Iyun oyida mamlakatdagi o‘rtacha simsiz internet tezligi 30,34 Mbit/sekundni, simli internet tezligi esa 65,42 Mbit/sekundni tashkil etgan.
Joriy yilning iyun oyi davomida, butun dunyodagi mobil internet tezligi o‘rtacha 56,43 Mbit/sekundni, statsionar internet tezligi esa 93,93 Mbit/sekundni tashkil etgan. Mobil internet tezligida o‘tgan oyga nisbatan sezilarli o‘sish bo‘lgan. Simsiz internet tezligi bo‘yicha dunyoda yetakchilikni Qatar egalladi. Mamlakatda o‘rtacha mobil internet tezligi 334,6 Mbit/sekund bo‘lgan. Undan keyingi o‘rinlarda BAA (323,6 Mbit/s) hamda Quvayt (226,5Mbit/s) turibdi.
O‘z navbatida, simli internet tezligi bo‘yicha Singapur yetakchi (285 Mbit/s) bo‘lgan bo‘lsa, BAA ikki pog‘ona o‘sish bilan (283,34 Mbit/s) ikkinchi o‘rinni egallagan. Uchinchi o‘rinda Gongkong (271 Mbit/s) turibdi.
Simsiz internet orqali yuklab olish tezligi 30,34 Mbit/sekundni, yuklash tezligi esa 12,09 Mbit/sekundni tashkil etgan.
Bundan tashqari, mamlakat statsionar internet tezligi bo‘yicha 159ta mamlakat ichida 90-o‘rindan 83-o‘ringa chiqib oldi. O‘rtacha yuklab olish tezligi 65,42 Mbit/s, yuklash tezligi esa 62,17 Mbit/s bo‘ldi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘zining “Telegram»dagi kanalida “bu hali yetarli emas, internet tezligini va sifatini oshirish bo‘yicha operatorlarimiz yanada ko‘proq harakat qilishlari zarur”, deya fikr bildirdi.
Avvalroq mamlakatda aloqa operatorlariga tarmoq infratuzilmasidan birgalikda foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bino va inshootlar qurilishida telekommunikatsiya infratuzilmasini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.