Bosh sahifa Blog Sahifa 93

Talabalar turar joyi uchun arizalar qabuli boshlandi

0

Arizalarni Yagona portal orqali bepul jo‘natish mumkin hamda hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayonlari 1-avgustdan boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Arizalarni Yagona portal (my.gov.uz) orqali bepul yuborish mumkin hamda hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Tegishli reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar yotoqxonaga qabul qilinadi.

Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:

  • 1-kurs talabalari uchun 55−65%;
  • 2-kurs talabalari uchun 15−20%;
  • 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20−25%gacha.
  • Arizalarni joriy yilning 1-avgustidan boshlab o‘quv yili yakunigacha havola orqali jo‘natish mumkin.

2024/2025-o‘quv yilida OTMlarning 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natija chiqqandan so‘ng ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi. Ular uchun ham joylar yuqoridagi tartib asosida ajratiladi.

Kimlar ustuvorlikka ega?

Arizani ko‘rib chiqishda quyidagi toifaga kiruvchi talabalar ustuvorlik asosida yotoqxonaga qabul qilinadi:

  • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari»da turadigan talabalar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
  • bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
  • xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari;
  • oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.

Shuningdek, quyidagi jihatlar ustuvorlikka ega:

  • ta’limning kunduzgi shaklida tahsil oluvchi talabalar;
  • teng miqdordagi ayol talabalar uchun ustuvorlik;
  • OTM hududidan tashqarida yashovchi kunduzgi bakalavr talabalari;
  • ikki va undan ortiq bolali oilalar, kunduzgi bakalavr talabalari;
  • ariza berish sanasi bo‘yicha ustuvorlik.

Ariza natijalari uch xil ko‘rinishda taqdim etilishi mumkin:

  • yo‘llanma berish — arizaga ijobiy qaror qabul qilinganda, talabgor bir ish kuni ichida yotoqxona uchun yo‘llanma oladi;
  • arizani qabul qilish to‘g‘risida xabarnoma — imtiyozlar bo‘lmasa, talabaga maxsus navbat beriladi va 15 kun ichida arizaga javob olish mumkin;
  • ariza rad etiladi — yo‘llangan ariza turli sabablarga ko‘ra rad etilishi mumkin va bunda rad etish sabablari ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi.

Avvalroq Toshkentda talabalarni turar joy bilan ta’minlash markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxtdagi 29ta davlat OTMlarida 60ta markaz tashkil etish rejalashtirilgan.

Besh yillik staji borlarni o‘qishga tavsiya etish huquqiga ega tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi

0

Iqtisodiyot tarmoqlarida ishlayotgan fuqarolar sirtqi va kechki ta’limda ish joylari tavsiyasi bilan tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qishlari mumkin.

Besh yillik stajga ega fuqarolarni o‘qishga qabul qilish uchun tavsiya etish huquqiga ega tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasi qarori qabul qilindi. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ishlagan fuqarolar suhbat asosida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt bilan sirtqi va kechki ta’limda o‘qishlari mumkin.

Ularni quyidagi ro‘yxatda keltirilgan 88ta vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalari tavsiya etish huquqiga ega:

Bunda, ro‘yxatda keltirilgan tashkilotlarning tavsiyanomasiga ega bo‘lgan talabgorlari Bilimni baholash agentligining maxsus elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Jarayon 1-avgustdan 15-avgustgacha davom etadi.

Ular bilan suhbat o‘tkazish va talabalikka qabul qilish hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan sirtqi ta’lim shakliga maktab ta’limi tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yillik stajga ega abituriyentlar qabul qilinadigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati tasdiqlandi. Bular:

  • boshlang‘ich ta’lim;
  • tasviriy san’at va muhandislik grafikasi;
  • musiqa ta’limi;
  • jismoniy madaniyat;
  • texnologik ta’lim.
  • Bunda kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan va hozirda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan pedagog xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan olinadi.

Prezidentning tegishli qarorida pedagogika sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga ta’lim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yillik stajga ega va ro‘yxatdan o‘tish davrida ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib boruvchi shaxslar qabul qilinishi belgilangan.

