Bosh sahifa Blog Sahifa 14

Masterskaya: qanday qilib kichik bir makon 8 yil ichida to‘laqonli biznesga aylandi?

0

Loyiha hammuassisi Delya Haydarova Spot’ga mahorat darslari to‘xtatilishi sabablari va O‘zbekistonda san’at bozoridagi hozirgi holat haqida so‘zlab berdi.

2018-yilda Toshkentda ilk ijodiy markazlardan biri sifatida ochilgan Masterskaya o‘zining sakkiz yillik faoliyati davomida shunchaki studiyadan yirik monumental san’at markazigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Loyiha o‘z vaqtida poytaxt uchun yangilik bo‘lgan format — mahorat darslari bilan boshlangandi. O‘sha paytda bu yer yangi tajriba izlovchilar, san’atga yaqinlashishni xohlovchilar hamda muhim voqealarni nishonlovchilarning sevimli maskaniga aylangan. Biroq vaqt o‘tishi bilan Masterskaya kichik ijodiy markazdan to‘laqonli biznesga aylangan.

Bugungi Masterskaya shunchaki markaz emas, balki shahar qiyofasini yangilashga xizmat qiluvchi masshtabli murallar, nozik mozaika va mualliflik keramikasi orqali rassomlar bilan yirik biznesni birlashtiruvchi ko‘prikka aylangan.

Spot loyiha hammuassisi Delya Haydarova bilan loyihaning moliyaviy yostiqchasiz qanday ishga tushirilgani, jamoa nega mahorat darslaridan voz kechgani, qo‘l mehnati nima sababdan qimmat bo‘lishi hamda O‘zbekistonda kreativ industriya duch kelayotgan tizimli cheklovlar haqida suhbatlashdi.

Delya, 2018-yilda Masterskaya’ni ishga tushirdingiz. Bu Toshkentda mahorat darslari tizimli ravishda o‘tkazila boshlangan ilk loyihalardan biri edi. Ammo 2025-yil aprelida bu yo‘nalishni to‘xtatdingiz. Nima bo‘ldi?

Ha, faoliyatimizni mahorat darslaridan boshlaganmiz. Biroq, loyihamizdan ko‘zlangan asl maqsad istalgan mijoz kelib, bir vaqtning o‘zida bir nechta yechimga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona makon yaratish bo‘lgan. Bu mahorat darslaridan boshlab, kulolchilik san’atigacha bo‘lgan keng qamrovni o‘z ichiga olgan.

Biz uchun eng muhimi — odamlarning ovora bo‘lmasligi ya’ni rasm sotib olish uchun bir joyga, farzandiga ijodiy tug‘ilgan kunini tashkil qilish uchun boshqa joyga borib yurishiga hojat qolmasin. Bu vazifani soddalashtirishni va barcha turdagi talablarni bitta hududda, to‘liq tayyor holda hal qilishni niyat qilgandik.

Mahorat darslari ilk xizmatimizga aylandi. 2018-yilda bozorda bunday format umuman yo‘q edi: o‘sha paytda mahorat darslariga qatnashish ommalashmagan, dam olish kunlarini san’at bilan o‘tkazadigan ijodiy muhit hali shakllanmagandi. Asosiy maqsadimiz brend imijini yaratish va bu sohani rivojlantirish bo‘ldi. Albatta, har qanday biznes o‘zini oqlashi kerak, ammo bu loyiha biz uchun faqat daromad manbai emasdi — ko‘proq odamlarni san’atga yaqinlashtirish va ijodiy madaniyatni yuksaltirishni istadik.

Oradan qariyb sakkiz yil o‘tdi va shu vaqt ichida bozor butunlay o‘zgardi. Bir paytlar biz yangi trendni boshlab bergan bo‘lsak, hozir mahorat darslari o‘tkazadigan joylar sezilarli darajada ko‘paydi. Rostini aytganda bu formatdan allaqachon o‘tib bo‘ldik. Hozirgi bosqichda va kengayish darajamizda faqat mahorat darslari bilan cheklanish endi yetarli emas.

Mahorat darslari bizning ilk muvaffaqiyatimizning asosiy kaliti bo‘lganini unutmaymiz. Aynan ular bizga ilk mijozlarni olib keldi va loyihani tanitdi. Bu tajribadan minnatdor bo‘lib, endi yangi marralar sari yo‘l olyapmiz. Bugun bu sohada paydo bo‘layotgan yangi ishtirokchilarga omad tilaymiz. Biz esa o‘z missiyamizning ushbu bosqichini yakunlab, katta maqsadlar sari qadam tashlamoqdamiz.

Bugungi kunda Masterskayaning asosiy faoliyati — keramik plitkalar ishlab chiqarish, devoriy rangtasvir va murallar yaratish, mualliflik kartinalari hamda mozaika san’ati bilan shug‘ullanishdan iborat.

Masterskaya asosan Navro‘z bog‘ida joylashgandi. O‘tgan qish bu yerda ijara narxlari keskin oshdi. Mahorat darslarining yopilishi ijaraning ko‘tarilishi bilan bog‘liq emasmi?

Yo‘q, bu bilan bog‘liq emas. Mahorat darslari bizga moliyaviy foyda keltirishda davom etardi. Hatto o‘sha qiyin davrda ham mijozlar uchun narxlarni oshirmaganmiz.

O‘tgan qishda ijara haqi kutilmaganda qariyb 50% ga ko‘tarilib, barcha ijarachilar qatori bizni ham hayron qoldirdi. Odatda bu ko‘rsatkich 10−15% dan oshmasdi. Biroq, muloqotlar natijasida muammo tezda hal qilinib, narxlar avvalgi holiga qaytdi.

Shu o‘rinda Navro‘z bog‘i ma’muriyati haqida ham to‘xtalib o‘tishni istardim. Hunarmandchilik biznesi mavsumiy bo‘lgani uchun ba’zida pasayishlar yoki moliyaviy uzilishlar yuz beradi. Bunday vaziyatlarda bog‘ ma’muriyati har doim bizni qo‘llab-quvvatlab, holatni to‘g‘ri tushunib yordam berdi. Shuning uchun ulardan minnatdorman. Bizning yangi bosqichga o‘tishimiz esa shunchaki ichki strategik qarorimiz natijasi.

Ko‘pchilikning tasavvurida Masterskaya bilan chambarchas bog‘langan yo‘nalishni yopish siz uchun hissiy jihatdan qanchalik qiyin bo‘ldi? Bu qarorga kelishingizga qancha vaqt ketdi?

