Bosh sahifa Blog Sahifa 94

Nega IT-mutaxassisi Shavkat Karimov AQShdagi uyi, daromadli ishini tashlab, O‘zbekistonga qaytdi?

0

Microsoft korporatsiyasining sobiq xodimi mamlakatga qaytish sabablari, IT Community’ning nega yaratilgani, IT elektr va internetsiz rivojlanmasligi hamda sohada ta’limning nima uchun muhimligi haqida Spot’ga so‘zlab berdi.

2023-yilda “IT Park” rezidentlari tomonidan ilk bor $1 mlrdlik xizmatlar ko‘rsatildi va raqamli xizmatlar eksporti hajmi yil davomida 2,4 baravarga o‘sib, $340 mlndan oshdi. Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda IT-xizmatlari eksporti $1 mlrdgacha, 2030-yilga borib esa $5 mlrdgacha oshadi.

IT-sohani rivojlantirish uchun O‘zbekistonga xorijiy kompaniyalar jalb etilmoqda, yangi ta’lim muassasalari ochilmoqda, xizmatlar eksporti uchun sharoitlar yaratilmoqda. Yaqinda IT-eksport qiluvchilarni hududlarga jalb qilish va mahalliy aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan “Zero Risk” dasturi ishga tushirildi.

2023-yilning yanvarida axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va qo‘llash bilan shug‘ullanuvchi IT-mutaxassislar, talabalar, tadbirkorlar, kompaniya va tashkilotlarni birlashtirgan “IT Community of Uzbekistan” tashkil etildi. Hamjamiyat IT’ni targ‘ib qilish va ommalashtirish, mahsulotlar sifatini oshirish, IT-sohasida ta’lim va tajriba almashishga ko‘maklashishga qaratilgandi

“IT Community” rahbari Shavkat Karimov “Spot»ga bergan intervyusida “Microsoft»da ishlash va o‘z vataniga qaytish, IT-hamjamiyatining yaratilishi va dastlabki natijalari, so‘nggi besh yildag islohotlar, shuningdek, O‘zbekistonda IT rivojiga to‘sqinlik qilayotgan elektr energiyasi va internet bilan bog‘liq muammolarni hal qilish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Agar sizning “LinkedIn” sahifangizga qaraydigan bo‘lsak, ancha vaqt xorijda, shu jumladan “Microsoft»da ishlagansiz. Karyerangiz haqida batafsil so‘zlab bera olasizmi?

Ha, men uzoq vaqt Shvetsiya, Belgiya, Fransiya, Rossiya, AQSh, Kanada va hatto Gvatemalada yashaganman. Virjiniya, Florida, Kaliforniya va Sietlda 17 yildan ortiq yashadim, oxirgi 9 yilimni chet elda o‘tkazdim. Xususan, “Microsoft»da uch yil ishladim, keyinchalik esa ish qidirish bilan shug‘ullanuvchi “Bold” kompaniyasiga vitse-prezident lavozimiga o‘tganman.

“Microsoft»ga qanday kirganingiz haqida gapirib bersangiz.

“Microsoft»ga kirishim juda oson bo‘lgan va bundan xursandman. “Windows” foydalanuvchilari uchun uyushmada vakansiyani ko‘rib qoldim, ariza jo‘natib, ikki hafta ichida ishga taklif oldim. Hamjamiyatlarni yaratishda tajribaga ega edim, bu haqda ilova qilingan xatda ham aytib o‘tdim. Bundan tashqari, qidiruv tizimlari bilan qanday ishlashni ham bilardim.

Keyin menga rekruter, undan so‘ng esa HR-menejeri qo‘ng‘iroq qildi. Bulardan keyin men turli odamlar bilan to‘rtta jonli suhbat o‘tkazdim, natijada ishga nomzodligimni ma’qullashgan. “Microsoft»da ishlayotganimda ichki tizim orqali o‘zim tanigan odamlarni ishga olishni tavsiya qilganman, ammo bu ish bermagan. Biroq, ko‘pchilikka intervyudagi savollar va boshqa nozik jihatlar haqida gapirib, “Microsoft»ga kirishlariga yordam berdim.

O‘zbekistonga qaytganingizga ikki yil bo‘ldi. Bunga o‘zingiz qaror qilganmisiz yoki sizni taklif qilishdimi?

Hech qanday intriga yo‘q, o‘zim qaytishga qaror qilganman. Bu o‘z-o‘zidan qabul qilingan qaror emas edi, chunki xalqaro IT-kompaniyalariga kirishni xohlovchi yoshlar menga tez-tez yordam so‘rab murojaat qilishardi. 2020-yilning oktabrida Saidbek Arslonovning Kremniy vodiysi haqidagi filmida suratga tushganimdan so‘ng, “LinkedIn»dagi sahifam xabarlarga to‘lib ketdi.

Bundan tashqari, men kompaniyaning vitse-prezidenti — qidiruv tizimini optimallashtirish sohasidagi eng yuqori lavozimga yetdim. Bu katta ish haqi va kompaniya aksiyalarini nazarda tutuvchi yuqori darajadir. Moliyaviy jihatdan xohlagan narsamga erishgan bo‘lsamda, keyinchalik ishimdan zavq ololmadim. Agar yanada ko‘proq pul topoman desam, hayot baribir bundan ortig‘iga o‘zgarmasdi. Men foydali ish qilishni xohladim va shunday qilmoqchi bo‘lsam, o‘z vatanimda — odamlar bundan ko‘proq foyda oladigan joyda qilishim kerak, deb o‘yladim. Bu dadil qadam bo‘lgan, chunki Vashingtonda katta uyimiz, ishimiz va mashinamiz bor edi.

Hali AQShdaligimdayoq, IT-sohasini rivojlantirish bo‘yicha “IT Park»ga yordam taklif qildim, lekin boshida ulardan javob bo‘lmadi. Qaytib kelganimdan keyin ular meni tadbirlarga taklif qila boshladilar va “IT Community of Uzbekistan»ni tashkil etish taklifini bildirishdi, bu mening g‘oyam emas. “IT Community»ga rahbarlik qilishga rozilik berdim, lekin texnoparkdan avtonomiya olish sharti bilan, chunki “IT Park” davlat idorasi hisoblanadi.

it, it-community, startap

“IT Community»ning tashkil etilganiga deyarli bir yarim yil bo‘ldi. Ilk natijalar va muvaffaqiyatlar bilan o‘rtoqlashsangiz?

Bizning eng katta yutug‘imiz bu jamoaning shakllanishidir: 10 kishi, jumladan meni, mahalliy yigitlarimizni, Rossiya va Belorusdan kelgan relokantlar, shuningdek, 300 nafar ko‘ngillidan iborat jamoa. Barchamiz tekinga ishlaymiz. Moddiy rag‘batlantirishsiz o‘z vaqti va energiyasini sarflashga tayyor bo‘lganlarni topish kerak edi.

Biz O‘zbekistondagi eng yirik IT hamjamiyatimiz, bu ham bir yutug‘imiz. Raqamlar unchalik katta emas — bor-yo‘g‘i 6 ming kishimiz. “LinkedIn»ga asoslanganmiz, shuning uchun raqamlar kam, lekin sifatli a’zolar mavjud bo‘lib, ular orasida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari, “IT Park” direktori, IT-universitetlari rektorlari, yirik tadbirkorlar, dasturchilar va talabalar bor.

Agar buni bizga boshida tavsiya qilinganidek “Telegram»da qilganimizda, ehtimol, sezilarli darajada, balki 10 barobar ko‘proq bo‘lardik. O‘shanda biz o‘z sharbatimizda qaynagan, dunyo bizni tanimagan, bilmagan bo‘lardi. “LinkedIn»ga qo‘shildik, chunki unda a’zolarimizning barcha postlari mavjud bo‘lgan ochiq guruhimiz bor. Tarmoqdan butun dunyo bo‘ylab 1 mlrd odam foydalanadi, shundan 450 ming nafari o‘zbekistonliklardir.

Qanday qilib “IT Community” a’zosi bo‘lish mumkin? Buning uchun ariza jo‘natish kerakmi?

Biz “LinkedIn»da qo‘shilish oson bo‘lgan guruh sifatida faoliyat yuritamiz, ya’ni hech qanday maxsus arizalar taqdim etilmaydi. Aytgancha, ishtirokchilarimizni a’zolar emas, balki fuqarolar deb ataymiz, ya’ni ular barcha huquqlarga ega. Agar siz bizning hamjamiyatimizga qo‘shilsangiz, O‘zbekiston IT-hamjamiyatining fuqarosiga aylanasiz.

Ta’lim, karyera, frilanser va biznes nuqtayi nazaridan biz qiladigan barcha narsa bepul. Har kim o‘z kontentini guruhga joylashtirishi va birgalikda startaplarni yo‘lga qo‘yish uchun boshqa a’zolar bilan bevosita muloqot qilishi mumkin.

YouTube«da ham kanalimiz bor, unda allaqachon “Microsoft”, “Uber”, “Amazon»da ishlaydigan va hali tanilib ulgurmagan o‘zbekistonliklar bilan 20ta intervyu-podkastni joylaganmiz. Yoshlarimiz mana shunday muvaffaqiyat tarixidan ilhomlanishadi, chunki har kimning o‘ziga xos yo‘li bor.

“IT Community” qanday moliyalashtiriladi? Bunda davlat ham ishtirok etadimi?

Biz mutlaqo mustaqilmiz va hech kimga quloq solmaymiz, chunki bu bizning maqsadlarimizga ziddir. Quvonarlisi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va “IT Park»ning maqsadlari bizniki bilan hamohang — O‘zbekistonda IT-ni rivojlantirish. Bizga hech kim homiylik qilmaydi, pulimiz yo‘q. Notijorat tashkilotmiz, lekin tadbirlar tashkil etganimizda, xarajatlarni qoplashga xususiy sektor yordam beradi.

“IT Park” ayrim vaqtlarda moliyaviy jihatdan yordam beradi, lekin loyiha asosida. Hozir mablag‘ yetishmasligi sababli fandrayzing (mablag‘ yig‘ish) bilan mashg‘ulmiz.

it, it-community, startap“IT Community” o‘z oldiga qanday maqsad va vazifalarni qo‘ygan?

Birinchi vazifamiz — bu O‘zbekistonda ancha zaif bo‘lgan ta’lim. So‘nggi bir yarim yil ichida mamlakatdagi barcha IT-universitetlarida 120ta ma’ruza qildim. Chiqishlarim davomida auditoriyaga “Microsoft” yoki “Google»dagi intervyulardan savollar beraman, shundan so‘ng ta’lim darajasi yuqori emasligini anglayman. Shu sabab ham ta’lim bizning birinchi raqamli maqsadimizdir. Mutaxassislarimiz bor, ularni xorijdan ham olib kelamiz.

Ta’limni volontyorlarimizdan boshlab, ular orasida “Future Leaders” (kelajak yetakchilari) loyihasini yo‘lga qo‘yganmiz. Dastur doirasida ularni tizimli ravishda yetakchi bo‘lishga o‘rgatamiz. Bular asosan “soft skills”, jumladan, muzokaralar, kommunikatsiya, odamlar va loyihalarni boshqarish bo‘ladi.

IT-mutaxassislar va tadbirkorlar ishtirokida volontyorlarimiz uchun uchta eksklyuziv sessiya tashkil qildik. Insonni bosqichma-bosqich rivojlantiradigan va bu yo‘l oxirida uni haqiqiy yetakchiga aylantiradigan yagona dastur ishlab chiqishga qaror qilganmiz.

Ikkinchi yo‘nalish — frilans. Oktabr oyida hududlarga chiqishni rejalashtirganmiz. Ular kurslar, mahorat darslari va tadbirlarga kirish imkoniga ega emaslar. Biz o‘zimiz borib, frilanserlik, startap-madaniyati va karyera haqida o‘rgatmoqchimiz. Viloyatdagi odam uchun $400−500 uncha katta pul emas. Xalqaro frilans-platformalarida Hindiston va Filippindan kelgan har qanday odam $300−400 topadi — bu juda oson. Biz yoshlarimizga frilanserlik, o‘zini ta’minlashi, loyihalar uchun kurashish va jamoalarga qo‘shilishni o‘rgatmoqchimiz. Bizda jamoaviy madaniyat yo‘q, buning natijasida bitta frilanser butun bir jamoa ishtirokchilari bilan raqobatlashadi.

Uchinchisi — karyera. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, startaplarning 99%i dastlabki uch yil ichidayoq bankrotlikka uchraydi, ammo bu qo‘rqinchli emas. Ikkinchi startap bilan davom ettirish kerak, uning muvaffaqiyatsizlik ehtimoli 90%ga, uchinchi startapniki esa 50%ga yetadi. Biroq, to‘rtinchi startap 90% ehtimollik bilan muvaffaqiyat qozonadi, lekin ungacha uch marta yiqilib, oyoqqa turib ketishi kerak.

Shunday bo‘lsada, ko‘pchilik daromadli ish bilan ta’minlanadi va biz bu ishda ular muvaffaqiyat qozonishlarini xohlaymiz. Karyera borasida bilganlarim bisyor, chunki pullarimning yirik qismini biznesda emas, balki xodim sifatida ishlab topganman.

To‘rtinchi maqsad — bu biznes. Startap madaniyatiga ishonaman va uni O‘zbekistonda rivojlantirish kerak, deb o‘ylayman. Global IT-mahsuloti frilans yoki karyerada emas, faqat biznesda tug‘ilishi mumkin. Bu bilan hozircha ko‘p ham shug‘ullanmayapmiz, lekin xakatonlar tashkillashtirganmiz, ularda investorga g‘oyani qanday taqdim etish (pitch) haqida so‘z boradi. Investitsiyalar borasida hamisha yoshlarga pul axtarmaslikni ta’kidlayman, chunki startaplarga qiziqish ular mustaqil ravishda muvaffaqiyatli bo‘lganida ortadi. O‘zbekistonda odamlar birinchi navbatda pulni qayerdan olishni o‘ylashadi. IT’da juda ham ko‘p pul kerak emas, chunki hamma narsa juda arzon, sun’iy intellektda esa 90% vositalar bepuldir. Ularni olib, biznes g‘oya o‘ylab topasiz, uni yaratasiz va deyarli hech qanday mablag‘ sarflamaysiz.

it, it-community, startapSo‘nggi yillarda O‘zbekistonda IT ancha faol rivojlanmoqda. Siz bosib o‘tgan yo‘lni qanday baholaysiz va IT-sohasi rivojlanishning qaysi bosqichida?

O‘zbekistonda axborot texnologiyalari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Menimcha, dunyoda IT-texnologiyalari shunday sur’atda rivojlanayotgan mamlakat yo‘q. Yana bir savol shundaki, biz ko‘p davlatlardan ortda qolganmiz, lekin Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarimizga nisbatan tezroq rivojlanyapmiz. Biroq, biz rivojlangan IT-davlatlardan juda uzoqdamiz, lekin ertami-kech albatta bu darajaga erishamiz. So‘nggi 5 yil ichida ijobiy siljish bo‘ldi, ko‘plab xalqaro IT-kompaniyalar kirib keldi, mahalliy o‘yinchilar o‘sdi va startaplar paydo bo‘ldi. Menimcha, hozirgi o‘sishning siri — ta’limda. Bundan oldin men uning zaif ekanligini aytgandim, lekin u juda ko‘p. Bu juda yaxshi, chunki raqobat shakllanadi. Miqdor orqali biz sifatga o‘tamiz.

Men bugungi holatni ijobiy baholayman, garchi sifat kam bo‘lsa-da, lekin ba’zi joylarda sifatli oliy ta’lim muassasalari mavjud. Shuningdek, men yoshlarning huquq-tartibot idoralarida ishlashni boshqa orzu qilmaydigan bilimlarga bo‘lgan ishtiyoqidan mamnunman. “Aytishnik»lar ko‘p bo‘lmaydi, chunki ular iqtisodiyotni rivojlantiradilar.

IT-xizmatlari eksportining asosiy qismi BPO hisoblanadi. O‘zbekiston uchun autsorsingdan ko‘ra o‘z mahsulotini ishlab chiqqani yaxshiroq emasmi? Yoki bu keyingi bosqichmi?

Bu bosqichma-bosqich kechadigan jarayon. BPO — bu mamlakatda tajriba yaratadigan birinchi qadam. Kuchli dasturchilar ham yetishib chiqmoqda, chunki xalqaro kompaniyalar yuqori talablarga ega.

Dastavval autsorsing qilish va ekspertizani rivojlantirish, so‘ngra uning yordamida mahsulotlar yaratish kerak. Agar biz sun’iy intellektni o‘zlashtirsak, yuqori cho‘qqilarni zabt etishimizda haqiqiy imkoniyat mavjud.

Yaqindagina “HeadHunter” IT-mehnat bozorini tahlil qilib, dasturchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlarining 80%dan ortig‘i diplom talab qilmasligini aniqladi. IT-mutaxassislari uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim qanchalik muhim?

Menimcha, IT bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim olish o‘rinli, sababi yillar o‘tgani sayin yetishmaydigan fundamental bilimlar mavjud. Universitetdagi o‘qish vaqti — bu ish topish uchun emas, balki ta’lim olish uchun sarflanishi kerak bo‘lgan imkoniyatdir. Amaliyotda, asosiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish mumkin, lekin bular yuqoriga ko‘tarilishga sabab bo‘lmaydi.

IT-sohasining jadal rivojlanishiga qaramay, barcha o‘sish poytaxtga qaratilayotgandek tuyuladi. Hududlarda IT bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Ochig‘ini aytganda, holat achinarli. Men O‘zbekistonning turli shaharlarida bo‘lganman va u yerda bilim darajasi sustroq, ish o‘rinlari ham poytaxtdagiga nisbatan ancha kam. Agar O‘zbekistonning barcha viloyatlarini umumlashtirsak, ulardagi mintaqaviy IT-kompaniyalar soni birgina Toshkentdagidan ancha kam.

Volontyorlarimizning har uchdan bir qismi hududlardan kelishadi, biz mamlakat bo‘ylab saralash e’lon qilamiz. Bu yomon, chunki mintaqalarda ko‘proq aholi yashaydi, vakillik esa kam.

Maqsad — u yerda infratuzilma yaratish. Viloyatlardagi IT-sohasining sust rivojlanishi nafaqat muammo, balki imkoniyat hamdir. “IT Park” filiallari yordamida rivojlantirilsa, hududlarda katta salohiyat jamlangan. Umuman olganda, IT joylashuvga bog‘liq bo‘lmasligi kerak, shuning uchun ham barqaror internet va elektr ta’minoti zarur.

it, it-community, startapElektr uzilishi va internet bilan bog‘liq muammolar O‘zbekistonning IT-sohasidagi investitsiya muhitiga qanday ta’sir qiladi?

Bularning barchasi juda yomon ta’sir ko‘rsatadi, chunki xorijiy kompaniyalar uchun — bu o‘tgan asr. Ular elektr energiyasi doimo mavjudligini va internet tez va ishonchli bo‘lishi kerakligini bilishadi. Bu to‘satdan bo‘lmaganda, ular tezda chiqib ketishlari mumkin. Bu juda katta xavf va biz hech bo‘lmaganda ular taqdim etilgan yirik shaharlarda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Xorijiy kompaniyalar kelishi, bu yerda o‘z vakolatxonalarini ochishi, ish o‘rinlari yaratishi uchun katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Agar asosiy shartlar yetarli bo‘lmasa va ular ketishsa, barcha harakatlarimiz behuda bo‘ladi. Boz ustiga, ketayotganda boshqalarga O‘zbekistonda elektr yo‘q, internet yaxshi ishlamaydi, deb aytishadi, bu esa mamlakat imijiga salbiy ta’sir qiladi.

Biroq, bu muammolarni davlat darajasida hal qilish zarur. Bu masalalar hal etilsa, bizga osonroq bo‘ladi. Masalan, Qozog‘istonda internet tezligi belgilangan ko‘rsatkichga to‘g‘ri kelmasa, aloqa operatorlari uchun jarimalar joriy etilgan. Toshkent yoki boshqa shaharlarda internet yaxshi ishlamasligiga yo‘l qo‘yish kerak emas.

5 yoki 10 yildan keyin O‘zbekistonda IT’ni qanday ko‘rasiz?

Agar fors-major holatlari bo‘lmasa, biz yiliga $5 mlrdlik IT-xizmatlar eksportiga erishib, juda uzoqqa boramiz. Jahon darajasidagi mahsulot yaratilishiga ishonchim kam, buning uchun 10−15 yilgacha vaqt kerak.

5 yil ichida ko‘proq dasturchilar, IT-kompaniyalar va ular uchun ish joylari bo‘ladi. Jahon kompaniyalari — “Google” yoki “Microsoft” O‘zbekistonga kelib, o‘z ofislarini ochsa, hayron bo‘lmayman.

Hozirda “Amazon»ni ishga tushirishga harakat qilyapmiz. 7 yildan keyin yirik o‘yinchi bu yerga kelishi mumkin. Shu vaqt ichida biz elektr energiyasini, internetni tuzatamiz va bizda hammasi yaxshi bo‘ladi.

“O‘zbekiston taksi bozorida hali joy ko‘p” — Maksim Ostapyuk, Uklon

0

“Uklon” — bu dinamik xalqaro IT-mahsulot kompaniyasi. U 2010-yilning 25-martida Ukrainada ishga tushirilgan. U yerda jahon gigantlari “Bolt” va “Uber” bilan raqobatlashuvchi onlayn avtomobillarga buyurtma berish servislari orasida yetakchilikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.

2022-yilda kompaniya Ozarbayjon va O‘zbekistonga kirishga qaror qiladi. “Uklon” hammuassisi Sergey Smusning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatlarda biznes yuritish uchun shart-sharoitlar mavjud va davlat darajasida investorlar hamda yosh IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash istagi bor.

Shu tarzda kompaniya 2023-yil iyunidan boshlab O‘zbekistonda ishlab kelmoqda.

Maksim, “Uklon»ning Ozarbayjon bozorini tark etishiga nima sabab bo‘ldi?

Ozarbayjonda biz hamkor bilan 2023-yil may oyida ishga tushdik. Ammo, afsuski, mamlakatda o‘yin qoidalari o‘zgardi, bu u yerda biznes qilishga ta’sir qiladi. Shuning uchun biz bozorni tark etib, “Uklon»ni butunlay O‘zbekistonda rivojlantirishga e’tibor qaratishga qaror qildik.

O‘zbekistonda raqobatlashish qiyinmi?

Mamlakatga kirishdan oldin bozorni tahlil qilganimizda, bizga bu ancha sodda bo‘lib tuyulgandi. Negaki, “Uber”, “Bolt” kabi global o‘yinchilar bilan to‘yinganlik unchalik katta emas, Toshkentda aholi zichligi ancha yuqori, shaharlar ko‘p va bozor hajmini oshirish uchun joy bor. Ko‘p kutilmalarimiz haqiqatga to‘g‘ri kelmadi.

Toshkentda “Yandex” dominant o‘rinni egallab, bozorning qariyb 87%ini egallagan. Bundan tashqari, biz va “My Taxi” mahalliy servisi, va albatta, telefon orqali taksi chaqiruv xizmatlari mavjud.

Asosiy raqibimiz “Yandex” ekanligini tushunamiz. U bilan raqobatlashish qiyin, biroq ayni paytda bu chaqiriq: biz kompaniya bilan mahsulot bo‘yicha boshqa joyda bilan raqobatlashmaymiz. Bu yerda bozorda hali ko‘p bo‘sh joy mavjudligini aytish kerak. Bizning prognozlarimizga ko‘ra, u yiliga taxminan 10%ga o‘sishi mumkin. Taqqoslash uchun, Yevropada bu ko‘rsatkichlar 1−2% atrofida. Bundan tashqari, past o‘rta chek mijozlarimizga taksi xizmatidan ko‘proq foydalanish imkonini beradi.

Joriy yilda mamlakatga kiritilgan sarmoya hajmi qanday o‘zgardi?

Biz investitsiyalar hajmini avval hech qayerda aytmaganmiz. Albatta, Ukraina uchun rasmiy hisob-kitoblar mavjud, ammo turli mamlakatlarda turlicha yondashuvlarga ega ekanmiz, afsuski, bu raqamlarni chuqur tafsilotlay olmaymiz.

Aytishim mumkinki, O‘zbekistonga nisbatan niyatlarimiz jiddiy. Biz hududlarni kengaytirish niyatidamiz — bizni aholisi 100 mingdan ortiq bo‘lgan barcha shaharlar qiziqtiradi. Shunday ekan, bozorga investitsiyalar hajmi dinamik ravishda o‘sib boradi. Ayni paytda investitsion portfelimiz rejalashtirilgan hajmdan ikki baravar ko‘p.

Bu pulda qancha? O‘nlab million dollar.

Hozir bu yerda qanday jamoa va O‘zbekiston ofisida o‘zgarishlar nimadan boshlandi?

O‘zbekistonda “Uklon»ning ishga tushirilishi Kiyevlik guruh tomonidan amalga oshirilgan. Keyin biz mahalliy jamoani to‘pladik, ular bilan jarayonlarni tezda mahalliy o‘ziga xoslikka moslashtirdik.

Biroz vaqt o‘tgach, biz shoshqaloqlik bilan bir qator xatolarga yo‘l qo‘yganimizni angladik, orqaga qadam tashladik va biznesni rivojlantirish strategiyamizni qayta ko‘rib chiqdik. Ayni paytda mahalliy va ukrainalik jamoalar mas’uliyatni aniq taqsimlagan holda Toshkentda servisni rivojlantirish ustida hamkorlikda ishlamoqda.

Biz tajribamizni mahalliy ofisga topshirish va keyin ularni mustaqilroq sayohatga qo‘yib yuborish uchun bir yilcha vaqt ajratdik. Ushbu model yanada kengayishimizga yordam beradi.

Shaxsan men bu yerdagi yoshlarga juda ishonaman, yangi avlodning fikrlash tarzi yoqadi. O‘zbekiston bo‘yicha rejalarimizni qayta ko‘rib chiqqach, jamoani qayta yig‘dik. Endi u bizning qadriyatlarimizni to‘liq baham ko‘radigan va “Uklon»ni Ukrainadagi kabi rivojlantirishga tayyor mutaxassislardan iborat.

Harbiy harakatlarga qaramay, biz Kiyevda kichik menejerlar uchun treninglar tashkil qildik, ular ikki hafta davomida Ukraina jamoasi bilan birga ishlaydi. Umuman olganda, tungi komendantlik soatlari va davriy havo reydlarini hisobga olmaganda Kiyev nisbatan xavfsiz va faol shahar bo‘lib qolmoqda. Qizig‘i shundaki, Toshkent biz faoliyat yuritayotgan Ukrainaning 27 shahri orasida bajarilgan buyurtmalar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi.

Umuman olganda, “Uklon»da 700dan (haydovchilardan tashqari), O‘zbekistondagi ofisda — 60dan ortiq kishi ishlaydi. Biz faol ravishda yangi xodimlarni qidirmoqdamiz, masalan, hozirda haydovchilarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘limiga menejer kerak.

taksi, taksi xizmati, uklonSizda shunday bo‘lim bormi? U nima ish qiladi?

Ha, bu bizning biznes modelimiz bilan bog‘liq — biz haydovchilar bilan bevosita hamkorlik qilamiz va ularni onlayn xizmatga ulaymiz.

O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib xizmatni Transport vazirligi va Soliq qo‘mitasi tizimlari bilan texnik integratsiyani amalga oshirdik. O‘sha paytda bizda 24 soatlik haydovchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati mavjud edi, ammo buning uchun alohida xodimlarni tayinladik, ularning vazifasi haydovchilarga bizning xizmatimizda ro‘yxatdan o‘tish va buning uchun qanday hujjatlar kerakligini tushuntirish edi.

Haydovchilar bizning hamkorlarimiz, ularni eshitamiz va savollar va sharhlarga tezda javob berishga harakat qilamiz. Xizmat sifatini oshirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Bu mahsulotda ham aks etgan. Misol uchun, bizning o‘ziga xosligimiz shundaki, haydovchi yo‘l haqi, masofani avvaldan ko‘radi va o‘zi uchun qulay bo‘lgan buyurtmalarni tanlashi mumkin.

O‘zgarishlarni hisobga olgan holda qanday natijalarga erishdingiz? Buni raqamlar bilan aytaman. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, bozordagi ulushimiz 10%ga yaqin edi. Yil boshida bajarilgan buyurtmalar soni bo‘yicha biz 200%dan ortiq o‘sdik va “eksport” ni (buyurtmani bajarish darajasi) 20%ga oshirdik.

Yangi haydovchilarni jalb qilish qanchalik qiyin?

Hozirda bizda o‘n minglab haydovchilar faoliyat yuritadi va bu raqam faol ravishda o‘sib bormoqda. Bizda ular uchun bonusli dasturlar mavjud. Shuningdek, yaqinda “Comfort+” va “Biznes” tariflarini ishga tushirdik, bu bo‘yicha haydovchilarning katta qiziqishini ko‘ryapmiz.

Haydovchilarni qanday tanlaysiz va o‘qitasiz?

Sifatni nazorat qilamiz, shuning uchun haydovchilarni vositachilarni jalb qilmagan holda o‘zimiz ro‘yxatdan o‘tkazamiz. Albatta, bizda haydovchilar va ularning mashinasi uchun ma’lum talablar mavjud. Ro‘yxatdan o‘tishda barcha hujjatlarni diqqat bilan tekshiramiz.

Biz bilan ishlashni boshlash uchun haydovchi o‘zini o‘zi and qilgan shaxs maqomi va yo‘lovchi tashish uchun litsenziyani olishi kerak.

Yo‘l haqi qanday aniqlanadi? Ishga tushirilish paytida “xizmatning asosiy farqi shundaki, ob-havo ham, yo‘llardagi sharoitlar ham yo‘l haqiga ta’sir qilmaydi” deb ta’kidlagandingiz. Ammo endi, talab yuqori vaqtda, masalan, yomg‘ir paytida, narx ko‘tarilmoqda.

Bunday emas. A nuqtadan B nuqtagacha bo‘lgan sayohat narxi belgilangan, ya’ni mijoz mashinani chaqirayotganda buyurtma berishdan oldin sozlashi mumkin bo‘lgan narxga rozi bo‘ladi. Mashinani chaqirgandan so‘ng, narx belgilanadi. Agar mijoz oxirgi nuqtani o‘zgartirsa yoki haydovchi uni kutayotgan bo‘lsa, narx o‘zgarishi mumkin.

Umuman olganda, narxga haqiqatan ham ko‘plab omillar ta’sir qiladi — ob-havo, transport, talab. Ammo biz boshqa shunga o‘xshash servislarga qaraganda qulayroq bo‘lishga harakat qilamiz.

Ko‘p foydalanuvchilar “Uklon” kartalari, masalan, “Yandex»ga qaraganda unchalik qulay emasligini ta’kidlashadi. Bu masalani qanday hal qilyapsiz?

Biz Open Street Maps (OSM)ga asoslangan o‘z kartografiyamizdan foydalanamiz. Bundan tashqari, bizda O‘zbekistonda har kuni xaritalarni kesishmalar, ko‘chalar va boshqa ma’lumotlar bilan to‘ldiradigan butun bir kartograflar jamoasi bor. Avvaliga haydovchi va yo‘lovchilardan obyektlar qo‘shish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu talab kamaydi. Xaritalar qulayroq bo‘lishi uchun vaqt kerak, biz bu borada faol ishlamoqdamiz. Boshida biz ko‘chalarga e’tibor qaratdik, chunki Ukrainada odamlar asosan ko‘cha nomi bo‘yicha qidirishadi. O‘zbekistonda esa obyektlar bo‘yicha qidirishlarini keyinroq bildik.

Bozorda qanday umumiy tendensiyalarni ko‘ryapsiz? Sohada qanday o‘zgarishlar yetishmayapti?

Toshkentda rivojlanish dinamikasi juda yuqori ekanligini ko‘ryapmiz. Misol uchun, agar avvallari odamlar asosan ertalab va kechqurun xizmatdan foydalangan bo‘lishsa, endi ular tushlik vaqtida faol foydalanishmoqda.

O‘zgarishlarga kelsak, biz juda og‘ir tirbandlikni ko‘rmoqdamiz, bu esa haydovchilarga yo‘lovchilarni tushirish yoki olib ketish uchun har doim ham qulay emas. Ushbu maqsadlar uchun yo‘llarda xavfsizroq nuqtalar paydo bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Ammo Toshkentning shiddatlik bilan rivojlanishini hisobga olsak, bu tez orada paydo bo‘lishiga ishonchimiz komil.

