Matbuot xizmatiYangiliklar“Oʻzbekistonga investitsiya qilishga boʻlgan qiziqishimiz sezilarli darajada oshdi” — Osiyo taraqqiyot banki...

“Oʻzbekistonga investitsiya qilishga boʻlgan qiziqishimiz sezilarli darajada oshdi” — Osiyo taraqqiyot banki vakili

Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) Oʻzbekistonga investitsiya kiritishga boʻlgan qiziqishi sezilarli darajada ortmoqda. Bu haqda bank departament rahbari Izabel Chatterton 4-may kuni Samarqand shahrida oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

“Oʻzbekiston iqtisodiyoti toʻgʻri yoʻlda”

“Daryo” muxbiri xabariga koʻra, OTB vakili jurnalistlar bilan suhbatda Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrni yuqorilab borayotganini eʼtirof etgan. Qator iqtisodiy islohotlar yaxshi samara berayotganiga toʻxtalgan.

“Oʻzbekiston hukumati mamlakat boʻylab juda taʼsirli transformatsiya dasturini amalga oshirmoqda. Bu dastur keng qamrovli boʻlib, xususiy sektor samaraliroq boshqara oladigan investitsiyalarni aynan shu sektorga oʻtkazishni maqsad qilgan. Biz uchun bu ulkan dasturda hamkorlik qilish katta sharaf. Amalga oshirilgan ishlar allaqachon sezilarli natijalar berdi. Masalan, mamlakatning suveren kredit reytingi yaxshilandi. Bu mintaqadagi boshqa davlatlar eʼtiborini ham tortdi. Ular Oʻzbekiston dasturni qanday amalga oshirayotganini oʻrganishga qiziqmoqda. Hukumat iqtisodiyotni toʻgʻri yoʻnalishlarda rivojlantirishga muvaffaq boʻlyapti. Bu esa aholiga katta foyda keltiradi va koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratadi”, dedi Izabel Chatterton.

OTB vakilining aytishicha, investitsiya ajratishdan oldin bir nechta risklar (xatarlar) hisobga olinadi. Bunda asosan davlat, investor va loyiha risklariga qaraladi. Keyin mazkur xatarlarni kamaytirishga yordam beradigan moliyaviy tuzilma ishlab chiqiladi. Baʼzi hollarda esa riskni tushungan holda investitsiya qilinadi.

“Oʻzbekistonga qiziqishimiz ortmoqda”

Izabel Chatterton fikrini Oʻzbekiston misolida davom ettirdi. Uning aytishicha, mamlakat hukumati juda kuchli transformatsiya jarayonini olib borgan. Natija esa reyting agentliklari baholarida ham aks etgan.

“Shu sababli Oʻzbekistonga investitsiya qilishga boʻlgan qiziqishimiz sezilarli darajada oshdi. Endi loyiha risklariga kelsak — bu faqat Oʻzbekistonga xos emas. Bu biz ishlayotgan deyarli barcha davlatlarga xos muammo”, dedi OTB departament rahbari.

Uning aytishicha, asosiy muammo — loyiha gʻoyasini amalda bajariladigan rejaga aylantirish va keyin uni muvaffaqiyatli amalga oshirishdir. Yaʼni ijro asosiy masala hisoblanadi. Izabel Chatterton quyidagi risklarni oldindan aniqlash qiyin kechishini taʼkidladi:

  • investor va kompaniyaning shu sohadagi tajribasi;loyiha jamoasining kuchi;
  • boshqaruv sifati;
  • hukumat siyosatining uzoq muddatli barqarorligi;
  • investorlar pulini qaytarib olish uchun aniq sharoit mavjudligi.

“Shu omillar biz Oʻzbekistonda eʼtibor beradigan asosiy risklardir. Lekin umumiy baho juda ijobiy. Biz Oʻzbekistonga investitsiya qilishga katta qiziqishni saqlab qolganmiz va bu davom etadi”, dedi u.

Oʻzbekiston dengizdan uzoqligi, xususiy sektorga xatarmi?

Izabel Chatterton bu savolga “yoʻq”, deya javob berdi. Mutaxassisning taʼkidlashicha, shaxsiy kompyuterlar, internet va Wi-Fi kabi texnologiyalar paydo boʻlishidan oldin geografik joylashuv muhim omil boʻlgan. Lekin bugungi kunda bu omil avvalgidek hal qiluvchi emas. Chunki davlatlar endi virtual tarzda ham bir-biri bilan bogʻlana oladi.

“Bugungi kunda biz buni jiddiy muammo deb koʻrmaymiz. Albatta, dengizga chiqish imkoniyati yoʻq davlatlar uchun ayrim tabiiy cheklovlar mavjud. Masalan, portlardan foydalanishda boshqa davlatlarga bogʻliqlik, samolyotda tashish qimmat boʻlgani uchun ogʻir yuklarni dengiz orqali yuborish zarurati boʻladi. Ogʻir yuklar odatda kemalar orqali tashiladi, chunki bu kompaniyalar uchun ancha arzon. Lekin agar davlatlar temir va avtomobil yoʻllarini, boshqa davlatlar portlari orqali eksport qilish imkoniyatlarini rivojlantira olsa, jiddiy muammo boʻlmasligi kerak”, dedi ekspert.

Maʼlumot uchun, 3-6-may kunlari Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishi oʻtkazilmoqda. Tadbirga xalqaro moliya institutiga aʼzo boʻlgan 69 ta davlatdan vakillar, xususiy sektor hamda qator sohalar mutaxassislari kelgan. Bugun, 4-may kuni tashkil etilgan ochilish marosimida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda OTB prezidenti Masato Kanda ishtirok etdi.

Sammit doirasida O‘zbekiston prezidenti va  OTB rahbari sheriklik shartnomasini imzoladi. Hujjatga asosan, bank mamlakatda 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi dastur loyihalari uchun jami 12,5 milliard dollar ajratadi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratishni taklif etdi

Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yig‘ilishida “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari surdi. Prezident dunyodagi notinchlik tufayli millionlab sayyohlar...

O‘zbekiston maktablarida sunʼiy intellekt va startap xonalari tashkil etilishi mumkin

O‘zbekiston maktablarida sunʼiy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan...

“Prezidentingiz buyuk yetakchi” — Andrey Babish Shavkat Mirziyoyev haqida

O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Chexiya bosh vaziri Andrey Babish jurnalistlarga bergan intervyusida mamlakat haqida fikr bildirib, Shavkat Mirziyoyevni buyuk yetakchi deb atadi. “Sizning prezidentingiz buyuk...

Suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalariga subsidiya joriy etildi

Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etganlik uchun subsidiya beriladi. Bu bo‘yicha tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi. Unga ko‘ra, subsidiya byudjetdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va texnologiya turidan...

O‘zbekistonliklar Fransiyada uzumzorlarda mavsumiy ishlarga jalb qilinadi

O‘zbekiston Fransiya bilan uzumzorlarda mavsumiy ishlarga fuqarolarni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi. Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi 1-sonli texnikumda yoshlarni zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish ishlari bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumanidagi 1-sonli texnikumda yoshlarni zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish ishlari bilan tanishdi. Bugun mamlakatlarning raqobatbardoshligi nafaqat tabiiy resurslar, balki inson...