Bosh sahifa Blog Sahifa 11

Ramazon oyida ehtiyojmand aholiga moddiy yordam berish uchun 1 trln so‘mdan ortiq ajratiladi

0

Shavkat Mirziyoyev 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident qarori bilan Ramazon oyining boshlanishi 19-fevralga to‘g‘ri kelishi belgilandi. Hujjatda kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, bu oyda tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham va tejamkorlik asosida o‘tkazishga e’tibor qaratish nazarda tutilgan.

Davlat rahbari mazkur oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish “ezgu qadriyat” ekanini ta’kidladi. Yig‘ilishda buning uchun ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berildi.

Buning uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 mlrd so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 mlrd so‘m ajratiladi. Buning hisobiga ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.

Prezident xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash, ularni ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga to‘xtaldi. Bunda g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish hamda kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidladi. Mas’ul idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

O‘zbekistonning “Mirzo Ulug‘bek” nomli sunʼiy yo‘ldoshi 2028-yilda uchirilishi mumkin

0

Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Taʼkidlanishicha, bugun dunyoda raqobat yangi bosqichga chiqib, iqtisodiy qudrat tabiiy boyliklar bilan emas, intellektual salohiyat va texnologiyalar bilan o‘lchanmoqda. Kosmik texnologiyalar esa strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biriga aylandi.

Mamlakatda kosmik maʼlumotlardan foydalanish boshlanganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, qisqa muddat ichida sezilarli amaliy natijalarga erishildi. Davlat kosmik monitoringi ishga tushirilib, ushbu tizim proaktiv ravishda ishlamoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 karra oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

«Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar orqali biz “ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni real daromad manbayiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyati o‘zgarayotganidan dalolat», dedi prezident.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim — sunʼiy yo‘ldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish muhim ekani qayd etildi. Bundan maqsad mamlakat suveren va obyektiv maʼlumotlar manbayiga ega bo‘lishidir.

Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilib, bo‘lajak sunʼiy yo‘ldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlandi.

Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni yaratish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni uchirish taklif qilindi.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.

“Bu shunchaki ramziy qadam emas, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyati, yoshlarimiz orzusi va milliy g‘ururimiz ifodasi bo‘ladi”, dedi prezident.

Milliy fazogirni qisqa muddatga — 10-14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi zarurligi qayd etildi. Zero, bu yutuq mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo bo‘lishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak.

O‘zbekiston kosmonavti fazoda bo‘lishi doirasida olib borilishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlar yo‘nalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qo‘yish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini o‘rganish), o‘simliklar genetikasi (qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni to‘plash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan o‘tkazish) taklif qilindi.

2028-yilda Samarqand shahrida kosmos bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Unda AQSH, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Masʼullarga ushbu xalqaro tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rish topshirildi. Taqdimot yakunida prezident sunʼiy yo‘ldoshlar loyihalari va milliy fazogirni tayyorlash bo‘yicha hisob-kitob hamda amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi

0

Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilishicha, mazkur loyihalar ilgʻor xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ularda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va maqsadli koʻrsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.

Islohotlar dasturlari va davlat dasturining bir-biridan farqli jihatlariga alohida toʻxtalib oʻtildidi. Islohotlar dasturlari davlat rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.

Bular mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish hamda ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni taʼminlash orqali uni yuksaltirish.

Bu dasturlarda “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga oʻtilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga moʻljallangan ijro natijalari boʻyicha KPI belgilangan. Dasturlar toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar boʻyicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar boʻlgan masʼul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi. Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, 23-yanvar—1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targʻib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Oliygohlar va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari oʻtkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-oʻqituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qoʻshimcha tashabbuslar bildirildi.

Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, davlat dasturi loyihasiga kiritildi. Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda xalq vakillari hayʼati ishtirokini yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslar qoʻllab quvvatlandi.

Shuningdek, mahalla mablagʻlari sarfi boʻyicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yoʻllar, piyodalar va veloyoʻlaklarni tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qatʼiylashtirish, energiya samaradorligi boʻyicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yoʻlga qoʻyish kabi takliflar qiziqarli deb topildi.

Bundan tashqari, AQSh, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozogʻistonda vatandoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qoʻshimcha takliflar olindi.

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion soʻm ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablagʻ jalb qilinishi koʻzda tutilgan.

Davlat dasturi ijrosi boʻyicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi.

Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan masʼullar har chorakda ijro holati yuzasidan prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qatʼiy nazoratga olish uchun masʼul boʻladi.

Davlat rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi. Barcha islohot va chora-tadbirlar, avvalo, odamlar hayotida aniq natija berishi — yangi ish oʻrinlari ko‘payishi, daromadlar oʻsishi va aholi roziligida o‘z aksini topishi zarurligi qayd etildi.

 “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi

0

“Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–59-son, 11.02.2026 y.) qabul qilindi.

O‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi, tuman darajasidagi g‘oliblarga 5 mln so‘mgacha, viloyat darajasida – 10 mln so‘mgacha miqdorda mukofot beriladi.

2026-yildan “Eng innovasion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘tkaziladi va g‘oliblarga 100 mln so‘m grant beriladi. Respublika bosqichi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi, mukofot jamg‘armasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 10 mlrd so‘m etib belgilanadi.

2026-yildan har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirish bo‘yicha “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi.

 

1-martdan “og‘ir” tumanlarda oilaviy tadbirkorlik uchun yillik 12% stavkada kreditlar ajratiladi

0

1-martdan boshlab 37 ta “og‘ir” toifadagi tumanda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi ajratiladigan kreditlar foizi yillik 12 foizgacha pasaytiriladi. Bu prezidentning hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mahalla darajasidagi biznes loyihalarni moliyalashtirishni oshirish ko‘zda tutilgan. Kreditlarning eng yuqori miqdorlari oshiriladi, ularning hisobidan tovarlar va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi.

Mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan (o‘zini o‘zi band qilgan) shaxslarga garov ta’minotisiz ajratiladigan kreditlar miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi.

Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallada turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z faoliyatini kengaytirish uchun 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ olishlari mumkin bo‘ladi. Bunda ular har 200 mln so‘m uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish talabi mavjud.

Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda mehmon uylarini tashkil etish, shuningdek, ixtisoslashuvi 50 foizdan yuqori mahallalarda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash bo‘yicha kichik majmualar tashkil etish uchun 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi. Bundan tashqari, naslli qoramol va tuya sotib olish uchun 100 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

1-martdan “mahalla loyihasi” dasturlari doirasida mahallalarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga 1,2 trln so‘m ajratiladi hamda kompensatsiya quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish loyihalari bo‘yicha kreditlar uchun — 4 foizli band;
  • qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan qayta ishlash loyihalari bo‘yicha kreditlar uchun — 6 foizli band.

Tajribali dehqonlar o‘z mahallasidagi 10 ta xonadonni yuqori daromadli mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirgani uchun 2 mln so‘m subsidiya oladi. 30 foiz xonadon ixtisoslashsa, qo‘shimcha 75 mln so‘m beriladi.

Suv ta’minoti qiyin bo‘lgan hududlardagi dehqonlarga tomorqa va ijaraga olingan yerlarni sug‘orish uchun quduq qazish, shuningdek, kamida 10 kVt/soat quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish xarajatlarining 70 foiz (200 mln so‘mdan oshmagan) qismi qoplab beriladi.

Shuningdek, bog‘lar barpo etish va qayta qurish uchun subsidiyalarning yangi turlari joriy etilmoqda. Tomchilatib sug‘orishni joriy etish va har bir sotixdan yomg‘ir suvini yig‘ish uchun to‘lov 160 ming so‘mgacha bo‘ladi.

Bundan tashqari, sertifikatlangan mevali daraxt ko‘chatlari va ularga tirgovuchlar xarajatining 50 foizi dehqonlarga qoplab beriladi. Meva turiga qarab, bitta ko‘chat uchun eng ko‘p subsidiya 30 ming so‘m va tirgovuch uchun 70 ming so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekistonda kasbiy ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan subsidiyalar joriy etiladi

0

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘i hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan subsidiyalar joriy etiladi. Bu haqda prezidentning 5-fevral kungi qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy sertifikatlar, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasdiqlaydigan ro‘yxat asosidagi milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘ning 50 foizi qoplab beriladi. Bunda to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan oshmaydi.

Shuningdek, malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi subsidiya qilinadi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich vaucher tizimida ishtirok etadigan ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilari va ustalari uchun mutaxassisligi bo‘yicha diplom yoki malaka pasporti (sertifikat)ga ega bo‘lish talabi joriy etiladi. Mazkur sertifikatlar malakani baholash markazlari tomonidan beriladi.

Qarorda aholi bandligini oshirish va mehnat munosabatlarini isloh qilish doirasida Jahon bankining 100 mln dollar miqdoridagi qarz mablag‘ini jalb etish bo‘yicha taklif kiritish ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2026-yilda 1 million norasmiy ish o‘rinini legallashtirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar hamda maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan aniqlangan norasmiy bandlik holatlari yuzasidan ish beruvchilarga “Yagona milliy mehnat tizimi” orqali ogohlantirish yuboriladi. Agar qonunbuzilish uch ish kuni ichida bartaraf etilmasa, Davlat mehnat inspeksiyasi tekshiruv o‘tkazadi. Shu bilan birga, bir oy ichida xodimlar bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirilib, hisoblangan ish haqi to‘liq to‘lansa, ish beruvchilar ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-martdan tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda tasdiqlangan norasmiy bandlik holatlari hamda xodimlarga eng kam ish haqidan past maosh hisoblash qo‘shimcha salbiy mezon sifatida inobatga olinadi.