Bilasizmi, bu xuddi toksik munosabatlarga o‘xshardi: aslida endi kerak emasligini bilasan, lekin baribir qo‘yib yuborging kelmaydi. Chunki bu yo‘nalish ilk kunlardanoq hayotingning bir qismiga aylangan. Har safar “Mayli, yana biroz davom etsin”, deb o‘ylaysan. Ammo vaqti kelgach, mahorat darslari uchun resurslar samarasiz taqsimlanayotganini aniq ko‘rdik va yakunda ularni yopish qarorini qabul qildik.

Qisqa qilib ta’riflaydigan bo‘lsak Masterskaya bu…

Masterskaya — bu buyurtmachilar bilan hunarmandlar, umuman olganda ijodkorlar o‘rtasidagi mediator. Nazarimda, bu loyiha uchun eng aniq va to‘g‘ri ta’rif.

Masterskaya loyihasi aslida qanday boshlangan?

Bu mutlaqo tasodifan sodir bo‘lgan. Ma’lumotim bo‘yicha moliyachiman — “Biznes va moliya” fakultetini tamomlaganman va ijodiy sohada ishlayman yoki san’at bilan bog‘liq qandaydir loyihalar qilaman, deb umuman o‘ylamaganman. Ammo hayotning bizga atalgan o‘z rejalari bor ekan.

Institutni endigina tamomlagan paytlarim, nima bilan shug‘ullanishni unchalik aniq bilmasdim, lekin shu bilan birga doimo ijodga intilardim. O‘ylaymanki, bu onamdan o‘tgan — bolaligimdan onam bilimli inson san’atdan oz bo‘lsa-da xabardor bo‘lishi kerakligini uqtirardi.

Bir kuni Breadly qahvaxonasida o‘tirib, u yerdagi rasmlarni ko‘rib qoldim. O‘sha davr uchun bu mutlaqo yangicha yondashuv bo‘lib, buni kim amalga oshirgani meni juda qiziqtirib qolgandi.

Qahvaxona loyihasiga aloqador bo‘lgan tanishimdan meni rassom bilan tanishtirishini so‘radim. Shunday qilib, Zulfiya Spovart bilan tanishdim. O‘sha paytda u allaqachon devoriy rangtasvir va turli obyektlar ustida ishlayotgandi. Men esa unga yordam bermoqchi ekanligimni aytdim — hatto boshida bepul bo‘lsa ham, faqat o‘rganish va yonida bo‘lish uchun hammasiga tayyor edim.

Loyihaning boshlanishi kutilmagan bo‘ldi. Hammuassisimiz Zulfiya o‘zi ishlagan va dars bergan studiyadan ketgach, bir kuni kutilmaganda: “Keling, o‘zimizning studiyamizni ochamiz”, deb qoldi. Ertasi kuni biz moliyaviy zaxira va aniq rejasiz joy izlashga tushdik. Men pulni qayerdan topishimizni mutlaqo bilmasdim, ammo istagimiz shu qadar kuchli ediki, bu narsa ahamiyatsiz edi.

Panoramali derazalari bor, shiftining balandligi qariyb besh metr bo‘lgan bir joyni topib, o‘sha zahoti tushundik — bu aynan biz qidirayotgan joy. Hammasi mana shunday boshlangan.

Ammo siz ma’lumotingiz bo‘yicha biznes va moliya sohasi mutaxassisisiz: BMT Taraqqiyot dasturida, O‘zbekiston temir yo‘llari’da ishlagansiz, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida xalqaro bo‘limga rahbarlik qilgansiz. Agar 2018-yilga qaytish imkoni bo‘lsa, baribir ijod yo‘lini tanlarmidingiz?

Yaxshi savol. Ehtimol, o‘zim uchun ishlash imkoniyati meni har doim ko‘proq o‘ziga jalb qilgan bo‘lsa kerak. 17−18 yoshimda amaliyot o‘tashni boshlaganman va o‘shanda loyihalarda yanada rivojlanishni taklif qilishardi. Bu menga yoqardi, chunki bu rivojlanish va ta’lim bilan bog‘liq. Shuning uchun aytishim mumkinki, men olgan tajriba va Masterskaya loyihasi ko‘p jihatdan bir-biri bilan bog‘liq.

Ammo yakunda shaxsiy biznesni tanladim — chunki men uchun tizimga bo‘ysunishdan ko‘ra, uni o‘zim yaratish muhimroq.

Loyihani boshlash uchun dastlab qancha kiritgansiz? Eng katta xarajatlar nimalarga sarflangan?

Eng katta mablag‘ ijaraga ketgan. O‘shanda birdaniga uch oylik ijara haqini oldindan to‘lashimiz kerak bo‘lgan. 2018-yilda ijara haqi oyiga qariyb $1500 ni tashkil qilardi, holbuki o‘sha joyimiz hozirgisidan ancha kichik edi. To‘g‘risini aytsam, o‘shanda bu qiyinchilikdan qanday chiqib ketganimizni hali ham aniq tushunmayman, biroq loyiha tez orada o‘zini oqlay boshlagan.

Umuman olganda, loyihani ishga tushirish uchun qariyb $10 ming sarmoya kiritdik. Bu summaning yarmi ijaraga, qolgan qismi esa studiyani jihozlashga sarflangan.

Hech qanday investorimiz bo‘lmagan: mablag‘ni tom ma’noda yig‘ib topganmiz. Hammasi dugonam joy uchun garov pulini to‘lashimizga bergan $300 dan boshlangan. Keyin otam yordam berdi — bu umumiy summaning taxminan 40% ni tashkil qildi. Keyin esa Zulfiya bilan birga qo‘ng‘iroq qilib, qarz so‘rashimiz mumkin bo‘lgan tanishlar va do‘stlar ro‘yxatini tuzib chiqqanmiz.

Masterskaya’ning moliyaviy barqarorlikka tez erishishi bu insonlar ishonchining natijasidir. 2018-yilda biz taklif qilgan format yangilik bo‘lgani uchun bozorda haqiqiy shov-shuv ko‘tarildi. Yuqori talab barcha qarzlardan qisqa fursatda qutulish va loyihani mustaqil oyoqqa qo‘yish imkonini berdi. Bizga ishonib kelgan har bir mijoz Masterskaya tarixining muvaffaqiyatli boshlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Ko‘pchilik uchun, ayniqsa, katta avlod vakillari uchun ijodiy faoliyat hali ham jiddiy kasb hisoblanmaydi. O‘zim ham ko‘p marta “fotograflik jiddiy ish emas, kelajagingga foydasi tegmaydi”, degan gaplarni eshitganman. Siz ish faoliyatingiz davomida bunga duch kelganmisiz?

