Foydali manbalarTadbirkorlarNega IT-mutaxassisi Shavkat Karimov AQShdagi uyi, daromadli ishini tashlab, O‘zbekistonga qaytdi?

Nega IT-mutaxassisi Shavkat Karimov AQShdagi uyi, daromadli ishini tashlab, O‘zbekistonga qaytdi?

Microsoft korporatsiyasining sobiq xodimi mamlakatga qaytish sabablari, IT Community’ning nega yaratilgani, IT elektr va internetsiz rivojlanmasligi hamda sohada ta’limning nima uchun muhimligi haqida Spot’ga so‘zlab berdi.

2023-yilda “IT Park” rezidentlari tomonidan ilk bor $1 mlrdlik xizmatlar ko‘rsatildi va raqamli xizmatlar eksporti hajmi yil davomida 2,4 baravarga o‘sib, $340 mlndan oshdi. Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda IT-xizmatlari eksporti $1 mlrdgacha, 2030-yilga borib esa $5 mlrdgacha oshadi.

IT-sohani rivojlantirish uchun O‘zbekistonga xorijiy kompaniyalar jalb etilmoqda, yangi ta’lim muassasalari ochilmoqda, xizmatlar eksporti uchun sharoitlar yaratilmoqda. Yaqinda IT-eksport qiluvchilarni hududlarga jalb qilish va mahalliy aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan “Zero Risk” dasturi ishga tushirildi.

2023-yilning yanvarida axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va qo‘llash bilan shug‘ullanuvchi IT-mutaxassislar, talabalar, tadbirkorlar, kompaniya va tashkilotlarni birlashtirgan “IT Community of Uzbekistan” tashkil etildi. Hamjamiyat IT’ni targ‘ib qilish va ommalashtirish, mahsulotlar sifatini oshirish, IT-sohasida ta’lim va tajriba almashishga ko‘maklashishga qaratilgandi

“IT Community” rahbari Shavkat Karimov “Spot»ga bergan intervyusida “Microsoft»da ishlash va o‘z vataniga qaytish, IT-hamjamiyatining yaratilishi va dastlabki natijalari, so‘nggi besh yildag islohotlar, shuningdek, O‘zbekistonda IT rivojiga to‘sqinlik qilayotgan elektr energiyasi va internet bilan bog‘liq muammolarni hal qilish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Agar sizning “LinkedIn” sahifangizga qaraydigan bo‘lsak, ancha vaqt xorijda, shu jumladan “Microsoft»da ishlagansiz. Karyerangiz haqida batafsil so‘zlab bera olasizmi?

Ha, men uzoq vaqt Shvetsiya, Belgiya, Fransiya, Rossiya, AQSh, Kanada va hatto Gvatemalada yashaganman. Virjiniya, Florida, Kaliforniya va Sietlda 17 yildan ortiq yashadim, oxirgi 9 yilimni chet elda o‘tkazdim. Xususan, “Microsoft»da uch yil ishladim, keyinchalik esa ish qidirish bilan shug‘ullanuvchi “Bold” kompaniyasiga vitse-prezident lavozimiga o‘tganman.

“Microsoft»ga qanday kirganingiz haqida gapirib bersangiz.

“Microsoft»ga kirishim juda oson bo‘lgan va bundan xursandman. “Windows” foydalanuvchilari uchun uyushmada vakansiyani ko‘rib qoldim, ariza jo‘natib, ikki hafta ichida ishga taklif oldim. Hamjamiyatlarni yaratishda tajribaga ega edim, bu haqda ilova qilingan xatda ham aytib o‘tdim. Bundan tashqari, qidiruv tizimlari bilan qanday ishlashni ham bilardim.

Keyin menga rekruter, undan so‘ng esa HR-menejeri qo‘ng‘iroq qildi. Bulardan keyin men turli odamlar bilan to‘rtta jonli suhbat o‘tkazdim, natijada ishga nomzodligimni ma’qullashgan. “Microsoft»da ishlayotganimda ichki tizim orqali o‘zim tanigan odamlarni ishga olishni tavsiya qilganman, ammo bu ish bermagan. Biroq, ko‘pchilikka intervyudagi savollar va boshqa nozik jihatlar haqida gapirib, “Microsoft»ga kirishlariga yordam berdim.

O‘zbekistonga qaytganingizga ikki yil bo‘ldi. Bunga o‘zingiz qaror qilganmisiz yoki sizni taklif qilishdimi?

Hech qanday intriga yo‘q, o‘zim qaytishga qaror qilganman. Bu o‘z-o‘zidan qabul qilingan qaror emas edi, chunki xalqaro IT-kompaniyalariga kirishni xohlovchi yoshlar menga tez-tez yordam so‘rab murojaat qilishardi. 2020-yilning oktabrida Saidbek Arslonovning Kremniy vodiysi haqidagi filmida suratga tushganimdan so‘ng, “LinkedIn»dagi sahifam xabarlarga to‘lib ketdi.

Bundan tashqari, men kompaniyaning vitse-prezidenti — qidiruv tizimini optimallashtirish sohasidagi eng yuqori lavozimga yetdim. Bu katta ish haqi va kompaniya aksiyalarini nazarda tutuvchi yuqori darajadir. Moliyaviy jihatdan xohlagan narsamga erishgan bo‘lsamda, keyinchalik ishimdan zavq ololmadim. Agar yanada ko‘proq pul topoman desam, hayot baribir bundan ortig‘iga o‘zgarmasdi. Men foydali ish qilishni xohladim va shunday qilmoqchi bo‘lsam, o‘z vatanimda — odamlar bundan ko‘proq foyda oladigan joyda qilishim kerak, deb o‘yladim. Bu dadil qadam bo‘lgan, chunki Vashingtonda katta uyimiz, ishimiz va mashinamiz bor edi.

Hali AQShdaligimdayoq, IT-sohasini rivojlantirish bo‘yicha “IT Park»ga yordam taklif qildim, lekin boshida ulardan javob bo‘lmadi. Qaytib kelganimdan keyin ular meni tadbirlarga taklif qila boshladilar va “IT Community of Uzbekistan»ni tashkil etish taklifini bildirishdi, bu mening g‘oyam emas. “IT Community»ga rahbarlik qilishga rozilik berdim, lekin texnoparkdan avtonomiya olish sharti bilan, chunki “IT Park” davlat idorasi hisoblanadi.

it, it-community, startap

“IT Community»ning tashkil etilganiga deyarli bir yarim yil bo‘ldi. Ilk natijalar va muvaffaqiyatlar bilan o‘rtoqlashsangiz?

Bizning eng katta yutug‘imiz bu jamoaning shakllanishidir: 10 kishi, jumladan meni, mahalliy yigitlarimizni, Rossiya va Belorusdan kelgan relokantlar, shuningdek, 300 nafar ko‘ngillidan iborat jamoa. Barchamiz tekinga ishlaymiz. Moddiy rag‘batlantirishsiz o‘z vaqti va energiyasini sarflashga tayyor bo‘lganlarni topish kerak edi.

Biz O‘zbekistondagi eng yirik IT hamjamiyatimiz, bu ham bir yutug‘imiz. Raqamlar unchalik katta emas — bor-yo‘g‘i 6 ming kishimiz. “LinkedIn»ga asoslanganmiz, shuning uchun raqamlar kam, lekin sifatli a’zolar mavjud bo‘lib, ular orasida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari, “IT Park” direktori, IT-universitetlari rektorlari, yirik tadbirkorlar, dasturchilar va talabalar bor.

