Bosh sahifa Blog Sahifa 152

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkor Kamron Zaripov

0

Kamron Zaripov — Qoraqalpog’iston Respublikasi To’rtko’l tumanida tug’ilgan. Dasturchi, IT-tadbirkor. Fond bozorida savdo operatsiyalarini amalga oshirish uchun mobil ilova (Sarmoyador) ishlab chiqqan.

Shuningdek, “Espihouse” (ko’chmas mulk oldi-sotdisiga mo’ljallangan platforma) hamda “Espiservis” (kommunal va xo’jalik ishlarida xizmat ko’rsatuvchi mobil ilova) kabi dasturlarni yaratgan. 18 yosh, IT — tadbirkor. U Spot’ga qanday qilib maxsus kurslarga bormasdan dasturchiga aylangani, marketingni tushunmaydigan tadbirkorlar va kelajakdagi rejalari haqida so’zlab berdi.

Moliyaviy erkinlik sari

Fond bozoriga kirib kelishimga, umuman olganda daromadi yuqori bo’lgan kasb egasiga aylanishimga barcha uchun tanish bo’lgan moliyaviy ehtiyoj masalasi sabab bo’lgan. Internet orqali pul topish mavzusi doimo barcha uchun qiziq bo’lib kelgan. 2018-yilda birinchi bor “birja” so’zini eshitib, shunga aloqador kanal va saytlarni faol kuzata boshladim.

O’shanda tasodifan telegram kanal orqali “Forex” platformasi ishtirokchisiga aylandim va daromad ko’rishni boshladim. Ammo bu usulda pul topish tavakkalchilikka asoslanganligi va kimningdir yutqazishi evaziga yuzaga kelayotganligini tushunganim zahoti platformada ishlashni to’xtatdim.

Uning o’rniga investitsion kompaniya orqali hisob ochib, O’zbekiston fond bozorida savdo qila boshladim. Shundan buyon birjaning faol ishtirokchisiman.

Albatta bu bilan cheklanib qolganim yo’q. Hozirda ko’plab shov-shuvlarga sabab bo’layotgan kriptovalyutalar savdosiga ham qiziqdim.

Investitsiyani asosan nomi unchalik mashhur bo’lmagan altkoinlarga kiritaman. Chunki vaqti kelib ularni bitkoinning kelajagi kutib turgan bo’lishi mumkin.

Foto: Spot

Mobil ilovalar, saytlar ishlab chiqish ham e’tiborimni tortdi va Google qidiruv tizimi, Youtube orqali videolar tomosha qilib, amaliyotda sinab ko’rishni boshladim.

Daromad manbalari

Dasturchi bo’lish uchun maxsus kurslarga bormaganman. Asosan video ko’rsatmalar orqali o’rganar edim.

Hozirgacha o’zim va xalqaro hamkorlar ishtirok etgan hamda muvaffaqiyatli yakunlangan loyihalar soni 25 dan ortiq. Hamkorlarning asosiy qismi Rossiya, Hindiston, Qozog’iston kabi davlatlardan. Barcha sohalarda eng arzon ishchi kuchi Hindistonda mavjud.

Agar mijoz biroz murakkab loyihaga buyurtma bersa, albatta ularga murojaat qilaman. Bir tomondan ulardan loyihaning ikir- chikirlarini o’rganish, boshqa tomondan esa vositachilik uchun foyda olish yanada ko’proq izlanishga undaydi.

Mobil ilovalarni Java orqali dasturlayman. Tabiatan dangasaroqman, shuning uchun kodlarni yodlamayman. Ish jarayonida qayta va qayta kiritish ularni uzoq yillar saqlanishini ta’minlaydi. Mobil dasturlash va sayt yaratishdan tashqari grafik dizaynerlik bilan ham shug’ullanganman.

Mehnatga yarasha haq to’lanishi kerak

Professioonal Google qidiruvchilik boshqa ko’nikmalarni ham shakllantira bordi. Videomontaj va effektlar bilan ishlashni o’rgandim. Ishlar doim ham a’lo ketavermagan. Brokerlik hisobini ochib bergan invest kompaniya vakillari mendan fond bozorida savdo — sotiq qilish bo’yicha demo videolar tayyorlab berishimni so’rashgan. O’rtada og’zaki kelishuv bo’lgan.

Bir soatlik jami 6 ta video tayyorladim. Afsuski, kompaniya egasi pul to’lashdan bosh tortdi. Men ham tayyorlagan videolarimni hech ikkilanishlarsiz Youtube’ dagi sahifadan olib tashladim.

 

Foto: Shaxsiy arxivdan

Chiqargan xulosam shunday bo’ldiki: ishonchli mijoz tanlay olish ham katta ahamiyatga ega. Buyurtmaga sarflagan vaqtingiz va resursni qadrlay olmaydigan kishilardan uzoqroq bo’lgan maqul.

Shaxsiy token

Oylik daromadim har xil ko’rinishga ega. O’rtacha $2000 deya ayta olaman.

Mablag’larimni teng taqsimlagan holda bir qismini fond bozoriga, boshqa qismini kriptovalyutalar bozoriga, ish jihozlarimni yangilashga hamda shaxsiy ehtiyojlarimga sarflayman.

Hozirda “SARMOYA” deya nomlangan shaxsiy tokenni savdo platformasiga joylashtirish ishlari bilan bandman.

Foto: Shaxsiy arxivdan

Fond bozori uchun ishlab chiqilgan android mobil ilovani rasmiy vakillarga jo’natdim. Ular mendan taqdimot o’tkazishimni va barcha tafsilotlarni tushuntirib berishimni so’rashdi. Shuningdek, ilovani Google Play ga joylashtirish uchun so’rov yubordik. Ammo rad javobini oldik. Umid qilamanki. rasmiy e’lon qilingach, ilovaning IOS versiyasini ham ishlab chiqamiz va ommaga taqdim etamiz.

Ishga taklif qilishdi

Dasturchi deya “sarafan radio” orqali meni ishga taklif etishdi. Qo’shni shaharda joylashgan bu kompaniya men doimiy topayotgan oylik daromadning ikki barobar ortig’ini taklif etdi.

Ammo men rad etdim. Sababi erkin muhit va fantaziya faqatgina o’zim uchun zavqlanib ishlayotganimda keladi. Ish jarayonini yaxshi ko’rish va erkinlikni qisman cheklagan holda kimgadir “bo’ysunib” ishlash rejalarimni butkul chalkashtirib yuboradi.

Albatta buni dasturchilar yaxshi tushunishadi. IT Park va boshqa xalqaro rezident kompaniyalarga ishga kirish uchun kurslarga borish zarur. Chunki ular suhbat jarayonida siz Google va Youtube’ da javobi bo’lmagan masalalarni taqdim etishadi.

SMM agentlikni yopdik

2020- yilda bir qancha mutaxassislar bilan birga marketing va reklama bo’yicha xizmat ko’rsatuvchi SMM agentligini ishga tushirdik. Uni “Veelico” deya nomladik.

Kopirayter, videomeyker, fotograf, marketolog, grafik dizayner va boshqa mutaxassislar birgalikda jamoa bo’lib ishlar edik.

Shunday vaziyatlar bo’lar ediki, bizga ishni ishonib topshirgan mijoz kompaniyalar noan’anaviy uslubdagi posterlar va matnlarni qabul qila olishmas va sohani tushunmaganliklari sabab bizni oddiy formatga “kirishimizni” buyurishar edi.

Foto: Shaxsiy arxivdan

Tabiiyki mehnat uchun haq ham to’lashmas edi. O’sha paytdagi cheklovlar yana bir bor davlat korxonasi yoki xususiy kompaniyada ishlashni xohlamasligimga sabab bo’lgan.

Maslahatlar. Daromadi yuqori bo’lishini istagan har qanday inson avvalo fikrlashini o’zgartirishi kerak. Menda ham xuddi shunday holat Robert Kiyosakining “Boy ota, kambag’al ota” asarini o’qigach yuz berdi. Ijobiy fikrlar biznesni olg’a yurishiga va yangi g’oyalarni kashf etishga yordam beradi.

Bundan tashqari, Artur Konan Doylning “Sherlok Xolms va Doktor Uotson” asari ham har tomonlama dunyoqarashni o’stiruvchi kitob deya hisoblayman. Deduksiya biznesmenlar yillar davomida mashq qilib qo’lga kiritadigan ko’nikma. Kitob yordamida uni anglab yetish va hayotga tatbiq etish jarayoni tezlashadi.

Albatta maqsadsiz qilingan har qanday harakatning natijasi nolga teng. Shunday ekan, nima xohlashingizni anglagan holda ish tuting.

Tadbirkor — buyuk inson, IT — dasturchi ham buyuk inson. Ikkalasini birlashtirganda buyuk kvadrat hosil bo’ladi. Mening maqsadim mana shu maqomga erishish.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan qozog‘istonlik tadbirkor Nagima Kaydarova

0

Nagima talabalik paytida o‘z liboslar brendini yaratgan, fikrlarini moda sanoati orqali aytmoqchi bo‘lgan. Brend hozirda 7 yoshda bo‘lib, har yili kuchayib bormoqda.

“Qozoq millatini zamonaviylashtirish hamda madaniyatimizga e’tibor qaratishda davom etaman. Shunday narsalar borki, ular o’z ahamiyatini yo’qotadi va vaqt o‘tishi bilan ular haqida unutishingiz mumkin. Ammo bir umrga saqlanib qolinishi zarur bo‘lgan qadriyatlar mavjud. Poytaxtimizga yurtimizning turli burchaklaridan kelgan insonlar tufayli har bir viloyatni his qilaman. Shu yo‘sinda brendimning asosiy yo‘nalishi yuzaga kelgan”, — deydi Nagima.

Hozirda tadbirkor “Kaidarova. Made in Kazahstan with love” brendining asoschisi hamda rahbari hisoblanadi.

“Kompaniya xizmatlarini hamma uchun qulay qila olmaydi” — Humans bosh direktori ekotizim, raqobat va negativ haqida

0

Vladimir Dobrinin Spot’ga bergan intervyusida kompaniyaning negativ bilan qanday ishlashi, Humans for Business qanday muammoni hal etishi, bozorda qancha vaqt davomida naqd pul hukmron bo‘lishi va mamlakat fintech markaziga aylanishi uchun nima zarurligi haqida gapirib berdi.

Vladimir Dobrinin telekommunikatsiya olami bilan 90-yillarda, reklama biznesida ishlaganida tanishgan.

O‘sha paytda “Sky Link” vakili bo‘lgan mijozlardan biri Vladimirni texnologiya oqimiga, shuningdek, sanoatning vazifalariga sho‘ng‘ishiga sababchi bo‘ldi.