Avvalroq bakalavr uchun turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati, xotin-qizlar uchun esa qo‘shimcha grant kvotasi tasdiqlangandi.

Prezident Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘zbekistonliklarni tabrikladi

0

Davlat rahbari O‘zbekiston millatlar va konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash siyosatini izchil davom ettirishini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘zbekistonliklarga tabrik so‘zini yo‘lladi.

«Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan islohotlarimiz jarayonida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashni eng ustuvor vazifalarimizdan biri etib belgiladik. Dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni deb qabul qilingan 30 iyul sanasini mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni deb e’lon qilganimiz va o‘ziga xos bayram sifatida keng nishonlashni an’anaga aylantirganimiz ham shundan dalolat beradi», deyiladi tabrik so‘zida.

Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda. Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi 7 yilda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar qayta tiklangani, azaliy rishtalar yangicha mazmunda davom ettirilayotgani xalqimizning xohish va istaklari, orzu-intilishlarini yaqqol ifoda etmoqda.

«Hech kimga sir emas, bugun dunyoda beqaror vaziyat hukm surmoqda. Xalqaro maydonda davlatlarning bir-biriga o‘zaro ishonchi susayib bormoqda. Bunday murakkab sharoitda hayotning o‘zi bizdan mamlakatimizda hukm surayotgan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, totuvlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni buzg‘unchi yot g‘oya va oqimlar, tashqi ta’sirlardan asrashga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda. Ko‘pmillatli va ko‘pmadaniyatli jamiyatni oqilona boshqarish sohasida O‘zbekiston muhim tajriba to‘pladi. Bizning bu boradagi faoliyatimiz dunyo miqyosida katta qiziqish uyg‘otmoqda», deyiladi tabrik so‘zida.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bundan buyon ham nodavlat tashkilotlarning rolini kuchaytirish, ularning huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Millatlar va konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash siyosatini izchil davom ettiradi.

«Bu olijanob maqsad yo‘lida yurtimiz bo‘ylab bir hafta davomida o‘tkaziladigan Do‘stlik festivallari xalqimizni yanada birlashtiradi, mintaqamizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonaman… Jonajon Vatanimizda doimo tinchlik-osoyishtalik va farovonlik hukm sursin, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqiga hamisha baxtu saodat yor bo‘lsin!», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.

Magistratura bo‘yicha qabul kvotasi tasdiqlandi

0

Bu yil uchun jami 17 500ta kvota ajratilib, shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.Bu yil uchun jami 17 500ta kvota ajratilib, shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.

Bu yil uchun jami 17 500ta kvota ajratilib, shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.

Magistratura bo‘yicha qabul kvotasi tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2024/2025-o‘quv yilida mamlakat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga o‘qishga qabul qilish parametri bo‘yicha jami 17 500ta kvota belgilandi. Shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.

O‘z navbatida, davlat grantining o‘qitish tillari bo‘yicha taqsimotida 8 092tasi o‘zbek tili, 1 273tasi rus tiliga to‘g‘ri keladi.

Kontrakt asosida qabul qilish parametriga ko‘ra, o‘zbek tiliga 6 539ta, rus tiliga esa 1 596ta belgilandi. Qabul kvotasi taqsimoti bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

1-iyuldan davlat OTMlari magistratura mutaxassisliklariga qabul boshlandi. Arizalarni 30-iyulgacha jo‘natish mumkin. Hujjatlarni topshirish jarayoni vazirlikning rasmiy magistr.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati tasdiqlangan. Bu ro‘yxat orqali qaysi ta’lim yo‘nalishi davlat oliy ta’lim muassasasi magistraturasi mutaxassisligiga turdosh ekanini bilib olish mumkin.

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln so‘mdan oshdi

0

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 8,4 mln so‘m bilan Toshkentga, eng past ko‘rsatkich esa 3,6 mln so‘m bilan Qashqadaryoga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 92,2 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqida Statistika agentligi ma’lum qildi.

Joriy yilning birinchi yarmida qayd etilgan mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 17,4%ga o‘sgan. Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 8 mln 450 ming so‘m (20,2%).

Undan keyingi o‘rinlarda 6,6 mln so‘m bilan Navoiy hamda 4,9 mln so‘m bilan Toshkent viloyatlari turibdi.

Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa 3,63 mln so‘m bilan Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan.

Hududlar bo‘yicha korxona va tashkilot xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi:

Hududlar O‘rtacha oylik ish haqi 2023-yilning birinchi yarmiga nisbatan o‘sish
1 Toshkent shahri 8 450 900 so‘m 20,2%
2 Navoiy viloyati 6 601 900 so‘m 16,2%
3 Toshkent viloyati 4 917 800 so‘m 12,9%
4 Andijon viloyati 4 446 500 so‘m 17,6%
5 Qoraqalpog‘iston Respublikasi 4 165 400 so‘m 14,7%
6 Buxoro viloyati 4 163 300 so‘m 11,9%
7 Xorazm viloyati 4 082 200 so‘m 13,4%
8 Sirdaryo viloyati 4 061 800 so‘m 15,9%
9 Samarqand viloyati 3 832 100 so‘m 18,2%
10 Jizzax viloyati 3 829 400 so‘m 15%
11 Farg‘ona viloyati 3 806 400 so‘m 16,8%
12 Namangan viloyati 3 751 600 so‘m 15,1%
13 Surxondaryo viloyati 3 688 300 so‘m 12,8%
14 Qashqadaryo viloyati 3 634 400 so‘m 13,6%

 

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan — 14,4 mln so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa (12,4 mln so‘m) hamda tashish va saqlash sohalari (7,7 mln so‘m) turibdi.

Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi sanoat sohasida 6,2 mln so‘mni, savdoda 5,8 mln so‘mni hamda qurilishda 5,4 mln so‘mni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim (3,5 mln so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,3 mln so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.

Axborot va aloqa sohasi

Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha:

  • dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 17,6 mln so‘m;
  • axborot xizmatini ko‘rsatish — 14,4 mln so‘m;
  • aloqa sohasi — 10,6 mln so‘m.

Poytaxtda axborot va aloqa sohasidagi o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi qayd etildi — 13,9 mln so‘m. Undan keyin 9,1 mln so‘m bilan Samarqand, 8,6 mln so‘m bilan Qashqadaryo viloyatlari joylashdi.

Moliya va sug‘urta sohasi

Bunda eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyatida qayd etilgan — 15,9 mln so‘m.

Eng past ko‘rsatkich esa sug‘urtalash va nafaqa ta’minotidan tashqari moliyaviy xizmatlarda (14,2 mln so‘m) kuzatilgan.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar

Bu sohada o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda kuzatildi — 8,1 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 1,84 mln so‘m.

Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 3,6 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 3,4 mln so‘mni tashkil etgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda (5,7 mln so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,9 mln so‘m) qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ham eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentga to‘g‘ri keladi — 4,1 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,5 mln so‘m) kuzatilgan.

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirdi

0

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgiladi. Ushbu qaror inflatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olib qabul qilingan.

Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 25 iyuldagi yig‘ilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Bazaviy inflatsiyaning pasayuvchi dinamikasi davom etib, iyunda 5,9 foizga teng bo‘lgan va yil boshidan 2,6 foiz bandga pasaygan. Bu energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’siri kutilganidan past bo‘lgani bilan izohlanib, inflatsiyaning kelgusida ham pasayuvchi trendining davom etishiga ishora beradi.

Joriy yilning II choragida iqtisodiyotga turli kanallar orqali valuta oqimining sezilarli oshishi kuzatilib, so‘m almashuv kursining barqarorlashishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati bo‘yicha indekslarda so‘nggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.

Joriy yildagi bazaviy inflatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar ta’sirining kutilganidan pastroq bo‘lishi hisobiga inflatsiya prognozi pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqildi. Yil yakunida umumiy inflatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi (apreldagi prognoz 9-11 foiz edi) va 2025 yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.