Bosh sahifa Blog Sahifa 151

O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan tadbirkor Rada Islamova

0

Rada — 2020-yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlovchi Wonder Women” xalqaro hamjamiyatini tashkil eta olgan muvaffaqiyatli tadbirkorlardan. 

O‘zbekistonda tug‘ilgan va bolaligi shu yerda o‘tgan tadbirkor taqdir taqozosi bilan yuqori sinflarda oilasi bilan Rossiyaga ko‘chib, oliy maʼlumotli bo‘lgan. 

“Kasb yo‘lim keng qamrovli sport tadbirlarini tashkil etish bilan bog‘liq edi. Keyinchalik esa “Ostona Ekspo-2017” tashkiliy qo‘mitasining taklifiga ko‘ra yashash va ishlash uchun Qozog‘istonga ko‘chib bordim. Jami 12 yil davomida korporativ sektorda ishlab, turli mamlakatlarda, turli darajalarda va turli sohalarda xotin-qizlarning martaba pog‘onasi qanday qurilishi bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘ldim (ayniqsa ular his tuyg‘ularga to‘la, har doim o‘sish va rivojlanish istagi bilan yashasa)”, — deydi tadbirkor.

Uning aytishicha, hammasi ham doim yaxshi kechmagan. Imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermaslik juda qiyin bo‘lgan, chunki ko‘pchilik ayol kishi ekanligi uchun unga ishonchsizlik bilan qaragan. 

Shu bois o‘z tajribasi va bilimlari bilan qurollanib, “Opa-singillik va birlik” tamoyili negizida turli mamlakatlar ayollarini birlashtiradigan va ularga jamiyat ichida o‘sib, rivojlanib borishga imkon yaratadigan platformani tashkil qilishga qaror qilgan. Shu asnoda “Wonder Women” hamjamiyati paydo bo‘lgan.

Bugungi kunda Wonder Women hamjamiyatimiz 40 ta mamlakat va 140 ta shahardan 10 mingdan ziyod xotin-qizlarni birlashtirdi va bunda asosiy eʼtibor Markaziy Osiyo mintaqasiga qaratildi”, — deydi Rada.

Bill Geytsdan o‘qish uchun eng yaxshi 5 ta kitob

0

“Microsoft” kompaniyasi asoschisi Bill Geyts o‘z blogida yangi yil bayramida o‘qishni maslahat beradigan kitoblar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxat nafaqat yangi kitoblarni, balki o‘tgan yillardagi bestsellerlarni ham o‘z ichiga oladi.

Geytsning ta’kidlashicha, u tanlangan kitoblar dunyo bo‘ylab 100 ta kichik bepul kutubxonaga (“100 Little Free Libraries”) qo‘shilgan. Ushbu notijorat tashkilot turli mamlakatlarda bepul kitoblar berilgan kichik qutilarga mezbonlik qiladi.


“G‘aroyib o‘lkada begona”, Robert Xaynlayn.

1960-yillarning ilmiy-fantastik klassikasi Geyts qalbida alohida o‘rin tutadi.

“O‘sha paytda men Pol Allen bilan uchrashdim va biz bir-birimizni ilmiy fantastika suhbati orqali bilib oldik. Men juda ko‘p o‘qiyman deb o‘ylardim, lekin Pol mendan o‘zib ketdi “, deb eslaydi tadbirkor. “Microsoft” asoschilaridan biri Pol Allen 2018-yilda vafot etdi.

Geyts “G‘aroyib o‘lkada begona»ni bolaligidagi eng sevimli ilmiy-fantastik kitob deb atagan. Bu Marsda o‘sgan odamning hikoyasi. Qahramon futuristik yerga boradi, u yerda din va urush haqidagi insoniy g‘oyalarni tushunish uchun kurashadi.

“Men sizni kelajakda nima bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylashga majbur qiladigan ilmiy fantastikani yaxshi ko‘raman”, deb yozgan Geyts.

Uning ta’kidlashicha, Xaynlaynning kitobida kelajakning ba’zi jihatlari, jumladan, hippi madaniyati va hatto suv to‘shaklari to‘g‘ri bashorat qilingan.


“Taslim bo‘lish”, Bono.

