Bosh sahifa Blog Sahifa 171

Tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1700 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatiladi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda energetika butun dunyoda dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Shu bois salohiyatli davlatlar uning muqobil yo‘llarini izlamoqda. Bugun jahon energetikasida “yashil energetika” ulushi qariyb 30 foizga yetgan, ayrim Yevropa davlatlarida 80-90 foizdan oshgan.

O‘zbekistonda ham bu borada faol ish olib borilmoqda. So‘nggi uch yilda energetika sohasiga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi. Xususan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu yil 18 ta shunday stansiyalar barpo etilmoqda. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi.

Umuman, energetika masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori va nazoratida. Bu sohada ko‘plab loyihalar, hududlarga tashriflar chog‘ida aniq vazifalar belgilanmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining shu yil 16 fevraldagi qarori bilan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Jumladan, “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilib, unga dastlabki 10 million dollar yo‘naltirildi.

Mazkur dasturga ko‘ra, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda mutasaddilar shu boradagi ishlarning tashkiliy va moliyaviy jihatlari yuzasidan axborot berdi.

Xususan, ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida 220 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 1 ming 300 Megavatt va yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar tomida 15 Megavatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilishi aytildi. Bu borada Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Navoiy va Samarqandda faol ish boshlagan. Davlatimiz rahbari joylarda ishlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Yig‘ilishda energetikaning boshqa tarmoqlarida ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, jumladan, aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, gaz sarfi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘mirga o‘tkazish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud uglevodorod xomashyosi konlarini rivojlantirish va yangilarini o‘zlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistondagi qurilish kompaniyalarining ishonchlilik reytingi e’lon qilindi

0

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi sohaviy qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi e’lon qilindi. Unda O‘zbekistonda faqat bitta kompaniya yuqori (75 foiz) ishonchlilik darajasiga ega deya ko‘rsatilgan.

To‘rtta toifaga bo‘lingan reytingdan jami 17 647 ta kompaniya o‘rin olgan. Eng ishonchli kompaniyalar “A” toifasiga kiritilgan.

E’lon qilingan diagrammaga ko‘ra, reytingdagi eng ishonchlilar ro‘yxatiga 75 foizli ko‘rsatkich bilan faqat bitta kompaniya kiritilgan.

Quyi daraja — “D” toifasidan 14 668 ta kompaniya o‘rin olgan. Bu reytingdagi jami kompaniyalarning 83 foizi demak.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda qurilish bilan shug‘ullanayotgan korxona va tashkilotlar soni 45 591 tani tashkil etadi. Ularning eng katta qismi, ya’ni 9 166 tasi yoki respublikadagi jami korxonalarning 20,1 foizi Toshkent shahrida joylashgan.

Erdo‘g‘an O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, davlat rahbari Turkiya yetakchisini tavallud kuni bilan qutlab, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar hamda qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi. O‘zbekiston—Turkiya munosabatlari bugungi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikdek yuksak darajaga ko‘tarilishida prezident Erdo‘g‘anning shaxsiy hissasi alohida qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti Turkiyaning janubi-sharqiy muzofotlarida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilalar munosabati bilan yana bir bor dalda so‘zlarini izhor etdi va ularning oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Turkiya prezidenti, o‘z navbatida, eng murakkab pallada ko‘rsatilgan ko‘mak uchun O‘zbekiston prezidenti va qardosh xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarining faoliyati tufayli o‘nlab insonlarning hayoti saqlab qolindi, Hatay muzofotining minglab aholisiga malakali yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston madaniyati va san’ati, ziyolilari va jamoatchilik vakillarining sa’y-harakatlari katta ma’naviy ko‘mak bo‘ldi.

Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 2022 yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni so‘zsiz amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Bo‘lajak uchrashuvlar rejasi, shu jumladan O‘zbekiston—Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga hamda Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston-Ozarboyjon investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi

0

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mamlakatda tashrif bilan bo‘lgan Ozarboyjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida 2022 yilda 53 foizga o‘sgan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Ko‘zlangan maqsad – ko‘rsatkichlarni 1 milliard dollarga yetkazish. Bunga, jumladan, neft-kimyo mahsulotlari, ruda va konsentratlar, alyuminiy, oziq-ovqat mahsulotlari, mexanik va elektrotexnika uskunalari, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga erishish rejalashtirilgan.

Meva-sabzavot, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari yetkazib berishni tashkil etish, shuningdek, ikki davlatning yirik shaharlarida muntazam savdo va ishbilarmonlik missiyalari, milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Aniq loyihaviy tashabbuslar misolida ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Gap yangi loyihalarni ishlab chiqishga tizimli yondashish, ya’ni, raqobatdosh ustunliklarni hisobga olish va ularni birgalikda moliyalashtirishga mo‘ljallangan O‘zbekiston-Ozarboyjon investitsiya jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish haqida bormoqda. Avtomobilsozlik, paxtachilik va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, ipakchilik va boshqa sohalar hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ta’riflandi.

Xuddi shu tartibda transport va logistika sohasida ham qator loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganildi. Temiryo‘l orqali yuk tashish va tranzitni ko‘paytirishga qaratilgan rag‘batlantiruvchi choralarni ko‘rishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ozarboyjon bilan strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyorlik bildirildi va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlashga kelishildi.

Toshkentda har 1000 kishiga o‘rtacha 193 ta avtomobil to‘g‘ri kelyapti

0

Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hududlar kesimida har 1000 nafar doimiy aholiga o‘rtacha to‘g‘ri keladigan yengil avtomobillar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda – 193 ta yengil avtomobil.

Ushbu ko‘rsatkich qolgan hududlar kesimida quyidagicha ko‘rinishga ega:

  • Toshkent viloyati – 117 ta;
  • Xorazm viloyati – 110 ta;
  • Buxoro viloyati – 109 ta;
  • Navoiy viloyati – 96 ta;
  • Samarqand viloyati – 95 ta;
  • Farg‘ona viloyati – 84  ta;
  • Qashqadaryo viloyati – 79 ta;
  • Namangan viloyati – 77 ta;
  • Sirdaryo viloyati – 75 ta;
  • Surxondaryo viloyati – 74 ta;
  • Qoraqalpog‘iston R. – 71 ta;
  • Andijon viloyati – 70 ta;
  • Jizzax viloyati – 66 ta.

Paxta-g‘allaga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari ishchilari daromad solig‘idan ozod etiladi

0

“Qishloq xoʻjaligida aholi bandligini oshirish va yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–69-son, 23.02.2023-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2023-yil 1-apreldan 2024-yil 1-maygacha eksperiment tariqasida respublika byudjetidan paxta yoki gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga ularning ishchilarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini quyidagi shartlarga rioya qilinganda qaytarib berish tartibi joriy etiladi:

qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan har bir gektar yer uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligi taʼminlanganda;

har bir nafar ishchi uchun oyiga mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromad mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanganda;

paxta yoki gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi oʻtgan yil yakuni boʻyicha Soliq kodeksi talablariga javob berganda.

2023-yil 1-apreldan tadbirkorlar yangi qurilgan koʻp qavatli ishlab chiqarish binolari, shu jumladan 2023-yil 1-yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar yuzasidan ularning mol-mulkiga hisoblangan summani quyidagi pasaytiruvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda, bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq boʻlmagan muddatga toʻlaydi:

— 3 qavatli binoga – 0,9;
— 4 qavatli binoga – 0,8,;
— 5 qavatli binoga – 0,7;
— 6 qavatli binoga – 0,6;
— 7 va undan yuqori qavatli binoga – 0,5.