Bosh sahifa Blog Sahifa 152

Kovorking markazlar: Qulaylik hamda innovatsiyalar majmui

0

🙋 Yoshlar oromgohida tashkil etilgan “Oliy ta’lim muassasalarida yoshlar masalalari va ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha ustuvor vazifalar mavzusida”gi o‘quv-seminarda qatnashdim.

👥 Unda davlat oliy ta’lim muassasalarining birinchi prorektorlari, nodavlat va xorijiy OTMlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullari ishtirok etishdi.

📁 Jarayon davomida qatnashchilarga “Oliy ta’lim muassasalarida Kovorking markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish” mavzusida ma’lumot berdim.

💳 Aytishim kerakki, kovorking markazlari yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasini ijaraga berish, ularni internet bilan ta’minlash, shuningdek, biznes tashabbuslarini amalga oshirishga boshqacha ko‘mak berish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etishga mo‘ljallangan majmua hisoblanadi. Bu kabi markazlarning OTMda ham bo‘lishi esa yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlarni yaratib beradi.

👍 O‘ylaymanki, bugungi o‘quv-seminar barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘ladi!

Bu yerga esa mavzuga aloqador bo’lgan prezentatsiyani ham qo’shib qo’yaman. U orqali barcha ma’lumotga ega bo’lishingiz mumkin!

Коворкинг презентация

«Yoshlar — kelajagimiz» jamg’armasi ijro etuvchi direktori Xayrulla Sattarov

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkor Ma Huaten

0

Ma Huaten — 1971-yil 29-oktabrda Guandun provinsiyasida tug‘ilgan xitoylik tadbirkor, “Tencent” telekommunikatsiya kompaniyasi asoschisi va direktorlar kengashi raisi hamda milliarder.

“Forbes” jurnalining 2018-yil 5 maydagi reytingida 42,6 milliard dollar boyligi bilan milliarderlar orasida 4-o‘rinni egallagan.

1993- yilda Shenjen universitetini kompyuter muhandisligi bo’yicha tamomlagan va bir muddat “Runxun Communications Development Co. Ltd” kompaniyasida faoliyat yuritgan. Fond bozorida pul ishlab, keyinchalik kollejdagi do‘stlari bilan “Tencent” kompaniyasiga asos solgan. Kompaniya chiqargan birinchi mahsulot Xitoyning “QQ” xabar almashish xizmati bo‘lgan. Bepul bo‘lgani bois ushbu xizmat tez orada mashhurlashgan.

O‘shandan beri “Tencent” sezilarli darajada o‘sib, bir qancha yirik kompaniyalarga sarmoya kiritgan.

Bolani tadbirkor qilib tarbiyalashda yordam beradigan 10 ta kitob

0

Har bir ota-ona o‘z farzandining baxtli va mustaqil kelajagi haqida orzu qiladi. Bunga erishish usullaridan biri – o‘z ishini tashkil etish. Biroq buning uchun ham qator omillar zarur: moliyaviy savodxonlik, maqsad sari intilish, oilaning ko‘magi. Omadni qarangki, endilikda har bir ota-onada o‘z farzandida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun o‘ziga xos yo‘l xaritasini tuzish imkoniyati mavjud.

Rb.ru nashriyotlarga murojaat qilib, bolada tadbirkorlik ko‘nikmalarini topish va rivojlantirishda yordam beradigan kitoblarni tavsiya etishlarini so‘ragan. O‘nta foydali kitobdan iborat ro‘yxat esa quyidagicha:

«Qanday qilib 21 kunda film yozish mumkin? Ichki film usuli»

Viki King kitobi – mualliflik konsepsiyasi va ssenariy yozish mohirligini qadam-baqadam o‘rgatish. Gap shundaki, hech kim 21 kunda film yoza olmaydi. Biroq yurak va miya hamkorligi yo‘lga qo‘yilsa, imkonsiz narsani amalga oshirish mumkin. Birinchi navbatda, bu kitob filmga ssenariy yozishni o‘rgatsa, ikkinchidan esa mashaqqatlardan qo‘rqmaslik va orzuga erishish yo‘lida bahonalar topmaslikni o‘rgatadi.

«Bolani fikrlashga o‘rgating»

Edvard de Bono bolani fikrlashga o‘rgatish zarur, deb hisoblaydi. To‘g‘ri, ayrim ota-onlar konstruktiv fikrlash va zakovatni adashtiradilar. Biroq muallif ushbu tushunchalar o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatadi hamda bolalarning aqliy faolligini rivojlantirish uchun ko‘plab o‘yin va mashqlarni taklif etadi.