“Taslim bo‘lish” kitobi 2022-yil noyabr oyida chiqdi. Bu “U2” guruhi solisti Bononing (haqiqiy ismi Pol Devid Xyuson) avtobiografiyasi. Geyts uni o‘zi o‘qigan eng yaxshi rok yulduzi xotirasi deb atagan.

Geyts va Xyuson o‘n yildan ko‘proq vaqtdan beri do‘st bo‘lib, birgalikda global sog‘liqni saqlash va iqlim o‘zgarishi sohalarida xayriya ishlarida qatnashgan.

Tadbirkor uning sahna ortida “U2” qanday qilib eng ibratli qo‘shiqlarini yaratgani va Bono hamda uning guruhdoshlarini 40 yildan ortiq birga ushlab turgan narsaga yuqori baho beradi.

“Ular bir xil qadriyatlarga ega. To‘rttasi ham dunyodagi qashshoqlik va tengsizlikka qarshi kurashda ishtiyoqlidir, shuningdek, halol san’atkorlar bo‘lishga harakat qiladi”, — deb yozgan Geyts.


“Raqiblar jamoasi”, Doris Kerns Gudvin.

Geytsning tan olishicha, 2005-yilda nashr etilgan ushbu nobadiiy kitob uni hayratda qoldirgan.

“Raqiblar jamoasi” — AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln va uning idorasida ishlagan odamlarning tarjimai holi hisoblanadi. Ulardan ba’zilari ilgari 1860-yilgi saylovlarda Linkolnga qarshi chiqqan edi.

Kitob Linkolnning maslahatchilarni qarama-qarshi fikrlar bilan yarashtirish qobiliyatini ta’kidlaydi. Geytsga ko‘ra, bugungi kun rahbarlari Amerikaning sobiq prezidentidan ko‘plab g‘oyalarni olishlari mumkin.

“So‘nggi paytlarda men Gudvinning kitobi haqida o‘ylayapman, chunki u 2022-yilda juda dolzarb bo‘lib tuyuladi”, — deya qo‘shimcha qildi “Microsoft” asoschisi.

Noroziliklar, irq haqidagi qiyin savollar va davlatlar hamda mintaqalar o‘rtasidagi mafkuraviy bo‘linishlarga duch kelgan hozirgi davr va 1860-yillar o‘rtasida sezilarli o‘xshashliklar mavjud, deydi u.


“Mendeleyevning orzusi”, Pol Strathern.

Strathernning bu kitobi kimyo tarixiga, xususan, 1869-yilda kimyoviy elementlar davriy jadvalining birinchi versiyasini tuzgan rus kimyogari Dmitriy Mendeleevga bag‘ishlangan.

“Davriy jadval go‘zal san’at asari bo‘lishidan tashqari, menga bir kashfiyot qanday qilib son-sanoqsiz boshqalariga olib kelishi mumkinligini eslatadi”, deb yozadi u.

Koinotning barcha murakkabligi ushbu jadvaldagi xususiyatlardan kelib chiqadi. Biz atomlarni tushunganimiz sababli, chiplar, dasturiy ta’minot va sun’iy intellektni yaratishimiz mumkin. Bularning barchasi davriy jadvalga qaytadi.

 


“Tennis. Muvaffaqiyatli o‘yin psixologiyasi”, Timoti Galvey.

Galveyning kitobi nafaqat tennis mahoratini oshirishga qaratilgan. Bu yuqori samaradorlikning aqliy komponentiga qo‘llanma bo‘lishi mumkin.

Geyts kitobni birinchi marta 40 yil oldin o‘qigan va shundan beri uni vaqti-vaqti bilan qayta o‘qib chiqadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u kitobni do‘stlariga ham tavsiya qiladi, chunki undagi maslahatlar hayotning ko‘p sohalariga tegishli hisoblanadi.

Tennis murabbiyi Galveyning yozishicha, o‘yinchining ruhiy holati uning o‘yiniga atletik ko‘rsatkichlari kabi ta’sir qilishi mumkin.

Geytsning ta’kidlashicha, bu g‘oya unga karyerasida xatolar haqida o‘ylamasdan, konstruktiv tanqidga e’tibor berishga yordam bergan.

“Ko‘pchiligimizga o‘zimizni tanqid qilish oson, bu esa samaradorlikni yanada pasaytiradi. Xatolar ustida o‘ylamasdan, ulardan saboq olishimiz kerak”, deb yozgan Geyts.