Bir necha yil o‘tgach, u o‘zini yangi yo‘nalishda mijozlar bilan ishlash xizmatida sinab ko‘rishga qaror qildi. Va 2000-yilda u “Sonic Duo” (“MegaFon”) ga ishga o‘tdi.

Tadbirkor o‘z karyerasini ham “Beeline” nomi bilan hammaga ma’lum bo‘lgan “Vimpelkom” va “Yota” kompaniyasida qurgan, u bu yerda deyarli 10 yil, so‘nggi uch yil davomida esa kompaniyaning bosh direktori lavozimida ishlagan.

Vladimirning loyihalari ro‘yxatiga u hammuassis va ijodiy prodyuser bo‘lgan “Buba” bolalar animatsion seriali ham kiradi. Aytgancha, serialni “Netflix»ga sotishga erishishgan.

 

2019-yilda Dobrinin butunlay e’tiborini o‘z loyihasiga — AQShdagi Humans.net frilans birjasiga qaratishga qaror qildi.

Bir yil o‘tib, u Humans.uz fintech ekotizimi sifatida O‘zbekiston bozoriga kirib keldi.

“Spot” tadbirkor bilan superilova yaratish, “UPay” xaridi, raqobat, negativ va IPO rejalari haqida suhbatlashdi.


Vladimir, “Humans” O‘zbekistonda 2,5 yildan beri ishlab kelayotganiga qaramay, ko‘pchilik bu qanday kompaniya ekanligini haligacha tushunmaydi. Xo‘sh, “Humans” nima?

“Humans” — bu bir ilovada ko‘plab xizmatlarga ega ekotizim.

Bizda uyali aloqa operatori, bank kartasi, to‘lovlar, pul o‘tkazmalari mavjud bo‘lib, ular yordamida Rossiyadan O‘zbekistonga va orqaga pul jo‘natish mumkin.

Shuningdek, mijozlar ilovadagi harakatlari uchun oladigan keshbek tizimi bor va ular bundan tovarlar, masalan, televizor sotib olish uchun foydalanishlari mumkin.

humans, humans uz

Tadbirkorlar odatda yangi bozorlarni mavjud va faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan o‘zlashtirishadi. Siz esa har bir mamlakatda, yangi yo‘nalishda yangi biznes ochyapsiz. Nega?

Men ko‘p mamlakatlarda ishlaganman. Ular orasida Kambodja, Nikaragua, Peru, Papua-Yangi Gvineya va boshqalar bor. Va bu har doim ongli qaror bo‘lgan, demagan bo‘lardim.

Qayerdadir sharoit taqozo qilgan bo‘lsa, qayerdadir tizimli marketing harakati edi.

Ammo birinchi HR-Tech biznesimni ochayotganimda, buni AQShda qilishim kerakligi tushunganman: AQShning frilans bozori $1,5 trlndan oshadi — bu eng katta va eng rivojlangan bozor.

“Humans” ekotizimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, tanlovimning O‘zbekistonda to‘xtalgani bejiz emas: bu yerda sifatli xizmatlar yetarli emas, lekin katta imkoniyatlar mavjud. Oxir-oqibat, tanlov to‘g‘ri bo‘ldi.

Humans.net platformasining boshlang‘ich kapitali $5 mlnni tashkil etdi. Siz o‘zbek xizmatiga $15 mln sarmoya kiritdingiz. Bu qarz mablag‘lari, kreditlar, venchur investitsiyalari yoki shaxsiy jamg‘armalarmi?

Bu xususiy venchur kapital. Biz startaplar munosib bo‘lganidek, raundni ko‘tarish va loyihani ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldik.

Investor topish bir vaqtning o‘zida ham qiyin, ham oson. Bunda sizga omad kerak. Va u bizga kulib boqdi (kuladi).

2021-yilda nashrimizga bergan intervyuingizda eng qimmat xususiy kompaniya qurayotganingizni aytgandingiz. Maqsadga qanchalik yaqinlashdingiz?

Biz yo‘ldamiz — kelajakda kompaniyani IPOga olib chiqishni, o‘zimizga qo‘yilgan bahoni isbotlashni va O‘zbekistondagi eng qimmat xususiy kompaniyaga aylanishni istaymiz.

2022-yil avgust oyida bizni imtiyozli birja anderrayteri “Freedom Broker” bizni $150 mlnga baholadi. Menimcha, bu narx haqiqatga yaqin.

humans, humans uz

Tijoriy ishga tushirishdan ikki yil o‘tdi. Bu vaqtda bizda muayyan strategiya va maqsadlar bor edi. Biz deyarli hammasini boshdan kechirdik.

Kelgusi ikki yil ichida biz kompaniyani — mijozlar soni va daromadni ikki baravar oshirmoqchimiz.

IPOga qachon chiqishni rejalashtirayapsiz?

Bu kompaniya qanday ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishiga bog‘liq. Bu to‘rt-besh yildan ertaroq bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

Siz imtiyozli aksiyalarni chiqargan edingiz. Mamlakat fond bozorini qanday baholaysiz?

Bugun, mening fikrimcha, bozor ancha kuchsiz va rivojlanmagan. Mamlakatda bu ularga nima uchun kerakligini tushunadigan investorlar va foydalaniladigan vositalarning kamligi, fond birjasida past faollik mavjudligi bilan duch keldik.

Kelajakda fond bozori katta salohiyatga ega, ammo hozircha bu bir tomonlama o‘yin.

Bozor rivojlanmagan deyapsiz. Xo‘sh, nega unda imtiyozli aksiyalarni chiqarish zarurati tug‘ildi?

Bizning oldimizda ikkita maqsad bor edi — kompaniyaga mablag‘ jalb qilish va o‘z qimmatimizni isbotlash, aynan shuning asosida biz aksiyalarni chiqardik. Bozordagi ma’lum qiyinchiliklarga qaramay, birinchi vazifani biz ajoyib tarzda uddaladik.

O‘tgan yilning may oyida “Humans” nega “UPay” to‘lov xizmatini sotib oldi. Va nima uchun aynan ushbu to‘lov xizmati tanlandi?

Aytganimdek, biz ekotizimmiz. Odamlarga har kuni foydalanadigan xizmatlarni taqdim etish biz uchun muhim. Bunday xizmat turlaridan biri pul o‘tkazmalari va to‘lovlardir.

Odamlar elektr energiyasi, suv, uy-joy kommunal xizmatlari, bolalar bog‘chasi, maktab kundaligi va boshqa ko‘p narsalar uchun to‘lov qila olishmaydi. So‘nggi yillarda barcha to‘lovlar tobora ko‘proq masofadan amalga oshirilmoqda, shuning uchun bu soha strategik ahamiyatga ega.

To‘lov xizmati har qanday ekotizim va har qanday super-ilovaning juda muhim tarkibiy qismidir.

Buni tushunganimizdan so‘ng, yana bir savol tug‘ildi — o‘zimiz to‘lov xizmatini yaratamizmi yoki uni sotib olamizmi?

Ma’lum bo‘lishicha, tayyor yechimni sotib olish tezroq va arzonroq bo‘ladi. Sotib olish mezonlari bo‘yicha “Maroqand” (“UPay” brendi) biz uchun eng mos edi.

Biz shartnomani 2022-yil boshida yopdik. O‘shandan beri xizmat 20 barobardan ortiq o‘sdi va foyda olish darajasiga chiqdi.

Shartnoma miqdorini ayta olasizmi?

Miqdor yetti belgili raqamga yaqinlashdi (kuladi).

humans, humans uz

Deyarli har qanday kompaniyani tarmoqda juda ko‘p negativlar qarshilaydi. Ammo ‘Humans’ga nisbatan, obyektiv ravishda juda ko‘p xeyt mavjud. Bu nima bilan bog‘liq?

Bizning xizmatlarimizdan barcha mijozlar ham mamnun emas va bu normal holat. Bizga kelgan barchani xursand qilishning iloji yo‘q, lekin biz bor kuchimizni sarflaymiz.

Bu yerda, ba’zida savol xizmatning o‘zida emas, balki mijozning ushbu xizmatdan kutgan natijalarida.

Birinchidan, odam xizmatdan foydalanishdan oldin ham o‘zi nimani olishni xohlayotgani haqida qandaydir kutilmani shakllantirishi, mijozga aylangach esa, uning umidlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

Aynan shu daqiqada norozilik paydo bo‘ladi. Keyinchalik, bir kishi salbiy sharh yozadi yoki qo‘ng‘iroq qiladi, shikoyat qiladi.

Ikkinchidan, bozorning mijozlar kutganligi nuqtai nazaridan taqdim etayotgan xizmatga qanchalik tayyorligini tushunish muhimdir.

Ko‘rinib turibdiki, dunyoning istalgan mamlakatidagi har qanday kompaniya xizmatlarini hamma uchun qulay qila olmaydi.

Uyali aloqaga kelsak, odatda dunyoning istalgan nuqtasida ishlashi kerak deb umid qilishadi: cho‘lda, o‘rmonda, jarda, podvalda. Ammo ba’zida bu texnik jihatdan imkonsiz, yoki ba’zan bu kompaniya iqtisodiyoti qonunlariga ko‘ra ilojsizdir.

Negativ bilan qanday kurashasiz?

Boshlanishiga, biz negativni idrok etishimizning bir necha usullari mavjud.

Avvalo, bizda barcha sharhlar, javoblar va fikrlarni to‘playdigan va tahlil qiladigan aloqa markazi bor — u yerda kechayu kunduz ijobiy, salbiy va neytral fikrlar qabul qilinadi.

Bu “yagona darcha” orqali biz bozorda sodir bo‘layotgan hamma narsani — ular biz haqimizda nima deb o‘ylaydi va nima deydi, ko‘ramiz. Va biz tezda reaksiya bildirishga harakat qilamiz.

Konstruktiv tanqid — yaxshi. Biz bunga mas’uliyat bilan yondashamiz va uning ahamiyati, zarurligini tushunamiz. Bu bizning yomon ishimiz yoki kamchiliklarimizga ishora qiladi.

Xatolarni tuzatish kompaniyada alohida jarayondir: biz mijoz bilan ishlashdagi yomon tajribani olamiz va uni shu yo‘nalishda tuzatamiz.

Ammo odamlar muammoni konstruktiv tushuntirishsiz hissiy jihatdan reaksiya qilgan holda sharhlar qoldiradigan vaziyatlar bo‘ladi.

Bu borada hech narsa qila olmaymiz, faqat salbiy javoblar sonini yozib olish qoladi. Ammo bu shunchaki raqamlar va haqiqiy sababni aks ettirmaydi.

Shu bilan birga, negativ nafaqat mijozlardan, balki siz bilan ishlaydigan insonlar tomonidan ham bo‘layapti…

Biz xalqaro kompaniyamiz va yetkazib beruvchilar, hamkorlar bilan ishlashda muayyan tamoyillarga amal qilamiz. Natijada, hamma ham buni yoqtirmaydi. Ko‘pchilik bu yerda boshqacha ishlashga o‘rganib qolgan.

Ammo biz murosaga kelishga harakat qilamiz. Misol uchun, yaqinda dilerlar uchun mahsulotning dizaynini butunlay qayta ishlab chiqdik va uni “Humans for Business” deb nomladik.

O‘zgarishlar juda katta: ish haqini bir-ikki oydan keyin to‘lardik, bugun — har kun oxirida.

Bozor haqida

Sizning raqobatchilaringiz banklar, do‘konlar va uyali aloqa operatorlaridir. Ular bilan qanday raqobatlashasiz?

Biz hamma kabi iste’molchi uchun raqobatlashamiz. Mijozning hamyonidagi ulushi va mijozlar ulushi uchun kurashayotgan deyarli har qanday tashkilot bilan raqobat qilmoqdamiz.

Va bu borada hammasi juda aniq va oddiy: g‘oyalar, budjet va qulayliklar bilan raqobatlashish kerak.

Men xaridorga qulay bo‘lmagan mahsulotni sotish mumkin emas, deb hisoblayman. Agar mumkin bo‘lsa ham, unda juda qisqa vaqt uchun va bir martalikka.

O‘zbekiston bozori imkoniyatlarini ekotizimlar nuqtai nazaridan qanday baholaysiz?

Endi buni baholash qiyin, chunki ekotizim biznesini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Ko‘pgina kompaniyalar shunday ishlashni xohlashadi: turli qismlardan iborat bo‘lgan, ammo uyg‘un tarzda o‘zaro bir-biriga ta’sir qiladigan integratsiyalashgan lateral korxonalarni qurishni istashadi.

Bunday biznes nafaqat faoliyat yuritishi, balki daromad keltirishi uchun ham katta kuch sarflash kerak. Va, aksincha, bozorni emas, balki jamoaning sa’y-harakatlari va professionalligini baholash lozim.

Va bizning bozorda qanday asosiy o‘sish nuqtalarini qayd etishingiz mumkin?

Ular ko‘p. Bu yerda tayoqni yerga yopishtirsangiz ham u gullaydi.

Misol uchun, biz ekotizimning shakllanishiga o‘ziga xos tarzda yondashdik, ammo bu tajribamiz takrorlanishi kerak, degani emas. Mijozning e’tiborini tortadigan va bozorda yetakchi bo‘lishga yordam beradigan ko‘plab kombinatsiyalar mavjud.

humans, humans uz

Sizningcha, hozir bozorda qanday mahsulotlar yetishmayapti va mahalliy startaplar qaysi sohalarga e’tibor qaratishlari kerak?

Avvalo, kredit olishning tezkorligi va qulayligiga javob beradigan moliyaviy mahsulotlar yetishmaydi.

Islomiy moliyalashtirish xizmatlarining yetishmayotgani aniq.

Bozor qulay, tushunarli va ommabop loyihalarga muhtoj. Shu sababli, mahalliy startaplar qarzni moliyalashtirish va iste’mol kreditlari bilan bog‘liq barcha narsalarga e’tibor berishlari kerak.

Qachongacha bozorni naqd pul boshqaradi?

Menimcha, uzoq vaqt — kamida uch, ehtimol besh yil. Men mamlakatga 2019-yilda kelganman va hozir, shuncha vaqtdan keyin ham bu yerda xuddi shunday naqd pul ahamiyatli.

Asosiy muammo, menimcha, poytaxt va hududlar o‘rtasidagi katta tafovut — pul oqimi, infratuzilma, cheklangan miqdordagi o‘yinchilar, xizmatlar va takliflar, shuningdek, iste’mol qilish odatlaridagi farq.

Unday holda uch-besh yil ijobiy prognozga o‘xshab ko‘rinmoqda…

Umid qilamanki, bozor biz kutganimizdan tezroq o‘sadi. Xorijiy kapital ko‘paysin, mablag‘ va resurslar nafaqat poytaxt, balki hududlarni rivojlantirishga ham yo‘naltirilsin.

Va keyin qanday qonun loyihalari O‘zbekistonning fintech markaziga aylanishiga yordam berishi mumkin?

Javob juda oddiy: biz soliq kodeksi bilan ishlashimiz kerak.

Boshqa mamlakatlarda nima sodir bo‘layotganiga qarang va nima uchun ba’zilarida kapital oqimi ko‘proq: investorlar har doim imtiyozli soliq rejimiga e’tibor berishadi, bu ular uchun foydaliroq bo‘ladi va qayerda ko‘proq imtiyozlar mavjudligiga qarashadi.

“Humans” oxir-oqibat qanday bo‘ladi?

Har kuni kompaniyada biz ikkita savolga javob beramiz: “Humans” nima va biz qanday kompaniya bo‘lishimiz kerak.

Va biz uchun bu oson savol emas, chunki oldindan aytish qiyin. Negaki iste’molchiga yo‘naltirilgan kompaniya sifatida mijozlar talablari asosida ma’lum xizmatlarni moslashtiramiz.

Qanday odamlarni biz emas, balki iste’molchi strategiyamiz doirasida hal qiladi.