«O‘smirlar uchun boy ota, kambag‘al ota»

Robert Kiyosaki – g‘aroyib tajribaga ega inson. Uning asarlari mana bir necha yildirki, o‘zining dolzarbligini yo‘qotmayapti. Bu kitob o‘smirlarga moliyaviy savodxonlik asoslarini beradi, dunyoda o‘z o‘rnini topish va haqiqatan ham badavlat bo‘lishda ko‘mak ko‘rsatadi.

«Mani ismli it»

Bodo Shefer kitobida gapira oladigan Mani ismli labrador haqida so‘z yuritiladi. G‘aroyib it moliya sohasida daho bo‘lib chiqadi va «kattalarga» xos murakkab tushunchalarni oson o‘yin tarzida tushuntiradi.

«Bolalar uchun psixologiya: uy, maktabda va sayohatda»

Ertami yoki kech, har bir bola jamiyatga kirib keladi va tushunmaslik muammosi bilan yuzma-yuz kelishi mumkin. Qanday qilib to‘g‘ri do‘stlashish mumkin? Qanday qilib muloqot qilish, o‘ynash kerak? Larisa Surkovaning kitobi bolalar har bir murakkab vaziyatda o‘zlarini dadil tutishlari uchun eng zarur psixologiik haqiqatlar haqida hikoya qiladi.

«Videobloger bo‘l»

Agar farzandingiz videobloger bo‘lish va ana shu sohada pul topishni istasa, bunday ensiklopediya aynan siz uchun. U sizga eng asosiy narsalar – roliklarni tasvirga olib, ularni montaj qilishni o‘rgatadi. Yana unda faoliyatini endigina boshlagan blogerlarning eng keng tarqalgan xatolari haqida batafsil so‘zlab beriladi. Endi barini to‘g‘ri bajarish mumkin.

«Qanday qilib bolani moliyaviy dahoga aylantirish mumkin?»

Kitob «3 yoshlan 23 yoshgacha farzandi bo‘lgan ota-onalar uchun» yozilgan. Shunday ekan, uning tili tushunarsiz atamalarga boy, murakkab ekanidan cho‘chimang. Bet Koblayner – moliyaviy maslahatchi, uning kitobi inflatsiya va birjadagi o‘yinlarni sodda tilda tushuntirishga yordam beradi.

Nashr bolalarga buvi va buvalar tomonidan sovg‘a qilingan pullarni saqlash (yoki sarmoya sifatida kiritish) usullarini ko‘rsatadi. Agar farzandingizdan tadbirkor kishini shakllantirishni istasangiz, hozirning o‘zidan boshlash kerak. U holda Koblayner – must-read (o‘qish shart bo‘lgan) kitob ekani aniq.

«Bolalar va pul»

Adam Xo va Keon Chi bolalarda pulga nisbatan to‘g‘ri munosabatni shakllantirishni biladilar. Mualliflar ota-onalarga bolalar bilan moliyaviy savodxonlik hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishni donolarcha tushuntiradilar.

Dunyodagi jami marketing xarid va yana xarid qilishni taklif etayotgan bo‘lsa-da, xarajatlarni amalga oshirishda bolada mas’uliyat va mo‘’tadillik kabi jihatlarni rivojlantirishni zarur, deb hisoblashadi. Bularning barini mualliflar shaxsiy tajriba, u qadar murakkab bo‘lmagan testlar va g‘aroyib komikslarga asoslangan holda maslahat berishadi.

«Kira va kulcha siri»

Bodo Shefer bolalarning moliyaviy savodxonligida to‘xtab qolgani yo‘q. Kira ismli qizaloq haqidagi kitob nafaqat pul, balki shaxs sifatida rivojlanish haqida. Qahramon murakkab vaziyatlarga duch kelib, ularni muvaffaqiyatli yengishga erishadi. Kitob qiyinchiliklarni yengish, o‘z-o‘ziga ishonish, muvaffaqiyatlarga erishishni o‘rgatadi. Bu esa har bir bola uchun muhim.

«Orzu qil va amalga oshir!»

Polina Grens – «Fizruk» serialidagi aktrisa. Ushbu kitobda u haqiqatan ham muvaffaqiyatli bo‘lish, blogni to‘g‘ri yuritish va u orqali pul ishlab topish haqida hikoya qiladi.

O‘zbekistonda franchayzing. Bu nima uchun kerak va uning afzalliklari nimada?

0

2021-yil 3-iyun kuni O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan franchayzingni bepul o‘rgatish onlayn dasturi ishga tushirildi.

Treninglar biznesni tizimlashtirish va franchayzingni rivojlantirish sohasida 15 yildan ortiq ishlagan Aleksandr Lukyanov tomonidan olib borildi. Bugungacha u “ReMax”, “Jacobs” “Douwe Egberts Professional”, “IDS Borjomi” va boshqa brendlar bilan ishlagan.

“Spot”, Aleksandr bilan birgalikda, franchayzing nima, kimlar uchun mo‘ljallangan, uning qanday foydalari va xavflari mavjudligi haqida ma’lumot beradi.


biznes, franchayzing, franshiza, tadbirkorlik

Aleksandr Lukyanov,

biznesni tizimlashtirish va franchayzingni rivojlantirish sohasi mutaxassisi.

Franchayzing tizimi uzoq vaqtdan beri dunyoning turli mamlakatlarida qo‘llanilgan.

Jahon Franchayzing Kengashi (WFC) ma’lumotlariga ko‘ra, franchayzingdan foydalanayotgan korxonalar soni 1,5 mln ga yaqinlashmoqda.

COVID-19 pandemiyasi kabi fors-major hodisalari sharoitida ushbu turdagi “biznes” nisbatan kamroq ta’sirga uchraydi.

Franchayzing — bu biznesni tashkil etish va rivojlantirish tizimi bo‘lib, unda bir kompaniya (franchayzer) boshqa biznes yoki yakka tartibdagi tadbirkorga (franchayzga) nom va tizimdan foydalangan holda biznes yuritish huquqini beradi.

O‘zbekistonda tovar belgisining bunday “ijarasi” tobora kuchayib bormoqda. Rivojlanishga to‘sqinlik qiladigan asosiy omil — bu haqda xabardorlikni pastligidir. Buning bir qancha sabablari bor, lekin asosiysi ixtisoslashtirilgan ta’limning yetishmasligi hisoblanadi. Franchayzing haqida ozgina bo‘lsa ham ma’lumot bera oladigan biznes maktablari va ixtisoslashtirilgan kurslar juda kam.

Ikkinchi sabab — bu tuzum va biznes yuritish usulining nisbatan “yosh” ekanligi. Agar AQSh va Yevropada u o‘tgan asrning 40-yillari oxiridan boshlab faol rivojlanayotgan bo‘lsa, MDH mamlakatlari iqtisodiyotida faqat 2000-yillarning boshlarida rivojlana boshlagan.

Uchinchi sabab — qonunchilik bazasining nomukammalligi. Bu birinchi ikkita sabab bilan bog‘liq, chunki mansabdor shaxslar va deputatlar ham ushbu sabablar ta’siriga tushishadi.

O‘zbekistonda franchayzing muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun, birinchi navbatda, ma’rifiy ishlarni olib borish, biznes va tadbirkorlarga tushuntirishlar berish zarur.

Biz butun O‘zbekiston aholisida franchayzing nima ekanligi haqida tushuncha shakllantirishimiz kerak. Chunki, aslini olganda, mamlakatning har qanday fuqarosi franchayzing sotib olish orqali o‘z biznesini boshlashga haqli.

“Franchayzingni biznesga muqobil deb hisoblab bo‘lmaydi”

Franchayzing istisnosiz hamma uchun ochiq, ammo tadbirkorlar shuni tushunishlari kerakki, biznes turiga qarab, franshiza orqali ham butun model, ham jarayonlarning faqat bir qismi o‘tkazilishi mumkin. Aynan shu yechim murakkab biznes modellarida samarali tarmoq yaratish imkonini beradi.

Shuni ta’kidlash kerakki, buni biznesga muqobil deb hisoblab bo‘lmaydi, chunki bu uning ajralmas bir qismidir. Franchayzer uchun bu masshtablashish modeli hisoblanib, franshiza uchun esa shaxsiy biznes yuritishning xavflari kamaytirilgan shaklidir.

Franchayzing ma’lum bir “o‘sish” bosqichidan o‘tgan, ya’ni o‘z modelini aniq anglab olgan, maqsadli auditoriyasiga ega, o‘z mahsuloti va uni takomillashtirish yo‘llarini tushungan va ishlaydigan ichki jarayonlar tizimini yaratgan kompaniyalar tomonidan qo‘llaniladi.

Dunyoning har qanday davlatida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham tadbirkorlar faoliyat ko‘lamidan qat’i nazar, ushbu tizimdan foydalanishlari mumkin. Kompaniyaning masshtabni kengaytirishga tayyorligiga ta’sir qiluvchi asosiy omil kompaniyaning “o‘ziga xosligi»dir. Boshqacha qilib aytganda, tizimlilik darajasidir.

Ishonchim komilki, bu yerda o‘ndan ortiq bunday kompaniyalar mavjud, bu ular o‘z franshizalarini yaratishi va franchayzlarni jalb qilish orqali tizimli biznes madaniyatini rivojlantirishi mumkin, bu esa o‘z navbatida barqaror iqtisodiyot, yangi ish o‘rinlari va bozor pozitsiyalarining mustahkamlanishga olib keladi.

Asosiy turlari

O‘zbekistonda franchayzingning eng keng tarqalgan turlari savdo va xizmat ko‘rsatishdir. Iqtisodiyotga ta’sir darajasi bo‘yicha bular mikro va kichik biznesdir. Asosan aynan shu ikki tur yangi iqtisodiy sharoitda faol rivojlana boshlaydi. Ular idrok qilish uchun biroz sodda, oson va tushunarliroqdir.

Franchayzingni rivojlantirishni rejalashtirayotgan kompaniyalar ko‘proq talabga ega bo‘lishlari mumkin. Misol tariqasida men shunday aniq biznes turlarini sanab o‘taman: oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar chakana savdosi, restoranlar, kafelar, fast-food, novvoyxonalar, go‘zallik salonlari, ko‘chmas mulk agentliklari, kimyoviy tozalash xizmatlari, maktablar, bolalar bog‘chalari, fitnes markazlari, avtomobil yuvish va boshqalar.

Shuningdek, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi korxonalari har doim talabga ega bo‘lib kelgan, chunki ular shundoq ham o‘rta va yirik biznes toifasiga kiradi. Biroq, ularning yaratilishi katta hajmdagi resurslarni talab qiladi va ularni sotib olish arzon bo‘lmaydi. Lekin ular kelgusi yillar davomida ikkala tomonni ham yuqori daromad bilan ta’minlashi mumkin.

Afzalliklar va xavflar

Men franchayzingni tizimlashtirish, takomillashtirish va rivojlantirishning haqiqiy vositasi deb hisoblayman. To‘g‘ri rejalashtirilgan franchayzing orqali ikkala tomon ham hamkorlikdan yakka holda biznes yuritgandan ko‘ra bir necha baravar ko‘proq foyda ko‘radi.

Shunda birinchi tomon sezilarli investitsiyalarsiz bozor ulushini tezroq egallashi, daromadlarni oshirishi, shuningdek, chekka hududlargacha kengayishi mumkin.

Xaridorlar yangi joy tanlash, resurslarni tejash, tajribali hamkor tomonidan qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalardan foydalanish, xavflarni diversifikatsiya qilish va boshqa ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.

Bu yerda dolzarbligi, foydalari va afzalliklariga qaramay, quyidagi xavflar mavjudligini ham tushunish kerak:

  • mahsulotning bozor manfaatlariga mos kelmasligi;
  • hududning samarasiz rivojlanishi;
  • murakkab tarmoqlarni boshqarish bo‘yicha tajribaning yetishmasligi;
  • past sifatli franchayzing tufayli obro‘ning yo‘qolishi;
  • franshizaning yo‘qotishlari tufayli raqobatbardoshlikni yo‘qotish;
  • maxsus uslubning aralashib ketishi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashida bir qator takliflar bildirdi

0

Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining o‘ttizinchi yig‘ilishida videoaloqa orqali ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko’ra, davlat rahbari ushbu integratsiyaviy birlashma sammitlarida O‘zbekiston 2020-yilda kuzatuvchi maqomini olganidan buyon an’anaviy ravishda ishtirok etib kelmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan bu galgi uchrashuvda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To’qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel hamda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.

Taklif etilgan davlat rahbarlari sifatida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston YOII huzuridagi kuzatuvchi davlat sifatida birlashma doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etayotganini qayd etdi. Savdo munosabatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, yangi o‘sish nuqtalari va imkoniyatlarni izlash bo‘yicha birgalikda ish olib borilmoqda. 2022-yilda O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga ko‘paydi. Barqaror o‘sish sur’ati joriy yilda ham kuzatilmoqda.

Sanoat kooperatsiyasi sohasida keyingi yillarda mamlakatning ustuvor tarmoqlarida yuzlab qo‘shma loyiha va korxonalar ishga tushirildi. Ishbilarmonlar muloqotini rag‘batlantirish uchun samarali platformalar yaratildi. Joriy yilning aprel oyida uchinchi bor Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan va an’anaviy tus olgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi shular jumlasidan.

Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Uch yillik Qo‘shma reja doirasida qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish, iqtisodiyotni tartibga solish tajribasi bilan almashish, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha 200 dan ziyod tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha hamda transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etmoqda.

“Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Foto: Prezident matbuot xizmat

Davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasida savdo aylanmasi hajmini tubdan oshirish uchun savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.

O‘zbekiston prezidenti bojxona ma’muriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlar o‘tkazish taklif qilindi.

“Yevrosiyo makonida yangi ish o‘rinlarini yaratish va industrial xablarni shakllantirishning muhim omili sifatida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim, deb hisoblaymiz”, – dedi prezident.

Mamlakat kooperatsiya loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama dasturlarda va YOII Ishbilarmonlar kengashi faoliyatida ishtirok etishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror logistika zanjirlarini yaratish borasida birgalikdagi ishlarni kuchaytirish ahamiyatiga e’tibor qaratib, O‘zbekiston yetakchisi Shimol – Janub xalqaro yo‘laklarini va mintaqani Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, O‘zbekiston—Afg‘oniston—Pokiston temiryo‘li qurilishini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi ishiga qo‘shilishga taklif etdi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida O‘zbekiston rahbari qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi o‘rnini faol bosishni rag‘batlantirish, “yashil” yo‘laklarning to‘laqonli ishlashini ta’minlash, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatlarimiz agrobiznesi vakillari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish takliflarini ilgari surdi.

Foto: Prezident matbuot xizmat

Shu maqsadda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi vazirlari, oziq-ovqat mahsulotlarining yetakchi ishlab chiqaruvchilari va importchilari ishtirokida “YeOII plyus” formatida Agrar forumni o‘tkazish tashabbusini bildirdi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, oliy ta’lim muassasalari va professional ta’lim markazlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari qayd etildi. Muhandislik-texnik ixtisosliklar bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan kadrlarni birgalikda tayyorlash yuzasidan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston prezidenti so‘zining yakunida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi yakunlari YOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, shakl va mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Apple kapitallashuv boʻyicha 3 trln dollarlik birinchi kompaniyaga aylanishi mumkin

0

“Apple” kompaniyasi kapitallashuv boʻyicha $3 trln.lik chegarani bosib oʻtishga harakat qilmoqda, deya xabar berdi “Bloomberg” nashri.

Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon “Apple” aksiyalari 35%ga qimmatlashgan, bozor qiymati esa $690 mlrd.ga oshgan.

Qayd etilishicha, hozir kompaniyaning kapitallashuvi deyarli $2,76 trln.ni tashkil etadi.

“Apple»ning bozor qiymati 2022-yilning 3-yanvarida savdolar chog‘ida, dunyoda birinchi bo‘lib $3 trln.dan oshdi.

Oʻshanda kompaniya butun Buyuk Britaniya iqtisodiyoti yoki Germaniya fond bozoridan qimmatroq edi.

Biroq kompaniya savdo kunini $3 trln darajasidan yuqoriroq yakunlay olmadi, shundan keyin uning aksiyalari pasayish davrini boshladi.

Rekorddan bir yil o‘tib, “Apple»ning bozor kapitallashuvi 2 trln.dan pastga tushdi. Umuman olganda, 2022-yilda kompaniya aktiyalari qiymatining 27%ini yo‘qotdi.

“Sarmoyadorlarni „Apple“ daromadining kuchliligi va katta pul oqimi qiziqtiradi”, — deb yozadi “Bloomberg”.

Kompaniya aksiyalarini hedj-fondlar, institutsional va chakana investorlar, shuningdek, dunyodagi eng mashhur investorlardan biri, milliarder Uorren Baffet afzal ko‘radi.

2022-yilda investorlar ehtimoliy retsessiya, AQSH banklarining qulashi va davlat qarzi chegarasi darajasidan qoʻrqib, odatda eng yirik kompaniyalarning hujjatlarini tanlamoqda.