlantiriladi.

Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, tegishli qarorlarni imzoladi. Yangi chora-tadbirlar yurtimiz taraqqiyoti uchun yuqori bilim, malaka va intellektual salohiyatli hamda vatanparvar kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.

Yigʻilishda, shuningdek, mudofaa vaziri mamlakatimiz harbiy xavfsizligini kuchaytirish, qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosining borishi toʻgʻrisida axborot berdi.

O‘zbekistonda 4−5 nafar xorijiy investor islomiy bank ochishi mumkin — Markaziy bank

0

O‘zbekistondagi islomiy bank faoliyatiga bir qancha xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda qabul qilingan va 29-iyundan kuchga kiradigan qonun islomiy moliyaviy xizmatlarni ikki shaklda ko‘rsatishni nazarda tutadi: islomiy “darcha»lar orqali yoki to‘liq islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida ishlaydigan banklar orqali. Ana’naviy banklar bir vaqtning o‘zida an’anaviy va islomiy mahsulotlarni taklif qilgan holda islomiy “darcha” ochish uchun qo‘shimcha litsenziya olishlari mumkin bo‘ladi.

Islomiy “darcha»lar orqali kamida 6 turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi: muzoraba, vakala, murobaha, salam, mushoraka va ijara.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2026-yilda e’tibor asosan tayyorgarlik ishlariga qaratiladi. Xususan, alohida standartlarni joriy etish va kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan. Hozirda O‘zbekistondagi 10 ta bank islomiy “darcha” ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Avval regulyator islomiy moliya faqat bitta bankda yo‘lga qo‘yilishi mumkin deb hisoblagan bo‘lsa, endi 2−3 ta bankda ham joriy etilishi mumkinligi aytilmoqda.

“Xorijiy investorlardan ham juda ko‘p qiziqish kuzatilmoqda. 4−5 ta xorijiy bank kelib, „Islom moliyasi bo‘yicha qonun qabul qilinsa, O‘zbekiston bozoriga kirishimiz mumkin“, deyishmoqda. Bu biz bevosita ishlayotgan narsalardir”, — dedi Sanjar Nosirov.

Uning ta’kidlashicha, zarur infratuzilma yaratilgach, bu sohaga kiritilayotgan investitsiyalar yanada oshadi. Asosiy maqsad ham ko‘proq investitsiya jalb qilish, aholi va biznes uchun xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘lib, bu iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bank tizimiga taxminan $1 mlrdlik investitsiyalar kirishi prognoz qilinmoqda.

“Nafaqat investitsiya, balki bilim va tajriba ham kirib keladi. Bu esa islom moliyasini tezroq joriy qilishimizga asos bo‘lishi mumkin.” — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.