Ha, shubhasiz. Lekin bu yerda masalaning ildizi qayerga borib taqalishini tushunish muhim. Bu ko‘p jihatdan sobiq ittifoq davridan qolgan meros: u paytlarda sevimli mashg‘ulot ish hisoblanmagan. Aniq model bor edi: soat 9 dan 6 gacha ish, barqarorlik va tushunarli tizim. Shuning uchun ham katta avlod uchun erkin grafik hamon xavfli va ishonchsizdek tuyuladi. Ammo bu ijodiy kasb egalari daromadsiz qoladi, degani emas.

Chin dildan ishonamanki, ijod orqali ham yaxshigina pul topish va farovon yashash mumkin. Agar o‘z ishingizni sifatli bajarsangiz — fotograf bo‘lasizmi, rassom, dizayner yoki boshqa biror soha vakili — sizda hamisha mijoz va talab bo‘ladi. Sifatli mehnatni qadrlaydigan insonlar har doim topiladi va har qanday mahsulotning o‘z xaridori bor.

Shu bilan birga, hamon ko‘pchilikka mualliflik ishlari “juda qimmat»dek tuyuladi. Nima uchun, sizningcha, insonlarga qo‘l mehnatining haqiqiy qiymatini qabul qilish hali ham qiyin?

Menimcha, gap odamlarning san’at uchun pul to‘lashni xohlamasligida emas, balki ularda ma’lumot yetishmasligida. Ko‘pchilik faqat tayyor mahsulotni ko‘rib, uning ortida qancha mehnat, vaqt va kuch yotganini o‘ylab ko‘rmaydi. Bu tabiiy hol — xuddi biz ham har doim, masalan, non ishlab chiqaruvchining mehnati qanday tuzilgani haqida o‘ylayvermaganimizdek.

Agar odamlar jarayonning o‘zini — ijodga qancha mehr va mehnat sarflanayotganini ko‘proq ko‘rishsa, narx qayerdan kelib chiqishi yanada tushunarliroq bo‘ladi.

Masterskaya eng muvaffaqiyatli yillarida qancha daromad topgan?

Ijodiy biznes uchun va O‘zbekistondagi talabni hisobga olganda, bular juda yaxshi va salmoqli summalar edi.

Butun faoliyatingiz davomidagi eng katta zarar-chi?

Qariyb 400 mln so‘m atrofida moliyaviy uzilish yuz bergan. Bunday holatlar bir necha bor takrorlangan. Bu biznes uchun tabiiy jarayon: mavsumiylik mavjud, talab pasaygan davrlarda ham ijara va ish haqi kabi doimiy xarajatlar saqlanib qoladi.

Bunday vaziyatlardan muzokaralar va o‘zaro ishonch orqali chiqib ketganmiz. Ijara beruvchilar bilan kelishardik, jamoamiz ham holatni to‘g‘ri tushunardi. Biznes yana foydaga kirganida esa har doim barcha majburiyatlarni to‘liq yopganman. Bu moliya, muloqot va mas’uliyat o‘rtasidagi doimiy muvozanat.

Mahorat darslari ko‘proq foyda keltirarmidi yoki yirik buyurtmalar?

Albatta, yirik loyihalar — murallar va korporativ buyurtmalar. Mahorat darslarining sof foyda ulushi o‘rtacha 350 ming so‘mlik chek bilan taxminan 30% ni tashkil etadi. Murallarda esa bu qariyb 50% bo‘lib, chek 100 mln so‘m va undan yuqori bo‘ladi. Ikkala yo‘nalish ham katta kuch talab qiladi, ammo ularning miqyosi va beradigan natijasini solishtirib bo‘lmaydi.

Hozirda Masterskaya rassomlar va buyurtmachilar o‘rtasidagi mediatorga aylangan. Bilishimcha, bu O‘zbekistondagi birinchi shunday biznes shakli, shunday emasmi?

Hozir shunga o‘xshash loyihalarni ko‘ryapman, lekin biz boshlaganimizda bunday emas edi. Ko‘pincha buyurtmachilar — kompaniyalar, tashkilotlar bevosita rassomlarga murojaat qilishadi. Va bu yerda deyarli har doim qiyinchilik yuzaga keladi: ijodkor va buyurtmachi — ikki xil dunyo. Mening kuchli tomonim aynan ular o‘rtasida murosaga kelish va mediator bo‘lishdir.

Mediatorlik jarayonida eng qiyin jihat nima?

Barchaga birdek yoqish. Bir vaqtning o‘zida ham buyurtmachining talabini bajarish, ham rassom bilan kelishish zarur. Ijodkor inson kutilmagan qarorlar qabul qilishi mumkin: ba’zan muddatlarga amal qilmaydi yoki jarayon davomida ilhom kelib, hammasini boshqacha qilishni istaydi. Bu rassomning jarayondagi rolini cheklash emas, balki ijodiy fikrlashning tabiiy xususiyati. Ammo tijorat loyihasi yoki binoning fasadini bo‘yashda bunday o‘zgarishlarga har doim ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Mana shu nuqtada men moliyaviy va obro‘ nuqtai nazaridan kafolat beruvchi sifatida maydonga chiqaman. Buyurtmachi oldida natija va mahsulot yakunda sifatli bo‘lishi uchun to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olaman.

Asosiy mijozlarimiz yirik kompaniyalar, xoldinglar va ba’zan davlat tashkilotlari. Ular bevosita rassomlar bilan ishlashni xohlamaydilar. Ularga muzokaralar, nazorat va huquqiy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan vositachi kerak.

Demak, barcha mas’uliyat sizning zimmangizdami?

Ha. Badiiy qismni, albatta, rassom bajaradi: u g‘oyani hayotga tatbiq etadi. Ammo qolgan barcha jarayonlar: birinchi so‘rovdan tortib, loyiha topshirilguniga qadar bo‘lgan bosqichlarni men va jamoam boshqaramiz. Aniq texnik topshiriq tuzamiz, uni buyurtmachi bilan batafsil kelishib, rassomga tushuntiramiz.

Bugungi kunda Masterskaya’ning buyurtmachilar bilan ishlashdagi moliyaviy modeli qanday tuzilgan: siz bitimdan foiz olasizmi yoki loyiha uchun qat’iy belgilangan narx asosida ishlaysizmi?

