Bosh sahifa Blog Sahifa 81

O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Nimalar belgilanmoqda?

0

2030-yilgacha sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda

14-oktabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, SI texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha keyingi besh yilda erishish lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish belgilanmoqda.

Yagona portal (my.gov.uz) da sun’iy intellekt asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushi 10%ga yetkaziladi. Mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga oshirilib, yuqori quvvatli hisoblash serverlari ishga tushiriladi.

Strategiyada hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (“Government AI Readiness Index”) O‘zbekistonni birinchi 50ta o‘rindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish belgilandi.

Shuningdek, 2025-yilning 1-sentabrigacha qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq barcha axborot xavfsizligi choralarini ko‘rgan holda “katta ma’lumotlar” bazasi yaratiladi. Bunda loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsad qilinmoqda. 2026-yilning 1-mayigacha SI texnologiyalarini joriy etish loyihalari doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan hisoblash quvvatlari ishga tushiriladi.

Joriy yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va IT-sohasidagi startap loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishgandi. Unda prezident sun’iy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqishni topshirdi.

Mamlakatdagi barcha sohada sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi. Shuningdek, “IT Park»da sun’iy intellekt markazi ochiladi.

Avvalroq sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida pedagoglar bilimini sinovdan o‘tkazish joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Navoiy shahrida «BIZNES MARAFON — 5.0» bo’lib o’tdi

0

Tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvi Navoiy shahridagi Madaniyat va ma’rifat markazida boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda 600 nafardan ortiq tadbirkorlikka qiziquvchan yoshlar faol ishtirok etishdi. Tadbirkorlikka qiziquvchan yoshlar oʻzlari qiziqqan savollarni berishdi, spikerlar tomonidan tegishlicha javoblar olishdi. Faol yoshlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

O‘zbekistonda startap loyihalarga $100 minggacha investitsiya kiritiladi

0

Xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish, mentor va trenerlarni jalb qilish xarajatlari qoplab beriladi. Loyihalarga garovsiz mablag‘lar beriladi

14-oktabr kuni “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, Raqamli startaplar dasturi amalga oshiriladi. Avgust oyida o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ekotizimi yaratilishi ma’lum qilingandi. Unda 6 oydan 7 yilgacha faoliyat yurituvchi, yillik jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshmagan startaplar ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, ular inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlaganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishlari kerak.

Dasturda ishtirok etish startap loyihalarga ekotizim platformasidan ro‘yxatdan o‘tishni talab etadi. Bundan tashqari, ular raqamli texnologiyalarga asoslangan, yuqori o‘sish va xorijiy bozorlarga chiqish salohiyati bo‘lgan biznes modelni taqdim etishlari zarur.

Ekotizim ishtirokchilari venchur jamg‘armalar va xususiy investorlar hamda startap loyihalar uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini tashkillashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar hisoblanadi. Qiymati $50 mlndan ko‘p bo‘lgan xorijiy venchur jamg‘armalardan investitsiya jalb qilgan dastur ishtirokchilariga mazkur investitsiyaga teng miqdorda mablag‘ beriladi. Biroq uning miqdori $100 ming ekvivalentidan oshmasligi kerak.

Faoliyati 5 yildan oshgan hamda kamida $100 mln investitsiya jalb qilgan loyihalarga xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish xarajatlari qoplab beriladi.

Inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga mentor va trenerlarni jalb qilish xarajatlarining 50%gacha qismiga kompensatsiya beriladi. Biroq bu xarajatlarning $50 mingdan oshmagan qismiga ajratiladi. Startap loyihalarga venchur jamg‘arma tomonidan garov ta’minotisiz 300 mln so‘mgacha qarz mablag‘lari ajratiladi. Bunda mablag‘lar asosiy stavkadan 4%lik punkt yuqori stavkada taqdim etiladi.

Shuningdek, dastur doirasida patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari qoplanadi. Startap loyihalarning ta’sischilari va mutaxassislariga ham endilikda “IT-Visa” beriladi.

Avvalroq $10 mlnga baholangan “BILLZ” startapi $500 minglik investitsiya jalb qilgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya Ozarbayjon va Gruziya kabi 6ta mamlakat bozorlarida 3 mingdan ortiq do‘konlar bilan ishlashadi.

Prezident Toshkent viloyatida umumiy qiymati $2 mlrd bo‘lgan 9ta loyihani ishga tushirdi

0

Ular orasida texnopark, to‘qimachilik sanoat parki, to‘rtta GES, ikkita energiya saqlash tizimi va quyosh elektr stansiyasi bor.

Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr kuni Toshkent viloyatida umumiy qiymati $2 mlrd bo‘lgan to‘qqizta investitsiya loyihasini ishga tushirdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, viloyatda umumiy qiymati $20 mlrd 360 mlnlik 91ta xorijiy investitsiya loyihasi va $4,5 mlrdlik 28ta mahalliy investitsiya loyihasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Olmaliq shahrida $1 mlrd investitsiya hisobidan 227 gektar maydonda “Buyuk ipak yo‘li” maxsus sanoat texnoparki quriladi. U yerda elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi.

Bu orqali 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va $300 mlnlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi. Yuqori Chirchiq tumanida $350 mln evaziga 69 gektar maydonda to‘qimachilik sanoat parki tashkil etiladi. Bu majmuada 20 dan ortiq ip-kalava, mato to‘qish va bo‘yash, tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari joylashtiriladi.

Yashil energetikani rivojlantirish bilan birga, yurtimizda energetika tizimi barqarorligini saqlash bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Shuning uchun 2030-yilgacha umumiy quvvati 4100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimlarini barpo etish rejalashtirilgan. Xitoyning “Chayna Datang” kompaniyasi bilan Bo‘ka tumanida qiymati $240 mlnlik quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi. Bu stansiyada yiliga 576 mln kilovatt soat yoki 240 ming xonadon uchun yetarli elektr energiyasi olinadi.

Natijada viloyatda generatsiya quvvatlari 6,5 gigavattga, elektr energiyasi ishlab chiqarish yiliga 24 mlrd kilovatt soatga yetkaziladi.

Yana ikkita loyiha — “China Energy Overseas Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda Parkent va Piskent tumanlarida quriladigan $220 mlnlik, 200 megavattli energiya saqlash tizimlaridir. Ular kunning tig‘iz paytlarida uzilishga yo‘l qo‘ymaslik va iste’molchilarni elektr bilan ishonchli ta’minlash imkonini beradi.

Bugungi kunda qiymati $880 mln va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028-yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2400 megavatt bo‘lgan, $4 mlrd 800 mlnlik 23ta loyiha amalga oshiriladi. Marosimda shundan ikkitasi — Ohangaron tumanida barpo etilgan 2,5 megavattli kichik GES hamda Bo‘stonliq tumanida qurilgan 1,5 megavattli Ugam kichik GESi ishga tushirilmoqda.

Mazkur quvvatlar yiliga 18 mln 400 ming kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqaradi va 7 ming 600 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Qanday biznes bilan shug‘ullangan yaxshi? Ekspert fikri

0

Profi xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi, biznes-advokat Bektosh Hatamov qanday biznes bilan shug‘ullanish mumkinligini aniqlash bo‘yicha yoshlarga o‘z tavsiyalarini berdi.

“Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi, biznes-advokat Bektosh Hatamov qanday biznes bilan shug‘ullanish mumkinligi bo‘yicha o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi.

Juda ko‘pchilik yoshlar mendan kuyib qolmaslik uchun “qaysi biznesni boshlashim, nima qilishim kerak, qayerdan boshlay”, deb maslahat so‘raydi. Rostini aytsam, men bunga aniq javobni bilmayman, har qanday biznes bozorda talab bo‘lsa, yurib ketaveradi.

Lekin o‘sha bozordagi talabni bilish va unga moslashish juda muhim hisoblanadi. Men hozir sizga buni bilishning oson yo‘lini o‘rgataman, bu usulda deyarli katta pul sarflamasdan bozorni o‘rganish va unga moslashish mumkin.

Usulning nomi — MVP (Minimum Viable Product — minimal yashovchan mahsulot). Ya’ni mahsulot yoki xizmatga hali pul sarflamasdan turib, uni test qilib ko‘rish, bozorni o‘rganish usulidir.

Bunda siz mahsulot yoki xizmatni bozorga olib chiqishdan oldin quyidagi to‘rtta bosqichni aniqlab olishingiz kerak.

  1. Mijozning og‘rig‘ini topish. Bozorga olib kirmoqchi bo‘lgan mahsulot yoki xizmatingiz mijozning qaysi muammosini hal qiladi, bu og‘riq bilan kasallangan mijozlar soni qancha?
  2. Raqobat maydonini aniqlash. Aynan shu topilgan og‘riqqa kimlar va qanday usullar bilan yechim bermoqda.
  3. Fokus guruh tuzish kerak. Bu fokus guruh imkoni boricha ko‘proq odam bilan tashkil etilishi kerak, ularning vazifasi hali bozorga chiqmagan mahsulot yoki xizmatni real o‘z tanalarida his qilishlari, undagi kamchilik va kuchli tomonlarni o‘zlari topishlari va bularni yozib borishlari kerak.
  4. Agar yuqoridagi uchta bosqichdan o‘tsa, demak mahsulot yoki xizmatni sinov tarzida bozorga olib chiqish mumkin. Mana shu joydan keyin MVP tugaydi va MVE (Minimum Viable Experience — minimal yashovchan tajriba — “Spot” izohi) boshlanadi.
  5. Odatda o‘zbek biznesmenlari oldin zavodni qurishadi, keyin uning bozor va strategiyalari haqida o‘ylashadi. Test qilib ko‘rishning imkoni bo‘lmagan bizneslarni hech qachon MVP qilmasdan boshlamaslik kerak.