O‘zbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etganlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

0

“Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilanadi:

  • tijorat banklari kreditlarining garov taʼminoti 50 foizgacha, biroq 2,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafilligi asosida taʼminlanadi;
  • tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi.

2024-yil 1-martgacha Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida barcha suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.

Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suv isteʼmolchilari o‘rtasida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni har oy yakuni bilan elektron shaklda to‘ldirish hamda elektron raqamli imzolar orqali tasdiqlash imkonini beruvchi “Suv hisobi” axborot tizimi yaratiladi.

2025-yil 1-yanvardan quyidagi tartib joriy etiladi:

  • respublikaning barcha hududlarida “Suv hisobi” AT joriy qilinadi;
  • qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda ishlatilgan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni hisoblashda “Suv hisobi” AT orqali taqdim etilgan maʼlumotlar asosida soliq organlari tomonidan soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirib berish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, 2023-yil avgustgacha 2022-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan hamda subsidiya mablag‘larining 50 foizini olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga tizimlarning ishlatilishiga qarab belgilangan subsidiya miqdorining qolgan 50 foizi tuman ishchi guruhi xulosasi asosida ajratiladi.

2023-yil 1-maygacha suv resurslaridan samarasiz foydalanish va suv xo‘jaligi obyektlarining gidrotexnik inshootlaridan noqonuniy foydalanish yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqiladi.

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkor Dilnoza Toshmuhamedova

0

Farmatsevt Dilnoza o‘z faoliyatini 2011-yilda turmush o‘rtog‘i bilan birga ochgan dori-darmon tarqatuvchi korxonada boshlagan. Ulgurji savdo bilan shug‘ullanish uchun nafaqat yig‘ilgan pullar tikilgan, balki kredit ham olingan.

Korxona xorijdan keltirilgan dori vositalarini mamlakatimizning sakkiz viloyatidagi dorixonalarga sotgan. Ammo bazi sabablarga ko‘ra to’rt yildan keyin yopilgan.

Shundan so‘ng Dilnoza bolalar ovqatini o‘rganishga qiziqib, uyda sog‘lom taomlar tayyorlashni boshlagan. Buning natijasida esa “Kid’s Plate” — bolalarga mo‘ljallangan sog‘lom oziq-ovqatlar sotiluvchi do‘kon ishga tushgan.

Avvalgi loyihadan olingan dividendlar hisobidan 30 million so‘m sarmoya kiritgan tadbirkor to‘rt oyda foydaga chiqib, yana ikkita filial ochgan.

Milliarderlarning hayratlanarli xobbilari

0

Katta miqdordagi pul insonning xayolida nimalar bor ekanligini bilish olish uchun ajoyib vositadir. Bugun sizga taqdim qilmoqchi bo‘lgan reytingimiz orqali dunyodagi eng boy odamlarning sodir etgan eng antiqa va g‘alati ishlari haqida bilib olasiz.

Joseline Vindelshteyn

Fikrimizcha, orangizda ko‘pchilik bu ayol haqida eshitgan bo‘lsa kerak, ammo u hamon atrofdagilarni hayratga solishda davom etib keladi. Shveytsariyalik Joseline Vindelshteyn
o‘z boyligini yo‘lbars ovlashni xush ko‘rgan eri Alik Vindelshteyn bilan ajrashgach, qo‘lga kiritgan.

Ayol erining xiyonatlariga ortiq bardosh bera olmasligi sabab ajrashishga qaror qildi, tushkunlikka tushgach esa o‘zini plastik jarrohliklar bilan ovuta boshladi.

“Agar ulkan yovvoyi yo‘lbarsga o‘xshay boshlasam, erimning mehrini qaytarib olaman” deya xayol qilgan edi u.

Ammo bu borada unga plastik jarrohlik yordam bera olmadi. Eri uni 2,5 milliard dollar bilan birga tashlab ketdi. Ayolning tashqi ko‘rinishi unga mashhurlik olib keldi, Joselinni plastik jarrohlik qurbonlaridan biri sifatida taniy boshladilar. Ayol 4 million dollar sarf qilgancha jarrohlik stolida 7 marta bo‘lishga ulgurdi. Keyinroq esa Nyu-Yorkka kelib o‘rnashdi.
Vindelshteyn uzoq yillardan beri bu yerda dizayner Kloyd Kleyn bilan birga istiqomat qiladi. Yoshlar orasidagi 22 yillik farq, ayolning tashqi ko‘rinishidagi noodatiylik va jarrohliklar sabab bo‘shab qolgan hisob raqamlari dizayner uchun mutlaqo qiziq emas. Balki mana shu ayolning haqiqiy muhabbatidir?