Biznes g‘oya: O‘zbekistonda pastilalar va mevali chipslar ishlab chiqarishni qanday yo‘lga qo‘yish va undan qancha daromad olish mumkin?

0

LOVECO asoschilari Marina Pak va Yekaterina Kim Spot’ga biznesni yo‘lga qo‘yish uchun qancha sarmoya kiritganliklari, uskunalar qanchalik tez o‘zini qoplagani va ekobiznesdan qancha daromad olish mumkinligi haqida so‘zlab berishdi.

Maqolada keltirilgan barcha ma’lumotlar faqat tanishish uchun berilgan. Raqamlar taxminiydir va individual holatga qarab farq qilishi mumkin.

Hammasi qanday boshlandi?

Onalik ta’tilida bo‘lgan paytlarimizda, o‘z ishimizni boshlashni juda xohlagan edik. Pastilalar va meva chipslari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi gazaklarning xilma-xilligini oshirish va ularni sog‘liq uchun yanada foydali qilish istagidan kelib chiqqan.

Biz, yosh onalar uchun bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishi juda muhim edi, shuningdek, o‘z mahsulotlarimiz orqali iste’molchilarga hayot sifatini yaxshilash imkoniyatini berishni xohladik.

Konservantlarsiz, shakar yoki asalsiz tabiiy mahsulotlar ishlab chiqaramiz. Pastilalarning tarkibida faqat mevalar bor. Aynan mana shu xususiyat “LOVECO” kompaniyasining nomi bilan bog‘liq bo‘lib, bu “Men ekologik mahsulotni yaxshi ko‘raman” degan ma’noni anglatadi.

2019-yil may oyidan boshlab biz mahsulotlarni yaqinlar, do‘stlar va tanishlarimizga taklif qilib, faol sinovdan o‘tkazishni boshladik. Takliflarni qabul qildik, maslahatlarni tingladik, mahsulotlarga talab bor-yo‘qligini tahlil qildik.

Dastlab, bizda faqat ikkita meva quritgich bor edi. Boshida mahsulotlarni “Instagram” va “Facebook” sahifalari orqali taklif qildik. Brend yaratish bilan mustaqil ravishda shug‘ullandik, logotip dizayner bilan birgalikda ishlab chiqildi.

Biroz vaqt o‘tgach, biz “Next” savdo markazidagi yakshanba yarmarkasida qatnashdik, shundan so‘ng ko‘plab doimiy mijozlarga va biznesni rivojlantirish uchun foydali tanishlarga ega bo‘ldik. Kun davomida 9000 so‘m turadigan 1 o‘ram pastilalar sotib, 1,5 mln so‘mga yaqin daromad olishga erishdik. Bunday ko‘rsatkichlar mahsulotlarga talab borligini va biznesni rivojlantirishda davom etishimiz kerakligini ko‘rsatdi.

To‘rt oy ichida buyurtmalar hajmi shunchalik ko‘paydiki, ikkita quritgichda mahsulot tayyorlashga ulgurmadik. Keyin biz ishimizni kattalashtirish uchun alohida joy qidira boshladik va qo‘shimcha uskunalarga buyurtma berdik. Bunga parallel ravishda kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlashni boshladik.

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bozor dinamikasi

So‘nggi bir necha yil ichida Toshkent bozorida sog‘lom turmush tarziga oid mahsulotlarni sotishga ixtisoslashgan ko‘plab do‘konlar paydo bo‘ldi. Agar biz faqat bizning segmentimizni hisobga oladigan bo‘lsak, unda bizning kompaniyamiz paydo bo‘lishidan oldin bozorda pastilalar juda kam edi va ulardan eng ko‘pi esa uy sharoitida tayyorlangan. Biz birinchilardan bo‘lib bu biznesni kengaytirishga muvaffaq bo‘ldik.

Bugungi kunda bozorda shunga o‘xshash mahsulotlarni taklif qiluvchi boshqa bir qancha kompaniyalar paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, bizda unchalik foydali bo‘lmagan gazaklar (kartoshka chipslari, shokolad batonlari va boshqalar) ishlab chiqaruvchi ko‘plab raqobatchilar mavjud.

Ammo biz raqobatchilardan qo‘rqmaymiz, chunki bozor juda keng. Bundan tashqari, boshqa o‘yinchilarning paydo bo‘lishi orqada qolib ketishga emas, balki biznesni yanada rivojlantirishga undaydi.

Ko‘pchilik tarkibida shakar va konservantlar bo‘lmagan sog‘liq uchun foydali gazaklarni tanlamoqda. Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarzi bugungi kunda trendga aylangan bo‘lib, ko‘pchilik unga rioya qilishga harakat qiladi.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish

Buxgalter va advokat bilan maslahatlashib, biz MChJning shaklini tanladik. Shu bilan, biz QQS va daromad solig‘i to‘lovchisiga aylandik.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda eng katta qiyinchilik muvofiqlik sertifikatini olish edi. Busiz oziq-ovqat mahsulotlarini sotish mumkin emas. Biz bozorda birinchi bo‘lganimiz sababli, texnologiyani ishlab chiqishimizga to‘g‘ri keldi, chunki o‘sha paytda pastilalar uchun davlat standarti yo‘q edi.

Biz texnik ko‘rsatmalar yozdik, har bir turdagi mahsulotni laboratoriyaga jo‘natdik. Umuman olganda, bu jarayon odatda taxminan bir oy davom etadi, ammo bizda pandemiya tufayli biroz kechiktirildi.

Nizom va shaxsiy hujjatlarni ilova qilib, ularni YIDXP (MyGov) orqali ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berdik, shundan so‘ng bankda hisob ochtirdik. Kerakli sertifikatlarni olgach, do‘konlar bilan birinchi shartnomalarni tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Biz asosan shartnoma asosida o‘tkazma punktlari bilan ulgurji savdo qilamiz.

loveco, pastilaFoto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Boshlang‘ich mablag‘

Dastlab, pastilalar va mevali chipslar ishlab chiqarish sexini yaratish uchun shaxsiy mablag‘larimizdan $7000 ga yaqin miqdorni yo‘naltirdik.

Hozir shunga o‘xshash biznesni ochish uchun sizga quyidagilar kerak bo‘ladi:

Obyekt Miqdor (dollarda)
Binoni ijaraga olish 200
Joyni ta’mirlash 1000
Mebel 500
Uskunalar (quritish mashinalari, muzlatgichlar, blender, slayserlar, pech) 3000
Xodimlarning ish haqi 1000
Kommunal to’lovlar 300
Targ’ib qilish, reklama 100
Mahsulot uchun materiallar 1000 dan boshlanadi

Bizning biznesimizni qo‘llab-quvvatlagan va rivojiga hissa qo‘shgan do‘st va tanishlarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Ular Rossiyadan quritgichlarni olib kelishga yordam berishdi, qisman mebel qismlari, muzlatgich va boshqalar bilan ta’minlashdi.

Uskunalar uchun xarajatlarning eng katta qismi quritgich va muzlatgichlarga ketdi. Biz asta-sekin kengayib bordik. Ularning xarajatlari o‘zini qoplagach, yana investitsiya kiritdik va yangilarini sotib oldik.

Shunday qilib, bizning ikkita quritgichimiz to‘rt oy ichida o‘zini oqladi, keyin yana sakkiztasini, bir muncha vaqt o‘tgach, yana o‘ntasini sotib oldik. Hozir seximizda 20 ta degidrator, ta muzlatgich kameralar, pech, blender, bir nechta slayser mavjud.

O‘zini qoplash muddati — 1,5−2 yil. Sarmoya kiritish davrining davomiyligi biznesni kengaytirish uchun imkoniyatlar va istaklar darajasiga bog‘liq. Biz imkon qadar ham xizmat ko‘rsatishni, ham xodimlar uchun sharoitlarni yaxshilashni istaymiz. Shu sababli, bugungi kunga qadar biz foydaning bir qismini qayta investitsiya qilishni davom ettirmoqdamiz.

Hozir korxonaning bir oylik aylanmasi 60 mln so‘m bo‘lib, shundan 20−30 mln sof foyda, marja 50 foizni tashkil etadi. Kuniga 300 dona pastila va 2−3 kg mevali chipslar ishlab chiqaramiz. Pastilalarni bitta o‘ramining narxi 14 ming so‘m, chipslar esa 18 ming so‘m.

Yetkazib beruvchilar bilan ishlash

Biz Rossiyadagi distribyutorlardan Yevropada ishlab chiqarilgan Ezidri quritgichlarini sotib oldik. Yaxshi tomoni shundaki, degidrator sotib olganimizda to‘plam bilan birga foydalanuvchi qo‘llanmasi ham keldi — unda bir nechta retseptlar ham yozilgan edi. Biz barcha boshqa uskunalar va sarf materiallarini mahalliy yetkazib beruvchilardan sotib olamiz.

Pastilalar va chipslarni sinab ko‘rish bosqichida meva olish uchun turli bozor va do‘konlarga o‘zlarimiz bordik. Tovar aylanmasining oshishi bilan biz mezonlarga mos keladigan doimiy yetkazib beruvchini qidira boshladik: o‘tkazmalar bo‘yicha ishlar, kerakli miqdordagi mevani o‘z vaqtida yetkazib berish masalalari bilan qiziqdik.

Uzoq qidirdik, dehqonlar bilan ham gaplashdik. Biz yetkazib beruvchilarni bir necha bor almashtirishga majbur bo‘ldik, chunki hammasi ham mas‘uliyatli emasdi. Natijada bizga har hafta meva yetkazib beradigan doimiy hamkorni topishga muvaffaq bo‘ldik. Bu fermer xo‘jaligining rahbari bo‘lib chiqdi, u ham boshqa fermerlarga marketing borasida yordam berib keladi.

loveco, pastilaFoto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Mijozlar bilan ishlash

Bizning maqsadli auditoriyamiz 20−45 yoshdagi oilasi va farzandi bor ayollardir. Yetkazib berish uchun kuniga o‘rtacha hisob 100 ming so‘mdan, buyurtmalar soni esa 10 dan ortiq.

Bundan tashqari, “LOVECO” mahsulotlari Toshkent shahridagi 30 dan ortiq do‘konlar, tarmoqlar va qahvaxonalarda taqdim etilmoqda. Ular orasida “Botanica”, “Green Apple” va “Tegen” do‘konlari tarmog‘i, “Le Buffet” qahvaxonasi, “Kid’s Plate”, “Ecobozor” va boshqalar bor.

Mahsulotlar ulgurji narxlarda (pastilalar uchun 12 870, chipslar uchun 14 400 so‘m) taqdim etiladi va do‘kon rahbariyati ularning narxini mustaqil ravishda belgilaydi.

“Instagram” sahifasini yuritish davomida biz Samarqanddan ko‘plab mijozlarga ega bo‘ldik. Ilgari pochta orqali yuborardik, ammo bunda yetkazib berishga 2−4 kun ketardi. Ammo bizda mijozlar ko‘p bo‘lib, bundan tashqari, mijozlar, masalan homilador ayollar, mahsulotni darhol olishni xohlashardi.

Shunday qilib, biz savdo nuqtalarini qidira boshladik. Natijada, Samarqanddagi “Ореховый сад” do‘koni bilan hamkorlik qila boshladik.

Ishga qabul qilish va ko‘tarilish

Biznesni “Instagram” va “Facebook»da targeting orqali targ‘ib qilamiz. Biz reklama uchun oyiga 100 dollar sarflaymiz. Dastlab, sahifalar mustaqil ravishda yuritildi, ammo vazifalarning ko‘payishi bilan 2020-yilda SMM mutaxassisini yollashga qaror qildik. Xodim trendlarni kuzatib boradi, statistikalarni taqdim etadi, bizga yangi yechimlarni taklif qiladi.

Do‘konda ikkita doimiy ishchi ishlaydi. Sinov davrida ularga o‘zimiz ish o‘rgatganmiz. Yoz mavsumida ko‘p miqdorda meva va rezavorlarni qayta ishlash uchun qo‘shimcha ravishda 3−4 kishini ishga olamiz. Misol uchun, bir kunda biz 200−300 kg qulupnay yuvamiz, tozalaymiz, muzlatib qo‘yamiz.

Korxonada hisobchi va haydovchi ham ishlaydi.

loveco, pastilaFoto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Qiyinchiliklar va xatolar

Bizning biznesimizdagi asosiy qiyinchilik to‘g‘ri retseptni topish edi. Biz uzoq vaqt davomida turli xil variantlarni sinab ko‘rdik. Ta’mi yoki mahsulot turi bilan bog‘liq muammolar bor edi. Ammo oxir-oqibat, sinovlar va xatolar natijasida biz hozir mavjud bo‘lgan ideal holatga keldik.

Ishonchli yetkazib beruvchini topish qiyinchilik tug‘dirdi. Chunki kelishuvimiz bor, lekin ko‘rsatilgan kuni mevasiz qolib, yana o‘zimiz bozorga chiqishga majbur bo‘lgan holatlarimiz bo‘lgan. Shu bilan, bozorda meva sotib olayotganda, “qancha?” degan savolga, biz yuz kilogrammdan ko‘proq kerak deb javob berardik.

Sotuvchi do‘koningizga qancha kerak bo‘lsa, shuncha olib boraman, dedi. Shunday qilib, bizga omad kulib boqdi va biz mas’uliyatli yetkazib beruvchini topdik.

Rejalarimiz va tadbirkorlarga maslahatlar

Ishlab chiqarishni kengaytirish va avtomatlashtirishni rejalashtirganmiz. Biz mahsulotlarni eksport qilish haqida o‘ylayapmiz, bu borada AQSh, Janubiy Koreya, Rossiyadan xaridorlar ko‘p.

Maslahatlar:

  1. Hech narsadan qo‘rqmang. Baribir xatolar bo‘ladi. Biznesda siz tavakkal qilishingiz va urinib ko‘rishingiz kerak, aks holda siz bu ish beradimi yoki yo‘qmi — hech qachon bilolmaysiz.
  2. Doimo hammasini tashlash istagi paydo bo‘ladi. Bizda ham shunday burilish nuqtasi bo‘lgan edi. Bunday vaqtda vaziyatni tahlil qilib olish juda muhim, ammo agar siz bu ishni chindan ham yaxshi ko‘rsangiz, uni tark eta olmaysiz. Boshlagan ishingizni oxiriga yetkazsangiz hammasi iziga tushib ketadi.

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga ajratiladigan grantga tanlov uchun tavsiyanoma berish tartibi qanday?

0

Grant asosidagi oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:

  • kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori (980 ming so‘m)ning 0,527 baravaridan (516 ming so‘mdan) ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
  • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qiladi.

Arizalar har yili 30-maydan 8-iyunga qadar qabul qilinadi.

Networking qanchalar muhim ekanligini kech bildim, $100.000 nima sababdan yo’qotdim?

0

Tadbirkor Tamila Qurbonovadan yoshlar uchun maslahatlar…

 

1 iyundan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

0

QR-kodli “metrika”

2023 yil 1 iyundan tibbiyot muassasalari tomonidan tug‘ilganlik bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida QR-kodli ma’lumotnoma beriladi va ushbu ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.

Guvohnoma esa fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan FHDYo bo‘limlari tomonidan rasmiylashtirib beriladi.

«To‘maris izdoshlari» paydo bo‘ladi

2023 yil 1 iyundan boshlab yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.

Quyidagilar «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlarining asosiy vazifalari bo‘ladi:

  • xotin-qizlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamkorlikda tadbirlarda ishtirok etish;
  • xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishga ko‘maklashish;
  • aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish hamda ularni hal etishning maqbul yo‘llarini aniqlashda yordam ko‘rsatish;
  • o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish.

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining yaqinlariga imtiyozlar

2023 yil 1 iyundan boshlab:

a) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi;

b) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temiryo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;

v) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a’zolariga:

ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan mas’ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;

yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;

navbatdagi yillik mehnat ta’tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til olish huquqi beriladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida yana bir elektron tizim

2023 yil 1 iyundan boshlab qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar vazirlikning «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Kontrafakt mahsulotdan himoyalanishning yana bir usuli ishga tushadi

Prezidentning tegishli qarori bilan tasdiqlangan ilovaga muvofiq (sifati buzilgan oziq-ovqat mahsulotini sotish, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotish, sifatsiz yoki kontrafakt dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotish, dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxdan yuqori ustama qo‘ygan holda sotish va h.k.) murojaatlar «Soliq hamkor» axborot tizimi orqali qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi.

Ayrim tartib va cheklovlar bekor bo‘ladi. Jumladan:

  • to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi;
  • chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar.