Bosh sahifa Blog Sahifa 89

Tengsizlik va kambag‘allik tasodifmi? – hozirgi dunyoni tushunishga yordam beradigan 8 kitob

0

Dunyodagi tengsizlik va kambag‘allik tasodifiy voqea emas deydi, xalqaro aloqalar va rivojlanish bo‘yicha professor Benjamin Selvin. U insoniyatning hozirgi kunga qadar bo‘lgan rivojlanish yo‘li chuqur ildizga ega ekanini aytib, bugungi murakkabliklarni tushunib olishga yordam beradigan 8 kitobni tavsiya qiladi.

Iqtisodiy o‘sish bosqichlari: Nokommunistik manifest”

Amerikalik iqtisodchi, professor va siyosiy nazariyotchi Uolt Rostov 1960 yilda nashr qilingan “Iqtisodiy o‘sish bosqichlari: Nokumunistik manifest (The Stages of Economic Growth: A Non-Communist Manifesto)” kitobining muallifidir. U 1966—1969 yillarda Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Lindon B. Jonsonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

Uolt Rostov

Hamma davlatlar boy bo‘lishi mumkinmi, degan savolga Rostov kitobda ha deb javob beradi. Uning fikricha, dunyo bozori va investitsiyalarga ochiqlik, infrastrukturaga pul kiritish, foydani sanoatga qaytarish o‘z-o‘zini barqarorlashtirishga olib boradi va bu mamlakatlarni AQSh usulidagi ommaviy iste’mol asriga yetaklaydi. Mamlakatlar an’ana va urf-odatlarni yengib, uzluksiz o‘sishni qabul qilish va uni modernizatsiya qilishlari kerak.

Uning ta’kidlashicha, AQSh modernizatsiyani osonlashtirish va shu bilan birga bu tahdidni bartaraf etish uchun rivojlanayotgan mamlakatlar elitalari bilan ittifoq tuzishi kerak edi.

Rostov AQShning Viyetnamdagi urushida muhim rol o‘ynagan. U kommunistik tahdidni yo‘q qilish kerak degan fikrda bo‘lgan. Rostovning kitobidan 30 yil o‘tgach, kommunistik tahdid yo‘qoldi. Endi dunyoning har bir burchagida globallashuvni ko‘rish mumkin. Biroq dunyo aholisining qariyb yarmi hali ham Jahon bankining qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi.

Shundan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Rostovning barcha mamlakatlar boyib ketishi mumkinmi yoki yo‘qmi degan savolga ijobiy javobi zamonaviy taraqqiyot murakkabliklarini ishonchli tushuntirishdan ko‘ra ko‘proq amerikaparast mafkura bo‘lgan.

Yashil inqilob zo‘ravonligi: Uchinchi dunyo qishloq xo‘jaligi, ekologiya va siyosat”

Hindistonlik olim va ekolog Vandana Shiva “Yashil inqilobning zo‘ravonligi: Uchinchi dunyo qishloq xo‘jaligi, ekologiya va siyosat (The Violence of the Green Revolution: Third World Agriculture, Ecology and Politics)” kitobini 1991 yilda yozadi. Shiva texnologiyaga asoslangan rivojlanishning xavfi haqida ogohlantiradi. Kitob Shimoliy Hindiston Panjobidagi yashil inqilob bo‘yicha o‘rganishlardan iborat. 1980 yillargacha Panjob Hindistonning eng gullab-yashnagan hududlaridan biri bo‘lgan va shu bilan birga Hindistondagi eng katta qotilliklar makoniga ham aylangan edi.

Vandana Shiva

1970 yillarda Panjobda mintaqaviy sug‘orish tizimlariga katta sarmoya kiritiladi. Fermerlarning an’anaviy don navlaridan yuqori hosilli navlarga o‘tishi subsidiya qilindi. Ishlab chiqarish o‘sdi va mintaqa sof don eksportchisiga aylandi, lekin bu panjobliklarga qimmatga tushdi. Shivaning yozishicha, tabiat va odamlar ustidan nazorat qilish yashil inqilobning muhim qismi bo‘lgan. Natijada fermerlar hukumat va agrokimyoviy kompaniyalarga qaram bo‘lib qolgan.

An’anaviy donchilik bilan solishtirganda yuqori navli hosil olish o‘g‘it va suvni ko‘proq talab qila boshlagan. O‘g‘itga talabning oshishi tuproq sifatini pasaytirib, natijada yana ko‘proq o‘g‘itga ehtiyoj sezilgan. Ishlab chiqarish narxlari oshgan. Kichik fermerlar yirik kapitallarning oshishi sabab chetga chiqib qoladi, qishloq xo‘jaligi ishchilari esa yangi texnologiya sabab ishlarini yo‘qotadilar.

Shiva bu qanday qilib nizolar keltirib chiqarganini hujjatlashtiradi. Panjobliklar markaziy hukumatni fermerlarga suvdan foydalanish huquqlarini teng taqsimlamaganlikda ayblaydi. Bu esa ayirmachilik harakatlarini kuchaytirgan. Panjobda yashil inqilob ijtimoiy tinchlik va raqobatbardosh mehnat bozorlarini yaratishga emas, ishsizlik va zo‘ravonliklarga sabab bo‘ldi.

Shunday qilib, Shiva kitobida hokimiyatni davlatlar va agrokimyo gigantlari qo‘lida markazlashtiradigan yangi texnologiyalarga ishonish xavfidan dunyoni ogohlantiradi.

Kapital: Siyosiy iqtisodning tanqidi”

O‘tgan 3 yil davomida dunyoda qariyb 40 trillion yevro yig‘ildi. Bu pul teng taqsimlanmadi. Taxminan 25 trillion yevro dunyoning eng boy 1 foiz odami qo‘lida to‘plangan bo‘lsa, 37 foizi mablag‘ – 15 trillion yevro esa qolgan 99 foiz kishiga to‘g‘ri keladi.

Karl Marks “Kapital: siyosiy iqtisodning tanqidi (Capital: A Critique of Political Economy)” kitobida dunyoni tengsizliklarsiz dunyoga aylantirishni tushuntirishga uringan.

Marks kapitalizmning ildizi, boy va kambag‘allar o‘rtasidagi katta qutblanish qanday qilib kapitalizmga borib taqalishini izohlaydi.

Karl Marks

Kitobda 2 fikr ilgari suriladi. Birinchisida kapitalizm qanday qilib yer o‘g‘irlash, odamlarni ko‘chirish va aholini avtoritar bo‘ysundirish orqali paydo bo‘lganini bayon qildi.

Angliyada yer o‘g‘irlash 15-17 asrlarda paydo bo‘lgan. Bu paytda agrar kapitalist sinflar dehqonlarni yerlaridan siqib chiqarish orqali mulklarini ko‘paytirganlar. Afrika, Osiyo va Shimoliy, Janubiy Amerikada aholi qirib tashlangan, qul qilingan va yerlar yangi sinflar tomonidan tortib olingan. Bu qo‘pol tengsiz dunyoni barpo qilishdagi birinchi harakat edi. Bu yerda ishlab chiqarish vositalariga kamroq guruhlar egalik qilsa, aholining kattagina qismi mehnatdan boshqa narsa sotolmagan.

