Bosh sahifa Blog Sahifa 25

1-iyuldan qurilishga ruxsat va texnik shartlarni olish tartibi soddalashtiriladi

0

Prezident bitta ariza va bitta to‘lov bilan barcha kommunal tarmoqlarga texnik shart olish imkonini yaratish vazifasini qo‘ydi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda so‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerdan 3 ming gektarida qurilish boshlanmagani, oqibatda qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni, 20−25 trln so‘m qo‘shilgan qiymat yo‘qotilayotgani qayd etildi.

Auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi, 122 ta davlat obyekti bir yildan beri sotilmay turibdi. Bu xususiylashtirish dasturini qabul qilishda ham, obyektlarni sotishda ham hokimlarning o‘rni bilinmayotgani, tadbirkorlarning fikri oldindan o‘rganilmayotgani bilan izohlanadi. Har obyektni sotishda hududga investitsiya, mahalla uchun ish o‘rni birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda xususiylashtirish dasturiga obyektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan tengma-teng javob berishi belgilandi. Xususiylashtirish doirasida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14% ustama hisoblash bekor qilinadi.

2025-yil qurilish bilan bog‘liq 2,6 mlndan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgan.

“Mas’ullar „Kamchiligi uchun qaytardik“, deb aytadi. Lekin ichiga kirib tahlil qilsa, masala ko‘p. Hamma bilib, bilmaganga oladi, aslida, bu — korrupsiya! Bunga chek qo‘yishning birdan bir yo‘li — raqamlashtirish va sun’iy intellekt”, — dedi davlat rahbari.

Aholi va tadbirkorlar qurilish qilish uchun avval loyihalashga ruxsat olishga, keyin arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqishga alohida-alohida ariza berib, oylab vaqt sarflayotgani ta’kidlandi.

Toshkent shahrida 2 ta xizmatni bir bosqichda ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yilgani uchun hujjatlarning kelishish vaqti 3−4 karra kamaydi. Ushbu tajribani 1-iyuldan boshlab, mamlakatning barcha hududlarida joriy qilish topshirildi.

Hozirda elektr, gaz, suv va kanalizatsiyaga ulanish bo‘yicha texnik shart olish uchun ham har bir kommunal idoraga alohida murojaat qilish kerak. 1-iyuldan bitta ariza va bitta to‘lov bilan barcha kommunal tarmoqlarga texnik shart olish imkonini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Nogironlik pensiyalarini proaktiv shaklda tayinlashga qaratilgan qonun Senatga yuborildi

0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida nogironlik pensiyalarini proaktiv shaklda tayinlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi bilan fuqarolarga nogironlik belgilanganda, ulardan murojaatni talab etmagan holda (proaktiv shaklda) pensiya tayinlash tartibi belgilanmoqda. Bunda jarayon raqamli tizim orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan pensionerning pensiyasini har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblash ham hech qanday murojaatsiz amalga oshiriladi.

“Bu yengillik pensionerga, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklanganlarga masofadan turib xizmat ko‘rsatish qulayligini yaratadi”, — deyiladi xabarda.

Loyiha bilan har oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50% idan oshishi va chegirma qilingandan so‘ng to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Pensiyani avtomatik tarzda tayinlash

2025-yil may oyida prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risida»gi qonunga pensiyalarni proaktiv shaklda (Pensiya jamg‘armasi yoki davlat xizmatlari markaziga murojaat qilmasdan) tayinlashga o‘tishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan keyin avtomatik ravishda to‘lov oladi.

Fuqaroning yoshga doir pensiya olish huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma‘lumotlar asosida aniqlanadi. Proaktiv shaklda pensiya tayinlash fuqaro pensiya yoshiga yetgan kuni ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlash tartibi ham belgilangan. Ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lganlar, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘taganlarga ham kompensatsiyalar shu tartibda beriladi.

Nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdori har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblanadi.

Oktabr oyidan boshlab naqd pul shaklidagi pensiyalar biometrik identifikatsiya (Face-ID) va elektron imzo olish orqali berila boshlandi. Pensiya jamg‘armasi yangi tizim pensiyalarni to‘liq va o‘z vaqtida yetkazib berishni ta‘minlashini ma‘lum qildi.

Yanvar oyida Yagona portalda pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushirildi. Xizmat avtomatik tarzda va bepul ko‘rsatiladi, undan foydalanish uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Joriy yilgi davlat dasturi bilan yil oxirigacha pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqiladi. Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish, ayrim davlat xizmatlarini proaktiv ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Prezident 1-iyuldan O‘zbekistonda bond omborlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi

0

Tajriba ikki yil davom etadi. Uning doirasida marketpleyslar faqat shaxsiy ehtiyojlar uchun bond omborlaridan tovarlarni sotishlari mumkin bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni “Elektron tijoratni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.

2026-yil 1-iyuldan import mahsulotlarini vaqtincha saqlash uchun yangi turdagi omborlar — bond omborlarini tashkil etish bo‘yicha ikki yillik huquqiy eksperiment boshlanadi. Sinov davri 2028-yil 1-iyulgacha davom etadi.

Bond omborlarida O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlari tomonidan elektron savdo platformalari (marketpleyslar) orqali aholiga sotish maqsadida olib kiriladigan tovarlar joylashtiriladi.

Mazkur bond omborlari erkin omborlar uchun tasdiqlangan litsenziyalash tartibi asosida ishlaydi. Ularda saqlanayotgan tovarlar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi reyestriga kiritilgan maxsus savdo maydonlari orqali sotiladi.

Import tovarlari “erkin ombor” bojxona rejimida bond omborlariga joylashtiriladi. Ularni faqat jismoniy shaxslarga shaxsiy foydalanish maqsadida chakana sotishga ruxsat beriladi.

Marketpleyslar orqali sotilgan tovarlar jo‘natma deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. Ularga nisbatan sanitariya va veterinariya nazorati hamda muvofiqlikni baholash choralari qo‘llanilmaydi.

O‘zbekistonda obligatsiya omborlari tizimini tashkil etish 9-aprel kuni elektron tijoratni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda e’lon qilingan edi. Ulardagi tovarlar bojxona bojlari va soliqlarni kechiktirib to‘lash sharti bilan bojxona nazorati ostida saqlanadi.

Tajriba-sinov tartibida tovarlar bond omboriga joylashtiriladi, maxsus platforma orqali sotiladi, bojxona deklaratsiyasi va boj to‘lovlari sotish bosqichidayoq amalga oshiriladi. Bunday platforma va omborlar tegishli reyestrlarga kiritilib, Bojxona qo‘mitasida hisobga qo‘yiladi.

Taqdimotda ta’kidlanganidek, yangi tizimning joriy etilishi kamida $500 mlnlik investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. Ushbu amaliyot Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, BAA, Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi mamlakatlarda keng qo‘llaniladi.

Prezident Administratsiyasi Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt departamenti boshlig‘i Bobur Xo‘jayevning aytishicha, prezident elektron tijoratni rivojlantirish uchun yangi mexanizmlarni ishga tushirish bo‘yicha barcha takliflarni ma’qullagan. Shuningdek, u yangi tizimni 1-iyuldan ishga tushirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

“Bu esa tovarlarni iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bond omborlaridan sotish imkonini beradi. Bu xalqaro amaliyotda eng samarali savdo mexanizmlaridan biridir. Bu jarayon, birinchi navbatda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, byudjetga tushumlarni ko‘paytirish va bozor shaffofligini oshirishga qaratilgan”, — dedi ILMA rahbarining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak.

Xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun elchixonaga onlayn navbat olish xizmati ishga tushdi

0

Endi xorijdagi o‘zbekistonliklar konsullik xizmatlariga onlayn navbat olishlari mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali matbuot xizmati xabar berdi.

Xorijda yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolar uchun my.gov.uz portalida elchixona qabuliga onlayn yozilish imkoni yaratildi.

Ilgari elchixonaga borib navbat kutilgan bo‘lsa, endi barchasini portal orqali amalga oshirish mumkin. Buning uchun portalga kirib, “Elchixona (konsullik) qabuliga yozilish” xizmatini tanlash kerak.

Undan keyin kerakli bo‘lgan konsullik okrugi va xizmat turi, shuningdek, taqvimdan tegishli kun va soat tanlananib, himoya kodi teriladi. “Davom etish” tugmasini bosish orqal navbat varaqasi olinadi.

Qabulga yozilish xizmatidan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi hamda xizmat avtomatik ravishda ko‘rsatiladi.

Agar murojaat etuvchi ko‘rsatilgan vaqtda kelmasa, umumiy tarzda qabul qilinadi. Shu bilan birga, talabgorlar o‘z navbatini boshqa fuqaroga berishlari mumkin emas.

Xorijda ilmiy daraja olgan yoshlarga imtiyozli ipoteka krediti beriladi

0

9-aprel kuni qabul qilingan hukumat qarori (VMQ-159-son) bilan top reytingga kiruvchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga ipoteka krediti ajratish tartibi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi birlamchi uy-joy bozoridan uy-joy sotib olish uchun kreditlar BHMning 2 150 baravarigacha (885,8 mln so‘m) miqdorda beriladi. Mablag‘lar bank hisobidan yillik 14% stavkada har oy qaytarish sharti bilan 10 yilga ajratiladi.

Buning uchun talabgorlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Kredit nomzodlar quyidagi shartlarning barchasiga javob berganda ajratiladi:

  • O‘zbekiston fuqarosi;
  • 35 yoshdan oshmagan;
  • xalqaro reytingda yuqori 100 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy OTMda ilmiy daraja olgan;
  • diplom belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilinganda.

Kredit oluvchi portal orqali ariza, sotib olinadigan uy-joy bo‘yicha ma’lumot hamda qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnomani ilova qilishi kerak. Kredit sotib olinadigan uy-joy qiymatining 80%idan oshmasligi lozim.

Bank 3 ish kuni ichida talabgorning to‘lovga layoqatliligini o‘rganib, unga ajratilishi mumkin bo‘lgan kredit miqdori to‘g‘risida xulosasini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi.

Zargarlik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga QQSning bir qismini qaytariladi

0

Hukumat qarori bilan zargarlik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga QQSning bir qismini qaytarish tartibi bo‘yicha vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, ushbu vaqtinchalik nizom 2028-yilga qadar amal qiladi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni chakana sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 2026-yil 1-yanvardan soliqning 80%i davlat budjetidan qaytariladi.

Tadbirkor soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan to‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.

To‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat avtomatlashtirilgan dastur orqali ko‘rib chiqiladi.

Soliqning bir qismi quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:
  • hisobot davrida taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq ushbu hisobot davrining 1-sanasidan 20-sanasiga qadar budjetga to‘liq to‘langanda;
  • hisobot davrida soliq davrida zargarlik buyumlarini o‘zida ishlab chiqarilgan va (yoki) sotishdan (realizatsiya) qilishdan umumiy tushum tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadning kamida 80%ini tashkil qilganda;
  • hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar soliq bazasini zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ular tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlaydi.