Sayyoramizdagi eng boy ayol kimligini bilasizmi? Quyida juda katta aktivlarga ega bo‘lgan fransuz ayoli va uning qiyin oilaviy munosabatlari haqida ma’lumot beramiz.
Fransuaza Bettenkur-Meyers 2017-yilda onasidan L’Oreal aksiyalarining uchdan bir qismini meros qilib oladi va Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 82,1 milliard dollar boyligi bilan dunyodagi eng boy ayolga aylanadi. Oddiy milliarder merosxo‘rlardan farqli o‘laroq, bu xonim o‘z e’tiborini L’Oreal direktorlar kengashi a’zoligiga (u bir nechta kengash qo‘mitalarida, jumladan strategiya va barqarorlik, inson resurslari, tayinlash va boshqaruv) va o‘zining yozuvchilik karyerasiga qaratdi. Badavlat merosxo‘r yunon mifologiyasi va yahudiy-xristian munosabatlaridan tortib eshitish va karlik haqidagi mavzularda kitoblar yozgan.
Fransuaza bu yozda 80 yoshga to‘ladi. U L’Oreal asoschisi Ejen Shuellerning nabirasi. Bobosi 1908-yilda Oreal deb nomlangan yangi soch bo‘yog‘i formulasini ixtiro qiladi. Bu ixtiro Shuellerga katta daromad olib keladi, 1957-yilda uning boyligi qizi Lilian Betankurga o‘tadi. Uning eri Andre Bettenkur fransuz siyosatchisi bo‘lib, hukumatda vazir va senator bo‘lib ishlagan. Betankurlar fransuz jamiyatida o‘zlarining hashamatli bazmlari bilan mashhur edi.
Biroq Fransuaza Bettenkur-Meyers hech qachon ota-onasi kabi hashamatli turmush tarzini olib bormagan. Uning sevimli mashg‘ulotlari — kitob yozish va pianino chalish bo‘lgan. Vanity Fair nashriga ko‘ra, o‘smirlik chog‘idayoq Fransuazaning onasi bilan munosabatlari yaxshi kechmagan. “Fransuaza og‘ir-vazmin edi, — deydi Lilian Betankur, — har doim mendan orqada bo‘lardi”. The New York Times gazetasining yozishicha, ona 2009-yilda fransuz gazetasiga bergan intervyusida qizini “sovuq bola” deb atagan.
Betankur-Meyers “Betankur ishi” deb nomlanuvchi meros bo‘yicha oilaviy sud jarayonini boshlaganida bu munosabatlar keskin nuqtaga yetadi. New York Times gazetasining yozishicha, sud jarayonida Fransuaza onasining eng yaqin do‘sti, fotograf Fransua-Mari Banye Bettenkur xonim bilan bo‘lgan “ishqiy mojarosi”dan foydalanib, keksa ayolni unga naqd pul, taxminan 1,86 milliard dollarlik san’at va ko‘chmas mulk berishga majburlaganini da’vo qilgan. Bettenkur-Meyers 2007-yil dekabr oyida Banyega qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atadi. Lillian qizining da’vosiga qarshi chiqadi va aktivlarini o‘z xohishiga ko‘ra Banye bilan bo‘lishganini aytadi.
Betankur xonim demensiya va Alsgeymer kasalligiga chalingani, atrofidagilar esa uning bemorligidan foydalanganligi xabar qilingan. Yengilishni xayoliga ham keltirmagan Fransuaza Bettenkur-Meyers Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Nikolya Sarkozi ham ishtirok etgan dramatik tergovga yana to‘qqiz nafar ayblanuvchini qo‘shadi. Sobiq hukumat amaldori prezidentlik kampaniyasini moliyalashtirish uchun Betankur pullarini noqonuniy qo‘lga kiritganlikda ayblangan, garchi prezidentga qarshi ish dalillar yo‘qligi sababli to‘xtatilgan bo‘lsa-da. Banye 2015-yilda “ayolning ojizligini suiiste’mol qilish”da ayblanib, ikki yarim yillik qamoq va jabrlanuvchiga 158 million yevro tovon to‘lash jazosiga hukm qilingan, biroq keyinchalik apellyatsiya ishida qamoq muddati va to‘lov bekor qilingan.
Garchi Betankur-Meyers sud jarayonidan g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, keyinroq guvohlarga pora bergani haqidagi ayblovlar uchun tergov qilinadi. Tergov 2015-yilda Benye tomonidan qo‘yilgan jinoiy da’voga asoslangan edi. O‘shanda Fransuaza guvohga bergan to‘lov qisman ishdan bo‘shatish nafaqasi, qisman shaxsiy qarz bo‘lib, ko‘rsatma uchun pora emasligini aytgan. Qarshi da’vo 2016-yilda maxfiy kelishuv asosida hal qilingan.
Sudda ishtirok etgan advokat Vanity Fair nashriga shunday deydi: “Avval onasi qizini o‘ldirdi, keyin esa qizi onasini o‘ldirdi”. 2009-yildan beri Lilian va Fransuaza bir-biri bilan gaplashmaydi. “Hozir qizim bilan ko‘rishmayapman ko‘rishni xohlamayman ham, — degan Betankur xonim 2008-yilda bergan intervyusida. — Men uchun u o‘lgan”.
2011-yilda Lillian Betankur ruhiy salomatligi yomonlashgani sababli oilasi qaramog‘iga topshiriladi. Sud jarayonida uzoq vaqtdan beri unutilgan oilaviy sirlar, jumladan Betankur-Meyerning otasi va bobosi natsistlarga xayrixoh bo‘lganligi haqidagi taxminlar ham oshkor bo‘ladi.
Ejen Shueller fashistlar Germaniyasining dastlabki yillarida Adolf Gitlerning “dinamizmi”ni omma oldida maqtagan va Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin natsistlarning hamkori sifatida tergov qilingan, shuningdek, respublika hukumatini ag‘darish uchun fitna uyushtirgan maxfiy jamiyatning a’zosi bo‘lgan — 1930-yillarda Fransiya guruhni moliyalash va unga L’Oreal shtab-kvartirasida uchrashuvlar o‘tkazishga ruxsat berish orqali ularga xizmat qilgan.
Andre Betankur, o‘z navbatida, 1940-yillarning boshlarida nemisparast matbuot uchun antisemitizm maqolalar yozgan, garchi yo‘nalishini o‘zgartirib, qarshilikka qo‘shilgan bo‘lsa ham. Keyinchalik u Ikkinchi jahon urushi paytida harbiy xizmati uchun mukofotlangan va Fransiya hukumatida xizmat qilgan.
2017-yilda Lillian vafotidan so‘ng, Fransuaza o‘zining milliardlab dollarlarini va Bettenkur xonim so‘nggi kunlarini o‘tkazgan Art Deco saroyini meros qilib oladi. Uy Parijning g‘arbiy qismidagi boy shahar Neuilli-sur-Seine shahrida joylashgan. Bundan tashqari, u Brittani qirg‘og‘idagi bolaligi o‘tgan uyga ham ega bo‘ladi. Ammo hozirda Fransuaza Parijning g‘arbiy chekkasida yashaydi.
O‘tgan yillar davomida fransuz ayolining boyligi keskin o‘sdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Betankur-Meyersning sof boyligi 82,1 milliard dollarga baholanib, u dunyodagi eng boy ayol va dunyodagi 11-eng badavlat odam hisoblanadi. U va oilasi L’Oreal’ning 33% ulushini nazorat qiladi.
Fransuaza Tethys oilaviy xolding kompaniyasi bosh direktori Jan-Pyer Meyersga turmushga chiqqan. Ularning Jan-Viktor va Nikolas ismli ikki o‘g‘li bor. Jan-Viktor 2012-yilda buvisining o‘rnini egallab, onasi bilan birga L’Oreal direktorlar kengashida ishlay boshladi. Kompaniya L’Oreal, Maybelline, Essie, Garnier, Urban Decay Cosmetic, Lancome va Kiehl’s kabi ommaviy brendlarga ega.
Betankur-Meyers, shuningdek, 1980-yillarda asos solgan xayriya tashkiloti Betancourt-Schueller jamg‘armasi prezidenti sifatida ham ishlaydi. Jamg‘arma tabiiy fanlar va san’at sohasidagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratadi.