Bosh sahifa Blog Sahifa 12

Yosh oilalar uchun ijara to‘lovlarini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushdi

0

Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga har oy ijara to‘lovining 50%i qoplab beriladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalar uchun ijara xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushdi.

Endilikda “Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalar ijara pulini qoplash uchun Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn ariza topshirishlari mumkin.

Mablag‘lar 12 oygacha muddatga ajratilib, har oy ijara to‘lovining 50% gacha qoplanadi.

Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlarida kompensatsiya miqdori BHMning 3 baravarigachani (1,236 mln so‘m), boshqa hududlarda esa 2 baravarigacha (824 ming so‘m) ni tashkil etadi.

Kompensatsiya puli har oy ariza beruvchining ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi. Agar uy egasi va ijarachi yaqin qarindosh bo‘lsa, kompensatsiya ajratish avtomatik ravishda rad etiladi.

Ijara xarajatlarini qaytarib oluvchi yosh oilalar bir yil davomida quyidagi ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etishlari lozim:

  • volontyorlik loyihalarida qatnashish;
  • “Mutolaa” loyihasi doirasida har oy kamida 1 ta kitob o‘qish;
  • “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi kamida bitta tanlov yoki musobaqada ishtirok etish.

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Arizalar 8 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Murojaat ma’muriy reglament talablariga javob bersa, arizachining doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatga olingan joyidagi yoshlar yetakchisi orqali “Mahalla yettiligi»ga yuboriladi. Yettilik esa hujjatlarni o‘rganib chiqib, ijtimoiy yordam ajratish yoki arizani rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Bolalarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

0

Prezident huzurida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi va takliflarni maʼqullandi.

Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Taqimotda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ayrim fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berilayotgani, bu esa yo‘llarda o‘lim va jiddiy jarohat olish holatlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Shu bois, yangicha yondashuv asosida yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, og‘ir oqibatli avariyalarning oldini olish, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi. Ushbu qonun parlament tomonidan qabul qilingan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilib, narkolaboratoriya va bangixona tashkil etish, narkotiklar noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, 10 dan ortiq qilmish bo‘yicha jazolar kuchaytiriladi.

Taqdimotda “Narkotiklar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Unda narkojinoyatlarga qarshi kurash, internet orqali tarqatilayotgan sintetik narkotiklarga chek qo‘yish, profilaktika va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish, shuningdek, moddalar muomalasi ustidan elektron nazoratni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Prezident giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlar orasida mazkur illatning tarqalishiga qatʼiy chek qo‘yish, shuningdek, yo‘llarda inson hayoti va xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha takliflarni maʼqulladi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Mart oyi boshida O‘zbekistonda yo‘l kameralari “prava»si yo‘q haydovchilarni avtomatik aniqlashni boshladi. Bunday kameralar shaxsning yuzini aniqlash funksiyasiga ega bo‘lib, qoidabuzarliklarga nisbatan onlayn ravishda chora ko‘riladi.

O‘zbekistonda tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda bodi-kameralardan foydalanilishi mumkin

0

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi nazorat tadbirlarida bodi-kameralardan foydalanishni joriy etishi, xodimlari esa maxsus kiyimda xizmat olib borishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda ayrim tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda bodi-kameralardan foydalanilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bu bo‘yicha prezident farmoni loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyiha prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutib, qo‘mita tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirishga qaratilgan.

Xususan, 2027-yil 1-iyuldan boshlab tadbirkorlik subyektlarida olib boriladigan tekshiruvlarda bodi-kameradan foydalanishni joriy etish taklif qilinmoqda. Ushbu tartib 2028-yilga qadar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari xizmat vazifalarini idoraviy formali kiyimda amalga oshiradi.

Qo‘mita uch oy ichida xodimlarning formali kiyimi namuna-etalonlarini tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim bo‘ladi.

Farmon loyihasi bo‘yicha muhokamalar 25-iyungacha davom etadi. Fikr-mulohazalarni havola orqali bildirish mumkin.

Yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi

0

Barcha oliygohlarda Tadbirkorlik asoslari fani o‘qitiladi, karyera markazlari faoliyati baholanib, eng yaxshi 20 ta oliygohga 500 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

8-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev mamlakat oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda. So‘nggi yillarda mehnat bozoriga kirayotgan bitiruvchilar soni ortib bormoqda. Ularning bandligini ta’minlash uchun bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va oliygohlardagi karyera markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Bitiruvchilarning tadbirkorlik loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish bo‘yicha Kelajakka qadam dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Uning doirasida 2025-yilda 6 mingdan ortiq loyihalar uchun 378 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, 8 ming nafarga yaqin bitiruvchilarning bandligi ta’minlandi.

Taqdimotda 2026-yilda 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Dasturni unda ishtirok etuvchi tadbirkorlarga qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish orqali yanada kengaytirish taklif etildi.

Shuningdek, TalabaExpo-2026 kasb ko‘rgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlarni faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bitiruvchilar bandligini ta’minlashda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, yirik xo‘jalik birlashmalari mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etildi. Barcha jarayonlar career.edu.uz platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni ta’minlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi. Natijada bitiruvchilar bilan ishlashning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, talabalarni ish bilan band qilishda oliygoh darajasida ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib, natijadorligiga qarab rag‘batlantirib boriladi. Markazlar faoliyati Bitiruvchi sifati indeksi orqali baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliygohning karyera markazlariga 500 mln so‘mdan ajratiladi.

Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yo‘nalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tashkil etiladigan spin-off korxonalariga talabalarni jalb etish, kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish, bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda o‘tkazishni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual ta’lim shaklini ham yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirildi.

Bunda talabgorlarni dasturga qabul qilish, to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi hamda oliygoh o‘rtasida o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshirilib, buyurtmachi talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng uni ish bilan ta’minlashga kafolat beradi.

Taklif qilingan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbariyatining mas’uliyatini oshirish, ularning KPI ko‘rsatkichlarida bitiruvchi bandligining ta’minlanganini asosiy mezon sifatida belgilash zarurligi qayd etildi.

Prezident mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlashni samarali tashkil etish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishda barcha imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Avvalroq OTMlarga hujjatlar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston Rossiyaga ta’lim va ishga joylashtirish uchun onlayn platforma yaratishni taklif qildi

0

Shuningdek, prezident xorijiy sarmoyadorlarga O‘zbekiston orqali qo‘shni bozorlarga chiqish imkoniyatini taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surgani haqida xabar berilgandi. Xusuan, prezident O‘zbekiston va Rossiyaning qo‘shma raqamli ekotizimini shakllantirishni taklif qildi.

Shuningdek, prezident ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat oldida yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan ta’minlash va ilg‘or ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga yordam beradigan shart-sharoitlarni yaratish vazifasi turibdi.

Hozir mamlakatda Rossiya oliy o‘quv yurtlarining 15 ta filiali faoliyat yuritmoqda, Toshkent va Olmaliqda qo‘shma muhandislik maktablari ochildi.

Yoshlar uchun o‘quv xizmatlari mehnat safarbarligini tashkil etishni “sifat jihatidan yangi bosqichga” olib chiqish imkonini beradi, deya qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.

O‘zbekiston ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozorini bog‘laydigan inson kapitalini rivojlantirishning qo‘shma onlayn platformasini yaratishni taklif qilmoqda.

Yangi tizim ta’lim, til va IT kurslari, yosh tadbirkorlarga yordam berish va ish beruvchilar bilan aloqalarni birlashtirishi mumkin. Prezident tashabbusning barcha manfaatdor tomonlar uchun afzalliklarini ta’kidladi:

  • yoshlar uchun — “yangi iqtisodiyotga tushunarli yo‘nalish”;
  • biznes uchun — malakali kadrlar bazasidan foydalanish imkoniyati;
  • oliy o‘quv yurtlari va kollejlar uchun — bozor talablari bilan bog‘lanish;
  • O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari uchun — inson resurslariga uzoq muddatli sarmoya.

Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari Rossiya bilan sheriklikning gumanitar asosi sifatida turizmni ta’kidladi. 2025-yilda mamlakat 1 mlnga yaqin rossiyalik sayyohlarni qabul qildi, bu yil esa “yanada ko‘proq mehmonlarni qabul qilishga tayyor”. Shu bilan birga, 2030-yilga borib kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5% ga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezident san’at va kino festivallari, muzey ko‘rgazmalari, gastronomik va musiqiy tadbirlarni tashkil etgan holda “Samarqanddan Peterburggacha” kreativ turizm yo‘lagi loyihasini ishga tushirish taklifini ilgari surdi.