Har bir keys — alohida hikoya. Har doim mijozdan budjeti haqida so‘rayman va ochiq gaplashishga harakat qilaman. Agar qo‘l mehnatining haqiqiy qiymatiga teng narxda belgilaganimda biznes shunchaki yashab qololmasdi. Shu sababli biz murosaga intilamiz. Ba’zan kamroq summaga sifatli ish qilishning imkoni yo‘q, deb ochiq aytaman.

Loyihalarni deyarli foydasiz yoki bepul bajargan vaziyatlarimiz ham bo‘lgan. Buni shunchaki ishimizni ko‘rsatish, kompaniyalarni va butun industriyani san’atga yaqinlashtirish uchun qilganmiz. Keyinchalik esa bunday ishlarning asl qiymatini ko‘rsatish imkoniyati yuzaga chiqadi.

Hozir shaharda murallar trendi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Umuman olganda, ushbu tendensiyaga qanday munosabatdasiz?

Ijobiy qarayman. Murallar shaharga haqiqiy ko‘rk bag‘ishlaydi. Bunday loyihalarni buyurtma qilayotgan kompaniyalar aslida san’at orqali shahar bilan muloqot qilmoqdalar — bu alohida va kuchli til. Bu jarayonda ishtirok etish juda qiziqarli va unga qurbi yetadigan kompaniyalarning bu san’atga ko‘proq e’tibor qaratayotganidan xursandman.

Biz ham bir nechta yirik murallarni yaratganmiz va ishimizning ushbu qismi bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, bu sohadagi raqobat tabiiy va hatto foydali. Ammo buyurtmachilar bir narsani anglab olishlari muhim: agar san’at orqali gapirishga qaror qilgan ekansiz, buni sifatli bajarish va mutaxassislarga murojaat qilish zarur. Afsuski, ba’zida hatto eng oddiy tamoyillarga — masalan, odam anatomiyasiga amal qilinmaydi. Yirik va nufuzli kompaniyalarda bunday xatolik yuz berganda, natija juda achinarli ko‘rinadi.

Murallar o‘zi qanchalik chidamli? Chunki yomg‘ir tufayli osongina shikastlanishi yoki yo‘lovchilar uni buzib qo‘yishi mumkin. Bir mural taxminan qancha vaqt turadi va uni restavratsiya qilsa bo‘ladimi?

Murallarni restavratsiya qilish mumkin va zarur. Biz o‘z ishimizda fors-major holatlarini hisobga olmaganda, murallarga 10 yilgacha kafolat beramiz. Buning uchun tashqi sharoitlarga mos, quyosh nuri, yomg‘ir va harorat o‘zgarishlariga bardosh beradigan fasad bo‘yoqlaridan foydalanamiz. Shunday qilib, to‘g‘ri materiallar va texnologiyalar qo‘llanilsa, mural uzoq davom etuvchi hikoya bo‘lib chiqadi.

Buyurtmachilar murallarni “qimmat” deb aytishmaydimi? Umuman, ularning narxi qancha?

Ha, bunday gaplarni doim eshitamiz. Bu tabiiy holat, chunki hamma ham bu ishning ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan naqadar mashaqqatli ekanini tasavvur qila olmaydi. Eskizdan tortib so‘nggi shtrixgacha bo‘lgan jarayon katta mehnat talab qiladi. Ko‘pincha gap bir necha qavatli fasadlar, minoralar ustidagi ishlar haqida ketadi.

Bizda narxlar 1 kv.m uchun taxminan 400 ming so‘mdan boshlanadi. Bu evaziga buyurtmachi yuqori sifat, to‘g‘ri anatomiya, uzoq muddatli chidamlilik va belgilangan muddatlarga qat’iy amal qilinishini oladi. Bir haftada yakunlagan loyihalarimiz bo‘lgan, hatto bir marta to‘qqiz qavatli binodagi ishni bir kunda bitirganmiz. Agar jamoa professional bo‘lsa, buning iloji bor.

Masterskaya’ning o‘z sexi ham bor. Nima uchun aynan ishlab chiqarishni tanladingiz? Masalan, “dizayn + autsors” modeli bo‘yicha ishlash osonroq emasmi?

Bizda gibrid format shakllangan. O‘zimizning kichik seximiz bor, u yerda keramik plitkalar ishlab chiqaramiz va o‘z ustalarimiz bilan ishlaymiz. Shu bilan birga, ustalar faqat bizga bog‘lanib qolmagan ular boshqa buyurtmalarni ham olishlari mumkin. Biz uchun sifat va jarayonni nazorat qilish juda muhim, chunki keramika — o‘ta nozik va murakkab ish.

Faqat buyurtma asosida ishlaysizlarmi yoki tayyor kolleksiyalaringiz ham bormi?

Har bir loyihani alohida, individual tartibda amalga oshiramiz. Umuman olganda, ta’mirlash jarayoni doimo o‘ziga xos bo‘ladi: o‘lchamlar, masshtab va vazifalar turlicha. Ba’zan bir xil plitka bir interyerda juda chiroyli ko‘rinishi, boshqasiga esa mutlaqo mos kelmasligi mumkin. Shu sababli yechimlarni har doim aniq bir joylashuvga moslashtiramiz.

Kelajakda katalog formatini yo‘lga qo‘yish haqida ham o‘ylayapmiz. Unda tayyor eskizlar bo‘lib, mijoz ularni o‘z loyihasiga moslab rangi, o‘lchami hamda miqdorini tanlab olishi mumkin bo‘ladi. Biroq bu baribir ommaviy ishlab chiqarish emas, balki individual yondashuvni saqlab qoladigan tizim bo‘ladi.

O‘z sexingizni ta’minlash va saqlash qanchalik qiyin va qimmat?

Ijod va qo‘l mehnati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha narsa qimmatga tushadi. Keramika juda kutilmagan natija beradigan material: loy yorilib ketishi, rangini o‘zgartirishi yoki pechda mutlaqo boshqacha natija berishi mumkin. Hatto barcha texnologiyalarga amal qilinganda ham doimo xatar mavjud bo‘ladi.

Shu sababli biz har doim “zaxira” bilan ishlaymiz va buyurtmachilarni ochiq ogohlantiramiz: nuqsonli mahsulot chiqishi yoki nimadir birinchi urinishda o‘xshamasligi mumkin. Keramika shunday ishlaydi.

Bunday plitkalar fabrika plitkalariga qaraganda hamisha ikki, uch, ba’zan to‘rt-besh baravar qimmat turadi. Chunki bu qo‘l mehnati, katta resurs va vaqt talab qiladi.

Sizlar mozaika bilan ham shug‘ullanasizlarmi? Bu qanchalik mehnat talab qiladigan jarayon: har bir element haqiqatan ham qo‘lda yig‘iladimi va bunday loyiha o‘rtacha qancha vaqtni oladi?

Bu juda mashaqqatli ish. Har bir element kichik bir bo‘lak bo‘lib, uni to‘g‘ri sindirish, shakli va rangini tanlash, so‘ng yaxlit kompozitsiyaga yig‘ish kerak. Bu tom ma’noda zargarlik darajasidagi ish. Biz juda tajribali ustalar bilan ishlaymiz va O‘zbekistonda mozaika ko‘proq paydo bo‘lishini juda istardim — bu nihoyatda go‘zal va chuqur format.

Plitka va mozaikaga qanchalik tez-tez buyurtma berishadi?

Plitkaga ko‘proq, mozaikaga esa kamroq buyurtma tushadi, chunki hali bu loyihalarni ommaga keng ko‘rsatmaganmiz. Asosan buyurtmalar biz bilan yaqin hamkorlik qiladigan dizaynerlar orqali keladi. Bu sohada hamma bir-birini yaxshi taniydi.

Loyihalarning hajmi turlicha bo‘lishi mumkin: ba’zan bu kichik bir sanuzel, ba’zan esa bir necha oy davomida tayyorlanadigan 300−400 kv.m maydonlar. Hatto boshqa davlatlar, jumladan, Tojikiston va BAA uchun ham loyihalar ustida ishlaganmiz.

2026-yilda Masterskaya’ning maqsad va rejalari qanday?

Xizmatlarimiz o‘zgarishsiz qoladi, biroq endi jarayonlarning ichki tomonini ko‘proq ko‘rsatishga harakat qilamiz. Mural, plitka yoki relyef ortida qanday mehnat, qancha vaqt va uyqusiz tunlardagi ish jarayoni yotganini odamlarga yetkazmoqchimiz.

Asosiy maqsadim — insonlar bu ishlar nima uchun aynan shunday narxda baholanishini va qo‘l mehnati qanday ulkan qiymatga ega ekanligini anglab yetishlariga erishish.

Pipls tarmog‘i rahbari va hammuassisi Amir Usmanxodjayev tavsiya qilgan 5 ta kitob

0

Amir Spot’ga tadbirkorlik, moliya va masshtablash bo‘yicha kitoblar uning fikrlashini va boshqaruv qarorlarini shakllantirishda qanday rol o‘ynaganini ochib berdi.

Amir Usmanxodjayev — Toshkentdagi to go ichimliklar segmentida eng tez rivojlanayotgan loyihalardan biri hisoblangan Pipls tarmog‘ining hammuassisi. U sherigi Kirill Saydaxmedov bilan birgalikda brendni ishga tushirdi va u bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida bir nechta nuqtalardan iborat tarmoqqa aylandi. Hozirda loyiha hududlarda ham faol kengayib bormoqda.

Amir Spot’ga tadbirkorlik yo‘lida unga yordam bergan barqaror biznes-model izlashdan tortib, marketing, jamoa bilan ishlash va shaxsiy liderlikni anglashgacha bo‘lgan kitoblar bilan bo‘lishdi. Bu — o‘sish, tizimlilik va noaniqlik sharoitida biznes qurish haqidagi kitoblar.

Pipls tarmog‘i rahbari va hammuassisi.

Menda kitoblarga qiziqish birdan paydo bo‘lmagan. Men hech qachon badiiy yoki klassik adabiyot ishqibozi bo‘lmaganman — o‘qish men uchun asta-sekin ehtiyojga aylangan.

Hammasi maktab davrida, taxminan 7−8-sinflarda boshlangan. O‘sha paytda ilk mustaqil qadamlarimni qo‘yib, kichik loyihalarni yo‘lga qo‘yishga harakat qilganman.

Tajriba va jarayonlarni chuqur tushunish yetishmagani sababli xatolarim ham ko‘p bo‘lgan. Aynan shu jarayonda o‘rganish, bilimni tizimli ravishda egallash va ishga puxta yondashish qanchalik muhimligini anglab yetdim.

Shundan so‘ng real keyslar va biznes jarayonlarga asoslangan kitoblar meni o‘ziga torta boshladi. Ular men uchun tajriba manbai, amaliyotning o‘rnini bosadigan muhim vositaga aylandi. Bunday kitoblar nafaqat bilim berdi, balki qiziqishimni ham oshirdi — ular boshqaruvni tezroq anglashimga va ongli, puxta qarorlar qabul qilishimga yordam berdi.

O‘qishni muhim deb bilaman, ammo aynan amaliy o‘qishni. Men uchun kitob — fikrlash doirasini kengaytiradigan, biznes keyslariga boshqa nuqtai nazardan qarash imkonini beradigan vosita. Boshqa tadbirkorlar qanday fikrlaydi, qanday qarorlar qabul qiladi va nima sababdan shunday yo‘l tutadi — aynan shu jihatlar qiziqtiradi. Bu esa o‘z navbatida yanada vazmin va asosli qarorlar qabul qilishimga yordam beradi. Shu sababli uydirma hikoyalardan ko‘ra, real tajribaga tayanganlarini ko‘proq qadrlayman.

O‘zimni an’anaviy ma’nodagi kitobxon deb ayta olmayman. O‘qish men uchun ongli va maqsadga yo‘naltirilgan jarayon. Biznesda aniq savol yoki vazifa paydo bo‘lganda o‘qiyman. Shunchaki bo‘sh vaqtni to‘ldirish uchun mutolaa qilmayman. Shu ma’noda o‘qish men uchun “jarayon uchun” emas, balki rivojlanish vositasi.

Shaxsiy to‘plamimni ham to‘liq kutubxona deb bo‘lmaydi — unda taxminan 10−15 ta kitob bor. Ularning barchasi biznes, moliya, boshqaruv, tadbirkorlik tafakkuri va masshtablash mavzulariga bag‘ishlangan. Badiiy adabiyot o‘qimayman.

Qog‘oz kitoblarni afzal ko‘raman — ular onlayn formatga nisbatan menga yaqinroq. Hayotimizning o‘zi allaqachon raqamli: ijtimoiy tarmoqlar, axborot oqimi, doimiy yangilanishlar. Qog‘oz kitob esa e’tiborni jamlashga yordam beradi. Unda muhim fikrlarni belgilash, g‘oyalar va keyslarni qayd etish qulay. Kerak bo‘lganda sahifani ochib, zarur joyga tezda qaytish mumkin.

