Dunyodagi tengsizlik va kambag‘allik tasodifiy voqea emas deydi, xalqaro aloqalar va rivojlanish bo‘yicha professor Benjamin Selvin. U insoniyatning hozirgi kunga qadar bo‘lgan rivojlanish yo‘li chuqur ildizga ega ekanini aytib, bugungi murakkabliklarni tushunib olishga yordam beradigan 8 kitobni tavsiya qiladi.
“Iqtisodiy o‘sish bosqichlari: Nokommunistik manifest”
Amerikalik iqtisodchi, professor va siyosiy nazariyotchi Uolt Rostov 1960 yilda nashr qilingan “Iqtisodiy o‘sish bosqichlari: Nokumunistik manifest (The Stages of Economic Growth: A Non-Communist Manifesto)” kitobining muallifidir. U 1966—1969 yillarda Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Lindon B. Jonsonning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan.
Hamma davlatlar boy bo‘lishi mumkinmi, degan savolga Rostov kitobda ha deb javob beradi. Uning fikricha, dunyo bozori va investitsiyalarga ochiqlik, infrastrukturaga pul kiritish, foydani sanoatga qaytarish o‘z-o‘zini barqarorlashtirishga olib boradi va bu mamlakatlarni AQSh usulidagi ommaviy iste’mol asriga yetaklaydi. Mamlakatlar an’ana va urf-odatlarni yengib, uzluksiz o‘sishni qabul qilish va uni modernizatsiya qilishlari kerak.
Uning ta’kidlashicha, AQSh modernizatsiyani osonlashtirish va shu bilan birga bu tahdidni bartaraf etish uchun rivojlanayotgan mamlakatlar elitalari bilan ittifoq tuzishi kerak edi.
Rostov AQShning Viyetnamdagi urushida muhim rol o‘ynagan. U kommunistik tahdidni yo‘q qilish kerak degan fikrda bo‘lgan. Rostovning kitobidan 30 yil o‘tgach, kommunistik tahdid yo‘qoldi. Endi dunyoning har bir burchagida globallashuvni ko‘rish mumkin. Biroq dunyo aholisining qariyb yarmi hali ham Jahon bankining qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi.
Shundan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Rostovning barcha mamlakatlar boyib ketishi mumkinmi yoki yo‘qmi degan savolga ijobiy javobi zamonaviy taraqqiyot murakkabliklarini ishonchli tushuntirishdan ko‘ra ko‘proq amerikaparast mafkura bo‘lgan.
“Yashil inqilob zo‘ravonligi: Uchinchi dunyo qishloq xo‘jaligi, ekologiya va siyosat”
Hindistonlik olim va ekolog Vandana Shiva “Yashil inqilobning zo‘ravonligi: Uchinchi dunyo qishloq xo‘jaligi, ekologiya va siyosat (The Violence of the Green Revolution: Third World Agriculture, Ecology and Politics)” kitobini 1991 yilda yozadi. Shiva texnologiyaga asoslangan rivojlanishning xavfi haqida ogohlantiradi. Kitob Shimoliy Hindiston Panjobidagi yashil inqilob bo‘yicha o‘rganishlardan iborat. 1980 yillargacha Panjob Hindistonning eng gullab-yashnagan hududlaridan biri bo‘lgan va shu bilan birga Hindistondagi eng katta qotilliklar makoniga ham aylangan edi.
1970 yillarda Panjobda mintaqaviy sug‘orish tizimlariga katta sarmoya kiritiladi. Fermerlarning an’anaviy don navlaridan yuqori hosilli navlarga o‘tishi subsidiya qilindi. Ishlab chiqarish o‘sdi va mintaqa sof don eksportchisiga aylandi, lekin bu panjobliklarga qimmatga tushdi. Shivaning yozishicha, tabiat va odamlar ustidan nazorat qilish yashil inqilobning muhim qismi bo‘lgan. Natijada fermerlar hukumat va agrokimyoviy kompaniyalarga qaram bo‘lib qolgan.
An’anaviy donchilik bilan solishtirganda yuqori navli hosil olish o‘g‘it va suvni ko‘proq talab qila boshlagan. O‘g‘itga talabning oshishi tuproq sifatini pasaytirib, natijada yana ko‘proq o‘g‘itga ehtiyoj sezilgan. Ishlab chiqarish narxlari oshgan. Kichik fermerlar yirik kapitallarning oshishi sabab chetga chiqib qoladi, qishloq xo‘jaligi ishchilari esa yangi texnologiya sabab ishlarini yo‘qotadilar.
Shiva bu qanday qilib nizolar keltirib chiqarganini hujjatlashtiradi. Panjobliklar markaziy hukumatni fermerlarga suvdan foydalanish huquqlarini teng taqsimlamaganlikda ayblaydi. Bu esa ayirmachilik harakatlarini kuchaytirgan. Panjobda yashil inqilob ijtimoiy tinchlik va raqobatbardosh mehnat bozorlarini yaratishga emas, ishsizlik va zo‘ravonliklarga sabab bo‘ldi.
Shunday qilib, Shiva kitobida hokimiyatni davlatlar va agrokimyo gigantlari qo‘lida markazlashtiradigan yangi texnologiyalarga ishonish xavfidan dunyoni ogohlantiradi.
“Kapital: Siyosiy iqtisodning tanqidi”
O‘tgan 3 yil davomida dunyoda qariyb 40 trillion yevro yig‘ildi. Bu pul teng taqsimlanmadi. Taxminan 25 trillion yevro dunyoning eng boy 1 foiz odami qo‘lida to‘plangan bo‘lsa, 37 foizi mablag‘ – 15 trillion yevro esa qolgan 99 foiz kishiga to‘g‘ri keladi.
Karl Marks “Kapital: siyosiy iqtisodning tanqidi (Capital: A Critique of Political Economy)” kitobida dunyoni tengsizliklarsiz dunyoga aylantirishni tushuntirishga uringan.
Marks kapitalizmning ildizi, boy va kambag‘allar o‘rtasidagi katta qutblanish qanday qilib kapitalizmga borib taqalishini izohlaydi.
Kitobda 2 fikr ilgari suriladi. Birinchisida kapitalizm qanday qilib yer o‘g‘irlash, odamlarni ko‘chirish va aholini avtoritar bo‘ysundirish orqali paydo bo‘lganini bayon qildi.
Angliyada yer o‘g‘irlash 15-17 asrlarda paydo bo‘lgan. Bu paytda agrar kapitalist sinflar dehqonlarni yerlaridan siqib chiqarish orqali mulklarini ko‘paytirganlar. Afrika, Osiyo va Shimoliy, Janubiy Amerikada aholi qirib tashlangan, qul qilingan va yerlar yangi sinflar tomonidan tortib olingan. Bu qo‘pol tengsiz dunyoni barpo qilishdagi birinchi harakat edi. Bu yerda ishlab chiqarish vositalariga kamroq guruhlar egalik qilsa, aholining kattagina qismi mehnatdan boshqa narsa sotolmagan.
Ikkinchi qarashga ko‘ra, Marks kapitalistlar ishchilar kuchidan boshlang‘ich qiymatidan ko‘ra ko‘proq qiymat yaratish uchun foydalanishini tushuntiradi. Shu bilan birga, kuchli kapitalistlar texnologik innovatsiyalar orqali ortiqcha qiymatning katta qismini kuchsizroq kapitalistlardan tortib olishga qodirligini ko‘rsatadi.
“Kaliban va jodugar: Ayol, tana va ibtidoiy to‘planish”
Silviya Federiki italyan amerika akademigi, feminist. U 2004 yilda nashr qilingan “Kaliban va jodugar: Ayol, tana va ibtidoiy to‘planish (Caliban and the Witch: Women, the Body and Primitive Accumulation)” kitobida Yevropadagi jodugar ovlari ayollarni ijtimoiy hayotdan chetlashtirishning bir usuli bo‘lganligi va ayni paytda ish haqiga asoslangan zamonaviy iqtisodiyotning yuksalishiga hissa qo‘shganini tushuntiradi.
Federiki ibtidoiy to‘planish erkaklar va ayollarga qanday turli xil ta’sir qilganini ko‘rsatadi. Ilgari dehqonlar mahalliy xo‘jayinlar tomonidan ekspluatatsiya qilingan, o‘z mahsulotining bir qismini unga topshirishgan yoki ba’zan foyda olmay ishlagan. Tibbiy yordam, doyalik va tug‘ishdan saqlanish ishlarini esa asosan keksa ayollar qilgan.
Federiki dehqonlarning mulksizlanishi va mehnat bozori evolyutsiyasi bilan bir qatorda, zamonaviy iqtisodiy tartib dehqon xonadonlari o‘rtasidagi birdamlikni yo‘q qilish asosiga qurilganligini ko‘rsatadi. Lordlar va ilk zamonaviy davlatlar bu jarayonni dehqon ayollariga nisbatan mizoginiya to‘lqinini qo‘zg‘atish orqali boshladilar. Boshqalarga tibbiy yordam ko‘rsatgan, ayniqsa tug‘ilishni nazorat qilgan ayollar jodugar deb atalgan va qiynoqqa solingan. Ayollar tobora ko‘proq maishiy, to‘lanmaydigan majburiyatlar bilan chegaralanib, mehnatlari qadrsizlangan.
Federiki yevropalik mustamlakachilar yerlarni egallab olish, qul qilish va yo‘q qilishni oqlash uchun ayollarni jodugarlar deb atagani haqida ma’lumotlar yig‘gan. Ular ayollarning mehnati uyda bo‘lishi kerakligi haqidagi tushunchalarni targ‘ib qilishgan. Zamonaviy iqtisodiy tizim tarixi gender shafqatsiz bo‘lgan va bu bugungi mehnat taqsimotlar ayollar uchun noqulay ekanining sabablaridan biridir.
“Yerning baxtsizlari”
Frantz Fanonning «Yerning baxtsizlari (The Wretched of the Earth)» kitobida iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik, zo‘ravonlik va irqchilik avj olgan bugungi kun uchun ham javob bor. Fanon mustamlakachilik va kapitalizmga bog‘liq keskin irqiy to‘qnashuvni tushuntirib beradi. Tengsizlik va irqchilikni yengish, demokratik tenglikka asoslangan taraqqiyotning yangi gumanistik shaklini tasvirlaydi.
Radikal psixiatr va siyosat faylasufi Fanon “Yerning baxtsizlari”ni Fransiya mustamlakachiligiga qarshi Jazoir inqilobining tugash arafasida yozgan. Fanon irqchilikni nafaqat iqtisodiy imkoniyatlardan mahrum qilish, balki insoniylikdan mahrum qilish deb hisoblaydi. Muallifning fikrlari mashhur bo‘lishining sabablaridan biri shuki, u boyroq mamlakatlarga o‘xshashga harakat qilishdan ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar o‘zlarining qadriyatlariga, shuningdek, ularga xos uslub va uslublarga e’tibor qaratishlari kerakligini aytadi. Uning taraqqiyot tushunchasi sinfiy, jins va irqiy zulmni yengishni nazarda tutgan. Erkaklar va ayollarga konstitutsiya moddalarida emas, balki kundalik hayotda, fabrikada, maktablarda va yig‘ilishlarda teng darajada ahamiyat berilishi kerak.
“Osiyoning navbatdagi giganti: Janubiy Koreya va kech sanoatlashish”
Massachusets texnologiya instituti professori Elice Amsdenning “Osiyoning keyingi giganti: Janubiy Koreya va kech sanoatlashish (Asia’s Next Giant: South Korea and Late Industrialization)” kitobi 1989 yilda yozilgan. Kitob 1950–1980 yillarda Janubiy Koreya agrar sanoatdan qanday qilib yuqori texnologiyali davlatga aylangani haqida.
Davlat ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun xususiy biznes ustidan yuqori darajada nazorat o‘rnatgan. Import tariflari, subsidiyalar va tanlangan firmalarga davlat yordami ko‘rsatish va banklarga asoslangan moliya nazoratini tashkil qilishgan. Aslida bularning barchasi Ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘n yilliklar davomida dunyoning ko‘p qismida ham bor edi. Janubiy Koreyani ajratib turadigan narsa esa davlat firmalarni yuqori samaradorlik maqsadlariga erishishga majburlash qobiliyatiga egaligida edi.
Amsdenning iborasi bilan aytilsa, davlat «g‘oliblarni tanladi». Subsidiya olgan firmalar eksport qilishga majbur bo‘ldi yoki ularga pul ajratish to‘xtatildi. Hukumat elektr energiyasi, po‘lat, kimyoviy moddalar, gaz va sintetik tolalar narxlarini nazorat qiladi. Materiallar narxini past darajada ushlab turish kompaniyalarga ko‘proq daromadlarini tadqiqot va ishlanmalarga sarflashga yordam berdi. Sanoatni o‘zgartirish jihatidan bu katta muvaffaqiyat edi.
“Teskari haqiqatlar: Taraqqiyot tushunchasidagi gender iyerarxiyasi”
London iqtisodiyot maktabi gender bo‘yicha professor Noila Kabir “Teskari haqiqatlar: Taraqqiyot tushunchasidagi gender iyerarxiyasi (Reversed Realities: Gender Hierarchies in Development Thought)” kitobini 1994 yilda yozadi. U ayollar ham xuddi erkaklar kabi bo‘lishi kerak degan aqlli iqtisodiyot g‘oyasiga qarshi chiqadi. Aqlli iqtisodiyot gender tengligi ayollar uchun yaxshi va bu iqtisodiyotni o‘stiradi, ya’ni bu ikkisi bir-birini mustahkamlaydi deydi. Kabir esa nega bu to‘g‘ri fikr emasligi tushuntiradi. Uning ta’kidlashicha, ayollar iqtisodiy bozorda erkaklar bilan teng ishtirok etishi mumkin, deyilganda bu 2 jinsning biologik farqlari e’tiborga olinmagan. Ayollarning uy ishlarini bajarishiga pul to‘lanmagani jinsiy notenglikni paydo qiladi. Aslida, chaqaloqlarni tug‘ish va emizish zamonaviy iqtisodiyotda muhim ahamiyatga ega.
Muallif fikricha, ayollar intilishi kerak bo‘lgan zamonaviy erkak (homo ekonomikus) tushunchasi ham uydirma. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlayotgan ayollar soni ortyapti, lekin uy ishlariga qarashadigan erkaklar emas. Natijada ayollar 2 karra mehnat ostida qolyapti. Maqsad ayollarning ham erkaklar kabi ishlashi bo‘lsa, erkaklar ham ayollar kabi bola parvarishida qatnashishi ham muhimligi nega eslanmaydi?
“Ozodlik taraqqiyot sifatida”
Siyosatchi va akademiklar ishonadigan eng muhim haqiqatlardan biri rivojlanish iqtisodiy o‘sishga bog‘liq, jumlasidir.
Hindistonlik iqtisodchi va Nobel mukofoti sovrindori Amartya Sen bu fikr nima uchun noto‘g‘ri ekanligini “Ozodlik taraqqiyot sifatida (Development as Freedom)” kitobida tushuntirib berishga harakat qiladi. Ko‘pgina mamlakatlar 20 asr oxiri va 21 asr boshlarida tez o‘sish va sanoat o‘zgarishiga erishdilar. 1960 va 1970 yillarda Braziliya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi davlatlar avtoritar rejim ostida rivojlandilar.
Ba’zilar avtoritarizmni ishchi kuchi rivojlangan mamlakatlarga yetib olish uchun zarur deb hisoblaydi. Senning ta’kidlashicha, inson rivojlanishi haqiqiy erkinlik orqali bo‘lishi kerak. Asosiy erkinliklarga savodxonlik va hisob-kitoblar bilan bir qatorda ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik va erta o‘lim xavfidan xoli hayot kiradi. Odamlarning erkinliklari muhim ahamiyatga ega va bu iqtisodiy ishtirokni kuchaytiradi.
U kambag‘allikni daromadga qarab hisoblaydigan ko‘rsatkichlarga qarshi chiqadi, lekin qashshoqlik erkinlikni qanday cheklashi va bu erkinlikni qashshoqlikka qarshi choralar bilan qanday erishishga e’tibor qaratadi.