Bosh sahifa Blog Sahifa 80

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2027-yilgacha qanday rivojlanadi?

0

Markaziy bank uch yilga mo‘ljallangan uchta — asosiy, muqobil va xatarli ssenariyni taqdim etdi.

Markaziy bank boshqaruvi 31-oktabrdagi yig‘ilishida “Pul-kredit siyosatining 2025-yil va 2026−2027 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari»ning konseptual loyihasini ma’qulladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Tashqi va ichki sharoitlarning o‘rta muddatli istiqboldagi o‘zgarish trayektoriyalari, mavjud noaniqliklar va xatarlarning inflyatsiyaga ehtimoliy ta’sirlari asosida pul-kredit siyosatining kelgusi yillarga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariylari asosida ishlab chiqildi.

Shu bilan birga, ehtimoli doim mavjud bo‘lgan inflyatsion xatarlarning kuchayishiga asoslangan xatarli ssenariy ham ko‘rib chiqildi.

Asosiy ssenariy

Asosiy ssenariyni ishlab chiqishda ichki va tashqi sharoitlar joriy sur’atlarda rivojlanishda davom etishining quyidagi shartlari inobatga olingan:

  • global inflyatsiyaning pasayib borishi;
  • jahonda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining ijobiy va xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi;
  • mamlakatda investitsion talabning oshib borishi;
  • tarkibiy o‘zgarishlar va islohotlarning faol davom ettirilishi.

Mazkur ssenariy doirasida YIMning real o‘sishi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari va fiskal konsolidatsiya ta’sirida 2025-yilda 5,5−6%, 2026-yilda 5,5−6,5%, 2027-yilda esa 6−6,5% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining ta’minlanishi hisobiga iste’mol talabining mo‘tadillashuvi va inflyatsiyaning 2025-yilda 6−7%gacha pasayishi kutilmoqda.

Kelgusi yilda tartibga solinadigan narxlarning oshirilishi hamda oziq-ovqat inflyatsiyasining 2024-yildagi past baza ta’sirlari hisobiga inflyatsiyaning 5%lik target darajasigacha pasayishi 2026-yilning ikkinchi yarmida sodir bo‘lishi bo‘yicha asoslar yuzaga kelmoqda.

Targetga erishish muddatining uzaytirilishi joriy sharoitlar va inflyatsion omillar asosida umumiy makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmagan holda inflyatsiyaning bosqichma-bosqich pasaytirib borilishini anglatadi.

Shu bilan birga, inflyatsiyaning monetar omillarini kamaytirishga va bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan pul-kredit siyosati va makroprudensial siyosatining o‘zaro uyg‘un choralari kuchaytiriladi.

Muqobil ssenariy

Muqobil ssenariyni ishlab chiqishda joriy ichki sharoitlarning saqlanib qolishi va tashqi xatarlarning ortishi, jumladan quyidagilar inobatga olingan:

  • global inflyatsiyaning uzoqroq muddat yuqori darajada shakllanishi;
  • ayrim yirik iqtisodiyotlarda iqtisodiy faollikning sezilarli pasayishi;
  • jahon iqtisodiyoti fragmentatsiyasining kuchayishi bo‘yicha xatarlarning ichki iqtisodiyotga salbiy ta’sirlari.

Bunda, tashqi xatarlarning iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sirlari yuqori bo‘lib, tashqi talabning pasayishidan ko‘riladigan iqtisodiy rivojlanishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish va ichki talabni qo‘llab-quvvatlash asosan fiskal rag‘batlantirishlar hisobiga amalga oshirilishi nazarda tutildi.

Buning natijasida, iqtisodiy o‘sish sur’ati 2025-yilda 5−5,5%, 2026-yilda 5−6% doirasida shakllanishi, 2027-yilda esa 5,5−6,5%gacha tiklanishi taxmin qilinmoqda.

Muqobil ssenariyda iqtisodiy faollikning ma’lum darajada pasayishi va nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi fonida umumiy inflyatsiya 2025-yilda 7−8%ga, 2026-yilda 6%ga yaqin bo‘lishi va 2027-yilning birinchi yarmida 5%lik targetigacha pasayishi kutilmoqda.

Ushbu ssenariy shartlari yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlarini asosiy ssenariyga nisbatan qat’iyroq shakllantirish, xususan, asosiy stavkani oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.

Xatarli ssenariy

Mazkur ssenariyda quyidagilar inobatga olingan:

  • mintaqadagi iqlim o‘zgarishining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga salbiy ta’siri;
  • ishlab chiqarishning cheklanganligi sharoitida fiskal rag‘batlantirishlarning kuchaytirilishi;
  • energiya resurslari taklifining talabga nomutanosib bo‘lishi hisobiga inflyatsiyani oshiruvchi taklif tomondan xatarlar ehtimolligi.
  • Mazkur xatarlar ta’sirida umumiy inflyatsiya 2025-yilda 8−9%, 2026-yilda 7−8% atrofida shakllanishi va 5%lik targetga 2027-yilning oxirida yetishi kutilmoqda.

Bunda inflyatsion bosimlarni pasaytirish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi oshiriladi va pul-kredit sharoitlari qat’iylashtiriladi. Hukumat bilan inflyatsiyaga nomonetar omillar ta’sirini kamaytirish choralari faollashtiriladi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning har qanday ssenariysi sharoitida ham pul-kredit siyosati choralari regulyatorning asosiy maqsadi bo‘lgan narxlar barqarorligini ta’minlashga, xususan, inflyatsiyani 5%lik targetigacha pasaytirish va ushbu darajada barqaror shakllanishiga qaratiladi, deya ta’kidlanadi xabarda.

Shu bilan birga, kelgusi yillarda pul-kredit siyosati choralari ta’sirchanligini oshirishda quyidagilar asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi:

  • pul-kredit siyosati qarorlarini iqtisodiyotga samarali transmissiyasini ta’minlash maqsadida operatsion mexanizm va banklararo pul bozorlari takomillashtirilsdi;
  • qisqa muddatli prognozlash modellari qatori kengaytiriladi, o‘rta muddatli prognoz modellari parametrlari ko‘rib chiqiladi va joriy iqtisodiy reallikka muvofiqlashtiriladi;
  • kreditlash faolligini muvozanatlashtirishda pul-kredit va makroprudensial siyosat choralarini o‘zaro muvofiqlikda qo‘llash faol davom ettiriladi;
  • shaffof pul-kredit siyosati kommunikatsiyasini amalga oshirishda davom etadi hamda muloqot kanallarini kengaytirish va statistik ma’lumotlar ko‘lamini oshiradi.

Mazkur loyiha 20-noyabrgacha Markaziy bankning rasmiy sahifalarida e’lon qilinib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Ayrim talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati 1-dekabrgacha uzaytirildi

0

Bu bazaviy, super-kontrakt, shuningdek, qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilingan qoraqalpog‘istonlik yoshlar hamda o‘qishi ko‘chirilgan talabalar uchun amal qiladi.

Ayrim talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbot xizmati xabar bermoqda. Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan 2024/2025-o‘quv yilida OTMlarining bakalavriat va magistratura talabalari uchun to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati joriy yilning 1-dekabrigacha (shu kuni ham) uzaytirildi.

Bu quyidagi talabalar uchun amal qiladi:

  • bazaviy yoki super-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar (1-bosqich);
  • qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilganlar (1-bosqich);
  • o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) talabalar.

Bunda qabul parametri doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 25%ini to‘lashi kerak.

Shu bilan birga, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super) asosida o‘qish istagini bildirganlar belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50%i miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Sentabr oyi boshida joriy yilgi qabul jarayonida ikkinchi-beshinchi yo‘nalishga grant yoki kontrakt asosida kirgan talabalar uchun o‘z xohishlari bilan ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi yo‘nalishida super-kontraktda o‘qish imkoni yaratildi. Kira olmagan abituriyentlar ham super-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Undan keyin kontrakt pulini to‘lash muddatlari belgilandi. 1-kursga qabul qilinganlar 15-sentabrgacha to‘lovlarni amalga oshirishlari kerak edi.

Hukumat qarori bilan autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi

0

Bunda ish beruvchi qabul qiluvchi tashkilot bilan shartnoma tuzish orqali o‘z xodimlarini vaqtincha ishga jo‘natishi mumkin.

Hukumat qarori bilan autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat bilan ish beruvchi va xodimlarni vaqtincha ishga qabul qiluvchi tashkilotlarga qo‘yilayotgan majburiyatlar, bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ishlar belgilianmoqda. Autstaffing xizmati autstaffer tomonidan o‘z xodimlarini ularning roziligi bilan boshqa tashkilotga mazkur xodimlarni vaqtincha yuborish yo‘li bilan ko‘rsatiladigan xizmat turi. Bu ish beruvchi va uning xodimi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari hamda jamoa kelishuvlarida belgilangan mehnat vazifalarini bajarishni nazarda tutadi.

Autstafferlarga o‘z xodimlarini O‘zbekistondan tashqarida xizmatlarni ko‘rsatish uchun yuborishga ruxsat berilmaydi. Ish beruvchi qabul qiluvchi tashkilot bilan autstaffing shartnomasini tuzishi kerak. Unda zarur miqdordagi xodimlar soni va pulli xizmatlar ko‘rsatilishi aniq belgilanadi.

O‘z navbatida autstaffer qabul qiluvchi tashkilotlarga tegishli malakaga ega xodimlarni yuborishi, ularning ish joylariga o‘z vaqtida kelishini, ish haqining vaqtida to‘lanishini ta’minlashi zarur. Xodimlar ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtalanadi. Majburiyatlar qatorida yuborilgan xodimlarni qonunchilikda belgilangan kafolatlar, imtiyozlar va boshqa to‘lovlar bilan ta’minlash, shuningdek, dam olishini ta’minlash belgilangan.

Qabul qiluvchi tashkilot yuborilgan xodimlarni ish bilan ta’minlashi va ish vaqti rejimiga rioya qilishi hamda mehnat me’yorlariga rioya qilishi kerak.

Tomonlar qabul qiluvchi tashkilotga yuborilgan xodimning yashash joyi bilan bog‘liq xarajatlarini bartaraf etishi, farzandlarining maktab va bog‘chaga qamrab olinishi kabi majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.

To‘lov autstafferga qabul qiluvchi tashkilot tomonidan to‘lanadi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • xodimlar ish haqi, unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar va nafaqalarni to‘lash uchun autstaffer xarajatlari;
  • qo‘shimcha xarajatlar;
  • autstafferning ko‘rsatilgan xizmat uchun tadbirkorlik daromadlari.
  • Autstaffing shartnomasi bo‘yicha yuqori xavfli obyekt va uskunalar, jumladan, portlash va yong‘in xavfi bor, agressiv (tajovuzkor) va radioaktiv xavfli asbob-uskunalar bo‘yicha ishlarni bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, qabul qiluvchi tashkilot to‘lovga qobiliyatsiz, ish joylarini saqlab qolishga to‘liq bo‘lmagan ish vaqtini kiritsa va xodimlarni ommaviy ishdan ozod qilish xavfi mavjud bo‘lsa, xodimlar jalb qilinmaydi.

Autstaffing shartnomasi orqali xodimlarni qabul qiluvchi tashkilotga yuborish muddati bir yil davomida 9 oydan oshmasligi kerak.

Bandlik vazirligida qayd etilishicha, yangi joriy etilgan xizmat turi norasmiy bandlikni kamaytirishga va aholini ish bilan ta’minlashning progressiv shakllarini rivojlantirish orqali bandlikni kengaytirishga, shuningdek, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Avvalroq Senat Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishni maʼqullagani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, mazkur konvensiya har bir xodim har yili kamida 3 hafta ta’til olish huquqiga ega bo‘lishini nazarda tutadi.

O‘zbekiston Prezidenti Tataristonning «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi

0

Qozon shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tatariston Respublikasining davlat mukofoti – «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga Tatariston Raisi Rustam Minnixanov tantanali ravishda topshirdi.

Prezidentimiz ushbu orden bilan O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun mukofotlandi.

Mamlakatimiz yetakchisi Tatariston rahbariga mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikda yuqori natijalarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda Tatariston xalqiga ezgu tilaklarini bildirdi.

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar 4 mln nafardan oshdi

0

Qayd etilishicha, fuqarolar eng ko‘p maishiy xizmatlar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hamda axborot-kommunikatsiya sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan.

2024-yil 1-oktabr holatiga — o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 4 mln nafardan oshdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86,8% ga (1,9 mln nafarga) oshgan.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar umumiy sonining 57%ini erkaklar, 43%ini ayollar tashkil qiladi.

o'zini o'zi band qilgan shaxslar

O‘sish ko‘rsatkichi eng yuqori sohalar:

  • maishiy xizmatlar — 133,6% (987,4 mingta);
  • ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish — 113,5% (203,5 mingta);
  • axborot-kommunikatsiya — 96,7% (51,6 mingta).

Hududlar kesimida eng ko‘p Samarqand viloyatida (470,1 ming) fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo (413,6 ming) va Toshkent viloyatlari (378,3 ming) turibdi.

Joriy yilda 344,7 ming fuqaro yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonda 4 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarildi

0

Bu hajmning asosiy qismi quyosh elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan energiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rsatkich 20-oktabr kuni soat 12:00 holatiga qayd etilgan bo‘lib, elektr energiyasining 3,49 mlrd kVt/soati quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 506,4 mln kVt/soati esa shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasining umumiy hajmi 2 mln xonadonning 10 oylik iste’moliga yoki 1,66 mln xonadonning yillik ehtiyojlariga teng.

Shuningdek, 1,2 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 1,68 mln tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.

“Yashil” elektr stansiyalar tomonidan 31-may kuni 1 mlrd kVt/soat, birinchi yarim yillikda 1,6 mlrd kVt/soat, 17-iyul holatiga 2 mlrd kVt/soat miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. 30-avgustga kelib bu ko‘rsatkich 3 mlrd kVt/soatni qayd etgan.

O‘zbekistonda hozirda to‘qqizta fotoelektr stansiyasi va umumiy quvvati 2,7 GVt bo‘lgan bitta shamol stansiyasi mavjud. Ulardan oltitasi 2023-yil dekabr oyi oxirida ish boshlagan. Investorlar yana bir nechta yashil energiya obyektlarini qurishni rejalashtirmoqda.

Prezident bilan fevral oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2027-yilgacha umumiy quvvati 8 GVt bo‘lgan 28ta muqobil energetika obyektini qurish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng JizzaxNavoiyBuxoro va Toshkent viloyatlarida yana bir qancha loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi.