Bosh sahifa Blog Sahifa 154

Yuqori texnologiyali elektrotexnika korxonalari alohida ro‘yxatga kiritiladi

0

Vazirlar Mahkamasining “Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan elektrotexnika sanoati korxonalarining ro‘yxatini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra: ro‘yxatga kiritish haqida ariza “Ro‘yxat” axborot tizimi orqali yuboriladi; kelib tushgan arizalar “O‘zeltexsanoat” Assotsiatsiyasi va Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi tomonidan birgalikda ko‘rib chiqiladi. O‘rnatilgan mezonlarga mos bo‘lgan (60 balldan yuqori ball to‘plagan) korxona tegishli ro‘yxatga kiritiladi.

Ma’lumot uchun: 2021 yil 1 apreldan boshlab mis xomashyosini birja savdolari orqali xarid qilishda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalari tomonidan to‘lovning 25 foizi avans tarzida va qolgan 75 foizi mis xomashyosi olinganidan so‘ng 90 ish kuni ichida har oyda teng ulushlarda amalga oshirish tartibi joriy etilgan.

«O‘zeltexsanoat» uyushmasining kafolatiga asosan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan korxonalarga tovarlarni eksport qilishda nol darajali soliq stavkasi qo‘llanilishi natijasida hosil bo‘lgan QQSning salbiy farq summasi 3 kun ichida qoplab beriladi. Bunda, soliq summasi qoplab berilganidan so‘ng, kameral soliq tekshiruvi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Agarda ro‘yxatga kiritilgan korxona faoliyati davomida mezonlar bo‘yicha baholanganda 60 balldan kam to‘plasa, ro‘yxatdan chiqariladi.

«Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga koʻpaydi» — Shavkat Mirziyoyev

0

Prezident raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlashda yangi bosqichga oʻtish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Qayd etilishicha, oxirgi uch yilda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha alohida tizim joriy qilinib, moliyaviy instrumentlar, infratuzilma masalalari hal qilindi.

Joriy yil boshida tumanlar 5 ta toifaga ajratilib, har biriga sharoitiga qarab yengilliklar berildi.

Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion soʻm kredit va 1,5 trillion soʻm subsidiyalar ajratilmoqda.

Natijada oʻtgan yili 1 million nafar, 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambagʻallikdan chiqarildi.

“Uchta daftar” va Ijtimoiy himoya reyestri orqali 2 million 300 ming muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olindi.

Har yili 100 mingta zamonaviy korxona ishga tushmoqda. Ularga 300-400 ming malakali mutaxassis kerak. Shuningdek, xususiy sektorda yiliga 200 mingta boʻsh ish oʻrni paydo boʻlmoqda.

Lekin kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarda buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga salohiyati hali yetarli emas.

Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga koʻpaydi. Bu bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi degani.

Prezident joylarda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilinib, ular qoʻllab-quvvatlansa, tumanda, mahallada bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar yanada koʻpayishini taʼkidladi.

Har yili kasb-hunarga oʻqitishga 200 milliard soʻm ajratilayotgani, ammo bu mablagʻlar tadbirkorlik subyektlarining mutaxassislarga ehtiyoji bilan bogʻlanmagani koʻrsatib oʻtildi.

Xuddi shunday, tadbirkor ham yiliga katta xarajat qilib, oʻzi uchun minglab mutaxassis tayyorlashga majbur. Lekin bunda davlat qoʻllab-quvvatlovi kerak.

Prezident aholi bandligini taʼminlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy ragʻbatlar taqdim etish zarurligini qayd etdi.

Shu maqsadda 1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.

Dasturga 2023-2024-yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi.

Bu mablagʻlar hisobidan:

– kambagʻal oilalar aʼzosini kasbga oʻqitib, ishli qilish boʻyicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi;

– tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga oʻqitish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.

Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan:

– kamida 20 foiz kambagʻal oila aʼzosini bir yil davomida ish bilan taʼminlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;

– kambagʻal oila aʼzosi daromad soligʻidan ozod qilinadi;

– 5 million soʻmgacha ish haqi toʻlayotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.

Shuningdek, dasturda qatnashadigan tadbirkorlar soliq va bojxona maʼmurchiligida yengilliklar oladi. Xususan:

– ular faoliyatida soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi;

– ularga qoʻshilgan qiymat soligʻi, shuningdek, ortiqcha toʻlangan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi;

– qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi;

– barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib toʻlash imkoni beriladi;

– bojxona toʻlovlarini sugʻurta kafolatisiz olti oyga boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yoʻlak” tartibi qoʻllaniladi.

Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan taʼminlashda qoʻshimcha yengilliklar beriladi:

– yer, bino-inshootlarni auksion orqali xususiylashtirishda boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi;

– qiymati 50 milliard soʻmdan yuqori loyihalar boʻyicha infratuzilma xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.

Soliq va bojxona imtiyozlari toʻliq berilishini, arzon kreditlar oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlamagan rahbarlarga javobgarlik choralari koʻrib boriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu tizim bir martalik ish emas, davomli jarayon boʻlishi zarurligini qayd etdi.

Vazirlar Mahkamasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga joylarga chiqib, tadbirkorlar koʻtargan muammo va takliflarni oʻrganish va ularga koʻmaklashish topshirildi.

Mutasaddilar oldiga yil yakuniga qadar ushbu yangi tizim asosida 550 ming aholini oʻqitib, kambagʻallikdan chiqarish choralarini koʻrish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda kambagʻallikni qisqartirish sohasida Xitoy tajribasini oʻrganish masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

Maʼlumki, shu maqsadda Xitoydan tajribali ekspertlar mamlakatimizga olib kelindi, Oʻzbekiston delegatsiyalari Xitoyga borib keldi. Natijada 18 ta yoʻnalishda manzilli loyihalar tayyorlandi.

Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Bunda kambagʻallik yuqori boʻlgan tumanlarda yoʻl-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va oʻrta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga eʼtibor qaratiladi.

Mutasaddilarga xitoylik ekspertlar bilan birga tanlab olingan 14 ta tumanni kambagʻallikdan chiqarish uchun kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Xitoy markazlari bilan hamkorlikda hokim yordamchilarini oʻqitish, yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafar salohiyatli hokim yordamchilarini Xitoyga amaliyot oʻtashga yuborish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilish davomida soha va hududlar mutasaddilarining yangi tizim asosidagi ishlarni qanday tashkil etishi yuzasidan axboroti tinglandi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkor Olimjon Obidov

0

Olimjon Obidov — JIDU va Janubiy Koreyaning Ajou universitetida tahsil olgan. “Das Team” konsalting firmasi asoschilaridan biri hamda menejeri va “Te Amo Travel” loyihasi asoschisi.

“Das Team” ning yaralish tarixi talabalik davriga borib taqaladi. O‘qib yurgan kezlari juda ko‘p tadbirlar va rasmiy uchrashuvlarning tashkilotchisi bo‘lgan. Koreya davlatida almashinuv dasturi asosida o‘qishi dunyoqarashining yanada o‘zgarishiga sabab bo‘lgan.

JIDU’da ikkinchi til sifatida nemis tilini o‘qigan. Universitet orqali nemis tili bilan “Work and Travel” lohiyasiga qatnashib bo‘lmagan. Bu holatni o’zgartirish va boshqalarga yordam berish maqsadida konsalting firmasi ochishga qaror qilingan.

Asoschilar Olimjon Obidovga yaqin insonlar bo‘lishgan. Ularning ko‘magida rejalarni tuzish va amalga oshirish qiyin kechmagan. Tashkilotchilik qobiliyati biznes boshlashda va muzokaralar olib borishga juda qo‘l kelgan.

“O‘qish davrida mavsumiy sayohatlar uyushtirish odatimiz (hobbi)ga ham biznes g‘oya sifatida yondashib, uzoq vaqt o‘tmasdan “Te Amo Travel” turagentligini ham ochdik. 2019-yilning noyabr oyida rasman ish faoliyatini boshlaganmiz. Keyingi oyning o‘zidayoq foyda ko‘rdik”, — deydi Olimjon Obidov.

Biznes tarixi: Crocs shippaklari qanday paydo bo‘lgan?

0

Spot yangi sahifani taqdim etmoqda. Unda dunyoga mashhur brendlar qanday paydo bo‘lgani, qiyinchiliklar hamda bugungi kundagi daromadi haqida ma’lumotlar beriladi.

Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

“Spot” yangi sahifani taqdim etmoqda. Unda dunyoning eng mashhur brendlari qanday paydo bo‘lgani, shakllanish tarixi va qiyinchiliklar hamda bugungi kundagi daromadi haqida ma’lumotlar berib boramiz.

Birinchi materialda o‘zining noodatiy shippaklari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan “Crocs” brendiga oid ma’lumotlarni taqdim etamiz.

Brendning yaratilishi

Karib dengizida kechgan sayohatda Skott Simans o‘z do‘stlariga suv o‘tkazmaydigan rezinali shippaklar bilan maqtanadi: ular sirpanib ketmaydi va kemada iz qoldirmaydi.

Simansning do‘stlari Lindon Xanson va kichik Jorj Boedekerga shippaklar yoqib qoladi. Shunday qilib, ular birgalikda rezinali shippak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qilishadi, biroq Simansda bu istak allaqachon mavjud edi.

Ularning hammasi tadbirkorlik bilan shug‘ullanar, masalan, Boedeker “Oregon Food Concepts” kompaniyasiga tegishli G‘arbiy Qo‘shma Shtatlardagi “Quizno‘s” tez ovqatlanish tarmog‘ining eng yirik franchayzeri edi.

Hanson esa kompyuter texnikasi, dasturiy ta’minoti va moliyaviy xizmatlarni sotish va boshqarish sohasida ishlagan. Simans o‘n yildan ortiq vaqt davomida fotografiya uskunalarini ishlab chiqarishga qaratilgan kompaniyasini boshqargan.

1999-yilda do‘stlar “Western Brands” kompaniyasiga asos solishadi. “Crocs” yaratuvchilari yiliga 25−30 ming juft shippak sotishlari va biznes “yaxshi hobbi»ga aylanishiga ishonishgandi. Shu bilan, hamkorlar shippaklarning orqa tarafiga tasma qo‘shib o‘zgartirishdi.

biznes tarixi, crocs

 

Foto: “secretmag.ru” nashri

2002-yilda ular “Crocs” savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishdi. “Beach” deb nomlangan “kroks»ning birinchi modeli timsohning yuziga o‘xshardi, nom ham aslida shundan kelib chiqqandi.

O‘sha yilning iyul oyida kichik Boedeker sakkiz kishidan iborat kompaniyaning bosh direktori bo‘ldi. Oyoq kiyimlarning 200 juft birinchi sinov partiyasi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etildi.

$30 lik shippaklar

Poyafzallar sirpanib ketmaydigan, hidni o‘ziga singdirmaydigan hamda sirpanmaydigan yumshoq poyabzal sifatida e’lon qilingan. Kichik teshiklari va “kesilgan” tovoni bo‘lgan rezinali shippaklar bir necha soat ichida sotiladi.

$30 lik qulay shippak nafaqat yaxtachilarga, balki oshpazlar, tibbiyot xodimlari va bolalarga ham ma’qul keldi. “Kroks»lar ular uchun ideal poyabzal bo‘lib chiqdi — yengil va chidamli, sirpanmaydi va changdan bemalol tozalab olish mumkin.

Bu poyabzallarni dunyo mashhurlari ham kiyishgan. Ular orasida “Google” asoschisi Sergey Brin, AQShning sobiq 44-prezidenti Barak Obama rafiqasi Mishel Obama, aktyorlar Jek Nikolson va Helen Mirren kabilar bor.

2003-yilda kompaniya 76 ming juft “kroks” sotgan, biroq hammasi zararga ishlagan — o‘sha yili kompaniya zarari $1,2 mln.ni tashkil etadi.

2004-yilga kelib Ron Snayder “Western Brands” kompaniyasiga qo‘shildi. Shunday qilib, rezinali shippaklar savdosi o‘sa boshladi.

Shu yili kompaniya ular uchun poyafzal polimerini ishlab chiqaradigan “Foam Creations” kompaniyasini sotib oldi. Mazkur bitim $5,2 mln.ni tashkil etdi.

biznes tarixi, crocs

Foto: “Deseret News” nashri

Kroslit charm kabi an’anaviy materiallarga qaraganda arzonroq va bardoshli bo‘lib chiqdi. Bundan tashqari, polimer bilan ishlash minimal qo‘l mehnatini talab qiladi.

“Kroks” tayyorlash qiyin emasdi, shuning uchun “Western Brands” o‘zgaruvchan chakana sotuvchi va mijozlar talabiga tezda javob bera oldi.

Jahon bozoriga chiqish

2005-yilning boshida kompaniya o‘z nomini rasmiy ravishda “Western Brands»dan “Crocs»ga o‘zgartirdi, Snayder bosh direktor lavozimida ishini davom etdi.

O‘sha yili kompaniya Yevropa bozoriga chiqdi. Geografik kengayish ular faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

2005-yilda “Crocs” 6 mln juft poyabzal sotdi, bir yil avvalgi ko‘rsatkich esa 649 ming juftni tashkil etgandi. Va nihoyat kompaniya foydaga chiqdi: ularning foydasi $17 mln.ga yaqinlashdi.

2006-yilda kompaniya tarixida ikkita muhim voqea yuz berdi. Ulardan birinchisi — kompaniya fevral oyida o‘z IPO‘sini o‘tkazdi va $207 mln yig‘di.

Aksiyalarning qiymati har bir aksiya uchun $21 ni tashkil etdi. O‘sha vaqtda kapitallashuv $940 mln bo‘lgan.

Ikkinchi muhim voqea esa, loyiha hammuassisi kichik Jorj Boedeker direktorlar kengashidan ketdi.

Birjaga kirgunga qadar korxonada poyabzallarning 11 ta modeli ishlab chiqarildi, ishchilar soni esa 1130 taga yetdi.

Bu vaqtga kelib, “Crocs” poyafzallari AQShning 6500 dan ortiq do‘konida sotilgan.

Bundan tashqari, yana 40 ta mamlakatda 1500 ta savdo nuqtalariga (Avstriya va Germaniyadan Yaponiya va Singapurgacha) ega bo‘ldi.

biznes tarixi, crocs

Foto: “Well Rigged” nashri

Jibbitz bezaklari

Brend xabardorligini oshirish uchun “Crocs” o‘zining kiyim-kechak liniyasini ham yo‘lga qo‘yadi: korporativ logotipli futbolkalar, sviterlar, shlyapalar va paypoqlar ishlab chiqara boshlaydi. Bu hali hammasi emasdi — kompaniya quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklar sotuvini ham amalga oshiradi.

2005-yilning yozida amerikalik uy bekasi Sheri Shmeltser “jibitlar” — “kroks»ning teshiklariga kiritilgan zargarlik buyumlarini o‘ylab topadi.

Uning eri esa buni qo‘llab-quvvatladi: er-xotin sayt ishga tushirib, mahsulotini ishlab chiqara boshlaydi.

2006-yilning avgustiga kelib ular 6 mln.ta “jibitlar»ni $2,2 mln.ga sotishadi. Oradan to‘rt oy o‘tib esa “Crocs” “Jibbitz»ni $10 mln.ga sotib oldi.

2007-yilga kelib kompaniya yiliga 50 mln juft “kroks” sotadi. Moliyaviy natija esa $168,2 mln.ni tashkil etdi. O‘sha paytda “Crocs” kapitallashuvi $6 mlrd bo‘lgan.

“Crocs” taniqli dizaynerlik brendlari bilan hamkorlik qilish orqali zerikarli rezina shippak ishlab chiqaruvchisi imijidan uzoqlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Brend 2016-yili birinchi marta podiumda paydo bo‘ldi. Xususan, britaniyalik dizayner Kristofer Keyn kompaniya bilan birgalikda 2017-yilning bahor-yoz kolleksiyasi ko‘rgazmasida dekorativ toshlar bilan bezatilgan “marmar” shippaklarni taqdim etdi.

biznes tarixi, crocs

Foto: “Mirror” nashri. Kristofer Keyn tomonidan yaratilgan Crocs

Kompaniyaning buguni

Crocsni dunyoning 90 ta davlatida, xususan, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston va Germaniya kabi mamlakatlarda mavjud.

2018-yilda kompaniyaning sof foydasi $69 mlnni, bir yildan keyin esa $119 mlnni tashkil etdi.

2020-yili Covid-19 koronavirus pandemiyasining biznesga salbiy ta’siri tufayli kompaniya kapitallashuvi $785 mln.gacha tushib ketdi.

Biroq bu yilni brend $313 mln sof foyda bilan yakunladi. 2021-da kompaniya sof foydasi $726 mln.ni tasjkil etdi va 2020-yilga nisbatan 131,9%ga oshdi.

Ammo 2022-yilgi ko‘rsatkich bir yil oldingi natijaga nisbatan 25,5%ga kamayib, $540 mln.ni tashkil etgan.

IT bo‘yicha 5 ta kitob: Kotlin dasturlash tili

0
RICHMOND, VA - FEBRUARY 18: Charlotte Tillier fills an order for books sold by color as bundles or “by the foot” for interior decor at The Book Bundler warehouse in Richmond Virginia, February 18, 2022. (Parker Michels-Boyce for The Washington Post)

Ushbu to‘plam Kotlin dasturlash tilini o‘rganishni boshlayotganlar va turli darajaga ega bo‘lgan mutaxassislar uchun foydali bo‘ladi.

“Kotlin: misollar bilan dasturlash”, Packt nashriyoti, Adelekan Iyanu

Kitob Android uchun Kotlin tilida mobil ilovalarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Tilning funksiyalari va sinflari, obyektga yo‘naltirilgan dasturlash usullari kabi asosiy elementlari ko‘rib chiqiladi.

U Android ilovalari uchun RESTful mikroservislarini ishlab chiqish, MVC arxitektura naqshini amalga oshirish usullari haqida hikoya qiladi.

Logstash yordamida ma’lumotlarni qanday markazlashtirish, o‘zgartirish va saqlashni, Spring Security yordamida ilovalarni qanday himoya qilishni tavsiflaydi.


“Kotlin harakatda”, Dmitriy Jemerov, Svetlana Isakova

Ushbu kitob dasturchiga yuqori sifatli ilovalar yaratish uchun Kotlin tilidan qanday foydalanishni o‘rgatadi.

Til yaratuvchilari, JetBrains ishlab chiquvchilari tomonidan yozilgan ushbu kitob domenga xos tillarni yaratish, Java virtual mashinasida funksional dasturlash, Java va Kotlindan birgalikda foydalanish va boshqalar kabi mavzularni qamrab oladi.

Kitob Java tilini biladigan va Kotlin bilan tanishishni hamda samarali ishlashni boshlamoqchi bo‘lgan dasturchilar uchun mo‘ljallangan.

dasturlash tili, kitoblar tavsiyasi, kotlin


Kotlin. Professionallar uchun dasturlash”, Skin Josh, Grinhol David

Muallilarning kitobi “Big Nerd Ranch” kompaniyasining mashhur “Kotlin Essentials” kursiga asoslangan.

Yorqin va foydali misollar, asosiy tushunchalar va fundamental API’larning aniq tushuntirishlari sizni nafaqat Kotlin tili bilan tanishtiradi, balki uning imkoniyatlaridan samarali foydalanishni o‘rgatadi.


“Kotlin bir qarashda”, Saksena Svati

Bu kitob asosan Kotlin dasturlash tili va uni Java bilan solishtirishga qaratilgan. Ushbu kitobni o‘qish orqali o‘quvchilar tilning eng muhim xususiyatlari va jihatlari bilan tanishishlari mumkin.

Obyektga o‘naltirilgan dasturlash, nol xavfsizlik, generiklar va boshqa ko‘plab qiziqarli xususiyatlarning to‘liq ko‘rinishi bilan bu kitob yangi va tajribali Java dasturchilari uchun mukammal tanlov hisoblanadi.

Ushbu muqobil Java virtual mashinasi tili haqida koʻproq maʼlumot olishni xohlovchilar uchun. Kitobni oʻqish uchun Kotlin boʻyicha oldingi bilimlarga ehtiyoj qolmaydi, chunki asoslar kitobda tushuntirilgan.

dasturlash tili, kitoblar tavsiyasi, kotlin


“Yangilar uchun Kotlin dasturlash boʻyicha qoʻllanma”, Jon Hunt

Kitobning birinchi qismida Kotlin dastur tuzilmalari, shuningdek, agar va qachon ifodalari kabi boshqaruv funksiyalarining shartli oqimi hamda “for”, “while” va “do-while” kabi takrorlash davrlari taqdim etilgan.

Keyingi boblarda funksiyalar Kotlinda qanday amalga oshirilganligi tushuntiriladi va funksional dasturlash tushunchalari, masalan, yuqori tartibli funksiyalar va kurried funksiyalar bilan tanishtiriladi.

O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

0

16-18 may kunlari Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining «Iqtisodiy chidamlilik va barqarorlikka investitsiyalar kiritish» mavzusidagi 32-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb  xabar bermoqda «Dunyo».

O‘zbekiston tomonidan ushbu tadbirni o‘tkazish uchun ariza 2019 yilda berilgan va 2022 yilda tasdiqlangan. Tadbirda 73 davlatdan 2000 dan ortiq mehmonlar, jumladan, xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, shuningdek, yetakchi xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Iqtisodiyot barqarorligiga investitsiyalar kiritish masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo‘ladi. Yig‘ilish davomida Bankka a’zo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish mavzulariga bag‘ishlangan panel munozaralari o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Tadbir shuningdek, YeTTBga o‘tgan yil davomida erishgan yutuqlarini tahlil qilish va rejalar tuzish imkoniyatini beradi. Yig‘ilish asosiy tadbirlaridan biri «O‘zbekistonning investitsiyaviy istiqbollari to‘g‘risida»gi sessiya bo‘ladi. Unda mamlakat iqtisodiyotining kutilayotgan o‘sish sur’atlari va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Tadbirning uch kunlik kun tartibidan ekspertlar ishtirokidagi turli mavzularda, jumladan, mintaqalar va alohida mamlakatlarga bag‘ishlangan bir qator panel munozaralari ham o‘rin olgan.

Ular qatoridan:

• xalqaro savdo munosabatlari;
• energiya xavfsizligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari;
• kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ahamiyati;
• rivojlanayotgan bozorlarda raqamlashtirish jarayonlari;
• YeTTB «Yashil shaharlar» dasturi;
• YeTTBning «Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar» mavzusidagi asosiy makroiqtisodiy tadqiqoti va boshqalar o‘rin olgan.

Yig‘ilish davomida xalqaro ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tadi. Unda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo aloqalar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa masalalar yuzasidan ekspert muhokamalari o‘tkaziladi.