“Yaran Consulting” buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi Yevgeniya Son “Spot»ga tadbirkorlar, ayniqsa, yangi boshlovchilar tannarxni hisoblashda eng ko‘p uchraydigan beshta xato bilan bo‘lishgandi.

Bundan tashqari, auditor ichki foydalanish uchun biznes-rejani mustaqil ravishda qanday tuzish, shuningdek, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish shaklini tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida ham so‘zlab bergandi. Masalan, Yevgeniya Son shaxsiy biznesni boshlashga tayyor ekanlikning sakkizta belgisini ajratib ko‘rsatadi.

Biznesni kengaytirishda bankrotlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan 7ta sabab

0

Auditor Yevgeniya Son moliyaviy reja, bozorni o‘rganish, korporativ madaniyat, majburiyatlarni taqsimlash, yangi bo‘linmalar integratsiyasi hamda huquqiy jihatlarni o‘rganish biznesni kengaytirishda muammolardan qochishga yordam beradigan asosiy omillar ekanligini qayd etdi.

Yevgeniya Son,

Biznesni kengaytirish — bu sezilarli o‘sish va foydani oshirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan strategik qadam. Biroq, to‘g‘ri rejalashtirish va nazoratsiz kengayish bankrotlikka olib kelishi mumkin.

1-sabab: moliyaviy rejalashtirishning yetishmasligi

Kengaytirish ijara, ish haqi, logistika va marketing bo‘yicha operatsion xarajatlarni oshirish kabi sezilarli moliyaviy resurslarni talab qiladi, ular kutilgan daromadlardan oshib ketishi yoki hisob-kitob qilishda umuman hisobga olinmasligi mumkin. Rejalashtirish va baholashning yetishmasligi kassa uzilishlari va aylanma mablag‘lar yetishmasligiga olib kelishi mumkin.

Kengaytirish jarayonini boshlashdan oldin barcha ehtimoliy xarajatlarni, shu jumladan xodimlar, uskunalar, marketing va ijara xarajatlarini hisobga olgan holda batafsil moliyaviy rejani ishlab chiqish muhimdir. Zaxira jamg‘armasi kutilmagan xarajatlarni yengishga yordam beradi.

2-sabab: bozor ortiqcha baho berish

Yangi bozorlarda yangi mahsulot yoki xizmatlarga bo‘lgan talabni, filial ochish zaruratini ortiqcha baholab yuborish past savdo va yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Kengaytirishdan oldin real talab, raqobat va bozor sharoitlarini baholash uchun bozorni sinchkovlik bilan o‘rganish kerak. Pilot loyihalar va yangi bozorlarni sinovdan o‘tkazish risklarni minimallashtirishga yordam beradi.

3-sabab: boshqaruv tajribasining yetishmasligi

Tez kengayish kompaniyaning yangi bo‘linmalar yoki loyihalarni boshqarish uchun yetarlicha tajribali menejerlarga ega bo‘lmasligiga olib kelishi mumkin. Bunday holat tegishli boshqaruvning yetishmasligi yoki amaldagi top-menejerlarning ortiqcha yuklamasiga olib kelishi mumkin.

Kengayishdan oldin boshqaruv jamoasini tayyorlash va o‘qitish, mutaxassislarni yollash va barcha darajadagi faoliyatni nazorat qilish imkonini beradigan samarali boshqaruv tizimlarini yaratish kerak. Bundan tashqari, kichik jamoada xodimlar rahbar bilan yaqindan muloqot qilishadi va uning qadriyatlari va biznesga yondashuvini yaxshi tushunadilar. Kompaniya o‘sishi bilan xodimlar menejerlar bilan ko‘proq muloqot qilishadi, ular har doim ham kompaniya qadriyatlarini to‘g‘ri yetkaza olishmaydi. Shuning uchun barcha qadriyatlar va yondashuvlar aniq ifodalangan korporativ madaniyatni rivojlantirish muhimdir. Bu tashkilotning barcha darajalarida yagona qarash va ishlash tamoyillarini saqlab qolishga yordam beradi.

4-sabab: mavjud filiallar yoki asosiy biznesga fokusni yo‘qotish

Kengayish rahbariyat e’tiborini asosiy biznesdan yoki mavjud filiallardan chalg‘itishi, bu esa mahsulot yoki xizmatlar sifatining pasayishiga va mijozlarning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Kengaytirishdan oldin jamoa o‘rtasida vazifalarni oqilona taqsimlash kerak, shunda kengayish joriy faoliyatga ta’sir qilmaydi va asosiy biznes yoki amaldagi filiallarga e’tiborni saqlab qolish imkonini beradi. Biz o‘z amaliyotimizda yirik chakana savdo do‘konlari shahar yoki viloyatda o‘z filiallarini ochayotganini va resurslarning yetishmasligi tufayli sifatli xizmat va yaxshi assortimentni ta’minlay olmayotganini tez-tez kuzatamiz. Bu mijozlarning chiqib kamayishi va sotuvning pasayishiga olib keladi. Asosiy do‘konda ham, filiallarda ham pul yetishmaydi, bu ishonch darajasi, mahsulot assortimenti va sifatini pasaytiradi va reputatsiyaga putur yetkazadi. Natijada, tarmoq yangi filiallarni yopishga yoki o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatishga majbur bo‘ladi, chunki o‘z reputatsiyasini tiklash qiyin holga kelib qoladi.

5-sabab: yangi bozorlarga yetarlicha moslasha olmaslik

Bir bozordagi muvaffaqiyatli strategiyalar madaniy, iqtisodiy yoki tartibga soluvchi farqlar tufayli boshqa bozorda ish bermasligi mumkin. Bu turli mamlakatlar bozorlari uchun ham, bir shaharning turli tumanlari uchun ham qo‘llaniladi.

Kengaytirishdan oldin, batafsil tahlil qilish va strategiyalarni madaniy va geografik jihatlar, qonuniy talablar va iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda har bir yangi bozorning o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirish kerak.

Mijozlarimizdan biri, o‘rta toifadagi restoranlar tarmog‘i daromad darajasi yuqori bo‘lgan shahar markazida bir nechta nuqtalarini ochdi va u yerda ishlar a’lo darajada bordi. Turar-joylar hududida restoran ochishga qaror qilgan muassasa, hamyonbop narxlarga qaramay, mijozlar yetishmovligiga uchradi. Odamlar restoranni zamonaviy ko‘rinishi, qimmatbaho va chiroyli mebellari tufayli juda qimmat deb o‘ylashgan. Narxlarning maqbulligini isbotlash uchun ko‘p kuch sarflashga to‘g‘ri keldi. Bu maqsadli auditoriya va uni qabul qilishining yetarli darajada tahlil qilinmaganligi tufayli sodir bo‘ldi.

6-sabab: kompaniya ichida yangi bo‘linmalarning yetarli darajada integratsiyalashmaganligi

Kompaniya kengaytirilganda, ko‘pincha mavjud tuzilmaga to‘g‘ri integratsiyalashuvi mumkin bo‘lmagan yangi bo‘limlar yoki filiallar yaratiladi. Bu funksiyalarning takrorlanishiga, samarasizlik va nizolarga olib keladi.

Kengayishdan oldin jarayonlarni standartlashtirish, yangi xodimlarni o‘qitish va yagona korporativ madaniyatni yaratishni o‘z ichiga olgan integratsiyaning aniq rejasini ishlab chiqish muhimdir. Bo‘limlar o‘rtasidagi muntazam muloqot tushunmovchilik va nizolarning oldini olishga yordam beradi.

7-sabab: huquqiy jihatlarni pisand qilmaslik

Yangi hududlar yoki mamlakatlarga kengayish turli huquqiy talablar va tartibga solish me’yorlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu jihatlarni e’tiborsiz qoldirish jarimalar, sud jarayonlari va hatto faoliyatni taqiqlanishiga olib kelishi mumkin.

Kengaytirishdan oldin yangi hududlarda, yangi sharoitlarda ishlashning huquqiy jihatlarini tushunishga yordam beradigan yuristlar va buxgalterlarni jalb qilishni tavsiya qilamiz. Barcha harakatlar qonunchilikka muvofiqligiga ishonch hosil qilish muhimdir.

Biznesni kengaytirish ko‘plab imkoniyatlarni ochadi, lekin ayni vaqtda katta tavakkalchiliklarni ham keltirib chiqaradi. Yangi bo‘linmalarning yetarli darajada integratsiya qilinmasligi, moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar, hamkorlar va pudratchilarning noto‘g‘ri tanlovi, huquqiy jihatlarni e’tiborsiz qoldirish va barqaror rivojlanishga yetarlicha e’tibor qaratmaslik bankrotlik holatiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha sabablardir. Mazkur xavflarni anglash va tegishli choralar ko‘rish jiddiy moliyaviy muammolarning oldini olishga va kompaniyani muvaffaqiyatli rivojlantirishga yordam beradi.