Bosh sahifa Blog Sahifa 2

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish instituti tashkil etiladi

0

Institut yashirin iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy sabablarini tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Avvalroq prezident “Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tashkil etiladi.

Mazkur institut Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida bo‘ladi. U Budjet-soliq tadqiqotlari instituti negizida tashkil etiladi.

Institut yashirin iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy sabab va omillarini chuqur tahlil qiladi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqadi.

Aholi va tadbirkorlarning soliq to‘lash madaniyatini oshirish, ularga sohada qonuniy faoliyat yuritishning afzalliklarini yetkazish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, fiskal shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Shu bilan birga, soliq va bojxona maʼmurchiligi samaradorligi oshiriladi, sohadagi tizimli muammo va to‘siqlar tahlil qilinib, aniqlanadi.

Mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ularni bartaraf qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqiladi.

Budjet-soliq va bojxona-tarif siyosatining milliy iqtisodiyot va fiskal barqarorlikka taʼsiri baholanadi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida qonunchilik tizimini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqotlar tashkil qilinib, olib boriladi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi $36,1 mlrddan ortiq tashkil etdi. Norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmi yalpi ichki mahsulotning 33,3%iga yetdi.

Yashirin iqtisodiyot ulushi 2017-yildagi 50% dan 2024-yilda 35% gacha kamaygan. Yaqin istiqbolda yana 79 trln so‘mlik kuzatilmayotgan iqtisodiyotni statistika bilan qamrab olib, uning ulushini 29% gacha tushirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

2026-yildan aholi o‘z soliqlari qayerga sarflanishini onlayn ko‘rishi mumkin bo‘ladi

0

Ochiq budjet portalida fuqarolarning daromad, mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha to‘lovlari hamda bu mablag‘lar evaziga qaysi loyihalar moliyalashtirilgani haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinadi.

Avvalroq prezident qarori bilan soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari belgilangani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yilning 1-yanvaridan “Ochiq budjet” portalida yangi modul ishga tushiriladi. Unda aholi tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshiriladigan budjet xarajatlari ma’lumotlari aks ettiriladi.

Modulda jismoniy shaxs tomonidan muayyan davrda to‘langan daromad solig‘i, mol-mulk va yer solig‘i, shuningdek, bu mablag‘lar evaziga davlat budjetidan amalga oshirilgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda e’lon qilib boriladi. Tizimga OneID orqali kirish mumkin bo‘ladi.

1-fevraldan “Ochiq budjet” portalida ovoz beruvchilar portretini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Soliq qo‘mitasiga bir oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligining texnik talabnomasi asosida shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq ma’lumotlarining portalda to‘g‘ridan to‘g‘ri shakllanishini ta’minlash topshirildi. Bu ma’lumotlar faqat fuqaroning o‘zi uchun ko‘rinadi.

Shu bilan birga, qo‘mita har yili 1-fevralga qadar eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar ro‘yxati shakllantirilishi hamda 10-fevralgacha rasmiy saytda e’lon qilib borishi kerak.

Markaziy bankka har oyda jismoniy shaxslarning soliq qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bank va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari orqali yetkazishda Soliq qo‘mitasiga amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatildi. Qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar foydalanuvchilarga ilovaning asosiy sahifasida aks ettirib boriladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulklarni ijaraga berishdan olingan daromad bo‘yicha to‘langan soliq to‘liq miqdorda mulk joylashgan tuman yoki shahar mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi.

Markaziy bank huzurida ustav fondi $50 mlnlik venchur fond tashkil etiladi

0

Shu bilan birga, moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplar uchun innovatsion xab yaratilib, kelasi yildan uning ishtirokchilariga moliyaviy yordam berib boriladi.

27-noyabr kuni “O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2026−2030 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.

Bunda moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplarga $1 mlrd miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilish hamda moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilar sonini kamida 200 taga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Markaziy bank huzurida MCHJ shaklida ustav jamg‘armasi $50 mln ekvivalentiga teng bo‘lgan startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur fondi tashkil etiladi.

