Bosh sahifa Blog Sahifa 27

O‘zbekistonda uy-joy qurilishi ikki barobarga, ipoteka kreditlari esa 10 barobarga oshiriladi

0

Yangi qo‘mita urbanizatsiya, uy-joy qurilishi va renovatsiya jarayonlarini yagona tizimda boshqaradi.

20-noyabr kuni O‘zbekistonda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan uy-joy sohasini muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, 2040-yilgacha har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga yetkazish, ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiqqa — $56,7 mlrdga yetkazish belgilanmoqda.

Sohani rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va Yangi O‘zbekiston massivlarini barpo etishni davom ettirib, uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040-yilgacha 50% ga yetkazish belgilandi.

Shu bilan birga, uy-joy bozoriga bank moliyasi va institutsional investorlar mablag‘larini, shu jumladan, ipoteka kreditidan foydalangan holda jalb etish, ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish va Uy-joyning yagona hayotiy sikli tamoyili asosida kompleks isloh qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, maqsadli ko‘rsatkich hamda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlarini birinchi navbatda qurilishga jalb etish tartibi joriy etiladi. Qurilish ekologik toza mahsulotlar hamda energiya tejovchi texnologiyalar orqali uy-joy massivlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini oldindan barpo etishni nazarda tutadigan kompleks qurilish tamoyili asosida tashkil etiladi.

Kompleks qurilish tamoyili doirasida quyidagilar ta’minlanadi:

  • kompleks qurilish dasturlarini faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlash;
  • ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish dasturlariga kiritish yoki boshqa loyihalarga jalb etish hamda ularning maqsadli yo‘nalishini o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • kompleks qurilish loyihalariga kiritiladigan yer uchastkalari, ko‘chmas mulk obyektlari va ularning huquq egalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni taqdim etish;
  • loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalanish;
  • ko‘chmas mulk obekti egasining u joylashgan yer uchastkasiga ijara yoki mulk huquqida egalik qilish bo‘yicha mutlaq huquqini kafolatlash.
  • Bundan tashqari, O‘zbekistonda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etiladi. U urbanizatsiya, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirib, dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qo‘mita o‘z faoliyatini hukumat bilan uzviy hamkorlikda tashkil etadi va amalga oshiradi. Milliy qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish, renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirish hamda Yangi O‘zbekiston massivlarini qurishni muvofiqlashtirish belgilangan.

Davlat korxonalari boshqaruv xodimlari soni 10% gacha qisqartiriladi

0

2026-yilda davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxonalarda mahsulot tannarxi kamaytiriladi.

Prezident davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha farmoyishni imzoladi. Hujjat Lex.uz‘da eʼlon qilindi.

Farmoyishni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — 2026-yilda davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxonalarda mahsulot tannarxini kamaytirish va faoliyati samaradorligini oshirish.

Hujjatga ko‘ra, davlat korxonalarida mahsulot tannarxini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Unga muvofiq, xarajatlarni har chorakda qayta tahlil qilish (spending review) orqali kelgusi davrdagi har bir yo‘nalish ustuvorligidan kelib chiqib, byudjet to‘liq “noldan” qayta ko‘rib chiqiladi.

Tejamkor ishlab chiqarish va meʼyorlash tamoyillari joriy etiladi. Shuningdek, davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi.

Komissiyaning asosiy vazifalari etib davlat korxonalariga xarajatlarni maqbullashtirish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha dasturlar tayyorlashda metodologik yordam berish belgilandi.

Shu bilan birga, komissiya to‘lov tizimini takomillashtirish orqali debitor va kreditor qarzdorliklarni kamaytirish bilan shug‘ullanadi.

Farmoyishga ko‘ra, davlat korxonalari boshqaruv xodimlari sonini 10% gacha qisqartirish bo‘yicha Prezident administratsiyasiga taklif kiritish belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Milliy investitsiya jamg‘armasi hamda Davaktiv 2025-yil 1-dekabrgacha 2026-yil uchun tegishli korxonalar rahbarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi. Ular tasdiqlash uchun aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishiga kiritiladi.

O‘zbekiston milliy jamoasi xalqaro turnir finalida Eronni mag‘lub etdi

0

Birlashgan Arab Amirliklarning Al-Ayn shahrida o‘tkazilgan Al Ain Cup xalqaro turniri finalining asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Penaltilar seriyasida o‘zbekistonliklar g‘alaba qozondi.

Birlashgan Arab Amirliklarning Al-Ayn shahrida 4 ta milliy jamoa ishtirokida Al Ain Cup xalqaro turniri yakunlandi.

O‘zbekiston milliy jamoasi 18 noyabr kuni finalda Eron bilan o‘ynadi.

Birinchi bo‘limda Fabio Kannavaro shogirdlarining biroz ustunligi sezilib turdi. Ammo Otabek Shukurov, Oston O‘runov va Eldor Shomurodov qulay vaziyatlardan foydalana olmadi.

Ikkinchi bo‘lim teng kurashlar ostida o‘tdi. 72-daqiqada himoyachi Abduqodir Husanov darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borayotgan eronlik futbolchini to‘xtatib qolgani uchun maydondan chetlatildi. Shundan so‘ng, eronliklar to‘liq tashabbusga ega bo‘ldi, ammo O‘zbekiston darvozasiga yo‘l topolmadi.

Penaltilar seriyasida O‘zbekiston milliy jamoasi 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.

17 noyabr kuni o‘tkazilgan uchinchi o‘rin uchun bahsda Misr va Kabo-Verde to‘qnash keldi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida misrliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Al-Ain Cup 2025. Final
18 noyabr, Abu Dabi, «Rashid Al Maktum» stadioni
O‘zbekiston – Eron 0:0 (pen. 4:3)

O‘zbekiston: Abduvohid Ne’matov, Abduqodir Husanov, Farruh Sayfiyev (Rustam Ashurmatov 89), Otabek Shukurov (Akmal Mozgovoy 79), Odil Hamrobekov, Aziz G‘aniyev (Hojimat Erkinov 64), Oston O‘runov (Jamshid Iskanderov 64), Sherzod Nasrullayev, Eldor Shomurodov, Abdulla Abdullayev, Husniddin Aliqulov

Bosh murabbiy: Fabio Kannavaro

Eron: Alirizo Beyronvand, Solih Hardaniy, Majid Husayniy, Shojaiy Xalilzoda, Milod Muhammadiy, Said Izzatullohiy (Muhammad Qurboniy 10), Saman Quddus, Mahdiy Qoidiy, Mahdiy Torimiy, Amirhusayn Husaynzoda, Ali Alipur

Bosh murabbiy: Amir G‘alinoiy

Ogohlantirish: Farruh Sayfiyev (54)

Chetlatish: Abduqodir Husanov (68)

Milton Hershi: Amerika shokolad qiroli

0

XX asr boshlarida AQShda shokolad noyob mahsulot bo‘lib, asosan Shveysariyadan keltirilardi. Biroq qandolatchi Milton Hershi bu holatni butunlay o‘zgartirdi. U yigirma yil davomida shirinliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullandi va 1900-yilda yangi orzusi yo‘lida bor narsasini sotdi. Bir necha yil davomida Hershi sut fermalari bilan o‘ralgan zavodida tajribalar o‘tkazib, o‘zining shokolad formulasini yaratdi. Hershey’s bozorda paydo bo‘lgach, tadbirkor qisqa fursatda mamlakatdagi eng yirik shokolad sotuvchisiga aylandi.

Milton Hershi XX asr boshidayoq xodimlar farovonligi va rivojiga sarmoya kiritgan ilk tadbirkorlardan biri edi. O‘sha davrda bu bugungidek urf emasdi. U zavod atrofida chiroyli uylar, bank, mehmonxona, cherkovlar va do‘konlardan iborat butun bir shaharcha barpo etdi.

Shokoladdan tashqari, uning hayotidagi eng muhim ishlaridan biri sanoat maktabini tashkil etish bo‘ldi. Hershining o‘zi atigi to‘rt sinf ta’lim olgan edi va u ishchilar farzandlari ham uning yo‘lini takrorlamasligini istardi. U butun boyligini aynan shu maktabga vasiyat qilib qoldirdi.

O‘zbekistonda bino va inshootlarning zilzilabardoshligi bo‘yicha talablar kuchaytiriladi

0

Loyihalashtirish jarayonida mintaqaviy akselerogrammalar bazasidan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi oshiriladi. Bu haqda hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2027-yil 1-oktabrga qadar MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda maxsus seysmik himoyalash uskunalari yordamida loyihalashtirishga ustuvorlik beriladigan obyektlar turlari tasdiqlanadi.

2026-yil 1-fevraldan hukumat qarori asosida (603-son) beriladigan zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosa uchun undiriladigan to‘lov miqdori 50% ga qisqartiriladi.

Bir xil seriyali obyektlarga ilmiy xulosalar faqat 1 martalik to‘lov asosida beriladi, qolgan shu turdagi obyektlarning loyihalariga ilmiy xulosa berish uchun to‘lov undirilmaydi.

Zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekistonda yaponiyalik mutaxassislar ishtirokida seysmik xavfning oldini olish hamda xatarni baholash bo‘yicha choralar ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi.

Iyun oyida prezident poytaxtda rejalashtirilgan qurilish va jamoat transporti loyihalari taqdimoti bilan tanishgan chog‘ida ko‘p qavatli binolarning zilzilaga bardoshliligi 9 balldan kam bo‘lmasligi belgilanayotgani aytilgandi.

2026-yildan biznes uchun litsenziya olishda 20 kunlik baholash xizmati ishga tushadi

0

Mansabdor shaxslar litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma‘muriy javobgarlikka tortilmaydi.

Avvarloq prezident O‘zbekistonda “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyilini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanganda, ularning mansabdor shaxslari ma‘muriy javobgarlikka tortilmaydi.

Shuningdek, “Litsenziya” axborot tizimida ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Unda talabgorning bino-inshootlari, texnika bazasi, asbob-uskunalari va xodimlari belgilangan talablarga muvofiqligi oldindan o‘rganilib, xulosa beriladi.

Baholash xizmati 20 kun ichida ko‘rsatiladi. Agar yakunda litsenziya yoki ruxsatnoma berish rad etilsa, sarflangan xarajatlar talabgorga qaytariladi.

Aynan shu asos bo‘yicha qayta murojaat uchun davlat boji undirilmaydi.