Ikkinchi qarashga ko‘ra, Marks kapitalistlar ishchilar kuchidan boshlang‘ich qiymatidan ko‘ra ko‘proq qiymat yaratish uchun foydalanishini tushuntiradi. Shu bilan birga, kuchli kapitalistlar texnologik innovatsiyalar orqali ortiqcha qiymatning katta qismini kuchsizroq kapitalistlardan tortib olishga qodirligini ko‘rsatadi.

Kaliban va jodugar: Ayol, tana va ibtidoiy to‘planish”

Silviya Federiki italyan amerika akademigi, feminist. U 2004 yilda nashr qilingan “Kaliban va jodugar: Ayol, tana va ibtidoiy to‘planish (Caliban and the Witch: Women, the Body and Primitive Accumulation)” kitobida Yevropadagi jodugar ovlari ayollarni ijtimoiy hayotdan chetlashtirishning bir usuli bo‘lganligi va ayni paytda ish haqiga asoslangan zamonaviy iqtisodiyotning yuksalishiga hissa qo‘shganini tushuntiradi.

Silviya Federiki

Federiki ibtidoiy to‘planish erkaklar va ayollarga qanday turli xil ta’sir qilganini ko‘rsatadi. Ilgari dehqonlar mahalliy xo‘jayinlar tomonidan ekspluatatsiya qilingan, o‘z mahsulotining bir qismini unga topshirishgan yoki ba’zan foyda olmay ishlagan. Tibbiy yordam, doyalik va tug‘ishdan saqlanish ishlarini esa asosan keksa ayollar qilgan.

Federiki dehqonlarning mulksizlanishi va mehnat bozori evolyutsiyasi bilan bir qatorda, zamonaviy iqtisodiy tartib dehqon xonadonlari o‘rtasidagi birdamlikni yo‘q qilish asosiga qurilganligini ko‘rsatadi. Lordlar va ilk zamonaviy davlatlar bu jarayonni dehqon ayollariga nisbatan mizoginiya to‘lqinini qo‘zg‘atish orqali boshladilar. Boshqalarga tibbiy yordam ko‘rsatgan, ayniqsa tug‘ilishni nazorat qilgan ayollar jodugar deb atalgan va qiynoqqa solingan. Ayollar tobora ko‘proq maishiy, to‘lanmaydigan majburiyatlar bilan chegaralanib, mehnatlari qadrsizlangan.

Federiki yevropalik mustamlakachilar yerlarni egallab olish, qul qilish va yo‘q qilishni oqlash uchun ayollarni jodugarlar deb atagani haqida ma’lumotlar yig‘gan. Ular ayollarning mehnati uyda bo‘lishi kerakligi haqidagi tushunchalarni targ‘ib qilishgan. Zamonaviy iqtisodiy tizim tarixi gender shafqatsiz bo‘lgan va bu bugungi mehnat taqsimotlar ayollar uchun noqulay ekanining sabablaridan biridir.

Yerning baxtsizlari”

Frantz Fanonning «Yerning baxtsizlari (The Wretched of the Earth)» kitobida iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik, zo‘ravonlik va irqchilik avj olgan bugungi kun uchun ham javob bor. Fanon mustamlakachilik va kapitalizmga bog‘liq keskin irqiy to‘qnashuvni tushuntirib beradi. Tengsizlik va irqchilikni yengish, demokratik tenglikka asoslangan taraqqiyotning yangi gumanistik shaklini tasvirlaydi.

Frantz Fanon

Radikal psixiatr va siyosat faylasufi Fanon “Yerning baxtsizlari”ni Fransiya mustamlakachiligiga qarshi Jazoir inqilobining tugash arafasida yozgan. Fanon irqchilikni nafaqat iqtisodiy imkoniyatlardan mahrum qilish, balki insoniylikdan mahrum qilish deb hisoblaydi. Muallifning fikrlari mashhur bo‘lishining sabablaridan biri shuki, u boyroq mamlakatlarga o‘xshashga harakat qilishdan ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar o‘zlarining qadriyatlariga, shuningdek, ularga xos uslub va uslublarga e’tibor qaratishlari kerakligini aytadi. Uning taraqqiyot tushunchasi sinfiy, jins va irqiy zulmni yengishni nazarda tutgan. Erkaklar va ayollarga konstitutsiya moddalarida emas, balki kundalik hayotda, fabrikada, maktablarda va yig‘ilishlarda teng darajada ahamiyat berilishi kerak.

Osiyoning navbatdagi giganti: Janubiy Koreya va kech sanoatlashish”

Massachusets texnologiya instituti professori Elice Amsdenning “Osiyoning keyingi giganti: Janubiy Koreya va kech sanoatlashish (Asia’s Next Giant: South Korea and Late Industrialization)” kitobi 1989 yilda yozilgan. Kitob 1950–1980 yillarda Janubiy Koreya agrar sanoatdan qanday qilib yuqori texnologiyali davlatga aylangani haqida.

Elice Amsden

Davlat ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun xususiy biznes ustidan yuqori darajada nazorat o‘rnatgan. Import tariflari, subsidiyalar va tanlangan firmalarga davlat yordami ko‘rsatish va banklarga asoslangan moliya nazoratini tashkil qilishgan. Aslida bularning barchasi Ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘n yilliklar davomida dunyoning ko‘p qismida ham bor edi. Janubiy Koreyani ajratib turadigan narsa esa davlat firmalarni yuqori samaradorlik maqsadlariga erishishga majburlash qobiliyatiga egaligida edi.

Amsdenning iborasi bilan aytilsa, davlat «g‘oliblarni tanladi». Subsidiya olgan firmalar eksport qilishga majbur bo‘ldi yoki ularga pul ajratish to‘xtatildi. Hukumat elektr energiyasi, po‘lat, kimyoviy moddalar, gaz va sintetik tolalar narxlarini nazorat qiladi. Materiallar narxini past darajada ushlab turish kompaniyalarga ko‘proq daromadlarini tadqiqot va ishlanmalarga sarflashga yordam berdi. Sanoatni o‘zgartirish jihatidan bu katta muvaffaqiyat edi.

Teskari haqiqatlar: Taraqqiyot tushunchasidagi gender iyerarxiyasi”

London iqtisodiyot maktabi gender bo‘yicha professor Noila Kabir “Teskari haqiqatlar: Taraqqiyot tushunchasidagi gender iyerarxiyasi (Reversed Realities: Gender Hierarchies in Development Thought)” kitobini 1994 yilda yozadi. U ayollar ham xuddi erkaklar kabi bo‘lishi kerak degan aqlli iqtisodiyot g‘oyasiga qarshi chiqadi. Aqlli iqtisodiyot gender tengligi ayollar uchun yaxshi va bu iqtisodiyotni o‘stiradi, ya’ni bu ikkisi bir-birini mustahkamlaydi deydi. Kabir esa nega bu to‘g‘ri fikr emasligi tushuntiradi. Uning ta’kidlashicha, ayollar iqtisodiy bozorda erkaklar bilan teng ishtirok etishi mumkin, deyilganda bu 2 jinsning biologik farqlari e’tiborga olinmagan. Ayollarning uy ishlarini bajarishiga pul to‘lanmagani jinsiy notenglikni paydo qiladi. Aslida, chaqaloqlarni tug‘ish va emizish zamonaviy iqtisodiyotda muhim ahamiyatga ega.

Noila Kabir

Muallif fikricha, ayollar intilishi kerak bo‘lgan zamonaviy erkak (homo ekonomikus) tushunchasi ham uydirma. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlayotgan ayollar soni ortyapti, lekin uy ishlariga qarashadigan erkaklar emas. Natijada ayollar 2 karra mehnat ostida qolyapti. Maqsad ayollarning ham erkaklar kabi ishlashi bo‘lsa, erkaklar ham ayollar kabi bola parvarishida qatnashishi ham muhimligi nega eslanmaydi?

Ozodlik taraqqiyot sifatida”

Siyosatchi va akademiklar ishonadigan eng muhim haqiqatlardan biri rivojlanish iqtisodiy o‘sishga bog‘liq, jumlasidir.

Hindistonlik iqtisodchi va Nobel mukofoti sovrindori Amartya Sen bu fikr nima uchun noto‘g‘ri ekanligini “Ozodlik taraqqiyot sifatida (Development as Freedom)” kitobida tushuntirib berishga harakat qiladi. Ko‘pgina mamlakatlar 20 asr oxiri va 21 asr boshlarida tez o‘sish va sanoat o‘zgarishiga erishdilar. 1960 va 1970 yillarda Braziliya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi davlatlar avtoritar rejim ostida rivojlandilar.

Ba’zilar avtoritarizmni ishchi kuchi rivojlangan mamlakatlarga yetib olish uchun zarur deb hisoblaydi. Senning ta’kidlashicha, inson rivojlanishi haqiqiy erkinlik orqali bo‘lishi kerak. Asosiy erkinliklarga savodxonlik va hisob-kitoblar bilan bir qatorda ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik va erta o‘lim xavfidan xoli hayot kiradi. Odamlarning erkinliklari muhim ahamiyatga ega va bu iqtisodiy ishtirokni kuchaytiradi.

Amartya Sen

U kambag‘allikni daromadga qarab hisoblaydigan ko‘rsatkichlarga qarshi chiqadi, lekin qashshoqlik erkinlikni qanday cheklashi va bu erkinlikni qashshoqlikka qarshi choralar bilan qanday erishishga e’tibor qaratadi.

Muvaffaqiyat sari 5 qadam yoxud tadbirkor talabaning biznes sirlari

0

Samarqand davlat universiteti talabasi, “Milliy academy” IT dasturlash maktabi asoschisi, yosh tadbirkor Nilufar Omonova bu haqda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi:

Har qanday katta muvaffaqiyat ilk qadamdan boshlanadi. Biznesda yuqori natijalarga erishish insondan kuchli mehnat va tinimsiz izlanishni talab etadi. Ko‘pchilikning nazdida har qanday erishilgan yutuq uzoq yillik tajribaning mahsuli bo‘ladi. Xo‘sh, o‘z shaxsiy biznesini ochish, halol mehnat ortidan daromad ishlab topish uchun inson avval ulg‘ayib, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, muayyan sohada tajriba orttirishi shartmi? Muvaffaqiyatga erishish yo‘li necha qadamdan iborat?

1-qadam – o‘z oldiga maqsad qo‘yish

Kompyuter texnologiyalariga qiziqish menda bolaligimdan boshlangan. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurganimda otam kompyuter sovg‘a qilgandi. Shundan keyin asta-sekinlik bilan kompyuterni o‘rgana boshladim. Bu borada meni hamisha qo‘llab-quvvatlovchi inson otam bo‘lgan. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan paytlarimda yangi kompyuter olishga sharoit to‘g‘ri kelmay bir muddat eski kompyuterda dars tayyorlashimga to‘g‘ri kelgan. Darslarda zamonaviy dasturlar bilan ishlay olmasligim ko‘p qiyinchilik tug‘dirardi. Otam buni sezgan zahoti menga yangi, eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuter olib berdi. Keyin bilsam, uyimizdagi bittayu-bitta sigirni sotib menga yangi kompyuter olgan ekan. Buni eshitgach, uydagilarning oldida o‘zimni aybdor seza boshladim, vijdonim qiynaldi. O‘shanda o‘zimga-o‘zim “Kelgusida yaxshi biznes ochib, oilamga men uchun sarflaganlarini albatta qaytaraman” deb so‘z berganman. Va bu niyatni maqsadga aylantirib, intilishni boshladim.

2-qadam – boshlash

Tinimsiz sa’y-harakatlarimning natijasi o‘laroq 17 yoshimda dasturlash orqali ilk daromadimni ishlab topdim va o‘z o‘quv markazimni ochib, talabalarga IT sohasi bo‘yicha dars bera boshladim. Shundan keyin markazimiz asta-sekinlik bilan kengayib bordi. Dasturiy ta’minot ishlab chiqishga bo‘lgan talabning ortishi hamda dasturlash va axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlar sonining kun sayin oshib borishi natijasida ishlarimiz yurishib ketdi.

3-qadam – qo‘llab-quvvatlash

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan 2021-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatda axborot texnologiyalari va dasturlash sohasini rivojlantirishga qaratilgan takliflarimni bildirdim. Taklifim mazmuni yirik ko‘lamda IT sohasiga ixtisoslashgan o‘quv markazi ochish edi. Bu borada viloyat hokimidan amaliy yordam so‘radim. Shundan so‘ng hokim tashabbusi va ko‘magi bilan bizga shahar hududida foydalanilmayotgan bo‘sh binolardan biri hech qanday ijara shartlarisiz rasmiylashtirib berildi. Yangi tashkil etilgan markazimizga Samarqand viloyati hokimligi tomonidan zamonaviy mebel jihozlari va 20 dona kompyuter sovg‘a qilindi. Dastlab 3 kishidan iborat jamoamiz 10 kishiga kengaydi. 100 dan ortiq talabalarga dasturlash sohasidan saboq bera boshladik.

4-qadam – to‘siqlarni yengib o‘tish

Bu orada bir qancha muammolar paydo bo‘ldi. Binomizni ta’mirlash va markaz faoliyatini kengaytirish uchun katta miqdorda pul mablag‘i kerak edi. Buning uchun kredit so‘rab ko‘plab banklarga murojaat qildim, ammo ularning hech biri menga ishonmadi. O‘zgalarning menga nisbatan ishonchsizligi ruhiyatimga ham salbiy ta’sir qildi. Keyin hamma ishimni yig‘ishtirib, chet elga o‘qishga ketmoqchi bo‘ldim. Xuddi shu paytda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan biznes loyiham uchun foizsiz va garov ta’minotisiz 100 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishi haqida xabar keldi. Ushbu sarmoyani o‘quv markaz binosini ta’mirlash va yangi filial ochishga sarfladim. Hozirda markazimizda 10 dan ortiq malakali dasturchi, ular qatorida o‘zim ham 100 dan ortiq talabalarga dasturiy ta’minot ishlab chiqish va IT dasturlari bo‘yicha saboq berib kelyapmiz. Shu bilan bir qatorda hamkasblarim bilan tayanch harakat tizimida nuqsoni borlar uchun harakatlanishni ta’minlovchi uskuna ishlab chiqmoqdamiz. Qo‘l, oyoq, gavda harakatlanish tizimida nogironligi bo‘lgan bemorlar uning yordamida bemalol harakatlanishi mumkin. Ushbu uskunani mamlakatimiz hududida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish jarayonida o‘rtacha 25 ta ish o‘rni yaratiladi.

5-qadam – mukammal o‘ylangan reja

Kelgusida kiberxavfsizlik va sunʼiy intellektga ixtisoslashgan markaz tashkil etish rejamizda bor. Har yili “Milliy academy ” bitiruvchilari orasidan eng bilimli, mahoratli talabalarni tanlab olib, ularni malaka oshirish uchun chet elga yuboramiz. Ular xorijda tajriba oʻrganib qaytgach ushbu yangi markazda faoliyat boshlaydi. Bu yerda xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlikda sunʼiy miya yaratish ishlarini yoʻlga qoʻymoqchimiz. Bu sunʼiy miya bosh miya falaji kasalligiga chalingan bemorlarning miyasiga oʻrnatiladi. Uskuna miyadagi falaj hujayralar faoliyatini tiklab, uning risoladagiday faoliyat yuritishini taʼminlab beradi. Ushbu tadqiqot dunyoning ayrim mamlakatlarida sinovdan oʻtkazilgan boʻlsa ham hali amaliyotga joriy qilinmagan. Biz uni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Shuningdek, kelgusi 5 yil ichida taʼlim klasteri asosida faoliyat olib boradigan, IT sohasiga ixtisoslashgan bogʻcha – maktab – universitet taʼlim klasterini tashkil qilmoqchimiz.

Biznes bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan yoshlarga tavsiyalarim:

– Har bir yoʻl qoʻyilgan xato ustida ishlash;
– Asosiy koʻnikmalarni puxta egallash;
– Muammoli vaziyatlarga nisbatan pozitiv yondashish;
– Izlanuvchanlik va kerakli maʼlumotlardan unumli foydalana olish;

O‘zbekiston YaIM 1 kvadrillion so‘mdan oshdi

0

2023 yilda O‘zbekistonining yalpi ichki mahsuloti hajmi joriy narxlarda 1 kvadrillion 66,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 6 foizga o‘sgan.

Xususan, sanoat tarmog‘ining o‘sishi 6 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 1,5 foiz punktga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining o‘sishi 4,1 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 1 foiz punktga, xizmat ko‘rsatish sohasining o‘sishi 6,8 foizni tashkil etib, YaIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 2,6 foiz punktga baholangan.

Shuningdek, qurilish sohasi 6,4 foizga, sof soliqlar miqdori 7,4 foizga o‘sgan.

O‘tgan yili respublika iste’mol sektorida inflatsiya darajasi 8,8 foizni tashkil etgan. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 9,7 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari esa o‘rtacha 7,7 foizga qimmatlashgan.

2023 yilda AQSh dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha rasmiy kursi 11 741 so‘mga teng bo‘lgan. Shunga ko‘ra, mazkur kurs bo‘yicha hisoblangan YaIM hajmi 90 mlrd 841 mln dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 mlrd 457 mln dollarga ko‘p.

O‘tgan yili aholi jon boshiga hisoblangan YaIM hajmi 29,3 mln so‘m yoki 2494 dollarga yetgan. Bunda, yil davomidagi doimiy aholi soni o‘rtacha 36 mln 412 ming kishi deb olingan.

2024-yilda eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda qanday ishlar amalga oshiriladi?

0

Davlat rahbari raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yildagi vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda bir qancha mavzular, muammolar hamda takliflar ilgari surildi.


Texnik tartibga solish agentligi hukumatga o‘tkaziladi

Texnik tartibga solish agentligi to‘liq isloh qilinib, hukumat tarkibiga o‘tkazilishi belgilandi.

Sohadagi barcha huquqiy jarayonlarni talab darajasiga yetkazish uchun adliya vaziri Akbar Toshqulov mas’ul etib belgilandi. Ikki oyda sohani tartibga solmasa, lavozimidan ozod etilib, ushbu agentlikka rahbar etib tayinlanishi haqida ogohlantirildi.

Mutasaddilarga 2024-yilda eng ko‘p eksport bo‘ladigan Yevropadagi 10ta davlat bilan milliy sertifikatni ikki tomonlama tan olish bo‘yicha kelishuvga erishish, 1,7 mingta xalqaro standart va 19ta texnik reglamentni qabul qilish, 1,2 mingta korxonada xalqaro sifat tizimlarini joriy etish, sifati kafolatlangan mahsulotlar turini 4 mingtadan 7,5 mingtaga yetkazish topshirildi.

Joriy yilda “GSP+” tizimi orqali Yevropaga eksport qilinadigan tovarlar turini 700taga, hajmini $1,2 mlrdga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.


Ishini eplay olmagan elchi va savdo maslahatchilari jazolanadi

Ayrim elchi va savdo maslahatchilari yangi bozorlarni topish, ularga mahsulotlarni olib kirish haqida umuman bosh qotirmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. O‘tgan yili 13ta davlatga eksport kamaygan.

Oxirgi ikki yilda ayrim mamlakatlar tomonidan jami 18ta tarif va notarif to‘siqlar joriy qilindi. Shuningdek, ba’zi davlatlar tayyor trikotaj, mato, kabel, ipak uchun yuqori boj stavkalarini qo‘llayapti.

Shu sabab, barcha elchi va savdo maslahatchilari uchun alohida samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilanishi, ishini eplay olmagan va KPIni bajarmaganlari intizomiy jazoga tortilishi belgilandi.


Xorijdan qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash tizimi yaratiladi

Prezident investitsiya sohasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. So‘nggi olti yilda sanoatga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 7 barobar oshdi.

Lekin, kompleks, tarmoq va hudud rahbarlarida har bir dollar investitsiya qancha ish o‘rni yaratgani, qo‘shilgan qiymat va eksport qanchaga oshgani borasida tahlil yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan.

Mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli ekani qayd etildi.

So‘nggi uch yilda chetdan $14,2 mlrdlik asbob-uskunalar olib kelindi. Lekin, shuncha texnologiya kiritilayotgani bilan hududlarning sanoat eksporti shunga mutanosib oshmagan.

“Shuncha mablag‘ hisobiga sanoat va eksport o‘smayapti-mi, demak yo loyiha „shishirilgan“, yo keraksiz uskuna olib kelingan, yoki bu texnologiyalarni ishlatishni biladigan mutaxassis yo‘q” — dedi davlat rahbari.

Bosh prokuraturaga chetdan karra-karra qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va bunga chek qo‘yish bo‘yicha nazorat tizimini yaratish topshirildi.


Mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etiladi

Yig‘ilishda qator hudud va tarmoqlarda ishga tushirilgan korxonalar va uskunalar eksport natijasiga ta’sir ko‘rsatmaganiga aniq misollar keltirildi.

Loyihalar samaradorligi ustidan yetarli nazorat olib borilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda har bir vazir o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i va vazirlik xodimiga korxonalarda ish o‘rni yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etilishi belgilandi.

Elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, charm, parranda, zargarlik, ipak, mebel tarmoqlarida ishlamayotgan korxonalar, bekor turgan uskunalarni to‘liq quvvatda ishlashiga ko‘maklashish muhim ekani ta’kidlandi.


18ta tuman va shahar hokimlarining lavozimga loyiqligi ko‘rib chiqiladi

O‘tgan yili 5 ta — baliqchilik, parrandachilik, zargarlik, asalarichilik, ipakchilik tarmoqlarida xorijiy investitsiyani jalb qilish ishlari eng sust darajada bo‘lgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xorijiy investitsiyalar hajmi 2023-yilda 1,6 barobar o‘sgan bo‘lsa-da, eng katta salohiyatga ega Samarqand va Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich imkoniyatga yarasha bo‘lmadi.

Shuningdek, 12ta tuman va shaharda o‘zlashtirilgan jami investitsiyalar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. 6ta tuman va shaharda o‘zlashtirilgan investitsiya $10 mlnga ham yetmagan.

Masalan, Shofirkon, Yangiobod, Nurobod, Paxtachi, Furqat va Xiva tumani hokimlariga konsalting kompaniyalar tomonidan $800 mlnlik 241ta tayyor investitsiya loyiha takliflari ishlab berilgan bo‘lsa-da, hokimlar tayyor loyihalarga ham investor topmagan.

Bosh vazirga ushbu kamchiliklar qayd etilgan 18ta tuman va shahar hokimlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.


O‘tgan yilgi qoloqliklar asosida yangilangan investitsiya dasturi ishlab chiqiladi

Ayrim rahbarlarning xorijiy davlatlarga borib, investitsiya jalb qilish bo‘yicha ishlari kutilgan natijasini bermayotgani qayd etildi.

Farg‘ona viloyati hokimi 2022-yilda Yaponiya va Germaniyaga, 2023-yilda Koreya va Xitoyga borib $1,8 mlrdlik 42 ta loyiha bo‘yicha kelishuvga erishgan. Lekin, bir yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, $1,5 mlrdlik 39ta loyiha bo‘yicha hali ish boshlanmagan.

Shu kabi, Sirdaryo viloyati hokimi oxirgi 2 yilda Koreya va Xitoyga borib, bor yo‘g‘i $180 mlnlik 17ta loyiha bo‘yicha shartnoma qilgan. Shundan hozirda 6 ta loyihadagi ishlar to‘xtab qolgan.

Tashriflarda hokimlar milliard-milliard dollarlik loyiha takliflarini xorijiy hamkorlar bilan ishlab chiqib, ularni dasturga kiritgan bo‘lishiga qaramay, loyihani yurgizish masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Shu bois, bu loyihalar bilan Investitsiya vazirligining o‘zi shug‘ullanishi belgilandi.

Investitsiya vaziriga tarmoq rahbarlari bilan birga 41ta loyiha bo‘yicha barcha hisob-kitoblarni qilib, loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqib, xorijiy investorlar va moliya institutlariga taqdimot qilish va amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi ham faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi. Agentlikning tumanlar kesimida investitsion xaritasi ham yo‘q.

Agentlik rahbari Murat Mirzayevni egallab turgan lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga har bir hudud va tarmoqdagi o‘tgan yilgi qoloqliklarni hisobga olgan holda yangilangan investitsiya dasturini kiritish topshirildi.

Investitsiya vazirining 3 ta o‘rinbosari xorijiy investitsiya ko‘p talab qiladigan tarmoqlarga, sog‘liqni saqlash va transport sohalariga investitsiya jalb qilish uchun mas’ul etib biriktirildi.

Yig‘ilishda kompleks rahbariyati, tarmoq va hududlar rahbarlari 38 mlrdlik, bunga qo‘shimcha Energetika vazirligi $15 mlrd investitsiya jalb qilish bo‘yicha rejalarini bayon qildi.


Xalqaro moliya institutlari bilan ishlash tizimi tubdan o‘zgartiriladi

Xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmagani va tender o‘tkazilmaganligi uchun mablag‘lar ishlatilmay qolmoqda.

Davlat kafolati ostida mablag‘ jalb qilingan ayrim loyihalarda kechikish, qo‘shib yozish va mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari ham bor. Mutasaddilarga xalqaro moliya institutlari bilan ishlash tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Bunda loyihalar tanlashdan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi, texnik-iqtisodiy asoslar moliya institutlari standartlari bilan uyg‘unlashtiriladi, tender jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi va takliflarni baholash muddati 1 oydan oshirilmaydi, moliya institutlari bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Shuningdek, xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijdagi tashkilotlardan grantlar jalb qilishni faollashtirish, shu jumladan elchilarning bu boradagi faolligi va mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.


Maxsus iqtisodiy hududlardagi yerlar to‘liq o‘zlashtirilmaguncha kengaytirish bo‘yicha chiqish taqiqlanadi

Prezident sanoatda ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga to‘xtaldi. O‘tgan yili ayrim korxonalarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etildi.

Nukus, Jizzax, Bekobod shaharlari, Sharof Rashidov, Dehqonobod, Uchqo‘rg‘on, Urganch tumanlarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘sish bo‘lmagani munosabati bilan Bosh vazirga ushbu 7 ta hudud hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Hududiy sanoatni rivojlantirish uchun 24 ta maxsus iqtisodiy hudud tashkil qilingan. Ularga soddalashgan tartibda yer ajratiladi, soliqdan imtiyozlar bor. Lekin ayrim hudud rahbarlari buni suiste’mol qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, mamlakat bo‘yicha infratuzilmasi bor 800 gektar maxsus iqtisodiy hududlarning yeri bo‘sh bo‘la turib, hokimlar ularning hududini kengaytirish bo‘yicha murojaat qilmoqda.

Endilikda hokimlar maxsus iqtisodiy hududlardagi barcha yerlarni to‘liq o‘zlashtirmay turib, uni maydonlarini kengaytirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi man etiladi.


Uchta hududdagi sanoat zonalari xorij kompaniyalariga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi

Sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlash holati tahlil qilindi. O‘tgan yili bunga budjetdan ajratilgan mablag‘ning 30%dan ziyodi infratuzilmaga mas’ul korxonalar, ayniqsa, hududiy elektr tarmoqlari loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani hamda moliyalashtirishdagi kechikishlar oqibatida ishlatilmay qolgan.

Davlat rahbari hududlardagi shu kabi kamchiliklarni aniq misollar bilan ko‘rsatib, infratuzilma uchun mas’ul mutasaddilar va hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini qattiq ogohlantirdi.

Umuman, sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tajriba amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatidagi maxsus sanoat zonalarining 240 gektar maydoni xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi.

Joriy yilda maxsus iqtisodiy hududlarda 309 ta yirik loyihalarni ishga tushirib, 40 mingta ish joyi yaratish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligi qayd etildi.


25 turdagi oziq-ovqatni mamlakatda ishlab chiqarish boshlanadi

Yig‘ilishda o‘tgan yili xomashyo, material va tayyor mahsulotlarning tashqi savdo dinamikasi tahlil qilindi.