Albatta, ko‘pchilikka tanish bo‘lgan “Boy ota, kambag‘al ota”, “The 80/20 Principle” yoki marketingga oid kitoblarni ham o‘qiganman. Ular bazaviy va foydali asarlar. Ammo quyida men shaxsan o‘zim tavsiya qiladigan, amaliy qiymati yuqori bo‘lgan top-5 kitob haqida to‘xtalaman.

“Noldan biznes”, Erik Ris

Bu kitob bilan men hali boshqa davlatda yashab, O‘zbekistonda yangi loyihalar haqida o‘ylab yurgan paytim tanishganman. O‘sha vaqtda qarorlarni ko‘proq intuitiv qabul qilardim. Go‘yo juda ko‘p harakat qilayotgandek, loyiha ustida uzoq o‘ylayotgandek edim, lekin qaysi qaror to‘g‘ri va oqilona ekanini har doim ham anglamasdim.

Kitobning asosiy g‘oyasi shundaki, biznes — birinchi urinishdayoq ideal mahsulot yaratish emas, balki doimiy test qilish jarayonidir. Erik Ris an’anaviy yondashuvdan voz kechishni taklif qiladi: tadbirkorlar uzoq vaqt mahsulot ishlab chiqadi, katta resurs sarflaydi va faqat keyin bozorga chiqadi. Uning o‘rniga biznesni o‘rganish jarayoni sifatida qabul qilish kerak.

Kitob Build-Measure-Learn (yarat-o‘lcha-o‘rgan) sikliga asoslangan. Unda har qanday biznes avvalo gipotezadan boshlanishi va bu gipoteza imkon qadar tezroq real mijozlarda sinovdan o‘tkazilishi kerakligi tushuntiriladi. Buning uchun MVP — fikr-mulohaza olish uchun yetarli bo‘lgan minimal mahsulot versiyasidan foydalanish tavsiya etiladi.

Asarda nafaqat texnologik startaplar, balki an’anaviy kompaniyalar tajribasidan ham ko‘plab misollar keltiriladi. Ular vaqt va resurslarni tejagan holda g‘oyalarni real mijozlarda test qilishga erishgan. Ris alohida urg‘u beradigan jihatlardan biri — metrikalar masalasi: biznes haqiqiy o‘sishni aks ettiradigan ko‘rsatkichlarni o‘lchashi kerak, shunchaki “chiroyli raqamlar»ni emas.

Bu kitob aniq rejasi bo‘lmagan, endigina boshlayotganlar uchun juda mos. Chunki start bosqichida biznes hech qachon ideal bo‘lmaydi — har qanday sohadagi biznes inson va uning qarashlariga moslashadi. Bu kitobdan keyin xatolarga ancha xotirjam qaray boshladim. Uzoq o‘ylab, tayyorgarlikka berilib ketmasdan, loyihalarni ishga tushirish va jarayonda tuzatishdan qo‘rqmaslikni tavsiya qilaman.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls

“Avval o‘zingga to‘la”, Mayk Mikalovis

Bu kitob kichik va o‘rta biznesda moliyaviy boshqaruvga bag‘ishlangan bo‘lib, foyda bilan ishlashga sodda, ammo noodatiy yondashuvni taklif qiladi. Muallif tadbirkorlar orasida keng tarqalgan xatoga e’tibor qaratadi: avval xarajat qilish, foydani esa qoldiq asosida hisoblash.

Mikalovis bu mantiqni teskarisiga o‘zgartirishni taklif etadi — avval foydani rejalashtirish, so‘ng qolgan budjet doirasida biznes jarayonlarini shakllantirish. Bu yondashuv kompaniyaning moliyaviy barqarorligiga va xarajatlar intizomiga boshqacha qarash imkonini beradi.

Kitobda mablag‘larni shunchaki “cho‘ntaklar” bo‘yicha emas, balki aniq maqsadli hisoblar asosida taqsimlash tizimi batafsil tushuntiriladi: operatsion xarajatlar, soliqlar, foyda va egasining daromadi. Bu usul moliyaviy intizomni talab qiladi va tadbirkorni o‘z biznesiga nisbatan tizimli yondashuvga o‘rgatadi.

Asar sodda va amaliy tilda yozilgan, o‘qish oson. Uni mutolaa qilgan yosh tadbirkor biznes moliyaviy barqarorliksiz uzoqqa bormasligini aniq anglaydi. Har qanday o‘ylanmagan qaror “kassa uzilishi»ga olib kelishi mumkin.

Bu kitobni onlayn-do‘kon bilan shug‘ullangan davrimda o‘qiganman. O‘sha paytda tushumni foyda deb qabul qilib, xarajatlarni rejalashtirishga yetarlicha e’tibor bermasdim. Yosh edim. Kitob moliyaga nisbatan qarashimni o‘zgartirdi. Uni yo‘lini endi boshlayotgan, tez masshtablashni istagan va moliyaviy nazoratni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga tavsiya qilaman.

“Eng muhimini o‘lchang”, Jon Dor

Kitob OKR (Objectives and Key Results) tizimiga bag‘ishlangan bo‘lib, u dunyoning yetakchi kompaniyalarida maqsad qo‘yish va o‘sishni boshqarish vositasi sifatida qo‘llaniladi. Jon Dorr aniq belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va o‘lchanadigan natijalar yirik natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi.

Asarda ambitsiyali marralarning ahamiyati hamda jamoa ichidagi ochiqlik va uyg‘unlik masalasi yoritiladi. Google, Intel, YouTube kabi kompaniyalar misolida OKR tizimi rahbariyat va xodimlar harakatini bir yo‘nalishga jamlashga qanday yordam berishi ochib beriladi.

Muallif bir fikrni qat’iy ta’kidlaydi: niyat yetarli emas, har bir vazifa aniq mezonlar bilan mustahkamlanishi lozim. Raqamlarsiz taraqqiyotni boshqarib bo‘lmaydi.

Bu asar tizimli boshqaruv va strategik rejalashtirish bo‘yicha amaliy qo‘llanma hisoblanadi. U menga yo‘nalish va mezonlarsiz ishlash xavfini anglatdi — har bir maqsad jamoa uchun ravshan, tushunarli va natija bilan bog‘langan bo‘lishi shart.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls

“Pul psixologiyasi”, Morgan Hauzel

“Pul psixologiyasi” ro‘yxatdagi eng insoniy kitoblardan biri hisoblanadi. Unda odamlar pul haqida qanday fikrlashi va nima uchun klassik, ratsional moliyaviy modellarning har doim ishlamasligi ochib beriladi. Muallif moliyaviy qarorlarni inson omili, hissiyotlar va hayotiy tajriba nuqtai nazaridan tahlil qiladi.