Shu bilan birga, moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplar uchun innovatsion xab yaratiladi. 2026-yildan unda ishtirok etuvchilarga moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha kurslarda o‘qish va sertifikat olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Mablag‘lar xarajatlarning 50%igacha qismi, biroq $20 mingdan oshmagan miqdorda ajratiladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan har yili Markaziy bank tomonidan moliyaviy texnologiyalar sohasida xalqaro forumlar tashkil etiladi.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimotida startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilish taklifini maʼqullagandi.

O‘zbekiston sunʼiy intellekt bo‘yicha 5 mln prompt-muhandisni BAA tajribasi asosida o‘qitadi

0

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan Yosh avlod va Kitob chellenji loyihalarini yo‘lga qo‘yishni muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston — BAA do‘stligi va strategik sherikligini yana-da mustahkamlash, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda BAA hukumati bilan 40 dan ortiq yo‘nalishlarda 300 dan ziyod tashabbuslar, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi” va “Yosh yetakchilar” kabi muhim dasturlar amalga oshirilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha qabul qilinayotgan yangi besh yillik dasturni keng ko‘lamda amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Byurokratiyani kamaytirish, sunʼiy intellekt sohasida 5 mln nafar prompt-muhandisni o‘qitishda BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish hamda “Yosh avlod” va “Kitob chellenji” loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik rejalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga kelishib olindi. Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev va vazir Muhammad al-Gargaviy O‘zbekiston — BAA munosabatlari tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Bir million prompterlar

O‘zbekistonda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilishi Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning yanvar oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida ma’lum bo‘lgandi. Prezident BAA Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy ishlash vaziri Omar Sulton Al-Olama bilan muzokaralar doirasida bu bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.

Muloqotda Umar bin Sulton al-Olama O‘zbekistonda “1 mln dasturchi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini, dastur IT-sohasida xalqaro kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda mintaqada yetakchiga aylanishni maqsad qilgan. Biz unga erishishda o‘z hissamizni qo‘shamiz degan umiddamiz. Sun’iy intellekt muhim yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Prezident amaliy qo‘llaniladigan SIni ko‘rish istagida, uning qiymati sezilarli darajada bo‘lishi kerak”, — dedi BAA sun’iy intellekt vaziri.

10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumining yalpi majlisida O‘zbekistonda milliy “Bulutli texnologiyalar” platformasi hamda sun’iy intellekt modeli yaratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 20 ta data-markaz qurilishi va “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushirilishi qayd etildi.

30-iyun kuni prezidentning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida esa BAA bilan hamkorlikdagi dastur ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganishi ko‘zda tutilmoqda.

Iyul oyida O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgandi. Loyiha doirasida bu yil 100 ming, 2026-yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi. Loyiha bilan maktab o‘quvchilarini ham qamrab olish muhimligi ta‘kidlandi.

Pomidor do‘ppi multseriali yaratuvchisi Pavel Kim yo‘l qo‘ygan 5 xato

0

Pavel Kim 2017-yilda DIP Animation studiyasini tashkil etgan. Dastlab jamoa yirik brendlar uchun reklama roliklarini tayyorlash bilan shug‘ullangan — studiyaning portfoliosidan KFC, Adrenaline Rush, Yandeks, Gazprom va Osstem kabi loyihalar o‘rin olgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan e’tibor original kontent yaratishga qaratila boshlangan.

2018-yilda studiya o‘zining birinchi qahramoni — Do‘ppi ismli do‘ppi pomidorni taqdim etdi. Dastlab u reklama kampaniyasining bir qismi sifatida o‘ylab topilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan mustaqil qahramonga aylandi. Bugungi kunda “Pomidor do‘ppi” multseriali MDH mamlakatlarida, shuningdek, Xitoy va Ispaniyada 50 dan ortiq striming platformalarida namoyish etilmoqda.

Tashqi yutuqlarga qaramay, ular kadrlar yetishmasligi, sanoatning rivojlanmaganligi, boshqaruv hamda ishlab chiqarish jarayonlaridagi uzilishlari kabi bir qator qiyinchiliklarga duch kelgan. Mamlakatda animatorlar bazasi bo‘lmaganligi sababli, kompaniya mutaxassislarni o‘zi tayyorlashiga tog‘ri kelgan. Bugungi kunda studiya universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, o‘quv kurslarini o‘tkazmoqda, shuningdek, O‘zbekistonda endigina shakllanayotgan animatsiya sanoati uchun kadrlar zaxirasini yaratmoqda.