Hukumat sizga qanday munosabatda? Xalqaro investor sifatida regulyatorlar bilan aloqadamisiz?

Bozorga ilk bor kirganimizda bizni ancha ochiq va samimiy kutib olishdi. O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgan kompaniyalarga bu yerda affillangan aloqalar, shartli “soyabon” kerak, degan qoidaga amal qilmaslikni tavsiya qilaman. Biz faqat biznes model orqali kirishga muvaffaq bo‘ldik va davlat tomonidan hech qanday bosim yoki ta’sir bo‘lmadi.

Litsenziyalash va soliqlar bo‘yicha integratsiyani juda samarali amalga oshirdik, bu biznes va davlat o‘rtasidagi shaffof muloqotning ko‘rsatkichidir. Barcha soha ishtirokchilariga sohada ishlash uchun teng imkoniyatlar va shaffof qoidalar bo‘lishini istardim, bu bozorning tez o‘sishini ta’minlaydi. Mamlakat o‘zgarmoqda, iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda va hozir bu investitsiya nuqtai nazaridan qiziqarli bozor. Hozir O‘zbekiston Osiyoning “marvarid»i bo‘lib, bu yerga sarmoya kiritishda ma’no bor.

O‘zbekistonda 1-avgustdan nimalar o‘zgaradi?

0

Avtomobil raqamlari tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi

Ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi “Davlat raqam belgilari” modulida avtomatik tarzda tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi.

Hozirda raqam belgilari o‘sib boruvchi raqamlash ketma-ketligi bo‘yicha beriladi, harflar va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan auksion orqali sotilgan raqamlar bundan mustasno.

O‘zbekistonda elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimi joriy etiladi. Tizim sinov tarzida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 1-avgustdan mamlakat hududlarida ishga tushiriladi.

Amaldagi tizimda abonentning ism-familiyasi, pasport ma’lumotlari va hisob-raqami bo‘lgan bo‘lsa, yangi tizimda abonentning kadastr ma’lumotlari, bitta odam nomida nechta hisob raqami borligi kabi ma’lumotlar ham bo‘ladi. Shuningdek, yangi tizimda monitoring ishlarini olib borish maqsadida iste’molchining shikoyat va takliflari, ularning soni yozib boriladi.

Tizimning mobil ilovasi ham ishlab chiqildi. U orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hamda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdorini onlayn olish mumkin.

Tibbiy chiqindilardan energiya ishlab chiqariladi

Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilari to‘liq hajmda “Sayar Green” kompaniyasiga topshiriladi.

Kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi tasdiqlangan tariflarda tibbiyot muassasalari tomonidan sotib olinadi. Bunda issiqlik energiyasi boshqa shaxslarga ham belgilangan tartibda yetkazib berilishi mumkin. Hozircha tarif stavkalariga aniqlik kirtilmagan.

Loyiha amalga oshiriladigan hududlarda joylashgan tibbiyot muassasalari tibbiy chiqindilarni kompaniyaga to‘liq yetkazib berishi kerak.

Master-reja hududidagi yerlar auksionga chiqariladi

2024-yilning 1-avgustidan yil yakunigacha belgilangan master-rejalarga muvofiq, mazkur hududdagi yer uchastkalari auksionga chiqariladi.

Bu yerlar xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlarini tashkil qilish uchun ajratiladi.

“Agroplatforma” axborot tizimida xizmatlar pullik ko‘rsatiladi

1-avgustdan “Agroplatforma” axborot tizimidan xizmatlar pullik asosda ko‘rsatila boshlanadi.

Foydalanuvchilardan olinadigan abonent to‘lovi evaziga tizimning 24/7 uzliksiz rejimda ishlashini ta’minlash, texnik-qo‘llab quvvatlash, takomillashtirib borish xizmatlarini tijoratlashtirish rejalashtirilgan.

Ta’rif to‘lovlari bo‘yicha ma’lumotlarni “Agroplatforma” hamda tizimga joylashtirilgan “Ommaviy oferta»dan olishi mumkin.

Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti sud ekspertizalarini o‘tkazadi

Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi belgilangan. 1-avgustdan institutga raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarini o‘tkazish huquqi beriladi.

Institut sud-ekspertlik faoliyati qamrovini kengaytirish maqsadida 2024-yil yakunigacha katta hajmdagi ma’lumotlar ekspertizasi o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yadi.

Seysmik faol zonalarda ko‘p qavatli binolar seysmik himoya bilan quriladi

Mamlakatning barcha tuman va shaharlari hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtirilib, onlayn bazalari shakllantirilishi belgilangan.

1-avgustdan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi.

Modulli mehmonxonalar tasnifi joriy etiladi

“Turizm sohasida standartlashtirish” texnik qo‘mitasi tomonidan “Turizm xizmatlari. Modulli mehmonxonalar. Tasniflash tizimi” milliy standarti ishlab chiqildi.

Modulli mehmonxonalarni toifalar bo‘yicha tasniflashda binolar va xonalarning texnik jihozlanishi, sanitariya-gigiyena sharoitlari, mebellar, jihozlar, jamoat joylari, xodimlarni o‘qitish kabi talablarga tayaniladi. Toifalar uchta “I”, “II”, va “III” toifa bo‘yicha tasniflanadi. Eng yuqori toifa “I” (birinchi), eng past “III” (uchinchi) toifa hisoblanadi.

Masalan, barcha modulli mehmonxonalar o‘z xonalarida Wi-Fi bo‘lishi kerak, I toifadagi mehmonxonalar uchun esa umumiy joylarida ham bo‘lishi shart. Bundan tashqari, yuqori toifadagi mehmonxonada elektr generatori va issiq suv ta’minoti bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda yangi turizm brendi yaratiladi

0

Buning uchun Turizm qo‘mitasi tomonidan milliy turizm brendini yaratish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi.

Avvalroq turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, O‘zbekistonda yangi milliy turizm brendi (tanitish belgisi) yaratiladi. Uning maqsadi turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targ‘ib qilish, sayohat va dam olish uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini mustahkamlashga qaratilgan. Turizm qo‘mitasi joriy yilning 1-oktabrigacha yangi milliy turizm brendini yaratish uchun tanlov o‘tkazadi. 2024-yil Xalqaro turizm kuni doirasida birinchi global sayyohlik mediakampusi tashkil qiladi.

2024−2025 yillarda auditoriyasi 10 mlndan ortiq bo‘lgan 50 nafargacha xorijiy jurnalist, bloger, vloger va inflyuenserlar mamlakatga jalb qilinadi.

Shuningdek, 2025-yildan O‘zbekistonda biznes tadbirlarni tashkil qilgan tadbirkorlarga 2028-yilgacha soliq stavkalari pasaytiriladi. Bunda tadbirga kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi jalb qilinishi hamda 3 kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Natijada, tadbirkorlar mazkur biznes tadbirlarini tashkil qilishdan olingan daromaddan olingan foyda solig‘ini bu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkasiga nisbatan 50%ga kamaytirilgan soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi.

Joriy yilning iyun oyida prezident mutasaddilarga 1-oktabrgacha “milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish uchun tanlov o‘tkazib, xalqaro platformalarda targ‘ibotni yo‘lga qo‘yishni topshirgandi.

Avvalroq turizm sohasida oliy ta’lim to‘rt yillikdan uch yillikka o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Talabalarga bir vaqtning o‘zida ixtisosligi bo‘yicha ishlab, kasbiy ko‘nikmalarini bevosita ish joylarida rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

Bakalavr va magistratura uchun qancha grant ajratilgani ma’lum bo‘ldi

0

Bakalavriatura bo‘yicha 34 838 nafar, magistratura bo‘yicha esa 9 365 nafar etib belgilandi.

2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi prezident farmoyishi qabul qilindi. Hujjat bilan, davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi (grant) parametrlari bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga — 34 838 nafar etib, magistratura bo‘yicha esa 9 365 nafar etib belgilandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga uch kun ichida davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etish istagini bildirgan hamda talabalar qabulini davlat OTMlari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlarda amalga oshiruvchi nodavlat OTMlari ro‘yxatini, ular takliflariga asosan ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlari bo‘yicha takliflarni Davlat komissiyasiga taqdim etadi.

Shuningdek, vazirlik bir haftada quyidagi takliflar taqsimotini ham taqdim etishi kerak:

  • xorijiy OTMlar va ularning filiallari hamda nodavlat OTMlarga ajratilgan 1200ta davlat granti;
  • xotin-qizlar uchun ajratilgan 2000ta davlat granti;
  • o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30ta davlat granti.
  • Davlat komissiyasi bir hafta ichida bakalavriaturaga qabul bo‘yicha OTMlar, ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul, shuningdek, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini tasdiqlashi zarur.

Shu bilan birga, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballari hisobga olingan holda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish bali tasdiqlanadi.

Davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari buyurtmalariga asosan, umumiy grant asosidagi qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari va ularning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimoti tadiqlanadi.

Bundan tashqari, har bir bakalavriatura bo‘yicha OTMning umumiy qabul parametriga nisbatan grant kvotasi ulushi ta’lim sohalari kesimida, magistratura bo‘yicha qabul parametrlari grant va to‘lov-kontraktga ajratilgan holda OTMlar va tillar kesimida tasdiqlanadi. O‘qishga kirishda to‘plagan baliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plasa, unga mos ravishda grant yoki to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etiladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qabul parametrlarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

15-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev davlat OTMlariga qabul jarayonlari bo‘yicha takliflar bilan tanishgandi. Unda davlat rahbari OTMlarga umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlash borasida ko‘rsatmalar bergandi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston qanday kelishuvlarga erishdi?

0

Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini $2 mlrdga yetkazmoqchi. Buning uchun ikki mamlakat poytaxtlarida savdo uylari tashkil etiladi hamda eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi.

18-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar olib bordi.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa ko‘p tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, eng avvalo, import o‘rnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

O‘zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan dastur qabul qilinmoqda. Yaqin yillarda $2 mlrd ko‘rsatkichiga chiqish uchun poytaxtlarda savdo uylari tashkil etiladi, eksport-import shartnomalari to‘plami shakllantiriladi, eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini tezkor tashish bo‘yicha “yashil yo‘lak” ishga tushiriladi.

Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli $300 mlnga yetdi. Tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil yakunida $1 mlrdga yetdi.

17-iyul kuni o‘tkazilgan biznes forum doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi to‘plami qabul qilindi.

Bunday loyihalar uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston jamg‘armasining ustav kapitali $200 mlngacha oshiriladi. Hozirda Taraqqiyot jamg‘armasining portfeli $186 mlnlik 33ta investitsiya loyihasini o‘z ichiga oladi.

hamkorlik, investitsiya, qirg'iziston, sadir japarov, savdo, shavkat mirziyoyev, tovar aylanmasi

Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish etib belgilandi. Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi. Ikki mamlakat salohiyati asosida kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanadi. Mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Bosh vazirlar raisligidagi Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida faol aloqalarni davom ettiriladi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, intensiv bog‘lar va agroklasterlar tashkil etishni nazarda tutuvchi agrokooperatsiya dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.