Robert Klark Grem

Insoniyat hamisha tarixni o‘zgartirish uchun harakat qiluvchi odamlar bilan to‘qnash kelgan va keladi ham.
Ayrim odamlar yangi imperiyalarga asos solgan bo‘lsa, ayrimlari devona nomi bilan o‘zlarining yashash joylaridan uzoqlarga ketishadi. Shu kabi odamlardan biri mashhur optik Robert Klark Gremdir. Bu inson ko‘zoynaklar uchun mo‘ljallangan sinmaydigan linzalar ixtirochisi sanaladi.
Ushbu ixtiro unga ko‘p millionlik boylik olib keldi. Barchasi ajoyib tarzda kechayotgandi, ana shu paytlarda erkak Nobel laureatlaridan biri German Millerning ilmiy ishlarini o‘qib qoldi. Shu tariqa uning hayotdagi asosiy maqsadi linzalar emasligi, balki insoniyat genofondini yaxshilash ekanligini tushunib yetdi. Millionner 1979 yilda Kaliforniyada embrionlar repozitoriysini ochdi. Urug‘ donorlari uchun nomzod sifatida Nobel laureatlarini taklif qildi.
Ammo shu yerda kichik kamchilik kelib chiqdi. Aniqlanishicha, katta yoshdagi laureatlarning yuqori darajadagi intellektual salohiyati homilaga ham aynan ushbu funktsiyalarning berilishni ta’minlay olmasdi. Tajribaga bosh qo‘shgan nomzodlar soni esa uchtagina bo‘ldi, xolos. Oqibatda olimni Shnobel mukofoti bilan taqdirladilar.

Jeff Bezos

Sayyoramizning eng badavlat odami, “Amazon” va “Blue origin” kompaniyalari asoschisi, namunali tadbirkor Jeff Bezosning kim ekanligini juda yaxshi bilasiz, albatta. Ammo uning ayrim ishlari, megaloyihalari ko‘pchilikka ma’lum emas. Agar qattiq qoya ustida diametri 150 metrli siferblatga ega va 10 000 yillik vaqtga mo‘ljallangan ulkan soat qurilayotganini bilsangiz qanday xayol qilardingiz?

Bu o‘rinda muallifga tezroq sog‘ayib ketishini tilab qolardingiz, to‘g‘rimi? Biroq Bezos ushbu loyiha uchun 42 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritib bo‘lgan. Bir qarashda juda g‘alati bo‘lgan g‘oya keyinroq sizni lol qilishi mumkin. Jeffning ulkan soati insoniyatning strategik ongi va kelajak uchun ma’sul ekanligini yodga solib turadigan timsol bo‘lishi kutilmoqda.

“Hech bo‘lmaganda, uni 4 mingyillikda ko‘rgan insonlar bir birlaridan bu soatni qaysi ahmoq yasattirgan ekan deb so‘raydilar” deya hazil qilgandi Bezos.

Datta Fuge

Og‘irligi 3,5 kg keladigan, 14 mingta oltin bo‘laklari va tugmalar bilan bezatilgan, “Swarovski” kristallari bilan to‘la ushbu ko‘ylak sariq metall ishqibozi, multimillioner Datta Fuge uchun 240 ming dollar evaziga tayyorlab berilgan edi.

U libosni 2012-yilda buyurtma qilgan bo‘lsa, atigi 4 yil davomida kiya oldi, xolos. Qimmatbaho libos erkak uchun tumor vazifasini o‘tay olmadi. 2016-yilning 14 iyul kuni do‘stining tug‘ilgan kunida, o‘g‘lining ko‘z o‘ngida tosh bilan urib o‘ldirildi.

Millioner bu yerga o‘zining oltin libosini kiyib, ammo odatiy qo‘riqchilarisiz holatda borgan. Bu kabi holatga esa iqtisodiy mavzudagi bahs sabab bo‘lgani aytiladi.

Mukesh Ambani

Hindistonning eng boy odami, multimilliarder Mukesh Ambani o‘z qo‘llarining osmonga qadar yetishini juda istardi. “Biznesdagi eng muhim narsa o‘zingga ishonish va buni reallikka aylanita olish” deydi u.
27 qavatli, Mumbayning qoq markazida joylashgan 170 mertli binoga qaraydigan bo‘lsak, ushbu reallikning Mukesh uchun oltin libos va uning egasi tasavvuridagi tushunchalardan ming marta kuchliroq narsa ekanligini tushunib olasiz.

Mukesh bu yerda onasi, rafiqasi, 3 nafar farzandi bilan istiqomat qiladi. Uyning narxi 2 milliard dollarga teng bo‘lib, ichida 168 ta mashina turar joyi, 50 kishilik kinoteatr, spa-salon, basseynlar, osma bog‘lar, qor bilan to‘ldirilgan xona, ikki qavatli favqulodda holatlar xonasi, 3 ta vertolyot maydoni va parvozlarni boshqarish markazi joylashgan. Qiziq, oila a’zolari bu uy ichida bir-birlarini topa olarmikinlar?

Klayv Palmer

Avstraliyalik siyosatchi, multimillioner Klayv Palmerning boyligi 2012-yil holatiga ko‘ra 600 million dollarga baholangan. U o‘z ismini «Titanik 2» kemasi bilan bog‘lashni niyat qilgan edi. Bu Britaniyaning «Titanik» transatlantik layneriga o‘xshaydigan, faqat zamonaviylashgan ko‘rinishdagi kema bo‘ladi. Uning uzunligi 270 metrga teng, Palmerning rejasiga ko‘ra, mazkur kema unga tegishli “Blue star line” kruiz kompaniyasi flagmaniga aylanishi kutilmoqda.

Qiziq, Leonardo di Kaprio bu safar ham kema uchun chipta olishni uddalarmikin? Kemani sinovdan o‘tkazish fikri 2013-yili ma’lum qilingan paytda 40 ming nafar inson unga chiqish uchun istak bildirgan va buning uchun millionlab dollar pul to‘lashga tayyor ekanligini aytgan edi.

Ma’lum qilingan faktlar orasida esa kemaning har bir yo‘lovchisiga o‘tgan asrning boshlariga tegishli liboslar berilishi ham aytib o‘tilgan. Aytganday, bu yerda qutqaruv qayiqlari juda ham ko‘p.

