Bosh sahifa Blog Sahifa 24

Brett King: Bank 4.0 Doim siz bilan – hozir va shu yerda

0

Bank kelajagi allaqachon shu yerda — siz tayyormisiz?

Naqd pul allaqachon eskilik sarqitiga aylangani koʻpchiligimizga sir emas. Biroq plastik kartaning davri ham oʻtganini bilasizmi? Toʻlov tizimlari va bank sohasida inqilobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Kelajakda mahsulot sotib olish uchun gʻishtday keladigan hamyonimizni chiqarib, banknotalarni sanab oʻtirmaymiz, hatto choʻntagimizdagi kartani kassirga uzatishga ham hojat boʻlmaydi. Ehtimol, telefonimizdagi ilova ham kerak boʻlmas. Unda qanday toʻlov qilamiz?

Bu va boshqa koʻplab savollarga Brett Kingning “Bank 4.0” kitobi batafsil javob beradi. Kitob bizni yangi voqelik va uning aql bovar qilmas istiqbollari bilan tanishtiradi. “Bank 4.0” nafaqat moliya haqida soʻzlaydi, unda kelajagimizning fantastik filmlarga oʻxshash yorqin manzarasi tasvirlangan. Eʼtiborlisi, Brett King tilga olgan oʻzgarishlar aslo xom xayol emas, axir koʻpi allaqachon amalga oshmoqda. Dunyo tarixda kuzatilmagan shiddat bilan yangilanar ekan, raqobatda yutqizmaslik uchun bu evrilishlar mohiyatini tushunish kerak. Ushbu mohiyat “Bank 4.0”da rang-barang misollar bilan yoritilgan.

Bank 4.0 bank ishida roʻy berayotgan tub oʻzgarishlarni oʻrganadi va undan mantiqiy xulosaga keladi. 30 yildan keyin bank ishi qanday boʻladi? 50 yil? Dunyoning eng yaxshi banklari oʻzgaruvchan isteʼmolchi xatti-harakatlariga moslashishga majbur boʻldi. Regulyatorlar kelishmovchilik, litsenziyalash va tartibga solishni qayta koʻrib chiqmoqda; Fintech startaplari va texnologiya gigantlari bank ishi isteʼmolchilarning kundalik hayotiga qanday mos kelishini qayta belgilamoqda.

Omon qolish uchun banklar yangi imkoniyatlar, yangi ish oʻrinlari va yangi koʻnikmalarni rivojlantirishlari kerak. Bankning kelajagi nafaqat qimmatli qogʻozlar, toʻlovlar va kredit yordam dasturlari haqida yangicha fikrlashdan iborat emas — u Alexa va Siri kabi ovozli aqlli yordamchilarga va tez orada aqlli koʻzoynaklarga oʻrnatilgan. Kelayotgan Bank 4.0 davri — bu siz foydalanadigan bank texnologiya orqali sizning dunyongizga kirgan yoki u endi mavjud boʻlmagan davrdir.
Brett Kingning bu kitobida biz texnologiya evolyutsiyasi sharoitida banklar kelajagini oʻrganamiz va allaqachon ishlayotgan inqilobni kashf qilamiz. Qayta ishlab chiqilgan bank tizimlaridan tortib, selfi-toʻlov va oʻzi boshqariladigan avtomobillargacha.

Uy-joy va avtomobil savdosida eskrou tizimi: bu qanday ishlaydi va qancha turadi?

0

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va chiqqaniga 10 yildan oshmagan avtomobillar oldi-sotdi jarayonida hisob-kitoblarning yangi tartibi joriy etildi.

Endilikda bunday bitimlar bank orqali eskrou hisobvaraqdan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu shuni anglatadiki, endi pul xaridordan sotuvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazilmaydi. Bitimga qo‘shimcha ishtirokchi — bank jalb qilinadi. Bunda bank mablag‘larni saqlab turadi va bitim yakunlanmaguncha ularni tomonlarning birortasiga ham o‘tkazmaydi.

Bitim qanday amalga oshiriladi?

Dastlab xaridor va sotuvchi bitim shartlarini kelishib oladi.

Kelishuvga erishilgach, xaridor bankka ariza topshiradi. Unda tomonlar haqidagi ma’lumotlar, obyekt to‘g‘risidagi axborot, bitim summasi va rekvizitlar ko‘rsatiladi. Shu ma’lumotlar asosida bank muayyan bitimga bog‘langan va faqat shu bitim uchun foydalaniladigan eskrou hisobvarag‘ini ochadi. Eskrou hisobvarag‘ini ochish va yuritish banklarning mobil ilovalari orqali masofadan turib ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda sotuvchi yoki xaridorga tegishli mavjud hisobvaraqlar — masalan, bank kartasi yoki elektron hamyon ham eskrou hisobvarag‘i sifatida ishlatilishi mumkin.

Shundan so‘ng bitim summasi ushbu hisobvaraqqa kiritiladi. Buni naqd pul yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirish mumkin. Agar tomonlar bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishgan bo‘lsa, summaning faqat bir qismi kiritiladi. Agar kreditdan foydalanilsa, bank bitim rasmiylashtirilgandan so‘ng qarz mablag‘larini ulaydi.

Shu paytdan boshlab pul mablag‘lari hisobvaraqda joylashtirilgan deb hisoblanadi, lekin tomonlardan hech biri ulardan foydalana olmaydi.

Keyin xaridor va sotuvchi notariusga murojaat qiladi. Shartnomani rasmiylashtirishdan oldin, notarius eskrou hisobvarag‘ida kerakli summa bor-yo‘qligini tekshiradi. Buning uchun u bankka elektron tizim orqali so‘rov yuboradi. Javob avtomatik ravishda keladi.

Agar hisobvaraq yopilgan bo‘lsa yoki unda yetarli mablag‘ bo‘lmasa, shartnoma tasdiqlanmaydi. Barcha ma’lumotlar mos kelganda esa, notarius bitimni rasmiylashtiradi va bankka tasdiqnoma yuboradi. Notariusdan tasdiq kelgach, bank eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ni shu kunning o‘zida sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkazadi.

Bunda sotuvchining hisobvarag‘idagi pullar uning talabiga ko‘ra bank tomonidan naqd pul shaklida berilishi mumkin.

Agar tasdiq kelmasa — masalan, bitim rasmiylashtirilmagan bo‘lsa — pul hisobda qoladi va xaridorga qaytarilishi mumkin.

Natijada bitim uch bosqichda amalga oshiriladi: avval pul bankka joylashtiriladi, so‘ngra notarius shartnomani tekshiradi va rasmiylashtiradi, undan keyingina mablag‘ sotuvchiga o‘tkaziladi.

Bu qancha turadi

Eskrou hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish uchun banklar komissiya oladi. Davlat banklarida (ularga Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Xalq banki, O‘zmilliybank, Turonbank, O‘zsanoatqurilishbank kiradi) tariflar qat’iy belgilangan:

  • ko‘chmas mulk oldi-sotdisi uchun — QQS bilan birga BHMning 50%i (206 ming so‘m);
  • avtomobillar uchun — QQS bilan birga BHMning 25%i (103 ming so‘m).

Bunda, agar xaridor va sotuvchi bir bank xizmatlaridan foydalansa, komissiya faqat bir marta undiriladi. Agar ular turli banklardagi hisobvaraqlardan foydalansa, ularning har biri belgilangan komissiyaning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdorini olishi mumkin: ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar uchun — 103 ming so‘m, avtomobillar uchun — 51,5 ming so‘m.

Xususiy banklar o‘z tariflari doirasida komissiyalarni mustaqil ravishda belgilaydi. Shu bilan birga, ularning ayrimlari davlat banklaridagi stavkalarni qo‘llaydi. Masalan, Orient Finans Bank va Asia Alliance Bank.

Ba’zi xususiy banklar eskrou hisobvarag‘iga bepul xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aksiyalarni ham yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Anorbank va InfinBank’da barcha eskrou-hisob operatsiyalari bo‘yicha komissiyalar 0% etib belgilangan.

Aloqabank’da komissiya bitim summasining 2%ini tashkil etadi, biroq u belgilangan chegaradan oshmaydi: ko‘chmas mulk uchun BHMning 50%i va avtotransport uchun BHMning 25%i.

1-oktabrdan biznes jarimaning 50%ini bir oyda to‘lasa, qolganidan ozod etiladi

0

2027-yilda jarimalar to‘g‘risidagi qarorlar reyestri ishga tushirilishi, shuningdek, soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida ular ustidan shikoyat qilish imkoniyati yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjatda ikki kun avval davlat rahbari huzurida o‘tkazilgan taqdimotda belgilangan chora-tadbirlar mustahkamlangan. Ular moliyaviy sanksiyalarning biznesga ta’sirini yumshatish, shuningdek, ushbu sohada sud nazorati samaradorligini oshirish maqsadini ko‘zlaydi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori tadbirkorning tanloviga ko‘ra quyidagi shakllardan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin.

Shuningdek, vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori topshirilgan kundan boshlab 1 oy muddatda jarima miqdorining 50%ini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.

Qaror bilan qo‘llangan moliyaviy jarima summasini 6 oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni beriladi.

Vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablag‘lar, shu jumladan, moliyaviy jarima hamda penya yo‘naltirilgan manbalar hisobidan 15 kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi.

Belgilangan muddatda qaytarilmagan summaga nisbatan qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300 dan biriga teng miqdorida foiz to‘lanadi.

2027-yil 1-yanvardan Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlarga nisbatan qo‘llangan moliyaviy jarimalarning elektron reyestri joriy etiladi.

Bunda vakolatli organlarning moliyaviy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari ular qabul qilinganidan so‘ng 3 ish kunida majburiy tartibda ushbu elektron reyestrga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi kerak.

Mazkur jarayon to‘liq raqamlashtirilgan hollarda esa bunday qarorlar o‘zaro integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda kiritiladi.

