Matbuot xizmatiYangiliklarShavkat Mirziyoyev “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi

Shavkat Mirziyoyev “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi

Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilishicha, mazkur loyihalar ilgʻor xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ularda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va maqsadli koʻrsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.

Islohotlar dasturlari va davlat dasturining bir-biridan farqli jihatlariga alohida toʻxtalib oʻtildidi. Islohotlar dasturlari davlat rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.

Bular mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish hamda ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni taʼminlash orqali uni yuksaltirish.

Bu dasturlarda “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga oʻtilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga moʻljallangan ijro natijalari boʻyicha KPI belgilangan. Dasturlar toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar boʻyicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar boʻlgan masʼul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlandi. Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, 23-yanvar—1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targʻib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Oliygohlar va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari oʻtkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-oʻqituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qoʻshimcha tashabbuslar bildirildi.

Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, davlat dasturi loyihasiga kiritildi. Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda xalq vakillari hayʼati ishtirokini yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslar qoʻllab quvvatlandi.

Shuningdek, mahalla mablagʻlari sarfi boʻyicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yoʻllar, piyodalar va veloyoʻlaklarni tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qatʼiylashtirish, energiya samaradorligi boʻyicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yoʻlga qoʻyish kabi takliflar qiziqarli deb topildi.

Bundan tashqari, AQSh, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozogʻistonda vatandoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qoʻshimcha takliflar olindi.

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion soʻm ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablagʻ jalb qilinishi koʻzda tutilgan.

Davlat dasturi ijrosi boʻyicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi.

Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan masʼullar har chorakda ijro holati yuzasidan prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qatʼiy nazoratga olish uchun masʼul boʻladi.

Davlat rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi. Barcha islohot va chora-tadbirlar, avvalo, odamlar hayotida aniq natija berishi — yangi ish oʻrinlari ko‘payishi, daromadlar oʻsishi va aholi roziligida o‘z aksini topishi zarurligi qayd etildi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Dunyoda minimal ish haqi eng yuqori boʻlgan davlatlar maʼlum qilindi

Tahlil uchun Xalqaro mehnat tashkilotining 2024-yilgi maʼlumotlaridan foydalanilgan. Bunda ish haqining oddiy nominal miqdori emas, balki xarid qobiliyati pariteti - yaʼni turli davlatlarda tovar va...

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlar yangicha tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mamlakatimizda...

O‘zbekistonda oktabr-noyabr oylarida biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish...

Mehmonxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘i imtiyozlari 2030-yilgacha saqlanadi

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi. 27-avgustdagi farmonda turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini...

Yangi Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi

Yangi Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni ulugʻ ayyom bilan samimiy tabrikladi. Davlatimiz...

To‘rtta hududda 2,4 GVt quvvatga ega yangi elektr stansiyalari va saqlash tizimlari ishga tushirildi

O‘zbekistonning turli hududlarida uchta yangi elektr stansiyasi va uchta elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. Ular 25-avgust kuni mustaqillikning 35 yilligi munosabati...