Shayx Hamad

Bolalikda kichik qog‘oz kemalar yasab, ismingizni qum ustiga yozgan paytlarni eslaysizmi? Abu Dabining eng boy insonlaridan biri, hukmron oila a’zosi 63 yoshli shayx Hamad al Nahayyan ham o‘z ismini qum ustiga yozishni juda yaxshi ko‘radi. Albatta, badavlat shayxning qum ustiga surat chizishini tasavvur qilish juda qiyin. Lekin 3 oylik vaqt va bir necha million dollar miqdoridagi pul evaziga buni osongina amalga oshirish mumkin. Endilikda Hamad imzosini Alfa Tayseye orolining yuqori qismidan “Google” xaritalari orqali ko‘rish mumkin. Har bir harfning balandligi 1000 metrga teng bo‘lib, yozuv uzunligi 3 kilometrga qadar cho‘zilgan. Jo‘shqin okean suvlari san’at asarini yuvib ketmasligi uchun esa unga suvni singdirib beradigan maxsus drenaj handaqlar ilova qilingan.

Xassan al Bolkiax

Bruney sultoni, sayyoramizning eng boy odamldaridan biri bo‘lmish Xassanal Bolkiax sulolaning 29 vakili hisoblanadi. 2010-yil ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi miqdori 20 milliard dollarga teng.

Amerika josuslik xizmati vakillarining aytishlaricha, sultonning 220 million dollarlik shaxsiy samolyoti ichiga kirish yadroviy qurol tizimini ishga tushiradigan xona ichiga kirishdan ham qiyinroq.
Sulton davlat ishlari, ko‘p sonli xotinlari, reyslar va parvozlardan bo‘sh bo‘lgan paytida kattaligi bir necha kvadrat kilometrga teng keladigan garaji ichiga ham kirib turadi.

Bu yerda 5000 ta mashina joylashgan bo‘lib, ichida tilla bilan qoplangan “Rolls-royce”, hukumat kortejlari, “Formula-1”ning chempionlik bolidlari, yuzlab “Porsche”, “Ferrari”, “Bentley” rusumidagi mashinalar bor. Halqaro avtobozor sulton uchun qiziqarliroq taklif bera olmagan paytda u garajdagi bo‘sh joylarni bir hil modeldagi, ammo turli rang va turli raqamlar bilan sifatlanuvchi mashinalarga to‘ldiradi.

Sulton ushbu mashinalarni o‘z vazifasi uchun ishlatib chiqishga ulgurmasligini yaxshi biladi. Eng muhimi, jarayon emasmi?

Bidzina Ivanishvili

Gruziyaning sobiq bosh vaziri Bidzina Ivanishvili konchi farzandi bo‘lib, uning boyligi 5,5 milliard dollarni tashkil qiladi. 2016-yildan boshlab milliarder buyurtmasiga ko‘ra o‘lkaning turli burchaklaridan Qora yer dengizi yonida joylashgan uyidagi orqa hovli uchun yuz yillik daraxtlar olib kelinadi. Milliarder ularning ayrimlari o‘z vatani uchun timsol bo‘lib qolgani va ajarlarning bir necha avlodini ko‘rgani bilan qiziqmaydi ham. Axir, Gruziya qonunlariga ko‘ra, barchasi to‘g‘ri, mamlakat florasi uning hududidan tashqariga chiqqani yo‘q. Kelgusi 4 yil davomida daraxtlar ishqibozi o‘z uyiga 500 ta daraxt o‘tkazishni ko‘zlab qo‘ygan. Uning odamlari daraxtlarni o‘sayotgan joyidan ildizlari bilan birga ko‘chirib olib keladilar.
Axir, katta puling va daraxtlarga nisbatan o‘zgacha mehring bo‘lsa, ularni ko‘chirib olish nima degan gap, to‘g‘rimi?

Uorren Baffet

Bunga ishonish qiyin, ammo 20 yildan beri har yili dunyoning eng badavlat insonlari ro‘yxatidan joy olib keladigan, investitsiyalar bozorining qirollaridan biri bo‘lmish Uorren Baffet yil davomida o‘zi ishtirokida tushlik qilish imkoniyatini sotadi. Ha, ha, noto‘g‘ri eshitmadingiz, aynan shunday!

Tushlikdan orttirilgan pullar esa uysizlarga kerakli mahsulotlar olib beruvchi va giyohvandlarni davolash bilan shug‘ullanuvchi tashkilot hisobiga o‘tkazib beriladi. Mazkur tushliklar Baffetning boyligiga pul qo‘shmaydi, albatta. Ammo odamlar uchun foydali inson bo‘lish Baffetga ajoyib kayfiyat bag‘ishlaydi. Odatda tushlik vaqti 3 soat davom etadi. Rekord darajadagi summa esa 2016 yilda qayd etilgan. O‘z ismining sir bo‘lib qolishini istagan odam kimoshdi savdosi vaqtida milliarder bilan tushlik uchun 3,5 million dollar taklif qilgan.

Bugun dunyoda 2000 nafar milliarder yashaydi. Ko‘rib turganingizdek, boylik ularning ayrimlari uchun sinovga ham aylanadi. Umid qilamizki, ularning hech bo‘lmaganda bir qismi o‘z hisobidagi pullarni xudbinlik emas, jamoatchilik foydasi uchun yo‘naltiradi.