Shundan so‘ng Mirziyoyev investorlarni yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat zanjirlarini yaratishga chaqirdi. O‘zbekiston kompetensiyalar, ishlab chiqarish va ishlanmalarni chuqur mahalliylashtirish, injiniring va yangi eksport yo‘nalishlarini rivojlantirishni ustuvor vazifa deb biladi.

Energetika, aviatsiya, ta’lim, geologiya va boshqa sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarida hamkorlik salohiyati qayd etildi. Shuningdek, davlat rahbari “yangi iqtisodiyot shakllanayotgan” tarmoqlar — sanoat qayta ishlash, agrotexnologiyalar, biokimyo, robototexnika, raqamli yechimlar va sun’iy intellektni alohida ta’kidladi.

“Manfaatdor hamkorlarga nafaqat o‘sib borayotgan ichki bozor, balki qo‘shni mamlakatlar va mintaqalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatlaridan faolroq foydalanishni taklif qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Davlat rahbari barqaror moliyaviy va investitsiyaviy platforma sifatida e’tirof etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish borasidagi ishlarni alohida ta’kidladi. Tadbir ishtirokchilarini Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif etdi.

Biznes tarixi: nomi oliygohga berilgan Colgate brendi

0

Bugungi kunda Colgate-Palmolive Company mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng tarqalgan bo‘lib, ayniqsa og‘iz parvarishi vositalari bilan mashhur.

Kompaniya tarixi 1806-yilda Nyu-Yorkda Uilyam Kolgeyt tomonidan kichik hajmdagi sovun va sham ishlab chiqarish faoliyatidan boshlangan. Keyinchalik bu faoliyat kengayib, turli gigiyena mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.

Vaqt o‘tishi bilan kompaniya rivojlanib, xalqaro miqyosdagi yirik ishlab chiqaruvchiga aylanib ulgurgan. Bugungi kunda u turli mamlakatlarda faoliyat yuritib, kundalik iste’mol mahsulotlari bozorida muhim o‘rin egallagan. Spot bu 200 yildan ortiq tarixga ega biznes haqida hikoya qiladi.


Uilyam Kolgeyt kim?

U 1783-yil 25-yanvarda Angliyaning Kent grafligidagi Xollingborn qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘sha davrdagi siyosiy vaziyat sababli uning oilasi AQShga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi va Merilend shtatidagi fermada yashay boshlaydi.

Oradan ko‘p o‘tmay, u 1804-yilda Nyu-York shahriga yo‘l oladi va sovun qaynatish sexida shogird sifatida ish boshlaydi. Bu yerda u nafaqat hunar o‘rgandi, balki boshqaruvdagi xatolarni kuzatib, kelajakdagi biznesi uchun muhim saboqlar ham oladi.

biznes tarixi, colgate

Chapda Uilyam Kolgeyt, o‘ngda Nyu-Jersidagi Colgate zavodi, 1909-yil atrofida. Foto: The Vintage Compact Shop

Shogirdlik muddati tugagach, u boshqa shaharlardagi dilerlar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qila boshlaydi. Nihoyat, 1806-yilda Golland ko‘chasida (Dutch Street) kraxmal, sovun va sham ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z biznesini yo‘lga qo‘yadi.

Ishlari yurishib ketgach, 1820-yilda Gudzon daryosining narigi tomonida, Nyu-Jersida kraxmal zavodini ham ochadi. Vaqt o‘tishi bilan Uilyam Kolgeyt Nyu-Yorkning eng boy va nufuzli insonlaridan biriga aylangan.

Odamlar uning maslahatlariga quloq tutar, u esa boshqalarga yordam berishdan hech qachon tortinmasdi. Shu tariqa u nafaqat muvaffaqiyatli tadbirkor, balki jamiyatda katta hurmatga ega shaxsga aylanadi.

William Colgate & Company: omborxonadan boshlangan kichik tadbirkorlik

Barchasi Nyu-York markazidagi Golland ko‘chasi, 6-uyda joylashgan kichik bir omborxonadan boshlangan edi. Yosh muhojir Uilyam Kolgeyt aynan shu yerda o‘z biznesiga ilk qadam qo‘ygan. O‘sha paytda u tish pastasi emas, balki odamlarning kundalik ehtiyoji bo‘lgan sovun hamda sham ishlab chiqarishga e’tibor qaratgan.

Uning do‘konida oddiy xo‘jalik sovunidan tortib, xushbo‘y atirsovunlargacha o‘rin olgandi. Eng qizig‘i, u xaridorlarni hayratga solish uchun noodatiy shakldagi sovunlar ham tayyorlargan. Bunday sovunlar o‘sha davr Nyu-Yorki uchun yangilik bo‘lib, tezda odamlar e’tiborini torta boshlagan.

Uilyam ishlar kengaya boshlagach, Frenk Smit ismli tadbirkor bilan sheriklik qiladi va korxona “Smit va Kolgeyt” nomi bilan faoliyatini davom ettiradi. Keyinchalik, Smitning ulushini sotib olib, o‘z akasi Boulz Kolgeyt bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu sheriklik 1844-yilgacha, ya’ni 30 yildan ortiq davom etdi va kompaniya “William Colgate & Company” nomi ostida faoliyat olib bordi.

Foto: Colgate University

1857-yilda Uilyam Kolgeyt vafot etgach, kompaniya uning o‘g‘li Samuel Kolgeyt qo‘liga o‘tib “Colgate & Company” deb qayta nomlandi. Oilaning biznesi nafaqat sanoatda, balki ta’lim sohasida ham iz qoldirdi — 1890-yilda Nyu-York shtatidagi Medison universiteti Kolgeytlar oilasining uzoq yillik moliyaviy yordami sharafiga Kolgeyt universiteti (Colgate University) deb qayta nomlandi.

Xushbo‘y tish pastalarining yaratilishi

Kompaniyaning haqiqiy mashhurligi hali oldinda edi. 1873-yilga kelib brend tarixida yangi bosqich boshlandi: Colgate o‘zining ilk Aromatic Dental Cream xushbo‘y tish pastasini taqdim etdi

O‘sha davrda odamlar tishlarini g‘isht kukuni, bo‘r yoki turli qo‘pol kukunlar bilan tozalashardi. Bu esa tish emaliga zarar yetkazgan. Colgate esa butunlay yangi yondashuv taklif qildi. Ularning tish pastasi tishlarni ehtiyotkorlik bilan tozalabgina qolmay, yoqimli hid orqali og‘izda uzoq vaqt tozalik qoldirardi.

Dastlab bu tish pastasi hozirgidek tyubiklarda emas, balki shisha bankachalarda sotilgan. Xaridorlar kremni maxsus tayoqchalar yordamida ishlatishgan. Oradan yillar o‘tib, 1896-yilda kompaniya yana bir inqilobiy yangilikni joriy qildi — tish pastasini egiluvchan metall tyubiklarga joylay boshladi.

biznes tarixi, colgate

Colgate kompaniyasining 1924-yildagi patent chizmasi: tish pastasi uchun takomillashtirilgan siquvchan tyubik mexanizmi. Foto: The Vintage Compact Shop

Logolarning o‘zgarishi

Dastlabki davrlarda logotip oddiy yozuv emas, balki o‘ziga xos g‘oyani anglatgan. Harflar yumaloq shaklda ishlanib, go‘yo tyubikdan siqib chiqarilayotgan tish pastasini eslatgan. Bu dizayn orqali brend o‘z mahsulotining mohiyati bo‘lgan tozalik va qulaylikni oddiygina yozuvda ham aks ettirishga harakat qilgan.

Vaqt o‘tib, 1960-yillarga kelib, logotip yanada zamonaviylashgan. U soddaroq hamda tartibli ko‘rinishga ega bo‘lib, brendning o‘sib borayotgan dunyo bozoriga moslashgan yangi qiyofasini ifodalagan.

1980-yillarda esa Colgate yana yangilanish bosqichiga qadam qo‘ygan. Bu safar logotip yanada qat’iy va aniq shaklga keltirilgan. Harflar qalinlashib, ular orasidagi masofa esa kamaygan. Shu davr logotipi ko‘pchilikning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolgandi.

Bugungi kunda esa Colgate zamonaviy FreeSet shriftiga yaqin, biroz o‘zgartirilgan logotipdan foydalanadi. U o‘z ildizidan uzilmagan hanuz yumaloq shakli bilan tish pastasi “siqib chiqarilayotgandek” taassurot beradi. Shu orqali brend o‘z tarixini va asosiy g‘oyasini saqlab qolgan holda, zamon bilan hamohang yashashda davom etmoqda.

Foto: Turbologo

Tish pastasi ishlab chiqaruvchilarning ko‘pchiligi odatda “tabiiylik»ni ifodalash uchun yashil rangni tanlaydi. Ammo Colgate bu yo‘ldan bormagan: u o‘zining yorqin qizil foni bilan boshqalardan ajralib turishni ma’qul ko‘rgan.

Xo‘sh, nega qizil rang va bu nimani ifodalaydi? Dizaynda oq rang poklik va oppoq tishlarni anglatsa, qizil rang yetakchilik, energiya va brendning dinamikligini ifodalaydi.

Keyinchalik brend o‘z vizual uslubini yanada boyitib, yer shari tasviri va tish pastasidan hosil bo‘lgan tabassum logotipidan ham foydalagan.

Rivojlanish

Kompaniya tarixida 1928-yil alohida o‘rin tutadi. Aynan shu yili Colgate & Company o‘z davrining yana bir yirik ishlab chiqaruvchisi — nomi tarkibidagi palma va zaytun moylaridan olingan Palmolive-Peet Company bilan birlashdi. Shu tariqa Colgate-Palmolive-Peet Company dunyoga keldi. 1953-yilga kelib esa uning nomi Colgate-Palmolive Company shakliga keltirildi.

Birlashuv ortida ham o‘ziga xos hikoya bor. Palmolive brendi o‘sha paytda juda mashhur bo‘lib, uning nomi tarkibidagi palma va zaytun moylaridan olingan. Bu mahsulot sifati va yangicha yondashuvi bilan millionlab odamlarning ishonchini qozongandi.

Yillar o‘tib, kompaniya yanada mustahkamlanib borgan. Nihoyat, 1953-yilga kelib, uning nomi bugun hammamiz yaxshi biladigan Colgate-Palmolive Company nomi bilan tanila boshlaydi.

biznes tarixi, colgate

Foto: Yandeks

1997-yilda Colgate Total AQSh bozoriga kirib borib, tez orada bozor yetakchilaridan biriga aylanadi.

2006-yilga kelib, kompaniya yana bir muhim qadam tashlaydi. Tabiiy mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini anglagan Colgate-Palmolive Company AQShdagi mashhur Tom’s of Maine kompaniyasini sotib oladi. Shu orqali u tez sur’atlarda rivojlanayotgan “tabiiy mahsulotlar” yo‘nalishiga ham kirib keladi.

2020-yilgi COVID-19 pandemiyasi sharoitida kompaniya Hello Products LLCni sotib olib, innovatsion yo‘nalishlarni kengaytirdi. Shu bilan birga, millionlab insonlarga yordam qo‘lini cho‘zdi: 25 mln dona sovun va millionlab dollarlik gigiyena mahsulotlari hamda hayvonlar ozuqasini xayriya qildi. Bu esa kompaniyaning nafaqat biznes, balki insonparvarlik yo‘lida ham mustahkam qadamlab borayotganini ko‘rsatdi.

Bugungi kundagi taqdiri

Hozirgi kunda Colgate 80 dan ortiq mamlakatda ishlab chiqarish korxonalariga ega global gigant hisoblanadi. Uning mahsulotlari 200 dan ortiq davlat va hududlardagi xonadonlarga kirib borgan.

2019-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning yillik sof tushumi $15,7 mlrdni tashkil etgan va uning dividend to‘lovlari ketma-ket 55 yildan ortiq vaqt davomida muntazam oshib kelmoqda. Ko‘pchilik Colgate deganda faqat tish pastasini tushunsa-da, brendlar oilasi ancha keng:

  • Hill’s” brendi orqali hayvonlar uchun shifobaxsh va sifatli ozuqa ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi;
  • Sovun, dush gellari va uy-ro‘zg‘or kimyoviy vositalari bozorida yirik ulushga ega;
  • Atrof-muhitni asrash va qayta ishlanadigan qadoqlar (“yashil” texnologiyalar) joriy etishda sanoatda namuna hisoblanadi.

Golland ko‘chasidagi kichik omborxonadan boshlangan bu hikoya bugun butun dunyo bo‘ylab insonlarning sog‘lig‘i va tabassumiga xizmat qiladigan global missiyaga aylangan.