Bosh sahifa Blog Sahifa 15

1-maydan tadbirkorlarga quyosh panellari uchun 16% li kredit ajratiladi

0

Prezident raisligida 18-mart kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda aholi chorvani uyda boqib, bahor-yoz faslida dalaga olib chiqishga o‘rgangani, biroq chorvani o‘tlatadigan joy kamayib ketayotgani qayd etildi. Shu bois, viloyatning 4 ta tumanida jami 43 ming gektarda jamoat yaylovlari tashkil etiladi va mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi.

Yaylovlarda quduq qazib, suv chiqarish, urug‘ ekish va degradatsiyadan chiqarish xarajatlariga 50 mlrd so‘m ajratish topshirildi.

Chorva naslchiligi uchun laboratoriya uskunasi va naslli qoramol sotib olishga 10 yilga 12% li kredit beriladi.

Samarqandda parranda genetikasi maktabini yaratish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish kerakligi ta‘kidlandi. Bu borada Bulung‘ur tumanida $50 mlnlik go‘sht yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.

Qo‘shrabotda $20 mlnlik tuxum yo‘nalishidagi naslchilik korxonasining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Taʼkidlanishicha, samarqandlik tadbirkorlar intensiv baliq yetishtirib, hosildorlikni 4−5 karra oshirish uchun panel o‘rnatish xarajatini qisman qoplash va kafolatli suv bilan ta‘minlashni so‘ragan. Bu taklif qo‘llab-quvvatlanib, joriy yil 1-maydan boshlab quyosh panellari uchun 16% li kredit ajratilishi belgilandi.

Panelni o‘z mablag‘idan o‘rnatganlarga 25% xarajati qoplab beriladi.

O‘tgan yili respublikada 88 ming gektarda kartoshka yetishtirishga 400 mlrd so‘m berilgani, lekin joylarda ish to‘g‘ri tashkil qilinmagani uchun 48 ming gektarda kartoshka ekilmasdan qolgani aytildi. Qayd etilishicha, berilgan mablag‘ning 25%i ishlatilgan.

Joriy yilda 135 ming gektar, xususan, Samarqandda 22 ming gektarda kartoshka ekish reja qilingan. Mutasaddilar bu yil rejadagi har bir qarich yerga kartoshka o‘z vaqtida ekilishi shartligi haqida ogohlantirildi.

Jumladan, Misrdan 250 ming dona kartoshka mini tuganagi olib kelinib, Bulung‘ur tumanida ko‘paytirish boshlanadi. Gollandiyadan 6 ming tonna urug‘lik kartoshka olib kelinib, fermerlarga ustamasiz yetkazib beriladi.

Shu o‘rinda Oqdaryo tumanida 10 million dona kartoshka mini tuganaklari chiqarish quvvatiga ega in-vitro laboratoriyasi ishga tushgani ta‘kidlandi. U yerda tayyorlangan 40 ming tonna super elita urug‘ini dehqonlarga bepul tarqatish topshirildi.

Sanoat, taʼlim, Yevropaga migratsiya: Qashqadaryo viloyati qanday rivojlantiriladi?

0

Prezidentning Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Hujjat (PQ-96-son) Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2% ga, sanoat ishlab chiqarish hajmi esa 8,6% ga yetkaziladi.

Shuningdek, bozor xizmatlari hajmi 15,9%, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 5,8% va qurilish 13,2% ga o‘sishi taʼminlanadi.

Ishsizlik darajasi 3,2% ga, kambag‘allik darajasi 3% ga pasaytiriladi. Shu orqali Qarshi, Shahrisabz shaharlari va Kitob tumaniga qo‘shimcha G‘uzor, Qamashi, Ko‘kdala, Mirishkor, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi.

Hududlar o‘rtasida transport bog‘liqligini taʼminlash orqali xorijiy va mahalliy turistlar soni 3,2 mln nafarga yetkaziladi.

Hujjat bilan, Muborak tumani Konchilar mahallasi hududidagi 200 gektar yerda Muborak innovatsion sanoat zonasi maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.

Chiroqchi tumanida Sohil bo‘yi majmuasini rivojlantirish va boshqarish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalar viloyat hokimligi huzuridagi turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamentiga yuklanadi.

Shahrisabz tumanida Quva agrostar, Qamashi tumanida Yangiyo‘l agrostar, Ko‘kdala tumanida Mirzacho‘l agrostar, G‘uzor tumanida Navoiy agrostar korxonalarining loyiha ofislari tashkil qilinadi.

Viloyatda 15 ming gektar, shundan 2026-yilda o‘zlashtiriladigan 5,2 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtiriladi.

Joriy yil davomida maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 80% dan past bo‘lgan 12 ta tumanda 350 ta nodavlat oilaviy bog‘cha tashkil etiladi. 120 ta bog‘cha 1 yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish uchun zarur jihozlar bilan taʼminlanadi.

Germaniya bilan hamkorlikda 2026-yildan yoshlarni nemis tili va kasbga o‘qitish orqali Yevropaga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish dasturi amalga oshiriladi.

KotibAI: O‘zbekistonda sun’iy intellekt, shevalarni tushunish hamda shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi haqida

0

KotibAI — o‘zbek tilidagi ovozli xabarlarni matnga o‘giruvchi, sun’iy intellekt asosida bir qator funksiyalarni amalga oshiruvchi ekotizim. Uning asoschilari — Hikmatilla UbaydullaevSamandar Tursunaliyev va Firuzxan Yakubxodjayev.

Loyiha dastlab oddiy bot sifatida ish boshlagan: u turli ovozli xabarlarni matnga o‘girib, natijani mijozlarga Excel shaklida taqdim etardi. Vaqt o‘tishi bilan bu xizmatga talab ortib, loyiha bosqichma-bosqich kengayib bordi.

Bugungi kunda KotibAI faqat ovozni matnga aylantirish bilan cheklanmaydi. Tizim qo‘ng‘iroqlarni tahlil qilish, ma’lumotlarni tasniflash va ayrim biznes jarayonlarini avtomatlashtirish kabi funksiyalarni ham taklif etadi. Uning xizmatlaridan EVOS, Oqtepa Lavash, Turon Telecom va Murad Buildings kabi kompaniyalar foydalanmoqda.

Spot KotibAI hammuassisi Samandar bilan suhbatlashdi. U loyiha qanday shakllangani, kompaniyalar sun’iy intellekt texnologiyalarini qanday qabul qilayotgani hamda bu yechimlar biznes jarayonlariga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida so‘zlab berdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:

 

Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi

0

Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni jamoatchilik vakillari bilan birgalikda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Markaz Toshkentning Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Majmua 1,8 gektar maydonda qad rostlagan, gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod.

Markazga to‘rt tomondan — to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-maʼrifat, bag‘rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qurʼon oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.

Quyi qavatda bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya hamda elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qo‘lyozmalarni saqlash fondlari, zamonaviy kafeteriy va muzey vestibyullari joylashgan.

Birinchi qavatdan qariyb 8350 kvadrat metrlik ko‘rgazma zaliga ega muzey va 550 o‘rinli anjumanlar zali o‘rin olgan. Ikkinchi qavatda esa qo‘lyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, o‘quv zallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoit yaratilgan.

Tashrif chog‘ida davlat rahbari dastlab Qurʼoni karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan maʼnaviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda Usmon Musʼhafi bilan bir qatorda mamlakatga tegishli bo‘lgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qurʼon qo‘lyozmasi jamlangan.

Prezidentga ekspozitsiyadan o‘rin olgan ayrim alohida qimmatli qo‘lyozmalar haqida ham maʼlumot berildi. Shuningdek, muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish ishlari taqdimot qilindi.

Taqdimotda “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi asosida markazni ijtimoiy integratsiya maydoniga aylantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Kelgusida barcha eksponatlarga maxsus elektron chiplar o‘rnatish, ko‘zi ojiz insonlar eksponatga yaqinlashganda audiogid orqali maʼlumotni avtomatik eshitish tizimini joriy etish, Bluetooth mayoqchalari yordamida bino ichida mustaqil harakatlanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, markazga bir kunda o‘rtacha 5 ming nafarga yaqin tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda.

Shundan keyin davlat rahbari markaz binosining ikkinchi qavatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar va markaz kutubxonasini ko‘zdan kechirdi.

Kutubxonaning umumiy maydoni 3105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan bo‘lib, shundan 2609 tasi nodir nashrlardan iborat. Bundan tashqari, kutubxonada 350 mingta elektron adabiyot mavjud.

Kutubxonada imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham alohida sharoit yaratilgani haqida axborot berildi. Xususan, ko‘rish qobiliyati cheklangan yoki zaif ko‘ruvchi insonlar uchun maxsus xonalar, ixtisoslashgan dasturlar, printer va qurilmalar o‘rnatilgan, ular uchun Brayl yozuvidagi 1000 dan ortiq adabiyot keltirilgan.

Shundan keyin prezident markaz huzurida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-maʼrifiy platforma faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida davlat rahbari markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi.

“Bugun o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Ming shukrki, to‘qqiz yil davomida niyat qilib, izlanib, harakat qilib, xalqimizning kimligini, tariximizni haqqoniy aks ettiradigan majmuani barpo etdik. Bu yerga kelgan har bir inson, ayniqsa yoshlarimiz, qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi, anglashi kerak.

Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Qur‘oni karim saqlanadigan muqaddas zal ham shunchaki yaratilgan emas. U yurakdan tug‘ilgan, xalqimizning orzu-intilishlari va buyukligini namoyon etish istagidan paydo bo‘lgan maskandir. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir», — dedi prezident.

Tashrif yakunida davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.

52 km masofa 35 daqiqada va tirbandliklardan holi: Toshkent-Chorvoq pulli yo‘li 3 yilda quriladi

0

Toshkent-Chorvoq pulli avtomobil yo‘lining qurilishi yo‘lga ketadigan vaqtni ikki barobarga qisqartirish imkonini beradi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining Avtoyo‘linvest agentligi direktori Asliddin Isayev O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Avtomobil magistralining umumiy uzunligi 52 kmni tashkil etadi. Loyihani 3 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Agar loyiha joriy yilda boshlansa, uning yakunlanishi 2029-yildan oldin kutilmayapti.

“Qatarning Protocol Group va Koreyaning Korea Expressway Corporation kompaniyalari bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda kompaniyalar loyihalashtirish ishlarini amalga oshirish uchun xalqaro konsalting firmalarini jalb qilgan”, — dedi u.

Ayni paytda Toshkentdan Chorvoqqacha bo‘lgan o‘rtacha qatnov vaqti 80 daqiqani tashkil etadi. Pulli yo‘l qurilishi natijasida bu vaqt ikki barobardan ko‘proqqa — 35 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.

Asliddin Isayevning ta‘kidlashicha, loyiha Bo‘stonliq tumaniga sayyohlar oqimini to‘liq qamrab olish va tirbandliklarni bartaraf etish imkonini beradi.

2025-yil avgust oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident Toshkent-Chorvoq yangi avtotrassasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma‘lum qilgandi. Loyihani amalga oshirish uchun yetakchi kompaniyalar jalb etiladi.

O‘sha yilning noyabrida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev pulli yo‘l qurilishi kelasi yilning oxirida boshlanishi rejalashtirilganini aytgandi. Trassadagi maksimal tezlik 150 km/soat, yillik transport oqimi esa 250 ming avtomobil darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

5-mart kuni Shavkat Mirziyoyev yirik loyihalar doirasida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi ishlar jarayoni taqdimoti bilan tanishdi. Prezidentga moliyalashtirishning ishlab chiqilayotgan manbalari va xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha muzokaralarning borishi haqida axborot berildi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunovning ma‘lum qilishicha, 2026-yilda DXSH asosida Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon, Toshkent-Chorvoq va Urganch-Xiva yo‘nalishlarida to‘rtta pullik avtomagistral qurilishi rejalashtirilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent-Chorvoq pullik yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosnoma tasdiqlangan. Loyihani amalga oshirish joriy yildanoq boshlanadi.

