Bosh sahifa Blog Sahifa 172

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga

0

Qadrli shaxmatchilar!

Aziz farzandlarim!

Avvalo, siz, azizlarni va sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli xalqimizni mamlakatimiz hayotida ulkan quvonchli voqea – Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida har tomonlama munosib ishtirok etib, Olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘lganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sizlar dunyoning manaman degan shaxmat ustalari ishtirokida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan, 188 ta jamoa ishtirok etgan ushbu eng nufuzli shaxmat musobaqasidagi ulkan g‘alabangiz bilan mamlakatimiz sporti tarixida yangi sahifani ochib berdingiz.

Butun xalqimiz dunyodagi ana shu musobaqalarda sizlarning har bir bahsingizni “oynai jahon” va Internet orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi.

O‘z navbatida, intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan yosh shaxmatchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin g‘alabalarni tortiq etdilar.

Hech shubhasiz, sizlarning bu ulkan g‘alabangiz Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik shonli bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Ushbu musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi o‘g‘lonlarimizning iste’dodiga butun dunyo yana bir bor tan berdi.

Ayniqsa, Jahongir Vohidovning so‘nggi o‘yindagi g‘alabasi terma jamoamizning tarixiy g‘alabasini ta’minladi.

Shuni alohida g‘urur bilan ta’kidlash kerakki, sportning shaxmat turida butun dunyoda nom chiqargan Hindiston, AQSH, Armaniston, Niderlandiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlar vakillari ishtirok etgan ushbu olimpiadada terma jamoamiz a’zolari har tomonlama munosib ishtirok etib, bironta o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchramadi.

Sizlar shu tariqa o‘zbek shaxmat maktabining shon-shuhratini yuksak bosqichga olib chiqdingiz. Sizlar kabi azmu shijoatli, vatanparvar yoshlar eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman.

Mana shunday zukko va katta salohiyatli o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ota-onalaringiz va ustozlaringizga chin yurakdan tashakkur izhor etaman.

O‘zbekistonning shaxmatchi qizlari ham ushbu xalqaro musobaqada munosib ishtirok etib, o‘zlarining salohiyati baland ekanini yaqqol namoyish qildilar. Shu o‘rinda ularga  ham chin qalbimdan tasanno aytaman.

Bugun g‘olib va sovrindor sportchilarimizni tayyorlashda  chinakam fidoyilik ko‘rsatgan terma jamoamizning tajribali murabbiylari Ivan Sokolov, Vladimir Yeginga ham o‘zimning chuqur minnatdorligimni bildiraman. 

Sizlarning bugungi misli ko‘rilmagan g‘alabangiz yurtimizda barkamol avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sport, xususan, shaxmat sohasiga berilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin amaliy natijasidir.

 Ishonchim komilki, 2026 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari munosib ishtirok etib, yuqori marralarni zabt etadi.

Yuksak g‘alaba yana bir bor barchangizga muborak bo‘lsin, aziz farzandlarim!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 avgust kuni davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Aslida, bu so‘nggi yillarda amalga oshirib kelinayotgan ma’muriy islohotlarning mantiqiy davomidir. Prezidentimizning xalqchil siyosati tufayli davlat xizmatchilari aholiga ancha yaqinlashdi. Xalqni eshitish, mablag‘larni odamlar talabiga qarab yo‘naltirish, “mahallabay” ishlash tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Xodimlarga samarali faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratildi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida “navbatdagi muhim vazifa – markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish” ekanini ta’kidlagan edi.

Hozirgi kunda bu sohada 118 ming kishi mehnat qilayapti. Lekin, natijadorlik bo‘yicha aytganda, hali davlat xizmati xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q.

Misol uchun, o‘tgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va mas’uliyatsizligi haqida 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bog‘liq 7 mingta shikoyat kelib tushgan.

Qobiliyatni aniqlash, o‘qitish, ishni yaxshilashga o‘rgatadigan yaxlit tizim bo‘lmagani uchun ayrim mutasaddilar vazifalarini eplay olmayapti. Umuman, rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu bois mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, ikki yil davomida, chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tayyorlandi.

Yig‘ilishda ushbu qonunda nazarda tutilayotgan talablardan kelib chiqib, davlat idoralari oldida turgan ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Avvalo, davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etilishi ta’kidlandi. Shu maqsadda yil yakunigacha barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi. Bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi. Nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati ochiq tanlov orqali aniqlanadi.

Bu tizim tajriba tariqasida, Samarqand viloyati va Davlat soliq qo‘mitasida sinovdan o‘tkazilgan. Yig‘ilishda mazkur viloyat va qo‘mita mutasaddilari uning natijalari haqida aytib berdi. Har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliy o‘quv yurtlaridan boshlashi kerakligi qayd etildi.

Bu tajribani tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi e’lon qilinadigan bo‘ldi. Dastur doirasida bitiruvchi kurslarda o‘qiyotgan qobiliyatli talabalar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o‘taydi va o‘qishni tamomlagach, ishga qabul qilinadi. Bunga xorijda o‘qiyotgan yoshlar ham qamrab olinadi.