Agar buni bizga boshida tavsiya qilinganidek “Telegram»da qilganimizda, ehtimol, sezilarli darajada, balki 10 barobar ko‘proq bo‘lardik. O‘shanda biz o‘z sharbatimizda qaynagan, dunyo bizni tanimagan, bilmagan bo‘lardi. “LinkedIn»ga qo‘shildik, chunki unda a’zolarimizning barcha postlari mavjud bo‘lgan ochiq guruhimiz bor. Tarmoqdan butun dunyo bo‘ylab 1 mlrd odam foydalanadi, shundan 450 ming nafari o‘zbekistonliklardir.

Qanday qilib “IT Community” a’zosi bo‘lish mumkin? Buning uchun ariza jo‘natish kerakmi?

Biz “LinkedIn»da qo‘shilish oson bo‘lgan guruh sifatida faoliyat yuritamiz, ya’ni hech qanday maxsus arizalar taqdim etilmaydi. Aytgancha, ishtirokchilarimizni a’zolar emas, balki fuqarolar deb ataymiz, ya’ni ular barcha huquqlarga ega. Agar siz bizning hamjamiyatimizga qo‘shilsangiz, O‘zbekiston IT-hamjamiyatining fuqarosiga aylanasiz.

Ta’lim, karyera, frilanser va biznes nuqtayi nazaridan biz qiladigan barcha narsa bepul. Har kim o‘z kontentini guruhga joylashtirishi va birgalikda startaplarni yo‘lga qo‘yish uchun boshqa a’zolar bilan bevosita muloqot qilishi mumkin.

YouTube«da ham kanalimiz bor, unda allaqachon “Microsoft”, “Uber”, “Amazon»da ishlaydigan va hali tanilib ulgurmagan o‘zbekistonliklar bilan 20ta intervyu-podkastni joylaganmiz. Yoshlarimiz mana shunday muvaffaqiyat tarixidan ilhomlanishadi, chunki har kimning o‘ziga xos yo‘li bor.

“IT Community” qanday moliyalashtiriladi? Bunda davlat ham ishtirok etadimi?

Biz mutlaqo mustaqilmiz va hech kimga quloq solmaymiz, chunki bu bizning maqsadlarimizga ziddir. Quvonarlisi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va “IT Park»ning maqsadlari bizniki bilan hamohang — O‘zbekistonda IT-ni rivojlantirish. Bizga hech kim homiylik qilmaydi, pulimiz yo‘q. Notijorat tashkilotmiz, lekin tadbirlar tashkil etganimizda, xarajatlarni qoplashga xususiy sektor yordam beradi.

“IT Park” ayrim vaqtlarda moliyaviy jihatdan yordam beradi, lekin loyiha asosida. Hozir mablag‘ yetishmasligi sababli fandrayzing (mablag‘ yig‘ish) bilan mashg‘ulmiz.

it, it-community, startap“IT Community” o‘z oldiga qanday maqsad va vazifalarni qo‘ygan?

Birinchi vazifamiz — bu O‘zbekistonda ancha zaif bo‘lgan ta’lim. So‘nggi bir yarim yil ichida mamlakatdagi barcha IT-universitetlarida 120ta ma’ruza qildim. Chiqishlarim davomida auditoriyaga “Microsoft” yoki “Google»dagi intervyulardan savollar beraman, shundan so‘ng ta’lim darajasi yuqori emasligini anglayman. Shu sabab ham ta’lim bizning birinchi raqamli maqsadimizdir. Mutaxassislarimiz bor, ularni xorijdan ham olib kelamiz.

Ta’limni volontyorlarimizdan boshlab, ular orasida “Future Leaders” (kelajak yetakchilari) loyihasini yo‘lga qo‘yganmiz. Dastur doirasida ularni tizimli ravishda yetakchi bo‘lishga o‘rgatamiz. Bular asosan “soft skills”, jumladan, muzokaralar, kommunikatsiya, odamlar va loyihalarni boshqarish bo‘ladi.

IT-mutaxassislar va tadbirkorlar ishtirokida volontyorlarimiz uchun uchta eksklyuziv sessiya tashkil qildik. Insonni bosqichma-bosqich rivojlantiradigan va bu yo‘l oxirida uni haqiqiy yetakchiga aylantiradigan yagona dastur ishlab chiqishga qaror qilganmiz.

Ikkinchi yo‘nalish — frilans. Oktabr oyida hududlarga chiqishni rejalashtirganmiz. Ular kurslar, mahorat darslari va tadbirlarga kirish imkoniga ega emaslar. Biz o‘zimiz borib, frilanserlik, startap-madaniyati va karyera haqida o‘rgatmoqchimiz. Viloyatdagi odam uchun $400−500 uncha katta pul emas. Xalqaro frilans-platformalarida Hindiston va Filippindan kelgan har qanday odam $300−400 topadi — bu juda oson. Biz yoshlarimizga frilanserlik, o‘zini ta’minlashi, loyihalar uchun kurashish va jamoalarga qo‘shilishni o‘rgatmoqchimiz. Bizda jamoaviy madaniyat yo‘q, buning natijasida bitta frilanser butun bir jamoa ishtirokchilari bilan raqobatlashadi.

Uchinchisi — karyera. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, startaplarning 99%i dastlabki uch yil ichidayoq bankrotlikka uchraydi, ammo bu qo‘rqinchli emas. Ikkinchi startap bilan davom ettirish kerak, uning muvaffaqiyatsizlik ehtimoli 90%ga, uchinchi startapniki esa 50%ga yetadi. Biroq, to‘rtinchi startap 90% ehtimollik bilan muvaffaqiyat qozonadi, lekin ungacha uch marta yiqilib, oyoqqa turib ketishi kerak.

Shunday bo‘lsada, ko‘pchilik daromadli ish bilan ta’minlanadi va biz bu ishda ular muvaffaqiyat qozonishlarini xohlaymiz. Karyera borasida bilganlarim bisyor, chunki pullarimning yirik qismini biznesda emas, balki xodim sifatida ishlab topganman.

To‘rtinchi maqsad — bu biznes. Startap madaniyatiga ishonaman va uni O‘zbekistonda rivojlantirish kerak, deb o‘ylayman. Global IT-mahsuloti frilans yoki karyerada emas, faqat biznesda tug‘ilishi mumkin. Bu bilan hozircha ko‘p ham shug‘ullanmayapmiz, lekin xakatonlar tashkillashtirganmiz, ularda investorga g‘oyani qanday taqdim etish (pitch) haqida so‘z boradi. Investitsiyalar borasida hamisha yoshlarga pul axtarmaslikni ta’kidlayman, chunki startaplarga qiziqish ular mustaqil ravishda muvaffaqiyatli bo‘lganida ortadi. O‘zbekistonda odamlar birinchi navbatda pulni qayerdan olishni o‘ylashadi. IT’da juda ham ko‘p pul kerak emas, chunki hamma narsa juda arzon, sun’iy intellektda esa 90% vositalar bepuldir. Ularni olib, biznes g‘oya o‘ylab topasiz, uni yaratasiz va deyarli hech qanday mablag‘ sarflamaysiz.

it, it-community, startapSo‘nggi yillarda O‘zbekistonda IT ancha faol rivojlanmoqda. Siz bosib o‘tgan yo‘lni qanday baholaysiz va IT-sohasi rivojlanishning qaysi bosqichida?

O‘zbekistonda axborot texnologiyalari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Menimcha, dunyoda IT-texnologiyalari shunday sur’atda rivojlanayotgan mamlakat yo‘q. Yana bir savol shundaki, biz ko‘p davlatlardan ortda qolganmiz, lekin Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarimizga nisbatan tezroq rivojlanyapmiz. Biroq, biz rivojlangan IT-davlatlardan juda uzoqdamiz, lekin ertami-kech albatta bu darajaga erishamiz. So‘nggi 5 yil ichida ijobiy siljish bo‘ldi, ko‘plab xalqaro IT-kompaniyalar kirib keldi, mahalliy o‘yinchilar o‘sdi va startaplar paydo bo‘ldi. Menimcha, hozirgi o‘sishning siri — ta’limda. Bundan oldin men uning zaif ekanligini aytgandim, lekin u juda ko‘p. Bu juda yaxshi, chunki raqobat shakllanadi. Miqdor orqali biz sifatga o‘tamiz.

Men bugungi holatni ijobiy baholayman, garchi sifat kam bo‘lsa-da, lekin ba’zi joylarda sifatli oliy ta’lim muassasalari mavjud. Shuningdek, men yoshlarning huquq-tartibot idoralarida ishlashni boshqa orzu qilmaydigan bilimlarga bo‘lgan ishtiyoqidan mamnunman. “Aytishnik»lar ko‘p bo‘lmaydi, chunki ular iqtisodiyotni rivojlantiradilar.

IT-xizmatlari eksportining asosiy qismi BPO hisoblanadi. O‘zbekiston uchun autsorsingdan ko‘ra o‘z mahsulotini ishlab chiqqani yaxshiroq emasmi? Yoki bu keyingi bosqichmi?

Bu bosqichma-bosqich kechadigan jarayon. BPO — bu mamlakatda tajriba yaratadigan birinchi qadam. Kuchli dasturchilar ham yetishib chiqmoqda, chunki xalqaro kompaniyalar yuqori talablarga ega.

Dastavval autsorsing qilish va ekspertizani rivojlantirish, so‘ngra uning yordamida mahsulotlar yaratish kerak. Agar biz sun’iy intellektni o‘zlashtirsak, yuqori cho‘qqilarni zabt etishimizda haqiqiy imkoniyat mavjud.

Yaqindagina “HeadHunter” IT-mehnat bozorini tahlil qilib, dasturchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlarining 80%dan ortig‘i diplom talab qilmasligini aniqladi. IT-mutaxassislari uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim qanchalik muhim?

Menimcha, IT bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim olish o‘rinli, sababi yillar o‘tgani sayin yetishmaydigan fundamental bilimlar mavjud. Universitetdagi o‘qish vaqti — bu ish topish uchun emas, balki ta’lim olish uchun sarflanishi kerak bo‘lgan imkoniyatdir. Amaliyotda, asosiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish mumkin, lekin bular yuqoriga ko‘tarilishga sabab bo‘lmaydi.

IT-sohasining jadal rivojlanishiga qaramay, barcha o‘sish poytaxtga qaratilayotgandek tuyuladi. Hududlarda IT bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Ochig‘ini aytganda, holat achinarli. Men O‘zbekistonning turli shaharlarida bo‘lganman va u yerda bilim darajasi sustroq, ish o‘rinlari ham poytaxtdagiga nisbatan ancha kam. Agar O‘zbekistonning barcha viloyatlarini umumlashtirsak, ulardagi mintaqaviy IT-kompaniyalar soni birgina Toshkentdagidan ancha kam.

Volontyorlarimizning har uchdan bir qismi hududlardan kelishadi, biz mamlakat bo‘ylab saralash e’lon qilamiz. Bu yomon, chunki mintaqalarda ko‘proq aholi yashaydi, vakillik esa kam.

Maqsad — u yerda infratuzilma yaratish. Viloyatlardagi IT-sohasining sust rivojlanishi nafaqat muammo, balki imkoniyat hamdir. “IT Park” filiallari yordamida rivojlantirilsa, hududlarda katta salohiyat jamlangan. Umuman olganda, IT joylashuvga bog‘liq bo‘lmasligi kerak, shuning uchun ham barqaror internet va elektr ta’minoti zarur.

it, it-community, startapElektr uzilishi va internet bilan bog‘liq muammolar O‘zbekistonning IT-sohasidagi investitsiya muhitiga qanday ta’sir qiladi?

Bularning barchasi juda yomon ta’sir ko‘rsatadi, chunki xorijiy kompaniyalar uchun — bu o‘tgan asr. Ular elektr energiyasi doimo mavjudligini va internet tez va ishonchli bo‘lishi kerakligini bilishadi. Bu to‘satdan bo‘lmaganda, ular tezda chiqib ketishlari mumkin. Bu juda katta xavf va biz hech bo‘lmaganda ular taqdim etilgan yirik shaharlarda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Xorijiy kompaniyalar kelishi, bu yerda o‘z vakolatxonalarini ochishi, ish o‘rinlari yaratishi uchun katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Agar asosiy shartlar yetarli bo‘lmasa va ular ketishsa, barcha harakatlarimiz behuda bo‘ladi. Boz ustiga, ketayotganda boshqalarga O‘zbekistonda elektr yo‘q, internet yaxshi ishlamaydi, deb aytishadi, bu esa mamlakat imijiga salbiy ta’sir qiladi.

Biroq, bu muammolarni davlat darajasida hal qilish zarur. Bu masalalar hal etilsa, bizga osonroq bo‘ladi. Masalan, Qozog‘istonda internet tezligi belgilangan ko‘rsatkichga to‘g‘ri kelmasa, aloqa operatorlari uchun jarimalar joriy etilgan. Toshkent yoki boshqa shaharlarda internet yaxshi ishlamasligiga yo‘l qo‘yish kerak emas.

5 yoki 10 yildan keyin O‘zbekistonda IT’ni qanday ko‘rasiz?

Agar fors-major holatlari bo‘lmasa, biz yiliga $5 mlrdlik IT-xizmatlar eksportiga erishib, juda uzoqqa boramiz. Jahon darajasidagi mahsulot yaratilishiga ishonchim kam, buning uchun 10−15 yilgacha vaqt kerak.

5 yil ichida ko‘proq dasturchilar, IT-kompaniyalar va ular uchun ish joylari bo‘ladi. Jahon kompaniyalari — “Google” yoki “Microsoft” O‘zbekistonga kelib, o‘z ofislarini ochsa, hayron bo‘lmayman.

Hozirda “Amazon»ni ishga tushirishga harakat qilyapmiz. 7 yildan keyin yirik o‘yinchi bu yerga kelishi mumkin. Shu vaqt ichida biz elektr energiyasini, internetni tuzatamiz va bizda hammasi yaxshi bo‘ladi.

Bo‘limlar

So'nggi yangiliklar

Шавкат Мирзиёев Туркий давлатлар саммитида иштирок этади

Шавкат Мирзиёев Қирғизистон президенти Садир Жапаров таклифига биноан Туркий давлатлар ташкилоти давлат раҳбарлари кенгашининг навбатдаги мажлисида иштирок этиш учун 5—6 ноябрь кунлари амалий ташриф...

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2027-yilgacha qanday rivojlanadi?

Markaziy bank uch yilga mo‘ljallangan uchta — asosiy, muqobil va xatarli ssenariyni taqdim etdi. Markaziy bank boshqaruvi 31-oktabrdagi yig‘ilishida “Pul-kredit siyosatining 2025-yil va 2026−2027 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy...

Ayrim talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati 1-dekabrgacha uzaytirildi

Bu bazaviy, super-kontrakt, shuningdek, qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilingan qoraqalpog‘istonlik yoshlar hamda o‘qishi ko‘chirilgan talabalar uchun amal qiladi. Ayrim talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati...

Hukumat qarori bilan autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi

Bunda ish beruvchi qabul qiluvchi tashkilot bilan shartnoma tuzish orqali o‘z xodimlarini vaqtincha ishga jo‘natishi mumkin. Hukumat qarori bilan autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Hujjat...

O‘zbekiston Prezidenti Tataristonning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi

Qozon shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tatariston Respublikasining davlat mukofoti - "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga...

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar 4 mln nafardan oshdi

Qayd etilishicha, fuqarolar eng ko‘p maishiy xizmatlar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hamda axborot-kommunikatsiya sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan. 2024-yil 1-oktabr holatiga — o‘zini o‘zi band qilgan...