Elektron reyestrga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va ular asosida moliyaviy jarima undirilmaydi.

Shuningdek, elektron reyestrda tadbirkor tomonidan sodir etilgan qilmishning takroriyligiga oid ma’lumotlar bazasi yuritiladi va xavfni boshqarish tizimi yordamida tahlil qilib boriladi.

2027-yil 1-aprelga qadar soliq to‘lovchi — tadbirkorning shaxsiy kabineti orqali vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari ustidan sudga onlayn shikoyat berish imkoniyati yaratiladi.

Bunda ish yurituvga qabul qilingan shikoyatlar bo‘yicha qarorlarning ijrosini to‘xtatib turish haqida sud tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar avtomatik ravishda xabardor qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari yosh grossmeysterimizni O‘zbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom ma’nodagi tarixiy g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.

Suhbatda Javohir Sindorov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 13 ta o‘yinda 6 marotaba g‘alaba qozongani sport olamida kamdan kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari yosh grossmeyster dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qat’iyat fazilatlarini namoyon etganini qayd etdi.

Prezidentimiz endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, bo‘lajak o‘yinlarda unga yanada ulkan omad, kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tiladi.

Suhbatda joriy yil Samarqand shahrida o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Javohir Sindorovning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bag‘ishlashi qayd etildi.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin yurakdan tabrikladi.

Javohir Sindorov yuksak e’tibor, samimiy qutlov va bildirilgan ishonch uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistonda 3 mingga yaqin korxona jarimalardan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatdi

0

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga jarimalarni bir oy muddatda to‘lagan taqdirda 50% lik chegirma berish taklifini ma’qulladi.

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish, bu borada ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan sud nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Abdumannop Bo‘riyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda biznesga nisbatan ta’sir choralarining nomutanosibligi bo‘yicha topshiriqlar berganini aytdi.

Shundan so‘ng, Biznes-ombudsman tomonidan hududlarda tadbirkorlar, shuningdek, tekshiruv o‘tkazilgan subyektlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tegishli takliflar tayyorlandi.

“So‘nggi vaqtlarda faoliyat yuritmayotgan tadbirkorlik subyektlari bo‘yicha o‘tkazilgan tahlilimiz shuni ko‘rsatdiki, ularning qariyb 3 mingtasi tekshiruv yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanilgandan so‘ng faoliyatini to‘xtata boshlagan”, — dedi u.

Abdumannop Bo‘riyev ishlab chiqilgan takliflarning joriy etilishi biznesga ortiqcha bosimning oldini olib, ularga erkin tadbirkorlik faoliyatini yuritish imkonini berishiga ishonch bildirdi.

Taqdimotdan keyingi intervyusida biznes-ombudsman prezident taqdim etilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Xususan, qaror loyihasida tadbirkor bir oy ichida jarimaning 50%ini to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

“Bugungi kunda har bir tekshiruv biznes-ombudsman tomonidan nazorat qilinmoqda. Xususan, kim va qachon tekshiruv o‘tkazganligi, to‘g‘ri bajarilganligi tahlil qilinadi. Biroq, afsuski, soha raqamlashtirilmagani sababli qo‘llanilayotgan moliyaviy jarimalarning asosli yoki asossizligi haqida bizda ma’lumot yo‘q edi. Prezident bu muammoni hal qildi, shuningdek, biznes-ombudsmanga moliyaviy jarimalarni „Yagona davlat nazorati“ axborot tizimi orqali tahlil qilish va ular qo‘llanilgan paytdan boshlab himoya qilishga kirishish bo‘yicha topshiriq berdi,” — dedi Bo‘riyev.

Bundan tashqari, sudlar tomonidan asossiz moliyaviy jarimalar bekor qilinganda, biznes turli sabablarga ko‘ra jarayonni cho‘zayotgan nazorat organlaridan mablag‘larni qaytarishda muammolarga duch kelmoqda.

Prezident qarori loyihasi undirilgan mablag‘larni 15 kun ichida qaytarish mexanizmini o‘z ichiga oladi. Agar ushbu muddat buzilsa, biznes har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya olishi mumkin.

Javohir Sindarov Jahon toji uchun kurashadi!

0

Kiprda bo‘lib o‘tayotgan nufuzli “Nomzodlar turniri”da hamyurtimiz, iqtidorli yosh grossmeyster Javohir Sindarov muddatidan avval g‘oliblikni qo‘lga kiritib, barchamizni xushnud etdi.

Hal qiluvchi uchrashuvda u eng yaqin ta’qibchisi bo‘lgan Anish Giri bilan durang o‘ynadi va shaxmat bo‘yicha jahon toji uchun kuch sinashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Endi yosh va umidli shaxmatchimiz joriy yilning oxirida amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukeshga qarshi dona suradi.

Javohir Sindarovni ushbu yuksak natija bilan chin dildan muborakbod etamiz va Jahon toji yo‘lidagi hal qiluvchi bahslarda ham ulkan zafarlar tilaymiz!