Asar risk, sabr, omad, ishonch va xatolar haqida qisqa esselardan tashkil topgan. Muallif moliyaviy muvaffaqiyatning siri bilimda emas, balki xarakter, odat va intizomda ekanini ko‘rsatadi.

Tarixiy misollar orqali bir xil imkoniyatlar turli odamlar uchun turlicha natijalar berishini ko‘ramiz. Shu bois kitob shaxsiy va biznes moliyasi uchun ham foydali qo‘llanma hisoblanadi.

Kitob menga moliyaviy qarorlar shaxsiy tajriba asosida qabul qilinishini anglashga yordam berdi. Eng muhimi — o‘zingni tushunish va o‘z yo‘lingni boshqalar bilan solishtirmaslik.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls

“Har qanday narsani istalgan odamga qanday sotish mumkin”, Jo Jirard

Bu kitob savdo sohasining klassik asarlaridan biri hisoblanadi. Jirard tarixdagi eng muvaffaqiyatli sotuvchilardan biri sifatida mijozlar bilan munosabat qurish bo‘yicha amaliy tamoyillarni o‘rtoqlashadi.

Asarda ishonch, doimiy aloqa va mayda detallarga alohida e’tibor qaratiladi. Muallif savdoni bir martalik bitim emas, balki uzoq muddatli munosabat deb ta’kidlaydi. Reputatsiya, tavsiyalar va takroriy savdolar esa muvaffaqiyatning ajralmas qismi sifatida ko‘rsatiladi.

Kitob sodda tilda yozilgan va real misollar bilan boyitilgan. Asosiy g‘oya shuki: savdo manipulyatsiya emas, balki munosabatdir. Mijoz ehtiyojlariga samimiy qiziqish savdoni tabiiy jarayonga aylantiradi.

Men uchun bu kitob ishonch, ochiqlik va mijozlar bilan uzoq muddatli aloqalar haqida. Ayniqsa tovar biznesida ishlaydiganlar uchun foydali — muallif mahsulot emas, balki qadriyat va emotsiyani sotish kerakligini ko‘rsatadi.

books, kitoblar tavsiyasi, pipls

Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlarga oid noto‘g‘ri maʼlumotlarni tuzatish tartibi tasdiqlandi

0

Fuqaro yoki mulkdor murojaati asosida maʼlumotlar tizimda uch kunda tahrirlanib, yangilangan hujjat taqdim etiladi.

Ko‘chmas mulkda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotni tahrirlash tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli reglament hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, fuqaro murojaatiga asosan yashash joyi manzili haqidagi noto‘g‘ri maʼlumot tizimda tahrirlanib, yangilangan qayd varag‘i beriladi.

Mulkdor murojaatiga asosan ko‘chmas mulk manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan shaxs haqidagi noto‘g‘ri maʼlumot tizimda tahrirlanib, yangilangan maʼlumotnoma beriladi.

IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti va uning hududiy bo‘linmalari mazkur sohada vakolatli organ hisoblanadi.

Ariza beruvchi so‘rovnoma berish uchun vakolatli organ yoki davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat qiladi yoki Yagona portal dan elektron foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

Vakolatli organga kelib tushgan so‘rovnoma 3 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

So‘rovnomada ko‘rsatilgan maʼlumotlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, tahrirlangan maʼlumot tizim orqali QR-kod qo‘ygan holda tasdiqlanadi. Shu kunning o‘zida ariza beruvchiga xabarnoma yuboriladi.

Uzbekistan Airways 22 ta Boeing 787 Dreamliner sotib olish uchun kredit mablag‘larini jalb qiladi

0

Ta‘minot 2030-yil oxirida boshlanadi va 3−4-yil davom etadi: park har yili 4−5 ta samolyot bilan to‘ldiriladi.

Uzbekistan Airways 22 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotlarini sotib olish uchun kredit mablag‘larini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aviakompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulov ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Ta‘minot 2030-yil oxirida boshlanadi va 3−4-yil davom etadi: dastlabki rejaga ko‘ra, park har yili 4−5 ta samolyot bilan to‘ldiriladi.

“Aviakompaniya tomonidan bu [Boeing 787 Dreamliner xaridi] juda zarur edi. Siz parvozlar geografiyasini, respublika ichidagi harakatchanlikni va umuman respublikaning dunyo bilan o‘zaro munosabatlarini ko‘ryapsiz. Shuni hisobga olib, shunday qarorga kelindi. Bundan tashqari, hozirda Uzbekistan Airways‘da parvoz qilayotgan samolyotlar Boeing 767, Boeing 787 esa kelajak samolyotlaridir. Bu [aviakompaniya] flotini yangilash kerakligini nazarda tutadi”, — deya izoh berdi aviakompaniya rahbari.

Mutaxassislarni tayyorlash uchun bu yil o‘quv-mashg‘ulot markazi bazasida MDH mamlakatlarida birinchi bo‘ladigan Boeing 787 Dreamliner samolyotining to‘liq trenajyorini o‘rnatish rejalashtirilgan. Shartnoma allaqachon imzolangan. Bungacha Boeing 767 va Airbus A320 samolyotlarining trenajyorlari bor edi, xolos.

Shuhrat Xudayqulov 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma narxiga izoh bermadi.

“Flotni ko‘paytirish doirasida ushbu samolyotlarni sotib olish uchun kredit mablag‘lari jalb qilinadi. Kompaniya bugungi kunda to‘liq to‘lovga qodir. O‘tgan yil davomida kompaniyaning sof foydasi 1,3 trln so‘m yoki $100 mlndan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, bunday o‘sishni ko‘rsatayotgan kompaniyaning bunga qurbi yetadimi? Tabiiyki, mumkin”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hisob-kitoblar amalga oshirilgan. Samolyotlarni sotib olish to‘g‘risidagi qaror kuzatuv kengashi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va hukumat timsolida yagona aksiyadorning pozitsiyalarini hisobga olgan holda qabul qilingan.

Uzbekistan Airways rahbari ijtimoiy tarmoqlarda 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyoti go‘yoki Rossiya manfaatlari uchun shartnoma tuzilganligi muhokama qilinayotganini ta‘kidladi. “Aviakompaniya vakili va respublika fuqarosi sifatida buni eshitish men uchun yoqimsiz”, — deya qo‘shimcha qildi u va barcha samolyotlar O‘zbekiston manfaatlari yo‘lida parvoz qilishini ta‘kidladi.

aviakompaniya, boeing, samolyot xaridi, shuhrat xudoyqulov, uzbekistan airways

Boeing 787−9 xaridi

2025-yilning sentabr oyida Uzbekistan Airways Amerika Boeing korporatsiyasi bilan Boeing 787−9 Dreamliner havo kemalari yetkazib berish bo‘yicha “milliy tashuvchi tarixidagi eng yirik” shartnomani imzoladi.

Shartnomaga ko‘ra, 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyoti va ushbu turdagi 8 ta havo kemasini opsion sifatida yetkazib berish ko‘zda tutilgan, ularning birinchisi 2031-yilda kelishi kutilmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp 22 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini yetkazib berishning umumiy qiymati $8 mlrddan oshishini maʼlum qildi. Ammo na O‘zbekiston havo yo‘llari, na Boeing shartnoma qiymatini oshkor qildi.

Spot 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotlari qiymati Tramp aytganidan past bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

Uzbekistan Airways matbuot xizmati AQSh Davlat departamenti tomonidan aytilgan shartnoma summasi va uning tafsilotlari haqida Spot‘ga izoh bermadi.

Noyabrda Vashingtonda Uzbekistan Airways va Boeing sakkizta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotiga opsionlarni qatʼiy buyurtmaga aylantirish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.

O‘sha kuni Shavkat Mirziyoyev va AQSh savdo vaziri Govard Latnik ishtirokida Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari avtomatik tarzda berilishi mumkin

0

Shu bilan birga, ozodlikdan chiqqan shaxslarga bir martalik nafaqa, ayrim ijtimoiy toifadagi talabalarga TTJga yo‘llanmalarni murojaatsiz berish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Hujjat loyihasi bilan O‘zbekistonda fuqarolar hamda biznes uchun ayrim davlat xizmatlarini avtomatik ravishda ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan 2026-yilning sentabrigacha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish topshiriladi.

Loyihada ayrim davlat xizmatlarini aholi va tadbirkorlarning murojaatisiz (proaktiv), vakolatli organlarning tashabbusi asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilishi kerak.

Xususan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash, pensiya yoshiga yetgan shaxslarga shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘larni berish proaktiv shaklda amalga oshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan ayrim talabalarga ham talabalar turar joyiga qabul qilinganligi bo‘yicha yo‘llanma avtomatik beriladi. Buni quyidagi toifadagi talabalarga nisbatan tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda:

  • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (ayol) farzandlari;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar.

Pensiyani avtomatik tarzda tayinlash

2025-yil may oyida prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risida»gi qonunga pensiyalarni proaktiv shaklda (Pensiya jamg‘armasi yoki davlat xizmatlari markaziga murojaat qilmasdan) tayinlashga o‘tishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan keyin avtomatik ravishda to‘lov oladi.

Fuqaroning yoshga doir pensiya olish huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma‘lumotlar asosida aniqlanadi. Proaktiv shaklda pensiya tayinlash fuqaro pensiya yoshiga yetgan kuni ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlash tartibi ham belgilangan. Ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lganlar, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘taganlarga ham kompensatsiyalar shu tartibda beriladi.

Nogironlik pensiyasi tayinlangandan so‘ng kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning pensiya miqdori har ikki yilda proaktiv shaklda qayta hisoblanadi.

1-oktabr oyidan boshlab naqd pul shaklidagi pensiyalar biometrik identifikatsiya (Face-ID) va elektron imzo olish orqali berila boshlandi. Pensiya jamg‘armasi yangi tizim pensiyalarni to‘liq va o‘z vaqtida yetkazib berishni ta‘minlashini ma‘lum qildi.

Yanvar oyida Yagona portalda pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushirildi. Xizmat avtomatik tarzda va bepul ko‘rsatiladi, undan foydalanish uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Yevropa nashri O‘zbekistonda tadbirkorlik muhiti yangi bosqichga chiqqaniga e’tibor qaratdi

0

Keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida kuzatilayotgan o‘zgarishlar xalqaro iqtisodiy doiralar diqqatini tobora ko‘proq jalb etmoqda. Shu ma’noda Germaniyaning iqtisodiy yo‘nalishda maqolalar e’lon qilib boradigan nufuzli nashri sanalgan “Ostwirtschaft.de” bu gal O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhiti, yangilanish jarayonlariga alohida e’tibor qaratdi.

Manba O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotiga tayangan holda, 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra yurtimizda 474 ming 899 ta faol korxona va tashkilot mavjud ekanini yuqori baholagan. Ularning salmoqli qismi tijorat sohasida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, 407 ming 850 ta sub’ekt to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat korxonalari hisoblanadi. Bu raqamlar mamlakatda xususiy sektorning hanuz iqtisodiy rivojlanishda hal qiluvchi o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi, deyiladi maqolada.

Tahlilchilar ta’kidlaganidek, iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida kichik va mikro-korxonalar yetakchilikni saqlab qolmoqda. Bu holat tadbirkorlik keng ommaga tayangan holda rivojlanayotganini anglatadi.

To‘g‘ri, oxirgi ikki-uch yil ichida korxonalar sonida muayyan qisqarish kuzatilgan. Xususan, 2023 yilda qayd etilgan rekord darajadagi — 592 mingdan ortiq korxona ko‘rsatkichidan keyin bozorda tabiiy tanlanish, ya’ni “filtrlanish” jarayoni ro‘y bergan. Germaniya mutaxassislari fikricha, bu tendensiya miqdoriy o‘sishdan ko‘ra, barqarorlik va raqobatbardoshlikka asoslangan sifatli rivojlanishga o‘tishni anglatadi.

Materialda sohaviy tarkib ham tahlil qilingan. Ayniqsa, Germaniya nashrini qiziqtirgan jihat xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar sonining keskin o‘sishidir. Ma’lumotga ko‘ra, bunday kompaniyalar soni 18 ming 164 taga yetgan, bir yil ichida 22 foizdan ortiq o‘sish qayd etilgan. Keyingi besh yil mobaynida esa ularning soni deyarli ikki barobarga oshgan.

E’tiborli jihati shundaki, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning qariyb 75 foizi to‘liq chet el investorlariga tegishli. Bu holat O‘zbekistondagi investitsiya muhitining ochiqligi, huquqiy kafolatlar va investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar samaradorligidan dalolat beriadi, deb yozgan manba.

Xulosa sifatida germaniyalik tahlilchilar O‘zbekiston iqtisodiyotini faol transformatsiya jarayonidagi bozor sifatida baholab, xorijiy sarmoyadorlarning mamlakat istiqboliga bo‘lgan ishonchi izchil ravishda mustahkamlanib borayotganini ta’kidlayapti.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA