Bosh sahifa Blog Sahifa 153

O‘zbekiston—Xitoy hududlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi

0

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining tashkiliy ko‘magida O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida energetika va savdo sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan  Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Energetika vazirliklari rahbariyati, Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimliklari rahbarlari, Xitoy tomonidan — hududlar rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat yirik kompaniyalarining 40 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Huadian Xinjiang Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Xan Sun Navoiy hamda Farg‘ona viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

“Bundan tashqari, imzolangan hujjatlar qatorida savdo, qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik memorandumlari hamda Toshkent viloyati va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar bor. Bitimlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida birgalikda tegishli choralar ko‘rish masalalari o‘z ifodasini topgan”, — deyiladi xabarda.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Tadbir doirasida ishtirokchilarni har ikki hududning investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ikkala tomon ham taqdimotlar o‘tkazgan.

Marosim yakunida erishilgan yuqori darajadagi ishonch va sheriklik munosabatlariga asoslangan holda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan sohalarda birgalikda olib borilayotgan ishlarni faollashtirishga sodiqlik bildirilgan.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan sirdaryolik yosh tadbirkor Yusufjon Isroilov

0

Yusufjon Isroilov “Yangiyer Ziyo nur” kutubxona va o‘quv markazi asoschisi hisoblanadi.

Hozirda asosiy faoliyati sifatida xorijiy tillarni mukammal o‘rgatish, abiturientlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun tayyorlov kurslarini yo‘lga qo‘ygan.

Muvaffaqiyatga erishgan Yusufjon o‘zi kabi yosh tadbirkorlarga shunday maslahat beradi: “Biznes — doimiy mashaqqatli mehnat. Agar rejalashtirayotgan ishingizga oshiq bo‘lmasangiz, boshlamang. Sizning mahsulotingiz xaridorlar uchun qiziqarli bo‘ladimi yoki yo‘qligini tushunishga yordam beradigan jihatlarni esa e’tiborsiz qoldirmang”.

Dunyo siyosiy yetakchilari tomonidan yozilgan eng sara kitoblar

0

Dunyo bo‘ylab ko‘pgina davlat rahbarlari va siyosat arboblari o‘z faoliyati davrini asosan memuar sifatida ta’riflab, asarlar yozishadi. Ular o‘z kitoblarida siyosiy ishlardagi fikr va mulohazalardan tashqari, o‘z hayotlaridagi ba’zi voqea va hodisalar haqida ham hikoya qiladilar. Asarlar orqali mazkur insonlarning boshqa hislatlariga ham guvoh bo‘lish mumkin.

Dunyo kitobxonlari tomonidan e’tirof etilgan ba’zi davlat rahbarlari va siyosiy yetakchilarning asarlari hamda ularning qisqacha mazmuni haqida «Gazeta.uz» so‘z yuritadi.

«Ozodlik manbai. Gettisberg murojaati» Avraam Linkoln

AQSh prezidenti Avraam Linkoln (1809−1865) Amerika Qo‘shma Shtatlarining tarixiy rivojlanishini belgilab bergan to‘rtta prezidentdan biri hisoblanadi. Quyi qatlamdan chiqqan prezident barcha bilimlarini tirishqoqlik va uzluksiz o‘z ustida ishlash orqali o‘zlashtirgan. U o‘zining axloqiy namunasi, yuksak axloqiy tamoyillari va ishontira olish qobilyati bilan o‘z xalqini ilhomlantirib, mamlakat iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga hissa qo‘shdi va AQSh uzoq vaqt davomida dunyodagi eng dinamik rivojlanayotgan iqtisodiyotga aylandi.

«Ozodlik manbai. Gettisberg murojaati» kitobida Avraam Linkolnning asosiy nutqlari va maqolalari, uning tarjimai holi, inauguratsiya nutqlari va xalqqa qilingan murojaatlari bor. Kitob Avraam Linkoln, uning sheriklari va raqiblarining hayoti davomidagi suratlari, AQSh fuqarolik urushi davridagi hujjatli va badiiy materiallar bilan boyitilgan.

«Kamin oldidagi suhbatlar. Inqiroz, oligarxlar va urush haqida» Franklin Ruzvelt

Franklin Ruzvelt «Buyuk depressiya» davrida AQShni boshqargan va uni uzoq davom etgan inqirozdan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan davlat rahbari hisoblanadi. Amerikaliklarda kelajakka ishonchni uyg‘otish uchun, u shaxsan o‘zi xalqqa davom etayotgan islohotlar va hukumat rejalarining ma’nosini tushuntirishga qaror qilgan. Ruzvelt Amerika xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri radio xabarlari orqali murojaat qilib kelgan. Bu nutqlar tarixga «Kamin oldidagi suhbatlar» nomi bilan kirdi. Ruzvelt o‘n ikki yillik boshqaruvining oxirigacha odamlarga murojaat qilib kelgan.

AQSh 32-prezidentining eng yaxshi nutqlari «Kamin oldidagi suhbatlar. Inqiroz, oligarxlar va urush haqida» nomli kitobda to‘plangan.

«Boylikka yo‘l. Avtobiografiya» Benjamin Franklin

Ushbu kitob davlat va jamoat arbobi, diplomat, olim, ixtirochi, yozuvchi, faylasuf, tadbirkor Benjamin Franklin shaxsini ochib beradi. Uning yuzi hammaga tanish — bu AQShning asosiy banknotasi dollardagi son-sanoqsiz marotaba bosilib chiqqan portretdir. Uning «Vaqt — pul» aforizmini hatto hech narsani bilmaganlar ham biladi. Franklin «Avtobiografiya»si esa uzoq vaqtdan buyon hozirda buyuk shaxslar ro‘yxatiga kirgan muvaffaqiyatli odamlarning qayta-qayta murojaat qiladigan kitobiga aylangan.

«Agar siz odamlar bilan qanday munosabatda bo‘lish haqida ajoyib maslahatlar olishni, o‘zingizni boshqarishni va shaxsiy fazilatlaringizni yaxshilashni xohlasangiz, hayotning eng qiziqarli hikoyalaridan biri — Benjamin Franklinning tarjimai holini o‘qing», — degan edi amerikalik pedagog va yozuvchi Deyl Karnegi.

Ushbu kitobda Benjamin Franklin 1771 yildan 1790 yilgacha o‘z hayoti haqidagi yorqin eslatmalarni qoldirgan. Ularning barchasi uning vafotidan keyin birlashtirilgan. Franklin bu asarida istehzo va hazil bilan o‘zining g‘ayrioddiy taqdiri va shunday shaxs bo‘lib yetishishiga nima yordam bergani haqida xikoya qiladi.

«Uchinchi dunyodan — birinchisiga. Cingapur tarixi (1965−2000)» Li Kuan Yu

Li Kuan Yu — Singapur davlat arbobi, 1959 yildan 1990 yilgacha mamlakat bosh vaziri bo‘lgan. Uning rahbarligi ostida resurslari bo‘lmagan kichik oroldagi sobiq Britaniya mustamlakasi kuchli iqtisodiyoti, qulay sarmoyaviy muhiti va barkamol ijtimoiy siyosati bo‘lgan yuqori darajada rivojlangan davlatga aylangan. 2000 yilda Li Kuan Yu «Singapur mo‘’jizasi» haqida memuar yozgan va uchinchi dunyodan birinchi dunyoga chiqish strategiyasini batafsil bayon qilgan.

Kitobda Li Kuan Yu shahar-davlatni takomillashtirish va rivojlantirish uchun qo‘ygan qadamlari asosli xulosalar bilan izchil tasvirlangan. Muallif, shuningdek, foydali tajribaga aylangan xatolarni ham eslatib o‘tgan. Shuningdek kitobda tashqi siyosatga katta e’tibor beriladi. «Uchinchi dunyodan birinchisiga» — bu mamlakat farovonligiga qaratilgan puxta avtoritar boshqaruv bo‘yicha ajoyib darslik hisoblanadi.

«Davlat boshqaruvi san’ati: O‘zgarayotgan dunyo uchun strategiyalar» Margaret Tetcher

«Davlat boshqaruvi san’ati» — 1979−1990 yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan mashhur «temir xonim» Margaret Tetcherning kitobi hisoblanadi. Tetcher bu kitobni 2003 yilda mamlakat rahbariga qo‘llanma sifatida chiqargan va uni Ronald Reyganga bag‘ishlagan.

«Davlat boshqaruvi san’ati» — ko‘p qirrali kitob bo‘lib, u mamlakat rahbariyatining amaliy qo‘llanmasidan tashqariga chiqadi. Unda Tetcher turli mamlakatlarning muammolarini tahlil qiladi va ularning rivojlanishi uchun prognozlar beradi, barqaror ichki va tashqi siyosat uchun demokratiyaning qadrini isbotlaydi, xalqaro xavfsizlikni muhokama qiladi, ko‘plab taniqli siyosiy voqealarga o‘z fikrini bildiradi. Kitobda XX asrning ikkinchi yarmidagi jahon siyosiy jarayonlari haqida umumiy tushuncha berilgan.

«Fikrlar va xotiralar» Otto fon Bismark

Otto von Bismark — mashhur nemis kansleri, uning siyosiy faoliyati cho‘qqisi Germaniya imperiyasi tuzilishi paytiga to‘g‘ri kelgan. Bismarkning 1898 yilda nashr etilgan «Fikrlar va xotiralar» kitobi haqiqiy bestsellerga aylangan: u o‘z kitobida Ikkinchi Reyxning paydo bo‘lishiga olib kelgan voqealar haqida gapirgan.

Biroq, bu shunchaki memuar emas, bu, birinchi navbatda, «o‘tmishni tushunish va kelajak uchun ibrat bo‘lishi uchun o‘g‘illar va nabiralarga» qaratilgan «temir kansler» ning siyosiy vasiyati hisoblanadi. Siyosiy maydonda o‘z faoliyatini yakunlab, Bismark ushbu kitobda nafaqat zamondoshlari oldida o‘zini oqlamoqchi, balki o‘z vorislarini kelajakdagi xatolar haqida ogohlantirmoqchi ham bo‘lgan.

«Ikkinchi jahon urushi» Uinston Cherchill

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri nafaqat o‘z davrining taniqli siyosatchisi, balki juda yaxshi yozuvchi ham edi. 6 jildlik «Ikkinchi jahon urushi» asari Cherchillga tegishli.

Birinchi kitobda 1919 yildan 1940 yil dekabrigacha bo‘lgan voqealar tasvirlangan, muallifning so‘zlariga ko‘ra, ular «oldini olish mumkin bo‘lgan va keraksiz» urushga olib kelgan.

Ikkinchi kitobda xotiralarning uchinchi va to‘rtinchi jildlari nashr etilgan va 1941 yil yanvaridan 1943 yil iyunigacha bo‘lgan voqealar tasvirlangan: fashistlar Germaniyasining Sovet Ittifoqiga bostirib kirishi, militaristik Yaponiyaning AQShga hujumi, Gitlerga qarshi koalitsiya tuzilishi, ittifoqchilarning himoyadan hujumga o‘tishi.

Uchinchi kitobda esa beshinchi va oltinchi jildlari nashr etilgan va 1943 yil iyundan 1945 yil iyulgacha bo‘lgan voqealar — Germaniya ittifoqchilarining taslim bo‘lishi, Tehron, Yalta va Potsdam konferensiyalari, Amerika, Britaniya va Kanada qo‘shinlarining Normandiyaga o‘tkazilishi, Sovet armiyasi va ittifoqchilarining tarixiy g‘alabalari, Germaniyaning taslim bo‘lishi natijasida fashist qo‘shinlari mag‘lubiyati tasvirlangan.

«Mening hayotim» Mahatma Gandi

Mohandas Gandi «baniya» savdogar kastasiga mansub o‘ziga to‘q oiladan chiqqan. Vafotidan so‘ng esa undan faqat bir juft sandal, ko‘zoynak va tayoq qolgan. Butun umrini o‘zini chegaralashga va jamiyatga xizmat qilishga bag‘ishlagan, zo‘ravonliksiz qarshilikni kurash vositasi sifatida ishlatgan, zo‘ravonlik va diniy nizolarga tinimsiz qarshilik ko‘rsatgan eng mashhur hind Gandini «Buyuk qalb» sohibi deb atashadi.

Mahatma Gandining «Mening hayotim» kitobi — buyuk donishmand va tajribali, qalbi toza siyosatchining tarjimai holi, Hindistonning ozod qilinishi va Gandining ruhiy izlanishlari haqidagi hikoya hisoblanadi. Kitobda, shuningdek, «Mening iymonim» va «Salomatlik kaliti» risolalari mavjud bo‘lib, unda Gandi o‘z dunyoqarashi bilan o‘rtoqlashadi, dunyoda mavjud bo‘lgan dinlar, shuningdek, vegetarianlik va axloqiy turmush tarzi muhokama qilinadi.

«Kotib xonim» Madlen Olbrayt

Bill Klinton prezidentligi davrida Madlen Olbrayt Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish harakatlaridan tortib NATOning Kosovoga gumanitar aralashuvigacha bo‘lgan eng muhim va dramatik siyosiy voqealarning faol ishtirokchisi bo‘lgan.

AQSh tarixida birinchi marta yuqori darajali lavozim — davlat kotibi (tashqi ishlar vaziri) bo‘lib tayinlangan ayol o‘zining ochiq memuarida ushbu voqealarni qizg‘in hikoya qiladi va o‘quvchilarga jahon tarixining eng jo‘shqin davrlarida xalqaro munosabatlar sahnasi ortiga nazar solishga imkon beradi.

O‘zining ushbu kitobida Madlen Olbrayt shaxsan muloqot qilgan dunyoning yetakchi rahbarlari va an’anaviy tarzda erkaklar yetakchilik qiladigan diplomatik maydonda qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirgani haqida gapiradi. Kitobda Vladimir Putin, Vatslav Gavel, Yasir Arafat, Ariel Sharon, Binyamin Netanyaxu, qirol Husayn, Slobodan Miloshevich, Kim Chen Ir, Bill va Xillari Klinton, Kolin Pauell va boshqa ko‘plab jahon liderlarining qiziqarli portretlari taqdim etilgan.

«Va’da qilingan yer» Barak Obama

AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaning «Va’da qilingan yer» kitobi uning memuarlarining birinchi jildi hisoblanadi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Xotiralarining birinchi jildida Barak Obama o‘zining yoshligi va prezidentlik sari yo‘li haqida hikoya qiladi. U o‘zining siyosiy ma’lumoti va o‘zining tarixiy prezidentligining birinchi davridagi muhim lahzalarni batafsil tasvirlab beradi. Kitob Obama prezidentligining birinchi muddatida Usama ben Ladenni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiyasi bilan yakunlangan. Unda Obamaning tarixda o‘zini tinchlikparvar va «insoniy yuzli siyosatchi» sifatida tarixda qolishga uringanligi ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonda fevral oyida ishbilarmonlik faolligi indeksi 2,7%ga oshgan

0

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2023-yil fevral oyida 1027 birlikni tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 2,7%ga oshgan.

Shu bilan birga, ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham 4%lik o‘sish qayd etildi.

cerr, ishbilarmonlik faolligi indeksi, tahlil

2023-yilning fevral oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 2,7%ga oshib, 1027 birlikni tashkil etishi, quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan:

  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqalaridagi opreatsiyalar soni 12,3%ga oshgan;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar bo‘yicha komponent 11,7%ga kamaygan;
  • tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 4,7%ga oshgan;
  • tovar belgilari bo‘yicha komponent 30,6%ga kamaygan.

Hududlar kesimida Surxondaryoda eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan.

2023-yil fevral oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi 11 ta hududda o‘tgan oyga (yanvar) nisbatan o‘sish kuzatilgan. Surxondaryo (47,1%), Buxoro (44,9%), Qashqadaryo (26,3%), Jizzax (25,1%), Navoiy (18,8%) va Namangan (15,9%)da sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

cerr, ishbilarmonlik faolligi indeksi, tahlil

Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich 3 ta hududda kamaygan. Xususan, Qoraqalpog‘istonda (- 8,1%), Toshkent (- 1,7%) va Sirdaryo (- 0,9%) viloyatlarida o‘tgan oyga nisbatan kamayish kuzatilgan.

O‘zbekistonda vazirlik va davlat tashkilotlarining ochiqlik indeksi eʼlon qilindi

0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda 2022-yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi asosida to‘plangan barcha ko‘rsatkichlar atroflicha muhokama qilinib, yakuniy natijalar eʼlon qilingan.

Ochiqlik indeksi 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida baholangan. Samaradorlik ko‘rsatkichlari 71 balldan 100 ballgacha to‘plaganlar — “yashil”, 55 balldan 71 ballgacha bo‘lganlar — “sariq” va 55 balldan past ko‘rsatkich qayd etganlar — “qizil” toifalarga kiritilgan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Baholashda umumiy 86 ta vazirlik, idora va muassasalar qamrab olingan bo‘lib, ulardan 21 tasi vazirlik, 14 tasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, 32 tasi davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda 19 tasi qo‘mita va agentliklar.

Ochiqlik indeksining yuqori pog‘onalarini prezident huzuridagi Statistika agentligi (88,8 ball), Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi (88,3), Toshkent viloyati hokimligi (83,3) egallagan.

Oxirgi o‘rinlarni esa “Yo‘lqurilish” AJ (21 ball), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (21 ball), “Qishloqqurilishinvest” (21,7 ball) band etgan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

O’z biznesini yo’lga qo’yishga muvaffaq bo’lgan tadbirkor Sherzod Jalolov

0

Sherzod Jalolov — O‘zbekistondagi birinchi avtoblog muallifi hamda “VIP auto services” detailing markazi ta’sischilaridan biri, “Megawatt motors” ambassadori, infyuenser. Oliy ma’lumotli. Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti bakalavr va magistr bosqichini tamomlagan.

11-yillik maktab ta’limidan so‘ng Iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kirgan. 3-bosqichdan boshlab Sergeli mashina bozorini boshqaruvchi MCHJ’da ish faoliyatini boshlagan. Avtoblogning yaratilishiga qadar 10 ga yaqin sohada o‘zini sinab ko’rgan. Bunda yuridik departamentda hujjat yuritishdan tortib deklarant yordamchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatga (eksport, import) doir vazifalarni bajargan.

“Bir tomondan xususiy sektorda ko‘p funksiyalilikka asosida ishlashim meni “universal jangchi” bo‘lib shakllanishimda muhim rol o‘ynagan”, — deydi Sherzod Jalolov.

Uning aytishicha, tavakkal qilib ko‘rilsagina natija ko‘rinadi. Agar muvaffaqiyatsizlik bo‘lsa, bu keyingi biznes uchun yaxshi dars bo‘ladi.