“Urganch-Xiva trassasidagi ishlar allaqachon boshlangan — uni respublikadagi birinchi pulli yo‘l sifatida joriy yilning o‘zida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Qolgan uchta pulli avtomobil yo‘li bo‘yicha ham qurilish ishlari [2026-yilda] boshlanadi”, — degan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari.

O‘zbekistonda sunʼiy intellektdan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari tasdiqlandi

0

Sunʼiy intellektni yaratish, joriy qilish va foydalanish bo‘yicha etika qoidalari tasdiqlandi. Bu bo‘yicha tegishli hujjat (3787-son) Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Ushbu qoidalar sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va foydalanish bo‘yicha tamoyillar va talablarni, shuningdek sunʼiy intellekt ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilaydi.

Sunʼiy intellekt ishtirokchilari texnologiya va tizimlardan foydalanishda bir qator tamoyillarga rioya qilishlari lozim. Jumladan, qonuniylik, tushunarlilik, ochiqlik va shaffoflik taʼminlanishi kerak.

Shuningdek, adolatlilik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, maʼlumotlar himoyasi hamda ishonchlilik va xavfsizlikka amal qilinishi talab etiladi. Bunda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini hamda atrof-tabiiy muhitni himoya qilish ustuvor hisoblanadi.

Mazkur tamoyilga ko‘ra, sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanishda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari hamda shaxsiy hayot daxlsizligi taʼminlanishi lozim.

Fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, shaʼni va qadr-qimmati himoya qilinishi kerak. Bunday texnologiyalar davlat va jamoat xavfsizligiga salbiy taʼsir ko‘rsatmasligi, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik barqarorlikka zarar yetkazmasligi lozim.

SI texnologiya va tizimlari tomonidan qabul qilingan qarorlar yoki amalga oshirilgan harakatlar ishtirokchilar uchun tushunarli bo‘lishi kerak. Bunda ishlash mantig‘i, asosiy algoritmik mezonlar, qaror qabul qilish jarayonlari va maʼlumot manbalari ochiq va izohlanadigan bo‘lishi lozim.

Foydalanuvchilar sunʼiy intellektdan foydalanish qoidalari, undan qanday maqsadlarda foydalanish mumkin yoki taqiqlanishi haqida xabardor qilinishi kerak. Ularga sunʼiy intellektga asoslangan yechimlar yoki qarorlar har doim ham to‘g‘ri bo‘lmasligi va natijalaridan tavsiyaviy yoki maʼlumot sifatida foydalanish mumkinligi tushuntiriladi.

Hujjat bilan ayrim qarorlarni qabul qilishda faqat sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emasligi belgilanmoqda. Xususan, inson huquq va erkinliklariga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlar bunda mustasno emas.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash sohasida, jumladan kasalliklarni tashxislash va davolash usullarini belgilash kabi qarorlarda ham faqat sunʼiy intellekt xulosalariga tayanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlarini ishlab chiquvchi hamda joriy etuvchilar algoritmlarning shaffof va tushunarli bo‘lishini taʼminlashi kerak. Algoritmlarda ehtimoliy tarafkashlikning oldini olishi talab etiladi.

Shaxsga doir maʼlumotlar hamda foydalanilishi cheklangan maʼlumotlar himoyasi taʼminlanishi lozim. Ishlab chiquvchilar sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlarining imkoniyatlari, cheklovlari va ehtimoliy xavflari haqida ochiq maʼlumot berishi kerak.

Foydalanuvchilarni ulardan foydalanish qoidalari bilan tanishtirish, qanday maqsadlarda foydalanish mumkin yoki taqiqlanishi haqida xabardor qilish lozim. SI texnologiya va tizimlari dasturiy taʼminotining xavfsizligi taʼminlanishi kerak.

SI texnologiya va tizimlari inson nazorati ostida bo‘lishi, ular inson tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi va yakuniy qaror inson tomonidan qabul qilinishi taʼminlanishi lozim.

Bundan tashqari, SI texnologiya va tizimlaridan qonunchilikka zid yoki shaxs, jamiyat, davlat hamda atrof-tabiiy muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan maqsadlarda foydalanmaslik talab etiladi. Shuningdek, foydalanuvchilar uchun sunʼiy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqilib joylashtirilishi kerak.