Bosh sahifa Blog Sahifa 173

Yoshlar ishlari agentligi Hay’atining yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi

0

30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Hay’atining “2022-yil birinchi yarim yillikda yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda bu borada kelgusidagi ustuvor vazifalar” mavzusiga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilgan yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati, markaziy apparat boshqarma va bo‘lim boshliqlari, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti rahbariyati hamda mas’ul xodimlari, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi rahbariyati, markaziy apparat boshqarma va bo‘lim boshliqlari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi rahbariyati va mas’ul xodimlari markaziy studiya orqali bevosita ishtirok etdi.

Qayd etish lozim, Hay’at yig‘ilishida Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari barcha rahbar va mas’ul xodimlari, Yoshlar ittifoqining hududiy kengashlarining rahbarlari va mas’ul vakillari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi bo‘linmalarining xodimlari, shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) bo‘limlari rahbar va mas’ul xodimlari, Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashlari xodimlari, Mahalladagi yoshlar yetakchilari hududiy va tuman studiyalaridan ishtirok etishdi.

Kun tartibida Agentlik direktori o‘rinbosarlari, hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) bo‘lim boshliqlari, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori faoliyat doirasidagi masalalar, birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar o‘qib eshittirildi.

Tadbirkor bo‘lishdan avval egallash kerak bo‘lgan ko‘nikmalar

0

Vaqtni boshqarish

Ko‘p odamlar bu haqda gapirishadi, lekin ularning aksariyati bunday mahoratga ega emas. Vaqtni boshqarishning mohiyati eng muhim narsalarni keyinga qoldirmaslikni o‘rganishdir. Hech qachon maqsadlaringizga erishish yo‘lida natija bermaydigan “shoshilinch” kichik narsalar bilan shug‘ullanmang. Ularni qo‘l ostidagilaringizga topshirishga harakat qiling. Agar siz o‘z biznesingizni yaratishga qaror qilsangiz, vaqtingizni o‘zingiz boshqaring. Oiladagi, bolalar bilan bog‘liq va boshqa kundalik muammolarni hal qilishga ko‘p chalg‘imang. Biznes bunday amalga oshirilmaydi.

Muvaffaqiyatli ishbilarmonlar ish kunini, haftani va oyni qanday to‘g‘ri rejalashtirishni oldindan bilishadi, shuningdek, ular darhol bajarilishi kerak bo‘lgan maqsadlar qo‘yish sirlaridan ham boxabar. Vaqtni boshqarish haqida bilishingiz kerak bo‘lgan narsa – bu shunchaki odat bo‘lib, vaqtingizni tejaydi va biznesingizni rivojlantirish uchun sizga qo‘shimcha vaqt beradi. Yangi turmush tarzi hamda fikrlashni sinab ko‘ring va ishonchimiz komilki, bu sizga yoqadi va siz albatta muvaffaqiyatli tadbirkorga aylanasiz.

Ishingizni boshlashdan avval, o‘zingizni shubhalardan xalos qiling

Bekorchilik eng yomon illat, deyishadi. Ammo biznesda eng yomon narsa faqat bitta narsa bo‘lishi mumkin bu ham bo‘lsa – shubha. Boshlang‘ich bosqichdagi tadbirkor o‘zining shubhasi bilan band bo‘ladi. Shubhalari tufayli u biznesga qadam tashlashni ortga suradi. Keyin esa u hech narsani uddalay olmagani, amalga oshirmagani uchun, hali ko‘p narsani o‘rganishim kerak, deb hisoblaydi.

Bularning barchasi bema’nilik! Biznes bo‘yicha ko‘plab aqlli kitoblarni qayta o‘qish va shu bilan birga amalda hech narsa qilmaslik mantiqan to‘g‘ri ish emas. Jarayon davomida o‘rganing! Bu muvaffaqiyat yo‘lida sizga yordam beradigan bilimlar bo‘lishi mumkin.

Biznes boshlashdan avval, befarq bo‘lishni o‘rganing

Agar shubhalar sizni doimo kemirsa va siz bugungi kunga qadar qanday natijalarga erishganingizga befarq bo‘lmasangiz, biznesni qurish oson bo‘lmaydi. Sizda faqat bitta yo‘l bor – befarq bo‘lish. Muvaffaqiyat yo‘lida to‘siqlarga duch kelgan paytingizda ham, va hatto ajoyib savdoga ega bo‘lganingizda ham befarqlik haqida unutmang! Ortiqcha his-tuyg‘uga berilishga hojat yo‘q. Yodingizda bo‘lsin: sizning barcha kuchingiz befarqlikdadir. Oldinga intiling va davom eting!

Google yangi avlodga “qidiruv”ni qanday amalga oshirishni o‘rgata boshladi

0

Google Let‘s Internet Better – qidiruvni to‘g‘ri amalga oshirishni o‘rgatuvchi marketing kampaniyasini yaratdi. Bu reklama kampaniyasi Zoomerlar avlodiga qaratilgan bo‘lib, noto‘g‘ri ma’lumotlar, firibgarlar va ketfishing (Internetda aldashning bir turi) haqidagi bir qancha qisqa animatsion videolar orqali o‘rgatishi haqida Fast Company xabar bergan.

Misol uchun, videolardan birida qidiruv yordamida ijtimoiy tarmoqlarda “millionerman” deb da’vo qilgan foydalanuvchining aldovini qanday fosh etish mumkinligi, ikkinchisida shubhali ma’lumotlarni “google” orqali qanday qilib qidirib, bu soxta material ekanligini tushunish ko‘rsatilgan.

Kampaniya logotipida kamalak ranglari va sichqoncha o‘qi mavjud bo‘lib, 1980 yillarda Amerika Qo‘shma Shtatlarida ta’lim dasturlarini ilgari surish uchun foydalanilgan “Ko‘proq bilasiz” ommaviy e’lonlar seriyasiga havola qilingan.

Videolarning istehzoli sarlavhalari bor: “Kimdir hozirgina quyoshni sotib oldimi?”, “Yuzingizga shilliqqurtlarni qo‘yish kerakmi?” va boshqalar.

Reklamani joylashtirishda Google qidiruv tizimi yordamida odamlarga “aqlli internet foydalanuvchilari” bo‘lishga yordam berishni taklif qiladi. Z avlodiga undan faktlarni tekshirish va boshqa foydali ma’lumotlarni qidirish uchun foydalanish tavsiya etiladi.

Buzzersga murojaat qilish g‘oyasi Google umidsizlik tendensiyasini aniqlaganidan keyin paydo bo‘ldi: 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan odamlarning 40 foizi TikTok yoki Instagram orqali o‘ziga kerakli ma’lumotlarni qidirishni afzal ko‘rar ekan.

Google kompaniyasining ta’kidlashicha, kampaniya “ohang, hazil va Z avlod estetikasi”ni “qiziqarli, ammo o‘zini o‘zi anglaydigan, qo‘llab-quvvatlovchi va ma’lumot beruvchi ijtimoiy reklama” bo‘lish maqsadida ishlab chiqilgan.

 

“IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi” — Shavkat Mirziyoyev

0

Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Astrum” akademiyasida IT sohasi vakillari bilan muloqot qilayotgani haqida xabar berilgandi. Prezidentning ta’kidlashicha, IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi.

Raqamlarga ko‘ra, bugungi kunda IT parklarda 14 ming nafar yosh yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislari soni yil boshidan buyon 2,5 barobarga o‘sib, 43 mingga yetdi.

2022-yilning o‘zida mamlakatda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy IT kompaniya tashkil etildi, eksportchi korxonalar soni esa 2 baravarga oshdi. So‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashdi va O‘zbekiston xalqaro reytingda 15-o‘ringa ko‘tarildi (68-o‘rindan). IT xizmatlari hajmi va eksporti bir necha barobarga o‘sdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi IT akademiyasiga bordi

0

Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Astrum” akademiyasida IT sohasi vakillari bilan muloqot qilmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

“Bugun yangi IT akademiyasiga biz uchun ahamiyati nihoyatda yuqori bo‘lgan IT sohasidagi yetuk mutaxassislar va yoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazish uchun keldim. Biz bugun birgalikda yechimlarini topadigan masalalar butun O‘zbekiston yoshlarining IT sohasidagi intilishlariga katta turtki va motivatsiya berishiga ishonaman”, — dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, dunyoda IT xizmatlari shiddat bilan rivojlanmoqda. Jahonda bu sohaning o‘sish sur’atlari yiliga 10 foizni tashkil etib, joriy yilda 4,3 trillion dollarga yetadi.

“Biz ushbu bozorda mustahkam o‘rin egallash borasida katta islohotlarni boshladik. Sohaga so‘nggi besh yilda 2 milliard dollar, shundan 700 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirildi. Bundan uch yil oldin IT parklar tashkil qilib, ularga alohida soliq rejimini joriy etdik”, — dedi prezident.

O‘zbekistonda yagona maktab formasi 2022/2023-o‘quv yilidan majburiy bo‘lmaydi

0

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov 2022-2023-o‘quv yilida yagona maktab formasi joriy etilishi yuzasidan ma’lumot berdi.

2022-yil sentabr oyidan yangi o‘quv yilida ota-onalar uchun yagona formani xarid qilishga majburiy talab qo‘yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday e’tirozlar bildirilmaydi.

Milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, o‘quvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari man etilmaydi.

Shuningdek, o‘quvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o‘lchamdan kalta bo‘lishi mumkin emas.

Mahalliy hokimliklar tomonidan kam ta’minlangan oilalarga mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hamda “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga ko‘mak beriladi.

Maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo‘yicha maktab ma’muriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.