Mavjud resurslar, ayniqsa, oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyatlarimizni ishga solib, ichki bozorni to‘ldirish uchun salohiyat yuqoriligiga qaramay, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi o‘tgan yili Surxondaryoda 16 foiz, Andijonda 21 foiz, Jizzaxda 3 foizga kamaygani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy va Samarqandda ishlab chiqarilgan makaron mahsulotlari hajmi hududiy ehtiyojni yarmini ham qoplamaydi.

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda 25 turdagi oziq-ovqatni mamlakatda ishlab chiqarishni boshlash topshirildi. Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi.

Shuningdek, mas’ullarga xorijiy brendlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.

Vazirlar Mahkamasi oldiga hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasi qo‘yildi.


Charm sanoatida $2 mlrdlik loyiha paketi shakllantiriladi

Charm sanoatida ham mahalliylashtirishni ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rsatib berildi. Tarmoq mas’ullariga hududlarda kamida $2 mlrdlik loyiha paketini shakllantirish, avtomobillar uchun o‘rindiq jildlari, sun’iy charmdan sport jihozlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish toshirildi.

Chorvachilik klasterida teridan to‘liq tayyor mahsulot chiqaradigan korxonalarni ishga tushirish zarurligi qayd etildi. Mahalliylashtirishda faqat tovarlar emas, xizmatlar bo‘yicha ham katta imkoniyatlar bor.

Masalan, oxirgi besh yilda 9 ta energetika, neft-gaz va metallurgiya loyihalari ishga tushdi. Kelgusi yillarda “Mustaqillik — 25” loyihasi, 30 ga yaqin mobil kompressor stansiyalari va 6 ta bug‘-gaz qurilmalarini foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Bu kabi obyektlardagi yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha malakali xizmatlarga talab yildan-yilga ortib bormoqda. Kimyo, metallurgiya korxonalari, yirik nasos stansiyalari va GESlarda ham bunday xizmatlarga talab yuqori.

Shuni inobatga olib, Vazirlar Mahkamasi va tarmoq rahbarlariga birgalikda yirik korxonalarga servis ko‘rsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish dasturini boshlash topshirildi. Dasturda kadrlarni o‘qitish, servisga litsenziya olish, butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha aniq tadbirlarni belgilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Repetitorlikdan biznesmenlikka: u kabob yetkazish xizmatini ishga tushirdi

0

Vardan Nersisyan — voronejlik «Lavash36» kabobxonasi asoschisi. U o‘z biznesini 2011 yilda ishga tushirgan. Boshqa kabobxonalardan farqlanish uchun uyga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan.

Nersisyan hatto ana shunday konservativ sohada ham qo‘shimcha texnologiyalar yordamida qo‘shimcha afzalliklarga ega bo‘lish imkoniyatini qayd etdi: u sayt yaratdi, onlayn-to‘lov va ekvayringni kiritdi, shuningdek, Delivery Club va taom yetkazish bo‘yicha boshqa agregatorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Yetti yil davomida tadbirkor bankrotlik yoqasiga kelish, xatolarini vaqtida sezish va to‘g‘rilashga ham ulgurdi. Bugun u “Dodo-pitssa” asoschisi Fyodor Ovchinnikovning muvaffaqiyatini takrorlash va kabobni kundalik taomga o‘zgartirishni orzu qiladi.

Oilaviy ish

Oilasi Armanistondan Voronejga ko‘chib kelganida Vardan Nersisyan 13 yoshda edi. Uning otasi – taksi haydovchisi, onasi – o‘qituvchi bo‘lib ishga joylashdi. Ota-onasi Vardan va uning ikkita aka-ukasi Rossiyada oliy ma’lumotga ega bo‘lishini istashardi.

Nersisyan rus tilida gapirmasdi, biroq to‘rt yil davomida tilni o‘rganib, 2004 yilda Voronej davlat universitetining lingvistika fakultetiga o‘qishga kirdi. 22 yoshga to‘lganida u ingliz va fransuz tili bilan qo‘shib hisoblaganda to‘rt tilda gaplashardi.

Oliy ta’lim muassasasini tamomlagach, u ikkita yo‘nalishda ishlay boshladi. Kunduz kuni xonadonlarni ta’mirlash bo‘yicha ustaning yordamchisi, kechki paytlari o‘quvchilarga til o‘rgatish bo‘yicha repetitorlik qilardi.

Bir necha yil o‘tgach charchaganini his qildi. Tanishlari to‘laqonli hayot kechirayotgan, ekzotik mamlakatlar, kechalarda olingan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda  joylashtirayotgan, yangi avtomobillari bilan maqtanayotgan bir vaqtda u bir ishdan boshqasiga borib, kun kechirardi. U hayotini o‘zgartirib, ko‘proq pul ishlab topishni istardi. Bayram tadbirida do‘sti bilan bo‘lgan suhbat o‘zgarishlarga turtki bo‘ldi.

U quyidagicha fikr yuritardi: “Otam doim zavodda ishlagan va men ham ishchiga aylandim. Kimning otasi badavlat amaldor bo‘lsa, o‘zi ham amaldorga aylanadi”.

Nersisyan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Bir necha yil yollanib ishlagani sabab 100 ming rublga yaqin pul to‘plashga muvaffaq bo‘lgandi. Shuning uchun kredit olmaslik maqsadida “kirish ostonasi past bo‘lgan soha”ni izlay boshladi.

Oilaviy kengashda otasi unga kabobxona ochishni maslahat berdi – u professional oshpaz bo‘lmasa-da, taomni “yurakdan” tayyorlardi. Bu kabi muassasalar Voronejda yetarli edi, shuning uchun Nersisyan ulardan ajralib turish usulini izlay boshladi.

Shaharda taom yetkazib berish xizmatlari paydo bo‘lgani, ular pitssa va rolga ixtisoslashgani, kabob esa yetkazib berilmasligi uning e’tiborini tortdi. Ana o‘shanda Nersisyan yetkazib berishga diqqatini qaratishga qaror qildi. Bu kam pul sarflab, biznesni ishga tushirish imkonini berardi. Otasi bilan avval ishlatilgan qo‘ra (mangal), sovutgich va boshqa qurilmalarni sotib olishdi. Kompaniyani hudud kodi nomi bilan “Lavash36” deb atashdi.

Foto: Lavash36

Konstruktor yordamida tadbirkor sayt yaratib, uni targ‘ib qilish bilan shug‘ullandi. 2011 yilning kuz faslida ota va o‘g‘il kabobning oilaviy retsepti bo‘yicha ilk partiyasini tayyorlashdi (uni tadbirkor sir tutadi).

Biznes mexanikasi oddiy edi: erta tongda Nersisyanning otasi bozordan go‘sht sotib olib, marinad tayyorlardi. Saytga buyurtma kelganida Nersisyan otasiga qo‘ng‘iroq qilar, otasi esa kabobni tayyorlar, keyin esa yigit uni mijozga yetkazardi.

Ish rivojlanib ketguniga qadar Nersisyan repetitorlik bilan shug‘ullanishda davom etdi. Bir necha bor noqulay vaziyatlarga tushdi.

Bir kuni o‘quvchisi bilan dars tayyorlayotgan vaqtda buyurtmalar uchun telefon jiringlab qoldi. Men: “Labbay? Lo‘la-kabobmi? Afsuski biz tayyorlamaymiz. Biroq boshqa turdagi kaboblar bor. Olasizmi?”

Vardan Nersisyan

Nersisyanning so‘zlariga ko‘ra, 2012 yilda korxona foyda olib keldi. Biroq u ham, otasi ham kirim hisobini yuritishmasdi. Ichki ovozga qarab ish tutishardi: tongda cho‘ntaklarida qancha pul borligi, kechga borib qanchaga ortganiga qarashardi.

Shunga qaramay, ish qaltis edi. Nersisyan YaTTni rasmiylashtirdi va SESni ogohlantirdi (qonun shuni talab qilardi), biroq istalgan vaqtda yong‘in inspektorlari tekshiruv bilan kelishlari mumkin edi. Omadi kelib, hech kim tekshiruvga kelmadi.

Transformatsiya

2012 yilda Nersisyan Moskvaga ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri keldi – qarindoshlari undan biznesni rivojlantirishga yordam so‘rashdi. O‘z o‘rniga boshqaruvchi qoldirdi va unga foydaning 50 foizini taklif qildi.

Dastlab ish yaxshi ketayotgandi. Bir yil o‘tgach, otasi nafaqaga chiqishga qaror qildi va o‘z o‘rniga oshpazni ishga oldi. Ana o‘shandan keyin muammolar paydo bo‘ldi.

Nersisyan Moskvada bo‘lgani sabab oshpaz qanday go‘sht sotib olayotgani, marinadlash jarayoni, pishirishi va yetkazib beruvchilar mijozlar bilan qanday muloqot qilayotganini tekshira olmasdi. Asta-sekin savdolar pasaydi. Tadbirkor xatoga yo‘l qo‘yganini angladi: boshqaruvchi qanchalik yaxshi bo‘lmasin, biznes rivojiga uning egasi kabi kirishmaydi.

Foto: Lavash36

2014 yilda Nersisyan Voronejga qaytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, biznes shu darajada jar yoqasiga kelib qolgandiki, uni qayta tiklashga qaraganda qaytadan ishga tushirish oson edi. Moskvadagi ishi tufayli puli yetarli edi.

Birinchi navbatda tadbirkor yangi bino topdi. 100 m² lik muhitda mahsulotlar uchun omborxona, go‘shtni marinadlash va pishirish zonasini joylashtirish mumkin edi.

Yangi oshxona assortimentni ko‘paytirib, taomnomaga shaurma, salat va garnirlarni qo‘shish imkonini berdi.

Bundan tashqari, tadbirkor yangi xodimlarni ishga oldi – yetkazib beruvchilar va oshpazning yordamchilari. Natijada shtat o‘n kishiga yetdi.

Nersisyan mahsulotlar xaridini ham optimallashtirdi. Har kuni ishchini bozorga yuborish o‘rniga oziq-ovqat kompaniyalari bilan doimiy yetkazib berish haqida shartnoma tuzdi. Bu esa logistika xarajatlarini kamaytirish imkonini berdi.

Qayta ishga tushirish uchun  Nersisyan 500 ming rublga yaqin pul sarfladi. U saytni ham butunlay yangiladi: mijozlarga qulay bo‘lishi uchun shaxsiy kabinet va onlayn-to‘lovni ishga tushirdi. Yetkazib beruvchilar ham elektron to‘lovlarni qabul qilishi uchun ekvayringni ham qo‘shdi.

Bir kuni “Lavash36” taomnomani palov va manti hisobiga kengaytirmoqchi bo‘ldi. Bu sarguzasht omadsiz bo‘ldi.

2018 yilning oxiriga qadar Nersisyan yangi taomlarni qo‘shishni rejalashtirmoqda: desertlar va ichimliklar. Mijozlar tadbirkordan shuni so‘rashgan.

“Lavash36” har kuni 150 porsiyagacha cho‘chqa, qush, buzoq, baliq va qo‘y go‘shtidan kabob tayyorlaydi. Portsiya narxi taomga qarab 150 dan 500 rublgacha bo‘ladi.

Yetkazib berish 90 daqiqa vaqt oladi, undan 30-40 daqiqasi taomni tayyorlashga ketadi. Nersisyaning so‘zlariga qaraganda, bu qiyinchiliklar tug‘dirmoqda, ba’zi mijozlar shuncha vaqt kutishga tayyor emaslar. Kelajakda yetkazib berish vaqtini 60 daqiqaga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu esa talabni prognoz qilish tizimi tufayli amalga oshiriladi.

Kabob bu — yangi pitssa

Nersisyanda yetti yil davomida 354 ta muassasasaga asos solgan «Dodo Pitstsa» asoschisi Fyodor Ovchinnikov misoli taassurot uyg‘otgan.

2017 yilda o‘zini yuqori cho‘qqiga erishgan deb hisoblagan Nersisyan “Dodo”ning sobiq top-menejyeri Marsel Ziganshin u bilan hamkorlik qilish taklifi bilan murojaat qildi.

Foto: Lavash36

Taklif sobiq top-menejyerni o‘ziga jalb qilmadi. Biroq u Nersisyanni taom yetkazish bo‘yicha seminariga taklif qildi. Marselning mazkur sohada bergan ma’lumotlari tadbirkorga qo‘l keldi.

Marsel Nersisyanni kaydzen konsepsiyasi  – mahsulotni doimiy ravishda yaxshilash bilan tanishtirdi. Shu bilan birga ko‘proq vaqtini oshxonada o‘tkazishni maslahat berdi: xodimlar ishini kuzatish va ularning mehnati samarasini oshirish uchun optimallashtirish. Bu amaliyot “genti genbutsu” deb nomlanadi.

Nersinyan  biznesni rivojlantirish turli qimmatbaho buyumlar va ko‘chmas mulk sotib olishga qaraganda muhimroq ekanini anglaganidan keyin o‘zini tadbirkor deya hisoblay boshladi. So‘nggi 18 yil ijaradagi uyda yashaydi va mablag‘ini kompaniya rivojiga sarflaydi.

Brend strategiyasini yaratish: nima uchun Apple raqobatchilari orasida ajralib turadi?

0

Concept Bureau brending agentligi asoschisi Jasmin Bina iste’molchilarni jalb etadigan pozitsiyalashtirishning qoidalarini tasvirlab berdi.

«Xuddi shunday, biroq yaxshiroq» g‘oyasini qo‘llamaslik

Brendning vazifasi – iste’molchilarga boshqa kompaniyalar bajarmayotgan narsani amalga oshirayotganini yetkazish.

Agar bozorda ikki yirik raqobatchi bo‘lsa, ulardan biri «xuddi shunday, biroq yaxshiroq» strategiyasidan foydalanishni boshlashi mumkin.

Masalan, elektron hujjatlarni saqlash servisi Box o‘zini Dropbox’ning “yaxshilangan” shakli deya taqdim etishlari mumkin. Binaning fikriga ko‘ra, bu xaridorlarni jalb etmaydi: ular “yaxshiroq” servisni emas, “boshqasi”ni izlaydilar.

Auditoriyani topish va diqqatni unga qaratish

Yuqori raqobatda bozordagi ulushni oshirish uchun kompaniyalar yo reklama xarajatlarini oshiradilar yoki muayyan bir yo‘nalishga ixtisoslashadilar.

Masalan, turar-joy ijarasi servisi Airbnb atrofdagilar bilan do‘stona munosabat muhim bo‘lgan shaxsiy ish bo‘yicha sayohat qiladigan iste’molchilarga diqqatini qaratdi. Uning raqobatchisi Home Away esa ishonch, qulaylik, kompaniyaning obro‘si, keng tanlov va yana bir necha omillarga befarq bo‘lmaganlarni o‘z auditoriyasiga aylantirdi.

Jasmin Binaning so‘zlariga ko‘ra, Airbnb tor auditoriyaga e’tibor qaratdi, shuning uchun foydalanuvchilar ko‘proq uni tanlaydilar.

Foto: Airbnb

Mahsulotni tasvirlash emas, voqeani hikoya qilish

Tovarda turli texnologik sifatlarning mavjudligi iste’molchilar uni sotib olishiga kafolat bermaydi. Buning uchun kompaniya iste’molchilar bilan storitelling (voqeani hikoya qilish) yordamida hissiy aloqa o‘rnatishi lozim.

Masalan, TurboTax soliqlarni hisoblash va qoplash servisini olaylik: u o‘z reklama roligida xizmatlarni tasvirlamaydi, servis ishini namoyish qilish uchun buzilgan to‘y voqeasini hikoya qiladi.

Auditoriyaga kompaniyaning mavjudligi ma’nosini tushuntirish

Brend strategiyasini shakllantirish uchun «Nimaga?» savoliga javob usulini qo‘llash mumkin. U yozuvchi Saymon Sinek tomonidan qabul qilingan. U iste’molchilarga nima uchun mavjudligini so‘zlab beradigan kompaniyalar ularda yetakchilar sifatida «ishtiyoq» uyg‘otadi. Shuning uchun iste’molchilar aynan shunday brendlarni tanlaydi.

Masalan, Apple raqobatchilari bilan bir xil mahsulot ishlab chiqaradi va targ‘ib etishning o‘xshash usullaridan foydalanadi. Sinekning so‘zlariga qaraganda, shunga qaramay, foydalanuvchilar brendni o‘zgalardan farq qiladi deb hisoblaydilar. Chunki Apple o‘z faoliyatini nima uchun olib borayotganini tushuntiradi: «o‘zgacha fikrlash va dunyoni o‘zgartirish» uchun.

Auditoriyaning haqiqiy ehtiyojini bilish

Xaridorlar mahsulot yordamida yechishni istayotgan muammolarini har doim ham aniq tasvirlamaydi. Iste’molchilar izlayotgan narsani topish uchun marketologlar matn ortida yotgan narsani ko‘ra olishga majbur.

Ayol deydi: «Men haftada uch marta taom tayyorlashni istayman, biroq vaqtim yo‘q».

Matn ortida yotgan narsani yaxshi anglamagan marketolog ayol band ekani, biroq to‘g‘ri ovqatlanishni istaydi, degan fikrga keladi. Shuning uchun tayyorlash oddiyligi va quvvatlilik darajasiga e’tibor qaratish lozim, degan xulosaga keladi.

Chiqarilishi kerak bo‘lgan xulosa: ayol taom tayyorlashim kerak deb hisoblaydi, uning uchun bu ustuvor vazifa. U doimiy ravishda o‘zi bilan olib ketiladigan taomni sotib olayotganidan aybdorlik hissini tuymoqda. Kompaniya esa ayol buning uchun xafa bo‘lmasligi yo‘lini topishi kerak.

Diqqatni kompaniyaga emas, iste’molchiga qaratish

Brendning afzalligi emas, undan keladigan foyda xaridorlarni mahsulot yoki xizmatni sotib olish uchun rag‘batlantiradi.

Strategiyani raqobatchilar bilan taqqoslash asosiga qurmaslik

Agar brend strategiyasi – o‘zini bozorning boshqa ishtirokchilari bilan qiyoslash bo‘lsa, kompaniya obro‘si o‘sha boshqa kompaniyaga bog‘liq bo‘ladi. Bu esa mustaqil rivojlanishni cheklaydi.

Masalan Pepsi imiji mavjudligining ilk yilidanoq Coca-Cola bilan bog‘liq. Dastlab brend nomining o‘zi Pepsi-Cola – raqobatchisidan nusxa oldi. O‘n yillar davomida kompaniyalar marketing urushlarini olib bormoqda, bir-biri bilan bog‘liq ravishda o‘ram va narxni o‘zgartiryapti. Bir necha reklama kampaniyalaridan keyin, masalan «Pepsi avlodi», bozordagi ulushini oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Shunga qaramay, Coca-Cola hali ham yetakchiligini saqlamoqda.

Auditoriya bilan o‘zgacha tilda muloqot qilish

Brendlar o‘z auditoriyasi bilan muloqot qilish uchun qolganlar tushunmaydigan maxsus til yaratadi.

Masalan, Atlassian firmasining Jira dasturiy ta’minoti reklamasidagi bilbordda shunday yozilgan: «Jira – dastur ishlab chiquvchilar uchun – guruhli terapiya». Reklama ma’nosini tushunish uchun dastur ishlab chiquvchilar jamoasi ishini tasavvur etish kerak.

Kompaniya kelajakni qanday tasavvur etishini namoyish etish

Brend joriy vazifalar uchungina ishlaydigan strategiyani tanlashi kerak emas.

Masalan, Airbnb kelajakda servis bilan hamkorlik qiluvchi, mahalliy aholining hayotini ko‘rsatuvchi insonlar tufayli sayyoh o‘zini dunyoning istalgan mamlakatida «o‘zimiznikilar» sifatida his qiladi, deb hisoblaydi.

Iste’molchilarni umumiy manfaatga ega hamjamiyatga aylantiring

Bugun kompaniyalar o‘z boshidan o‘tkazgan tajriba va qadriyatlarni bo‘lishadigan odamlar hamjamiyatini yaratmoqda. Buning uchun storitellingdan foydalanyapti: bu iste’molchilarga kompaniya yaratayotgan narsalarga aloqadorlik hissini shakllantiradi.

Masalan, Adidas 2017 yildan beri “Calling All Creators” («Barcha ijodkorlar uchun chaqiruv») kampaniyasini o‘tkazmoqda. Reklama roliklarida sport, moda va musiqa sohasidagi mashhurlar odamlarni ijodkor bo‘lish va dunyoni o‘zgartirishga chaqirib, suratga tushadi. Bu esa mazkur intilish birlashtiradigan iste’molchilar hamjamiyatini yaratadi.

Foydalanuvchi intiladigan obrazni qo‘llash

Masalan, qimmatbaho avtomobil ishlab chiqaruvchilari badavlat va muvaffaqiyatli tadbirkorni, ayollar kosmetika vositalari reklamasida esa – chiroyli va mustaqil qizni ko‘rsatishadi.