Pavel Spot’ga o‘z sohasida shunchaki mutaxassis bo‘lishning o‘zi yetarli emasligi, “abadiy jamoa” haqidagi ishonchning qanday parchalangani, ideal paytni kutib o‘tirmaslik kerakligi hamda studiyani yopilish arafasiga olib kelgan xato haqida gapirib berdi.

Malakasiz xodimlarni ishga olish

Studiyani endi ochganimizda bozorda animatsiya bo‘yicha mutaxassislar deyarli bo‘lmagan. Jamoamizga turli xil odamlar kelardi: ayrimlari Paint dasturida ishlagan, boshqalari dizayner, ammo ularning deyarli hech birida animatsiya sohasida haqiqiy tajriba yoki bu industriya bo‘yicha tushuncha bo‘lmagan. Imkon qadar grafikadan xabardor bo‘lgan odamlarni ishga olardik.

Bu birinchi jiddiy xatomiz edi, chunki biz kadrlarni rivojlantirish tizimini boshidan yaratish o‘rniga, kadrlar bo‘shlig‘ini zarur tayyorgarlikka ega bo‘lmagan odamlar bilan to‘ldirishga uringanmiz. Oqibatda, ta’lim berish uchun ko‘p resurslarni sarflashga majbur bo‘ldik. Bu xodimlar ko‘pincha studiyaning maqsadlarini to‘liq tushunmas, kerakli soft-skil’gal ega emas, tanqidni qabul qilishni va vazifalarni to‘g‘ri qo‘yishni bilmasdilar. Natijada ishlab chiqarish jarayonini sekinlashdi.

Bir nechta shunday “malakasiz xodim yollash»lardan so‘ng, muammoga tizimli yondashish kerakligini angladik. Bozor hali shakllanmagani, tayyor mutaxassislar yo‘qligi sababli, ularni o‘zimiz noldan tayyorlashga qaror qildik. Shu maqsadda animatsiya bo‘yicha kurslarimizni ishga tushirdik. Keyinchalik Puchon universiteti bilan memorandum imzolab, o‘z uslubimizni ularning multimedia kafedrasi o‘quv dasturiga joriy etdik.

Hozirda dasturda uchta yo‘nalish mavjud: 3D-animatsiya, 3D-generalistika va konsept-art. Biz animatorlar, 3D-mutaxassislarni tayyorlaymiz — ular modellash, UV-yoyilmalar, teksturalash, renderlash bilan shug‘ullanadilar. Shuningdek, badiiy yo‘nalishdagi mutaxassislarni ham o‘qitamiz. Bu mutaxassislar rasm chizish, konsepsiyalar yaratish, shuningdek, vizual g‘oyalarni ishlab chiqarish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Ayni paytda dasturda 100 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ular orasidan ko‘pincha studiyamiz uchun eng iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olamiz. Hozirda 7 ta bitiruvchimiz biz bilan ishlayapti, yana bir nechtasi amaliyot o‘tamoqda.

Bundan tashqari, xodimlarimiz bepul oliy ma’lumot olishlari, eng iqtidorlilari esa “El-Yurt Umidi” grant dasturi orqali dunyoning nufuzli universitetlariga o‘qishga kirishlari mumkin. Bu tizimli yondashuv bo‘lib, u asta-sekin barqaror kadrlar zaxirasini shakllantirib boradi.

Qayerga sotishni bilmasdik

Kontent yaratish, renderlar qilish, animatsiya va o‘z qahramonlarimizni yaratish bo‘yicha tushuncha bo‘lgan. Ammo bularni keyinchalik qanday ishlatishni bilmasdik. Xizmat ko‘rsatuvchi studiya sifatida faoliyatimiz davomida boshqalar uchun reklama hamda videoroliklar tayyorlash imkoniyati ham mavjud edi. Biroq, har doim bundan ham ko‘proq narsaga intilardim.

Muammo shunda ediki, o‘sha paytda O‘zbekistonda bolalar kontenti sanoati mavjud emas, biz materiallarimizni qayerga sotishni bilmasdik. SMM-agentliklar bilan hamkorlik qilishga urinib ko‘rdik, marketologlarni ishga oldik, mahalliy telekanallarga murojaat qildik, ammo bularning barchasi tartibsiz postlar joylashtirish hamda farazlarni tasodifiy sinovdan o‘tkazishga olib keldi, xolos. Bu menga ma’qul kelmas, strategik va tizimli yondashuvni xohlardim.

Bu ishni professional darajada bajara oladigan insonni uzoq vaqt izladik. Oxir-oqibat, tavsiyaga ko‘ra, Rossiyadagi yirik animatsiya studiyalaridan biri bo‘lmish Wizart Animation’da, keyinchalik esa STS telekanalida “Tri kota” loyihasi ustida ishlagan mutaxassisni topdik. Dastlab, hamkorligimiz vaqtinchalik edi: kanalimizni tahlil qilib, marketing bo‘yicha strategik rejalar ishlab chiqdik. Aynan shu mutaxassis tufayli biz yaratgan mahsulotni turli mamlakatlarga hamda platformalarga sotish mumkinligi haqidagi tushunchaga ega bo‘ldik.

Keyinchalik u bizga to‘liq stavkaga ishga o‘tgach, “Do‘ppi pomidor” multserialini ommashtirish bilan shug‘ullana boshladik. Hozirda bu multserial MDH va boshqa mamlakatlardagi 50 dan ortiq onlayn platformalarda, jumladan, Kinopoisk, IVI, START, KION, Megogo va iTV kabi yirik xizmatlarda namoyish etilmoqda.

Hozirda to‘laqonli distribyutsiya yo‘nalishimiz shakllanib bo‘ldi. Biz nafaqat o‘z seriallarimiz bilan ishlashni, balki boshqa studiyalarning loyihalarini ham — multfilmlardan tortib to‘liq metrajli filmlargacha tarqatishni maqsad qilganmiz.

Bundan tashqari, 5, 10 va hatto 50 yilga mo‘ljallangan uzoq muddatli marketing strategiyasini ishlab chiqdik. Yaqin kelajakda o‘z seriallarimizni ishga tushirish hamda muayyan xalqaro bozorlarga kirib borishga e’tibor qaratmoqdamiz. Ustuvor yo‘nalishlardan biri yirik mijozlarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirishdir. Endi nafaqat o‘z qahramonlarimizni yaratishni, balki xizmat ko‘rsatuvchi studiya sifatida faoliyat yuritishni ham maqsad qilganmiz.

Mutaxassis bo‘lishning o‘zi yetarli emas

Boshida menga animatsiya qilish, montaj va prodyuserlikni bilishning o‘zi kuchli studiya qurishga yetarlidek ko‘rinardi. Biz kontent yaratardik, bor kuch-g‘ayratimizni sarflardik — natija albatta o‘sishga olib kelishiga ishonch hosil qilgandim. Biroq tez orada bu yetarli emasligini tushunib yetdim.

Jamoani boshqarish, biznesni rivojlantirish va jarayonlarni yo‘lga qo‘yish butunlay boshqa darajadagi mas’uliyatni talab etadi hamda mutlaqo farqli ko‘nikmalarni taqozo qiladi.

Ish vazifalari tobora ko‘payib borar, ijodkorlikdan tortib buxgalteriyagacha bo‘lgan barcha narsani eslab qolishga majbur edim. Hamma narsani o‘zim nazorat qilishga urinib, boshqalarga ishonmadim va oqibatda “yonishni” boshladim. Bu xavotirli signal edi. Tezlik bilan o‘zgarish kerak edi.

Ijrochidan boshqaruvchiga o‘tmasam studiya yashab qola olmasligini tushunib yetdim. Qayta o‘qishga to‘g‘ri keldi. Biznes boshqaruvi, moliyaviy savodxonlik, vakolatlarni taqsimlash hamda qaror qabul qilish bo‘yicha kurslarda o‘qidim. Shundan so‘ng kompaniyaga boshqacha nuqtai nazardan qarashni o‘rgandim — uni faqat loyiha, balki odamlar, muloqot, tuzilma va motivatsiya ham muhim bo‘lgan jonli, murakkab tizim sifatida idrok eta boshladim.

Shunchaki mutaxassis bo‘lish yetarli emasligini anglagan holda, studiyaning tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqdim. Ilgari men va bevosita mendan fikr-mulohaza so‘raydigan mutaxassislar jamoasi mavjud edi. Endi esa bizda aniq rollar hamda mas’uliyat sohalari taqsimoti joriy etildi. Biz jarayonning o‘zini o‘zgartirmadik, lekin ishni yengillashtirib, boshqaruvchanlikni oshirish maqsadida ko‘proq oraliq bosqichlarni kiritdik.

Dastlab men texnik va tashkiliy vazifalarni: rejalashtirish, hisobot berish, pudratchilar bilan aloqa o‘rnatish, qisman boshqaruv masalalarini boshqalarga topshirdim. Albatta, ayrim vazifalarni o‘zim bajarishimga to‘g‘ri keladi, chunki malakali xodimlar yetishmasligi bugungi kunda dolzarb muammo hisoblanadi. Biroq umuman olganda, iloji boricha ko‘proq vazifalarni boshqalarga topshirishga xarakat qildim.

Menda ijodiy qismni nazorat qilishdan voz kechish istagi avval ham, hozir ham bo‘lmagan. Aksincha, buni o‘zimning asosiy mas’uliyatli soham, deb hisoblayman.

Ushbu o‘zgarishlardan so‘ng, samaradorlik sezilarli darajada oshdi. Seriyalarni tezroq chiqaryapmiz, ish muhiti tinchlashdi, jamoa o‘ziga bo‘lgan ishonch bilan faoliyatini davom ettirmoqda. Har bir xodim o‘z mas’uliyat doirasini aniq tushunadi — studiya hunarmandchilik ustaxonasidan asta-sekin vazifalari taqsimlangan, barqaror jarayonlarga ega bo‘lgan haqiqiy kompaniyaga aylandi. Bu o‘zgarishlar ish sifatiga, sur’atiga ham, umumiy ishtirok darajasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi — kasbiy charchash hollari kamayib ichki ish ritmi barqarorlashdi.

Menimcha, bu o‘zgarishlarsiz studiya shunchaki barbod bo‘lardi.

“Abadiy jamoa»ga bo‘lgan ishonch

DIPni ishga tushirganimda, xayolimda chiroyli manzara bo‘lgan: birgalikda boshlayapmiz, o‘samiz, o‘z ofisimizga ko‘chamiz, yuqori qavatda o‘tirib, shahar manzarasini tomosha qilgan holda qahva ichamiz va bu holat uzoq yillar davom etadi. Chin dildan ishonardimki, birinchi xodimlar oxirigacha qolib, xuddi kinolardagidek ajoyib jamoaga aylanamiz.

Bir yil o‘tgach, xodimlardan biri universitetda o‘qishga ketdi, boshqasi esa o‘z shahriga qaytib ketdi. Bir payt kelib, 35 kv. mlik kichkina ofisda yolg‘iz qolganimni angladim. Bu og‘riqli, biroq muhim tajriba bo‘ldi. Qanchalik mantiqiy va chiroyli ko‘rinmasin, hamma narsa ham rejalashtirganim bo‘yicha ketmasligini tushunib yetdim.

Shundan so‘ng, o‘zimga asta-sekin sarmoya kiritishni boshladim. Turli kurslarda qatnashdim, o‘nlab kitoblarni mutolaa qildim, ustozlar topdim: yetakchilik va jamoa qurishdan tortib, muzokaralar olib borish va shaxsiy samaradorlikni oshirishgacha. Sekin-asta biznesga bo‘lgan qarashim o‘zgardi: uni shunchaki ishonish kerak bo‘lgan orzu sifatida emas, balki qurish hamda voqelikka moslashtirishni talab qiladigan tizim sifatida ko‘ra boshladim.

Hozir tushunib yetdimki, jamoa o‘zgarib turishi tabiiy jarayon. Kimdir ketadi, kimdir keladi, ba’zilar esa loyihadan butunlay o‘sib chiqib ketadi. Asoschining vazifasi esa har qanday yo‘l bilan hamma xodimlarni ushlab qolishga urinish emas, balki xodimlar tarkibidan qat’i nazar ishlaydigan barqaror va moslashuvchan tizimni yaratishdir.

Mukammal paytni kutish — hech qachon harakat qilmaslik bilan barobardir

2013-yil. Menda “Yer va Oy” qisqa metrajli filmining g‘oyasi paydo bo‘lgandi. Bu haqda o‘yladim, boshqalar bilan maslahatlashdim, muhokama qildim, ammo hech narsa amalga oshmadi. Go‘yo ideal vaqtni — kerakli jamoa va moliyalashtirishni kutish zarurdek tuyulardi.

Aslida, “Yer va Oy” filmini oldinroq yaratsa bo‘lardi, lekin o‘sha paytda menda ichki tayyorgarlik yetishmasdi. Biz hali yetib kelmagan qulay paytni kutib turgandik.

Loyihani 2025-yilga kelib amalga oshirdik — chunki aynan bu vaqtda jamoamiz shakllangan va parallel loyihalarni olib borish imkoniyati paydo bo‘lgandi. Hammasi oddiy harakatdan boshlandi — men shunchaki ishga kirishdim. Ozarbayjonlik iqtidorli 2D-animator Firangizni topdim: u darhol loyihaga qo‘shildi. Keyinchalik moliyalashtirish ham yo‘lga qo‘yilib, hamma narsa o‘z-o‘zidan rivojlana boshladi.

Film rasman namoyish etilmadi, chunki u hozirda post-prodaksiya bosqichida. Loyihani Ozarbayjon Madaniyat vazirligiga taqdim etdik va ular uni qo‘llab-quvvatlashdi. Bu studiyamiz va Ozarbayjon tomonining qo‘shma ishlab chiqarishi bo‘ladi. Ular yakuniy bosqichlar — ovoz berish, kompozitsiya, montaj hamda boshqa ishlar uchun mablag‘ ajratadi, bu ishlarning bir qismi Ozarbayjonda amalga oshiriladi. Tugatilgandan so‘ng, filmni xalqaro festivallarga taqdim etishni rejalashtirmoqdamiz.

Bu tajriba shuni ko‘rsatdiki, kutishning foydasi yo‘q, kichik ishlardan boshlash muhim. Aynan harakat — energiya, mablag‘ hamda kerakli odamlarni jalb qiladi, kutganda esa hech narsa yuz bermaydi. Biz jamoani ortiqcha yuklamasdan parallel loyihani amalga oshira olishimizni tushunish va kuchlarimizni sinab ko‘rish maqsadida ongli ravishda murakkab dramaturgiyasiz oddiy bir hikoyani tanladik. “Yer va Oy” bizning ilk tajribamiz bo‘ldi — boshlash xavfli bo‘lgan yanada ulkan g‘oyalarga qo‘yilgan birinchi qadam edi.

2026-yilda davlat tashkilotlariga budjetdan qancha mablag‘ ajratiladi?

0

Budjetdan ajratiladigan mablag‘larning umumiy miqdori 328,08 trln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va budjetnomani taqdim etgandi.

Hujjat bilan, kelasi yil uchun mamlakat budjetidan birinchi darajali budjet taqsimlovchilariga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari belgilanmoqda.

Budjetdan ajratiladigan mablag‘larning umumiy miqdori — 328,08 trln so‘m.

Joriy xarajatlar 203,06 trln so‘mni tashkil etib, shundan 35,79 trln so‘mi rivojlanish dasturlari uchun, 9,99 trln so‘mi obyektlarni loyihalashtirish, qurish va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga hamda 39,62 trln so‘mi maqsadli jamg‘armalarga transfertlar uchun yo‘naltiriladi.

Mablag‘larning davlat tashkilotlari bo‘yicha taqsimoti:

T/r Davlat tashkilotlari nomi Ajratiladigan summa, so‘mda
1 Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 63,69 trln (2025-yilda — 59,5 trln)
2 Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 6,36 trln (6,27 trln)
3 Sog‘liqni saqlash vazirligi 6,8 trln (5,1 trln)
4 Madaniyat vazirligi 1,28 trln (1,17 trln)
5 Sport vazirligi 1,23 trln (1,13 trln)
6 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2,23 trln (1,99 trln)
7 Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2,27 trln (1,79 trln)
8 Suv xo‘jaligi vazirligi 10,36 trln (10,4 trln)
9 Energetika vazirligi 110 mlrd (123 mlrd)
10 Transport vazirligi 7,3 trln (6,7 trln)
11 Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 1,1 trln (927 mlrd)
12 Tog‘-kon sanoati va geologiy vazirligi 838 mlrd (1 trln)
13 Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 13,54 mlrd (12,58 mlrd)
14 Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 13,12 mlrd (12,12 mlrd)
15 Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 582,8 mlrd (733,2 mlrd)
16 Milliy statistika agentligi 346,4 mlrd (238,8 mlrd)
17 Tashqi ishlar vazirligi 1,12 trln (1,02 trln)
18 Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 1,62 trln (1,11 trln)
19 Raqamli texnologiyalar vazirligi 528,54 mlrd (532,42 mlrd)
20 Adliya vazirligi 350,8 mlrd (322,49 mlrd)
21 Iqtisodiyot va moliya vazirligi 105,94 trln (95,9 trln)
22 Soliq qo‘mitasi 176,68 mlrd (169,39 mlrd)
23 Vazirlar Mahkamasi 2,59 trln (2,18 trln)
24 Prezident Administratsiyasi 3,05 trln (1,67 trln)
25 Oliy Majlis Senati 128,19 mlrd (127,25 mlrd)
26 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 229,32 mlrd (178,8 mlrd)
27 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) 24,56 mlrd (18,6 mlrd)
28 Bosh Prokuratura 3 trln (2,73 trln)
29 Oliy sud 1,99 trln (1,8 trln ()
30 Konstitutsiyaviy sud 13,19 mlrd (12,9 mlrd)
31 Sudyalar oliy kengashi 58,72 mlrd (53,7 mlrd)
32 Markaziy saylov komissiyasi 31,98 mlrd (29,4 mlrd)
33 O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi 887,59 mlrd (881,3 mlrd)
34 O‘zbekiston Milliy axborot agentligi 44,07 mlrd (40,7 mlrd)
35 Ma’naviyat va ma’rifat markazi 78,25 mlrd (75,4 mlrd)
36 Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi 17,45 mlrd (16,1 mlrd)
37 Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi 400 mlrd (350 mlrd)
38 Fanlar akademiyasi 534,36 mlrd (446,8 mlrd)
39 Badiiy akademiya 249,83 mlrd (160,39 mlrd)
40 Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 35,69 mlrd (33,15 mlrd)
41 Hisob palatasi 136,99 mlrd (116,04 mlrd)
42 Boshqaruv samaradorligi agentligi 93,18 mlrd
43 Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi 27,13 mlrd (20,3 mlrd)
44 Bolalar ombudsmani 3,57 mlrd (3,28 mlrd)
45 “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya jamg‘armasi 910 mln (837,2 mln)
46 Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi 11,69 mlrd (10,9 mlrd)
47 Milliy antidoping agentligi 9,27 mlrd (8,7 mlrd)
48 Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 172,66 mlrd (163,7 mlrd)
49 Madaniy meros agentligi 251,36 mlrd (177,3 mlrd)
50 Ijtimoiy himoya milliy agentligi 22,42 trln (21,13 trln)
51 Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi 1,44 trln (1,27 trln)
52 Yoshlar ishlari agentligi 507,66 mlrd (456,13 mlrd)
53 Texnik jihatdan tartibga solish agentligi 166,69 mlrd (105,68 mlrd)
54 Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi 64,35 mlrd (95,68 mlrd)
55 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi 57,22 mlrd (28,5 mlrd)
56 Atom energiyasi agentligi 46,38 mlrd (43,64 mlrd)
57 Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi 3,03 mlrd (3,14 mlrd)
58 O‘zenergoinspeksiya 28,91 mlrd (28,1 mlrd)
59 Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 8,72 mlrd (9,26 mlrd)
60 Migratsiya agentligi 50 mlrd
61 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 10,08 mlrd
62 Energiya samaradorligi milliy agentligi 709,86 mlrd
63 Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi 7,23 mlrd
64 Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi 47 mlrd
65 Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi 16,34 mlrd
66 Boshqa tashkilotlar 76,12 trln (49,98 trln)