Tahlillarga ko‘ra, vazirliklar markaziy apparatidagi rahbarlarning 40 foizi tuman pog‘onasini ko‘rmagan, tuman miqyosidagi rahbarlarning 60 foizi esa viloyat yoki respublika idoralarida ishlamagan.

Shu bois Prezident davlat idoralarida “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Buning uchun 1 noyabrdan boshlab, eski namunadagi ma’lumotnomadan voz kechilib, xodimning malakasi va erishgan natijalarini ilg‘or texnologiyalar asosida baholaydigan tizimga o‘tiladi. Oddiy qilib aytganda, rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldi olinadi.

Shuningdek, tuman va shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi, unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi. Kompetensiyasiga qarab, ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Yoshlar ishlari agentligiga “Vatandoshlar” jamg‘armasi bilan birga “100 ta ilg‘or yetakchi” dasturini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu dastur doirasida davlat xizmatchilari, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar orasidan salohiyatli yosh kadrlar tanlab olinadi.

Ma’lumki, mamlakatimizda “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyil ustuvor etib belgilangan. Barcha sohalarda odamlarga qulaylik yaratish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, litsenziya olish, xizmatlarga buyurtma berish, turli idoralarga hujjat topshirish, to‘lov tizimlari ancha qulaylashdi.

Lekin, hali ham ko‘p sohalarda qog‘ozbozlik bor. Masalan, subsidiyalar uchun o‘rtacha 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olish kerak. Elektr tarmoqlariga ulanishda ham ortiqcha xarajat va byurokratiya ko‘p. Tibbiyotda qaysi xizmat bepul yoki pulli bo‘lishi, davlatdan beriladigan dorilarning hisob-kitobi va egasiga yetib borishi aniq bir tizimli emas. Qurilish, transport, kommunal xo‘jaligi, standart, karantin idoralarida ham aholi va tadbirkorlarning ishi bitishi qiyin bo‘lgan jarayonlar juda ko‘p.

Shu bois Bosh vazirga har bir vazirlik va hokimlikda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tushunarli va qulay shaklga keltirish, ortiqcha xarajatlar va hujjatlarni qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Bunda birdan bir mezon – odamlar roziligini olish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugun xalqimiz elu yurt rivojiga befarq emas, mahalla ishlarida faol qatnashmoqda. Masalan, “Ochiq byudjet” portali orqali aholi tashabbuslari hayotga ko‘chmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 2 mingdan ziyod ana shunday loyihalar boshlandi. Eng muhimi, odamlar ularga o‘zlarini daxldor bilib, qurilgan infratuzilmadan asrab-avaylab foydalanayapti.

Keyingi olti oyda bunday loyihalar uchun yana 1 trillion so‘m ajratilishi mo‘ljallangan. Shu bois mutasaddilarga aholi fikri asosida qilinadigan loyihalar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Iqtisodiyotda xususiy sektor o‘sib borayotgani sari malakali kadrlarga talab oshib bormoqda. Bu raqobatli bozorda davlat xizmati ham jozibador bo‘lishi kerak.

Shu bois Prezidentimiz davlat xizmatchilari faoliyatining kafolatlari ham kuchaytirilishini ta’kidladi.

Xususan, kelgusi yildan xodimning tajribasi, malakasi va erishgan natijasiga qarab, rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ularning hayoti va sog‘lig‘i davlat hisobidan sug‘urta qilinadi. O‘z vazifalarini halol va pok bajarayotgan davlat xizmatchilari uchun keksalikni munosib o‘tkazish kafolatlari yaratiladi.

Davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shu paytgacha davlat xizmatchilarining atigi 20 foizi malaka oshirgan. O‘qitish sifati ham zamon talabi darajasida emas.

Shuning uchun xorijiy o‘quv markazlari bilan birga qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Vazirliklar tizimidagi 110 ta malaka oshirish markazi faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, o‘qitish dasturlari va metodikalarini yangilash, ularga malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, tarmoq va hudud rahbarlari, xorijiy hamkorlarning fikrlari eshitildi.

2022/2023 oʻquv yili uchun test sinovlari 8-avgustdan boshlanishi, imtihonlar 10 kundan 13 kungacha davom etishi rejalashtirilgan

0

Joriy oʻquv yili uchun test sinovlari hozirgi vaqtda loyiha sifatida tegishli tashkilotga kiritilgan. Yaʼni OOʻYuga kirish test imtihonlarini 8-avgustdan boshlash rejalashtirilmoqda.

Imtihonlar 10 kundan 13 kungacha davom etishi mumkin. Imtihon vaqtlari esa oʻtgan yilgi tajribalardan kelib chiqqan holda 1-smena ertalabki soat 7:00 dan 10:00 gacha va ikkinchi smena kechki 19:00 dan 22:00 gacha oʻtkazish rejalashtirilgan.

Nogironligi bo’lgan yoshlarga zamonaviy kasblarda o’qish uchun subsidiya ajratishga arizalar qabuli boshlandi

0

2022-yil 21-iyunda Hukumatning «Nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 341-son qarori tasdiqlangan.

Mazkur qarorga muvofiq, 14-30-yoshdagi nogironligi bo‘lgan yoshlar davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Yoshlar ishlari agentligiga joiy yilning 1-avgust kunidan boshlab ariza yuborishi lozim.

Qarorning 5-bandida Yoshlar ishlari agentliginingg Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya ajratib borish tizimini joriy etish vazifasi belgilangan.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-avgustdan:

1. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha 14-30 yoshdagi nogironligi bo‘lgan yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha (ya’ni 15 mln.gacha) bo‘lgan miqdorda subsidiya ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Subsidiya 2 ta yo‘nalishda ajratiladi:

1. Nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun;

2. Nogironligi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun.

Reglamentda belgilanishicha, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan nogironligi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs nomidan murojaat qilgan uning qonuniy vakili) nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qish yoki asbob-uskuna xarid qilish uchun subsidiya ajratishni so‘rab davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Yoshlar ishlari agentligiga bevosita ariza yuborishi mumkin.

Arizalar davlat xizmatlari markazi tomonidan qabul qilinadi va ushbu jarayon bepul amalga oshiriladi.

Qaysi yo‘nalishlarda o‘qish mumkin:

1. Xorijiy (ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, turk, koreys, yapon, xitoy, arab, fors, hind, pushtu, dariy) tillari;

2. Umumta’lim fanlari (Ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), Rus tili va adabiyoti, Tarix, Kimyo, Biologiya, Geografiya, Matematika, Fizika, Informatika);

3. Kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladigan zamonaviy kasblar (Veb dasturlash, grafik dizayn, moushn grafika, dijital marketing, SMM (Social media marketing) va shu kabilar.

Qanday asbob-uskunalar olish mumkin:

motokultivatorlar, o‘t o‘rish o‘roq mashinalari, perforatorlar, payvandlash apparatlari, o‘simliklarga ishlov berish qurilmalari, duradgorlik, chilangarlik, qurilish uskunalari, kompyuter jamlanmasi va boshqalar.

Yuqoridagi barcha jarayonlar mahallalardagi yoshlar yetakchilari tomonidan monitoring qilib boriladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilda 500 nafar talabgorga subsidiya ajratilgandan so‘ng subsidiya berish uchun ariza qabul qilish to‘xtatiladi. Shundan so‘ng subsidiya ajratish uchun arizalar 2023-yildan boshlab har yilning — 10-yanvaridan boshlab qabul qilinadi.

Subsidiya uchun ariza topshirmoqchi bo’lgan yoshlar quyidagi havolalar orqali ro’yxatdan o’tishlari mumkin:

1. https://my.gov.uz/uz/service/628 — oʻqish xarajati uchun subsidiya ajratishga ariza yuborish;

2. https://my.gov.uz/uz/service/633 — asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratishga ariza yuborish;

3. https://my.gov.uz/uz/service/629 — oʻqish davrida yashash va transport xarajatlari uchun subsidiya ajratish uchun ariza yuborish.

Ayrim toifa abituriyentlarga jismoniy tarbiya va sport sohasidagi OTMlarda imtiyoz beriladi

0

Ayrim toifa abituriyentlarga jismoniy tarbiya va sport sohasidagi OTMlar kasbiy (ijodiy) imtihonlarida imtiyozlar beriladi.

Bu haqda «Jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasida belgilab qo‘yilmoqda.

Unga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeysteri hamda O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri unvonlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga kasbiy (ijodiy) imtihonlarida maksimal ball berish amaliyoti joriy qilinadi.

Shuningdek, «sport diyetologiyasi» va «sport shifokori» mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi hamda mazkur mutaxassisliklar va sport faoliyati ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasiga «kardiomashg‘ulot» fani kiritiladi. Bundan tashqari, «sport muhandisligi» mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbek-Belarus qo‘shma ta’lim dasturi asosida magistratura yo‘nalishini tashkil etish yuzasidan Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasiga taklif kiritiladi.

Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshiruvchi abituriyentlar kontingentini sport razryadi yoki sport unvoniga ega bo‘lgan nomzodlardan shakllantiriladi.

Qisqa o‘quv kurslari sertifikatlarining yangi tahriri tasdiqlandi

0

Hukumat qarori bilan professional ta’lim muassasalarida qo‘shimcha kvalifikatsiyalar bo‘yicha 6 oygacha bo‘lgan qisqa o‘quv kurslari orqali o‘qigan fuqarolarga beriladigan davlat namunasidagi sertifikatning yangi tahriri tasdiqlandi. Bu haqda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra ikki oy muddatda:

  • kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlarda qo‘shimcha kvalifikatsiyani egallash bo‘yicha beriladigan yangi namunadagi sertifikat bir vaqtning o‘zida o‘zbek, rus va ingliz tillarida bo‘ladi;
  • shu bilan birga sertifikat elektron shakllarni QR-kod yordamida olish ham mumkin.

Natijada fuqarolar xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida ortiqcha ovoragarchiliksiz ushbu sertifikatdan foydalana oladi.

 

Ma’lumot uchun, bugungi kunda 255 ta professional ta’lim muassasalarida 24 ming nafarga yaqin fuqaro 102 turdagi kasb bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitilmoqda.